Husayn Qo‘rqmas. Quyosh necha yoshda?

Allohdan o‘zga hech bir borliq azaliy emasdir. Undan o‘zga hamma narsaning boshlanishi bor. Quyosh ham Allohning bir asari bo‘lgani uchun u ham qachondir yaratilgan. U holda quyoshning yoshini hisoblash mumkinmi? Albatta-da! Olimlar quyosh 4 600 000 000 (to‘rt milliard olti yuz million) yoshda ekanini aytishmoqda.

Keling, quyoshning kimyoviy reaktsiyalar natijasida qanday paydo bo‘lganini ko‘rib chiqaylik.

Quyosh avvalda katta bir gaz bulutidan paydo bo‘lishni boshlagan. Bu gaz bulutini fazoga kim sepdi? U o‘zi qayerdan paydo bo‘ldi? Bu savollarning hammasi Allohning borligiga iymon keltirib javob topish mumkin. Boshqa xil izoh berish mumkinmi?

Gaz buluti atrofidagi atomlarni o‘ziga tortishni boshladi. Atomlar bulut markaziga yaqinlashgani sari tezliklari ortib bordi. Shuning uchun issiqlik ortdi. Dahshatli issiqlikdan atomlar parchalanib yadro va elektronlarga ayrildi. Bulut – kichrayishida, issiqlik – ortishida davom etdi. Atom yadrosi bir-biriga urilib, jipslashishni boshladi. Shunday qilib, quyosh ulkan energiya markazi sifatida bugunga qadar atrofga nur va issiqlik tarqatmoqda. Quyosh juda katta energiya markazi bo‘lib, olimlarning shu paytgacha qurgan energiya stantsiyalari uning oldida hech gap emas. Istasangiz qiyoslaymiz: insoniyat qurgan energiya markazlaridan 3 milliard donasi bir yil ishlasa, quyoshning bir soniyada chiqargan energiyasiga teng bo‘ladi!

Bu energiya stantsiyalari izlanish va tadqiqot markazlari ekan, quyosh kabi ulkan stantsiyaning quruvchisi, tadqiqotchisi kim?

Qaysi fizik shunaqangi yuksak qobiliyatni ishlatib, bu buyuk laboratoriyani qurdi? Bir olim bo‘lmay turib, shunaqangi energiya stantsiyasi qurilishi mumkinmi? Bir fizika laboratoriyasi o‘z-o‘zidan ishlaydimi?

Qodiri Zuljalolning qudrati cheksizligiga qarang. Quyoshga o‘xshash yadroviy energiya stantsiyalari bilan fazoni to‘ldirib qo‘yibdi. Ularning har biri bizga yulduz bo‘lib ko‘rinib, fazoni oydinlatyapti…

Quyoshdagi energiya termoyader deb ataladigan bir reaktsiya natijasida paydo bo‘ladi. Buyuk bosim va issiqlik atomlarni parchalaydi. Atomning markazida yadro deb ataladigan parcha bor. Buning atrofida aylanadigan zarralar «elektron» deyiladi. Quyoshdagi atomlar parchalanib, elektron va yadrolar bir-birlaridan ayriladilar. Ba’zan elementlar yadrolari bir-birlariga urilishi natijasida geliy yadrosini vujudga keltiradilar. Mana shu reaktsiya natijasida dahshatli miqtsorda yorug‘lik va issiqlik tarqaladi. Quyosh markazidagi issiqlik 15 million darajani tashkiletadi.

Quyoshdagi fizik hodisalarni yaxshigina ko‘rib chiqdik. Bu faoliyatlar yuqorida tushuntirganimiz kabi oson emas. Bir atomning o‘zi katta bir muammo bo‘ladi. Uning elektronlarini nozik o‘lchovlarda harakatlantirgan va shuursiz zarralarga faoliyat qobiliyatini bergan Allohdir.

