Chin do‘st topgan baxtlidir (Frants Shubert)

Avstriyalik buyuk kompozitor, musiqada romantizm yo‘nalishining dastlabki namoyandasi Frants Shubertning musiqalari keyingi kompozitorlardan farqli o‘laroq, quyuq  hissiyotlar, muhabbat va iztirob bilan sug‘orilgan. U asarlarida boy ichki dunyosini, turli tuman hissiyotlarga, o‘y-tasavvurlarga to‘la holda ko‘rsata oldi. Aynan Shubert qo‘shiqlari klassitsizm va romantizm musiqiy davrlarini bir-biridan ajratuvchi chegara hisoblanadi.

Shubert ijodining gullab-yashnashi XIX asrning 20-yillariga to‘g‘ri keldi. Tabiatan qo‘li ochiq, quvnoq va o‘ta kamtar inson Shubert ijodining dastlabki bosqichida juda yorqin, samimiy musiqalar yaratdi. Biroq uning so‘nggi asarlarida ko‘proq zulmatli kayfiyat, g‘amginlik, azob-uqubat paydo bo‘la boshladi. Buning sababi nafaqat shaxsiy hayotidagi muvaffaqiyatsizliklar, balki uni o‘rab turgan sharoit ham edi. Bu vaqtda barcha inqilobiy, ilg‘or g‘oyalar quvg‘inlikka uchrab, frantsuz revolyutsiyasining yuksak g‘oyalari: ozodlik, tenglik va birodarlik haqida hatto og‘iz ochish mumkin bo‘lmay qoldi. Inson erkining bunday  chegaralanIshi Shubert ruhiyatini qattiq azoblardi. Shu bois, uning so‘nggi asarlaridagi tushkunlik holatini o‘sha davr Avstriya jamiyati hayotidagi huquqsizlikning aks etishi sifatida tushunish mumkin. Shubertdek hayotdan norozilik kayfiyati ziyolilarning ko‘pchiligida kuzatilardi. Jamiyatdagi ilg‘or kishilarning noroziligi va isyoni san’atda o‘z aksini topib,  yangi yo‘nalish – romantizmni paydo qildi. Shubert esa kompozitor-romantiklarning birinchisi bo‘ldi.

Frants Shubert 1797 yil 31 yanvarda Vena atrofidagi Lixtental qishlog‘ida o‘qituvchi oilasida dunyoga kelgan. Uning katta akalari Ignats va Ferdinand ham maktabda o‘qituvchilik qilgan. Ularning oilasi musiqani juda sevar, tez-tez musiqiy kechalar tashkil qilinardi. Otasi violanchel, aka-ukalari ham turli sozlarni chalishardi. Kichkina Frantsga otasi va akasi Ignats skripka va fortepiano chalishni o‘rgata boshlashdi. Tez orada u oilaviy torli kvartetda alt partiyasi ijrosi bilan ishtirok eta boshladi. Frants ajoyib ovozga ham ega bo‘lib, Lixtental regentidagi Xoltser cherkovi xorida birinchi soprano  partiyalarini, cherkov orkestrida esa yakka skripkada ham kuy ijro etardi. Uning musiqiy qobiliyati yuzaga chiqib, bastakor  sifatida kuylar yoza boshlaydi. U qo‘shiqlar, kvartet va fortepiano uchun asarlar yaratadi. Gyote she’ri asosida “Margarita urchuq yonida” va “O‘rmon shohi” qo‘shiqlari, sonatalar, simfoniyalar ijod qiladi.

