O‘tgan yili Parij shahridagi nufuzli “Armatan” nashriyotida Yevro-Osiyoni o‘rganish jamiyati tashabbusi bilan “Asrlarni yoritgan yulduzlar” nomli kitob chop etildi. Mazkur kitobdan frantsiyalik temurshunos olim, temuriylar davrini o‘rganish Frantsiya uyushmasi raisi, O‘zbekiston Respublikasi «Shuhrat» medali sohibi Lyusen Kerenning «Ulug‘bek va Samarqand astronomiya maktabi» nomli maqolasi ham o‘rin olgan.
Quyida ushbu maqolani Janonbek Sanaqulov va Bahromjon A’loyevlar tarjimasida juz’iy qisqartirishlar bilan e’lon qilmoqdamiz.
…1337 yilda Turkiyaning Brussa shahrida tavallud topgan Qozizoda Rumiy taniqli qomusiy olim va faylasuf Shamsiddin al-Fanoriydan dastlabki saboqlarni o‘rgandi. Oxir-oqibat, bu ustoz arab va fors mudarrislari dars beruvchi Movarounnahr va Xurosonning mashhur madrasalarida astronomiya va riyoziyotni chuqur o‘rganish uchun Qozizodaga Turkiyani xufyona tark etishda yordam beradi. Rumiy Samarqand madrasasida falakiyot va riyozat fanlarining nufuzli ulamolaridan biriga aylandi va Ulug‘bekka ham ustozlik qildi. Qozizoda o‘zi bilan birga al-Fanoriy tomonidan tuzilgan fanlar majmuasini ham olib kelgan edi. U bu asarni Ulug‘bekka o‘rgatadi. Biroq Qozizoda Ulug‘bekda astronomiya faniga bo‘lgan noyob qobiliyatni sezib, uni ko‘proq ushbu fanni chuqur o‘rganishga yo‘naltiradi. Ulug‘bek Qozizodadan ko‘p ilm o‘rgandi va uni ustoz deb bildi.
Ulug‘bek o‘sha davrning eng mashhur riyoziyotchisi va astronomi G‘iyosiddin al-Koshiyni ham o‘z maslahatchisi, ustozi deb hisoblagan. Hirotda G‘iyosiddin al-Koshiy astronomiyaga qiziqqan Ulug‘bekning ukasi Iskandar Sultonga tahsil berardi. Ulug‘bek uni 1417 yilda Samarqandga, yoniga chaqirtirib oladi. Al-Koshiy rasadxona loyihasi tashabbuskorlaridan bo‘ldi va yulduzlar jadvalini tuzishda faol ishtirok etdi.
Ma’rifatli insonlar maslahati bilan Ulug‘bek Samarqandda ilm-fanni rivojlantirish, jumladan, falsafa, riyoziyot va falakiyot ilmlari bilan shug‘ullanish niyatida katta madrasa qurdirishga qaror qildi. Hali bisyor bo‘lgan Temurbek saltanati xazinasi qoldiqlaridan bugungi kungacha Registon maydonida qad ko‘tarib turgan va o‘z nomi bilan ataluvchi ulkan madrasani barpo qildi. Bu madrasa VIII asrda Bog‘dodda al-Mansur xalifaligi davrida boshlangan islom rasadxonalari va maktablari faoliyatida yuz yillar davomida to‘plangan tajribalarning davomchisi sifatida tanildi. Dastlabki harakatlar yunon matematiklari va faylasuflarining asarlarini arab tiliga o‘girish bilan boshlangan bo‘lsa-da, so‘ngra fors va hind olimlari o‘rtasidagi munosabatlar bilan yanada boyib bordi. Yunon astronomi Klod Ptolemeyning ikki asari, eramizning 130-yillarida yaratilgan, «Almajest» va «Sayyoralar gipotezasi» asarlari Aristotel falsafasi bilan yaqindan tanish bo‘lgan musulmon mutafakkirlari e’tiborini tortdi. Ular xuddi xristian va yahudiylar singari diniy bo‘linishlikka emas, balkim Ptolemey tomonidan ishlab chiqilgan geosentrik tizimni qo‘llab-quvvatladilar: Yer Xudo tomonidan Odam ato uchun yaratilib, o‘z o‘qi atrofida aylanuvchi qo‘zg‘almas borliqdir, quyosh va oy boshqa sayyoralar singari mukammal doira shaklida Yer atrofida aylanadi. Bu tizimni harakatga keltiruvchi qonun-qoidalarni o‘rganish uchun musulmon astronomlar yunon astronomlari xulosasi va o‘zlarining shaxsiy kuzatishlari orasidagi ko‘plab qarama-qarshiliklarni bartaraf qilish borasida hisob-kitob va kuzatishlarni ko‘paytirdilar.
