Kamoliddin Behzod va Leonardo da Vinchi… Jahon san’ati tarixida qad rostlagan bu ikki ulkan cho‘qqiga nazar solarkansiz, inson iste’dodi aslida koinot kabi sarhadsiz, aql bovar qilmas jumboqlarga boy ekanini his etasiz. Besh asr muqaddam shunday yetuk ijodkorlarning hayot kechirgani, ularning zamondosh bo‘lganidan hayratlanmay iloj yo‘q.
Kamoliddin Behzod va Leonardo da Vinchi… Ularning har ikkisi ham o‘z davrining buyuk musavvirlari edi. Biri Sharq miniatyurasining afsonaviy ijodkori, biri G‘arb Uyg‘onish davrining yetuk mutafakkiri sifatida shuhrat qozondi. Behzod yigirma uch yoshida Hirot miniatyura maktabi yetakchisiga aylandi. O‘smir Leonardoning benazir mahoratini ko‘rgan ustozi Andrea Verrokko shogirdi o‘zidan-da yuksak mahoratga erishganini tan oldi.
Kamoliddin Behzod va Leonardo da Vinchi… Zamona ziddiyatlari, turmushning og‘ir sinovlari ularni Vatandan yiroq, jahongashtalikda hayot kechirishga majbur etdi. Har ikkisi ham turli hukmdorlar saroyida xizmat qildi, musavvir erishishi mumkin bo‘lgan eng yuksak martabalarga sazovor bo‘lishdi. Taqdir ularni uchrashtirmagan bo‘lsa-da, ijod olamidagi izlanishlar ikki buyuk musavvirni bir manzilga yetakladi.
Kamoliddin Behzod an’analari Gustav Klimt, Anri Matiss, Pablo Pikasso kabi mashhur G‘arb rassomlari ijodiga ta’sir ko‘rsatgani haqida ko‘p va xo‘b gapirilgan. Ehtimol, bu kabi qiyoslashlaru taxminlar zamirida mubolag‘a bordek tuyular. Buyuk musavvirlarning barchasida ham mushtarak jihatlarning bo‘lishi tabiiy hodisa emasmi!? Ammo bu uyg‘unlik faqatgina go‘zallikka, insoniylikka bo‘lgan umumiy intilishda aks etadi, deb o‘ylasak adashamiz. Kamoliddin Behzodga “Sharq Rafaeli” sifatida ta’rif berilishining zamirida chuqur haqiqat mavjud. XV asrda nafaqat Yevropa, balki Markaziy Osiyo san’ati ham o‘ziga xos Renessansni boshdan kechiradi. Shubhasiz, temuriylar hukmronligi davridagi bu yuksalish jahon madaniyatidan bo‘lak hodisa emasdi. Markaziy Osiyo Renessansi o‘z navbatida Yevropa Uyg‘onish davri san’atini ruhlantirgani, ular o‘rtasida o‘ziga xos muloqot yuz bergani ayni haqiqat. Shu sababli ham bu mavzuni tadqiq etgan akademik Akbar Hakimov Yevropa klassik rangtasviri Temuriylar davri san’ati bilan yagona estetik manbaga ega ekanini qayd etadi.
Xo‘sh, G‘arb va Sharq an’analari uyg‘unlashuvi Kamoliddin Behzod ijodida qanday aks etadi? Behzod va Da Vinchi ijodida chindan ham mushtarak jihatlar mavjudmi? Zamonaviy san’atshunoslar uchun bu savollarga aniq javob topish mushkul vazifa. Har ikki musavvir ham bir davrda yashagan bo‘lishiga qaramay, ular hech qachon uchrashmagan. Misol uchun o‘z ijodiy izlanishlari haqida qog‘oz qoralashni sira kanda qilmagan Leonardoning kundaliklarida Sharq musavvirlari haqida birorta qayd uchramaydi. Xususan, Hirotda ham Yevropa rangtasviridan saboq beruvchi ijodiy ustaxona faoliyat yuritmagani aniq. Shunga qaramay, Da Vinchining Sharq miniatyurasidan xabardor bo‘lgani, Behzodning Yevropa portret san’ati asoslarini mukammal bilganini qanday izohlash mumkin?
