Mendelsonning hayoti, ijodi, turish-turmush tutumlariga nazar tashlasak, uning favqulodda voqealardan yiroqligi, biroq mutlaqo yakrang emasligiga amin bo‘lamiz. U 1809 yilning 3 fevral kuni Gamburgda, musiqa olamiga begona bo‘lgan iqtisodchi Avraam Mendelson oilasida dunyoga keladi.
Bo‘lajak kompozitorning bobosi Mozes (Moisey) Mendelson mashhur yahudiy faylasufi, Xaskal donishmandlik oqimining asoschisi edi.
Falsafa, umuman fozillar ilmi notiqona so‘z, purma’no hikmat, jumboqli, favqulodda hodisotlar orqali insonni ma’naviy komillik sari undovchi beqiyos vosita bo‘lsa, musiqa ana shu mujdaning ohangga, kuyga ko‘chgan holati, inson qalbiga tutqich bermas o‘ylar, yuksak tuyg‘ular yordamida kirib boruvchi san’atdir. Shu bois, faylasuflarning aksari musiqa ilmiga ham oshno tutinganligi ayni haqiqat. Eng muhimi, falsafa ham, musiqa ham qalbning davosi bo‘lishi mumkin. Abu Nasr Farobiy bobomiz aytmoqchi, “Musiqa fani shu ma’noda foydaliki, kimning fe’l-atvori muvozanatini yo‘qotgan bo‘lsa, uni tartibga keltiradi”.
Yuqoridagi bog‘liqlikdan xulosamiz shuki, bobosining falsafa ilmidagi salohiyati yosh Feliksning musiqiy fitratiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lsa ajab emas.
1811 yil Mendelsonlar oilasi Berlinga ko‘chib o‘tadi. Feliks uchun zavqiyob onlar sururi boshlanadi, u boy ijodiy muhitda, zako ahlining davrasida voyaga yetadi. Mendelsonlar xonadoniga o‘z davrining ma’lum va mashhur insonlari tez-tez tashrif buyurar, ayniqsa, ulug‘ faylasuf Fridrix Gegel va tajribali pedagog, kompozitor Karlo Selterlarning ishtirokisiz o‘tadigan gurunglar kam bo‘lardi. Aynan Selter yosh
Mendelsondagi musiqiy layoqatni sezib qoladi va unga musiqa nazariyasidan dars o‘ta boshlaydi. Keyinchalik Feliks ustozlari Lyudvig Bergerdan fortepiano, Karla Xenning, Eduard Ritsalardan skripka chalish sir-asrorlarini o‘rganadi.
Etuk kompozitorlarning deyarli barchasida favqulodda iste’dod juda erta uyg‘ongan. Aytaylik, Motsart to‘rt yoshida Yevropaning “mana-man” degan tomoshagohlarini tirband qilib kontsert berganligi yoxud Prokofev besh yoshida mustaqil asarlar yoza boshlagani bir qadar afsonaga o‘xshaydi. Xuddi shu kabi Mendelson ham to‘qqiz yoshga yetganda butun Yevropada virtuoz pianinochi sifatida dovrug‘ qozondi. U kompozitorlik faoliyatidagi dastlabki jiddiy izlanishlarga aynan shu yoshida qo‘l uradi, skripka va fortepiano uchun sonatalar, trio, bir qator organ musiqalarini yozib tamomlaydi.
1821 yil ustozi Selter tufayli Mendelson nemis ma’rifatparvar shoiri I. Gyote bilan tanishadi, undagi zakiylik, ilm va ijoddagi teranlik endigina o‘n ikki yoshni qarshi olgan kompozitorning dunyoqarashini tubdan o‘zgartirib yuboradi.
Feliks 1825 yili otasi Avraam Mendelson bilan Parijga sayohatga yo‘l oladi. Parij bu davrda Yevropaning eng yirik madaniyat o‘chog‘i, musiqa san’ati gurkirab rivojlangan shahar edi. Yosh Mendelson bu yerda Parij Konservatoriyasining badiiy rahbari Luidji Kerubini bilan tanishib qoladi, o‘zining tug‘ma iste’dodi, noyob ijro uslubi ila tajribali mutaxassisning nazariga tushadi. Biroq Parij musiqa maktabi Mendelson ijodiga aytarli ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki uning shaharga kelishdan maqsadi sayohat qilish edi, shu bois faranglar yurtida qolishni istasa-da, Berlinga qaytishga majbur bo‘ladi.
