Elena Knyazeva, Aleksey Turobov. Tabiat to‘g‘risidagi yagona fan

SINERGIYa — HAMJIHAT HARAKAT

Sinergetika mustaqil ilmiy yo‘nalish sifatida 1969 yili paydo bo‘lgan. Ayni o‘sha yili nemis fizigi German Xaken Shtutgart shahri dorilfununida lazer nurlanishi nazariyasiga oid mashg‘ulotlarida “sinergetika” atamasini qo‘llay boshladi. Yunoncha bu yangi atama hamkorlik, muvofiqlashgan harakatlar, hamjihatlikda harakat qilish ma’nolarini bildiradi.

Lazer nur tarami shakllanishi jarayonida atomlarning nurlanishiga muvofiqlashgan harakatlarga qanday samarali ta’sir ko‘rsatadi? Xaken bu xususda shunday yozadi:

“Lazerda aksariyat atomlar, masalan, rubin singari kristallda faol muhitda bo‘ladi. Tashqi kuchaytiruvdan keyin atomlar qo‘zg‘aladilar va yorug‘lik to‘lqinlarini ayrim-ayrim tarzda ketma-ket chiqara boshlaydilar. Shu asno har bir atom signal chiqaradi, ya’ni muayyan axborot hosil qiladi, bu axborot yorug‘lik maydoni orqali o‘tkaziladi. Ketma-ket yorug‘lik to‘lqinlari lazer sahnida boshqa qo‘zg‘atilgan atom bilan to‘qnashishi mumkin, bu ularning yana ham kuchli to‘lqinlar chiqarishiga olib keladi… Alohida atomlar bir-biridan mustaqil tarzda yorug‘lik to‘lqinlari chiqara olganliklari hamda bu to‘lqinlar boshqa qo‘zg‘atilgan atomlar vositasida yana ham kuchayishi mumkinligi bois, garchi kuchaytirilgan bo‘lsa-da, biroq o‘zaro muvofiqlashmagan ketma-ket yorug‘lik to‘lqinlarining favqulodda mavqe hosil bo‘ladi va biz tamomila tartibsiz manzaraning guvohi bo‘lamiz.

Biroq signallar ko‘lami yetarli darajadagi kattalik kasb etgach, tamomila boshqacha jarayon boshlanadi. Atomlar o‘zaro mutanosib tebrana boshlaydilar, natijada maydonning o‘zida ham o‘zaro mutanosib harakatlarning yaxlitligi kuzatiladi, ya’ni endilikda bu maydon ketma-ket to‘lqinlar tartibsiz harakat qiladigan maydonga emas, balki amalda yagona o‘ta uzun sinusoidaga aylanadi.

Bu o‘z-o‘zini idora qilishning an’anaviy namunasi bo‘lib, to‘lqinlarning muvaqqat tartibsizligi tashqi aralashuvsiz yuzaga keladi. Tartibsizliklar o‘rnini muayyan tartib egallaydi. Batafsil matematik nazariyaning ko‘rsatishicha, yorug‘lik to‘lqinlarining yuzaga kelgan tartibsizligi o‘ziga xos tartib-intizom andozasi xizmatini o‘tab, atomlarni o‘ziga bo‘ysundiradi”.

Xakenning mana shu mulohazalarida “o‘z-o‘zini idora qilish” tushunchasiga duch kelamiz. Ayni shu tushuncha sinergetika mohiyatini anglashda juda qo‘l keladi. Aslida sinergetikani o‘z-o‘zini idora qilishga oid fan sifatida ta’riflaydilar yoki batafsil bayon qiladigan bo‘lsak, turli tabiatlarning ochiq notekis tizimida tartibli muvaqqat hamda sahnli strukturalarning o‘z-o‘zidan paydo bo‘lish o‘z-o‘zini boshqarishiga oid fan sifatida ta’riflaydilar.

Xaken kogerent yorug‘lik to‘lqinlari hosil bo‘lishini ta’riflashda sinergetikaning qator boshqa asosiy tushunchalarini qo‘llaydi. Quvvat berilishi mazkur tizim ochiq xususiyatga ega ekanini, ya’ni jadal suratda tashqaridan quvvat berilishi, shuningdek, quvvatning chiqib ketishini bildiradi. Yuzaga keluvchi muvaqqat yoki sahnli struktura faol muhitda shakllanadi hamda o‘ziga g‘oyat xos diskret holat namoyon bo‘lishidan iborat bo‘ladi. Bu tizim tartibli xususiyatga ega emas, ya’ni atomlarning tartibsiz harakatlarini ular nurlanishlarining kogerent yorug‘lik to‘lqinlari xususiyati kasb etishi quvvat ko‘payishiga mutanosib ravishda silliqlik bilan ro‘y bermaydi, balki quvvat muayyan darajada ortgan lahzadan e’tiboran notekis tarzda sodir bo‘ladi. Alohida atomlarning tartibsiz va turlicha harakatlanishi tizimning boshboshdoqlik holatiga mos bo‘lib, ayni shu holatdan bosqichli o‘tish orqali tartib yuzaga keladi. Har qanday tizim uchun tartiblilik andozalarini belgilasa bo‘ladi, natijada har bir muayyan tizimning murakkab holatini juda osonlik bilan ta’riflash, shuningdek, muayyan nazorat andozalarini tanlab olish, ana shu andozalarni o‘zgartirish hisobiga tizimning makroskopik holatini jiddiy o‘zgartirish mumkin. Tartib andozalari tizimning ayrim unsurlari xatti-harakatlarini bo‘ysundiradi — ayni mana shunda Xakenning bo‘ysundirish qoidasi o‘z ifodasini topadi.

Yangi “sinergetika” atamasini yaratishda hamda o‘z-o‘zini idora qilish tartibotlarini ta’riflovchi tushunchalar va nazariyalar tizimini ishlab chiqishda Xaken, shubhasiz, salmoqli o‘rinni egallaydi, lekin u o‘z-o‘zini idora qilish hodisalariga oid tadqiqotlar masalasida kashshoflikka da’vogarlik qila olmaydi.

Tashqi jadal quvvat beriladigan sharoitda barqaror strukturalar hosil bo‘lishi samarasi fizikada azaldan ma’lum. Jumladan, ostidan qizdiriladigan yelimshak suyuqliklardagi konvektiv oqimlar keltirib chiqaruvchi Benar katakchalarini olib ko‘raylik. Bu tajribani har kim uyida sinab ko‘rishi mumkin. Tovaga o‘simlik yog‘ini yetarli miqdorda quyib, uni baland olovga qo‘yishning o‘zi kifoya. Hech qancha o‘tmay, yog‘ning quyidagi, o‘ta qizigan qatlami hamda yuqoridagi hali qizib ulgurmagan qatlami tik oqim bo‘ylab muntazam o‘zaro joy almashayotganining guvohi bo‘lish mumkin. Bunday qatlamlar tartibsiz yoki bir yo‘la butun tova bo‘ylab emas, balki asalari xonachalarini eslatadigan olti qirrali to‘g‘ri xonachalar shaklida o‘zaro joy almashadilar. Suyuqlik quyi va yuqori qatlamlari haroratidagi farq muayyan bosqichli qiymat kasb etganidan keyin o‘z-o‘zini idora qilishning butun sahn bo‘ylab yoyilgan strukturasi yuzaga keladi. Suyuqlikning oqimlari to‘satdan, ya’ni hech qanday tashqi tashkiliy ta’sirsiz tartibli xususiyat kasb etadi, bunday holat nisbatan barqaror va geometrik to‘g‘ri shakllarga mos bo‘ladi.

60-yillarda o‘tkazilgan hisoblash tajribalari kutilmagan natija berdi: plazmaning o‘ta tez siqilish va qizish tartibi mavjud bo‘lib, bunda uning harorat ko‘rsatkichi jadvalda deyarli tik holatda ko‘tariladi va bu ko‘tarilish to‘xtovsiz davom etaveradi, muayyan sahn hajmi, ya’ni issiqlik orolchasining sovuq muhit bilan qurshalgan sahni dastlabki chegaralari doirasidan chiqmasdan, yoyilmay qolaveradi. Bu plazma o‘z atrofida ayni o‘z tarkibidan himoya qobig‘ini yuzaga keltirishini bildiradi. Bunday notekis samara termoyadro sintezi reaktsiyasini hosil qilish uchun talab qilinuvchi quvvatni o‘n minglab marta kamaytirish imkonini beradi.

Plazma muhitidagi mana shunday holatning o‘ziga xosligi shundaki, har qanday normal sharoitda “issiq-sovuq” nisbati o‘zaro tenglashishga intiladi, jumladan, qaynoq qahvaga biroz sovuq sut aralashtirilishi natijasida bu ichimlik iliq bo‘lib qoladi. Sinergetika esa — bu fan hamisha g‘alati holatlarni axtaruvchilar uchun mana shu xususiyati bilan qiziqarli — qarama-qarshi yo‘nalishda harakatlanish mumkinligini isbotlaydi: issiqlik yolg‘izlatilishiga siljishdan, muvozanatdan kuchayib boruvchi muvozanatsizlikka va muvozanatdan yiroq strukturaviy holatlar hosil bo‘lishiga olib keladi.

Yopiq tizimlarda tartibsizlikning (entropiyaning) o‘sishiga oid termodinamikaning ikkinchi boshlanmasi nazariyasi sinergetika o‘rganuvchi ochiq notekis tizimlarga nisbatan hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmay qoladi. Yolg‘izlatilgan, tez avj oluvchi strukturalar muhitda entropiya hosil qilinishi negizida boshboshdoqlik ortib borishi hisobiga mavjud bo‘ladi. Yonish strukturalari o‘z atrofidagi muhitni go‘yo jadallik bilan “yondiradi”. Uyushqoqlik (tartiblilik) ham, qovushmaganlik (entropiya) ham baravar ortadi. Biroq qizish va “saralash” jarayoni o‘ta keskin darajaga yetganida harorat chegaralari favqulodda zaiflashib, jarayonning kutilmagan kichik o‘zgarishlariga ham sezgir bo‘lib qoladi. Xususan, murakkab strukturaning yemirilishi yoki qarama-qarshi — haroratning pasayishi va haroratning yoyilishi tartibini kasb etishi mumkin.

ZAMINDAGI HAYoT NEGIZI

Tartibli strukturalarning to‘satdan paydo bo‘lishiga oid muhim natijalar 70-yillarning boshlarida ximiya fanida ham olinadi. Bu natijalar Bryusselning Ozod dorilfununida Ilya Prigojin — kelib chiqishi rus, belgiyalik olim (1927 yili o‘n yasharligida uni ota-onasi Rossiyadan olib chiqib ketishgan) rahbarligi ostida olib borilgan tadqiqotlar bilan birinchi navbatda bog‘liq. Ilya Prigojin muvozanatsiz termodinamika sohasidagi ishlari uchun 1977 yili Nobel mukofotini olgan.

“Turli tajribaviy sharoitlarda, — deb yozadi Ilya Prigojin va uning hammuallifi Izabella Stengers, — ayni bitta tizimda o‘z-o‘zini idora qilishning turli shakllari bo‘lishi mumkin”.

