«Jakonda»ning sirli tabassumi

Uyg‘onish davrining yorqin vakillaridan biri, mashhur italyan rassomi Leonardo da Vinchining jahon san’ati durdonasiga aylangan ushbu asariga juda ko‘p tadqiqotlar, romanlar va she’rlar bag‘ishlangan bo‘lsa-da, hamon mazkur rasm qandaydir sir og‘ushida hamon millionlab kishilarni jalb etmoqda. Asarda tasvirlangan xonim – Jakondaning sirli tabassumi barchani mahliyo etmoqda, hamon portreti yaratilgan ayol ismi yashirinligicha qolmoqda.

Leonardo da Vinchining “Jakonda” asariga rangtasvir san’atining ramzi, Uyg‘onish davri madaniyatining ruhi aks etgan jonli timsol, deb bejiz ta’rif bermaganlar. Shuning uchun ham bu rasm hamon ulkan auditoriyadan iborat umume’tiborini tortib kelayotganiga ortiqcha izoh berishning hojati yo‘q.

Diqqatingizga havola qilinayotgan ushbu esse taniqli frantsuz san’atshunosi qalamiga mansub bo‘lib, asl rangtasvir muxlislari, san’at shinavandalari bo‘lgan bizning o‘quvchilarimiz uchun ham qiziqarli bo‘lishiga shubha yo‘q.

(Kristian Kolombani, “Mond” jurnalidan qisqartirib olindi, Parij.)

“Jakonda” shon-shuhratning qalin pardasi ichida ko‘milib qoldi. Rasmni ko‘rish umidida oshiqqan muxlislar oqimi uni ko‘rmasdan, shundoq yonginasidan o‘tib ketadilar (birgina 1990 yilning o‘zida 14 million kishi) o‘q o‘tmas oynalar va unda aks etgan oxiri ko‘rinmas kishilar oqimi ko‘hna diniy marosimlar hamda qadimiy sajdagohlar sari intilganlarni ko‘z o‘ngingizda gavdalantiradi. Kamolotga yetgan mukammal asar taqdiriga misol bo‘la oladi ushbu sahna.

Ehtimol Luvrning mazkur rasm saqlanayotgan (Parijdagi olamshumul san’at muzeyi) Kvadrat zali, hayrat sadolari to‘liq ana shu qasr, tasviriy san’at durdonalari makon topmish ushbu maskan shunday jilovlanmagan his-ehtiroslarni o‘z ichiga sig‘dira olarmikin? Qarang, albatta “Jakonda”ga bir qarang! Siz shunda Selsiy bo‘yicha 25 daraja haroratda saqlanayotgan, yilda bir marta eskort kuzatuvida tibbiyot ko‘rigiga olib boriluvchi suratni ko‘rasiz. Endi u – sig‘iniladigan buyum, rangtasvirninggina emas, faqat uning ramzi bo‘lgan, jilmayayotgan timsolga aylangan. Albatta, bunda uni yaratgan sinor, nomi g‘urur-iftixorga to‘liq Leonardo da Vinchi ham e’tirof etiladi.
Renessans: insonning mislsiz imkoniyatlari va raqobati

Renessans – bu, uyg‘onish demakdir. Inson tengsiz raqobatga kirishdi, go‘yoki ijod qilish, yaratishday buyuk istak voqelikni favqulodda ajoyib va go‘zal olamga aylantirish kabi katta xayolparastlikka aylandi.

Leonardo da Vinchi odam anatomiyasini mufassal tadqiq qildi. U daryolar o‘zanini o‘zgartirishni, botqoqlikni quritish ilmini egalladi, qushlardan parvoz qilish san’atini «o‘g‘irladi» va bu bilan u tabiat ustidan ustun bo‘lishni xayol qildi. Rangtasvir ijodkorning tajriba qilish joyi edi, u bu yerda muntazam ravishda yangidan-yangi ifoda vositalarini izlay boshladi. Uning ishlash uslubidagi yuksak tezkorlik, mahorat zamirida haqiqiy voqelik yashiringan jonli shaklga kira olish imkonini berdi. Uning qismatiga hayotning butun o‘zgaruvchanligi va murakkabligi bilan aks ettira olishday asrlarga tatigulik vazifani bajarish bitilgan edi.

