Ibn Sino ilmi hikmat bobida

Abu Ali ibn Sino

O‘rta asrlar Sharqining buyuk allomasi, vatandoshimiz Abu Ali Husayn Ibn Abdulloh Ibn Sino avvalo tabib va faylasuf edi. Ayni vaqtda boshqa fanlar, jumladan, fizika bilan mashg‘ul bo‘ldi. Uning mexanik harakat, issiqlik, tovush va yorug‘likning tabiatiga qarashlari diqqatga sazovordir. Yorug‘lik va tabiatda uchraydigan ko‘plab yorug‘lik hodisalariga nisbatan bildirgan fikrlari ilmiy va tarixiy ahamiyatga egadir. Chunki ilm-fanning bu sohasidagi taraqqiyot yo‘li juda murakkab bo‘lganidan dalolat beradi.

Yorug‘lik va yorug‘lik hodisalarining tabiatini tushunish va tushuntirishda Ibn Sinodan hozirgi zamon darajasidagi bilimni talab qilib bo‘lmaydi, albatta. Uning yorug‘lik haqidagi tasavvuri bizning hozirgi tasavvurimizdan yiroq ekanligi tabiiy, ammo yorug‘lik kabi murakkab hodisaning sirlariii ochish uchun to‘g‘ri yo‘l tanlashga urinishda Ibn Sinoning buyuk allomaga xos sezgirligi ko‘rinib turardi. Aynan shuning uchun ham olim yorug‘lik va ko‘rish jarayoni to‘g‘risidagi mulohazalariyu farazlari bilan zamondoshlari hamda ustozlaridan juda ilgarilab ketdi.

Ma’lumki, optika fani nima uchun atrofimizdagi narsalarni ko‘ramiz, yorug‘lik o‘zi nimadan iborat, u ko‘zdan chiqadimi yoki jismdan chiqadimi kabi savollarga javob topishga urinishlar natijasida paydo bo‘lgan. Ibn Sino ham avvalo yorug‘lik o‘zi nima, degan savolga javob berishga harakat qildi. Beruniy ham Ibn Sinoga: «Yorug‘lik o‘zi nima: jismmi, aktsident (xossa) yoki biror boshqa narsami?» degan savol bilan murojaat qildi. U javob berib: «Yorug‘lik aktsidentdir», dedi. Ibn Sinoning fikricha, «yorug‘likning moddiyligiga ishonish asossizdir».

Ammo olim o‘z javoblarida qat’iy emas. O‘z asarlarida bu savolni atroflicha muhokama qilar ekan o‘zi ham yorug‘likning moddiyligiga ishonishga moyil ekanligini ko‘rish mumkin. Ibn Sino yorug‘lik tezligining chegaralanganligini bilmas edi. Yorug‘lik tezligining «cheksizligi» uning moddiy emasligini tasdiqlovchi dalil bo‘lib tuyuladi Ibn Sinoga. «Agar yorug‘lik jism bo‘lganda edi, — deb yozadi Ibn Sino, — yaqin masofadagiga qaraganda uzoq masofadan kechikib tushgan bo‘lar edi. Quyosh nuri yonginamizda turgan lampa nuri bilan bir vaqtda tushmasligi kerak edi», deb mulohaza yuritadi olim. Ibn Sino yorug‘likning moddiy emasligini isbotlash uchun yana quyidagi dalillarni keltiradi: «Agar yorug‘lik jism bo‘lsa, u holda yorug‘lik nurlarining havoda o‘zaro kirishib ketishiga aql bovar qilmaydi… quyoshdan yoki alangadan uzluksiz ravishda jism ortidan jism chiqib tursa, u holda yorug‘likning chiqishi quyosh va alangani suzar (filtrlar) edi».