Ximiyaviy soatlar — ximiyaviy jarayonlarning o‘z-o‘zini idora qila olishining eng yorqin namunasi bo‘lib, uni 50-yillarning boshlarida rossiyalik olimlar B.P.Belousov va A.M.Jabotinskiy kashf etgan. Bu borada hosil bo‘ladigan struktura sahnli xususiyatga emas, balki muvaqqat struktura xususiyatiga ega bo‘lib, muayyan davriylik asosida tebranib turadi.

Belousov-Jabotinskiy tajribasini nazariy izohlash uchun Prigojin o‘z xodimlari bilan bryusselyator deya nomlanuvchi maxsus model yaratdi. Bu model quyidagi ko‘rinishga ega. O‘zaro ximiyaviy reaktsiyaga kirishadigan moddalar mavjud. Ulardan bittasining — “boshqaruvchi” moddaning miqdori ohista ko‘paytiriladi. Uning miqdori muayyan darajaga yetgach, ximiyaviy tizimning avvalgi barqaror holati beqaror tus olib, boshqa ikkita o‘zaro ta’sir qiluvchi moddalarning miqdori sezilarli davriylik asosida o‘zgara boshlaydi. Bunday o‘zgarish ayrim beqaror fokus atrofida bo‘y beradi va eng yuqori maromiga chiqib oladi, ya’ni barqaror davriy harakatlanish yo‘lga qo‘yiladi.

Murakkab tizimning bosqichli trayektoriyaviy muqarrar kesishadigan so‘nggi sohasi sinergetikada attraktor deyiladi. Muayyan nuqta (barqaror fokus) yoki birmuncha murakkab hosila attraktor vazifasini bajarishi mumkin. Tizimlarning trayektoriyalari muayyan soha ichkarisida tartibli tavsiflab bo‘lmaydigan ixtiyorsiz xatti-harakatlar qilganida g‘alati attraktorlar vujudga keladi. Prigojin ta’biriga binoan g‘alati attraktorni “jozibali boshboshdoqlik” deyish mumkin.

Ximiyaviy soat manzarasini yorqin tasavvur qilish, uning o‘ziga xosligini esa ta’sirli ifodalash uchun Prigojin bilan Stengers reaktsiyada ikki xil — “qizil” va “yashil” molekulalar qatnashayaptilar, deya shartli hisoblashni taklif qiladilar. “Boshqaruvchi” moddaning miqdori muayyan darajadan ko‘payishiga qadar ular qovushmagan aralashma holatida bo‘ldi va biz dastlabki ranglardan biri tartibsiz ravishda xiyol ustunlik qilishiga moyil probirkada allaqanday binafsha rangli suyuqlikni kuzatamiz. “Ximiyaviy soatga nazar tashlaganda boshqacha manzaraning shohidi bo‘lamiz: o‘zaro reaktsiyaga kirishgan aralashmaning hammasi yashil rangda bo‘ladi, keyin uning rangi to‘satdan qizil bo‘lib qoladi, so‘ng yana yashil tus kasb etadi hamda mana shu jarayon davom etaveradi. Aralashmaning rangi aniq muayyan davrdan keyin o‘zgargani tufayli, biz kogerent jarayonning shohidi bo‘lamiz. Milliardlab molekulalarning muvofiqlashgan xatti-harakatlariga asoslanuvchi shu darajada yuksak tartiblilikka aql bovar qilmaydi, shu bois, basharti, ximiyaviy soatni qo‘lga olib ko‘rish imkoniyati bo‘lmaganida, shunday jarayon ro‘y berishi mumkinligiga hech kimni ishontirib bo‘lmasdi. O‘z rangini baravar o‘zgartira olishi uchun molekulalar “qaysidir tarzda” o‘zaro aloqada bo‘lishlari zarur. Tizim yaxlit bir butunlik sifatida faoliyat yuritishi darkor”. Ximiyaviy tizimlarda unsurlarning kogerent, o‘zaro mutanosib harakatlanishining samarasi shu misolda yorqin ko‘zga tashlanayotir.

Ximiyaviy jarayonlardagi o‘z-o‘zini idora qilish holatlari bilan bog‘liq tadqiqotlar natijasida Prigojin o‘z-o‘zini idora qilishning umumlashma nazariyasini ham yaratdiki, bu nazariya ximiya fani chegaralari doirasidan butunlay chiqib ketadi. U mazkur nazariyasini turlicha ataydi: notekis muvozanatsiz termodinamika, murakkablik to‘g‘risidagi fan, boshboshdoqlikdan tartiblilikka o‘tish nazariyasi, lekin aksariyat dissipatik strukturalar nazariyasi deb ataydi. Prigojin “sinergetika” atamasini qo‘llamaslikni afzal biladi, aslida uning tadqiqotlari ichki mazmun-mohiyatiga binoan, shubhasiz, murakkab tizimlarning evolyutsiyasi va o‘z-o‘zini idora qilishiga oid sinergetik nazariyaga tegishli hisoblanadi.

Biroq Prigojinning maqsadi yolg‘iz o‘z-o‘zini idora qilish nazariyasini yaratishdan iborat bo‘lmagan. Uning asosiy diqqat-e’tibori — mazkur nazariyadan jonli mavjudot paydo bo‘lishining teran sir-asrorlarini kashf etishda foydalanishga qaratilgandi. U jonli va jonsiz tabiatni tavsiflash o‘rtasidagi sifat farqlanishlarini bartaraf etishga yoki kamida — zamonaviy ilm-fan uddasidan chiqa oladigan — jonli va jonsiz tabiat oralig‘idagi jarlik uzra olimlar azaldan qurishiga urinayotgan ko‘prikka yana bir necha qismlar qo‘shishga intildi.

“Tabiiy tartib-intizom doirasiga kiruvchi hayot tabiatda ro‘y beruvchi o‘z-o‘zini idora qilish jarayonlarining oliy in’ikosi sifatida namoyon bo‘ladi. Biz… basharti o‘z-o‘zini idora qilish shartlari bajarilsa, hayotni Benarning beqarorligi yoki erkin tashlangan toshning yerga tushishi singari hayotni ham oldindan bemalol bashorat qilish mumkin, deya e’tirof qilamiz”, — deb yozadi Prigojin va Stengers.

Prigojin jonli va jonsiz tabiat o‘rtasidagi o‘zaro bog‘lovchi bo‘g‘inlarni axtarishda molekulyar biologiyaning ikki sohilni bir-biridan ajratuvchi daryo o‘zanining go‘yoki o‘rtasida joylashgan ma’lumotlariga tayanadi. Nemis olimi Manfred Eygenning biologik rivojlanishdan oldingi evolyutsiya nazariyasiga Prigojin yuksak baho beradi. Eygenning tadqiqotlariga binoan, polimer molekulalar tizimi — o‘z holicha olingan molekulalar an’anaviy tasavvurga zid ravishda “hayot”ning hatto “bir tomchisi”ga ham ega emas, — ular o‘z mavjudligini o‘z-o‘zini qayta ishlab chiqarish tizimi orqali va tashqi aksilta’sirlarga qarshi ta’sir ko‘rsatish orqali saqlay oladilar. Ularning o‘zini saqlash va tashqi muhitga moslashish mexanizmi jonli mavjudotlarning DNK silsilasi orqali hayotini ta’minlash mexanizmining ayni namunasi hisoblanadi.

Prigojin jonli mavjudotlarga o‘tilishida o‘z-o‘zini idora qilishning kutilmagan orolchalarini tilga oladi: “Chamasi, hayot sari evolyutsiyaning ayrim dastlabki bosqichlari ximiyaviy quvvatni qabul qila oluvchi va o‘zgartira oluvchi mexanizmlar paydo bo‘lishi bilan bog‘liq, degan taxmin haqiqatdan xoli emas. Bunday mexanizm tizimni kuchli muvozanatsiz shart-sharoitlarga kirishga majburlaydi. Shu bosqichdagi hayot yoki “ilk hayot nishonalari” noyob hodisa bo‘lib, Darvinning tabiiy tanlash ta’limoti ana shu kezlarda keyingi bosqichlardagidek jiddiy ahamiyatga ega bo‘lmagan”.

Tabiatni jonli va jonsiz mavjudotlarga ajratmasdan yaxlit talqin qilish tamoyili mutloq xususiyatga ega bo‘lmasdan, olam haqidagi tasavvurlarimizning cheklangani bilan bog‘liq. Bashariyat tafakkuriga chuqurroq nazar tashlaydigan bo‘lsak, shunday tamoyil sharq falsafasiga xos bo‘lib, g‘arbga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Mana shunday nuqtai nazarni yoqlaganlar, qolaversa, mohiyatan olganda, sinergetik dunyoqarashning dastlabki tarafdorlari qatorida Shellingni ham tilga olsa bo‘ladi. Uning falsafasi tabiat haqida yaxlit jonli mavjudot sifatidagi tasavvurlarga asoslangan. U: “Jonli va jonsiz tabiatning ildizlari yaxlit va yagona ildizlarga ega” — deb yozgandi. Bunda muayyan ijodiy jarayonning “tashkiliyligi” va o‘z-o‘zidan sodir bo‘lishini ana shu yaxlitlikning negizi deb hisoblagan.

Shunday ekan, sinergetika qaysi jihatlari bilan yangi fan sanaladi? Jonli va jonsiz tabiatning ildizlari yagona ekaniga oid ko‘hna tasavvurlarga nisbatan sinergetikaning yangiligi va olg‘a tashlangan qadam ekani shundaki, sinergetika, murakkab tizimlarning o‘z-o‘zini idora qilish va evolyutsiya jarayonlarining universal negizini tashkil qiluvchi qonuniyatlarni muayyan fanlar doirasida ilmiy va nazariy umumlashtirib o‘rganadi hamda o‘z nazariy xulosalarini jiddiy ilmiy tadqiqotlarning ko‘pdan-ko‘p tajriba ma’lumotlari bilan mustahkamlab boradi.

Yaxlitlik soG‘inchi

Antik davrlarda fan, san’at va falsafa yaxlit va uyg‘un bo‘lib, ilmning fanlarga bo‘linishi sezilmasdi. Biroq Yangi davrga kelib, ilm-fan muayyan sohalarga ajralib ketadi. Fanning har bir sohasi tabiat tanasidan o‘ziga tegishli qismini kesib olib, uni erinmasdan yana nimtalab chiqdi va har bir nimta-bo‘lak faoliyatini yolg‘iz uning o‘zidan kelib chiqib talqin qilishga zo‘r berdi.

So‘nggi davrda, ayniqsa XX asrning ikkinchi yarmiga kelib, dunyoni yaxlit tasavvur qilish, sun’iy ravishda ajratib yuborilgan sohalarga jiddiy mushtaraklik xosligini payqash hamda shularning tabiiy yakuni sifatida fanlarni birlashtirishga, yagona va yaxlit tabiat haqida yagona-yaxlit fan yaratishga moyillik kuchaygani bejiz emas. Fanlarning shu tariqa birlashtirilishi samarasiz zo‘raki qo‘shilish tarzida emas, aksincha, ulardagi muayyan mushtarak negizni yuzaga chiqarish va fanlarni faqat shartli bo‘lingan yagona tadqiqot maydonining ayrim qismlari sifatida qaytadan birlashtirilishi tarzida qaralmog‘i darkor.

