2005 yili Sankt-Peterburg shahrida yarimo‘tkazgichlar fizikasi muammolariga bag‘ishlangan 6-Butunrossiya ilmiykonferentsiyasida ikki ma’ruzam bilan qatnashdim. Oradan ko‘p o‘tmay, mazkur konferentsiyadagi ma’ruzalarim matni bilan tanishgan chog‘i, AQSh olimlaridan Denver, Yaponiya olimlaridan esa Osaka shahrida bo‘lib o‘tajak anjumanlarga taklifnoma oldim.
Denver konferentsiyasi sabab AQSh zaminiga qadam qo‘ydim. Ilmiy mashvarat tugagach, Nyu Yorkka uchdim. Aeroportda meni sobiq kursdoshim Farid Maqsudov kutib oldi. Ikki do‘st yana diydorlashib turganimizdan g‘oyat shod edik. Farid aka menga avval shaharni tomosha qildirdi, so‘ng “Bir amerikalik qadrdonim bor. Ismi – Rabay Kleyn. Uning Xaym degan o‘ttiz yasharlar o‘g‘li bor. Xaymga matematika va fizikadan dars berganman. Ko‘pdan beri Rabay meni dalahovlisiga taklif etadi. Mana, hamroh ham topildi, o‘sha yerga borib, birga hordiq chiqaramiz”, deb qoldi. Toshkentga shoshib turgan bo‘lsam-da, do‘stimning yuzidan o‘ta olmadim – taklifiga rozi bo‘ldim.
Xaym bizni dalahovliga mashinasida eltib qo‘ydi. Dalahovli deganlari 100 gektardan mo‘lroq o‘rmonzor, sara daraxtlar tig‘iz o‘sgan xushmanzara bir go‘sha ekan. Uch-to‘rt kun o‘tgach, bekorchilikdan zerika boshladik. Qarasam, atrof-javonibdagi daraxtlar ostini xazon qoplabdi. “Keling, hech bo‘lmasa shularni yig‘ib, o‘zimizni ovutaylik”, deya taklif kiritdim. Xaskashlar ham topila qoldi. Farid aka oshga unnab ketdi. Men esa xazon to‘play boshladim. Tanam qizib, kayfiyatim ko‘tarildi. Bir oz chanqagandek bo‘ldim. Qani bir piyola choy bo‘lsa. Oshxona ancha uzoq – borishga erindim. Tevarakka xayolchan nazar soldim. Qulog‘imga maqom sasi urilgandek bo‘ldi. Shu payt qarshimdagi uch daraxt e’tiborimni tortdi. Ulardan biri – g‘oyat ulkan, boshqasi – ancha kichik bo‘lib, kichigi ulkani tomon egilib o‘sgan va o‘n-o‘n besh gaz yuqorida unga suyanib, o‘sishda davom etgan edi. Erta ko‘klam bo‘lsa-da, bu ikki daraxt kurtak tugmagan, shu bois qurib qolganov degan xayolga ham bordim. Uchinchi daraxt esa ikkovining o‘rtasidan o‘sib chiqqan, tanasi ancha yo‘g‘on tortgan, kurtaklari ham bo‘rtib qolgandi. Shu uch daraxtga boqib turib, xayolim bolalik davrimga, qulupnay egatlariga ketdi…
O‘tgan asrning 50-yillari adog‘i. Men u kezlar 11 yashar bola edim. Hovlimizda qulupnayzor bo‘lardi. Qulupnayni parvarish qilish, hosilini yig‘ib olish, barglarini o‘rib tashlash qo‘limdan kelar edi-yu, lekin dadam harchand o‘rgatsa ham egat olib, kelgusi yilga hozirlashni uddalayolmasdim. Dadamning o‘zi esa sog‘lig‘i yomonlashib, og‘ir ishga yaramay qolgan edi. Xullas, dadam qulupnayga egat olishga mardikor yolladi.
Mardikor oq yaktak kiygan, beliga qiyiq bog‘lagan, boshiga do‘ppi qo‘ndirgan, kalta mosh-guruch soqolli norg‘ul odam bo‘lib, bir qo‘lida ketmon tutib, bir qo‘lida to‘rt-besh yashar qizalog‘ini yetaklab kirib keldi. Mardikorning ismi Qodir buva, qizaloqning ismi esa Zarifa ekan. Qodir buva bir maromda ketmon chopar, namozini ham kanda qilmas edi. Qizaloq esa singillarimga qo‘shilib qo‘g‘irchoq o‘ynamas, paykal boshiga o‘tirib olib, ikki tirsagini iyagiga tiragancha, ketmondan ko‘zini uzmasdi. Ular shom tushganda oyim pishirgan taomdan yeyishdi-da, yotoqlariga yo‘l olishdi. Dadamning aytishicha, Qodir buvaning uy-joyi yo‘q, Zarifa esa qariganda topgan yolg‘izi bo‘lib, ota-bola sovxozning qaysidir brigadasi shiyponida bir oydan beri yotib yurishar emish.