Buyuk san’atkor faqat rassom bo‘libgina qolmaydi. U o‘z o‘y-xayollarini amalga oshirishi uchun nimalarni kashf qilmaydi! “Sen faqat inson qalbini tasvir et”, – deya takrorlaydi u o‘z-o‘ziga.

U terak og‘ochini qo‘liga oladi, ganch bilan shuvaydi, yuzasini xuddi oynaday yaltiratib, ko‘piktosh bilan sayqal beradi. Boqiyga ketadigan bo‘yoq olish umidida rang-barang moddalarni bir-biriga aralashtiraveradi, aralashtiraveradi. Uning mo‘yqalami shunday yengil, shunday shaffofki, hatto rentgenoskopik tahlil qilinganda ham mo‘yqalamda izini bilib bo‘lmaydi. U rasmni bir-ikki marta surtib, qurishi uchun nariga qo‘yadi. Uning ko‘zlari eng mayda narsalarni ham ko‘ra oladi: quyosh nurlari va bir narsaning boshqasiga tushgan soyasi, toshyo‘ldagi soya hamda g‘am-qayg‘u soyasi yoki yuzdagi tabassumni osongina farq qila oladi. Rasm chizishning umumiy qonunlari, perspektiva, ko‘rinib turgan manzarani to‘g‘ri, butun boricha tasvirlash san’ati unga faqatgina yo‘l ko‘rsatadi, xolos. Izlanishlari unga yorug‘lik-nur chiziqlarni qiyshaytirish va to‘g‘rilash imkoniyatini beradi: “Yorug‘lik-havo sharoitiga jismlarni qo‘yish – mohiyatan ularni behadlik, nihoyasizlikka mahkum etish demakdir”. Endi so‘nggi ishga zo‘r berish – o‘n ming soatlab ishlash va cheksiz-nihoyasiz ishlanmalar qilish qolgan, xolos. O‘n yillik umr, biroq bu vaqt ham uning ana shu sermashaqqat ishni tugallashga yetmaydi.

Portret – buyuk rassomning haqiqiy manifesti. Uning zamirida daho ijodkorning zahmatli mehnati yotibdi. Rasmni shunchaki ko‘rsatish uchungina namoyish etmaydilar. Bu asar boshidanoq, yaratilishi, g‘alati, anaxronik tarzda vaqtidan ilgari tug‘ilishidanoq Leonardo da Vinchiga emas, balki Uyg‘onish davri ruhiyatiga mansub bo‘lgan.

Eng g‘ayrioddiy usullar, ilojsiz yo‘sinlar yordamida u bu obrazga hayot baxsh etdi. Rassom bu obrazni so‘zlashga, tomoshabinni his etishga majbur etdiki, o‘tirgan ayol harakatsizligi – bir onlik, xolos, hayotda shunaqasi ham bo‘ladi, axir inson o‘z o‘y-xayollariga g‘arq bo‘lgancha, beixtiyor jilmayadi. “Jakonda” – ilohiy timsol, obraz emas, u oddiygina ayol. Ana shu oddiygina ayol esa ilohiydir.

