Sharq mumtoz she’riyatida ramzlar alohida ahamiyat kasb etadi. Sharqda ijod ahli ramziy obrazlardan foydalangan, ayniqsa, shoirlarning sevimli obrazlaridan biri qush obrazidir.
Simurg‘ – sharq xalqlari og‘zaki poetik ijodidagi afsonaviy qush; osmonda uchish, uzoq manzillarni yaqin qilish haqidagi asriy orzu-umidlarning ramziy ifodasi. Dastlab “Avesto”da “senemurg” shaklida ishlatilgan. Ya’ni XIV yashtda tasvirlanishicha, “sayena merug‘a” bahaybat qushi Vorukasha dengizining o‘rtasidagi “hayot daraxti”ning tepasida uya qurgan. Bulutdek ulug‘vor qanotlari bilan “hayot daraxti”ni yovuz kuchlardan himoya qiluvchi “sayena merug‘a” (simurg‘) haqidagi ilk miflar, nazarimizda, Vorukasha yoki “Qirg‘oqsiz dengiz” deb ataluvchi Orol dengizi bo‘ylarida, ya’ni qadimgi Xorazm vohasida yaratilgan. “Avesto” tadqiqotchisi K.V.Treverning ta’kidlashicha, bu xayoliy qush nomi dastlab Sayena-merug‘a shaklida bo‘lib, “it-qush” degan ma’noni anglatgan. Simurg‘ qadimgi zardushtiylar mifologiyasida it boshli qush – asotiriy jonzot sifatida tasvirlangan. Chunonchi, “Bundaxishn”da: “O‘n birinchi bo‘lib tunda yashaydigan mavjudotlar yaratilgan, shulardan ikkitasi – o‘z bolalarini ko‘krak suti berib boqadi. Bu Senmurv va ko‘rshapalak bo‘lib, tunda uchadilar. Aytilganidek, tunda kun ko‘ruvchilardan it-qush va mushakdor jonivor yaratilgan, chunki ular qushga o‘xshab uchadigan, og‘zida itniki singari tishlari bor, mushakdor jonivorlar kabi g‘orlarda yashaydilar”. “Bundaxishn”ning boshqa bir joyida esa “…qushlar orasida ikkitasi boshqalaridan farqli qilib yaratilgan: bu Senmurv va ko‘rshapalak bo‘lib, og‘izlarida tishi bo‘lgan bu jonivorlar bolasini ko‘krak suti berib boqadi”, deyiladi.
Simurg‘ qushi mumtoz adabiyotimizda ham buyuk mutafakkir bobolarimiz tomonidan nihoyatda go‘zal talqin qilingan. Fariddidin Attorning “Mantiq ut-tayr” va Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonlari fikrimizga dalildir.
Attorning “Mantiq ut-tayr” asaridagi g‘oyaga ko‘ra, undagi qushlar Simurg‘ning soyasi, xolos. Ya’ni ular Simurg‘ga intilganidagina ahamiyat kasb etadi. Qushlar(insonlar)ning bu dunyodagi hayoti hijron va ayriliqdadir, dostondagi qushlar so‘nggi vodiyda Simurg‘ bilan birlik kasb etadilar. Navoiy dostonida esa riyozat chekish asnosida poklanib, o‘zlaridagi Simurg‘ni kashf etadilar.
Navoiy talqinicha, butun insoniyatning birgalikda erishuvi mumkin bo‘lgan oliy takomil bosqichiga har bir kishi, har bir jamoa o‘zicha kamolot hosil qilib yetisha olmaydi. Butun insoniyat (jami qushlar) unga birga intilmog‘i, birga-birga parvoz qilib, yo‘l mashaqqatlarini birga yengib o‘tib erishmoqlari mumkin. Simurg‘ – bir qush emas, kamolotning oliy bosqichi – Tavhid bosqichiga ko‘tarilib yetgan o‘ttiz qush(“si murg‘”)ning birligi – ma’naviy yagonalik hosil qila bilgan uyg‘un insonlar jamoasi, yaxlit insoniyat. Ularning Simurg‘ sari mashaqqatli yo‘li – baxtli va odilona jamiyat sari tarixiy izlanish jarayonidir.