Darhaqiqat, VIII asrdan XIV asrgacha bo‘lgan musulmon olamida shakllangan ko‘plab iqtidorli matematik va astronomlar zamonaviy davrdan oldin bo‘lmagan. Ular hind olimlari bilan hamkorlikda yunon astronomlari xatolarini to‘g‘rilab, asl matematik modellar yaratib, o‘z mehnatlari natijalarini bayon qilganlar. Ular diniy ibodatga bog‘liq jamiyat savollariga ham javob berishlari lozim edi: muqaddas shahar joylashuvi, ibodat vaqtlari, hijriy yil hisobidagi oyning ko‘rinish sanasini aniqlash va hokazolar. Shunday qilib, ular rasadxonalar qurishga kirishdilar, ko‘plab matematik hisob–kitoblarni tuzdilar, nuqtaning tekislikdagi va fazodagi holatini hisoblab, samoviy jinslar harakatlarini o‘lchash va aniqlash uchun ko‘plab turdagi asboblarni ixtiro qildilar. Bu ishlarning nusxalari asosan arab va fors tilida tuzilgan bo‘lib, shahardan shaharga, rasadxonadan rasadxonaga almashinib turardi.
Registon maydonidagi madrasaning qurilish ishlari 1417 yildan 1420 yilgacha davom etdi. Biroq “temuriy” uslubidagi ajoyib yodgorliklardan biri bo‘lgan bu madrasaning me’mori ismini hech kim bilmaydi: devorlar, minoralar va naqshlar arab uslubidagi geometrik shakllardan tashkil topgan. Ko‘k rang, sirli, takrorlanuvchi bezaklar ko‘p ishlatilgan.
1420 yilda qurilish ishlari tugatilib, Qozizoda dastlabki saboqni Ulug‘bek ishtirokida boshlab berdi. Yangi madrasa o‘z davrining eng mashhuriga aylandi va al-Koshiy ham u yerda matematika asoslari to‘g‘risidagi bilimlari bilan talabalarga ta’lim bera boshladi. U bu haqda 1427 yilda tugatgan “Miftoh ul-hisob” «Arifmetika kaliti» asarida qayd etgan bo‘lib, asar Ulug‘bekka bag‘ishlangan va quyidagi kirish so‘zlari bilan boshlangan: «Men bu asarni eng buyuk, eng odil, eng oqil va eng mashhur olim Sulton Ulug‘bek Ko‘ragoniy kutubxonasi uchun yaratdim».
O‘quv dasturi kutubxonadagi eng mashhur musulmon astronom va matematiklarining asarlariga asoslanardi. Bu asarlar Ulug‘bekning muruvvati tufayli uning xazinasi evaziga qo‘lga kiritilgandi. U o‘zining yosh hamkasbi Ali Qushchini astronomiyaga oid xitoy qo‘llanmalari va taqvimlarini topib kelish uchun hattoki Xitoyga ham jo‘natadi.