Shu o‘rinda qiziq bir tarixiy voqea e’tiborimizni tortadi. XV asr oxirida Hirot hukmdori Husayn Boyqaro saroyiga usmonli turklar davlatining elchilari tashrif buyurishadi. Elchilar taqdim etgan sovg‘a-salomlar orasida venetsiyalik mashhur rassom, Jentile Bellini qalamiga mansub kartinalar ham bor edi. Italiya Uyg‘onish davrining yirik ijodkorlaridan biri bo‘lgan rassom asarlari temuriylar hukmdoriga tasodifan taqdim etilmagandi, albatta.
Anqara jangidagi mag‘lubiyatdan so‘ng yarim asr o‘tib, usmonlilar nihoyat, Vizantiya poytaxti Konstantinopolni egallashga muvaffaq bo‘lishadi. O‘z mamlakatining madaniy nufuzini yuksaltirishni maqsad qilgan sulton Mexmed II saroyiga yevropalik ijodkorlarni ham taklif etadi. 1479 yili Venetsiya elchilari tarkibida Konstantinopolga yo‘l olgan Jentile Bellini bir qancha vaqt davomida turk sultoni saroyida ijod qiladi. Hozir London milliy galereyasida saqlanayotgan mashhur “Mexmed II” (1480) portreti ham shu davrda chizilgan. Ijodiy safar chog‘ida Bellini Italiya Renessansi va Sharq miniatyurasi an’analari uyg‘unligida ko‘pgina asarlar yaratishga erishadi. Tabiiyki, bu ijod namunalari usmonlilar saroyida yuksak e’tirofga sazovor bo‘ladi.
XV asr oxirlarida Hirot miniatyura maktabining yuksalishi turk sultonlarini ham befarq qoldirmaydi. O‘z mamlakatining madaniy salohiyatini namoyish etishni maqsad qilgan Boyazid II Hirotga venetsiyalik rassom yaratgan sara kartinalar to‘plamini jo‘natadi. Turk sultoni aslida bu orqali Hirot hukmdori bilan o‘ziga xos musobaqa uyushtirishni maqsad qilgan edi. Bu chorlovni qabul qilgan Husayn Boyqaro yangi miniatyura asarlari yaratishni Kamoliddin Behzodga topshiradi. Yevropa rangtasvir an’analari Behzodda katta qiziqish uyg‘otadi. U qisqa vaqt ichida Bellini asarlari asosida Uyg‘onish davri rangtasviri an’analarini o‘rganishga erishadi. Bu izlanishlar natijasida tasviriy san’at tarixida hali uchramagan, mutlaqo yangi uslubdagi portretlar turkumi dunyoga keladi. Hirotlik musavvir ularda Sharq miniatyurasi va Renessans rangtasviri an’analarini uyg‘unlashtirishga erishadi. Akademik Akbar Hakimov ushbu hodisaga baho berar ekan, Yevropa klassik san’ati tamoyillari Behzod tomonidan hayratlanarli darajada muvaffaqiyat bilan o‘zlashtirilganini alohida ta’kidlaydi.
Ushbu turkumdan o‘rin olgan asarlar orasida, ayniqsa, “Bag‘dodlik darvesh” portreti mutaxassislarda qiziqish uyg‘otishi bejiz emas. Behzodga xos yuksak nafislikda ishlangan asarning obrazli yechimi Sharq miniatyurasida mavjud an’anaviy portret kontseptsiyasidan butunlay farq qiladi. Asarda darvesh siymosi o‘ziga xos bo‘shliqda aks ettiriladi. Orqa fondagi manzaradan voz kechish orqali musavvir tomoshabinlar e’tiborini darvesh obrazida jamlashga harakat qiladi. So‘fiyona qatralar, tilla tusli naqsh ham tomoshabinni chalg‘itmaydi.
