Arnold Jozef Toynbi. Sivilizatsiyalar inqirozi

Buyuk britaniyalik mashhur tarixchi olim, faylasuf, sotsiolog va siyosatshunos Arnold Jozef Toynbi (1889-1975)ning o‘n ikki jildli “Tarix tadqiqoti” asari jahonning o‘nlab tillariga tarjima qilingan. Muallif mazkur asarni 1927 yil yoza boshlagan va 1966 yil yakunlagan.

A.Toynbining tadqiqot usuli o‘ziga xos. Olim insoniyat tarixini tsivilizatsiyalar tarixi sifatida o‘rganadi va talqin qiladi. Muayyan bir davlat yoki xalq tarixini o‘sha mamlakat yoki millatning qaysi tsivilizatsiyaga mansubligi nuqtai nazaridan tadqiq etadi. Sivilizatsiyaning paydo bo‘lishi, rivojlanishi, inqirozini ichki va tashqi ta’sirlar asosida tahlil qilar ekan, bu jarayonlarga faylasuf dunyoqarashi bilan yondoshadi. Voqealar rivoji ko‘plab tarixiy hodisalar, davlatlar, sulolalar va shaxslar faoliyati misolida o‘rganilar ekan, jarayon silsilasi tadrijiylik, davriylik, ketma-ketlik unsurlaridan xoli bo‘lganligi bois ham asar tili, bayoni o‘quvchida dastlab biroz murakkabdek taassurot uyg‘otadi. Biroq asarning ichi va ruhiga kirib borganingiz sayin, go‘yo kitob qulfiga kalit topgandek bo‘lasiz. Shu bois, ko‘plab tarixchi va faylasuflar A.Toynbi tarix tadqiqida o‘ziga xos kontseptsiya va usul yaratganligini alohida ta’kidlab o‘tishadi.

Olim keskin iqlim, qo‘shni jamiyatlarning hamlasi, tashqi kuchlarning bosimi va jamiyat ichida yaratuvchilik, ijodkorlik, aniq maqsad sari intilishga qaratilgan hayotiy quvvatning yo‘qolishini tsivilizatsiyalarga tahdid deb hisoblaydi.

A.Toynbi, o‘n ikki jildli kitobining qisqacha mazmuni, asosiy g‘oya va xulosalari asosida bir jildli variantini ham tayyorlagan. Quyida ana shu kitobning 2009 yilgi nashri asosida ayrim boblarni e’tiboringizga havola etamiz.

Tarjimondan

 

TARIX TADQIQOTI

SIVILIZASIYaLAR INQIROZI

Muxtasar kuzatish

Sivilizatsiyalar sinishi muammolaridan ularning inqirozi muammolariga o‘tar ekanmiz, xuddi tsivilizatsiyalar paydo bo‘lishidan rivojlanishiga o‘tishi muammolariga o‘xshash holatga duch kelamiz. Inqiroz yangi, mustaqil ahamiyatga ega hodisami yoki uni sinishning tabiiy va shak-shubhasiz oqibati deb hisoblaymizmi? Bu savolga, ya’ni yuksalish, rivojlanish muammosi paydo bo‘lish, vujudga kelish masalasidan farqli, yangi hodisa ekaniga shakllangan, lekin rivojlanmay “to‘xtab qolgan” yoki “kechikkan” tsivilizatsiyalar mavjudligini kashf qilib ijobiy javob topdik.

Ayrim tsivilizatsiyalar sinishdan keyin xuddi shunga o‘xshash “to‘xtab qolish”ni boshdan kechirib, uzoq davom etadigan “toshqotish” davriga qadam qo‘yishadi.

Bunday tamaddunlarga yorqin misol sifatida Misr jamiyatining ba’zi bir davrlarini keltirish mumkin. Misr jamiyati ehrom bunyodkorlarining og‘ir yuki ostida ilk bor singan bo‘lsa, keyinchalik “noittifoqlik davri”, universal davlat va podshohliklar oralig‘ida inqirozga yuz tutdi.

Bu tarixdagi yagona misol emas. Uzoq Sharq jamiyatining asosiy o‘zagi bo‘lgan Xitoy tarixida, inqiroz jarayoni “noittifoqlik davri”dan universal davlat sari tabiiy o‘zanda IX asrning oxirgi choragida Tan imperiyasi parchalanishi oqibatida kechgandi. Mo‘g‘ullarning Uzoq Sharqdagi universal davlatiga qarshi Min Xun-vu sulolasi asoschisi boshchiligidagi janubiy Xitoy qo‘zg‘oloni Misr universal davlati qoldiqlari ustida giksoslar barpo etgan “voris davlat”ga qarshi Yaxmosning XVIII sulolasi asoschisi rahbarligidagi Fivan isyonini eslatadi.

“Antik davrning juda mashhur ikki millati ruhi oliy darajada mumtozligi va alohidaligi bilan ajralib turadi. Gap shundaki, yunonlar faqat o‘zlariga tan berishgan bo‘lsa, rimliklar o‘zlari va yunonlarga ishonardi. Buning natijasida fikr toraydi va bir-biriga o‘xshab qoldi. Bu ikki millatning aql-tafakkuri, obrazli qilib aytganda, “qarindosh-urug‘ o‘rtasida tuzilgan nikoh”dek bir-biri bilan chatishib ketdi. Oqibatda esa, fikr pushtsizligi va nasl buzilishi vujudga keldi. Sezarlarning mustabidligi, imperiyaning boshqa xalqlariga nisbatan bepisand munosabati zulm va yomonliklarni kuchaytirib yubordi. Iso Masih tug‘ilgandan keyingi III asr oxirida insoniyat kelajagi juda nursiz ko‘rinish oldi.