Ulug‘bek al-Koshiy, Qozizoda va boshqa hamkasblari maslahatiga tayanib, ular niyat qilgan ansambl — ulkan astronomik rasadxonaning qurilish loyihasini ishlab chiqishga buyruq beradi. Astronomiya guruhi talabalari madrasa tahsilini tamomlab, o‘zlarining kelajakdagi vazifalarini belgilab olishgan bir paytda, shaharning shimoli–sharqidan bir necha chaqirim narida joylashgan Ko‘hak tepaligida 1420 yilda rasadxona qurilishi boshlanadi. Lashkarboshilik va hukumat ishlaridan bo‘sh vaqtlarida Ulug‘bekning o‘zi ham o‘lchov va hisob–kitoblarda ishtirok etadi.
Ulug‘bek Samarqandda darveshlar uchun ulkan gumbazli xonaqoh qurdirdi, xonaqoh hammomi rangli toshlar bilan bezatilgan bo‘lib, aholi uni shaharning eng muhtasham imorati deb hisoblardi. Jumladan, u katta karvonsaroylarga o‘xshash did bilan yasalgan yog‘och o‘ymakorli masjid ham qurdirdi. Katta bog‘ o‘rtasida 40 ustunli saroy bunyod ettirib, saroy yonida o‘zining miniatyura to‘plamlarini saqlash uchun Xitoydan keltirilgan chinni koshinlar bilan bezatilgan ajoyib xona ham qurdirgan. Temurbekning xoki joylashgan Temuriylar maqbarasini qurdirishni davom ettirdi. «Go‘ri Amir» maqbarasiga 1425 yilda Mo‘g‘ulistondan olib kelingan ulkan qora nefrit toshini o‘rnatdi hamda Toj Mahal singari muhtasham xonani chiroyli marmar panjara bilan bezatdi. Shohizinda maqbarasi kirish eshigini bunyod ettirdi. Buxoroda yangi madrasalar bino qildirdi.
Uning qobiliyati juda hayratlanarli edi, chunki Ulug‘bek nafaqat matematik va astronom, balki kitobsevar, shoir va ulkan tarixchi bo‘lib, rasadxona va madrasadagi ta’lim jarayonida va ilmiy izlanishlarda o‘zi faol qatnashib, o‘z sohasining ustasiga aylangan edi. U yangi munajjim va o‘qituvchilarni ishga qabul qilib, ba’zan talabalar bilan kamtarona va ochiq muloqotda bo‘lishdan zavqlanardi. Shuning natijasi o‘laroq, Ulug‘bek matematika sohasida juda qobiliyatli va zehnli bo‘lgan yosh Ali Qushchi, — “lochin ovchisi” bilan tanishib, do‘st tutindi. Yosh talaba uning ko‘magi sababli, keyinchalik taniqli ustoz va Ulug‘bek asarlarining davomchisiga aylandi.
O‘z sohasining bilimdoni bo‘lgan G‘iyosiddin al-Koshiy qurilish ishlarini boshqarish va rasadxona xizmatini yo‘lga qo‘yish javobgarligini o‘z zimmasiga oldi. 1429 yilda tugallangan bu rasadxona butun Osiyoni hayratga solgandi. Afsuski, rasadxonaning qurilishi diniy e’tiqodga nisbatan o‘zining hur, mustaqil fikriga ega bo‘lgan Ulug‘bek to‘g‘risida ruhoniylar tomonidan nomaqbul fikrlar, mish-mishlar tarqatish, olimni buzg‘unchilikda ayblashga asos ham bo‘ldi. Ulug‘bekni Shohruh davrida Hirotdan quvilgan bid’atchi Qosim Anvar bilan yaxshi munosabatda bo‘lganlikda ham aybladilar. Bu kabi voqealar oradan 30 yil o‘tgach, rasadxona mavqeining butunlay pasayishiga va ko‘plab munajjimlarning bu yerni tark eta boshlashiga sabab bo‘ldi. Ulug‘bekning fojiaviy o‘limidan 50 yil o‘tib, 1499 yilda rasadxona batamom buzib tashlandi.