Yorug‘likning moddiyligiga qarshi keltirilgan bu dalillar yorug‘likning o‘sha paytlarda hech kimga ma’lum bo‘lmagan ob’ektiv xossalariga olim alohida e’tibor berganligini ko‘rsatadi. Ibn Sinoning zamondoshi arab olimi al-Xaysam yorug‘lik tezligi chekli, degan fikrni bildirgan edi. Ilmiy xabarlarning o‘sha zamonlardagi tarqalish tezligini e’tiborga olsak, al-Xaysamning ilmiy bashoratlaridan Ibn Sino bexabar qolgan deb hisoblash mumkin. Hozir esa yorug‘lik tezligi soniyada 300 000 km ekanligi, quyosh nuri oldimizdagi lampa nuridan sakkiz daqiqa chamasi kechikib yetib kelishi har bir maktab o‘quvchisiga ma’lum. Yorug‘likning mustaqillik qonuni nurlar o‘zaro kirishib ketishini tushutirib berdi. Hozir mustaqillik qonunidan chetlanishni ham bilamiz, ya’ni nurlar bir-biri bilan erkin kirishib keta olmaydi, ular bir-biriga halaqit qiladi, yorug‘lik interferentsiyasi yuz beradi. Ammo bu hodisa istalgan sharoitda kuzatilavermaydi. Nur o‘zi bilan massa va energiya olib ketishi sababli yorug‘lik manbaini, ya’ni quyosh yoki alangani ma’lum darajada filtrlashini ham bilamiz, ya’ni nurlanish tufayli quyosh massasi uzluksiz kamayib borishini tan olishga majburmiz. Ammo bu haqiqatlar Ibn Sinodan keyin necha-necha asrlar o‘tgach ma’lum bo‘ldi.

Ko‘rish jarayonini tushuntirayotib Ibn Sino yozadi: «Nur yo substantsiya yoki aktsidentsiya. Agar aktsidentsiya bo‘lsa u bir joydan boshqa joyga siljiy olmaydi. Moddiy substantsiya bo‘lsa, u holda havoda tarqalishi mumkin». Shu bilan birga olimning fikricha, issiqlik ham aktsidentsiyadir, o‘z-o‘zidan harakatda bo‘la olmaydi. «Lekin u (issiqlik) aktsidentsiya sifatida harakatdagi jism ichida bo‘la oladi. Jism isishining sabablaridan biri yorug‘likdir. Yoritilgan har qanday jism yoritilmagan jismga nisbatan issiqdir, zarrabin esa yorita turib kuydirishi mumkin». Olimning bu mulohazalarini qiyoslab, yorug‘lik aktsidentsiya emas, balki moddiy substantsiyadir, degan xulosaga kelishimiz tabiiydir. Chunki yorug‘lik harakatdagi materiya bo‘lmaganda edi, o‘z-o‘zidan harakat qila olmaydigan issiqlikni o‘zi bilan olib o‘ta olmas va yoritilgan jismlarni isita olmas edi. Yorug‘lik oqimi kattaligi yorug‘lik tarqalishi yo‘nalishiga tik bo‘lgan yuzadan vaqt birligida yorug‘lik olib o‘tgan energiyaning kattaligi bilan xarakterlanadi. Ham zarra, ham to‘lqin xossasiga ega bo‘lgan yorug‘lik materiyaning bir ko‘rinishi, energiya esa materiyaning xossasi, Ibn Sino aytganidek, energiya — bu aktsidentsiya, harakatdagi materiya, ya’ni yorug‘lik bilan bir joydan ikkinchi joyga ko‘chadi yoki materiyaning boshqa bir ko‘rinishi bilan ko‘chishi mumkin.

Quyoshni Ibn Sino yerdagi energiyaning asosiy manbai deb hisoblaydi. «Agar yer quyosh nurlari bilan isitilmasa va o‘z atrofidagi havoni isitmasa edi, — deb yozadi olim, — yerda juda sovuq bo‘lar edi». Alloma bunday xulosaga keladi: «Nur tik holatda tushsa», jism yaxshi yoritiladi va kuchli isiydi. «Nur tik yo‘nalishda qanchalik og‘ishsa, yoritilish shuncha kuchsiz bo‘ladi. Yoz kunlarida quyosh shimolga siljiydi, tik holatga yaqinlashadi, shunda yer ortiqroq yoritiladi», shuning uchun yozda havo juda issiq bo‘ladi. «Qishda kuchli sovuq bo‘lishining sababi shuki, qishda quyosh nurlari o‘tmas, keng yoyilgan burchak bilan qaytadi». Ko‘rinib turibdiki, quyosh nurining yerga tushishini kuzatib, Ibn Sino o‘z mulohazalari bilan yoritilganlikning hozirgi qonunlariga yaqin, chunki yoritilganlik nur tushish burchagining kosinusiga to‘g‘ri mutanosibligi ma’lum.

