“Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz” (Sergey Paradjanov)

Sergey Paradjanov nafaqat arman kinosining yulduzi, balki dunyo kinematografiyasining noyob hodisalaridan biridir. U yaratgan filmlar kino san’atining eng yuksak namunalari safida ardoqlanib kelinadi. Uning ijodiy yuksalishiga tug‘ma salohiyat va bilimdan tashqari, g‘oyat notekis kechgan hayoti, ko‘rgan-kechirganlari ham turtki bo‘lgani tabiiy. Rejissyorning hayoti do‘stlari aytganidek, “dedektiv filmning yorqin stsenariysi” singari kechgan. U hayoti davomida uch bora qamoqqa olingan. Ammo uning ijodkor qalbi va ruhi hamisha ozodligicha qolganki, yaratgan filmlarining zalvori buni isbot etib turadi.

Sergey Iosifovich Paradjanov 1924 yilning 9 yanvarida Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida dunyoga kelgan. Otasi antikvar buyumlar bilan shug‘ullanuvchi savdogar bo‘lganligi sababli, uning yoshligidan san’atga mehri o‘zgacha bo‘lgan. 1942 yilda Tbilisi temir yo‘l institutining qurilish fakultetiga o‘qishga kirgan, biroq, san’atga bo‘lgan mehr-muhabbati ustunlik qilib, 1943 yilda Tbilisi konservatoriyasida o‘qishni davom ettiradi. 1945 yilda Moskva konservatoriyasiga o‘qishini ko‘chirtiradi. Ammo ijodkorning e’tiborini kinematograf o‘ziga jalb etadi. Shu sababdan kasbini mutlaqo o‘zgartirishga qaror qilgan Paradjanov 1946 yilda Butunittifoq davlat kinematografiya institutida (hozirda S.Gerasimov nomidagi Umumrossiya davlat kinematografiya instituti) Igor Andreevich Savchenko rahbarligidagi guruhda o‘zini sinab ko‘radi. Aytish kerakki, Sergey Iosifovichning rejissyor sifatida o‘ziga xosligi ta’lim jarayonining boshidanoq namoyon bo‘ladi. Negaki, Paradjanov rejissyor sifatida o‘z uslubiga, aytadigan so‘ziga egaligi, milliylikni tarannum etishi, hayotga faylasufona qarashi va uni ranglar orqali ko‘rishi, palitralarga shaydoligi hamda go‘zallik yaratishga intilishi bilan kino olamiga kirib kelib, tez orada nomi tanildi.

Uning har bir kartinasi timsollar, rang, nur-soya, majozlarga boyligi bilan o‘ziga xoslik kasb etadi. Kadrlarni qo‘yishi, epizodlar joylashtirish jarayonini har taraflama o‘ylab chiqqani hamda bu elementlardan mohirona foydalana olish qobiliyati alohida tahsinga loyiq. Sababi, bunda Paradjanovning estetik didi to‘laligicha namoyon bo‘ladi. Shu o‘rinda ijodkorning go‘zallik xususida bir fikrini eslash o‘rinli: “Go‘zallikni his qilayotganing uchun badalini qon bilan to‘lash darkor. Agar shu darajaga yetsang, demak, sen hayotni falsafiy anglagan bo‘lasan”. To‘g‘ri, odamlar orasida “Go‘zallik qurbonlikni talab etadi” degan naql bor, biroq Sergey Iosifovich o‘zi aytganidek nafaqat qon bilan, balki go‘zallik uchun umri, ozodligi, salomatligi hamda erkini qurbon qilgan holda tovon to‘laydi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, bu inson har yerda go‘zallik axtargan va uni topa olgan, eng chirkin, jirkanch yerda ham qalbi nafislikka intilgan shaxsdir. Buni birgina voqea bilan isbotlash mumkin. Paradjanovni sun’iy ayblovlar bilan qamoqxonaga o‘tqazishadi, biroq shunday jamiyatdan chetlatilgan, ozod kishilar yuz o‘girgan joyda ham rejissyor har qanday arzimagan qolgan-qutgan narsalardan turli shakldagi go‘zallik namunalarini, ya’ni qo‘g‘irchoqlar, suvenirlar, kollajlar, har xil buyumlar yaratishga harakat qiladi. Paradjanov hayotining ayanchli damlarida zax, sovuq va qorong‘u kamerada o‘tirishiga qaramay, zulmatdan nur axtarishga uringan, bu kabi normal hayotdan ajratilgan eng past, tuban odamlar orasida gullarning go‘zalligini ko‘ra olgan  insondir.

Paradjanov nomi kino tarixi sahifalariga katta harflar bilan bitilgan ijodkordir. Negaki, o‘z xalqini, tarixini, udumlarini, urf-odatlarini qadrlagan, ulug‘lagan inson har taraflama yetuk shaxs hisoblanadi. Paradjanov qalbida o‘zgarish sodir bo‘lishiga bolaligidagi bir voqea sabab bo‘lgan. Ijodkor o‘zi tug‘ilib o‘sgan shahar qabristonini buzib, o‘rniga istirohat bog‘ini barpo etish to‘g‘risidagi  hukumat qaroriga guvoh bo‘lgan. Bu vaziyat yosh rejissyor ong-shuurida to‘ntarilishlar sodir etadi. Negaki, qabristonni buzish ortida butun xalq, millat tarixidan voz kechish, udumlarini, qadriyatlarini poymol qilish bo‘lgan, aslida. Tarixdan ma’lumki, madaniyatidan kechgan xalq eng zaif jamiyat hisoblanadi va har qanday salbiy ta’sirlarga beriluvchi bo‘lib qoladi. Bu voqea tufayli Paradjanov hukmronlik qilayotgan tuzumga butunlay qarshi turishga o‘zida immunitet hosil qiladi. U javobni ijodkor sifatida faqatgina o‘zi yaratgan san’at asarlari orqali bera olgan. Sobiq Ittifoq tuzumi Paradjanov shaxsida o‘ziga raqibni ko‘radi, shu sababli uni yo‘ldan yo‘qotishga urinadi. Shu o‘rinda aytish joizki, Sergey Iosifovich o‘z davrida to‘laqonli anglanmagan inson edi. Uning olami quyidagi mashhur satrni eslatib yuboradi: “Azizim, dunyoga bevaqt kelibmiz…” Shunga qaramay, rejissyor o‘zidan kelajak avlodga salmoqli meros qoldirib ketgan.