Bugungi kunda rasadxonaning ichki va tashqi ko‘rinishi xususida juda oz ma’lumotlarga egamiz. O‘sha davrda yashagan olim Abdurazzoq Samarqandiy rasadxonani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan bo‘lib, uni quyidagicha tasvirlaydi: «Bino devorlari o‘zgarmas yulduzlar, 1/60 soniyali, soniyalar, daqiqalar va osmon gumbazi darajalari bilan bezatilgan. Yana dengizlar, sahrolar, tog‘lar, Yer iqlimi mintaqalari ifodalangan dunyo jug‘rofiy xaritalari ham bor edi. Bularning hammasi nomutanosib geometrik shakllar va ajoyib suratlar bilan ifodalangan”.
Mirzo Bobur o‘z xotiralarida shunday yozadi: “Yana bir ulkan imorat astronomik jadvallar tuzishga mo‘ljallanib, Ko‘hak tepaligida uch qavat qilib qurilgan rasadxonadir».
1908 yili rus arxeologi Viatkin Ko‘hak tepaligida rasadxona qoldiqlarini topishga muyassar bo‘ldi: diametri 46 — 50 metrli doira shaklidagi imoratga taalluqli bezaklar, g‘ishtlar, tosh parchalari, shuningdek, shimol–janub meridiani bo‘ylab yo‘naltirilgan chuqurligi 11 metr bo‘lgan yerosti qismiga olib kirish joyi topildi. Tadqiqotlar davomida arxeologlar devorlarning asosini va yana bir qancha qoldiqlarni topdilar.
Samarqandiy va Bobur qoldirgan qisqa ko‘rsatmalar va xaroba qoldiqlari tufayli o‘zbek, rus va boshqa davlat arxeologlari o‘sha davr arxitektura qurilishini hisobga olib, Maraga, Damashq va Bag‘dod kabi dunyoning mashhur rasadxonalari qurilish arxitekturasiga tayangan holda Ulug‘bek rasadxonasi loyihasini tikladilar. Bino doira shaklida bo‘lib, balandligi 30,42 metrni tashkil qiladi, taxminan 15 metrli tepalikni qo‘shib hisoblasak, rasadxona yer sathidan qariyb 45 metr balandlikda bo‘lgan. Yassi marmarli asosga qurilgan uch qavatli binoning har bir qavati tashqariga qaragan 32 ta arkdan iborat edi. Devorlarning tashqi tomoni sirli koshinli ranglar, ayniqsa, ko‘k rang, arab harflari va gul shakllari bilan bezatilgan edi. Bino to‘g‘ri meridian bo‘ylab joylashtirilgan 21,6 metr radiusli sekstant arki bilan teng ikki qismga ajratilgan.
Topilgan devor qoldiqlari binoning pastki qismida rasadxonaning turli xizmatlari uchun mo‘ljallangan xonalar bo‘lganligini tasdiqlaydi. U yerda turli jihozlar va asbob-uskunalar saqlanadigan xonalar, ustaxonalar, asbob-uskuna va hisob-kitob hujjatlari saqlanadigan xonalar, kutubxona, majlis xonasi, xaritalar joylashtirilgan xona va yana yozuvlar hamda dars jarayonidagi suratlar uchun mo‘ljallangan xona mavjud bo‘lgan. Samarqandiy tomonidan joyi aniq ko‘rstilmay e’tirof etilgan devoriy suratlar bilan bezatilgan xonalarning bo‘lganligini aniqlash qiyin. Ehtimol, rasadxona xodimlari va ziyoratchilar uchun oshxona, oziq-ovqat do‘koni va suv saqlash moslamalari ham bo‘lgandir.