Sinergetika davrning mana shu da’vatiga, ayniqsa, izchil javob bera oladi. Sinergetika aniq va qator ijtimoiy fanlarni — ularning tengligiga va o‘ziga xosliklarini, albatta, saqlagan holda — birlashtirish usullaridan, shuningdek, fanlararo chambarchas bog‘liqlikning istiqbollari, turli soha mutaxassislarining ijodiy hamkorligidan dalolat beradi. Muhim mavzu — o‘z-o‘zini idora qilish mavzusini o‘rganish borasida ham turli fanlar kuch-g‘ayratlarini birlashtirish mumkin. Fanlarni yaxlit tarzda emas, balki muayyan jihatlar nuqtai nazaridan — voqelikning turli darajalaridagi murakkab tuzilmalar (tizimlar)ni ularning evolyutsiyasi va o‘z-o‘zini idora qilish mexanizmlarini o‘rganish doirasidagina birlashtirish ham ehtimoldan holi emas.

“Jonli — jonsiz” ziddiyati fanlarning birlashtirilishi yo‘lidagi asosiy, biroq yagona muammo deb qaralmasligi kerak. Mikro va makroolamlarni, individual psixologiya va xulq-atvor olami bilan ommaviy ijtimoiy jarayonlar olamini, nihoyat insonning hayotiy olami, inson ekzistentsiyasi olami bilan ilm-fan olamini yaxlit nuqtai nazardan tadqiq qilish ham g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Sinergetika nafaqat yaxlit insonni fanga qaytarishga, balki insonga fanni qaytarishga, hayotiy muammolar va murakkab masalalarga bevosita nazar tashlashga undashga da’vat qilingan.

Sinergetika kashf etadigan qonuniyatlarning universal xususiyati, bu demak, uning doirasidagi tadqiqotlarni zaruriyatga mos ravishda fanlararo xususiyat kasb etishi sinergetikaning mohiyatiga kiradi. Fizikaviy, ximiyaviy, biologik, ijtimoiy va boshqa tizimlarda mavjud evolyutsiya hamda o‘z-o‘zini idora qilish jarayonlarining umumiyligini sinergetika birinchi o‘ringa qo‘yadi. Mana shu tizimlarning o‘ziga xosligi,bir-biriga o‘xshamasliklari esa izohlovchi, muayyan tuzatishlar kirituvchi sifatida talqin qilinadi, qavsdan tashqariga chiqariladi. Bunda sinergetikaning vazifasi — shunday tizimlar xususiyatlarining tashqi alomatlarini shunchaki qayd etish emas, balki botiniy xossa-sabablarini aniqlashdan iborat bo‘ladi.

Sinergetika aniq tajriba ma’lumotlaridan nazariy va muayyan fanlar bilan bog‘liq umumlashma xulosalar chiqarishga intilganidek, shunga baravar ravishda aksiljarayonni — nazariy xulosa-echimlar va ishlab chiqilgan modellardan turli fanlar hamda amaliy faoliyat sohalaridan bevosita qo‘llanilishini ham nazarda tutadi.

Binobarin, sinergetikani ikki: nazariy va amaliy sinergetikaga ajratish mumkin, bu juda shartli ajratish ekanini unutmaslik lozim. O‘z sohalarida aniq biron soha ustida ish olib borayotgan olimlar sinergetiklar hamjamiyatiga umumiy tusga ega g‘oyalar va taxmin-farazlarni taqdim etadilar, ular shunday vazifalarni hal qilish davomida beixtiyor paydo bo‘ladi. Taklif qilingan g‘oya va taxmin-farazlar esa o‘z navbatida tamomila boshqa fan sohasida tadqiqotlar boshlab yuborish uchun turtki bo‘ladi, buning natijasida ilmiy doiralarda g‘oyalarni muntazam amaliy ayirboshlash ro‘y beradi.

Sinergetikaning qudrati va samaradorligi — fanlarning bir-birlarini muntazam o‘zaro oziqlantirishlarida, kompyuter tili bilan aytganda, fanning biron-bir sohasidagi mutaxassis boshqa yo‘nalishdagi fanlarning ma’lumotlari xazinasi bilan bevosita bog‘liq holatida bo‘la olishida.

Sinergetika ayni shu jihati bilan o‘zidan avval 50-yillarda paydo bo‘lgan kibernetikadan hamda 60-yillardan an’anaviy tus olgan sistemali, ya’ni izchil yondoshuvdan (tizimlarning umumiy nazariyasini yaratishdan) afzallik qiladi. Darvoqe, sinergetikani kibernetika bilan qiyoslash odatiy tus olgan.

Kibernetika ham, sistemali yondoshish ham quyidagi tarzda faoliyat yuritgan: ular turli aniq fanlardan allaqanday umumiylikni zo‘rma-zo‘raki chiqarib olganlar, mavhumlashtirganlar va shundan so‘ng mana shu aksariyat mavhumlashgan essentsiya ustida ish olib borgan. Kibernetikada “kirish — chiqish” va “signal — javob”, sistemali yondoshuvda esa “element — sistema”, “aksil aloqa — gomeostazis” me’yoriy mezonlar vazifasini bajargan. Olimlar mana shunday bir tutum essentsiyani olganlar va uni o‘zlarining fanlari qozonidagi “masalliqlarga” aralashtirib yuborganlar, buni kibernetik g‘oyalarni qo‘llash yoki sistemali yondashuvni amalga oshirish hisoblaganlar. Fanlarning bevosita birlashtirilishi, bevosita o‘zaro ta’sir ko‘rsatishi esa bo‘lmagan. Holbuki, faqat shunday bo‘lgandagina biron mavhum g‘oyaga ega bo‘lish mumkin. Shu yo‘l bilan olingan g‘oyagina sinergetika hamjamiyati uchun hayotiy qimmat kasb etadi.

Bu borada fizik olim miya faoliyatidagi g‘alati attraktorlar to‘g‘risidagi neyrofiziologning kitobini alohida ishtiyoq bilan mutolaa qiladi, ob-havoni o‘rganuvchi mutaxassis esa gidrodinamika va hatto galaktika astronomiyasiga oid ilmiy ishlarni katta qiziqish bilan o‘rganadi (buning ajablanarli joyi yo‘q, chunki har ikkala holatda ham turbulent oqimlardagi bo‘ronli shakliy tuzilmalar hamda nozik tartibsizliklar tizimi haqida gap boradi), aniqlik kiritilgan tartibsizlikning evolyutsiyasi bayonini o‘rganar ekan, psixiatr o‘z mijozlarini davolashga oid qimmatli ma’lumotlarga ega bo‘ladi va ularning barchasi “attraktorlar”, “fluktuatsiyalar” va “bifukatsiyalar”ning hammabop tilida bemalol muomala qiladilar.

Shtutgart dorilfununi huzuridagi Nazariy fizika va sinergetika instituti xalqaro sinergetiklar hamjamiyatini vujudga kelishida muhim ahamiyatga ega bo‘ladi. Unga German Xaken asos solgan va uzoq yillar rahbarlik qilgan. Xaken 1997 yili tavalludining yetmish yilligini nishonladi hamda direktor lavozimidan bo‘shadi, lekin shu institutdagi Sinergetika markaziga hamon rahbarlik qilayotir. Olimlarning institut atrofida birlashishlari muntazam shaxsiy aloqalar yo‘lga qo‘yilishi va fan olamida sinergetika g‘oyalari keng yoyilishiga yordam berdi.

“Sinergetika” degan umumiy nom ostida turkum shaxsiy va jamoa ilmiy asarlarining nashr qilinishi sinergetikaning obro‘-e’tibori hamda yuqori darajada samaradorligining yorqin namunasi bo‘ldi. Bu asarlarni Germaniyaning yetakchi “Springer” ilmiy nashriyoti Xaken instituti bilan hamkorlikda chop etgan. 70-yillarning o‘rtalaridan buyon 70 jilddan ziyod asar chop etildi. Bu turkumda yigirmadan ortiq turli ilmiy sohalar olimlarining asarlari dunyo yuzini ko‘rdi.

Shu bilan birga sinergetika mutaxassislari oradan o‘ttiz yil o‘tganiga qaramasdan hamon o‘zlarini “sinergetik” deb atamaydilar. Fizik kamtarlik bilan: “Men sinergetika modellarini qo‘llayapman”, — desa, sinergetika bilan qiziquvchi ximik, biolog yoki zamonaviy geografiya mutaxassisi ham deyarli aynan shunday deydi. Sinergetikaga biron-bir ilmiy unvon berish qiyin masala. Bu nima: nazariyami? paradigmami? ilmmi? fanmi? Bularning hech biri unga to‘g‘ri kelmaydiganday. Sinergetikani ilmiy yo‘nalish, yana ham aniqrog‘i — bamisoli siyosiy harakat deganday uni ham ilmiy harakat deb atash maqsadga muvofiq bo‘lardi. Sinergetika doirasida hamfikr olimlarning bahamjihat faoliyat yuritib, har bittasi hayotning hayratlanarli muammolaridan biri — o‘z-o‘zini idora qilish muammosini o‘zlarining ilmiy ixtisosliklari nuqtai nazaridan idrok qilish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

OchiQlik. Notekislik. Attraktorlar.

Shunday qilib biz, quvvat oqimi yoki boshqa bir yetarli jadal tashqi ta’sir uchun ochiq tizimga ega bo‘lib turibmiz. Bu murakkab tizim bo‘lib, juda katta miqdordagi, ba’zan juda qiyinchilik bilan hisob-kitob qilinadigan unsurlardan — lazer kristallidagi atomlardan, ximiyaviy aralashmadagi molekulalar, jamiyatdagi odamlardan, miyadagi neyronlardan tarkib topib, ular bir-birlariga murakkab o‘zaro ta’sir ko‘rsatadilar, — shu bois mazkur tizimdagi jarayonlar ommaviy kooperativ jarayonlar sifatida yuzaga keladi.

Shu bilan birga tizimning murakkabligi va soddaligi — nisbiy tushunchalar. Ularga hal qiluvchi me’yor-mezonlar sifatida yondoshish kutilgan samara bermaydi. Sinergetika har qanday tizimni birvarakayiga yaxlit bir butunlik sifatida yaxlit tarzda makrodarajada hamda ko‘pdan-ko‘p unsurlarning o‘zaro murakkab ta’siri sifatida mikrodarajada ko‘rib chiqa oladi.