Paradjanov ijodi haqida so‘z ketganida, uning ko‘pgina filmlari orasida asosan uch mumtoz filmi yodga olinadi. Bular, “Anor rangi”, “Unutilgan ajdodlar ko‘lankasi”, “Oshiq G‘arib” filmlaridir. Yuqoridagi asarlar mavzu jihatidan bir-biridan farqlansa-da, barchasi vatanparvarlik ruhida ishlangani bilan umumiylik va o‘xshashlik kasb etadi.

“Anor rangi” kartinasi arman shoiri Sayat Nova shaxsiyati hamda ijodiga bag‘ishlangan bo‘lib, Paradjanov tahsil olayotgan paytlaridayoq bu ijodkor xususida film olishni qalbiga tugib qo‘ygan va buni oradan salkam yigirma yil o‘tib, 1966 yilda amalga oshirgan. Rejissyor filmdagi har bir kichik detallargacha alohida e’tibor qaratgan hamda Sayat Nova shaxsini, qalbidagi har bir so‘zini, iztirobini, kechinmasini yoritib berishga uringan. Uning kitobga, bilim olishga bo‘lgan mehrini, ilhombaxsh lahzalarini mohirona tasvirlab bergan. Shu bilan bir qatorda, jamiyatda shoirga bo‘lgan munosabatni, odamlarning unga bahosini ham ustalik bilan ochib bergan. Shu o‘rinda uning jiyani Georgiy Paradjanovning rejissyorga bag‘ishlagan filmida bu kartinaga bergan bahosini eslash o‘rinli: ”Bu – kitob, bu – muhabbat, bu – kechinma, bu – Sayat Nova”. Shu birgina jumlada barcha aytilmoqchi bo‘lgan gaplar ayon bo‘ladi.

Paradjanov “Unutilgan ajdodlar ko‘lankasi” filmini 1964 yilda Kiyev kinostudiyasida suratga oladi. Bu kartina Sobiq Ittifoq davridagi ilk ukrain tilidagi film bo‘lib, tarjima qilinmagan hamda shu holatda saqlanib qolgan. Negaki, ushbu san’at asari o‘zida gutsul millati an’­analarini, udumlarini, qadriyatlarini birgina Ivan va Marichka sevgisi syujet chizig‘ida aks ettirgan. Shu sababli, filmda muhitni mukammal namoyon etish uchun til masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Kadrlardagi rang-baranglik, timsollar va majozlar, urf-odatlarning  quyuq ifodasi, tomoshabin e’tiborini tortadi.

Paradjanovning “Oshiq G‘arib” kinokartinasi so‘nggi tugallangan asari hisoblanadi. Ushbu asar rus shoiri M.Yu.Lermontov talqinidagi rivoyat asosida suratga olingan bo‘lib, sevgi mavzusi o‘zgacha tasvirlangan. Rejissyor sharqona muhabbat motivlarini musiqa, ranglar, ramziylik, ozarbayjon ohanglari orqali yoritib berishga harakat qilgan. Bunda sevgi abadiyligi, oshiqlar oxir-oqibat visoliga yetishishi g‘oyasi ilgari surilgan.

Umrining so‘nggi yillarida Paradjanov “Iqrornoma” nomli stsenariy yaratadi. Bu asarida o‘z bolaligiga qaytib, ajdodlari qo‘lida vafot etishini tasvirlagan. Unda muallif “Men bolaligimda o‘lganman”, degan so‘zlarni aytib o‘tadi. Bu jumla Paradjanov ruhiyatining eng tubida yotgan o‘ylari, iztiroblari ifodasidir.

Paradjanov dunyo, xalq, vatan va qalb haqidagi barcha tasavvur va xulosalarini o‘zing shu kabi qator mualliflik filmlarida ifoda etdi. Uning kartinalarini jamiyatning ziyoli qatlami, intellektual salohiyatga ega kishilar ham to‘la-to‘kis anglay olmagan holatlar kuzatilgan. Buning sababi kino olamida odamlar o‘rgangan va tanigan yo‘ldan emas, mutlaqo o‘zi tasavvur etgan yo‘ldan borganidir.

Rejissyor butun faoliyati davomida yigirmaga yaqin tugallangan-tugallanmagan filmlar suratga olgan. Ularning barchasida rejissyorning individual uslubi, odamzot hayoti va kechinmalariga faylasufona, shoirona munosabat barq urib turadi.

Sergey Paradjanov jahon kinematografiyasida xuddiki Fellini, Kurosava, Hichkok, Tarantinolar singari o‘z uslubiga, o‘z falsafiy qarashiga ega, kino san’atiga yangi nigoh, yangi to‘lqin olib kirgan zabardast siymo bo‘lib qoldi.

Mahkam Muhammedov, O‘zbekiston Respublikasi San’at arbobi

Robiya Tursunmetova, kinoshunos

«Jahon adabiyoti» jurnali, 2018 yil, 1-son