Ertasiga Qodir buva piyolaga ko‘k choy to‘ldirib, birrov nafas rostlashga o‘tirganida “Siz qamalganmisiz? Dadam aytdilar”, deb so‘radim. Qodir buva savolimni eshitmadi chog‘i piyoladagi choyni simirib, choynakdan yana to‘ldirib quydi-da, bir kesak ustiga qo‘yib, ketmon tig‘ini avval tesha bilan rostladi, so‘ng hafsala bilan egovlashga kirishdi. Men savolimni qaytarib o‘tirmadim-da, qulupnay egatlarida qolgan yakkam-dukkam o‘tlarni o‘roqda o‘rgan bo‘lib yuraverdim. Qodir buva ishimni kuzatib turgan, shekilli, ketmonini egovlab bo‘lgach, menga “Qani, o‘rog‘ingni keltirchi, o‘tni o‘rmayapti, yulyapti-ku!” dedi. O‘rog‘imni qo‘liga olgach, “Bu – o‘ris o‘roq, uni “serp” deyishadi. Bizniki boshqacha bo‘ladi. Serpda mayda tish bo‘ladi. Bizning o‘roqda esa tish yo‘q. Bu o‘rog‘ingning tishi yeyilib ado bo‘pti. Egov solmasang, o‘tni yuladi, xolos. Sidirilib ketib, qo‘lingni tilishi ham mumkin”, dediyu uni ham egovlay boshladi. Shu orada qo‘qqis “Qorateginni eshitganmisan?” deb so‘rab qoldi. Men “U nima, o‘roqmi?” degan edim, kulib yubordi. So‘ng “Qishloqning nomi, men tug‘ilgan qishloq… Hozir Tojikistonga qaraydi. Tojik, o‘zbek aralash yashaydi”, deb tushuntirdi ortidan bir xo‘rsinib qo‘yib. Qorateginni sendek ekanimda tashlab chiqqanmiz, deya hikoyasini boshladi. Oilamiz avvaliga Poshota degan yerda qo‘nim topdi. Poshota – Qirg‘izistonda taniqli maskan. Balki eshitgandirsan, shunaqa avliyo o‘tgan”, deb menga bir qarab qo‘ydi-da, javobimni ham kutmay davom etdi, “Men Poshota qabrini otam bilan ziyorat qilganman. Mozor baland tog‘ etagida. Bir gal qattiq yer qimirlaganda, balki Andijon zilzilasidadir, tog‘ tepasidan 20 tuya kattaligida harsang yumalab, Poshota qabriga yetganda taqa-taq to‘xtagan ekan. Men o‘sha toshni aylanib ko‘rganman. Ustiga chiqmoqchi ham edim-u, lekin qo‘limdan kelmadi – balandlik qildi.” Shu so‘zlarni aytib Qodir buva piyoladagi choyni sipqordi-da, yana o‘roqni egovlashga unnab ketdi.
Qodir buvaning hikoyasi meni qiziqtirib qo‘ygan, bir maromda bosiq so‘zlashi esa o‘ziga rom etgan edi. “Qani edi o‘qituvchilarimiz ham darsni shunaqa qiziq o‘tsa. Darsda hech kim to‘polon qilmas edi”, degan fikr o‘tdi xayolimdan. O‘sha yili o‘qituvchimiz Habiba opa uzoq vaqt kasal bo‘lib yotib qoldi. Ba’zan uning darslarini boshqa muallim o‘tar, ba’zan esa biz – 16 nafar o‘quvchi bo‘sh qolar edik. Shunda Chavandoz degan, uni Chovar deb atardik, sinfdoshimizni doskaga chiqarib qo‘yardik-da, buvisidan eshitgan ertaklarini miriqib tinglardik. Chavandoz shu qadar kiftini keltirib ertak so‘ylardiki, hanuz o‘sha cho‘pchaklarni qo‘msayman. Chovarning ota-onasi hayotdan barvaqt ko‘z yumgan, buvisining qo‘lida qolgan edi boyoqish…
“Poshotada qimiz serob bo‘ladi. U yerdagidek o‘tkir qimizni boshqa joyda ichmadim. Tezoqar katta soyi ham bor. O‘sha soy bir kelinni oqizib ketgan, uni qutqaraman deb suvga sakragan qaynotasi ham cho‘kib ketgan. Qaynota kelini bilan nabirasini sayrga olib chiqqan ekan-da o‘shanda”, deb Qodir buva o‘roq egovlashni tamomladi. So‘ng o‘rog‘u egovni chetga qo‘yib, mudrabgina o‘tirgan Zarifani bag‘riga oldi. Qizcha otasining issiq bag‘rida uxladi-qoldi. Qodir buva Zarifaning yuzidan asta o‘pib, hikoyasini davom ettirdi: “Eh-he, biz Qorategindan ko‘chgan kezlar Oqposhsho zamoni edi. Otam ulfatlari bilan choyxonada gurunglashib o‘tirsa, zolimligi bilan nom chiqargan mingboshi kirib qolibdi. Ulfatlar darrov uni davra to‘riga olishibdi. Mingboshi esa dabdurustdan “Poshsho-vazir o‘ynaymiz, gugurtni qo‘lga olinglar!” – deb buyurib qolibdi. Otam “Yo‘q, men o‘ynamayman”, desa ham majbur qilibdi. Birinchi gal gugurt tashlanganda, mingboshiga shoh tushib, otamga o‘g‘ri chiqibdi. “O‘g‘rining soqol-mo‘ylabini qirtishlab, o‘n darra uring”, deb farmon beribdi mingboshi. O‘zi esa yostiqqa yonboshlab, farmon “ijro”sini mamnun tomosha qilibdi. Keyingi bor gugurt tashlanganda esa otamga shoh, mingboshiga o‘g‘ri tushibdi. Otam ham “O‘g‘rining soqol-mo‘ylabini qirtishlab, o‘n darra uring” deb farmon beribdi. Mingboshi “Nimalar deyapsan o‘zi, men mingboshi bo‘lsam, bu holimni ko‘rganlar “Mingboshi bachcha bo‘lib qolibdi” demaydimi, deya zorlanishga tushibdi. Biroq otamning qaysarligi tutib, so‘zida qattiq turib olibdi. Qorategin yigitlari epchil bo‘ladi – bir zumda mingboshining iyagini yaltiratib qo‘yibdi. Shunda otam “Men shoh-u, siz fuqaro bo‘lsangiz, eshiting, bundan buyon Qorateginda bu o‘yin taqiqlansin. Kimki o‘ynasa, yuz darra urilib, xalq ichida sazoyi etilsin, ming tilla jarima solinsin”, deb turib chiqib ketibdi. Axir, otamga yana o‘g‘ri, mingboshiga poshsho tushsa, u otamni o‘limga buyurib yuborishi hech gap emas ekan-da.