Masalan, alanga — yong‘inning ko‘zga ko‘rinarli aksi bo‘lgani holda mustaqil hosila, muayyan shakli, rangi, harorati, boshqa ob’ektiv xossalariga ko‘ra, ayni alanga sifatida ham, shuningdek, batamom yonib tugamagan ko‘plab bo‘laklarning uyg‘unlikdagi alangasi sifatida ham talqin qilinishi mumkin. Nihoyat, alangani yanada mayda tarkibiy qismlarga ajratish hamda qizdirilgan, tez harakatlanuvchi molekulalarning turbulent oqimi sifatida ham talqin qilsa bo‘ladi.

Biron-bir ruhiy holat, deylik, inson boshdan kechirgan qattiq ta’sirlanishni ham turli darajalarda tasvirlasa bo‘lada. Ruhiy-psixologik fan nuqtai nazaridan talqin qilinganida, bunday holat inson ma’naviy olamiga xos kechinma-tuyg‘ularning qayta guruhlanishi, tabaqalanishi — psixologik va axloqiy atamalarda aksariyat qayd etiladigan ko‘rsatkichlar (“Ko‘zim qaytadan ochilganday bo‘ldi”, “Butunlay boshqa odamga aylangan”) sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Lekin ayni shu muayyan shaxsga xos siljish-o‘zgarish psixologik jarayonlar oqimini ta’minlovchi neyron to‘rlarining qayta joylashuvi darajasida talqin qilinishi mumkin. Shunday nuqtai nazarga binoan, amalda xilma-xil jarayonlarning shohidi bo‘lamiz.

“Tartibsizlik” va “tartib-intizom” tushunchalari borasida ham ayni shunday fikrlarni bildirsa bo‘ladi. Bu tushunchalarga sinergetikada ba’zan mohiyatan noto‘g‘ri ahamiyat beriladi. Chunki mutloq tartibsizlik va mutloq tartib-intizom bo‘lmaydi. Shu bois, biron-bir ko‘rsatkichga ko‘ra, tartiblilik (yoki tartibsizlik) darajasi kamayishi hisobiga yoki unga zid ravishda biron-bir ko‘rsatkichga binoan tartiblilik (yoki tartibsizlik) darajasi ortgani haqida gapirilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Tartibsizlik juda nozik, ba’zan tashqi kuzatuvchi ilg‘ay olmaydigan tartibotga, masalan, turbulent oqimdagi tartibotga ega bo‘ladi. Tartib esa — muayyan izga solingan tartibsizlik, xolos.

Ochiqlilik — mazkur tizim o‘z-o‘zini idora qilishi uchun zaruriy, biroq kifoya qiladigan shart emas. Mazkur tizim yana notekis ham bo‘lishi kerak.

Matematik nuqtai nazardan, notekislik matematik tenglamalarning muayyan amallarning bir maromdagi emas, balki sezilarli notekis o‘sishi va bir necha sifat yechimlariga ega alohida tipini bildiradi. Bunda notekislikning fizikaviy mohiyati ham oydinlashadi: notekis tenglamalarning yechimlarini muayyan majmuiga ayni shu tenglamalarga xos tizim evolyutsiyasining ko‘plab yo‘llari mos keladi, tizimning yoki evolyutsiya yo‘nalishining nisbatan barqaror holati esa egri chiziqning alohida nuqtalariga muvofiq ravishda sakrash tarzida sodir bo‘ladi.

Ifodali izohni xush ko‘ruvchilarga quyidagicha tushuntirish mumkin: hushtak yoki puflab chalinadigan cholg‘u asbobini olib, avvaliga sekinroq, keyin esa tobora qattiqroq puflay boshlaysiz (quvvat tizimi va oqimining ochiqligi). Havo oqimi kuchayishining muayyan darajasida mavhum sas birdaniga sakragandek (notekis ravishda) hushtakka yoki kuyga aylanadi — bu, aslida, yagona tonli rezonans tovush to‘lqini, ya’ni tartibli to‘lqin tartiboti hisoblanadi. Lekin siz puflashga yanada zo‘r beradigan bo‘lsangiz, ko‘nglingizni yayratayotgan hushtak ovozi yoki kuy tupuk aralash xirillashga (sinergetikadan bexabarlik oqibati) aylanadi.

Sinergetikani kibernetika bilan qiyoslashga qaytaylik. Kibernetika va tizim nazariyasining turli ko‘rinishlari texnik, biologik va sotsial tizimlardagi gomeostaz jarayonlarini, muvozanatni saqlash bilan asosan mashg‘ul bo‘lgan. Kibernetika murakkab notekis evolyutsiya jarayonlarini tekis jarayonlarga aylantirishga, kam deganda, imkon bo‘lgan o‘rinlarda shunga erishishga harakat qildi. Bu fan tadqiqot qilsa bo‘ladigan notekis tizimlar bilan shug‘ullandi, ya’ni sekinlik bilan o‘zgaruvchi parametrlarga ega tekis tizimlar bilan ish ko‘rdi. Kibernetika algoritmlar va tizimlar ustidan tashqi nazorat usullarini ishlab chiqdi. Sinergetika esa tizimlarning o‘z-o‘zini idora qilish jarayonlarini, ularning o‘ziga xos o‘z-o‘zini nazorat qilishini o‘rganadi, buning uchun tizimlarning notekis xossasi muayyan asos yaratadi.

Shunday qilib, basharti notekis tizim ochiq bo‘lsa va uning ichki fluktuatsiyalari yoki tashqi ta’sirlar biron-bir darajadan oshsa, bunday tizim to‘satdan yangi makroskopik holat kasb etishi mumkin. Biroq bu qanday holat? Va aslida qanday holatlar yuzaga keladi?

Mana shu joyda sinergetikaning markaziy mezonlaridan biriga yaqinlashdik. Bu — muayyan tizim o‘z rivoji jarayonida kasb etishi mumkin holat-xossalarning diskretligi bo‘lib, ayni paytda ular sonining muayyanligi, cheklanganligidir. Boshqacha aytganda, rivojlanishning ehtimol tutilayotgan tartibotlari—attraktorlarining xilma-xilligi, ya’ni muayyan tizimdagi rivojlanish jarayonlari kasb etuvchi tartibotlari yalpi tusga ega emas. Rivojlanish jarayonida muayyan tizim u yoki bu holatni kasb etadi, lekin ular oralig‘idagi biron-bir holatda qolib ketmaydi.

Muayyan rivojlanish yo‘nalishlarigina maqsadga muvofiq bo‘lib, ayni shu yo‘nalishlar majmui ko‘rib chiqilayotgan tizimning ichki xossalariga mos keladi. Aslida, kamida, masalan, plazma o‘z-o‘zini idora qilishining nisbatan barqaror tartibotlarini aniqlash bilan bog‘liq matematik fizika nuqtai nazaridan, bu yo‘nalishlar majmuini aniqlasa bo‘ladi.

Aksariyat yuzaga keladigan holatlarning diskretligi va cheklanganligiga oid tasavvurlarni ko‘plab misollar yordamida tasavvur qilsa bo‘ladi. Fizikaviy va ximiyaviy sohalarda hal qiluvchi fenomenlar bilan — atomdagi elektronlarning belgilangan aylanma doiralariga mos quvvat darajalarining diskretligiga duch kelamiz, bunda tabiatda bo‘lishi mumkin atomlarning majmui aks etadi.

Jonli mavjudotlarning harakatlarida ham diskretlik kuzatiladi. Otlar qadamlab, yo‘rtib, yo‘rg‘alab yurishi, shamolday tezlik kasb eta olishi bizlarga azaldan ma’lum. Bularning har birida ot a’zolarining harakatlari muayyan qat’iy qoidalarga mos bo‘ladi, qolaversa, bir shakldagi harakatdan boshqa shakldagi harakatga sakrama tarzda o‘tiladi. Zamindagi xilma-xil ot zotlari ayni bir xil harakatlar qiladi.

Ayni paytda fil xartumi, mushuk va it dumlarining muayyan holatdagi harakatlari ham diqqatga sazovor. Ayni shu jonivorlarning mana shu a’zolari harakatlanishida muayyan ma’no mavjud bo‘lib, ularga mavhum oraliq holati begona.

Attraktor tushunchasiga murojaat qilaylik. Attraktor deganda tizimning muayyan daraja sari rivojlanish holati tushuniladi. Tizimda jiddiy barqaror attraktor-tartibotlarning bir yo‘la bir nechtasi mavjud ekani diskertlik g‘oyasining bo‘lakcha, qayta shakl kasb etgan in’ikosi hisoblanadi. Attraktorlar majmuini stol o‘yini sahnidagi o‘yiqlar majmui sifatida tasavvur qilish mumkin, qo‘yib yuborilgan prujinali metall sharcha ana shu o‘yiqlardan bittasiga, albatta, tushadi.

Attraktor jadval tarzida trayektoriyalarning yagona nuqtada yoki yopiq halqada tutashishi tarzida namoyon bo‘ladi, tizim holati mana shu doirada muntazam tebranib turadi. Tutashuv nuqtasi trayektoriya jadvalning qaysi joyidan chiqqaniga, ya’ni harakatning boshlang‘ich tarziga bog‘liq bo‘lmaydi. Sinergetikada attraktor tortishuvining konusi haqida gapiriladi, uning mana shu ohanrabo singari tortish xossasi tizimning turli boshlang‘ich shartlar taqozosi bo‘lgan ko‘pdan-ko‘p trayektoriyalarini o‘ziga tortib turadi. Tortish girdobi trayektoriyalarning boshlang‘ich tarqoq chiziqlarini mushtarak, tobora yig‘noq holatga keltiradi.

Attraktorlar harakatlarining paradoksal xususiyati shundaki, uning go‘yo tizimning bo‘lajak holati determinatsiyalaydi. Hali muayyan holat kasb etilganicha yo‘q, biroq allaqanday sirli holatda kelgusidan ayni hozirgi zamonga tortib olinadi. Shu o‘rinda noorganik tabiatdagi maqsadga muvofiqlik ehtimoliga bog‘liq falsafiy muammoga duch kelamiz. Attraktorni tizim harakatining o‘ziga xos maqsadi sifatida talqin qilish mumkinmi? Sinergetika javob beradi: ontologik nuqtai nazardan — dargumon. Lekin metodologik jihatdan attraktorga maqsadga o‘xshash tarzda nazar tashlash, tizimning go‘yo bevosita o‘zi tanlagan maqsadi sifatida qaralganda, aksariyat amaliy tusga ega bo‘ladi.

“Trayektoriyalar”, “tortish girdoblari”, “attraktorlar”ni odatdagi hayotga butunlay begona tushunchalar deb hisoblamaslik kerak. Shu nuqtai nazardan A.I. Gertsen voqealarini qanday idrok qilganini ko‘zdan kechiraylik. “Ko‘plab sinovlarni boshdan kechirgan har bir odam, — deb yozgandi u, — hayotida muayyan burilish boshlanuvchi kunlar, soatlar, qator sezilarsiz nuqta-nishonlarni esda saqlaydi; bunday nuqta-nishonlar bilan belgilash yoki ehtiyotkorlik kutilmagan holat emas, ular — pinhon va allaqachonoq mavjud, hayotda ro‘yobga chiqishga shay boshlang‘ich o‘y-niyatlarning pirovard-natijasidir”.

