Nyu-York, Ist-Xyuston ko‘chasi, 48-uy. Bu manzilda g‘alati, ko‘zlari allaqanday nur sochuvchi odamovi olim yashardi. Uning graf Drakulaning qarindoshi va quyosh nuriga chiqa olmaydigan vampir ekanligi haqida mish-mishlar yurar, uning yer sharini bo‘laklarga bo‘lib tashlashga qodir qurol yaratgani haqida gapirishardi. Bu shaxs Nikola Tesla edi. Aslida, Teslaning Drakulaga hech qanday aloqasi yo‘q, Quyoshdan esa qochishi rost edi, chunki u tez-tez elektromagnit maydoni ta’siriga tushib qolar, miyasi o‘ta sezgir qobiliyatga ega bo‘lardi. Yorug‘lik uning ko‘zlarini og‘ritar, shitirlagan tovush ham qulog‘iga xuddi momaqaldiroqdek eshitilardi. Qorong‘ulikda esa uning ko‘zlari juda yaxshi ko‘rardi.
Doimiy – yaxshi, o‘zgaruvchan – zo‘r
Bo‘lajak ixtirochi 1856 yilning 9 iyulida Serbiyadagi Smilyan shaharchasida tug‘ildi. Yoshligidayoq Tesla g‘ayrioddiy ko‘rinishda edi: bo‘yi baland, ozg‘in, yonoqlari turtib chiqqan, odamni teshib yuborgudek boquvchi chaqnoq ko‘zlar. U boshqalar ko‘ra olmaydigan nurlarni ko‘rish qobiliyatiga ega edi. Uni elektr yoshlik davridan boshlab qiziqtirib qo‘ydi. O‘sha osmondagi chaqmoqdan tortib, mushukni silaganda paydo bo‘ladigan uchqunlargacha.
Ruhoniy otasi uning ham ruhoniy bo‘lishini istardi. Ammo Nikola avval Avstriyaning Grats shahridagi texnika maktabiga, so‘ngra Praga universitetiga o‘qishga kirdi. Ikkinchi kursdaligida uning xayolini o‘zgaruvchan tok induktsion generatorini yaratish fikri band etdi. Tesla professor Yakov Peshlga bu fikrini aytganida, professor uni telbaga chiqardi. Ammo bu xulosa ixtirochini yanada ruhlantirdi va 1882 yilda u induktsion generatorni ixtiro qildi. 1884 yilda Tesla Amerikaga yo‘l oldi. U ixtirochi Tomas Edisonga parijlik tanishidan maktub olib bordi. Maktubda shunday so‘zlar yozilgandi: «Men dunyoda ikki buyuk odamni taniyman. Biri siz, ikkinchisi mana shu yigit».
Nyu-Yorkka Nikola sarguzashtlar bilan yetib kelgandi. Avvaliga uni tunab ketishdi. Tesla Amerikaga och, yuksiz, cho‘ntagida to‘rt tsent pul bilan keldi. Ammo bu yer ulkan imkoniyatlar mamlakati ekanligini darhol angladi: Brodveyda elektromotorni tuzatishga urinayotgan kishilarga yordam berib, 20 dollar ishladi. Edison yosh elektrotexnikni o‘z kompaniyasiga ishga oldi, biroq ikki ixtirochi orasida shu zahoti ixtilof yuzaga keldi. Ular muammoning yechimiga turlicha yondashardilar.
Edison va Teslaning ajralishlariga ularning elektrning kelib chiqishiga oid turli qarashlarda ekanliklari sabab bo‘ldi. Edison umume’tirof etilgan «zaryadlangan zarralarning harakati»ga ishonsa, Tesla boshqacha fikrda edi. Uning fikricha, butun olam qandaydir ko‘rinmas modda bilan o‘ralgan, bu modda yorug‘lik tezligidan ham bir necha barobar tez bo‘lgan silkinishni vujudga keltirardi. «Koinotning har bir millimetri cheksiz, tuganmas energiyaga to‘la» deb fikr yuritardi Tesla. Tomas Edison Teslani tanqid qilavergach, ixtirochi unga garov bog‘lashni taklif etdi. Edison bu taklifga rozi bo‘ldi. Garovga ko‘ra, Tesla o‘z uslubi yordamida Edisonning zavodlaridan birini elektrlashtirishi kerak edi. Edison agar yutqazsa, 50 ming dollar berishini aytdi. Uning fikricha, Teslaning rejasi amalga oshirib bo‘lmaydigan ish edi. Tesla yigirma to‘rt xil uskuna tayyorladi va qisqa vaqt ichida rejasini amalga oshirdi. Uning uslubi bo‘yicha elektrlashtirish iqtisodiy tejamkorlik jihatidan judayam yuqori edi. Edison buni ko‘rib
hushi boshidan uchdi, ammo pulni berishdan bosh tortdi. Shundan so‘ng ular butunlay yuzko‘rmas bo‘lib ketishdi.