Darvesh siymosi realistik san’atga xos tabiiyligi bilan ajralib turadi. Uning libosi haqqoniy aniqlikda tasvirlanib, har bir buramayu chokka alohida e’tibor berilgan. Qahramonning chuqur mazmunli nigohida tomoshabinni o‘ziga rom etuvchi sirli bir kuch bor. Musavvir aslida darveshning botiniy olamini ifodalashni maqsad qilganini his etasiz. Hayot lazzatlariyu kundalik tashvishlardan ozod bu inson nima haqida o‘y surayotganini bilish istagi tug‘iladi odamda. Darveshning sirli nigohi aynan tomoshabinga qaratilgan. U go‘yo bizga nimadir aytmoqchi, qaqragan lablarida qandaydir kalima yashirin. Darvesh siymosida go‘yo so‘fiyona donishmandlik, aks etib turgandek.
Buni qarangki, “Bag‘dodlik darvesh” portreti bilan deyarli bir davrda Leonardo da Vinchining mashhur “Mona Liza” (1503-1505) asari ham dunyoga keladi. Xo‘sh ularning yaratilishi o‘rtasida qanday bog‘liqlik mavjud? Bu savol ko‘pgina mutaxassislarni o‘ylantirib kelayotgan jumboqlardan biri. Zero, “Bag‘dodlik darvesh” va “Mona Liza” asarlariga nazar tashlasangiz ularda nafaqat shakliy, balki g‘oyaviy uyg‘unlik ham mavjudligi yaqqol seziladi.
Avvalo, darveshning hokisor qo‘llari e’tiborimizni jalb etadi. Shu damdayoq “Mona Liza”da aks etgan aslzoda ayolning nafis qo‘llari holatini yodga olamiz. Arzimas jihat bo‘lib tuyulgan bu o‘xshashlik zamirida Behzod izlanishlari naqadar keng ko‘lamni qamrab olishi ma’lum bo‘ladi. Qanchalik mushkul bo‘lmasin, musavvir Yevropa portretidagi shaxs kontseptsiyasini Sharq miniatyurasida qo‘llashga harakat qiladi. Da Vinchi singari Behzod ham qahramonining murakkab ruhiy olamini ochib berishni istaydi. Darvesh siymosi qarshisida zamon, makon tushunchalari o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Musavvir cheksiz bo‘shliq qa’ridagi inson ruhiy olamining naqadar sirli ekanini, uni anglash uchun tafakkur salohiyati bilan bir qatorda muhabbatga, insoniylikkka to‘la qalb nigohi zarurligini ta’kidlaydi.
Yuqoridagi faylasufona yondashuv “Mona Liza” portretida ham idrok etiladi. Taqdirning og‘ir sinovlariga duch kelgan ayol qiyofasi Renessans davrida keng tarqalgan antik davr ma’budalar siymosida aks ettirilmaydi. Da Vinchi ijodiga xos yuksak gumanizm “Mona Liza” chehrasida quyosh misol barq uradi. Ha, bu portretni yaratish uchun shunchaki surat chiza bilishning o‘zi yetarli emas. Chinakam ruhshunosgina bunday nozik hissiyotlarni anglay oladi, buyuk musavvirgina ularni oq matoda aks ettirishga qodir. “Mona Liza” siymosiga yana nazar solamiz… “Bag‘dodlik darvesh” singari uning nigohi ham sir-sinoatga to‘la. Ayolning ma’noli nigohi tomoshabinga qaragan. Yuzidagi bu ifoda nim tabassummi yoki iztirob? Tomoshabin uchun bu mavhum bo‘lib qolaveradi. Nazarimizda, kartinaning ta’sir kuchi ham aslida shunda.