“Jakonda”ning o‘tmishi haqida deyarli hech nima ma’lum emas. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, qirol Frantsisk I bu rasmni Leonardodan 4000 tilla ekyuga sotib oladi. Aslida rassom bu asaridan o‘lgunicha ayrilishni istamagan. Bugun bu talqindagi gaplar Leonardo da Vinchi ijodi bo‘yicha tadqiqot olib borgan bir amerikalik olim tomonidan izohlab berilmoqda. Olimning ma’lum qilishicha, rassom o‘limidan olti yil o‘tgach, bu rasm Milanda bo‘lgan. Jorjo Vazari, XVI asrda yashab, ijod etgan rassom va yozuvchining aytishicha, arang ilg‘ab olish mumkin bo‘lgan, sirli, ma’noli tabassumni tasvirlashga harakat qilgan Leonardo uyiga cholg‘uchilarni taklif etgan va ishdan horib, charchaganida ulardan diltortar kuylarni chalib berishini iltimos qilgan.
Asrlar o‘tib, sirni oshkor qilish umidida…

Bu ayolning ismi sharifi Mona Liza Gerardini del Jokondo, balki Izabella Gualando, Izabella d’Este, savoyyalik Filiberta, Konstantsiya d’Avalos bo‘lgandir… Yana kim biladi deysiz?

Rasmdagi ayolning kelib chiqishi noma’lumligi uning mashhur bo‘lib ketishiga qo‘l keladi. Bu rasm asrlar osha g‘aroyib sir og‘ushida yashab o‘tdi. Ana shu “elkasiga shaffof yoping‘ich tashlab olgan saroy xonimi”ning portreti uzoq yillar qirollik kollektsiyasining bezagi bo‘lib keldi. “Jakonda” rasmini goh madam de Mentenon yotog‘ida, goh Tyuilridagi Napoleon saroyida ko‘radilar. Lyudovik XIII o‘yinqaroq go‘daklik chog‘idayoq Katta Galereyada osig‘liq ushbu rasmdan ayrilishni istamagan, uni Bukingem gertsogiga bergisi kelmagan: “Olamda eng zo‘r deb hisoblanmish bu rasmdan ajralish aslo mumkin emas”. Hammayoqda – qasrlarda ham, shahardagi xonadonlarda ham – kibor oilalar qizlarini Jakondaning mashhur tabassumini o‘zlashtirib olish san’atini o‘rgatishga harakat qilishardi. Malakali rassomlar san’ati hamisha yuqori baholangan (“Jakonda”ning ikki yuzdan ortiq ko‘chirma nusxasi mavjud). Bu asar butun bir san’at maktabining dunyoga kelishiga zamin bo‘ldi, Rafael, Engr, David, Koro kabi iste’dodli musavvirlarni ilhomlantira oldi. Bu obraz hamisha kishini to‘lqinlantirib, uni hayajonga solib keldi. Tarixchi Mishle shunday deb yozgan edi: “U meni xuddi quyon qarmoqqa tushgani kabi o‘ziga tortgandan-tortardi”. XIX asr oxiridan boshlab “Jakonda”ga muhabbat izhori, dil rozi bayon etilgan maktublar yo‘llana boshladi. Bu hol esa asar tarixda juda muhim voqea yuz berishiga, ya’ni uning yo‘qolib, qayta topilishiga sabab bo‘ladi.

1911 yilning 21 avgust kuni barcha gazetalar kishini tashvishga soladigan katta sarlavha ostida chop etiladi: “Jakonda” o‘g‘irlandi!” Aftidan, xitob belgisi olamshumul tashvish, xatar ostida egilib-bukilib qolganday bo‘ladi. Asar zo‘r berib qidira boshlanadi. Uning uchun qayg‘uradilar, kuyadilar.
Umumxalq ta’zimi

Frantsiya, butun olamdagi san’at muxlislari tashvishga tushganlariday, afsus-nadomat cheka boshladi. Ko‘cha cholg‘uchilari, xonandalari “Jakonda”ni aytib-aytib, yig‘lab, kuylay boshladilar. His-tuyg‘ularini jilovlay olmagan ahli jamoat es-hushini yo‘qotayozadi: 0,77x0,53 m. hajmdagi asl boylik o‘g‘irlanganligini ko‘tara olmay qoladi. “Insoniyat o‘z Madonnasidan mahrum bo‘ldi”, deb yozgan edi Peladan.