Ulug‘bek rasadxonasida tungi osmonni o‘rganish maqsadida bir necha kuzatuvchilar uchun mo‘ljallangan maydoncha, shuningdek, gnomonli katta quyosh soati ham mavjud bo‘lgan; sekstantning tepa qismi quyosh yo‘nalishida meridian bilan kesishadigan paytda nurlar o‘tkazuvchi to‘g‘rilanadigan ovalsimon oynali tom bilan yopilgan edi. Quyosh nuri qorong‘ulikda joylashgan sekstantning yerosti yoysimon qismida dog‘ hosil qilar, kuzatuvchilardan biri sekstantning yoysimon shakli ustiga yozilgan darajalarni kuzatib borardi. Shu ulkan asbob bilan Ulug‘bek bir yilni 365 kun, 6 soat, 10 daqiqa, 8 soniyaga tengligini aniqladi, hozirgi zamon astronomlari esa 365 kun, 6 soat, 9 daqiqa, 9,6 soniya ekanligini tasdiqlashdi. 0,32″ darajali arzimas xato bilan Ulug‘bek ekliptika og‘maligini hozirgi zamon astronomlari hisob-kitobi bo‘yicha 23°30’45″ daraja emas, balki 23°30’17″ daraja deb bergan edi.
Sekstantdan tashqari, faqat ko‘z orqali o‘rganilgan sayyoralar va yulduzlar kuzatuvi turli xil tanish asboblar bilan amalga oshirilgan: usturloblar, armilyar shari, balistislar, trisvetrlar, shanillar hamda soat va hokazolar.
Zij (Yulduzlar jadvali) qachon yozila boshlanganligi ma’lum emas, ehtimol 1420-yillarda bo‘lishi mumkin. Toshkentda topilgan forsiy qo‘lyozmaga asosan 1444 yilda yakunlanganligi e’tirof etiladi. Lekin Ulug‘bek umrining so‘nggi damlarigacha ham unga o‘zgartirishlar kiritgan bo‘lsa ajab emas. Bu jadval Ulug‘bek yiqqan munajjimlar guruhining zahmatli mehnati mahsulidir. Uning o‘zi ham asarni bir shaklga jamlashda ishtirok etdi. Odatga ko‘ra, rasadxona munajjimlari tomonidan tuzilgan zij o‘z sulolasi yoki hukmdor nomi bilan atalib, Ziji Ko‘ragoniy deb nomlangan. Yulduzlar jadvalining Frantsiyada bosilib chiqqan nusxasi fors tilidan (Sediyyo) tarjima qilingan bo‘lib, Ulug‘bekning o‘zi yozgan 6 sahifali kirish so‘zi bilan qo‘shib hisoblaganda, 200 sahifani tashkil qiladi.
Yulduzlar jadvalini tuzish jarayonida 1430 yili al-Koshiyning, 1436 yili Qozizoda Rumiyning o‘limi olimlar uchun katta yo‘qotish bo‘ldi. Ulug‘bek Zijning kirish qismida ularga chuqur hurmat izhor qilib, asarning yakunlanishida yosh Ali Qushchining xizmatlari yuksak bo‘lganligini ta’kidlaydi.
Ulug‘bekning ikki o‘g‘li bo‘lib, ularga bolaligidanoq turlicha munosabatda bo‘linganligi ma’lum. Ota kichik o‘g‘li Abdulazizni erkalab o‘ziga juda yaqin tutdi, to‘ng‘ich o‘g‘li Abdulatifni esa Xurosondagi buvisi Gavharshodbegim yoniga jo‘natdi. Shu yo‘sinda, Abdulazizga ko‘proq yon bosib, uni ortiqcha e’tibor bilan Samarqandga chaqirtirib, xalq oldida valiahd deb e’lon qildi.
1447 yil 2 mart kuni qisqa betoblikdan so‘ng Shohruh Mirzo vafot etdi. Ulug‘bek bundan qattiq qayg‘uga tushib, hokimiyatni kuch bilan egallashga urinayotgan jiyanlaridan biriga qarshi Xurosonga qo‘shin tortishga majbur bo‘ldi. Abdulatifning yordami tufayli, 1448 yili Tarbobdagi jangda jiyanini mag‘lubiyatga uchratdi. Qonuniy hokimiyatni qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Samarqandga, kenja o‘g‘li yoniga qaytib keldi.