Turkiy xalqlarda Simurg‘ning Humo, Anqo, Davlat qushi, Baxt qushi, Marqumomo, Kuntubulg‘on, Bulbuligo‘yo va boshqa variantlari mavjud. Simurg‘ obrazi “Qahramon”, “Oynai jahonnamo”, “Rustam”, “Kenja botir” kabi ertaklarda atroflicha tasvirlangan. Bu obraz yozma adabiyotda ham uchraydi.
Simurg‘ o‘zbek xalq ertak va afsonalarida ijobiy qahramonning do‘sti, himoyachisi, hamrohi, uni “etti zulmat ichi”dan olib chiquvchi fantastik qush sifatida gavdalanadi. O‘zbek adabiyotida Simurg‘ afsonasi asosida atoqli shoir Hamid Olimjon “Parizod va Bunyod” dostonini yozgan.
Simurg‘ ‒ qadim ajdodlarimizning ibtidoiy tushunchasiga ko‘ra, totemistik homiylik timsoli, botirlarning madadkori bo‘lmish ulkan qush. Bu go‘zal lirik obraz qachon paydo bo‘lgani aniq emas, ammo Simurg‘ bilan bog‘liq qadimiy syujetlar Sharq xalqlari folklorida keng tarqalgan. U qahramonni ulkan qanotiga mindirib, Yer osti dunyosiga olib tushish yoki Zaminga chiqarib qo‘yish vazifasini uddalay oladi.
O‘zbek xalq sehrli ertaklarida tasvirlangan Simurg‘ qush ham tarixan “Avesto” mifologiyasidagi Senmurv obrazining epik tafakkur tizimidagi evolyutsiyasi natijasida yuzaga kelgan personaj hisoblanadi. Garchi o‘zbek ertakchiligi an’anasida Simurg‘ning ko‘rinishi va funktsiyasida Senmurvga xos sifatlar ko‘zga tashlanmasa-da, bu afsonaviy qushning qahramonni o‘zga olamga olib borishi bilan bog‘liq bir detal unda “itqush”ga doir ayrim belgilar saqlanganini ko‘rsatadi. “Zorliq bilan Mungliq” ertagida “Simurg‘ bir tomondan qor-yomg‘ir bilan uchib kelibdi va maydalab tashlangan ajdarni yutib yuboribdi”, deyiladi. Bu obraz ishtirok etgan ertaklarda qushning ustiga minib olgancha o‘zga olamga safar qilayotgan yoki yorug‘ dunyoga qaytib chiqayotgan qahramon to manziliga yetgunicha Simurg‘ni go‘sht berib boqadi. Bu esa Simurg‘ “Bundaxishn”da qayd qilinganidek, “og‘zida tishi bor”, ya’ni itga o‘xshab go‘shtxo‘r jonzot ekanligini anglatadi. Bizningcha, Senmurv yoki Simurg‘ qadimgi o‘rta osiyoliklar mifologiyasida it gavdali, qush qanotli afsonaviy jonivor sifatida tasvirlangan. Keyinchalik esa bu mifologik tasavvurlar unutilib ketdi. Endi u ertak va dostonlarimizda qahramonni mushkul ahvoldan qutqaruvchi, poloponlarini ajdar xurujidan omon saqlab qolgan qahramonni olis manziliga yetkazuvchi, qahramonga ko‘maklashuvchi xayoliy qush obrazi tarzida tasvirlana boshladi. Aslida esa, Simurg‘ haqidagi mifologik tasavvurlar genetik jihatdan qush tuxumidan chiqqan it hamda qushdek ucha oladigan qanotli it – grifon haqidagi qadimgi mifologik afsonalarga aloqadordir.
Qadimgi kosmogonik mifologiyada Simurg‘ obrazi olamning samoviy tuzilishiga bevosita aloqador afsonaviy hayot daraxti bilan bog‘liq holda talqin qilingan. VI asrda pahlaviy tilida (qadimgi fors tilida) yaratilgan “Minokexrat” yodgorligi matnining 62-bobida bu samoviy obraz evolyutsiyasini keng qamrab oluvchi tushunchalar kartinasi namoyon bo‘ladi: “O‘liklarga jon ato qiluvchi hayot daraxti Xoma Vorukasha dengizining o‘rtasida o‘sadi. Hayot daraxtini makon qilgan Semurv (Simurg‘) ezgulik homiysidir. Har gal uyasidan ko‘tarilganda daraxt shoxlaridan minglab yangi novdalar o‘sib chiqadi va har safar qo‘nganida minglab shoxlar sinib, jami o‘simlik urug‘lari turli tomonga sochiladi”.