Bo‘lg‘usi kompozitorning otasi esa o‘g‘lining yutuqlaridan mamnun bo‘lib, Frants 11 yoshga to‘lgandan so‘ng cherkov qo‘shiqchilarini tayyorlaydigan konvikt maktabiga o‘qishga beradi. Maktab hayoti uning musiqiy iqtidorining rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. U maktabdagi o‘quvchilar orkestrida birinchi skripkalar guruhida asosiy ijrochilardan bo‘lgan, ba’zida dirijyorlik vazifasini ham bajargan. Orkestrning repertuari turli xil bo‘lib, o‘qishi davomida Shubert simfonik asarlarning barcha janrlari – simfoniya, uvertyura, kvartetlar va vokal asarlar bilan tanishadi. U Betxoven musiqalarini g‘oyat ardoqlar, Motsartning “Sol-minor” simfoniyasiga esa butkul lol bo‘lib yashardi. Yosh kompozitor ko‘pincha maktab darslarini qoldirib bo‘lsa ham katta qiziqish bilan asarlar yozardi. Bolaning noyob qobiliyati mashhur saroy kompozitori Saleri e’tiborini jalb qildi va Shubert bir yil davomida u bilan kontrapunkt va kompozitsiyadan saboqlar ola boshladi.

Vaqt o‘tishi bilan Frantsning shiddat bilan rivojlanayotgan musiqiy iqtidori otasida xavotir hissini uyg‘otadi. Musiqachilarning mashaqqatli hayot yo‘lini bilgan otasi o‘g‘lini bunday qismatdan asramoqchi bo‘ladi.  Musiqa bilan haddan tashqari ko‘p shug‘ullangani uchun uni jazolab, hattoki bayram kunlari ham uyda bo‘lishni ta’qiqlab qo‘yadi. U uch yil davomida maktabda o‘qituvchi yordamchisi bo‘lib, o‘quvchilarga savod o‘rgatib, boshqa boshlang‘ich predmetlarni o‘qitish bilan shug‘ullandi. Ammo Shubertni musiqa ishqidan hech qanday ta’qiq va jazo to‘xtata olmadi. U konviktni (cherkov maktabi) tashlaydi va o‘zini butunlay  musiqaga bag‘ishlashga qaror qiladi. Buning oqibatida otasi bilan munosabati yomonlashadi. Shubertning keyingi qisqagina hayoti faqat ijodiy jasoratdan iborat bo‘ldi. Og‘ir moddiy qiyinchilik va muhtojlikda ham tolmay ijod qilib, asar ketidan asarlar yozdi. Xususan, birinchi “Re major” simfoniyasini tamomladi.

Shubert Tereza Gorob ismli cherkov xorida kuylovchi bir qizni sevardi. Uning ishqi son-sanoqsiz asarlari, ayniqsa, dilbar qo‘shiqlarining yaratilishga sabab bo‘lgan edi. Biroq kambag‘allik uning baxtiga to‘sqinlik qildi. Taqdirning sinovlariga ko‘nika olmagan Shubert o‘zining kundaligiga shunday so‘zlarni yozadi: “Chin do‘stini topgan inson baxtlidir. Chin do‘stni o‘z rafiqasida topgan inson undan-da baxtiyordir”.  Afsuski, uning orzulari kul bo‘ldi. Terezani otasiz voyaga yetkazgan onasi ularning sevgisiga qarshilik ko‘rsatadi. Shubertning arzimagan maoshi va ulkan san’ati bor edi, xolos. Musiqa esa sarmoya bo‘la olmasdi. Izga tushmagan maishiy hayot Shubertni tinimsiz ijod qilishdan to‘xtata olmadi. U kundan-kunga muntazam ishladi. “Men har tong yarataman, bir pesani tugatishim bilan, boshqasini boshlayman” – deb tan oladi kompozitor. Shubert  musiqiy asarlarni juda ham tez bastalardi. Musiqiy fikrlar tinmay tug‘ilardi, kompozitor arang uni qog‘ozga tushirishga ulgurardi. Agar qo‘l ostida qog‘oz topilmasa, menyuning orqa tarafiga va uchragan qog‘oz parchalariga yozib tashlayverardi. Pul yetishmasligi sabab, nota qog‘ozi ololmasligidan aziyat chekardi. G‘amxo‘r do‘stlari uni qog‘oz bilan ta’minlab turishardi. U musiqa ohanglarini tushlarida ham ko‘rar, uyg‘onishi bilan tezroq qog‘ozga tushirishga urinardi. Shuning uchun  ko‘zoynagini tunda ham taqib yotardi. Agar asar mukammal va tugallangan shaklda tez quyulib kelmasa, qoniqish hosil qilmaguncha ishlashda davom etardi. Shuning uchun  ayrim she’r matnlariga yettitagacha  qo‘shiq variantlarini  yozgan.