Edison bilan xayrlashgandan so‘ng Teslani «Vestingauz Elektrik» kompaniyasi xo‘jayini, gidravlik parovoz tormozi ixtirochisi Jorj Vestingauz o‘ziga yolladi. Bu millioner Teslani 1888 yilgi Amerika muhandis-elektriklar institutidagi ma’ruzada ko‘rgandi. U Teslaning 40ta patentining har birini 25 ming dollardan sotib oldi va o‘zini maslahatchi sifatida ishga oldi. Kompaniyada ishlash jarayonida Tesla ko‘p fazali elektr mashina, asinxron elektrodvigatel va ko‘p fazali o‘zgaruvchan tok orqali elektroyenergiya uzatish tizimiga patent oldi.
1893 yilda Chikagoda tashkil etilgan Butunjahon ko‘rgazmasida tashrif buyuruvchilar ozg‘ingina olimning ikki million volt kuchlanishga ega tokni qanday qilib o‘zi orqali o‘tkazayotganini dahshat bilan kuzatishgandi. Nazariy jihatdan olib qaraganda, olimning kuli ham qolmasligi kerak edi. Ammo u jilmayib turar, qo‘llarida esa elektrolampalar yonib turardi.
Telba ixtirochi
1895 yili Vestingauz dunyoda eng ulkan Niagara GESini ishga tushirdi. Bu yerda ham Teslaning qudratli generatorlari ishlab turardi. O‘shanda ixtirochi masofadan boshqariladigan mexanizmlar ustida ish olib borayotgandi. Medison-Skver-Gardenda u masofadan turib qayiqchalarni boshqardi. Odamlar buni afsungarlikka yo‘yishdi. Teslaning tajribaxonasida bo‘lganlar uning havoda energiyadan paydo bo‘lgan sharsimon nurni qanday qilib qo‘lida o‘ynatgani va chamadoniga solib qo‘yganini dahshat bilan xotirlashardi. 1898 yilda Tesla tajribaxona joylashgan binoning tomiga kichkina uskuna o‘rnatdi. Bir ozdan so‘ng butun bino silkina boshladi. Odamlar qo‘rqqanidan ko‘chaga otilib chiqishdi. Teslaning uyiga tez orada politsiya va jurnalistlar yetib kelishdi. Ammo u uskunasini o‘chirgan va yo‘q qilishga ulgurgandi. Keyinroq u jurnalistlarga «Bruklin ko‘prigini bir soatda buzib tashlashim mumkin edi», degandi. U hattoki mos keladigan vibrator bo‘lsa, yer sharini ham bo‘laklarga bo‘lib yuborish mumkinligini aytgandi.
Kolorado Springsda Teslaning tajriba o‘tkazishi uchun yuqorisida ulkan mis shar o‘rnatilgan minora barpo etildi. Bu yerda olim uzunligi 4 metrga yetadigan chaqmoqni paydo qildi. Atrofga uchqunlar sachradi. Otlarni ham taqalari orqali tok urdi. Odamlarni qo‘rquvga solgan bu tajriba ham bejizga o‘tkazilmagandi. Minoradan 30 kilometr uzoqlikda shu paytda bir vaqtning o‘zida 200ta elektr lampochkasi yonib turardi. Elektr toki simsiz, yer orqali uzatilgandi.
Oxir-oqibat, Kolorado Springsdagi tajribalar mahalliy elektrostantsiyadagi generatorni ishdan chiqardi. Nyu-Yorkka qaytishga to‘g‘ri keldi. 1900 yili Tesla bankir Jon Pirpont Morganning topshirig‘iga binoan Butunjahon simsiz elektrostantsiyasini qurishga kirishdi.
Long-Aylend orolida tepasiga ulkan mis «tovoq» – uzatgich o‘rnatilgan 57 metrli minora qurildi. Minoraning asosi 36 metr chuqurlikda edi. 1905 yilda ilk sinov amalga oshirildi. «Tesla minglab kilometr uzoqlikdagi osmonni yoritdi» deb yozgandi gazetalar. Simsiz energiya uzatuvchi ikkinchi minorani Tesla Niagara sharsharasiga qurmoqchi edi. Ammo bu loyiha juda katta mablag‘ talab qilardi. Shu tarzda loyiha amalga oshmay qoldi.
Tesla 1893 yilda – Markonidan bir necha yil oldinroq birinchi to‘lqin uzatuvchi radioqurilmani ixtiro qilgan bo‘lsa-da, u Morganga aloqa emas energiyani simsiz uzatishga ko‘proq qiziqishini aytgandi.
Ammo Morgan buning daromad keltirmasligini o‘ylab, unga ro‘yxushlik bermadi. Birinchi jahon urushi boshlangach esa, Amerika hukumati minoraning dushmanlar tomonidan foydalanilishi mumkinligidan xavotirlanib, uni portlatib yuborishga qaror qildi. Shu tarzda Teslaning dunyoni simsiz bog‘lash haqidagi orzusi sarobga aylandi.
Shundan so‘ng Tesla patentlarining bir qismini 15 million dollarga sotdi. Puliga esa Nyu-Yorkda o‘z tajribaxonasini qurdi. U yana ixtirolar ustida ishladi, patent ketidan patent oldi.
