El ardog‘ining siri (Zikir Muhammadjonov)

1938 yil… Oddiy kunlarning birida o‘z davrining yetakchi teatr rejissyori Mannon Uyg‘ur ko‘chada tasodifan ko‘rkam yigitchani gapga tutib, uning javoblaridan qoniqqani sabab, teatrga yetaklab kelmaganida XX asr o‘zbek sahna madaniyati yana bir zabardast aktyorni kashf etmagan bo‘larmidi?! Har nechuk mana shu tasodifiy, shu bilan birga baxtli uchrashuv Zikir Muhammadjonovning teatr sahnasiga kirib kelishiga sabab bo‘ldi. Teatrda rejissyor Yetim Bobojonov bilan birgalikda o‘tkazilgan sinovdan so‘ng uni ommaviy sahnalarda sinab ko‘rishga kelishildi. Rejissyorlarning ichki sezgilari aldamagandi. 1921 yil 1 yanvarda dunyoga kelgan bu iste’dod egasi tez orada teatr va kino aktyori sifatida el e’tirofiga tushdi, xizmatlari munosib taqdirlandi. O‘zbekiston xalq artisti, “Do‘stlik”, “Buyuk xizmatlari uchun” ordenlari sovrindori sifatida tanildi. Zikir Muhammadjonov chet el kinostudiyalari bilan hamkorlikdagi filmlarda ham suratga tushib, o‘zbek teatri va kinosini dunyoga tanitdi. Mamlakat rahbariyati uning uzoq yillik xizmatlarini e’tirof etib, eng oliy mukofot O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan taqdirladi.

Zikir Muhammadjonov keng qamrovli aktyor edi. Uning sahna san’ati, kino va televideniyeda yaratgan 100 dan ortiq obrazlarining har biri katta mahorat va mehnat natijasi edi. Aktyor ijodiy biografiyasida e’tiborga molik obrazlar juda ko‘p. Ferdinand (“Makr va muhabbat”), Jaloliddin (“Jaloliddin Manguberdi”), Dehqonboy (“Shohi so‘zana”), Abdullatif (“Mirzo Ulug‘bek”), Navoiy (“Alisher Navoiy”), Goratsio (“Hamlet”), Kassio (“Otello”), Hamza (“Hamza”), Furqat (“Furqat”), Beruniy (“Abu Rayhon Beruniy”), Edigey (“Asrga tatigulik kun”), Samandar (“Samandar”), Sintaro (“O‘g‘irlangan umr”), Oktaviya Sezar (“Yuliy Sezar”), Jabborov (“Parvoz”), Yusufbek hoji (“O‘tkan kunlar”), Mirzakarimboy (“Qutlug‘ qon”) kabi rollarida Muhammadjonovning o‘ziga xos ijod nafasi ovozidagi jo‘shqin ehtiros, fikran teranlik va vazminlik bilan to‘ldirilib, aktyorning o‘zigagina xos imkoniyat kuchi namoyon bo‘lgan. Muhammadjonov bir qancha filmlarda yaratgan obrazlari, xususan, Maqsud (“Fidoyi”), professor Karimov (“Koniyut g‘opining siri”), Shoh Bahrom (“Dilorom”), Junaidxon (“Uzoq-yaqin yillar”), Yusuf (“Alibobo va qirq qaroqchi”) va boshqalarda o‘zining keng diapazonli aktyor sifatidagi iste’dodini yorqin namoyon eta olgan. Aktyor videofilm va telespektakllarda ham bir qancha obrazlar yaratgan: Ulug‘bek (“Ulug‘bek xazinasi”), Husayn Boyqaro (“Alisher Navoiy”), Isomiddin aka (“Er farzandi”), professor Komilov (“Imon”) va boshqalar shular jumlasidandir. Muhammadjonov yaratgan obrazlar kuchli psixologik dramatizmi, romantik ko‘tarinkiligi bilan ajralib turadi.