Shu voqeadan ko‘p o‘tmay Qorategindan ko‘chib ketdik. Mingboshi hech alamidan chiqolmas, qayerga ko‘chsak, daragimizni topar, o‘yinni davom ettirishga qistardi. Otam esa buning oqibatidan qo‘rqib, bizni yana pinhona boshqa joyga ko‘chirardi. Bu orada bolshevik, bosmachi degan gaplar chiqdi, biz esa hanuz aravada qishloqma-qishloq kezardik. Oxiri sargardonlik bizni Mirzacho‘lga yetaklab keldi…”
“Nochorlik orqasida dadam besh yashar ukam Habibilloni bir boyga dastyorlikka berib yubordi, – deya hikoyasini davom ettirdi Qodir buva. – Ertasi kuni tongda ukam boyning uyidan qochib keldi. Dadam bilan tog‘am harchand kuyib-pishmasin, ukam “Boynikiga bormayman!” deb yig‘lab turib oldi. Shunda tog‘am g‘azablanib “Harqalay non tilagan bir og‘iz kamayardi boynikida yursang, haliyam bo‘lsa yo‘qol o‘shanikiga!” deb Habibilloning kuragiga musht tushirgan edi, ukam qon qusib yubordi. Onam “Voy, sho‘rim qurib qoldi menginani!” deb ukamni mahkam bag‘riga bosdi. Ukam boynikiga qaytmadi-yu, biroq uch kun deganda… bu olamni tark etdi. Bu voqea yuragimda bitmas yara bo‘lib qolgan…”
Bir xira pashsha hadeb Zarifaning yuziga qo‘nar, Qodir buva uni harchand quvsa-da, baribir, qaytib kelaverardi. Nihoyat, Zarifa uyg‘onib ketdiyu ichishga suv so‘radi. Qodir buva menga imo qilgan edi, darrov piyolaga choy quyib uzatdim. Endi Zarifaning uyqusi batamom qochgan edi. U o‘rnidan turib, kapalak quvib ketdi. Qodir buva ham ketmonining zehiga ko‘z tashlab olib, “Yo pirim!” deb o‘rnidan turdi-da, qulupnay chopig‘iga unnadi. Men esa o‘roqda o‘t o‘rgan bo‘lib Qodir buvaning atrofida o‘ralashib yurdim. Biroq Qodir buva shu kuni hikoyasini davom ettirmadi. Men ham garchi eshitishni juda-juda xohlasam-da, boyagi xira pashshaga o‘xshagim kelmadi.
Ertasiga yana mavridini topib Qodir buvani gapga soldim. “Hozirgilar ham o‘zini ovchiman deb yuribdi, – deb gap boshladi Qodir buva nafas rostlash uchun pushta chetiga o‘tirib, Zarifani tizzasiga olgach. – Tunda mashinasi chirog‘ini yoqib olib, kiyikni tinkasi quriguncha dashtma-dasht, cho‘lma-cho‘l quvishadi. Jonivor qocha-qocha oxiri toliqib, mashina yetib olishiga ko‘nadi. Ana endi, merganlikka ham hojat yo‘q. Tepkini bossangiz bas, kiyik tipirchilab yotibdi-da! Vaholanki, kiyikni jabrlamay otish kerak. Qo‘y-mol so‘ysang, tashna ketmasin deb, suv tutib ko‘rasan. Kiyik mashinada quvilsa, og‘zi qurib, o‘pkasi shishar, axir. Ovchi degani berahm bo‘lmasligi kerak. Merganlik hadisini olmaguncha ovchilik qilmagan ma’qul. Otgan o‘qing tegsa-yu, jonivor o‘lmasa – na u yoqli, na bu yoqli…” Hikoya shu yerga yetganda “Qodir buva, kiyikni nega tunda mashinada ovlashadi?” deb savol tashlab qo‘ydim. “Mashinaning bir chirog‘i bor – uzoqni yoritadi. Shu chiroq yorug‘idan tashqarisi kiyikka baland qora devor bo‘lib ko‘rinadi. Shu soddaligi uni nomard ovchi qo‘lida halok qiladi.”