Jamiyat uzoq davom etadigan yemirilish, kuch-quvvatdan qolish, ma’naviy tubanlik, falajlik xavfi ostida qolgandi. Uzoq asrlar davomida hech narsa, ya’ni zarur narsalarni o‘rganmagan va hech narsa, ya’ni keraksiz narsalarni esdan chiqarmagan Diokletian va Xitoy fuqarolari o‘rtasida ko‘plab o‘xshash xususiyatlarni topish unchalik mushkul emasdi. Bu yerlarda boshqaruv shakli, ta’lim va butun hayot tarzi marosim monand edi. Xuddi yerga ko‘milgan tanga ko‘paymagandek, bilim o‘sishdan to‘xtab qoldi. Haykaldek qotib qolish turg‘unlik davriga biri ichkarida, boshqasi tashqarida hosil bo‘lgan – ma’naviy va siyosiy – buyuk ikki inqilob barham berdi” (Macaulau T.B. Essau on “Historu”).

Rim imperiyasi turg‘unlik davridan xalos bo‘lganligi uchun, Makoleyning fikricha, ikki kuch – cherkov va varvarlardan minnatdor bo‘lishi kerak. “Bizga anarxiya emas, mustabidlik, ma’naviy erkinlikni yo‘qotish, totalitar davlat, yanada ochiqroq aytganda, umumjahon totalitar davlati xavf solmoqda, deb o‘ylayman. Millatlar va sinflar o‘rtasidagi kurash natijasida o‘tish davri sifatida vaqtinchalik, ichki anarxiya boshlanishi mumkin. Anarxiya mohiyat e’tibori bilan nihoyatda mo‘rt bo‘lganligi uchun ham qadimgi dunyoda ilmiy bilimlarga, ratsional tashkilotga ega har qanday puxta uyushgan guruh boshqalar ustidan o‘z hukmronligini o‘rnata bilgan. Dunyo anarxiyaga muqobil sifatida mustabid davlatni ma’qul ko‘rishi mumkin. Bunday sharoitda dunyo ma’naviy “toshqotish” davriga kirishi ehtimoldan xoli emas, bu holat inson ruhining oliy faoliyati uchun o‘lim bilan barobar.

Bunday totalitar davlatda falsafa va poeziyaning ovozi bo‘g‘ilsa-da, mudom yangi kashfiyotlarga yo‘l ochadigan ilmiy tadqiqotlar davom etadi, deb o‘ylayman. Yunon fani uchun Ptolomey podsholigi begona emas edi. Tabiiy fanlar mustabid tuzumda ham gullab-yashnashi mumkin. Hukmron guruhlar manfaati yo‘lida ularning hokimiyatini kuchaytiruvchi vositalar rivojiga keng yo‘l beriladi. Nazarimda, hozirgi birodarkushlik ostonamizda turgan kulfatdir” (Doktor Edvin Bivenning muallifga yozgan xatidan).

Yuqoridagi mulohazalardan ko‘rinib turibdiki, tsivilizatsiyalar inqirozi anchayin muammoli masala va shu bois mazkur mavzuni tadqiq qilish zarurati mavjud.

Sivilizatsiya taraqqiyotini tadqiq qilish davomida “tahdid va javob”dan iborat izchil namoyish qilingan dramaga duch keldik. Bir namoyish ortidan ikkinchisining kelishi sababi shundaki, har bir javob nafaqat tez-tez takrorlanadigan tahdidni muvaffaqiyatli bartaraf qildi, shu bilan birga yangi tahdid yuzaga kelishiga ham ko‘maklashib yubordi. Bu esa oxir-oqibat yana muammoning ijobiy yechim topishiga olib kelardi.

Biz tsivilizatsiyalar rivoji jarayonini tadqiq qilishni rivojlanish mezonini izlashdan boshladik. Shu bois, inqiroz jarayonini tadqiq qilishda ham shu yo‘ldan boramiz. Inson va tabiat muhiti ustidan hukmronlikni kuchaytirish rivojlanish mezoni emas, degan to‘xtamga kelar ekanmiz, endi adolat yuzasidan aytishimiz lozimki, bunday hukmronlikni yo‘qotish inqiroz sababi ham bo‘lolmaydi. To‘plangan ma’lumotlar muhit ustidan hukmronlikning oshib borishi rivojlanishga emas, aksincha, inqirozga olib kelishidan darak bermoqda. Militarizm – sinish va inqirozning umumiy xususiyati – jamiyat xukmronligining oshishida ko‘pincha samarali vosita bo‘ladi. Singan tsivilizatsiyalarning tanazzul yo‘liga nisbatan faylasuf Geraklitning “Urush – hamma narsaning otasi” degan fikri uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib tushishi mumkin. Masalan, Aleksandr Makedonskiyning bosqinchilik urushlari davomida qo‘lga kiritgan hamma narsasi vorislari tomonidan fuqarolar urushiga ishlatildi, eramizga qadar II asrda Rim bosqinchilari to‘plagan boylik ham oxirgi yuz yillikda sodir bo‘lgan ichki urushlarga sarflandi.

Demak, inqiroz jarayonining biz ilgari surayotgan mezonlarini boshqa joydan izlash zarur. Inqirozga olib keladigan sinishning o‘zak sababi va shaksiz mezoni ichki kelishmovchiliklar bo‘lib, ana shu tufayli jamiyat o‘z taqdirini o‘zi belgilash layoqatini yo‘qotadi.