Aynan shu qaytish Mendelson ijodida yangi sahifa ochadi. U o‘z yurtiga kelgach, butun kuch-quvvati, shijoatini yangidan-yangi asarlar yaratish yo‘lida safarbar qiladi. Jumladan, Migel de Servantesning mashhur “Don Kixot” romanidagi epizod asosida “Komachoning to‘yi” nomli ikki pardali operasini yozib tamomlaydi. Mendelson ijodiga xos yumor va istehzoga moyillik, jo‘shqin va tarang ruhiyat, qarama-qarshi hissiyotlar to‘qnashuvi, yengil ifoda, yakundagi ulkan haqiqat ilk bor ushbu operada to‘la yuzaga qalqib chiqqan edi.
Kompozitor ijodining keyingi davri bevosita Yevropa mamlakatlari bo‘ylab qilgan sayohatlari bilan bog‘liq. U 1820-30 yillar oralig‘ida Italiya, Frantsiya, Shveytsariya, Buyuk Britaniyada yashab ijod qiladi, o‘z davrining yetuk kompozitorlari Ferents List va Friderik Shopen bilan tanishadi.
1841 yili qirol Vilgelm IV ning taklifiga binoan Mendelson Berlinga keladi. Qirol bu shaharni Germaniyaning madaniy markazi bo‘lishini istardi. Shu maqsadda nemis xalqidan chiqqan jamiyki ilm-fan, san’at, adabiyot namoyandalarini ushbu shaharga to‘playdi. Mendelson Berlindagi Qirollik san’at akademiyasini qayta tiklab, cherkovdagi xorga rahbarlik qiladi. 1842 yili esa Angliyaga borib, o‘z kontsert dasturini katta muvaffaqiyat bilan namoyish etadi, natijada uncha-muncha hodisaga hayratlanavermaydigan ingliz xalqining qalbidan ham joy oladi. Ayni shu yillari “Antigona”, “Shoh Edip”, “Yoz tunidagi tush” spektakllari uchun musiqalar yozadi. Biz yuqorida tilga olgan “Nikoh marshi” “Yoz tunidagi tush” asarining bir qismi hisoblanadi va bu umrboqiy musiqa Mendelson nomini abadiy jaranglab turishiga xizmat qilmoqda.
Feliks Mendelson o‘zining serqirra ijodiy faoliyati davomida romantik simfoniya, programmali kontsert uvertyurasi kabi janrlarga asos soladi. Skripka va orkestr uchun (1844), 2 ta fortepiano va orkestr uchun (1831-1837) kontsertlari, “So‘ssiz qo‘shiqlar” (1832-45) fortepiano asari, “Pavel”(1836) va “Iliya” (1847) oratoriyalari jahon musiqa san’atining mumtoz namunalari qatoridan o‘rin olgan. Uning o‘z millati musiqa san’ati rivojiga qo‘shgan yana bir yirik hissasi – ijro yo‘nalishi, mashhur kompozitorlari bilan dunyoga ovoza bo‘lgan Leyptsig konservatoriyasiga asos solishi bo‘ldi. Bu muhtasham koshona hanuzgacha musiqaga muhabbat qo‘ygan Mendelson izdoshlariga katta san’at yo‘llanmasini berib kelmoqda.
Kompozitor 1847 yili Leyptsigda vafot etadi. U o‘zining qisqa umri davomida asrga tatigulik ijod namunalari, xalqchil, ohangdor musiqalari, romantizm va klassitsizm an’analari mujassam bo‘lgan asarlari bilan san’at muhiblari qalbidan o‘chmas joy oldi. Mendelson ijodiy uslubiga xos bo‘lgan holat, uni zamondoshlaridan ajratib turuvchi yakkash hodisa bu xalq bilan mushtaraklik hissi, xalq dardi, maslagiyu maqsadiga xayrixohlik, xalqona kuy va ijro desak, xato bo‘lmaydi. Ana shu fazilatlar sabab Mendelson ijodi mangulik mangulik kasb etdi.
Shohruh Abdurasulov
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 2-son