Barcha davrlarda u yoki bu davlatning tashqi siyosati o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lgan. Ammo dunyoni egallash yoki yangi-yangi yerlarni o‘z davlatlariga qo‘shib olish kabi maqsadlar turli davrlarda o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini bugungi kunda ham ko‘rib turibmiz. Buyuk geografik kashfiyotlar paytida Kolumbning bilib-bilmay yangi qit’ani ochgani o‘sha davrning kuchli mamlakatlari uchun qo‘l keldi.
Ular tez orada yerlarni bo‘lib olishga kirishgani tarixdan ma’lum. Ammo sayyoramizning ming yillar davomida deyarli hech kimning e’tiborini tortmagan Arktika kabi hududlari borki, ular bir vaqtlar «xo‘jayini yo‘q» yerlar sirasiga kiritilib, «olijanoblik» nuqtai nazaridan hech ikkilanmay «bu yerlar insoniyatning bo‘linmas boyligidir» deya e’tirof etilgan. Bugun esa shijoat bilan aytilgan o‘sha so‘zlarning mualliflari bo‘lmish davlatlarning o‘zi o‘z g‘oyalarini inkor qilmoqdalar. «Doimiy» deb atalib kelingan muzliklar makoni xalqimizda keng tarqalgan «hamma narsa o‘tkinchi» iborasini yodga olishga majbur etadi. Ha, global isishning oqibatida bu muzliklar eriy boshladi.
To‘g‘ri, tadqiqot qilish maqsadida sayyohlar Arktikada ko‘plab ekspeditsiyalar olib borgan. Ammo ular bugungi ekspeditsiyalardan tubdan farq qilar edi. Asosiy farq texnika va asbob-uskunalar o‘rtasida emas, balki sayohatlar maqsadining o‘zgarishidadir. Ilgari Piri, Amundsen, Sedov kabi qutbshunoslar sarguzashtlar ishtiyoqida inson qadami yetmagan yerlarni topish istagida yo‘lga otlangan bo‘lsa, bugungi kunning «ashaddiy» sayohatchilari o‘z davlati iqtisodiyotini rivojlantirish ilinjida Shimoliy qutbda qizg‘in tekshiruvlar o‘tkazmoqda. Axir qalin muzliklar ostida cheksiz boylik — tabiiy resurslar yashiringan-da.
“QAYNOQ” MUZLIKLAR SALTANATI
“Arktika” grek tilida “arctos” – ayiq (Katta ayiq yulduzlar turkumi nazarda tutilmoqda) yoki “arktikos” – shimoliy degan ma’noni anglatadi. Uning tarkibiga Shimoliy muz okeanining deyarli barcha orollari (Norvegiya qirg‘og‘i bo‘yidagi orollardan tashqari), Yevroosiyo va Shimoliy Amerika materiklari hamda Atlantika va Tinch okeanining qutbga yaqin qismlari kiradi. Maydoni 27 mln. kv. km bo‘lgan ushbu hududda harorat yer yuzining boshqa joylariga qaraganda ikki baravar tez ko‘tariladi. Uzoq yillar davomida Arktikaga inson yashay olmaydigan “o‘lik yer” sifatida qaralgan. Ammo global isish o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Kanadalik bir guruh olimlarning 2004 yilda e’lon qilgan ma’lumotiga ko‘ra, Shimoliy qutbga qarashli Kanada sharqidagi muzliklar 1969 — 2004 yillar davomida 15 foizga kamaygan bo‘lsa, oxirgi 30 yil mobaynida Arktika muzlari deyarli yarim baravar qisqargan. 2040 yilga borib, shimoliy dengizlar yozda muz bilan qoplanmaydigan bo‘ladi. 70-yillarda esa Yer shari umuman shimoliy muz qismidan ayrilishi mumkin. Vaziyat shunday davom etadigan bo‘lsa, muzliklar ostiga yashiringan boy tabiiy resurslar, jumladan, ko‘pchilikning diqqat e’tiborida bo‘lgan neft ko‘p o‘tmay o‘z “qora”sini ko‘rsatishi ehtimoldan xoli emas.
Turli mamlakatlar olimlarining olib borgan tadqiqotlaridan kelib chiqib shu narsa ma’lum bo‘ldiki, Arktikada qalay, oltin, nikel, platina, qo‘rg‘oshin va marganets konlari bo‘lishi bilan birga suv tubida 113 mlrd. tonna uglevodorod yonilg‘isi — neft va tabiiy gaz mavjud. Solishtirish uchun resurslarga boy davlatlardan biri Saudiya Arabistonida 43 mlrd. tonna, Rossiyada 51 mlrd. (asosan gaz hisobiga), Eronda 33 mlrd. tonna shunday boylik jamlanganini keltirib o‘tishimiz mumkin. Buyuk Britaniyaning “British Petrolium” nomli neft kompaniyasi hisobotida keltirilishicha, dunyo «qora oltin» zahirasi yana 40 yilga yetadi, xolos. Ushbu raqamlar muzliklar makonining ahamiyatini yanada ko‘tarishi bejiz emas. Shu sababli bir qancha davlatlar, xususan, Rossiya, Kanada, AQSh, Daniya va Norvegiya Arktikada o‘z ulushiga ega bo‘lish uchun kurashmoqdalar. BMT universiteti qoshidagi Amerika kengashining taxminlariga ko‘ra, Arktika XXI asrning eng “qaynoq” nuqtasiga aylanishi mumkin.
“UNUMDOR” YeRGA EGA TOPILADI
Ta’kidlab o‘tganimizdek, Arktika uchun kurash asosan beshta davlat o‘rtasida kechmoqda. Rossiyadan farqli o‘laroq, Daniya, Kanada, AQSh va Norvegiya NATO a’zosi hisoblanadi.