Noittifoqlik qisman namoyon bo‘ladigan ijtimoiy ixtiloflar sinayotgan jamiyatni bir vaqtning o‘zida ikki yo‘nalishda ichidan yemiradi. Birinchisi – hudud jihatidan jamoalarga bo‘linganlar o‘rtasida “vertikal” ixtiloflar, ikkinchisi – hudud ichida bir-biri bilan qo‘shilib ketgan, lekin ijtimoiy sinflarga ajralgan “gorizontal” bo‘linish va ixtiloflar.

“Vertikal” ixtilofda o‘zaro ichki urushlardagi jinoyatlarga nisbatan ko‘ngilchanlik qilish o‘z-o‘zini mahv etishga keng yo‘l ochganligini ko‘ramiz. Biroq bu ixtilof tsivilizatsiyalarni sinishga olib kelgan eng xarakterli kelishmovchilik emas. Chunki jamiyatning mahalliy jamoalarga bo‘linishi, istaymizmi-yo‘qmi, barcha xalqlar – rivojlanganiga ham, taraqqiyotdan orqada qolganiga ham xos xususiyatdir. O‘zaro urush esa har qanday vaqtda har qanday jamiyat oson uddasidan chiqadigan o‘z-o‘zini vayron qilishni suiiste’mol qilishdir. Boshqa tomondan, “gorizontal” ixtilof faqat tsivilizatsiyalargagina xos xususiyat emas. Bu hodisa tsivilizatsiyalar sinishi va inqirozi paytida ham sodir bo‘lib turadi. Ixtilofning mazkur tipi xususida gap ketganda, Rim imperiyasining shimoliy chegalarida G‘arbiy Yevropadagi cherkov va varvarlarning ko‘plab qurolli otryadlari o‘rtasidagi to‘qnashuvlarni esga olamiz. Bu ikki qutb – qurolli otryadlar ham, cherkov ham g‘arb ijtimoiy tizimini o‘zida mujassam etmagan ijtimoiy guruhlar tomonidan vujudga keltirilgan. Biz cherkovga ellin jamiyatining ichki proletariati, varvarlarning qurolli otryadlariga esa tashqi proletariati, deb ta’rif berdik. Bu ikki proletariat ellin jamiyati yaratish qobiliyatini yo‘qotgan, taraqqiyot orqaga ketgan, “noittifoqlik davri” hukm surayotgan, ixtiloflar avjiga chiqqan bir sharoitda paydo bo‘ldi. Masala mohiyatiga chuqurroq kirsak, ellin ijtimoiy tizimi hukmron tabaqasi xarakterida sodir bo‘lgan o‘zgarish ixtilofga olib kelganiga guvoh bo‘lamiz. Zo‘ravonlikka asoslangan universal davlatning kamchilikni tashkil qiluvchi hukmron tabaqasi o‘z-o‘zini go‘yo ulkan toshbaqa kosasi tagiga hibs etdi. Bu ulkan kosa tagida cherkov o‘sib, kuchayib borar ekan, varvarlarning qurolli otryadlari “kosa”ning tashida tirnoqlarini charxlab, harbiy mashqlarga zo‘r beradi (Muallif Rim imperiyasining oxirgi davrini ana shu toshbaqa kosasiga o‘xshatib, uni ichidan cherkov, tashqaridan varvarlar yemirgan degan xulosaga keladi – tarj.).

Endi ellin jamiyati misolida mavjudligiga ishonch hosil qilganimiz – hukmron ozchilik, ichki va tashqi proletariat – uch guruhni chuqur umumlashtirib tahlil qilish birinchi qadamimiz bo‘ladi. Yuqoridagi misollardan singan jamiyat parchalanishiga uning to‘qimasi “gorizontal” ixtiloflar tufayli uzilib ketishi sabab bo‘lgani ko‘rinib turibdi. Ajablanarlisi shundaki, inqiroz, sinish, ixtiloflarni o‘rganib, bir qarashda sog‘lom aql va mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan xulosaga keldik. Ya’ni, ana shu murakkab jarayonlar tufayli “yangidan tug‘ilish, tiklanish, hayot” yoki “Palingez” bo‘y ko‘rsatadi.

 

IJTIMOIY TIZIMDAGI IXTILOF

Hukmron ozchilik

Ixtilof yomon his-hayajondan ilhomlangan ikki salbiy harakatning mahsuli ekani o‘z-o‘zidan ayon. Birinchidan, garchand loyiq bo‘lmasa-da, hukmron ozchilik kuchga tayanib, o‘z imtiyozlarini saqlab qolishga urinadi. Bunday holatda proletariat adolatsizlikka qahr-g‘azab bilan, qo‘rqitishga nafrat bilan, zo‘ravonlikka zo‘ravonlik bilan javob qaytaradi. Biroq barcha harakatlar ijobiy va ijodiy hodisa bilan: universal davlat, butun jahon cherkovi va varvarlarning jangovar otryadlari vujudga kelishi bilan yakunlandi.

Shunday qilib, ijtimoiy ixtilof shunchaki kelishmovchilik va bundan ortiq ham emas. Harakatni keng ko‘lamda kuzatar ekanmiz, uning bag‘rida ixtiloflardan keyin “palingez” boshlanishini ko‘ramiz.

Bir joyda qotib qolganlik, bir xillik hukmron ozchilikka xos xususiyat bo‘lgani bois, uning ichidan ijodiy yondoshuv, turli-tumanlikni izlash befoyda. Bu tabaqa o‘zining bepusht safiga yangi maslakdoshlarni jalb qilar ekan, korporativ birlik ruhini namoyish etar va aynan o‘z-o‘zini mahv etishni qoyil qilganligi bois o‘z-o‘zidan ko‘paymasdi. Lekin bu narsa hukmron ozchilikning universal davlat tuzishdagi ijodiy kuchiga to‘sqinlik qila olmasdi. Bu qavm ichida korporativ birlik qobig‘iga mahkam yopishib qolganlardan alohida ajralib chiqqanlar ham bor edi.