Sinergetikaga xos dunyoqarash va uslubiy mazmun-mohiyat bilan ilk tanishayotganlarda bu haqda ilgari qayerdadir eshitganday tasavvur paydo bo‘lishi mumkin. Va nihoyat: axir bu dialektik materializm-ku, degan xulosaga kelinadi. Sinergetikaning asosiy g‘oyalaridan biri — biron-bir yetakchi mezon-o‘lchovlarga binoan silliq sifat o‘zgarishlari hamda tizimning to‘satdan (aslida matematik jihatdan ta’riflasa bo‘ladigan) sifat jihatidan yangi holat kasb etishini olib ko‘raylik. Kantparastlik, K. Popperning mantiqiy ijobiylik yoki tanqidiy ratsionalizm ruhida tarbiyalangan g‘arblik olim bu borada ochiq ro‘y-rostlik unsurlarini ko‘rishi ehtimoldan holi emas, ayni mana shunda sinergetikaning kashshoflik ta’limoti sifatidagi obro‘-e’tibori qisman o‘z ifodasini topadi. Biroq butunlay boshqacha ruhda tarbiyalangan bizning jurnalxonlarimizga son o‘zgarishlarining sifat o‘zgarishlariga aylanish qonuniyati yaxshi ma’lum: jumladan, ularga marksistik nuqtai nazarga tayangan holda, materiya rivojlanishining muayyan bosqichida hayot paydo bo‘lgani hamda ongning paydo bo‘lgani-yu insoniyat jamiyati yuzaga kelgani hamda bir ijtimoiy-iqtisodiy davr o‘rnini boshqasi olgani singdirilgan.

Shu bilan birga sinergetika bilan dialektik materializm o‘rtasida jiddiy farq bor. Jumladan, marksizm jamiyat rivojlanishining muqobilsiz manzarasini taqdim etadi. Ya’ni feodalizm o‘rnini hayotiy zaruriyat sifatida kapitalistik tuzum egallaydi, shu asno kapitalizm o‘rnini kommunizm egallashi kerak. Tarixiy rivojlanishning oldindan mana shu tarzda yuksalishiga oid ta’limot sinergetika uchun begona hisoblanadi. Xususan, sinergetik nuqtai nazarga ko‘ra, garchi rivojlanishning ehtimol tutilayotgan yo‘llari cheklangan bo‘lsa ham kutilmagan omillarning ta’siri oqibatida ulardan birortasi tanlab olinishi mumkin.

Fluktuatsiyalar. Bifurkatsiyalar.

Fluktuatsiyalar yoki tizimdagi sezilarsiz, kutilmagan salbiy holatlar sinergetika uslublariga binoan, uch xil xususiyatga ega.

Birinchidan, ular betaraf omil xususiyatiga ega bo‘ladi. Bunda tizimning tashqi moneliklari va ichki shovqinlarining butun majmui o‘zaro mutanosib bo‘lib, tizimning sezilarli og‘ishiga olib kelmaydi. Hatto salmoqli fluktuatsiya ham, basharti muayyan darajadan oshib ketmasa, boshqa barcha “xotirjam” atomlar va molekulalar salmog‘i bilan bartaraf qilinadi.

Ikkinchidan, fluktuatsiyalar yangi holat yuzaga kelishida muayyan ahamiyat kasb etishi mumkin: qulay sharoitda ayrim fluktuatsiya aksilta’sirni kuchaytirishi, buning oqibatida shunday aksilta’sir tizim ichkarisida kuchli tus olishi va butun tizim holati o‘zgarish uchun shay xususiyat kasb etishi mumkin. Basharti tizimning sezgirlik darajasidan o‘tilgan bo‘lsa, ayrim fluktuatsiyaning ta’siri sezilarli tus olib, qulay sharoitlarda tizimni jiddiy harakatga keltirishi va holatini o‘zgartirib yuborishi mumkin.

Uchinchidan, yuqori darajadagi muvozanatsizlik va beqarorlik hukm surayotgan tizimda fluktuatsiya olovga yog‘ quygandek ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bu holat o‘z-o‘zini idora qilish tanqidiyligi fenomeni deb ataladi.

Bularni muayyan misollar bilan tushuntirishga harakat qilib ko‘raylik.

Dastlab psixologiyaga oid misolni olamiz. Avreliy Avgustinning “Iqrornoma”sida qanday qilib taqvodorga aylangani tafsilotlarini ko‘zdan kechiramiz. Avgustin dastlab uzoq yillar mobaynida ichkilikka berilgani, maishiy buzuqlikka mukkasidan ketgani va IV asrda obro‘-e’tiborli xurofotchi-vasvoslar yig‘inlarida safsatabozlik bilan umrini behuda ishlarga sovurganini eslaylik. Mana shunday bemaqsad va bema’ni turmush tarzi uning me’dasiga tekkaniga qaramay, undan uzoq vaqt qutula olmagan. Biroq vaqt o‘tgani sayin muhim qarorga — zohidona hayot yo‘lini tanlashga tobora yaqinlashib borgan.

“O‘zimni o‘zim ishontirishga harakat qildim: “Hozir, ayni pallada shunday qilishim darkor”, — shu gapni takror-takror aytib, yagona qarorga keldim ham, uni amalga oshirishga chog‘landim ham, biroq amalda bunga jur’atim yetmadi, biroq yana avvalgidek sharmandali turmush kechirishga ham chek qo‘ydim: o‘zimni tutib oldim va jiddiy mulohaza yurita boshladim.”

Avgustin mana shunday iztirobli o‘ylar og‘ushida kutilmaganda qayoqdandir yosh bolaning: “Kitobni ol, o‘qi! Ol qo‘lingga, o‘qi!” degan da’vatini eshitadi.

“Ich-ichimdan kelayotgan faryodni yutgancha o‘rnimdan turdim, bu nidoni Yaratganning da’vati sifatida qabul qildim: kitobni ochib, duch kelgan joyidan o‘qishga tutindim”.

Avgustin Havoriylarning muqaddas kitobini qo‘lga olganini yozadi: “Uni ochib, duch kelgan joyidan o‘qidim. “Maishatbozlikka, ichkilikbozlikka, buzuqlikka va fohishabozlikka berilmang: Isoyi Masihga yuz tuting hamda shaytoniy nafsingiz izmiga tushib, shahvat quliga aylanmang”. Men davomini o‘qiy olmadim, davomini o‘qishimning hojati ham yo‘q edi: shuning o‘zi bilanoq qalbim nurga to‘lib, xotirjam bo‘lib qoldi — ikkilanishlarim zulmati g‘oyib bo‘ldi”.

Avgustinning samimiy dil izhorini quruq sinergetika tiliga tarjima qilishimizning hojati bo‘lmasa kerak — sinchkov kitobxon o‘zi uddalay oladi.

Endi iqtisodiyotga murojaat qilamiz. Nyu-York Fond birjasida aktsiyalar bahosining halokatli pasayishi, bu holning tez-tez bo‘lmasa ham, uzluksiz davom etishi (bu vaziyat 1929 yilda, ayniqsa, dahshatli tus olgandi, 1987 va 1998 yillarda esa nisbatan kuchsizroq shaklda takrorlandi) kuchayib boruvchi fluktuatsiyalarning sinergetik uslubi nuqtai nazaridan juda yaxshi ta’riflanadi.

Noxush axborotlarning uzluksiz oqimi atigi bir necha yirik kompaniyalar aktsiyalarining narxi keskin tushib ketishi va shunga mos ravishda arzonlashishiga olib keladi, biroq ayni shunday pasayish bozordagi har qanday tebranishlarni, davlat moliyaviy mansabdorlarining fikr-mulohazalari hamda hattoki firmalarning moliyaviy ahvoliga oid tekshirilmagan mish-mishlarni ham jiddiy qabul qiluvchi brokerlar orasida sarosimaning tobora kuchayishiga sababchi bo‘ladi, — va kunning oxiriga kelib binoyidek faoliyat olib borayotgan boshqa minglab kompaniyalarning aktsiyalari narxi, ular bilan birgalikda butun birja ko‘rsatkichlarini keskin pasaytirib yuboradi.

Bu borada falokatni, ta’bir joiz bo‘lsa, yo‘q joydan chaqirib olish, yomon niyatda bo‘lish ham muayyan ahamiyat kasb etadi. 1998 yil oktyabr oyida Nyu-York birjasining brokerlari allaqanday g‘alati va qaysarona qat’iyat bilan aktsiyalarning narxi 1987 yildagidek yana tushib ketadi, deya yomon niyat qila boshladilar. 1987 yilning ayni oktyabr oyida shunday ko‘ngilsizlik ro‘y bergandi. (1998 yil yozida Osiyoning moliyaviy fondlarida jiddiy ko‘ngilsizliklar bo‘lgani, Rossiyada banklar faoliyati bilan bog‘liq fojeali voqealar ro‘y berganini ham esga olaylik.) Bu qanday oqibatga olib keldi? Nyu-York fond birjasida aktsiyalarni narxi haqiqatdan ham tushib ketdi! Ularning narxi barqarorlikka ko‘nikib qolgan amerikaliklar uchun jiddiy darajada, naq 20 foizga pasaydi. To‘g‘ri, Amerika iqtisodiyotining barqarorligi tufayli yarim yildan keyin ularning narxi yana ko‘tarildi.

Turli attraktorlardan birortasini tanlab olish, rivojlanish yo‘llarining tutashuvi sinergetikada alohida ahamiyatga ega. Mana shu tutashuv pallasini belgilash uchun bifurkatsiya atamasi qo‘llanadi. Faqat attraktor girdobiga tushilganidan keyin va bifurkatsiya nuqtasi bosib o‘tilgach, rivojlanish yo‘li qat’iy belgilab olinadi. Lekin mana shu bifurkatsiya nuqtasiga yaqinlashish pallasigacha va beqarorlikning kuchayishi arafasida fluktuatsiyaning roli o‘ta ortib ketadi. Tasodifiylik omili maydonga chiqadi.

Har bir insonning hayot yo‘lida muhim qarorlar qabul qilishdan iborat ko‘pdan-ko‘p pallalar, bifurkatsiyalar silsilasi mavjud. V.V. Nabokov quyidagilarni yozarkan, aslida, hayotning sinergetik manzarasini tasvirlaydi: “O‘tmishga nazar tashlab, basharti biron tasodifni boshqasi bilan almashtirilsa, natijada sezilarsiz va samarasiz kechgan lahzalar o‘rnida bir paytlar hatto xayolga ham kelmagan antiqa voqeaning yuzaga kelishini tasavvur qilishning o‘zgacha gashti bor. Hayotning mana shunday g‘aroyib tarmoqlanishi, ortimizda qolgan har bir lahzada chorrahalarning behisobligi — ro‘y berganidan butunlay boshqacha voqealar ham sodir bo‘lishi mumkinligi, — xullas, o‘tmishning zulmatli qo‘ynidagi umidvorlik nuri bilan yoritilgan yo‘l-yo‘laklar ko‘paygandan ko‘payib boraveradi”.