“Yoshligimda uchib ketayotgan g‘ozning ko‘zini nishonga olib, kamonda bexato urib tushirar edim, – deb hikoyasida davom etdi Qodir buva. – Bir kuni g‘aroyib tush ko‘rdim: bir turnani urib tushirib, kallasini chelakdan osiltirib ketayotsam, tepamda boshqa turna aylanib uchayotir. Uni ham otib olsammi, deb turgan edim, osmondagi turna tilga kirib, chelakdagi birodariga qarata bo‘zlab qoldi: “Ey birodarim, olamga sen oldin kelding, men esa keyin. Har narsada navbat oldin senga bo‘ldi, so‘ngra menga. Ota-onamiz yemishni ham avval sening og‘zingga solar, so‘ngra menga tutardi. Sen oldin uchirma bo‘lding, so‘ngra men. Sen oldin oila qurding, so‘ngra men. Sen oldin polaponli bo‘lding, so‘ngra men. Mana, ovchining o‘qi ham mendan oldin seni qulatdi. Hech qursa, shunda birinchilikni menga bermading-a? Shu ham birodarlik bo‘ldimi, jonim akam!” U shunday deb qon yig‘lar, ko‘zyoshlari yuzimga quyilar edi. Seskanib uyg‘onib ketdimu bir necha kun o‘zimga kelolmay yurdim. Shundan so‘ng qush ovlashni tark etdim. To‘qayda chayla tikladim-da, yovvoyi hayvonlarni ovlashga kirishdim. Kundan kunga kuchga to‘lar, mergan ovchi, yana epchil chavandozu bilagi zo‘r polvon bo‘lib qolgan edim…
Yigitlik fasliga kirganimda Habibullo ukam nega boyning uyiga qaytmayman deb oyoq tirab turib olganini tushundim. Jirkanch bir ablahlik sodir bo‘lganini ko‘z oldimdan ketkaza olmay kuyardim. Bir kuni payt poylab ovloq yerda o‘sha boyni tutib oldim-da, qon qusgunicha do‘pposladim. Odamlar kelib qolib, hayhaylab ajratmasa, naq o‘ldirardim. O‘shanda meni 25 yilga qamatib yuborishdi. Qamoqdan chiqib boy hali ham tirikligini eshitdim, lekin ko‘zi ko‘r bo‘lib, kalovlanib qolibdi. Xudo jazosini beribdi-ku, deya o‘zimga tasalli bergan bo‘ldim.”
Qodir buvaning hikoyasini shu kuni ishdan barvaqt qaytgan dadamning “Assalomu alaykum, hormanglar” degan so‘zlari uzib qo‘ydi. Qodir buva astoydil alik olib, dadam bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Dadam menga ishora qilib, “Qalay bizning Michurin o‘g‘limiz? Qulupnay chopig‘ini o‘rganib oldimi?” deb boshimni silab qo‘ydi. Men kattalar yonidan ketib, o‘roqni ishga soldim-u, ko‘z qirida kuzata boshladim. Ular bir oz suhbatlashib turishgach, dadam cho‘ntagidan pul chiqarib, Qodir buvaga uzatdi. U kishi rahmat aytib pulni oldi-da, belbog‘iga tugib qo‘ydi. Dadamning “Maktab direktori bilan gaplashdim. Qorovul qilib ishga olishga rozi. Omborxonaga yondosh bir xonani ham ko‘rsatdi. Menimcha, o‘sha yerda qishlasa bo‘ladi. Bir temir pechka qurib beramiz deb va’da berdi” degan gaplari qulog‘imga chalindi. Dadamning “Odamlarga qo‘lim bilan ko‘p berolmadim, lekin yo‘lim bilan ko‘p berdim”, degan so‘zi meni butun hayot yo‘limda savob sari chorlab turadi.
Shu kuni oyim kechki ovqatni barvaqtroq pishirdi. Qodir buva ham qizalog‘i bilan yotog‘iga ertaroq jo‘nadi. Kun botishiga hali bir oz bor: men ham g‘ildiragimni simga solib g‘ildiratgancha ularga ergashdim. Ko‘chani kesib o‘tgach, o‘ng tarafga qayrildik. Sal narida sartaroshxona bor. Qodir buva uning eshigidan mo‘ralab, sartarosh bandligini ko‘rdi-da, menga qizini tayinlab o‘zi qayergadir ketdi. Zarifaga g‘ildiragimni maqtab turgan edim, Qodir buva qo‘lida tuguncha bilan qaytib, men bilan qiziga muzqaymoq uzatdi. Biz muzqaymoqni yeb bo‘lguncha, sartarosh Qodir buvaning sochini qirtishlab, soqol-mo‘ylabini ham kuzab qo‘ydi. Qodir buva Zarifaning sochini ustaga taratib olib, menikiga tikilibroq qaragan edi, sartaroshxonadan qochib chiqib, nariroqqa borib turdim. Qodir buva menga “Ha, qochqoq!” deb yolg‘ondan po‘pisa qildi-da, “Bu yog‘iga ham biz bilan borasanmi?” degandek ma’noli qaradi. So‘ng soqolini bir silab olib, Pochta bekati sari yo‘l oldi.