XX asrning 50-yillarida Kanada birinchi bo‘lib Shimoliy qutbga da’vogarligini e’lon qilgandi. Xalqaro sud 100 yil ichida u yoki bu davlat Shimoliy muz okeani unga tegishliligini isbotlamagan taqdirdagina ushbu maydon Kanadaga o‘tishini aytgan.
Biroq 2004 yilda Daniya qutb uchun o‘z huquqlarini talab qila boshladi. Bunga Grenlandiyaning Lomonosov suvosti tog‘ tizmasi orqali Arktikaga bog‘liqligi sabab qilib ko‘rsatildi. Ma’lumki, Grenlandiya 1933 yildan buyon Daniyaning muxtor o‘lkasi hisoblanadi.
Ammo Rossiyaning harakatlari qolgan davlatlarni faolroq bo‘lishga undayotgani aniq. Gap shundaki, rus olimlari tarixda birinchi bo‘lib Shimoliy muz okeani tubida tadqiqot o‘tkazishdi. “Arktika — 2007” deb nomlangan ushbu ekspeditsiyani Artur Chilingarov boshqardi. Chuqur suv ostida tadqiqotlar o‘tkazishga mo‘ljallangan “Mir” apparati 4200 metr suv ostiga tushirilib, u yerda mamlakat bayrog‘i o‘rnatildi. Ekspeditsiyadan maqsad esa Lomonosov suvosti tog‘ tizmasi Sibir platformasining davomi ekanini isbotlashdir. Tadqiqotchilardan biri Viktor Poselovning aytishicha, tekshiruvlardan so‘ng suv ostidan olingan tuproq haqiqatan ham Sibir yerlariga mansub ekani aniqlanishi mumkin. Ammo oxirgi natijalar BMTda tekshirilgandan so‘nggina e’lon qilinadi.
Ushbu tadqiqotlardan keyin bir qancha davlatlar ommaviy axborot vositalarida da’vogar mamlakatlarning turli fikrlari bildirildi. Jumladan, AQSh davlat departamenti vakili Tomas Keysi shunday deydi: “Ular okean ostida nima qoldirganini bilmayman – xoh metal bayroq bo‘lsin, xoh rezinali bayroq yoki umuman choyshab bo‘lsin. Nima bo‘lgan taqdirda ham bu harakat ularning bu hududga egaligini bildirmaydi”. Kanada tashqi ishlar vaziri Piter Makkey Rossiya ekspeditsiyasining okean tubiga bayroq o‘rnatishini “oddiy shou” deb atagan bo‘lsa, bunga javoban uning rossiyalik hamkasbi o‘zidan keyin bayroq qoldirish allaqachon an’anaga aylanganini, hatto, Oyning zabt etilishida ham shunday qilinganini ta’kidlab o‘tdi. «Gardian» gazetasida Norvegiya qutb instituti boshlig‘i Kim Xolmenning Rossiyaning Sibir platformasiga tegishli yerlarni (Lomonosov suv osti tizmasi) o‘zlashtirayotganini inkor etgan so‘zlarini keltirib o‘tadi: “Bir paytlar AQSh va Yevropa ham yaxlit bo‘lgan. Shotlandiya tog‘lari va Appalachi bir xil geologik tarkibga ega. Biroq Shotlandiya AQShning bir qismi unga tegishli ekaniga da’vo qila olmaydi, albatta”.
HATTO BMT HAM O‘YINDAN ChIQIShI MUMKIN
O‘z navbatida, Qo‘shma Shtatlar bu “jang”ga kirishi uchun dengiz huquqlari bo‘yicha BMT Konventsiyasiga a’zo bo‘lishi kerak. Eslatib o‘tamiz, Arktika shelfi va chegaralari BMTning 1982 yilda qabul qilingan dengiz huquqlari Konventsiyasida belgilab qo‘yilgan. Mazkur hujjatga ko‘ra, qirg‘oqqa yaqin davlatlarning iqtisodiy hududi materik va orollardan 200 dengiz mili, ya’ni 370 km. ga teng etib belgilangan. Bugungi kunda Konventsiyani 155 mamlakat ratifikatsiya qilgan. Amerika tashqi siyosat idorasining vakili kongress yozgi ta’tildan kelishi bilanoq Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishini ta’kidlamoqda. Shu taqdirdagina Vashington Alyaska qirg‘oqlaridan boshlab Shimoliy muz okeanidagi 600 millik (1000 km. atrofida) hududga da’vogarlik qilishi mumkin.
Ko‘rib turganingizdek, bu boradagi kurash qizg‘in tusga kirib bormoqda. Ehtimol, BMT Konventsiyasi bu yerda hech narsani hal qila olmas. Chunki Iroqqa ham Tashkilotning qarshiligiga qaramay urush e’lon qilingandi. Agar davlatlar o‘zboshimchalik bilan chegaralarni bo‘lib oladigan bo‘lsa, sovuq hududda yana bir “qaynoq nuqta” paydo bo‘lishi mumkin. Ammo bularning barchasi ehtimol. Muzlar erishiga esa hali ancha bor. Texnologiya rivojlanishning cho‘qqisiga yetgan bo‘lsa-da, Ona tabiatning qanday yo‘l tutishini oldindan bilish imkonsiz urinishdir. Odamlar esa o‘zlarining muzliklar erishidan manfaatdormi yoki erimasligidanmi — shuni aniq bilib olishlari lozim.
Madina Tog‘ayeva,
“Marifat” gazetasidan