Tizim qanchalik beqaror, keskinlik pallasiga yoki bifurkatsiya nuqtasiga qanchalik yaqin bo‘lsa, turmushning ham quyi, ham yuqori qatlamlaridan kiritiladigan jamiki ta’sirlarga shunchalik sezgir bo‘ladi. Fluktuatsiyalar ortishi, kuchayishi samaradorligi notekis olamdagi arzimas sabab-bahonalar yirik oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini bildiradi. Mikrofluktuatsiyalar makroskopik darajaga yorib kirishi va jarayonning makromanzarasini belgilashi mumkin. Dunyo tuzilishi yuqori qatlamlarning quyi qatlamlariga aks ta’siri uchun ham mana shunday holat xos.

Beqarorlik holatlarida inson tanasining tizim osti faoliyatiga radiatsiya darajasi, yer magnit maydoni qo‘zg‘alishlari, hatto sayyoralarning joylashuviga mos ravishda kelib chiqadigan eng kichik gravitatsiya o‘zgarishlari singari samoviy darajadagi omillar ham suqilib kirishi mumkinligining ham ilohiyotga hech qanday aloqadorligi yo‘q.

Muhitning bir maromdagi holatida turmushning turli darajalari bir-biridan haddan tashqari yiroq bo‘ladi. Atomlardan tarkib topgan molekulalar o‘z navbatida to‘qima-hujayralarning tarkibiy qismi hisoblanib, hujayralar inson tanasining barcha to‘qimalarining eng sodda bo‘lakchalari sanaladi, ular amalda inson tanasining faoliyatiga hech qanday tarzda aloqador emas. Insonning tirikligi yoki vafot etganini atomlar hatto payqamaydilar. Nafas olishingiz yoki yurak urishini o‘z bilganingizcha, yoxud maxsus tayyorgarlik asosida muayyan tartibga solishingiz mumkin, biroq o‘z tanangizdagi loaqal yagona o‘ta mayda atom zarrasi harakatini boshqarish qo‘lingizdan kelmaydi.

Sinergetika esa — ochiq notekis muhit beqarorligining alohida holatlarida tananing eng quyi mayda zarralardan tortib, eng yirik a’zolariga ham ta’sir ko‘rsatish mukinligini e’tirof etadi. Sharoit g‘oyat qulay bo‘lgan muhitda atom zarrachalari darajasidagi fluktuatsiya avj olishi va makrodarajada alohida holat sifatida mustahkamlanishi (ayni siz bilan biz yashab turgan muhitda) mumkin, bu makroholat esa o‘z navbatida fazoviy, megodarajadagi jarayonlarga hal qiluvchi fluktuatsiyalar sifatida qo‘shilib ketishi mumkin. “Quturgan” atom hatto Koinotni ham alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradi — bu fantastik roman uchun tayyor mavzu…

Tizimning muvozanat va barqarorlikdan xoli ekani, unda ko‘plab bifurkatsiya nuqtalarining mavjudligi har doim ham uning yemirilishiga olib kelmaydi. Aksariyat hollarda, ayniqsa, yuksak tashkiliylik darajasida rivojlanish yo‘llarining xilma-xilligi va faoliyat tartiblarining favqulodda o‘zgarishi ehtimollari muayyan tizim uchun hayotiy ahamiyat kasb etadi. Tizimning erkinlik darajasi qanchalik yirik bo‘lsa, o‘zligini “o‘nglab olishga” va o‘zligini murakkablashtirishga, tartibot darajasini oshirishga shunchalik qobiliyatli bo‘ladi. “Tartibsizlik orqali tartibot kasb etiladi” qoidasining mohiyati ayni mana shunda o‘z ifodasini topgan. Bu borada tabiat bamisoli shoirga (jaz sozandasiga ham deb qo‘shib qo‘yamiz) o‘xshatilganki, ayni shoir boshlang‘ich materialdan favqulodda, o‘ta tartibsiz muqoyasalar, mazmun-mohiyatining turlicha talqin kasb etishi, ohang va qofiyalarning qaltis rang-barangligi vositasida pirovard-natijada yuksak darajada yaxlit badiiy asar yaratadi.

Neyrofiziologlarning aniqlashlaricha, odam miyasi ayni qaltis vaziyatlarda, to‘lqinli tuzilmalari faoliyati ta’minlanishi evaziga samarali ishlar ekan. Inson miyasi “qaltis vaziyat bo‘sag‘asida”, bifurkatsiyalarning ketma-ket zarbasiga oldindan shay holatga keladi. Xuddi shunday bokschilar ham raqibining zarbalariga istalgan holatdan qo‘qqisdan zarba bera olish uchun muttasil harakat qiladilar.

Biologik mavjudlik arafasidagi o‘z-o‘zini idora qilish va o‘z-o‘zini shakllantirish negizlari makromolekulalar silsilasida og‘ir beqarorlik vaziyatlarida o‘zlarini tutib tura olishlari bilan bog‘liq bo‘lib, bu qobiliyat ularni g‘anim muhitning salbiy ta’sirini “his etish” va munosib javob berishga undaydi. Yana ham qiziqarli jihati shundaki, og‘ir vaziyatdan to‘laqonli barqarorlik tomon siljib borilgan taqdirda atayin og‘ir vaziyat holatini tiklaydi. Murakkab moslashuvchan tizimlar muttasil ravishda “qaltis tartibsizliklar” tomon ilgarilaydi, go‘yo o‘t bilan o‘ynashadilar.

Bu mulohazalar hozir halokatlar nazariyasi va og‘ir vaziyatlarni atayin yuzaga keltirilishi nazariyasi doirasida o‘rganilmoqda. Keyingi nazariya AQShning Nyu-Mexiko shtatidagi Santa-Fe shahridagi murakkab moslashuvchan tizimlarni tadqiq etish instituti xodimlari P.Bak va S.Kaufman tomonidan ishlab chiqilgan. Ular halokatlilik g‘oyasini ifodalash uchun ko‘rgazmali misol tarzida qum uyumidagi qum zarrasining holatini oladilar. “Qum uyumi majozan murakkab hodisalarga oid fizikaviy mushohadalar doirasidan ancha chiqib ketadi, unda hamma qonuniyatlar: ko‘plab bo‘lakchalarning kooperativ fe’l-atvori, tasodifiylik, kutilmaganlik, taqdir mujassam. Bu — olamni idrok qilishning yangicha uslubi”.

Yana bir kashfiyotni eslatib o‘taylik. Bu ham tabiat atayin fluktuatsiyaviy tusga ega og‘ishlar keltirib chiqarishidan, ular pirovard-natijada hayotiy ahamiyat kasb etishidan dalolat beradi. Buni Barbara Mak-Klinton o‘simliklar genetikasi sohasida kashf etgan bo‘lib, shu kashfiyoti uchun 1983 yili Nobel mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Ma’lum bo‘lishicha, xromosomalar tarkibida harakatchan deb nomlanuvchi genlar bo‘lib, ularning vazifasi DNK silsilasining bir joyidan boshqa joyiga sakrab o‘tib, genetik kodga atayin buzilishlar kiritishdan iborat. Tana o‘z xromosomasini shu asno qasddan “buzishi”dan ko‘zlangan maqsad shundan iboratki, shunday buzilishlar ortishi evaziga keyinchalik tabiiy tanlash sodir bo‘ladi, ya’ni tana asta-sekinlik bilan kechayotgan tabiiy jarayonni kutib o‘tirmasdan, unga turtki berib, tezlashtiradi. “Evolyutsiya, ya’ni rivojlanish — parvoz chog‘ida qo‘lga kiritiladigan noyob hodisa”. Frantsuz olimi J. Mononing bu ta’rifi kutilmagan buzilishlarning mohiyatini aks ettiradi. Bunday holatning sir-asrorlarini anglashga hatto Ch.Darvin ham uringan.

Bu holat-hodisalar tabiatda xolisona maqsadga muvofiqlik mavjudligiga oid masalani qayta-qayta ko‘tarishga majbur qiladi, tabiat ketma-ket tasodifiy voqealar oralab o‘zi uchun shunchaki yo‘l ochmaydi; tabiat rivojlanib-ravnaq topishi uchun atayin, hattoki qasddan o‘zini g‘alayonga soladi, favqulotda vaziyatlarga duchor etadi.

SUR’ATLI OLAMLAR. OLIS KELAJAKKA DOXILLIK

Sinergetika ayrim bo‘laklardan yaxlit rivojlanganlikda yuzaga keltirish, nisbatan sodda tuzilmalardan murakkablarini shakllantirish, tizimlarning birgalikda barqaror rivojlanishi qoidalarini kashf etadi. Samarskiy-Kurdyumov ilmiy maktabining sezilarli yutuqlaridan biri mana shu bo‘ldi.

Mustaqil, hali birlashib ulgurmagan tuzilmalar “bir-birlarini sezmagan holda” mavjud bo‘ladilar. Ularning har biri turli “sur’at olamlarida” yashaydilar, ya’ni har biri o‘ziga xos sur’at asosida rivojlanadi. Murakkab tuzilma “turli yoshdagi” — turli rivojlanish bosqichlaridagi tuzilmalarning birlashishini bildiradi. Masalan, ilmiy maktab olimlarning turli avlodlarini: o‘qituvchilarning o‘qituvchilarini, o‘qituvchilarning o‘zlarini, faol ish olib borayotgan shogirdlarni va umumiy ishga endigina qo‘shilgan yoshlarni birlashtiradi.

“Turli yoshdagi” tuzilmalarning yaxlit-yagona rivojlanuvchi bir-butunlik kasb etishi qoidasini sinergetika quyidagicha talqin etadi. Nisbatan sodda tuzilmalar yaxlitlikning tarkibiy qismiga aylanuvchi barcha ayrim bo‘laklar, sodda tuzilmalar rivojlanishida umumiy sur’at qaror topishi orqali birmuncha murakkab tuzilmaga birikadilar. “Turli yoshdagi” tuzilmalar yagona sur’at olamiga tushib qoladi va bir xil sur’at — tezlik bilan rivojlana boshlaydi. Ayni umumiy rivojlanish sur’ati sharofati bilan xilma-xil tuzilmalar yaxlit tuzilmaning o‘zaro mos va mutanosib tarkibiy qismlariga aylanadi.

O‘zaro birlashib murakkab tuzilmani yuzaga keltirgan tuzilmalarning oqilona topologiyasi, ya’ni to‘g‘ri qiyofaga ega bo‘lsa, murakkab tuzilmaning rivojlanish sur’ati ortadi. Mana shu yaxlitlik tarkibiga kirgan eng tez rivojlanuvchi tuzilmaning sur’atidan ham yaxlit tuzilmaning kasb etgan sur’ati tezligi yuqori bo‘lgan. Birgalikda rivojlangan foydali, chunki buning natijasida moddiy va ma’naviy sarf-xarajatlar tejaladi. Shu bois, birlashish, yaxlitlanish o‘zini oqlaydi. Rivojlanganlik darajasi nuqtai nazaridan murakkab tuzilmalar mahobatli buyuklik va yaxlit barkamollik timsoli bo‘la oladi. Qadimiy hindlar tili bilan aytganda, ular “Ma’buda qiyofasini kasb etadi”.