Uning tajribalari afsonaga aylangan. Hattoki, 1908 yilgi Tungus meteoriti hodisasini ham u bilan bog‘lashadi. Aynan o‘sha hodisa yuz bergan paytda Tesla ulkan miqdordagi energiyani havo orqali uzatish bo‘yicha tajriba o‘tkazayotgan bo‘lgan. Tungus portlashidan bir necha oy ilgari u mashhur sayyoh Robert Pirining Shimoliy qutbdagi ekspeditsiyasi yo‘lini masofadan turib yoritib berishini e’lon qilgandi. AQSh Kongressi kutubxonasida uning Sibirning kimsasiz joylari xaritasini so‘raganligini tasdiqlovchi maktubi saqlanishi Tungus meteoritiga uning aloqasi borligi haqidagi taxminlarni paydo qilgan.
1926 yilda u Valdopf-Astopiya va Hyu-Yopkdagi tajribaxonasiga radiomachta o‘rnatdi. Radiomachta orqali olim noma’lum signallarni qabul qiladi. Bu signallar o‘zga sayyoradan kelganini taxmin qilishadi.
1931 yilda Nikola Tesla ommaga sirli avtomobilni namoyish etdi. U qimmatbaho limuzinning dvigatelini olib tashladi va elektromotor o‘rnatdi. So‘ng kapot ichiga kichkinagina quticha o‘rnatdi va motorga uladi. «Endi energiya bor» degan Tesla avtomobilga o‘tirdi va yurgizdi. Avtomobilning tezligi soatiga 150 kilometrga yetdi. Mashinani bir hafta sinashdi. Qutichadagi tok manbai esa tugay demasdi. «Tok qayerdan kelyapti» degan savolga u «Borliqdan» deb javob berardi. Yig‘ilganlar uning afsungar ekanliklarini aytishgach, Tesla jahl bilan qutichani chiqarib oldi va tajribaxonasiga olib ketdi. Bu qutining qanday yasalgani va nima hisobiga ishlagani hozirgacha sirligicha qolmoqda.
Tesla o‘limidan bir oz oldin 400 kilometr masofadan turib 10 mingta samolyotni yo‘q qilishga qodir «ajal nuri»ni ixtiro qilganligini e’lon qildi. Amerikaning DARPA agentligi 1958 yilda uning loyihasi asosida «ajal nuri»ni yaratish ustida ish boshlagan. Ammo 1982 yilda tajribalarning muvaffaqiyatsizligi va yirik mablag‘ sarflanganligi sababli loyiha to‘xtatilgan.
Tesla ochgan eshiklar
Ikkinchi jahon urushi boshlanishidan avval u AQSh harbiy-dengiz vazirligining maxfiy loyihalari ustida ish boshladi. Bu loyihalar dushmanni yo‘q qilish uchun masofadan turib energiyadan foydalanish, vaqtni boshqarish kabi loyihalar edi. «Filadelfiya tajribasi» deb nom olgan mashhur voqea uning ishtirokida boshlangan.
Nikola Tesla bu tajribada insonlar qurbon bo‘lishi mumkinligini oldindan bilgan va uskunani qaytadan tayyorlash kerakligini talab qilgandi. Ammo urush sharoitida bunga vaqt ham, mablag‘ ham yetmasdi. Teslaning o‘limidan o‘n oy o‘tgandan so‘ng Amerika harbiy floti kemalarni radarga ko‘rinmaydigan qilish borasida tajriba o‘tkazdi. Buning uchun «Eldrij» esminetsiga Nikola Teslaning generatori yordamida radarga ta’sir o‘tkazadigan «elektromagnit pufak» o‘rnatishdi. Tajriba paytida mutlaqo kutilmagan hodisa yuz berdi. Kema nafaqat radarga, balki inson ko‘ziga ham ko‘rinmaydigan bo‘lib qoldi. Buning ustiga, kema turgan joyidan yuzlab kilometr uzoqlikda paydo bo‘lib, so‘ng yana Filadelfiyadagi bazaga qaytdi. Kema Filadelfiyadan Norfolkka «borib-kelguncha» uning ichidagi odamlar butunlay telbaga aylanishdi. Ularni uzoq vaqt davolashga urinishdi, ammo foydasi bo‘lmadi. Shundan so‘ng bu loyiha bekor qilindi.
Tesla 1943 yilning 7 yanvarida qashshoqlikda vafot etdi. Uning bor mablag‘i turli loyihalarni amalga oshirish uchun sarflangandi. Teslaning o‘limi haqida xabar tarqalishi bilanoq, FQB maxsus bo‘limi u vafot etgan mehmonxona xonasini tintuv qildi. Nikola Teslaga tegishli bo‘lgan barcha yozuv va chizmalar olib ketildi.
Uning jasadi kuydirildi va kuli solingan quti Nyu-Yorkdagi Fernkliff qabristoniga qo‘yildi.
Nikola Teslaning aksariyat qo‘lyozmalari haligacha topilmagan. Ayrimlar bu qo‘lyozmalarni uning o‘zi yondirib yuborgan deb taxmin qilishadi. Chunki zamonasidan o‘tib ketgan olimning ixtirolariga insoniyat hali tayyor emasdi…
Dilshodbek Asqarov tayyorladi.