“Bag‘dodlik darvesh” va “Mona Liza”… Bu ikki portretni yaratishga undagan ilhom kuylari bir sozdan taralgan emasmi!? Agar shunday bo‘lsa, bu sozning sohibi kim edi? Da Vinchimi yoki Kamoliddin Behzod? Bu jumboqning yechimini topishning iloji bo‘lmasa-da, har ikki portretga nazar solganimiz sari yangi savollar tug‘ilaveradi. Darvoqe, “Bag‘dodlik darvesh” “Mona Liza”dan bir necha yil avval yaratilganini ham unutmaslik lozim. Behzod italiyalik mutafakkirning besh asrdan buyon san’at ixlosmandlarini hayratga solib kelayotgan o‘sha mashhur sirini ham birinchi bo‘lib kashf etgan bo‘lsa ajab emas. Har ikki asarda qo‘llangan nur va soya texnikasi, ranglar zalvori naqadar o‘xshash. Mazkur uyg‘unlikni asarlarning umumiy kompozitsiyasida ko‘rish mumkin. Shakl va mazmun uyg‘unligi… Tasviriy san’at ijodkori erishishga qodir bo‘lgan eng yuksak cho‘qqi shu emasmi aslida!
“Bag‘dodlik darvesh” va “Mona Liza”… Bu portretlar ikki buyuk musavvir ijodidagi mushtaraklikka bir misol xolos. Behzod yaratgan portretlarni o‘rganishda davom etarkanmiz, Sharq miniatyurasi G‘arb rassomlari ijodiga ham kuchli ta’sir ko‘rsatganiga guvoh bo‘lamiz. Behzod G‘arb klassiklariga shunchaki taqlid qilgani yo‘q. U miniatyura va Renessans an’analarini yangi shakl va mazmunda anglashga intildi. Buning yorqin isbotini “Rassom portreti”da (1487) ham ko‘rish mumkin. Ushbu portret Jentile Bellinining “Xattot” (1479-1480) asariga shu qadar o‘xshashki, bu uyg‘unlik shunchaki tasodif emasligi sezasiz. Bellini ham ikki maktab an’analarini birlashtirish yo‘llarini izlaydi. “Xattot” Sharq miniatyurasiga xos nafis uslubda ishlangan bo‘lib, unda Renessans portretiga xos an’analar ham yorqin aks etadi. Har ikki portretni bir-biri bilan solishtirar ekanmiz, Kamoliddin Behzod naqadar yuksak mahorat egasi bo‘lganiga ishonch hosil qilamiz. Yevropa rangtasvir an’analarini chuqur anglagan musavvir qahramon obrazini Bellini singari aniqlikda tasvirlaydi va shu bilan birga, asarda miniatyuraga xos poetikani saqlab qolishga erishadi.
G‘arb va Sharq musavvirlari ijodida mavjud bunday ijodiy uyg‘unliklar har qanday san’at ixlosmandini hayratga solishi shubhasiz. Zero, uzoq yillar davomida fanda Yevropa Renessansi antik davr madaniyati ta’sirida rivojlangan, degan qarash hukmron edi. Ammo so‘nggi tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bu jarayonda Sharq san’atining ham salmoqli o‘rni bor. Demak, Yevropa Renessansi ham Sharq san’atiga o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatganini inkor etmaslik lozim. Mazkur jarayon ijodiy an’analarning shunchaki o‘zlashtirilishi emas, balki keng ma’nodagi ijodiy muloqot ko‘rinishida kechdi.
Taajjubki, G‘arb va Sharq san’ati haqida so‘z borganda hanuzgacha biri-biridan yiroq va qarama-qarshi ijodiy jarayonlarni tushunish davom etmoqda. Vaholanki, bu uzoq yillar davomida qolipga aylanib ulgurgan yuzaki yondashuv xolos. Kamoliddin Behzod va Leonardo da Vinchi ijodiga nazar solar ekanmiz, Sharq va G‘arb san’atining muloqoti afsona emas, balki real hodisa ekaniga guvoh bo‘lamiz. Ha, bu musavvirlarning har ikkisi ulkan bir olam. Ular bosib o‘tgan ijod yo‘li esa aslida san’at deb ataluvchi sarhadsiz ummonda birlashuvchi ikki daryodir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 24-son