Sinergetika rivojlanish asnosida yuzaga keluvchi murakkab-tuzilma — jismlarning yana bir o‘ziga xosligini kashf etadi. Rivojlanuvchi murakkab tuzilmaning shakl-shamoyili axborot ko‘rinishiga ega. Bu tuzilmaning muayyan qismlaridagi jarayonlar ilgari qanday kechgan bo‘lsa, ayni paytda ham shu sur’at bilan kechadi, boshqa qismlarida esa jarayonlar butun tuzilmada kelgusida qay sur’atlar bilan kechishi zarur bo‘lsa, shunga mos ravishda ro‘y beradi. Shuning uchun ham shunday bo‘ladiki, yuzaga kelgan jarayonlar, attraktor-tuzilmalar invariant yechimlarni hosil qiladi, ularda makon va zamon erkin emas, balki o‘zaro chambarchas bog‘liq. Sinergetika vaqt mashinasi kalitini bamisoli qo‘limizga tutqazadi, natijada ayni paytda moziy hamda bevosita hayotiy kelajak eshiklari qarshimizda ochiladi. Bunday imkoniyatdan foydalana bilish uchun muayyan uquv talab qilinadi. Faqat sinergetika ta’limoti bilan qurollangan odamgina mana shunday nekbin fazilat kasb etadi.

Sinergetik dunyoqarashning ziddiyatli oqibati esa mana bunday. Basharti tuzilma sust faollik va cheklanmagan tarzda harakatlanuvchi to‘lqinlar tartibida rivojlansa, ya’ni go‘yo murakkab tuzilma “hordiq” va “uyqu” holatida bo‘lsa, shu tuzilma markazidagi bugungi jarayonlar shunday kuchga aylanadiki, ana shu kuch ta’sirida juda olis kelajakdagi jarayonlar sodir bo‘ladi. Bu — murakkab rivojlanish tarzining matematik modellari tahlilining natijasi.

Bunday tartib, umuman, tush ko‘rmasdan uxlashga, ayniqsa, mos bo‘lib, uni hindlar azbaroyi sirli holat deb hisoblaganlar. “Odam uyquga ketsa-yu, hech qanday tush ko‘rmasa, shunday holatda yaxlitlikka erishadi. Butun ismi shariflar bilan nutq uning tanasiga kiradi, barcha timsollar bilan nigoh jo bo‘ladi, jamiki tovushlar bilan quloq to‘yinadi, jamiki fikr-mulohazalar bilan tafakkur unda tajassumini topadi. U uyg‘onganida, alangadan to‘rt tomonga otash-uchqunlar sachragani kabi, mana shu Atmandan ham o‘z joylari tomon hayotiy kuch-quvvat, hayotiy kuch-quvvatdan — Tangrilar, Tangrilardan esa — olimlar tarqaladi”. Upanishada asarida Kaushitakining holati mana shunday tasvirlangan. Tetiklik holatidagi hayotiy kuch-quvvatning maksimal yuzaga chiqishi boshqa qutbdagi g‘oyat osoyishta uyquga mos bo‘lishi zarur. Uyqu holatida kuch-quvvat aksariyat pinhona tarzda bo‘laklanmagan va osoyishta yaxlitlikda jamlangan bo‘ladi. Inson shunday holatda fazoviy yaxlitlik bilan aloqaga kirishib, universal aloqalar tasarrufida bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Muayyan uyg‘unlik, mavjud jarayonlarning murod-maqsad, kelajakdagi tartibot bilan muqoyasa qilinishi ro‘y beradi.

Sinergetik mushoHada — sinergetika tarzIda yashash

Sinergetika o‘z ilmiy mavqei yuksakliklaridan insonga shu asno pand-nasihat qiladi. Dunyoda hamma narsa o‘zaro bog‘liq; sen qo‘g‘irchoq emassan, biroq hukmron ham emassan, sen xayol yetmas ibtidodan beadoq intiho sari uzangan universum rivojlanish silsilasi majmuidagi faol tugunsan.

Bu an’anaviy sharqona dunyoqarashga o‘xshaydi. Sinergetikaning ko‘plab g‘oyalarini mazmun-mohiyati; hamma narsaning hamma narsa bilan o‘zaro bog‘liqligi, olamda va jamiyatda muayyan pog‘onalarning mavjudligi, unga xohlasang-xohlamasang amal qilish kerakligi, tomchida dengiz aks etganidek, dengiz ham milliardlab tomchilarning tajassumi ekani, qadimiy Xitoy ramzi — in va yan galma-gal almashgani kabi harakatlanish sur’atlari va maromining dialektik almashuvi, hamma narsaning yo‘qlikdan paydo bo‘lishi va yana yo‘qlik qa’riga singishi, — sinergetikani daosizm, induizm, budda dini, konfutsiylik ta’limotlariga yaqinlashtiradi.

Sinergetik dunyoqarashning jihatlari atrofimizdagi olamga xos u yoki bu darajadagi qonun-qoidalarga muvofiq talqin qilinishi mumkin. Ularni sirli tadqiqotlar bilan mashg‘ul olimning ham, jamiyatda olimlarning farovonligiga oid antiqa tasavvurlarini qaror toptirish uchun harakat qilayotgan siyosatdonlar faoliyatiga ham, qolaversa, oddiy inson xatti-harakatlariga nisbatan ham tadbiq qilish mumkin.

Biz shunday qonun-qoidalarni imkoniyatimiz darajasida tushuntirishga harakat qilib ko‘raylik.

Birinchi qoida: “Qanday aks-sado berishi noma’lum”. Ilya Prigojin bu g‘oyani lo‘nda, lekin juda tushunarli izohlaydi: “Tabiat deterministik olamda inson tomonidan to‘la nazorat qilinadi, xususan inson istak-xohishlarini inert ob’ektiga aylanadi. Basharti tabiatga mohiyatan beqarorlik xos bo‘lsa, inson tevarak-atrofidagi olamga ehtiyotkorlik va hushyorlik bilan munosabatda bo‘lishi kerak, — loaqal kelgusida nimalar sodir bo‘lajagini aniq bashorat qila olmasligi uchun ham shunday qilmog‘i zarur”. Bizlar yashayotgan olam notekis va ochiq. Notekis, ya’ni beqaror olamda esa hatto ehtimoldan yiroq hodisa-voqealar ro‘y berishi hech gap emas.

Ikkinchi qoida: “Zarur holatlarda va zarur pallada harakat qil”. Eramizgacha V asrga mansub Xitoy falsafiy yodgorligi — “Go Yuy” vositasida bizgacha yetib kelgan konfutsiyparast donishmandning so‘zlariga quloq tutaylik. Alloma xonliklardan birining xukmroniga shunday nasihat qiladi: “Hozir U (Samo) sizni kuzatayotir, shu bois rejalar tuzishga oshiqmang… Qulay fursatni kutish zarur, zero zafarlar yo‘lida kuch-qudratiga ortiqcha ishonadigan kimsa mag‘lubiyatga mahkum… Qulay fursatni qo‘ldan chiqarmaslik kerak, chunki bunday omad faqat bir marta keladi. Basharti qulay fursat kelsa-yu, undan maqsadga erishish uchun foydalanilmasa, Samo yuz o‘giradi”.

Samo timsolida yalpi faol muhit, ilohiylik nishonalari aks etgan. Unda odamzotning muayyan ishtiroki natijasida faollashadigan ko‘plab yirik imkoniyatlar o‘z tajassumini topgan. Muhitning tashqi ta’sirga munosabati ta’sirning muhit imkoniyatlariga mos kelishi va mos kelmasligi bilan belgilanadi. Tabiiy (Dao) yiliga amal qil — ijobiy natijaga erishasan, basharti muayyan muhitga qarshi ish tutadigan bo‘lsang — mag‘lubiyatga uchraysan.

Uchinchi qoida: “Ro‘y berishi mumkin bo‘lmagan narsa, albatta, ro‘y bermaydi”. Bunga Sobiq Sovet Ittifoqida sotsializm qurish uchun harakat bo‘lganligini misol qilsa bo‘ladi. Marksizm asoschilari va inqilobning dastlabki “dohiylari” tasavvuridagi barkamol ijtimoiy tuzum, aslida, muayyan ijtimoiy muhitning ichki o‘ziga xosliklari va imkoniyatlariga mos kelmadi. Oqibatda qadimgi Sharq mustabid tuzumlariga xos belgilarga ega ijtimoiy muhit vujudga keldi. “Muayyan xonani mo‘ljallab qadam tashlay turib, butunlay boshqasiga kirib qolindi”…

Basharti, allaqanday taraqqiyot yo‘lini tanlab olar ekanmiz, uni amalga oshirish ehtimoldan yiroq ekanini, ehtimol tutilayotgan holatlar xaritasida bunday yo‘l umuman yo‘q ekanini anglab yetmog‘imiz lozim. Bunday holatlarda tizimning ichki xossalarini o‘zgartirish, mavjud holatlarni o‘zgartirish imkoniyatlarini qidirishimiz, yoxud muayyan muhitga mos kelmaydigan tartib-qoidalarni zo‘r berib joriy qilishga urinishlardan butunlay voz kechish darkor. Insoniyatning kelgusi rivojlanishi reja-tarhlarini tuzish bilan bog‘liq, zamonaviy karomatgo‘ylik faoliyatida mazkur qoidaga amal qilinishi, ayniqsa, muhim ahamiyatga ega.

To‘rtinchi qoida: “Arzimas narsa bilan yirik yutuqlarni qo‘lga kirita olasan, biroq salmoqli, yirik narsalar bilan hamisha arzimas narsalarga ega bo‘lolmaysan”. Bu qoidada notekislik, beqarorlik tamoyili, ayniqsa, yorqin aks etadi. Notekis tizimlarda ko‘plab kuch-quvvat sarflanishi mutanosib natija olishni kafolatlamaydi. Boshqa tomondan esa, arzimas yoki ba’zan bexosdan qilingan oqilona ta’sir ham tizimni jiddiy harakatlantirishi, uning mudrab yotgan imkoniyatlarini uyg‘otib yuborishi mumkin. Basharti, muhitning zarur nuqtasiga tegishli tartibda ta’sir ko‘rsatilsa, kutilgan samara qo‘lga kiritiladi.

Ayrim taxminlar

Sinergetika rivojlanishining tajribasi zamonaviy ilm-fan yo‘llariga oid qanday muhim xulosaga olib keladi? Sinergetikaning kelajagi qanday?