Tolariqdan o‘tayotganimizda, “Shu suv bo‘yidagi shiyponda bizning “qarorgoh”, borib ko‘rmoqchimisan deyman?” deya menga yana bir qarab qo‘ydi. “Bu ariqni necha marta boshdan-oyoq ketmon bilan chopganman. Shunday qilib turmasa sayoz tortib qoladi-da. Axir, vodiylikman-da, qorateginliklar ham vodiylik hisoblanadi. Vodiyda Beshariq, Oltiariq degan joylar bor. Birgina ariqning ham farqi bor, shekilli, oltiariqliklarning oshig‘i doim olchi, hosili – mo‘l. Beshariqliklarda esa goh undoq, goh bundoq. Yoki beshariqliklarning mirobi chatoqroqmikan-a? Mirob adolatli bo‘lsa, ishini puxta bilsa, dehqonning omadi keldi, deyaver. G‘ildiragingni bir pas qo‘lingga ol, bir mirobboshi haqida so‘zlab beraman, qulog‘ingga kirib qolgani – foyda. Mana, xalqimizni ayollarni qadrlamaydi, kamsitadi, deyishadi. Hech ham unday emas-da. Vodiyda bir mirobboshi bo‘lgan ekan. Xotini unga shu qadar mehribon ekanki, eri qayga borsa ortidan qolmas, oq yuvib-oq tarar ekan. Ayolning ismi Xolbibi ekan.” Qodir buva hikoya shu yerga yetganda meni savolga tutib qoldi: “Sen o‘qiydigan tarix darsliklarida Xolbibi haqida yozilganmi o‘zi? Bilasanmi shunday ayol o‘tganini?” Men qanday javob berishni bilmay goh Qodir buvaga, goh o‘tkinchi mashinalarga qaradim. Shu payt qo‘limdagi g‘ildirak yerga tushib, Tolariqqa yumalab ketsa bo‘ladimi. Qodir buva keksayib qolgan bo‘lsa-da, epchillik qilib g‘ildirakni ushlab qoldi. So‘ng “Zinhor bo‘shanglik qilma. Oz qoldi-ya g‘ildirakdan ajrashingga. Suvga tushib ketsa, olib chiqarmiding”, deb tanbeh berdi. Ortidan “Odam o‘z buyumini hushyor asrashi kerak, – deb qo‘shib qo‘ydi salmoq bilan. – Xuddi shunga o‘xshab ota-ona, aka-uka, opa-singil, do‘st-yorlarni ham… Aks holda ulardan ham qo‘qqis ajrab qolish hech gap emas. Xolbibi ham o‘sha mirobni asragan-da. Biroq qismatdan qochib qutulib bo‘lmas ekan. Vaqt-soati yetib o‘sha bosh mirob vafot etibdi. Shunda xon barcha miroblarni saroyga to‘plab mashvarat o‘tkazibdi: xo‘sh, kim bo‘ladi yangi mirobboshi? Beva Xolbibi ham erkakcha kiyinib xon saroyiga kiribdi. U mashvaratda nainki ishtirok etibdi, barcha miroblardan bilimdon va ziyrakligini ham namoyish qilibdi. Erining ortidan izma-iz ergashib, ko‘zi obdon pishgan ekan-da. Shunda xon uni mirobboshi qilib tayinlashga farmoni oliy beribdi. Uning erkak emas, ayolligi ma’lum bo‘lganda ham xon farmonini bekor qilmabdi. Bizda bugun mirobboshi lavozimini suv xo‘jaligi ministri deyishadi, shundaymi?” Men Qodir buvaning bu savoliga javoban yelka qisib qo‘yaqoldim.
“Qani, Uvaysiyning “Anor” she’rini bir aytib ber-chi”, deb qolsa bo‘ladimi Qodir buva xiyol vaqt o‘tib. Bu paytda biz Pochta bekatidagi chorrahadan chap tarafdagi ko‘chaga burilayotgan edik. O‘zimni Qodir buvaning savolini eshitmaganga oldim-da, orqamga o‘girilib, ko‘chaning u yuzida tuzlangan bodring sotib o‘tiradigan ikki oyog‘i yo‘q o‘ris kampirni izlay boshladim. Kampir bugun negadir ko‘rinmasdi. Shunda Qodir buva “Sengayam yoqarkan-da, kampir tuzlagan bodring? Juda qoyillatadi-da o‘ziyam”, dedi zavq bilan. So‘ng birdan xomush tortib bosh chayqadi: “Urushda ikki oyog‘idan ajrab qolgan ekan bechora. Hamshira bo‘lib besh yil qon kechib, ertaga urush tugaydi degan kuni ikki oyog‘idan ajrab tursa-ya! Kampir bilan uzoq-uzoq hasratlashganman. Ko‘ksi to‘la orden-medal bo‘lsa-da, shu tuzlangan bodring kuniga yaragan. Eri, yolg‘iz o‘g‘li urushda halok bo‘lgan. Toshkentga mehri bo‘lakcha ekan uning. Urushdan yana shu shaharga qaytibdi. Bir kulbada tanho umr o‘tkazyapti ekan. Yozi bilan uch-to‘rt bochka bodring tuzlaydi. So‘ng har kuni oz-oz pullab noniga yaratadi. Uch-to‘rt kun bo‘ldi – ko‘rinmay qoldi. Tobi qochdimikan, qaydam. Hay, mayli. Qani g‘ildiragingni menga ber-chi. Bu – uch oyoqli velosipedning old g‘ildiragi ekan. G‘ildiratishga mohir ekansan-u, lekin she’r bilmasliging chatoq. Qani Zarifa, she’r aytish qanaqa bo‘lishini akangga bir ko‘rsatib qo‘y-chi!” Qodir buva shunday deb, qizalog‘ining boshini silab menga yuzma-yuz qildi. Keyin ma’yus ohangda “Bu she’r yuragimdagi dardim haqida yozilganmi deb ko‘p o‘ylab qolaman”, deya qo‘shib qo‘ydi. Zarifa bir o‘ng, bir so‘l tomonga qarab olgach, ikki ko‘zini qo‘lchalarining ochiq kaftiga tikib, “Uvaysiy she’ri. “Anor”. Bu she’rni Uvaysiy dadam bilan menga bag‘ishlab yozgan”, dedi-da, o‘qiy ketdi:
Ul na gumbazdur eshigi, tuynugidin yo‘q nishon,
Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdur makon.
