1. … paydo bo‘lgan va xaritaga kiritilmagan makon
Orol dengizining qurigan qismida 100 kilometr uzunlikni tashkil qiluvchi quruqlik yuzaga kelgan. Dengizning qurigan bu qismi Qoraqalpog‘istonning Mo‘ynoq shahri yaqiniga to‘g‘ri keladi.
2. … kashf qilingan odam yashamaydigan yer
2005 yil Denis Shmitt tomonidan Grenlandiyaning sharqiy qirg‘oqlari yaqinida topilgan va Uunartoq Qeqertoq (eskimoslar tilida «isiyotgan orol» degani) deb nom olgan orolcha odam yashamasligi ma’lum bo‘lgan eng so‘nggi joy bo‘lib turibdi.
3. … aniqlangan hayotsiz makon
Antarktika va Grenlandiya orollaridagi muzliklarda hayot yo‘qligi hech kimni ajablantirmaydi. Biroq, Chilidagi Yungay sahrosidagi bu holat tadqiqotchilarni o‘ylanishga majbur etmoqda. U yerga juda yaqin bo‘lgan joylarda hayot qaynayotgan bo‘lishiga qaramay, Yungay hali ham izsiz va kimsasiz.
4. … dinozavrlar yurgan makon
Olimlar sayyoramizda yashagan oxirgi dinozavrlarni bundan 65 million yil ilgari, Yerga 10 kilometr kenglikdagi asteroidning urilishi natijasida qirilib ketgan, deb ta’kidlab kelishardi. Bnroq mazkur urilishdan ming yil keyinga oid, Koloradoda topilgan dinozavr izlari, bu hayvonlar hayotiga taalluqli fikrlarni o‘zgartirib yubordi.
5. … ishlatilayotgan suratli yozuv
Xitoyning janubi-g‘arbidagi tog‘li tumanlarda yashovchi animistik e’tiqodga ega rohiblar 1000 yildan buyon Dongba deb nomlangan suratli yozuvdan foydalanib kelishadi. Bu yozuvda 2000 dan ziyod surat va ramzlar bor. Hanjar ushlagan jin, bahaybat quti va yirtqich arslon tasvirlari shular jumlasidan.
6. …. kashf qilingan odam yashaydigan yer
Yangi Zelandiyaning janubi-sharqidagi Okland oroli yer yuzida eng so‘ng kashf qilingan odam yashaydigan joy hisoblanadi.
7. … topilgan eng qadimgi tog‘ jinsi
Yaqinda tadqiqotchilar G‘arbiy Avstraliyaning Jek Xill qoyaliklarida 4,4 milliard yillik tsirkon mineralining kichik parchasini topishdi. Bu dunyoning eng qadimgi tog‘ jinsi ekani ma’lum bo‘ldi.
8. … o‘rinda turgan qoloq yurt
BMT har yili sog‘liq, uzoq umr, bilim va ta’lim hamda yashash standartlariga ko‘ra dunyo aholisining yashash darajasini baholaydi. «Inson taraqqiyoti kursatkichi» nomli ushbu tasnifda G‘arbiy Afrikaning Niger davlatiga eng so‘nggi pog‘onani egallab turibdi. U yerda o‘rtacha umr ko‘rish 44,6 ga teng. Katta yoshdagi aholining 71 foizi savodsiz, bolalarning 79 foizi maktabga bormaydi.
9. … odam oyog‘i yetmagan cho‘qqi
Manzarasi nihoyatda go‘zal bo‘lishiga qaramay, eng jasur alpinistlar ham zabt etolmagan cho‘qqilar yer yuzida hali ham bisyor. Ularning eng balandi Butan qirolligiga qarashli Gangxar Puensum tog‘ cho‘qqisidir. 7541 metr balandlikdagi mazkur cho‘qqini zabt etishga qaratilgan uchta urinish muvaffaqiyatsiz tutagan. 1994 yil esa Butan qirolligi mahalliy e’tiqodga hurmatsizlik sanalgani uchun 6000 metrdan badand cho‘qqilarga chiqishni taqiqlab qo‘ygan.
10. … odam oyog‘i yetmagan g‘orlar
Dunyodagi eng chuqur g‘or Abxaziyada joylashgan. Uning chuqurligi 2170 metr. 2007 yil yanvardagi ekspeditsiyada g‘orning yana 30 metr ichkarisi tadqiq qilindi va ko‘p qismi suv ostida joylashgani aniqlandi. Meksikadagi Yukatan sohillarida ham 500 kilometr uzunlikda tarmoqlanib ketgan g‘orlar majmuasi mavjud. Ularning ham suv ostida joylashgan ko‘p qismi hali to‘liq o‘rganilmagan.
11. … kimga tegishliligi tortishilayotgan joy
Grenlandiya va Elzmir orollari orasida joylashgan odam yashamaydigan Xans orolchasiga egalik qilish borasida 2005 yil ochilgan Kanada va Daniya orasidagi munozarali masala hali ham davom etmoqda.
12. … egasiz qolgan joy
1961 yilgi Antarktika kelishuviga binoan muzliklar qit’asiga egalik qilish to‘xtatib qo‘yilgan. Ungacha Argentina, Avstraliya, Chili, Frantsiya, Yangi Zelandiya, Norvegiya va Buyuk Britaniya qit’aning anchagina qismiga da’vogar sanalishgan. Ammo bu iddaolar tan olinmagan. G‘arbiy Antarktidadagi Meri Bred nomli, 1,6 million kilometr kvadrat muzlikka esa hech kim egalik qilishga urinmagan. Bu maydon qit’aning o‘ndan birini tashkil qiladi.
13. … qayd etilgan dunyo bilan radioaloqa o‘rnatish mumkin bo‘lgan joy
2006 yil 28 iyulda aholisi bor-yo‘g‘i 37 kishidan iborat Svayns mitti oroli dunyoning boshqa joyi bilan radioaloqaga chiqqan 337 chi, ya’ni eng so‘nggi ob’ekt sifatida qayd etildi. Bu joy Tinch okeanida, Samoa arxipelagidan 300 kilometr uzoqda joylashgan.
14. … taraqqiyotdan uzoq hindular bilan aloqa o‘rnatilgan joy
2004 yil 3 mart kuni Paragvayning Filadelfiya qishlog‘idan 100 kilometr uzoqlikdagi o‘rmonzorda zamonaviy taraqqiyotdan mutlaqo yiroq 17 ta hindular guruhi borligi ma’lum bo‘ldi. O‘sha yaqindagi suv havzasi mahalliy molboqarlar tomonidan egallab olingach, hindular suvsizlikka chiday olmasdan dunyo bilan aloqa o‘rnatishga majbur bo‘lganlar. Hozirda Braziliyada madaniy insonlar bilan aloqa o‘rnatmagan 40-60 atrofidagi hindular qabilasi mavjud. Papua Yangi Gvineyadagi bunday qabilalar soni esa aniq bilinmaydi. Chunki u yerning ba’zi joylariga odam borishi qiyin va xavfli. Kun sayin kamayib ketayotgan bu turdagi hindular soni 40 mingga yaqin ekani taxmin qilinadi.
«New Scientist» jurnali asosida Muzaffar Egamberdiyev tayyorladi