Bundaylar safiga militarist va uning izdoshi – mayda ekspluatatorni kiritish mumkin. Ellinlar tarixidan misol keltirsak. Aleksandr Makedonskiy militaristning ijobiy namoyandasi bo‘lsa, Sitseron nutq va pamfletlarida Sitsiliyani ahmoqona boshqarganligi alohida ta’kidlangan Verres (Gay Litsiniy Verres, Rim siyosiy arbobi, mil. avv. 73-71 yillar Sitsiliya provintsiyasini boshqargan. O‘z mansabini suiiste’mol qilib, poraxo‘rlikka berilgani uchun sudga tortilgan. Sudda uni qoralovchi sifatida Sitseron ishtirok etgan. Sud jarayoni tugamasdan o‘z ixtiyori bilan quvg‘inga ketgan va 43 yili Mark Antoniy tomonidan qatl qilingan – tarj.) ekspluatatorlarning yomon vakili sifatida maydonga chiqadi. Biroq Rim universal davlati o‘zining uzoq umri uchun militarist va ekspluatatorlar izidan kelgan va ularning xato-kamchiliklarini tuzatib, o‘layotgan jamiyatga qisqa muddat bo‘lsa-da umr bag‘ishlagan askar va amaldorlardan minnatdor bo‘lmog‘i lozim.

Bundan tashqari, ellinlar hukmron ozchiligi ichida Rim amaldorlari “o‘zim bo‘lay” demasdan, boshqalarga g‘amxo‘rlik qiluvchilarning birinchisi va yagonasi emasdi. Severlar sulolasi davrida stoik (Stoitsizm falsafiy ta’limoti tarafdori. Matonat va bardoshni targ‘ib qiladi – tarj.) Mark Avreliyning imperatorligi tarix sahifasidan joy olib bo‘lganda va stoik huquqshunoslar stoitsizm asarlarini Rim Huquq fani tiliga tarjima qilib tugatganlarida Rim bo‘rilarining Platon soqchi itlariga aylanishidek mo‘jiza yunon falsafasi tufayli sodir bo‘lgan edi. Ellin hukmron ozchiligida Rim ma’muri (amaldori) boshqalarga g‘amxo‘rlik qiluvchilarning amaliy ishlardagi namoyandasi bo‘lsa, yunon faylasufi bu tabaqaning muruvvatli intellektual salohiyati edi. Rim davlat tizimi yemirilishiga guvoh bo‘lgan avlod vakili Platon (203-262)ga kelib yunon faylasuflari oltin halqasi uzildi. Aslida bu uzilish Suqrot (mil. avv. 470-399 yillar) zamonida ellin tsivilizatsiyasi sinishi davrida voyaga yetgan avlod hayotida boshlangan edi. Bu sinishning fojiali oqibatlarini kamaytirish yunon faylasuflari va Rim mamurlari zimmasiga tushdi. Faylasuflarning sa’y-harakati mamurlarnikiga qaraganda ancha qimmatli va samarali natijaga olib keldi. Chunki parchalanib, inqirozga yuz tutayotgan jamiyat hayot to‘qimasi bilan faylasuflar qalin aloqaga ega edilar. Rim ma’murlari ellin universal davlati barpo etish harakatida yurganlarida faylasuflar bo‘lg‘usi avlodlar uchun akademiya ko‘rinishidagi “Mangu xazina” bino qilishdi.

Boshqa singan tsivilizatsiyalarda ham militarist va ekspluatatorlarning shafqatsiz izlaridan kelgan alturist (boshqalarga g‘amxo‘rlik qiluvchi – tarj.)larning oliyhimmatligini ko‘ramiz. Misol uchun, Xan (mil. avv. 202 – milodiy 221 yillar) sulolasi davrida qadimgi Xitoy universal davlatini boshqargan Konfutsian kitobsevarlari o‘z xizmat faoliyatlarida shunday yuksak cho‘qqilarga erishdiki, ular dunyoning boshqa burchagidagi rimlik zamondoshlari bilan bir xil ma’naviy darajada turar edi.

And universal davlatini boshqargan inklar va “shohlar shohi” Ahamoniylar noiblari tomonidan idora qilingan Suriya universal davlati hukmron ozchiligiga ham alturistlarning oliyhimmat kayfiyati yuqqan edi. Buni inklar va Ahamoniylar dushmanlari ham tasdiqlashgan. Xususan, ispan konkistadorlari inklarga tan berishgan bo‘lsa, Gerodot asarlari orqali tasvirlangan forslar portretida ham ijobiy bo‘yoqlar juda quyuq. Tarixchining yozishicha, forslar bolalarini besh yoshidan yigirma yoshgacha uch narsaga: chavandozlik, kamondan o‘q otish va rost gapirishga o‘rgatishgan. Biroq yunonlar nuqtai nazaridan fors saxovatpeshaligiga eng yuksak bahoni buyuk Aleksandr bergan. Minglab makedon askarlari qoni va jasorati evaziga qo‘lga kiritilgan hukmronlikni – forslarni davlat boshqaruviga jalb qilish orqali Aleksandr yana ularning o‘ziga qaytarib berdi. Albatta, bu tutum makedoniyaliklarning g‘oliblik tuyg‘ularini haqorat qilardi. Lekin shunga qaramasdan bu siyosatni Aleksandr o‘zigagina xos puxtalik bilan amalga oshirdi. U fors amaldorlarining qizini xotinlikka oldi. Jahongir makedoniyalik zobitlarni fors ayollariga uylanishga majburlab, bu yo‘lda ham qo‘rqitish, ham sotib olish usulini qo‘llardi. U fors yigitlarini o‘z armiyasi safiga safarbar ham qildi.