Sindurub gumbazni qizlar holidin olsam xabar,
Yuzlariga parda tortig‘liq turarlar bag‘ri qon.
Misralar Zarifaning labidan bulbul nolasidek to‘kilar edi. “Qon” so‘zi labidan chiqar-chiqmas u o‘zini dadasi bag‘riga otdi-da, ho‘ngrab yig‘lab yubordi. Qodir buva uni “Bo‘ldi qizim, bo‘ldi yig‘lama!” deya ovutar, lekin o‘zining ham ko‘zidan yosh tirqirab oqardi. Bu manzaraga boqib turib, mening ham ko‘zimga yosh keldi. O‘tgan-ketganlar bizga qarardi-yu, g‘ayrioddiy holni payqamasdi. Men ota-bola bilan xayrlashmay, uyga qarab chopdim. Meni bir holatda ko‘rib, oyimni vahima bosdi: “Nima bo‘ldi senga, qayerlarda tentirab yuribsan, orqangdan birov quvdimi, qani g‘ildiraging?” Men hiq-hiq qilgancha bo‘lgan voqeani so‘zlab berdim: “Oyi, nega ular to‘satdan bir-birini achomlab yig‘lay boshladi? Buni ko‘rib chidayolmadim. Birdan sizni sog‘inib ketdim, sog‘inib ketdim, oyijon!” der edim entikib. Shu kecha alahsirab chiqdim. Oyim esa boshimda o‘tirdi. Har gal uyqum qochib, ko‘zimni ochsam, oyimni ko‘rar, uni mahkam quchoqlab olar, yana uyquga ketar, yana alahsirar edim. Uyqu aralash goho dadamning “Uxladimi, uxlab qoldimi?” degan ovozi ham eshitilib qolardi. Ertasiga kun bo‘yi to‘shakdan bosh ko‘tarmadim. Nuqul oyimni ko‘rgim kelar, sog‘inar edim. Shu kuni Qodir buva bilan Zarifa ham kelmadi. Qorasuvdagi jome masjidiga juma namoziga borgan ekan. Zarifani esa shiypondagi oshpaz ayolga qoldirib ketibdi.
Shanba kuni quyosh nayza bo‘yi ko‘tarilganda uyquga qonib uyg‘ondim. O‘zimni tetik his qilganimdan darrov hovliga chiqdim. Qarasam, Qodir buva qulupnay chopig‘ini boshlab yuboribdi. Zarifa, odatdagidek, egat boshida ikki kaftini iyagiga tirab otasining ketmon chopishini tomosha qilib o‘tiribdi.
“Ha yigit, bunaqamas-da endi. Xayr-ma’zur yo‘q, g‘ildirakni ham tashlab qochib ketding-a. Ana, g‘ildiragingni ikkita qilib keltirib qo‘ydim. Endi Barotxo‘jada senga havasi kelmaydigan bola qolmaydi. Bunaqasi hech kimda yo‘q”, dedi Qodir buva ayvonda yotgan katta ballonni ko‘rsatib. Men quvonganimdan lab-lunjimni yig‘ishtira olmay qoldim. Zarifani mahkam quchoqlab, bir aylantirdim-da, yana yerga qo‘ydim. Har zamon Zarifa ikkimiz yugurib borib, Qodir buvani quchoqlar, yana qaytib kelib, ballon ustida irg‘ishlardik. Oyim uzoqdan bizga zavqlanib qarab qo‘yardi. Qodir buva qulupnay egatlarini chopa berdi, Zarifa ikkovimiz esa ballon ustida sakrayverdik.
Bir payt darvoza oldida yuk mashinasi to‘xtadi. Oyim qo‘shnilarnikiga chiqib ketgan edi. Hovlida Qodir buva, men va Zarifadan bo‘lak kimsa yo‘q. Darvozani ochib qarasam, katta tog‘am turibdi. “Taxta olib keldim, eshik-rom yasagani. Ustani shu yerga solamiz. Yaxshiyamki uyda ekansan. Taxtani tushirib ketaman, uyga olib kirib qo‘y”, dedi u. Yuklarni tushirib bo‘lgach, tog‘am meni chetga tortib, “Uyga olib kirgach, darvozani tambalab qo‘y. Taxtani tomga chiqarib taxla. Qog‘ozi yo‘q, tushungandirsan!” dedi. Katta tog‘am O‘rtasaroyda yangi qurilayotgan klubga direktor qilib tayinlangan edi. Bu – o‘sha klub qurilishiga kelgan taxtalardan, shekilli. Tog‘am biznikiga yaqin joydan chek olgan edi.
