Qudrat Do‘stmuhammad. Hayratning yuz-ko‘zi

(Bolalar portreti haqida)

Bolalarning ulkan shoiri Korney Chukovskiyning “Ot dvux do pyati” nomli kitobi bor, 1957 yilda Moskvadagi “Detgiz”da o‘n ikkinchi marta chop etilgan. Unda 2 yoshdan 5 yoshgacha bo‘lgan “faylasuflar”ning ajoyib gaplari to‘plangan. Birontasi ham o‘ylab topilgan emas, ularni muallif o‘z kuzatuvlari asosida, ota-onalar, tarbiyachilar, hatto o‘sha yoshdagi bolalar yozib yuborgan xatlardan foydalanib to‘plagan.

Yigirma uch bosma taboq hajmli bu kitob ommabop bo‘lishi bilan birga, ilmiy ahamiyatga ega. Undan ruhiyatshunoslar, pedagoglar ham foydalanishadi. Kitob, bolalar so‘z orqali dunyoni qanday bilishlariga, fikrlash tarzlarini yoritishga bag‘ishlangan. Bola-larning yuz-ko‘zlaridagi ifodalar ham ko‘p narsani “so‘zlab” berishi mumkinligini hisobga olib, muallif, kitobga bir nechta (ettita) fotosurat kiritgan. Bu, alohida, katta mavzu bo‘lgani uchun, shekilli, K.Chukovskiy unga chuqur kirib bormagan. Biz, kitobning ana shu kemtik joyiga yamoq bo‘lar degan maqsadda ikki yoshdan besh yoshgacha bolalar portretlarini ranglar bilan ifodaladik. Hammasi fotosuratlardan ko‘chirilgan, ya’ni yuz-ko‘z ifodalari hujjatli. Biz fotosuratlardagi ifodalarni yuz foiz aynan ko‘chira oldik, deb da’vo qilolmaymiz, lekin asosiylarini oldik. Ketma-ket tushirilgan ba’zi rasmlarda (demak, portretlarda ham) bolaning yuz ifodalari keskin o‘zgargani ko‘rinadi.

Ikki yoshdan besh yoshgacha bolalar har bir narsa yo voqeani birinchi marta ko‘rayotganida hayrat bilan qaraydi va har gal ko‘zlarida uchqunlar porlaydi. Rasmga tushayotganida ham shunday bo‘ladi.

Bu ko‘zlar “Bu nima bo‘ldiykin?”, “Muncha qiziq, bu dunyo!”, “Qanday mo‘jiza-ya!” deyayotgandek bo‘ladi. Ularda ba’zan qo‘rquv ko‘rinsa, ba’zan “Qo‘rqmasa ham bo‘lar ekan” degan ma’no aks etadi. Shubha, gumon, hatto g‘azab hislari ham bolalar uchun begona emas.

Bolalarning (nafaqat bolalarning!) yuz-ko‘zlaridagi ifodalarni to‘laligicha so‘z bilan bayon etishning iloji yo‘q, bu – tasviriy san’atning hikmati. Bu yog‘i tomoshabinning o‘ziga bog‘liq.

Qudrat Do‘stmuhammad


Portretlar 2008 yili Ikuo Xiroyama nomidagi xalqaro madaniyat Karvon Saroyida bo‘lgan shaxsiy ko‘rgazmada namoyish etilgan. Moybo‘yoq bilan matoga ishlanganlarining o‘lchamlari 40x50, 40x60 sm, kartonga ishlanganlari – 20x30 sm.