Xullas, hukmron ozchilik o‘zlari barpo etgan universal davlatlarda juda ijobiy iz qoldirgan. Sinish fasliga kirgan yigirmata tsivilizatsiyadan o‘n beshtasi inqiroz sari borar ekan, bu davrni chetlab o‘tolmadi. Biz ellinlar universal davlatini Rim imperiyasi, andlarning universal davlatini inklar imperiyasi, qadimgi Xitoy universal davlatini Sin va Xan sulolalari imperiyasi, Shumerlar universal davlatini Shumer imperiyasi, Vavilon universal davlatini Yangi Vavilon podshohligi, Minoy universal davlatini “Minos talassokratiyasi”, mayyalar universal davlatini mayya “qadimgi imperiyasi”, Suriya universal davlatini Ahamoniylar imperiyasi, hind universal davlatini buyuk Mo‘g‘ullar imperiyasi (g‘arb ilmida yoyilgan odatga ko‘ra, boburiylar sulolasini muallif shunday nomlaydi – tarj.), rus-pravoslav universal davlatini Moskva davlati, pravoslav universal davlati tanasini Usmonli turklar imperiyasi, Uzoq Sharq dunyosi universal davlatini Xitoydagi Mo‘g‘ullar imperiyasi va Yaponiyadagi Tokugava syogunati bilan tenglashtirishimiz mumkin.

Yana shuni e’tirof etish kerakki, siyosiy faoliyatga layoqat hukmron ozchilikning yagona qobiliyati emasdi. Ellin hukmron ozchiligi nafaqat Rim ma’muriy tizimini, shu bilan birga yunon falsafasini ham dunyoga keltirdi. Inqirozga yuz tutayotgan qadimgi Xitoy jamiyatining hukmron ozchiligi Lao-tsziga nisbat berilgan Konfutsiy ta’limotini dunyoga keltirdi.

 

IChKI PROLETARIAT

Ellin timsoli

Ellin ichki proletariati paydo bo‘lishini murtak davridan kuzatishni xohlasak, tarixchi Fukidid asarlaridan yaxshiroq manba topolmaymiz. Tarixchi ijtimoiy inqirozning dastlabki davri Kerkirda qanday namoyon bo‘lganini quyidagicha tasvirlaydi: “O‘zaro kurash shunday yovuz va shafqatsiz ko‘rinish oldiki, u barchada dahshatli taassurot qoldirdi. Bunday shafqatsizlik ilk bora ro‘y berayotgan edi. Haqiqatan, keyinchalik butun ellin olami partiyalar o‘rtasidagi kurashdan juda chuqur ruhiy iztirobga tushdi. Har bir shaharda xalq partiyalari yo‘lboshchilari afinaliklarni, oligarxlar boshliqlari esa lakmidoniyaliklarni yordamga chaqirishdi. Partiyalar arboblarining tinch zamonda kimnidir yordamga chorlashga ehtiyoji ham, moyilligi ham yo‘q edi.

Afina va Lakmedon bir-biri bilan yovlashib qolganidan so‘ng, ikki partiya dohiylari raqiblarini mag‘lub etish va o‘z kuchini mustahkamlash uchun osongina ittifoqchi topa bilishardi. Shahardagi bunday vaziyatdan norozilar ham siyosiy yangilanishga intilib, chet elliklarni ishtiyoq bilan yordamga chaqirishardi. Oqibatda ichki kurashlar natijasida shahar boshiga ko‘p kulfatlar yog‘ilardi. Inson tabiati o‘zgarmas ekan, bunday kulfatlar avval ham, keyin ham sodir bo‘laveradi. Tinch va rivojlanish zamonida davlat ham, alohida shaxslar ham o‘z xatti-harakatlarida ezgu niyat va maqsaddan kelib chiqishadi. Chunki ular erkin harakat qilishdan mahrum etadigan sharoitga tobe emas. Urush esa odamlar turmushi, fikrini o‘zgartirib yuboradi, ularni osuda hayotdan ayiradi. Urush zo‘ravonlikni o‘rgatadi. Xuddi shunday – ichki urushlar o‘shanda butun Ellada shaharlarini qamrab oldi. Ayrim shaharlar bunday birodarkushlik urushlariga boshqalariga qaraganda kechroq duch kelgan bo‘lsa-da, qo‘shni shaharlarda bo‘lib o‘tgan xunrezliklarni eshitgani bois oldingilaridan o‘n barobar o‘tib tushdi. (Fukidid. Tarix, III, 82).

Uy-joysiz qochoqlar soni ko‘payib borishi bunday nizoning birinchi ijtimoiy oqibati bo‘ldi. Bu yovuzlikni Aleksandr Makedonskiy qochoqlarni o‘z uylariga tinch qaytarish uchun shahar-davlatlar hukmron doiralarini majbur qilishi ham naf bermadi. O‘zaro urushlar alangasi kuchaygandan-kuchayib borar, qochoqlar faqat askar sifatida yollanishdan o‘zga chora topa bilmasdi. Bunday ortiqcha harbiy kuch esa urush tegirmoniga suv quyar va yana yangi qochoqlar paydo bo‘lishiga olib kelardi…

Urushlar tufayli Ellada farzandlari ma’naviy olamiga berilgan zarba yoniga, aynan yana shu urush orqasidan ipi yechilib ketgan iqtisodiy vayronkor kuchlar hamlasi ham qo‘shildi. Misol uchun Aleksandr va uning merosxo‘rlari Janubi-g‘arbiy Osiyoda olib borgan urushlarda ming-minglab uy-joysiz yunon o‘zlariga o‘xshash odamlarni qirib tashlab nasiba topdi. Ahamoniylar xazinasida ikki yuz yil mobaynida to‘plangan quyma oltinlar bilan yollanma askarlarga maosh to‘lanardi. Bu oltin pullar muomalaga kirib, aylanma mablag‘ miqdorini ko‘paytirib yubordi. Bu esa dehqonlar va hunarmandlarning xonavayron bo‘lishiga olib keldi.