Taxtani avval narvon ostiga tashib oldim, so‘ng devorga suyadim-da, o‘zim tomga chiqdim. Ularni shu yerdan tortib chiqarib, taxlab qo‘ydim. Hali suyagi qotmagan o‘spirinligim, qolaversa, kasaldan yangi turganim uchun tinka-madorim quridi o‘ziyam. Qodir buva bir-ikki bor yonimga kelib, “Kel bolam, qarashib yuboray. Bir o‘zing ezilib ketasan bunaqada…” desa ham ko‘nmadim – oriyat talashgandek “O‘zim…” deb turib oldim. Bu orada oyim qo‘shninikidan chiqib, dasturxonga tushlik ovqatni tortdi. Ovqatdan so‘ng har kim yana o‘z ishiga unnab ketdi. Qodir buva qulupnay egatini chopishga, men bilan Zarifa ballon o‘ynashga kirishdik. Asrga yaqin yana darvoza taqqilladi. Yugurib borib ochdim. Qarasam, yana katta tog‘am. Meni ko‘rishi bilan “Taxta qani?” deb so‘radi. Men tomga ishora qildim. U narvondan tomga chiqib, taxtalar sanog‘ini olgach, pastga tushib, oyim bilan so‘rashdi-da, ayvondagi ko‘rpachaga yonboshlab, choy ho‘play boshladi. Shu vaqt ko‘zi yerda yotgan ballonga tushib qolsa bo‘ladimi. “Iya opa, xuddi shunaqasini qidirib yurgan edim-da! Tom yopganda mixga kiydirgani rezinka kerak ekan. Usta ballonning rezinkasi ham bo‘laveradi degan edi”, dedilar-da piyoladagi choyni shartta sipqordi va ballonni yumalatib darvozadan chiqdi-ketdi.
Qodir buva bu voqeani uzoqdan kuzatib turgan ekan, “Habba…” deb nosqovoqdan kaftiga bir otim nos to‘kib, til ostiga tashladi-da, yana chopiqni davom ettirdi. Bir oz ishlaganidan so‘ng asr namozini o‘qidiyu ketishga chog‘landi. Oyim kechki ovqatga qoling, deb qistasa ham ko‘nmadi. Men ota-bolani ko‘cha boshidagi quduqqacha kuzatib, uyga qaytdimu o‘zimni to‘shakka otib yig‘lab yubordim. Oyim tepamga kelib, boshimni siladi, lekin ovutishga so‘z topa olmadi. Ertasiga ham, indiniga ham Qodir buva kelmadi. Men dadam va oyimdan so‘rasam, “Bilmadik”, deb qo‘yaqolishdi. Shunda anovi gal ularga ergashib, shiypongacha bormaganimga afsus qildim, balki o‘zim so‘roqlab borarmidim. Qulupnay egatlaridan to‘rt-beshtasi chopiqsiz qolgan edi. Ularni o‘zim chopib, tartibga solgan bo‘ldim. Shu-shu, Qodir buvani ham, Zarifani ham ko‘rmadim. Ularni ko‘rgim, Qodir buvaning hikoyalarini tinglagim kelar edi…
Kelasi yili qulupnay shig‘il hosil berdi. Oyim ikkimiz qulupnayni tog‘aralarga solib, avtobusda Mirobod bozoriga eltib sotdik. Konduktor ayol tog‘oralarga ham pul to‘lang, deya oyimga nuqul tirg‘alar, oyim esa u bilan janjallashsa janjallashardiki, biroq tog‘oraga pul to‘lamasdi. Qulupnayni sotib bo‘lgach, uyga xursand qaytardik. Oyim har gal bozordan chiqishda bo‘sh tog‘oralarni menga qoldirib, shu yaqindagi zargarlik do‘koniga birrov kirib chiqardi. Qulupnay sota boshlaganimizning o‘ninchi kuni zargarlik do‘konidan chiqayotgan oyimga razm solsam, quloqlarida – yoqut ko‘zli tilla zirak. Oyim ularni menga ko‘rsatib, “Qara, chiroyli-a, senga yoqdimi? Har kun pulni chamalardim-u, yetmas edi. Sotilib ketmadimikan deb xavotirda edim. Xayriyat, o‘zimga buyurgan ekan, mana, sotib oldim”, dedi quvonib.
Yoshim yigirmaga yetganida bir kun oyimning quloqlariga tikilib turib, “O‘shanda sotib olgan yoqut ko‘zli tilla ziragingizni nega hech taqmadingiz? Qachondan beri shuni so‘ragim keladi-yu, lekin iymanaman”, dedim. Oyim bir oz o‘ylanib qoldi-da, “Kel, o‘sha esdan chiqqan gaplarni qayta yodga solma”, dedi ma’yus tortib. Men bu holdan ajablanib, qistovga oldim. Shunda oyim “Qodir buva bilan uning qizi Zarifa esingdami?” dedi. Axir, unutib bo‘larmidi ularni! Men “Ha, ha, oyi, bari yodimda, nega so‘rayapsiz?” dedim ajablanib. Oyim ko‘zini olib qochdi-da, “O‘shanda Qodir buva tongda yurak xurujidan jon bergan, qulupnay chopig‘i tugallanmay qolib ketgandi. Dadang bilan buni sendan sir tutganmiz. Dadang bosh-qosh bo‘lib Qodir buvani dafn qilgan, ma’rakasini o‘tkazgan. Qizi Zarifani Chilonzordagi yetimxonaga joylashtirgan. Men ham bir gal dadangga qo‘shilib Zarifani ko‘rgani o‘sha yerga borganman. Shunda “Otangdan esdalik bo‘lsin, qizim, bu zirakni otang chopiq qilgan qulupnay puliga sotib oldim – ol, qizim, otangni eslab yur!” deb Zarifaning qulog‘iga taqib qo‘ydim”.