Quyosh Yerdagi hayot manbai. Insonlar, hayvonlar va o‘simliklar quyosh borligi uchun yashaydilar. Issiqligimiz, yorug‘ligimiz va energiyamiz hammasi quyoshdan keladi. Xohlasangiz, buning hikoyasini aytib beramiz.

Millionlarcha yil oldin Yer o‘z ustida yam-yashil o‘rmonlar, sabzavot va meva to‘la bog‘lar, chug‘urlashgan qushlar, ma’ragan qo‘ylar, suzadigan baliqlar bo‘lishini xohlabdi. Yuradigan, gapiradigan insonlar ustimda bo‘lsin, debdi. Albatta, buning uchun unga issiqlik, yorug‘lik va energiya kerak bo‘libdi. Darrov quyoshning oldiga yuguribdi. Nima bo‘lganda ham shaqir-shuqir qaynayapti, issiqligidan foydalanarman, debdi.

Qayoqda deysiz. Biroz yaqinlashaman desa, shunaqangi qizib ketibdiki, chidab bo‘lmasmish, tezgina lash-lushlarini yig‘ib quyoshdan uzoqlashibdi.

Yomg‘irdan qochgan dunyo endi qorga tutilibdi! Quyoshdan uzoqlashishi bilan zulmatga ko‘milgani yetmaganday, sovuqdan hamma yog‘i muzlab qolibdi! Qarasaki, u yoqdan-bu yoqqa yurishdan foyda yo‘q, endi o‘ylashni boshlabdi.

Shunaqa bir joy topishi kerakki, quyosh unga hayot manbai bo‘lib xizmat qilsin. Qo‘liga qog‘oz-qalam olib, bir jonzotning necha darajada sovuqlik va necha darajada issiqlikka bardosh berishini chuqur mulohaza qilibdi. Nihoyat, quyosh issiqligi eng oz miqdorining o‘ziga foydasi tegadigan bir joyni topibdi. U yer quyosh issiqligining milliondan ikki foizi yetib keladigan bir nuqta ekan. Agar quyosh issiqligining uch foizi kelsa ham, yonib kul bo‘lishi mumkin! Milliondan bir foizi kelsa, muzlab qoladi!

Bunaqangi nozik joyni topgan dunyo shu kabi yana boshqa nuqtalar topishni xohlab qolibdi. Nima bo‘lganda ham, qo‘lidan hisob-kitob keladi. Geometriya olimidek quyoshning milliondan ikki foizi tushadigan butun nuqtalarni aniqlab chiqibdi. Oldiga quyoshning atrofidagi bir elips paydo bo‘libdi. Darhol ishga kirishib elips atrofida uchishni boshlabdi. Mana shu paytdan hozirgacha chizgan elipsdan zarra qadar ham chiqmasdan aylanib yurarkan! Hikoyamiz shunaqa. Balki o‘qiganda kulgandirsiz, lekin ishonmadingiz. Chunki inson bu hisoblarni faqat Alloh qilishini qabul qiladi. Dunyoni quyosh nurining faqatgina milliondan ikki foizi kelib turadigan chiziqqa joylashtirib, bizlarga hayot baxsh etgan Zot qodiri Zuljaloldan boshqa kim bo‘lishi mumkin?

Hatto quyoshdagi azim portlashlarni nazorat qiladigan ham Udir. Aks holda quyoshning portlashida sodir bo‘ladigan kichik o‘zgarish ham dunyo hayotini yo‘q qilishga yetarlidir. Hayotni beradigan va davom ettiradigan Udir. Mo‘minlarni bu dunyo zindonidan ozod qilib jannatiga kiritadi. Ichidan irmoqlar oqadigan – yashil bog‘lar orasidagi ko‘shklarga qo‘yadi. Abadiy saodat ehsonetadi.

Oxiratning borligi dunyo borligichalik haqiqatdir. Dunyoni yaratgan Alloh oxiratni ham yaratgan.

Husayn Qo‘rqmas
Komil Murod tarjimasi.
«Fikrat» jurnalining 2007 yil 1-sonidan olindi.