Ana shunday shafqatsiz “tag-tomiri bilan barham berish” jarayonida ellin ichki proletariati paydo bo‘lganligi hech bir shubha uyg‘otmaydi.

Proletariat safini ilk bor to‘ldirganlar, avvalo, ma’naviy jihatdan, so‘ng esa iqtisodiy jihatdan qashshoqlashgan edi. Makedoniyaning bosqinchilik urushlari orqasidan ellin ichki proletariati saflari tez ko‘payib bordi. Urush tufayli Misr, Vavilon, Suriya jamiyatlari ellin hukmron ozchiligi tuzog‘iga tushib qoldi.

 

 HUKMDOR TANLAGAN DINGA SIG‘INASAN[1]

Yulianning imperator sifatida majusiylikni jonkuyarlik bilan fuqarolari ongiga singdirish harakati uning o‘limi to‘g‘risidagi xabar tarqalishi bilan barham topgan. Tarixdagi shunga o‘xshash voqealar hukmdor va hukmron ozchilik siyosiy bosim orqali fuqarolarga din yoki qandaydir falsafani zo‘rlik bilan singdira oladimi, degan savolni yuzaga keltiradi.

Hukmdor din niqobi ostida o‘zining qandaydir siyosiy kayfiyati va maqsadlarini sig‘inish vositasiga aylantirar ekan, ayrim vaqtlardagina muvaffaqiyatga erishgan. Masalan, “noittifoqlik davri” (qadimgi Rim) siyosiy birlikka erishish maqsadida soxta diniy odatlarni odamlarga singdirishga astoydil harakat qilingan. Bunday sharoitda xalq xaloskori sifatida fuqarolar qalbiga yo‘l topgan hukmdor o‘zining hokimiyati, shaxsi va sulolasini sig‘inish ob’ektiga aylantirishda ham muvaffaqiyat qozonishi mumkin bo‘lgan.

Rim imperatorlarini ilohiylashtirish bunga mumtoz misoldir. Biroq tsezarlarga sig‘inish mo‘rt sig‘inish bo‘lib chiqdi. Sezarlarga sajda qilish ikkinchi va uchinchi yuz yillik bo‘sag‘asidagi Rim imperiyasining birinchi halokatigacha ham yetib borolmadi. Avrelian (214-275) va Konstantsiy Xlor (250-306) mavhum Yengilmas Quyoshga sig‘inish orqali xalqni birlashtirishga harakat qilgan bo‘lsa, Buyuk Konstantin (306-337) avlodlari quyosh yoki Sezardan ko‘ra qudratliroq bo‘lgan ichki proletariat Xudosiga (xristian dini nazarda tutilmoqda – tarj.) yuz burishdi.

Boshqa universal davlatlar (And, Misr va qadimgi Xitoy)dan ham izini topsa bo‘ladigan “tsezarlarga sig‘inish” amaliyoti siyosiy hukmdor tomonidan yuqoridan turib tarqatilgan, singdirilgan e’tiqod nihoyatda omonat va mo‘rt bo‘lib chiqishini tasdiqlaydi. Xalqning haqiqiy tuyg‘ulariga mos kelganda ham, boringki, shaklan diniy ko‘rinish kasb etganda ham – bunday e’tiqod siyosiy xarakterga ega ekanligi uchun vaqtning bo‘ron-dovullariga dosh bera olmaydi.

Endi hozirgi Yevropaning diniy xaritasiga diqqat qaratsak, bu o‘rinda o‘rta asrlar voris-davlatlarida qurol kuchi va diplomatiya bilan o‘rnatilgan katolitsizm va protestantizmni hozirgi hududlarini tadqiq qilishimizga to‘g‘ri keladi. Shubhasiz, XVI-XVII yuz yilliklardagi diniy mojarolarga tashqi harbiy va siyosiy ta’sir omillarini judayam ko‘pirtirib yubormaslik lozim. Shu bilan birga harbiy va siyosiy kuch katta ta’sir ko‘rsatgan bahsli hudud ham mavjud. Bu Germaniya, Niderlandiya, Frantsiya va Angliyani o‘z bag‘riga olgan. Ayniqsa, Germaniyada “hukmdor tanlagan dinga sig‘inasan” formulasi ishlab chiqilgan va qo‘llanilgandi. Hech bo‘lmaganda Markaziy Yevropaning dunyoviy hukmdorlari G‘arb xristianligining o‘zaro raqobatlashayotgan oqimlaridan birini majburan singdirish uchun ixtiyorlaridagi hokimiyat kuchidan foydalanishgani bor gap.