Sinergetikaning o‘ziga xosligi shundaki, u ilmiy anglashning yangi usulini yuzaga keltirdi — bu tamomila boshqacha, hatto qarama-qarshi narsalar bilan qiyoslash orqali anglash hisoblanadi. Darvoqe, G‘arb ilm-fani asosan qaysi maqsadga yo‘naltirilgandi? Qat’iy taxmin-farazlar tizimini va ilmiy amaliyot ichkarisidagi dalil-isbotlarni ishlab chiqishga, muayyan mazmun-mohiyatni yo‘qotmaslik, xiralashtirmaslik uchun begona unsurlardan atayin voz kechishga yo‘naltirilgan. Sinergetika qarama-qarshi yo‘ldan borib, butunlay boshqacha maxsus yechimlarni, voqelikning o‘ta olis sohalaridan izomorfizmlarni topishga urinadi. Lekin navbatdagi qadamni ham tashlab, turli fanlar dalillarini o‘zaro boyitadigan tarzda tahlil qiladi.

Asosiy fanlarning muayyan tarmoqlari vaqti-vaqti bilan o‘zaro bog‘lanadi, bu o‘ziga xos katalizator vazifasini o‘taydiki, mazkur holat muayyan fan o‘rnini bosa olmaydi va bunga qodir ham emas, biroq fanlarni rag‘batlantiradi, tezlashtiradi, boyitadi, ularda qaror topgan g‘oyalarning saragini sarakka, puchagini puchakka ajratadi.

Fanlararo tadqiqotlar vaqt o‘tgani sayin muqarrar birlashib ketadi, muayyan muammolarni hal qilishning boshqacha usul va vositalari ularning diqqat-e’tiborini jalb qiladi. Yana chorak asrdan keyin bunday muammoga sinergetika ham duch kelishi ehtimoldan holi emas. Lekin turli tabiat jism-tizimlarining murakkab tartibotlarini tadqiq qilishga asoslanuvchi fanlarning o‘zaro bog‘liqlikdagi yondoshuvi dolzarb bo‘lib qolaveradi.

Maqolani o‘qigandan keyin sinergetikaning o‘ttiz yillik taraqqiyoti ham go‘yo qudratli “eng yetakchi fanning” g‘olibona yurishi singari muvaffaqiyatli kechgandek, uning sodiq tarafdorlari tobora ko‘payib borayotgandek taassurot paydo bo‘lishi mumkin. Buning boisi, avvalo, sinergetikaning ijobiy jihatlarini va yangiligini yorqin namoyish qilishga harakat qildik. Shu bilan birga sinergetikaga shubhali nazar bilan yondoshuvchi tanqidiy nuqtai nazarlar chetda qolib ketdi. Aslida diqqat-e’tiborni ohanrabodek jalb qiluvchi yangilikning tarafdorlari bilan birgalikda hamisha muxoliflari ham bo‘ladi.

Dastlab sinergetika bilan ilmiy raqobatga va uning mantiqiy tanqidiga to‘xtalamiz.

Barchaga xos zaifliklardan olimlar ham holi emas. Boz ustiga, ijodiy shaxslar sifatida raqobatlashish, kasbiy shaxsiyatparastlik kabi sifat-xislatlar ularda kuchliroq bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas, — bularning barchasi xalqaro ilmiy hamjamiyat faoliyatida hamisha namoyon bo‘lib kelayotir. Buning nafaqat psixologik jihatlari, balki amaliy-moddiy sabab-ildizlari ham bo‘lib, ular sarmoya va yaxshi ish joylari uchun kurashga borib taqaladi. Zamonaviy ilm-fanga sinchiklab nazar tashlaydigan bo‘lsak, uni (basharti qalban hamon idealist bo‘lib qolgan taqdiringda ham) sanoat yoki tadbirkorlik turlaridan biriga beixtiyor qiyoslaymiz. Ilm-fan raqobat va yashab qolish qonuniyatlariga bo‘ysunib, tobora amerikacha xususiyat kasb etib borayotir. Kimki jamoatchilik diqqat-e’tiborini jalb qilib, oldinga chiqib olsa, u osongina moliyaviy madadga ega bo‘ladi, eng yaxshi dorilfununlarga taklif qilinadi, nihoyat mashhurlik va shon-shuhratga noil bo‘ladi. Raqibi undan xiyol ortda qolsa yoki deyarli baravar bo‘lsa ham butun diqqat-e’tibor peshqadam deb topilgan kimsaga qaratilishi odatga aylangan. G‘arb mamlakatlaridagi kitob do‘konlarida bo‘lar ekansiz, ilmiy adabiyotlar bo‘limidagi nashrlarni ko‘zdan kechirib, hatto ilmiy adabiyotlarning muqovalari ham o‘ta yorqinligi, boz ustiga detektiv asarlar kabi g‘oyat qiziqarli nomlanganining shohidi bo‘lasiz. Zamonamiz olimlari ommaviy shon-shuhrat qozonish uchun bamisoli rok — musiqa yulduzlari singari o‘zlarini “sotishlari”, “ko‘z-ko‘z qilishlariga” to‘g‘ri kelayotir.

Bu borada an’anaviy fanlar bilan an’anaviy fanlar, ayni paytda an’anaviy fanlar bilan nisbatan navqiron fanlar, shuningdek, bevosita navqiron, yosh fanlar ham o‘zaro bellashmoqdalar. I. Prigojin “sinergetika” atamasini imkon boricha qo‘llamaslikka harakat qilishini qayd etgandik. Xo‘sh, nima uchun? Asosan ilmiy birinchilik va obro‘-e’tibor nuqtai nazaridan. Oliy natija — yangi ilmiy yo‘nalishni boshqalar e’tirof etadigan o‘z nomlanishini qaror toptirishdan iborat. Bizlar bahs yuritayotgan ilmiy sohaning sakkizta nomlanishi borligiga qaramasdan birortasi ham umum tomonidan e’tirof qilinmagan. Ular orasida: murakkablik to‘g‘risidagi fan, muvozanatsiz termodinamika, determinlashgan tartibsizlik nazariyasi, o‘z-o‘zini idora qilish nazariyasi, notekis dinamika, murakkab moslashuvchan tizimlar nazariyasi kabilar bor. Bu yo‘nalishlarning har bittasining, albatta, muayyan o‘ziga xosliklari bo‘lib, u yoki bu hodisalarga alohida e’tibor qaratadi, lekin ularni allaqanday mushtaraklik birlashtiradi. Natijada muayyan aylanani hosil qiluvchi bo‘laklarning nomlari aniq, biroq ayni doiraning nomlanishi noma’lum bo‘lgan manzara paydo bo‘ladi. Aksariyat hollarda turdosh ilmiy yo‘nalishga mansub hamkasblarning izlanishlari hatto biron marta esga olinmaydi, go‘yo ular mutlaqo yo‘qday.

Shaxsiy va guruh-guruh bo‘lib inkor etish yoniga geografik kamsitish ham qo‘shilmoqda. Sharqdagilar G‘arb tomondagilarning ilmiy izlanishlarini kuzatib boradilar, G‘arbdagilar esa Sharqdagi hamkasabalarini hatto payqamaydilar ham. Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlarda Rossiya, tabiiyki, Yevropa va AQSh ilm-fanida qilinayotgan asosiy izlanishlarni inobatga olishga urinadilar. Rossiya viloyatlarida olib borilayotgan ilmiy ishlarga Moskvada yetarli e’tibor berilmaydi. Deylik, germaniyalik olim Rossiya, Xitoy, hatto o‘ta rivojlangan Yaponiyadagi hamkasabasi faoliyati bilan deyarli qiziqmaydi, bu borada, albatta, til bilmaslik ham to‘sqinlik qiladi. Germaniyalik olim hatto hamyurtining ilmiy ishi, basharti, AQShda nashr qilingan taqdirda ham, unga kamdan-kam holatda e’tibor beradi. Qolaversa, bizlar hamon shartli ravishda sinergetika deb nomlanayotgan g‘oyalarning asosiy tashabbuskorlari G‘arbiy Yevropa va Rossiya olimlari ekanidan qat’i nazar, amerikaliklar bu ilmiy yo‘nalish ayni bizning vatanimizda yuzaga kelgan, deya komil ishonch bilan da’vogarlik qilaveradilar.

Adolat yuzasidan eslatish kerakki, sinergetika asoschisi G. Xaken 50-yillarda Moskvada tahsil olgan, rus tilini biladi hamda rossiyalik olimlar, jumladan, S.P. Kurdyumov va nazariyotchi fizik Yu.L. Klimentovichning ilmiy ishlaridan yaxshi xabardor. U Shtutgartdagi Ilmiy markazga rahbarlik qilish bilan birga Floridaning Atlantika dorilfununida Murakkab tizimlar markazida muntazam ilmiy ish olib boradi.

Mazkur yo‘nalishdagi shaxsiy munosabatlar va da’vogarliklarning mazmun-mohiyati nimalardan iborat? Ularni qisqacha quyidagicha ifodalash mumkin.

Birinchidan, sinergetika qamrab bo‘lmaydigan narsani qamrab olishga bel bog‘lagan, qamrov qanchalik keng bo‘lsa, aniq natija shunchalik g‘arib bo‘ladi. Fanlararo bog‘liqlik — deya e’tirof qiladi uning muxoliflari: bir yo‘la bir necha o‘rinlarga intilish emasmi?

Ikkinchidan, sinergetika bog‘lanmaydigan narsalarni bog‘lashga harakat qiladi. U mikro va makro olamlarning, fizikaviy va biologik hodisalarning, psixologik va ijtimoiy tartibotlarning sifat jihatidan farqlanishini istisno qiladi.

Uchinchidan, sinergetika aksariyat ko‘hna, azaldan ma’lum narsalarga yangi yorliqlar yopishtiradi. Ana shu yorliq olib tashlansa, an’anaviy fanning negizi ochilib qoladi, unda garchi yangicha fan yetilib kelayotgan bo‘lsa ham, buni sinergetika sharofati deb hisoblamaydilar.

To‘rtinchidan, sinergetikaning ayrim amaliy tavsiyalari sehr-joduga o‘xshamaydimi? Arzimas narsa bilan juda salmoqli natijalarni qo‘lga kiritish mumkinligi jodugarlikning bir ko‘rinishi emasmi? Axir sinergetikani shunday talqin qilish mumkinki, deylik, afsungarlarga xos sehru joduni ishga solib, juda katta yutuq egasi bo‘lish mumkin.

Shularga o‘xshagan barcha dalillarni izohlash uchun yana bitta maqola yozish kerak bo‘ladi. Tabiiy e’tirof etish zarur: sinergetikada haqiqatdan ham tobora avj olib borayotgan hukmronlik tamoyili mavjud, bu xususiyat, afsuski, har doim ham uning foydasiga xizmat qilmaydi, aksincha illat sifatida talqin qilinadi. Sinergetika o‘z mohiyatiga ko‘ra qanday ishlarga qodir ekanini oydinlashtirib olishi — shuningdek, qaysi sohalar va masalalar bilan shug‘ullanmasligi zarurligini ham aniqlab olishi kerak. Qolaversa, bunga oid bahs-munozara davom etadi, degan umiddamiz. Zero, haqiqat — bahs-munozaralarda tug‘iladi.

“Novыy mir” jurnalining 2000 yil 3-sonidan olindi.   

«Jahon adabiyoti” jurnali, 2004 yil, 1-son.

Abduhamid Pardayev tarjimasi.