Elektr tokini havoda o‘ynatgan ixtirochi

1856 yili Serbiyaning Smilyan shahrida dunyoga kelgan Nikola Tesla bolaligidan g‘ayritabiiy qobiliyatga ega edi. Shu bois maktabni bitirgach, otasining noroziligiga qaramay, Avstriyadagi Oliy texnika o‘quv yurtiga o‘qishga kiradi. Talabalik davridayoq antiqa kashfiyotlari bilan ko‘pchilikning  nazariga tushadi. Yigirma sakkiz yoshida esa ezgu umidlar og‘ushida Nyu-Yorkka keladi. Biroq hayal o‘tmay, o‘g‘rilar uni tunab ketishadi. Bor-budidan ayrilgan Nikola ko‘chada buzilib qolgan elektr qurilmalarni tuzatib, tirikchilik qilishga majbur bo‘ladi. Shu asno bor iqtidorini ishga solib, ilmiy izlanishlarini davom ettiradi. Keyinroq tajribali mutaxasissis sifatida  “Vestingauz elektrik” kompaniyasiga ishga kiradi.

1893 yili Chikagoda bo‘lgan Butunjahon ko‘rgazmasida hayratomuz voqea ro‘y beradi. Nikola Tesla o‘z tanasidan 2 million  voltli tokni o‘tkazib, yonib turgan elektr lampochkalarni qo‘lida bemalol ushlab turadi. Buning sirini so‘rashganida, u “Gap elektr tokining quvvati qanchaligida emas, balki manbaga qanday ulanishida!” deyishdan nariga o‘tmaydi. Xuddi o‘sha yili to‘lqinli ilk radiouzatkichni ixtiro qiladi. Bundan asosiy maqsadi Yer sayyorasining bir burchagidan boshqa bir burchagiga elektr quvvatini simsiz uzatishni joriy etish edi.

U Koloradoda ham talay tajribalar o‘tkazadi. Sun’iy momaqaldiroq, chaqmoq va yashin chaqirish yo‘llarini kashf qiladi. O‘zi qurdirgan maxsus minoradan ancha olisdagi ikki yuztaga yaqin elektr lampochkani simsiz yoqib, hammani lol qoldiradi.

1895 yili dunyodagi eng yirik Niagara GESi qurilishi boshlanadi. Nikola, odatdagidek, bu yerda ham aqlbovar qilmas ishlarga qo‘l uradi. Kuchli generatorlarni, radioto‘lqinlar vositasida ishlaydigan va masofadan turib boshqariladigan qurilmalarni kashf qiladi. Eng ajablanarlisi, Tesla laboratoriya sharoitida elektr energiyasini havoda o‘ynatib, jomadoniga joylashtirishni o‘zlashtiradi. Buni ko‘rganlar olimni sehrgarga yo‘yishadi.

Nikola Tesla 1900 yili Nyu-Yorkda taniqli bankir Jon Pirponta Morgan homiyligida xalqaro aloqa minorasini barpo etishga kirishadi. Uning loyihasi “Wardenclyffe” deb nomlanib, ikki ming kishi ishtirok etishi kerak edi. Shunga binoan, Long Aylend orolida ilmiy shaharcha quriladi. Balandligi 57 metrlik qizil minora tiklanib, uchiga misdan yasalgan “likopcha” va ulkan qurilma o‘rnatiladi. Inshoot poydevori sifatida chuqurligi 36 metrlik shaxta qaziladi. 1905 yilgi sinov yaxshi samara beradi. Ammo keyinchalik ayrim sabablarga ko‘ra, bu tajriba to‘xtatiladi. Olimning orzusi ushalmay qoladi.

1931 yili Nikola ommaga navbatdagi g‘aroyib ixtirosini namoyish etadi. Bejirimgina “Limuzin” avtomobilining benzin bilan ishlaydigan dvigatelini elektrmotorga almashtiradi. Mashina ustiga esa qandaydir quti joylashtiradi. Natijada mashinaning tezligi soatiga 150 kilometrga yetadi. Tomoshabinlar motorga energiya qayerdan kelayotganini so‘rashganida, olim “Efirdan” deb javob beradi, xolos. Qarabsizki, ayrim kimsalar “Bu avtomobil qora kuchlar ta’sirida harakatlanayapti, unga olimning zarracha  daxli yo‘q!” deya Teslani kamsitishadi. Bundan jahli chiqqan olim avtomobil ustidagi sehrli qutini oladi-da, laboratoriyasiga jo‘nab ketadi va o‘zi yaratgan ixtiro sirini hech kimga oshkor etmaydi. Kim bilsin, o‘shanda odamlar uni masxara qilishmaganda, bugun sizu biz motori yonilg‘isiz ishlaydigan avtomobillardan ommaviy ravishda foydalanayotgan bo‘larmidik.

Eng ajablanarlisi, Nikola Teslaning kundalik daftari ham izsiz yo‘qolgan. U o‘zi yaratgan g‘aroyib ixtirolarning barchasini oshkor etmagan, ba’zilarini negadir sir  saqlagan. Ayrim mutaxassislarning taxminlaricha, olim ixtirolari chizmasini yoqib yuborgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Aftidan, u urush davrida o‘zining buyuk kashfiyotlari dushmanlar qo‘liga tushib qolishini xohlamagan.

Qisqasi, Nikola Tesla 86 yillik umri davomida elektr tokini simsiz uzatish usulini, dastlabki elektr soatni, quyosh energiyasi yordamida ishlaydigan dvigatelni, elektropech hamda elektromikroskopni ixtiro qildi.  Uning shaxsiy hayoti qanday kechgani, oilaviy ahqoli, betakror iqtidori va ixtirolari haqida turli-tuman ma’lumotlar mavjud. Hozir mutaxassislar ularni batafsil o‘rganmoqdalar.

Abdunabi Haydarov