Hayot daraxtining samoviy qush bilan bog‘liqligi haqidagi tasavvurlar Skandinaviya, Hind-evropa, Sibir, arab xalqlari mifologiyasida ham uchraydi. Shu narsa diqqatga sazovorki, miflardagi hayot daraxtining uchida katta qush tasvirlansa (qadimiy hind-eron miflarida – Simurg‘, arablarda ‒ Qaqnus), ildiziga ilon o‘ralib yotadi (skandinaviyaliklar miflarida Nidxegg nomli ilon). Mifik “hayot daraxti” “Avesto”da tasvirlangan Xoma (hind mifologiyasida ‒ Soma) yoki “Xvarri” (“Sersuv”) nomli daraxtni eslatsa, qush va ilon hamda Sharq folkloridagi Semurg‘ va u uya qurgan katta daraxtga chirmashgan ilon obrazlari orasida hayratlanarli o‘xshashlik bor.
Firdavsiy sharq dostonchiligida birinchi bo‘lib afsonaviy qush Simurg‘ obrazini yaratdi. G‘ayritabiiy kuch va qudratga ega bu parranda Zolning chaqaloqligi davri tasviridan to Isfandiyor dostonigacha bo‘lgan voqealarda ishtirok etadi. Simurg‘ hamisha Zoli Zar va uning avlodlariga eng og‘ir damlarda ko‘maklashadi. Masalan, “Shohnoma”ning “Rustami dostonning onadan tug‘ilishi” bo‘limida Rudoba tug‘ruq dardidan qiynalib, hushidan ketadi. Hamma sarosimaga tushib qolganda Simurg‘ning patini yodga olishadi. Zol darrov olov yoqib, Simurg‘ning patini olovga tashlaydi. Bir zumda Simurg‘ paydo bo‘lib, Zolga qarab deydi:
Topib keltiringlar olmosdek pichoq,
Bilimdon kimsani topingiz shu choq.
Sanamni may bilan avval mast qiling,
Dilidagi alam shashtin past qiling.
Simurg‘ yordamida Rudobani osonlik bilan darddan xalos etadilar va bolaga Rustam deya ism qo‘yadilar.
Simurg‘ odamdek gapiradi, jangu jadallarda Zoli zar va Rustamga yordam beradi, goh donishmand tabib qiyofasida hayot mushkullarini hal etishda yo‘l ko‘rsatadi. Firdavsiy tasviricha, Simurg‘ falakda parvoz qilsa, olamni zulmat qoplaydi, zaminu zamon larzaga keladi. U kimsasiz sahro o‘rtasidagi tog‘ cho‘qqisiga uya qurgan:
Bir tog‘ bo‘lardi, Elburz degan tog‘
Quyoshga yaqinu yerdan ko‘p uzoq.
U yerda Semurg‘ uyasi ham bor,
Unda biron kishi topilmas zinhor.
Firdavsiy “Shohnoma”sidagi Simurg‘ bilan Hamid Olimjon dostonidagi Simurg‘ obrazida o‘xshashliklar bor. Har ikkala asarda ham Simurg‘ insonga do‘st, insonning og‘ir kunlarida birga bo‘ladi. Firdavsiyda Semurg‘ bolalarining xohishi bilan Zolni boqadi, parvarish qiladi, til o‘rgatadi, bilim beradi. Odam jaholatga yo‘l qo‘yadi, qush esa adolat yo‘lini tutadi. U Rustamga ajdar, devlarni, hatto Isfandiyorni yengishda ham yaqindan madadkor bo‘ladi. Hamid Olimjon dostonda chin sevgidan yiroq, jaholatga giriftor bo‘lgan xon qizi Parizod shartni bajargan Bunyodni qabul qilmay uning halok bo‘lishini istab, dev jangiga yuboradi. Inson razolatga yo‘l qo‘yadi, Simurg‘ esa Bunyodni jasorat sari yo‘llaydi. Bunyodni dev maskaniga eltgan Simurg‘ jasur yigitning g‘alabasini qo‘llaydi. Semurg‘ning qahramon yigitga munosabati hamda Bunyodning dev bilan yakkama-yakka olishuvi va g‘alabasi tasvirida “Shohnoma” ga hamohanglik bor.