Davlat manfaatlari zaruratiga xizmat qilishga qattiq kirishib ketgan katolik va protestant cherkovlari birinchi bo‘lib Yaponiyada missionerlik faoliyat maydonini boy berish bilan yo‘qotishlarga duchor bo‘la boshladi. XVI asrda iyezuit missionerlari tomonidan katolik xristianlikning yapon zaminiga sochgan urug‘lari nish olib endi tomir otaman deb turganda, XVIII yuz yillikda hali vujudga kelganiga ko‘p bo‘lmagan yapon universal davlati hukmdorlari tomonidan tag-tomiri bilan sug‘urib tashlandi. Chunki katolik cherkovi Ispaniya qirolining siyosiy irodasi ifodasiga aylangan edi. Missionerlik faoliyati uchun istiqboli porloq bunday yo‘qotish xristianlikning o‘z vatanida “hukmdor tanlagan dinga sig‘inasan” formulasi tufayli duchor bo‘lingan ma’naviy-ruhiy qashshoqlanish oldida hech narsaga arzimasdi. Diniy urushlar davrida katoliklarga protestanlikni yoki protestanlarga katolik e’tiqodini siyosiy kuch bilan singdirishni talab qilgan va buning oqibatida sodir bo‘layotgan fojialarga panja orasidan qaragan va urushni diniy e’tiqodni joriy qilishning eng qisqa yo‘li deb bilgan cherkov amalda odamlar qalbida har qanday e’tiqodning darz ketishiga sabab bo‘ldi. Xususan, Lyudovik XIVning Frantsiya ma’naviy hayotidan protestantizmni tag-tomiri bilan quritish yo‘lidagi johilona usuli hech bir dinga va hech narsaga ishonmaslikka keng yo‘l ochdi.

Ana shu davrda paydo bo‘lgan yangi Ma’rifatchilik harakati dinni masxara predmeti sifatida talqin qila boshladi. Ma’rifatchilarning bunday aql tuzilishi e’tiqodni o‘ldirish evaziga o‘z fanatizmlaridan xalos bo‘lishdi. Din va inson ruhoniy dunyosi ustidan kulishga asoslangan aql tuzilishi XVII asrdan boshlab XX asrga qadar G‘arb “buyuk jamiyati”ning barcha burchaklarida saqlanib qoldi va nihoyat bunday yondashuv qanday ma’naviy tubanlik olib kelgani endi-endi anglana boshlandi. Ya’ni bu aql tuzilishi G‘arb ijtimoiy tizimining sog‘lom ma’naviy-ruhoniy va hatto moddiy jihatdan yashab qolishiga beqiyos darajada xavf solayotganligi idrok etildi. Bu ma’naviy ofat shunchalik kattaki, uni ko‘rmaslik va sezmaslikning iloji yo‘q.

G‘arb kishisining qalbida ikki yuz ellik yilga yaqin davom etayotgan diniy e’tiqod tanazzuli tufayli paydo bo‘lgan va kuchayib borayotgan ma’naviy-ruhoniy bo‘shliqni qaytadan to‘ldirish juda qiyin. Biz hamon XVI-XVII asrlarda ajdodlar tomonidan sodir etilgan dinni siyosatga bo‘ysundirish jinoyatini o‘z hayotimizda sezib turibmiz.

Islom dini xalifalikning arab bo‘lmagan aholisi o‘rtasida din sifatidagi qadr-qimmati, fazilati orqali o‘ziga yo‘l ochib bordi. Islomning tarqalishi sekin, lekin to‘g‘ri yo‘l orqali amalga oshirildi.

Ummaviylar sulolasidan bo‘lgan Muoviya birinchi siyosiy hokimiyatni qo‘lga kiritgandan so‘ng yuz yil davomida xalifalikning arab bo‘lmagan musulmon aholisi e’tiqodda anchayin loqayd ummaviylarni taxtdan tushirib, xudojo‘ylikda o‘zlariga yaqin bo‘lgan yangi sulolani hokimiyat tepasiga olib kelishdek kuch-qudratga ega bo‘lishdi. 750 yili Abbosiylar sulolasining Ummaviylar ustidan qozongan g‘alabasini ta’minlagan ajamlik musulmonlar soni butun Arab imperiyasi aholisi sonining juda oz qismini tashkil qilgan bo‘lishi mumkin. Xalifalik aholisini ommaviy ravishda islomga o‘tkazish IX asrda boshlanib, Abbosiylar imperiyasi parchalanib ketgan XIII asrga qadar davom etgani ehtimoldan xoli emas. Islomning ommaviy yoyilishi siyosiy bosim ta’siri ostida emas – xalqning o‘z izmi-ixtiyori natijasi edi. Besh yuz yilga cho‘zilib ketgan Abbosiy xalifalar ichida o‘z dini manfaati yo‘lida siyosiy hokimiyatini ishga solgan Feodisiya va Yustianga o‘xshaganlar soni nihoyatda kam edi.

Turli dinlar mohiyat-mazmunini birlashtirish ishtiyoqi Temuriylar avlodidan bo‘lgan Akbar (1554-1605)ni Boburiylar imperiyasi hududida milliy birlikni saqlash maqsadida “to‘qib-chatilgan” – “ilohiy din”ni joriy qilish harakatiga olib keldi. Bu iste’dodli inson, bir vaqtning o‘zida ham ulug‘ siyosiy-amaliyotchi arbob, ham hodisalarni tajriba bilan emas, balki aql-idrok orqali tasavvur etish mumkin deb o‘ylagan zohid bo‘lgan, chamamda. Harqalay, u o‘ylab topgan din ildiz otmadi, muallif o‘limi bilan darhol barham topdi. Oradan uch yuz yil o‘tib, Akbar jazm qilgan hindlar va musulmonlar boshini biriktiradigan yagona din yaratishdek o‘ylamasdan qilingan ishga XIV asr boshida Alovuddin Xiljiy (1296-1316 yillar Dehli sultoni bo‘lgan. Amakisi sulton Jaloliddinni o‘ldirib taxtga kelgan. O‘zboshimcha amirlarni jilovlash, mamlakatni markazlashtirish va armiyani kuchaytirishga harakat qilgan. Ko‘p millatli mamlakatda diniy va milliy bo‘linishlarga chek qo‘yish maqsadida musulmonlar va hindlar uchun yagona din joriy qilishga uringan va payg‘ambarlikka da’vo qilgan. Mustabid hukmdorning o‘taketgan shafqatsizligi, payg‘ambarlik da’vosi barchada nafrat uyg‘otib, qo‘zg‘olonlarga sabab bo‘lgan. Taxtga kelgan o‘g‘li ishni otasining barcha sohalardagi islohotlarini bekor qilishdan boshlagan – tarj.) ham uringanida maslahatchilaridan biri shunday maslahat bergan: “Din, shariat qonunlari va aqidalari hech qachon siz, janobi oliylarining bahs-munozara yuritadigan narsangiz bo‘lmasligi kerak. Chunki bu ish podsholarning emas, payg‘ambarlarning ishi. Din va qonun vahiyga borib taqaladi. U hech qachon inson reja va maqsadlari bilan belgilanmagan, o‘rnatilmagan. Odam Ato zamonidan buyon hokimiyat va boshqaruv podsholar vazifasi bo‘lganidek, din ham payg‘ambarlarning oliy burchi hisoblanadi. Dunyo hodis ekan, payg‘ambarlik burchi hech qachon podsholar zimmasiga tushmagan. Siz, janobi oliylariga bu to‘g‘rida boshqa so‘z ochmaslikni maslahat beraman”.