U urush yillari faoliyatini zavodda, ishlab chiqarish dastgohlari oldida davom ettirdi. Kuniga 18 soatlik mehnat uni yanada chiniqtirdi. Aynan shu yerda xalqqa xizmat oliy burch ekanligini dildan his qildi. Urush o‘rtalariga kelib, hukumat topshirig‘iga ko‘ra ishlab chiqarishda band bo‘lgan qator aktyorlar teatrga qaytdi. Hasan Yunusov, Fayzi Hasanovlar qatori Zikir Muhammadjonov ham teatrga qahramonligi mavzusidagi asarlar bilan boyitishga kirishilgan edi. Shu yillari sahnalashtirilgan “Jaloliddin Manguberdi” spektaklida aktyorga Temur Malik obrazini yaratish topshirildi. Bu aktyorning dastlabki mustaqil obrazi edi. Aynan mana shu rol ijrosi Zikir Muhammadjonovning kelgusidagi ijodiy taqdirini belgilab berdi.

Urush tugagach, Toshkentda O‘rta Osiyoda birinchi aktyorlar tayyorlaydigan oliygoh – Teatr va rassomlik institutini tashkil etish yuzasidan harakatlar boshlandi. Zikir Muhammadjonov ustozi Mannon Uyg‘ur tavsiyasiga ko‘ra shu institutning birinchi talabalari orasidan o‘rin oldi. 1949 yilda institutni muvaffaqiyatli tugallagan Zikir Muhammadjonov, Yayra Abdullayeva, Erkli Malikboyeva, Iroda Aliyeva, zabardast rejissyor Toshxo‘ja Xo‘jayev- lar teatrga kirib kelishdi va ular hisobiga truppa ancha kengaydi. Ushbu yangilanish Hamza nomidagi teatr faoliyatida yangi sahifa ochdi. 1952 yilda Abdulla Qahhorning “Shohi so‘zana” asarida bosh qahramonlar obrazlari Dehqonboy – Zikir Muhammadjonov, Hafiza – Yayra Abdullayevaga topshirildi. Hayotda aynan Dehqonboy singari xalqni yangilikka, mehnat qahramonliklariga chorlay oladigan yoshlarga ehtiyoj katta edi. Shu ma’noda ushbu asar 50-yillar o‘rtalaridayoq yoshlarni harakatga undagani bilan e’tiborli bo‘ldi.

A. Muxtor asarlari asosida rejissyorlar X.Apponov va B.Yo‘ldoshevlar tomonidan sahnalashtirilgan “Samandar” spektaklidagi Samandar Saidov va “Sahro tor” spektaklida Zargarov obrazlarini Z.Muhammadjonov jonlantiradi. Bu obrazlar talqini aktyor ijodida besh yillik tanaffus bilan ajralib tursa-da, har ikki xarakter o‘rtasida zamondosh qahramonga xos ichki munosabat va tadrijiy rivojlanishni sezish mumkin.

Xususan, Samandar Saidov mehnat odami. Uning axloqiy qarashlaridagi kuchlilik va ayni paytda zaiflik ham shunda. Hayotda hamma narsaga o‘z mehnati bilan erishgan, o‘zining haqligini mehnat bilan isbotlashga bel bog‘lagan shaxs. Aktyor qahramonning ichki dunyosiga ko‘proq e’tiborni qaratadi.

Ikkinchi spektakl qahramoni Zargarov hayotdagi barcha hodisa va sinovlarda tayyor andozalarga suyanmaydi, balki tinimsiz o‘zgarib turuvchi faoliyatdan kelib chiqib ma’lum bir qarorlarga keladi. Rahbar obrazini ijro etar ekan, aktyor bu yerda ham ishchanlik fazilatlarini qahramon xushmuomalaligi va odamoxunligidan ajratmaslikka intiladi.

Aktyordagi psixologizmga moyillik, ziyolilarga xos xatti-harakatlar, tashqi bichim, ijodiy fikrning teranligi O‘.Umarbekovning “Kuzning birinchi kuni” asaridagi Shokir Sultonov obrazida ham namoyon bo‘ladi. Pesada yoshlar tarbiyasi jiddiy masala qilib qo‘yilgan. Ushbu asar aktyordan katta ma’suliyat, ijodiy izlanish talab qilar edi. Zero, sahnada oz ko‘rinib, cheklangan harakatlar asosida esda qolarli obraz yaratishdek vazifa turardi.