Bu hikoyani eshitib, bo‘g‘zimga nimadir tiqildi. Rov o‘rnimdan turib, hovliga chiqib ketdim. Qodir buva chopiq qilgan qulupnay paykaliyu Zarifa cho‘k tushib o‘tirgan egat boshini izladim. Qodir buvaning tilidan eshitganim – chigal taqdir qissasi xayolimda qayta jonlandi. Endi bilsam, u boshidan kechirganlariga rivoyatlarni ham qo‘shib-chatib hikoya qilgan ekan. O‘z so‘zlari mendek bir o‘spirin qalbiga chuqurroq joylashsin deb shunday qilgan, albatta.
Ko‘z oldimdan Qodir buva sovg‘a qilgan o‘sha ballon ham o‘tdi. Qaysidir yili katta tog‘am uyi tomini yopgani hashar qildi. Shu hashar chog‘i ikki qarichcha joyi kesib olinib, o‘zi ayiq o‘ligidek cho‘zilib yotgan o‘sha ballonga ko‘zim tushdi. Esiz-esiz, ikki qarichgina rezinka deb shunday ballon hayf bo‘lsa-ya… Qodir buvaning Tolariq bo‘yida “Bo‘shashma, qo‘lingdagi naqdingni oldirib qo‘yma!” deya bergan o‘gitini o‘shanda ado etmaganim alam qildi. Shu kuni kechgacha uyga kirmay, hovlida goh u-goh bu ishga unnab, timirskilanib yurdim. Oyim non yopayotganida hovlidan tergan bir quchoq xas-cho‘pimni tandir yoniga tashladim. U non uzayotgan mahal esa betoqatlanib, “Oyi!” dedim. Oyim non uzishdan to‘xtab, “Nima deysan?” degandek o‘girildi. “Oyi, men bir yetim qizga uylanaman. Hayotimni o‘sha qizni baxtli etishga bag‘ishlayman. Meni duo qiling!” dedim. Oyim menga bir oz tikilib turdi-da, qo‘lidagi yopqichni bir chetga yechib, qo‘llarini duoga ochdi: “Niyatingga yetgin, bolam. Sendek o‘g‘il bergan Ollohimga shukr!”…
– Bir osh pishgulik ham xazon yig‘mabsiz-ku, birodar! Nega bu daraxtlarga tikilgancha haykaldek qotib qoldingiz, – degan so‘zlardan o‘zimga keldim. Shundoqqina yonimda Farid aka kulibgina qarab turardi.
– Boyadan beri yoningizdaman. Kelganimni ham sezmadingiz. Nima gap, tinchlikmi o‘zi? Qiziq, bu daraxtlarning bargi qirmizi bo‘ladi. Xuddi anor donalari kabi. Bu rangni qayerdan oladi, hayronman. Go‘yo bag‘ri qonga to‘layu u bargiga ham ko‘chgandek…
– Bugun bir-ikki marhum tushimga kiribdi. Daraxtlarga boqib turib, shu tushni esladim. Xayol meni o‘spirinlik yillarimga yetaklab ketdi.
– Nimasini aytasiz! Men ham har kun tushimda marhum yaqinlarim, qarindoshlarimni ko‘raman. O‘zbekiston qayerda-yu, Amerika deganlari qayerda! Biroq ularning ruhi shu yerga ham bizni izlab keladi-ya. O‘zbekistonga borgan amerikaliklar ham yurtimizda shunday tushlar ko‘rarmikan, so‘rab ko‘rsak bo‘larmidi, nima deysiz?
– Gapingizda jon bor. She’r o‘qib beraymi?
– She’r? Mayli.
Ul na gumbazdur eshigi, tuynugidin yo‘q nishon,
Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdur makon.
Sindurub gumbazni qizlar holidin olsam xabar,
Yuzlariga parda tortig‘liq turarlar bag‘ri qon.
– Uvaysiyning “Anor” chistoni-ku bu!
– Yo‘q, bu Qodir buva bilan Zarifaning she’ri!
– Kim ular?
– Ular… Ular o‘spirinlik yillarim qalbim to‘riga o‘rnashgan qadrdonlarim, juda mehribon insonlar!
Farid aka bir zum menga tikilib turdi-da, so‘ng qirmiz bargli og‘ochlarga nigoh tashlab:
– Nima sir bor ekan-a, shu barglar rangida, – deya xayol surib ketdi o‘zicha.
Men esa do‘stimni xayollari bilan yolg‘iz qoldirib, asta-asta bosib yotoq sari jo‘nadim
Mansurxon Toirov
“Tafakkur” jurnali, 2018 yil, 2 soni, 34-41 betlar