Ushbu davrda Shubert ikkita ajoyib asarini yaratadi. “Tugallanmagan simfoniya” va “Go‘zal tegirmonchi qiz” qo‘shiqlar turkumi. “Tugallanmagan simfoniya” o‘z davrida qabul qilinganidek to‘rt qismdan emas, balki ikki qismdan iboratdir. U klassik simfoniya talab qilgandek uchinchi – menuet qismini yozishi ham mumkin edi, lekin, simfoniya qanday yangragan bo‘lsa, shundayligicha yakunlanishini istagani uchun, qolgan ikki qismi keraksiz va ortiqcha deb hisoblab, uning shaklni o‘zgartiradi.

Qo‘shiq Shubertning tabiatidagi tiyiqsiz kuch edi. Avvallari ahamiyatsiz sanalgan janrni u badiiy mukammallik darajasiga olib chiqdi. Keyinchalik kamer musiqani-kvartet, kvintet va simfoniyani qo‘shiqqa to‘yintirdi. Bunday bog‘liqlik, ya’ni, kichik shaklni yirik shakl bilan, qo‘shiqni simfoniya bilan,  yangi, avvalgilaridan a’lo va sifatli lirik-romantik simfoniyani vujudga keltirdi.  O‘sha davrda ular ochiq kontsertlardan ko‘ra, uylarda o‘tkaziladigan kechalarda ijro etilardi. Simfoniya va operalar oldida qo‘shiqlar ahamiyatli janrlar sanalmagan.

Uning dunyosi – oddiy va o‘ziga xos chuqur psixologik kechinmalar, insoniy hissiyotlar dunyosidir. Bu qalam va so‘z bilan emas, balki, tovushlar orqali aks etgan qalb istig‘foridir.  “Go‘zal tegirmonchi qiz” qo‘shiqlar turkumi yuqoridagi fikrimizning yaqqol dalilidir. Shubert uni nemis shoiri Vilgelm Myullerning she’rlariga yozgan. “Go‘zal tegirmonchi qiz”– ijod nafasi, nafis she’riyat yog‘dusi, sof va yuqori tuyg‘ular romantikasidir. Mazkur tsikl 20 ta alohida qo‘shiqlardan tashkil topgan. Hammasi bir-biriga dramatik bog‘langan yaxlit pesani – tegirmon toshi bilan sayohat qiluvchi lirik qahramonni aks ettiradi. Ushbu asarda qahramon bitta emas.  U bilan birga ikkinchi qahramon – irmoq ham bor. U o‘zining o‘zgaruvchan, shiddatli, jo‘shqin hayoti bilan yashaydi.

Shubert hayotining oxirgi o‘n yilligida yaratilgan asarlar juda rang-barangdir. U fortepiano uchun simfoniya, sonatalar, kvartet, kvintet, trio, messalar, operalar, messalar uchun qo‘shiqlar va boshqa ko‘plab musiqalar yaratgan. Uning asarlari hayotlik davrida kamdan-kam ijro etilgan bo‘lib, katta qismi qo‘lyozmalarda qolgan. Mablag‘i va homiylari bo‘lmagan Shubertning qo‘lyozmalarini chop ettirish imkoni yo‘q edi.

Mansabdor shaxslar oldida bo‘yin egmasligi sababli kompozitor doimiy moddiy yetishmovchilikda yashadi. Pulsizlik va ocharchilik ham uni saroylarda ishlashga majbur etolmadi. Ba’zi paytlarda Shubertning fortepianosi ham bo‘lmagan, u cholg‘usiz ham asarlar yaratavergan.