Otasi tufayli uzoq yillar poytaxtdan yiroqda bo‘lgan Abdulatif o‘zini kamsitilgan deb hisoblaydi va unda otasiga nisbatan chuqur xusumat paydo bo‘ladi. U beburdlikka berilib ketgan va shaharda o‘z bilganicha yashovchi hamda hukmdorga bo‘ysunmay qo‘ygan askarlar orasidan o‘z tarafdorlarini topishga muvaffaq bo‘ldi. Ba’zi dindor hamtovoqlariga tayangan Abdulatif o‘z atrofiga otasini taxtdan ag‘darishga shaylangan hamda hukmdorga qarshi kayfiyatda bo‘lgan jangchilardan yetarlicha yig‘ib olishga muyassar bo‘lganligi ham aniq. Ikkala qo‘shin o‘rtasidagi jang Samarqand yaqinidagi Damashq qishlog‘ida bo‘lib o‘tdi. Ulug‘bek jangda mag‘lubiyatga uchradi, Abdulatif otasini asir oldirdi va uni o‘ldirish to‘g‘risida farmon berdi… Bu fojia 1449 yil 27 oktyabrda hukmdorning 55 yoshlik vaqtida sodir bo‘ldi. Ulug‘bek Go‘ri Amir maqbarasiga, bobosining yoniga dafn qilindi. Qabrtosh ustidagi yozuv Ulug‘bekning shahid bo‘lganligi va Abdulatif padarkush ekanligini tasdiqlaydi.
Bu fojianing asl sababi va mohiyati to‘g‘risida hozirgacha bosh qotirishadi. Ulug‘bekning to‘ng‘ich o‘g‘li bilan kelisha olmaganligining boisi nimada edi? Birinchi tasdiq Temurbek hukmronligining so‘ngida paydo bo‘lib, Ali Yazdiy “Zafarnoma” (1425) kitobida bu voqeaning astrologiya bilan bog‘liqligini ko‘rsatadi. Rasmiy astrologlar tomonidan o‘rganilgan va uning o‘zi ham tekshirib chiqqan Ulug‘bekning taqdiri to‘g‘risidagi bashoratda (goroskop) ko‘rsatilishicha, uning tug‘ilgan kuni Ajdarning dum qismida joylashgan Sher burjida bo‘lib, bu halokatdan nishona edi. Abdurazzoq Samarqandiy o‘zining 1471 yilda yozgan yilnomasida bu voqeani quyidagicha to‘ldiradi: uning fikricha, Ulug‘bek va o‘g‘li o‘rtasidagi adovat ularning taqdiridan kelib chiqadi. Olim Ulug‘bekning taqdir yulduzi Ajdar dum qismida bo‘lib, baxtsizlik va musibatni ifodalasa, Abdulatifniki Ajdarning bosh qismida bo‘lib, kuch va g‘alabadan darak berishligini ta’kidlagandi.
Ulug‘bek uchun Yulduzlar jadvalining to‘rtinchi bobini tashkil qilgan astrologiya alohida bir fan hisoblanardi. U o‘zi qayta hisoblab chiqqan bu bashorat jadvali (goroskop) ga ishonar edi. O‘g‘lining o‘ziga qarshi is’yon ko‘tarishi mumkinligi bois, uni o‘zidan uzoqda saqladilar va bu Abdulatifning valiahdlik huquqidan mahrum bo‘lishiga olib keldi. Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, baxtiqaro Ulug‘bek o‘g‘lining nafratini qo‘zg‘ab, o‘z taqdirining shunday yakun topishiga ehtimol o‘zi sababchi bo‘lgandir.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2009 yil 28-sonidan olindi.