Ibn Sino o‘z asarlarida ko‘rish jarayonini tushuntirishga alohida e’tibor bergan. Bu o‘rinda avvalo «Yorug‘lik nimadan chiqadi: ko‘zdanmi yoki jismdanmi?» degan savolga javob berish zarur edi. Beruniy ham Ibn Sinoga murojaat qilib: «Suv sirti silliq bo‘lganda suv tagida yotgan narsani qanday qilib va nima uchun ko‘ramiz, ko‘rish nurlari jismning silliq sirtidan qaytib ketadi-ku!» deb so‘raganda aynan shu savolni nazarda tutgan edi. «Aristotelning fikricha, — deb yozadi Ibn Sino,— ko‘rish ko‘zdan nur chiqishidan iborat emas». Yorug‘lik suv tagida yotgan jismdan chiqadi, suv esa yorug‘likni ko‘zga yetkazib berish qobiliyatiga ega bo‘lgan shaffof jismdir, deb tushuntirdi olim. Aristotelgacha va undan keyin ham ko‘plab olimlar «nur ko‘zdan chiqadi va jismlarga borib yetadi, shunday qilib, ular seziladi va ko‘rinadigan bo‘lib qoladi, deb o‘ylashgan. Bu bema’nilikdir, — deb yozadi Ibn Sino, — qaysi bir ko‘zda osmondan tortib to yergacha bo‘lgan butun bir olamni ko‘ra oladigan nur bo‘lishi mumkin?»

U ko‘zdan nur chiqishi mumkinligini qat’iyan rad etadi va bu da’volarga qarshi ko‘plab dalillar keltiradi. «Agar ko‘zdan nimadir chiqib, jismning o‘lchamini bilish maqsadida ularni sezganda edi, u vaqtda uzoqda turgan jismni biz kichik o‘lchamda ko‘rmagan bo‘lar edik», deb tushuntiradi olim. «Yorug‘lanayotgan jism yorug‘lik chiqarish xususiyatiga ega va boshqa jismlarni, ulardan biror narsa ajralib chiqmasa ham (yorug‘lik chiqarmasa ham) yoritadi», «o‘zidan nur chiqaradigan har bir jism oraliqda shaffof jism bo‘lsa boshqa jismni yoritadi», deb qayd qiladi. Al-Xaysam ham «yorug‘lik nurlanuvchi jismdan chiqadi va ko‘zga tushib ko‘rish tuyg‘usini uyg‘otadi», deb Ibn Sino bilan bir fikrda qoladi.

Olimning butun dunyoga ma’lum va mashqur asari «Tib qonunlari»da odam ko‘zi tuzilishining tafsiloti keng yoritiladi. Ayrim manbalarda ko‘zning tuzilish tafsilotini optika tarixida birinchi bo‘lib al-Xaysam yozib qoldirgan deyiladi. Ibn Sino va al-Xaysam ikkovi 15 yil farq bilan birinchi va ikkinchi ming yilliklar oralig‘ida bir vaqtda yashaganligi hamda ijod qilganligini, Ibn Sinoning buyuk tabibligini, odam anatomiyasini juda yaxshi bilganligini hisobga olsak, ko‘z tuzilishining tafsilotini birinchi bo‘lib al-Xaysam bergan, degan fikrga qo‘shila olmaymiz. Ular ko‘z tuzilishi tafsilotini bir-biridan bexabar holda bir vaqtda yaratishgan deyishga esa hamma asos bor.