“Jakonda” 1913 yilning yanvarida o‘g‘rining uyidan topildi. O‘g‘ri Luvrga soxta politsiyachilar kuzatuvida kelgan san’at muxlisi, ushbu asarning telbalarcha fidoyi muxlisi edi. “Jakonda” muxlislari bir-biriga g‘anim ikki lagerga bo‘lingan edi: biri ilohga sajda qiluvchilar bo‘lsalar, ikkinchi idol muxlislari edi. Ulardan biri uchun bu faqat asar bo‘lsa, ikkinchilari uchun u – ular sig‘inadigan salkam iloh edi. 1920 yilda rassom Marsel Dyushan “Dada” jurnalida hazil tariqasida “sirli tabassumlardan biri”ni yo‘g‘on mo‘ylovli qilib chizadi va bu hajvni so‘zlarning bosh harflarini yozish bilan izohlaydi. U aynan shu yo‘sinda ilohga sajda qiluvchilardan o‘chini oladi.

“Jakonda” har tomonlama tomosha qilina va turli yo‘llar bilan tadqiq etila boshlanadi. Asar tijorat buyumiga aylanadi. Ana shu ayol tasviri tushirilgan mashhur suratlar xuddi non kabi sotiladi. “Jakonda” timsoli, ramzi ko‘pgina shirkatlar tovar belgisi sifatida namoyon bo‘ladi. Bu belgilar atirlar va korsetlar, italyan ma’danli suvi va nemis sigaralari, Marokash aperitivi va belbog‘lar, qon tozalovchi hamda tug‘ruqqa qarshi vositalarda ko‘z-ko‘z qilinadi. Leonardo da Vinchiga xuddi tirik odam singari murojaat qilina boshlanadi. Endi uni turlicha talqin qila boshlaydilar. Kimdir rasmdagi ayol homilador desa, boshqa birovi u rassomga, Leonardoga jilmayayapti, deb izohlaydi. Hattoki shunchalikka borib yetadilarki, rasmda tasvirlangan ayol erkak degan xulosaga ham keladilar. Hatto qirol Frantsisk I asar – rassomning avtoportreti, deb sharhlaydi. Yana Freydning fikri ham mashhur bo‘lib ketadi: “Jakondaning tabassumi – bu rassom onasining tabassumi”. Bu borada de Sadning ta’rifi ham o‘ziga xosdir: “U – ayol malohati timsoli”.
Tengi yo‘q daho

Asar atrofida to‘plangan muxlislarni ham tinchlantirish oson kechmadi. Asarning Kvadrat zalida bo‘lishi muxlislarga ma’qul tushmayotgan edi.

“Jakonda” Uyg‘onish davri ruhiyatini ortiq ifodalamay qo‘ydi. Uning endilikda Luvrda muqim turishiga ko‘proq asos bor. Yaqinda (1991 yil) Luvrning rangtasvir bo‘limi “Jakonda” muzeyiga yangitdan joylashtirish to‘g‘risida tanlov e’lon qilindi. Tanlovda yetmish nafar arxitektor ishtirok etdi. Ular orasidan yigirmata loyiha tanlab olindi. Ammo ular ham muvaffaqiyatli chiqqan deb tan olinmadi. Asarni juda bo‘lmaganda, ta’mirga berib turish, rasmda paydo bo‘lgan qoramtir dog‘lar va sarg‘ayib ketgan lok qatlamini olib tashlash kerakdir. Lekin kim bunga jazm eta oladi? Ta’mirchi rassomlar portretga asl bo‘yoqlarni berib, asl jilvasini qaytarsalar, ibodat shamlaridan qoraygan dog‘larni yo‘qotsalar, yana “Jakonda”day olamshumul go‘zal asarning badiiy quvvatini, shon-shuhratini qayta tiklagan bo‘lardilar. Bunday mas’uliyatli ishni amalga oshirishga kim jur’at qila olarkin? Hozircha ana shunday kun kelishini orzu qilishga to‘g‘ri keladi.

Ma’suma Ahmedova tayyorladi.
“Ma’rifat” gaeztasidan olindi.