Spektaklda aktyor ijrosida mulohazaga tortuvchi, hayajonga soluvchi qator epizodlar mavjud. Xususan, yechim sahnasi dramatik keskinligi, ma’nodorligi bilan pesa mundarijasini yanada boyitgan. Farzandi va uning do‘stlarini to‘g‘ri yo‘lga solish istagi yoshlar tomonidan to‘g‘ri anglanmagani, otaning birdan Remning xat- ti-harakatidan dahshatga tushishi va buni ko‘tara olmay yiqilishi epizodlari juda ta’sirli ijro etilgan. Shokir aka jasadining e’tiborsiz cho‘zilib yotishi, vahimaga tushgan uch yigitning qotib turishi, telefon qo‘ng‘irog‘ining to‘xtovsiz dahshatli jiringlashi, sahna aylanishi bilan ota-onalar alamli nigohlarining farzandlari nigohlariga ro‘baro‘ kelishi – bularning barchasi – xudbinlik, soxtalik va manmanlik ustidan chiqadigan hukm ma’nosida jaranglaydi.

Zikir Muhammadjonov Uyg‘un qalamiga mansub “Beruniy” spektaklida ham bosh qahramon obrazini yaratgan.

Aktyor talqinidagi Beruniy dramatik shaxs, fe’l-atvori murakkab. O‘z davridan ilgarilab ketgan, biroq yashab turgan muhiti talablari bilan kelishishga majbur bo‘lgan buyuk shaxs qalbidagi iztirobli kechinmalarni aktyor mahorat bilan ifodalaydi. Bu esa Zikir Muhammadjonovni navbatdagi tarixiy qahramon Navoiy roliga tanlanishiga sabab bo‘ldi.

Ma’lumki, Uyg‘un va Izzat Sultonlar qalamiga mansub “Alisher Navoiy” dramasi Milliy akademik drama teatri sahnasida bir necha bor sahnalashtirilgan. Spektaklning so‘nggi varianti rejissyorlar T.Azizov va M.Abdullayeva hamkorligida amalga oshirilar ekan, aytish lozimki, ushbu ijodkorlar sahnalashtirish an’anasini tubdan o‘zgartirishga intildilar.

Bosh qahramonlarning yoshlik va keksalik davrlarini turli aktyorlar ijro etdilar. Navoiyning yoshlik yillarini S.Umarov va B.Muhammadkarimov, keksalik davrini esa – Z.Muhammadjonov va Yo.Ahmedovlar ijro etdilar. Zikir Muxammadjonov ijrosida Navoiyning ulkan madaniyat sohibi, yuksak ma’naviy g‘oyalar targ‘ibotchisi ekanligi yorqin namoyon bo‘ldi.

Aktyorning aynan shu davrdagi obrazlari orasida Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” romani asosida yaratilgan spektakldagi Edigey obrazi ham diqqatga sazovordir. Spektaklda asosiy e’tibor Edigey taqdiriga qaratilib, ushbu obraz ijrosi uchun bir necha aktyorlar jalb qilinadi. Asosiy ijrochi Z.Muhammadjonov talqinidagi Edigey vijdon amri bilan ish tutuvchi inson. Shu kabi hayotiy obrazlarni mahorat bilan yaratgan aktyor 2013 yilning 24 avgustida vafot etdi.

Zikir Muhammadjonov qanday xarakterdagi qahramonlarni ijro etmasin, avvalo, yaratayotgan obrazining kuchli jihatlarini ko‘rsatishga intilgan. Shu sabab uning qahramonlarida ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, insoniy burchlariga sodiqlik hissi kuchli bo‘lar edi. Xalqimizning ardoqli san’atkori Zikir Muhammadjonov aynan mana shu xislatlari bilan tomoshabinlar mehrini qozongan, doimo o‘ziga jalb etib kelgan bo‘lsa, ajabmas.

Dilfuza Rahmatullayeva,

san’atshunoslik fanlari doktori

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 1-son