Shunday qilib Ibn Sino ko‘z tafsilotini birinchilardan bo‘lib yozib qoldirgan. Olim chizgan ko‘z surati hozirgi chizmalarga juda o‘xshashligini ta’kidlash lozim. Ayniqsa Ibn Sinoning ko‘z gavhari tasvirni to‘r pardaga uzatadi, degan fikri o‘z zamonasi uchun ilg‘or edi, zotan, ungacha bu fikrni hech kim aytmagan. Ibn Sinoning fikricha, yorug‘lik nurlanuvchi yoki nurni qaytaruvchi jismdan «havo yoki boshqa shaffof jism orqali ko‘zga kelib tushadi va tasvir muzsimon suyuq jism va gavhar yordamida ko‘rish sezgisiga uzatiladi». Shunday qilib, masalaning eng nozik tomoni ham shundaki, Ibn Sinogacha ko‘pchilik olimlar gavhar ko‘zning tasvirni qabul qiluvchi asosiy qismi deb hisoblashgan bo‘lsa, allomaning yuqorida keltirilgan mulohazasidan ko‘rinib turibdiki, gavhar tasvirni ko‘rish sezgisiga (to‘r pardaga) uzatuvchi ikkinchi darajali a’zodir. Ammo ayrim olimlar Ibn Sino xuddi shu o‘rinda Aristotel ta’siridan qutula olmagani uchun xatoga yo‘l qo‘ydi, ya’ni gavharning asosiy a’zo emasligini aniqlay olmadi, deb ta’kidlashadi. To‘g‘ri, Beruniyning savollariga qaytargan javoblarida: «Muzsimon suyuqlik o‘z oldida paydo bo‘lgan hamma tasvirlarni qabul qiladi, shuning o‘zi ko‘rishdir», deb yozadi Ibn Sino. Balki Beruniy bilan savol-javoblar vaqtida ko‘rish jarayonini tushuntirishda Ibn Sino Aristotel qarashlaridan chetlasha olmagan bo‘lsa ajab emas. Ammo keyinchalik o‘zining shoh asari «Donishnoma»da bu xatoni tuzatgan va ko‘rish xususiyatini tushuntirishda ustozidan ilgarilab ketgan.

Uzoqda turgan jismning ko‘zga kichik bo‘lib ko‘rinishini Ibn Sino quyidagicha tushuntiradi: «Uzoqda turgan jism kichik ko‘rinishining sababi shuki, jismdan kelayotgan nurlar orasida vujudga keladigan ko‘rish burchagi kichik bo‘ladi. Shu sababli uzoqda turgan jism bizga yaqin turgan jismga nisbatan kichik ko‘rinadi. Agar jism yaqinda turgan bo‘lsa ko‘rish burchagi katta bo‘ladi, shuning uchun u katta bo‘lib ko‘rinadi».

Optik shishalar: linza, yassi va sferik ko‘zgularning xossalari Ibn Sinoga yaxshi ma’lum bo‘lgan, chunki o‘z asarlarida olim ayrim yorug‘lik hodisalarini tushuntirishda bu shishalarni erkin ishlata bilgan. Masalan, nima uchun zarrabin bilan yoritganda jismlar kuyadi, degan savolga javob berib, yozadi: «Zarrabin yordamida kuydirish shuning uchun sodir bo‘ladiki, unda hamma tomondan keluvchi nurlarni yig‘uvchi nuqta bor. Bu nuqta kuchli yoritiladi, binobarin kuchli isiydi». Shunday qilib, Ibn Sino linzada nurlar sinib to‘planadigan nuqta fokus borligini bilgan. «Agar quyosh nurlari yassi shishaga tushsa, — deb yozadi Ibn Sino, — nurlarni to‘plash qobiliyatiga ega bo‘lmaganidan jismlarni kuydirish xossasiga ega emas».