Zamonaviy eron she’riyatida ham mazkur obrazdan samarali foydalanilgan. O‘tgan asrning 60-yillariga kelib shoirlar ijodida yana bir qancha qush obrazlari paydo bo‘ldi. Masalan, Soya, Kasroiy va Jole ijodida qaldirg‘och, kaklik va burgut obrazi, Muhammad Zoheriy she’rlarida baklan (qora qush), kanareyka, to‘rg‘ay, Noderpur she’rlarida esa hudhud qushidan muayyan simvolik obraz sifatida foydalanilgan.
Siyovush Kasroiy asarlaridan o‘rin olgan qush obrazlaridan biri Simurg‘dir. Adibning “Siyovush qoni” to‘plamidan o‘rin olgan “Simurg‘ qayg‘usi” nomli she’rida afsonaviy Simurg‘ qushini ko‘ramiz. Qadimiy asarlar va afsonalarga ko‘ra, Simurg‘ qush bo‘lib, qarindoshlariga yordam berishga boradi va o‘zining bir qanotini yulib ularga beradi. Rustam va Isfandiyor dostonida, Zol zamonida Simurg‘ning pati o‘tda kuydiriladi. Bu qush Rustamning yarasiga darmon topishga shay edi. Ammo bu qush Siyovush Kasroiyning she’rida biz dastlab uchratgan Simurg‘ obrazidan farq qiladi. Unda u o‘zining ulug‘vorligini yo‘qotib, qanotidan ajralgan qush sifatida ko‘rinadi. Garchi dastlab qanotga ega bo‘lib, pahlavonlar va bahodirlar qoshiga shoshilsa-da, ammo endi u o‘zining najotbaxsh qudratini yo‘qotgan, qanotsiz, xuddi “qari chinor”dek “iztirobli va g‘amgin” bo‘lib qolgan edi.
Kasroiyning mazkur she’rida qadimgi asarlarda najotbaxsh bo‘lgan, ammo hozirda o‘z imkonini qo‘ldan boy bergan, oddiy kishidek fikr yuritadigan, qanotlari va parlari to‘kilgan, kuch-qudrati qolmagan g‘amgin va aftoda qushga aylangan Simurg‘ obrazini ko‘ramiz. Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: nega Siyovush Kasroiy hayotdagi umid va yelib-yugurishni ifoda etgan “Orash-e kamongir” dostonini yoza turib, uning ketidan ma’yus va g‘amgin she’rlarni o‘z ichiga olgan “Xun-e Siyovush” dostonini yozgan. Mazkur to‘plamdan o‘rin olgan “Anduh-e Simurg‘” (“Simurg‘ning g‘ami”) she’rida bu najotbaxsh qushni shunday tasvirlaydiki, endi u harakat qilishga nochor, hatto yordam ham berolmaydi.
Siyovush Kasroiy metafizik elementlarni kamaytirish va zaiflashtirish istagida insonni sahnada (asarda) namoyon qildi. Negaki, bu asarda inson o‘z taqdiriga mas’uldir, u o‘z kelajagi va taqdirini belgilaydi.
Xullas, Simurg‘ obrazi juda qadimgi davrlarda paydo bo‘lgan, ezgulik timsoli, sharq xalqlari adiblarining sevimli timsollari qatoriga kiruvchi qush obrazidir. Simurg‘ qushidagi ulug‘vorlik, insonparvarlik kabi fazilatlar, garchi turli-tuman syujetlar orqali kitobxon e’tiboriga havola etilgan bo‘lsa-da, sharq xalqlari madaniyatining o‘zaro uyg‘unligini namoyon qiladi. Turli davrlarda sharq xalqlari boshidan kechirgan taqdir sinovlari hamda jamiyatda yuz bergan o‘zgarishlar badiiy to‘qimalar asosida Simurg‘ qushi timsolida yoritib berilgan.
Dinora Yusupova,
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘qituvchisi
“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 11-son