Ammo venaliklar uning musiqasini sevib qolishdi, uning musiqasi tinglovchilar qalbiga yo‘l topdi. Kuylari qadim xalq qo‘shiqlari kabi xonandalar tilidan tillarga o‘tib, o‘zining asl ixlosmandlariga ega bo‘lib bordi. Bular dabdabali saroy, boy xonadon, Vena aristokratiyasi ahli emasdi. Shubert musiqasi o‘rmon jilg‘asi kabi Vena va uning atrofidagi oddiy odamlar qalbini zabt etdi. Bunga o‘sha davrning mohir xonandasi Iogann Mixayel Fogl katta hissa qo‘shdi. U Shubert qo‘shiqlarini mohirlik bilan ijro etardi. Shubert Fogl bilan birga uch marta Avstriya shaharlari bo‘ylab kontsert safarlari uyushtirgan.

Muhtojlik va turmush mu­vaffaqiyatsizliklari Shubert sog‘ligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. U zaiflashib qoldi. Umrining oxirida otasi bilan munosabatlarning yaxshilanishi, uydagi xotirjam, bir tekisdagi sharoit ham hech narsani o‘zgartira olmasdi. Shubert esa musiqa yozishni to‘xtata olmasdi, uning hayot mazmuni shunda edi. Ammo ijod juda katta kuch sarflashni talab qilardi, kuch-quvvat esa kun sayin zaiflashib borardi. Kompozitor yigirma yetti yoshida do‘sti Shoberga shunday yozgan edi: “…men o‘zimni baxtsiz, dunyodagi eng ahamiyatsiz inson kabi his qilmoqdaman…”  Bu kayfiyat uning so‘nggi musiqalarida aks etdi. Vafotidan bir yil oldin “Qish yo‘li” deb atalgan qo‘shiqlar turkumini yozadi. Kompozitorning o‘zi ularni “o‘ta yomon” qo‘shiqlar derdi va ular uni qattiq charchatganligini do‘stlariga aytardi.

1828 yilda do‘stlari harakati bilan Shubert hayotligi davrida uning asarlaridan tuzilgan yagona kontsert uyushtirildi. Kontsert katta muvaffaqiyat qozondi va kompozitor bundan juda xursand bo‘ldi. Uning kelajak rejalari istiqbolli bo‘la boshladi. Sog‘lig‘iga putur yetganiga qaramay, u asar yaratishda davom etdi. Kutilmaganda Shubert terlama kasaliga chalinib qoladi. Zaiflashib qolgan sog‘lig‘i og‘ir kasallikni ko‘tara olmadi va 1828  yilning kuzida Shubert vafot etdi.

U bor-yo‘g‘i o‘ttiz bir yil umr ko‘rdi. Ammo shu qisqa hayoti davomida umrboqiy kuylar yozib, insoniyatga tuhfa eta oldi. Ayni o‘rinda, shuni ham aytish kerakki, u yaratgan 9 ta simfoniyaning birortasi ham hayotlik davrida ijro etilmagan, 600 nomdagi qo‘shiqlaridan faqat  200 ga yaqini, 20 ga yaqin fortepiano sonatalaridan  3 donasigina chop etilgan. Shubert­ning biror operasi sahnalashtirilmagan, simfoniyalarining hech biri orkestr bilan ijro etilmagan. Shuningdek, uning eng yaxshi Sakkizinchi va To‘qqizinchi simfoniyalari kompozitor vafotidan ko‘p yil o‘tgandan so‘ng topilgan. Undan qolgan mol-mulk arzimagan pulga baholandi. Ko‘plab asarlari yo‘qolib ketdi. Biroq uning qalbida tug‘ilgan navolari asrlarning torlarida yangrab kelmoqda. Bu buyuklik o‘z davrida qadriga yetilmagani bo‘lsa-da, o‘tgan vaqt uning asarlariga mangulik unvonini berdi. 

Akmal O‘tayev,

O‘zbekiston davlat Konservatoriyasi qoshidagi iqtidorli  bolalar akademik litseyi o‘qituvchisi

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son