Linzada teskari tasvir hosil bo‘lishini Ibn Sino yaxshi tasavvur qilgan. «Tog‘ billuridan (linzadan) nur o‘tganda to‘g‘ri ketmaydi, o‘ng tomondan tushayotgan nur chap tomonga ketadi, chap tomondan tushayotgan nur o‘ng tomonga ketadi. Boshqa bir yo‘nalishda tushayotgan nur o‘sha yo‘nalishga teskari bo‘lgan tomonga ketadi. Binobarin, ular bir nuqtada to‘planadi. Va undan keyin muhitda konussimon shaklda tarqalib ketadi. To‘g‘ri yo‘nalishda davom etgan nurlar jismning boshlanishi, to‘g‘ri chiziqdan chiqqan nurlar esa jismning oxirini beradi, shuning uchun o‘ng chapga aylanib qoladi». Shu munosabat bilan Beruniyning «Nima uchun suv to‘ldirilgan kolbadan billur zarrabin o‘rnida kuydirishda foydalansa bo‘ladi?» degan savoliga Ibn Sinoning javobi qiziqarlidir. «Suv tabiatan zich, silliq va rangsiz moddadir, shuning uchun suv to‘ldirilgan shisha kolbadan nur sinishi natijasida nurlarning kuchi to‘planadi va yonish sodir bo‘ladi», deydi u.

Buyuk olim atmosferada kuzatiladigan kamalak, Quyosh va Oy tojlari, sarob, yulduzlarning tunda ko‘rinib kunduz ko‘rinmasligi va boshqa shu kabi optik hodisalar sirini yechishga ham harakat qiladi. Ibn Sinoning fikricha, quyosh nam havoni yoritganda nurning bug‘ qorong‘iligi bilan aralashuvi natijasida kamalak hosil bo‘ladi. Ammo olim «aralashuv» mexanizmini ochib bera olmadi. «Kamalak yuqoridan, pastdan va o‘rtaliqdan turli ranglarga ega bo‘ladi, u aylana shaklida, lekin tugallanmagan aylana… Bug‘ zarralari quyoshdan bir xil masofada joylashganligi uchun quyosh kamalakning qutbi hisoblanadi». Kamalakni Ibn Sino juda uzoq muddat pastlikda va tog‘ ustida kuzatib to‘g‘ri tasvirlay olgan, ammo kamalakda ranglarning paydo bo‘lishini tushuna olmadi, o‘sha paytda kamalak ranglarining paydo bo‘lishi haqidagi nazariyalar ham uni qoniqtira olmadi. U ko‘p marta Oy kamalagini ham kuzatdi.

Kuyosh va Oyni yupqa bulut pardasi qoplab turganda tojlar hosil bo‘lishini Ibn Sino quyidagicha tushuntiradi. «Oy atrofida toj shuning uchun hosil bo‘ladiki, nur Oydan bulut zarralariga ko‘zguga tushgandek tushadi va bu ko‘zgulardan Oygacha bo‘lgan masofa bir xil, bu ko‘zgular juda ko‘p va mayda bo‘lib, Oy atrofida joylashganligi uchun ularni alohida-alohida ko‘ra olmaymiz, faqat birgalikda ko‘rinadi. Shunday qilib, Oy atrofida yorug‘ chiziq ko‘rinadi. Ayrim paytlarda o‘rtada joylashgan holda Oyning o‘zi ham ko‘rinadi. Buning sababi shuki, bulut zarralari nafis va zaif bo‘ladi, ayrim paytlarda Oyning o‘zi ko‘rinmaydi, lekin toj yaxshi ko‘rinadi». Ibn Sino Quyosh atrofidagi ko‘p sonli galoni ham kuzatgan va kamalak bilan galoning farqini tushuntirib bergan. Galoning ayrim belgilari kuzatish yo‘li bilan ob-havoning qanday bo‘lishini oldindan aytish mumkinligini ta’kidlagan.

Shunday qilib, O‘rta asr Sharqining buyuk allomasi va tabibi yorug‘likning tabiatini va murakkab optik hodisalar mohiyatini tushuntirish ishiga muhim qissa qo‘sha oldi. Ibn Sino yorug‘likning tabiatiga qarashlari bilan ustozlari va zamondoshlaridan ancha o‘zib ketdiki, uning mulohazalari hozir ham o‘z aqamiyatiii yo‘qotmagan.

Boboqul Jo‘rayev, SamDD fizika kulliyotining dotsenti.

“Fan va turmush” jurnali, 1991 yil, 1-son