G‘arb jamiyati Yangi davri tarixida siyosiy hukmdorlar tomonidan “to‘qib-chatilgan” dinni joriy qilishdek besamar harakatga duch kelmadik. Biroq Buyuk frantsuz inqilobi bir qator saboq bo‘ladigan voqealarni keltirib chiqardi. XVIII asr oxiridagi inqilobiy va sarosimali o‘n yillikda inqilobchilar fikricha eskirib qolgan katolik cherkovi o‘rniga bir qator demokratlashtirilgan xristian loyihalari ilgari suriladi. Yangi diniy tizim ifoda etilgan uzundan-uzoq ana shunday loyihalardan birini direktor La-Reveler Lepo (inqilobdan keyingi hukumat boshliqlaridan biri) hukumat a’zolari e’tiboriga taqdim qiladi. Ma’ruzadan so‘ng ko‘plab vazirlar loyiha muallifini tabriklab turganlarida tashqi ishlar vaziri Taleyran shunday deydi: “Men bir kichik e’tirozimni aytsam. Iso Masih o‘z diniga asos solish uchun chormixga tortilgan. Siz ham shunga o‘xshash bir ish qilishingiz kerak”.

 

UNIVERSAL DAVLATLAR

Universal davlatlar butun dunyo cherkovi va qahramonliklarga boy asrlar, ham zamonaviy, ham zamonaviy bo‘lmagan tsivilizatsiyalar bilan bog‘liq. Birinchidan, universal davlatlar tsivilizatsiyalar singunga qadar emas, ular singandan keyin vujudga keladi. Obrazli qilib aytganda, bu yoz fasli emas, yoz fasli to‘niga o‘ranib olgan va qahraton qish kelishidan darak berib turgan kuzning iliq kunidir. Ikkinchidan, universal davlat bir paytlar yaratuvchilik qudratiga ega bo‘lib, so‘ng bu qudratdan ayrilgan hukmron ozchilik faoliyati mahsulidir. Universal davlatlar “noittifoqlik davri” va uning salbiy oqibatlariga chek qo‘ygani tufayli avlodlar bunday davlatdan minnatdor bo‘lishadi.

Universal davlatlarga chet kuzatuvchi emas, shu davlatlar fuqarolari ko‘zi bilan nazar solar ekanmiz, bunday davlatning umri abadiy bo‘lishini istash va inson tomonidan vujudga keltirilgan bu institut yer yuzida mangu turishiga ishonchni ko‘ramiz.

Ellin tsivilizatsiyasining universal davlati bo‘lgan Rim imperiyasi tarixida shunday avlod bo‘lganki, Imperiya va unga asos solgan Shahar – har ikkisi – mangulik xususiyatiga ega deb, bir ovozdan tasdiqlashgan. Tibull (tahm. mil. avv. 54-18 yillar) “mangu shahar devorlari”ni kuylagan bo‘lsa, Vergiliy (mil. avv. 70-19 yillar) o‘zining Yupiteri tilidan rimliklarning bo‘lg‘usi avlodi haqida shunday deydi: “Men ularga mangu hukmronlik ato etaman”. Tit Liviy ham xuddi shunday ishonch bilan “Boqiylik uchun bunyod etilgan Shahar” deb yozgan.

Dunyoda mangu turadi deb xomxayol qilingan Rim imperiyasining 410 yilda qulashi mamlakat fuqarolarini shunday larzaga soldiki, buni faqat 1258 yil mo‘g‘ullar hujumi natijasida Bog‘dodning qulashi arab xalifaligi fuqarolarini chuqur ruhiy iztirobga tushirganiga qiyos qilish mumkin. Bu larza Rim olamida Falastindan boshlab Galliyagacha sezilgan bo‘lsa, musulmon dunyosida – Farg‘onadan to Andalusiyagacha aks sado berdi. O‘layotgan universal davlatlar atrofini o‘rab olgan xayoliy boqiylik gardishi, ushbu davlatlar mulklarini bosib olgan va o‘zaro taqsimlab olayotgan varvarlarning ancha aqlli sardorlarini ham endilikda mazkur mamlakatlar taqdiri bizning qo‘limizda, degan xomxayolga berilmaslikka da’vat etardi. Amalunglar sulolasidan bo‘lgan osgot-arianlar yo‘lboshchilari va Buidlar sulolasidan shimoliy eronliklar sardorlari bosib olgan hududlarini boshqarish uchun, avvalo, biri Konstantinopol imperatori, ikkinchisi Bag‘dod xalifasi noibi degan rasmiy unvon olishi kerak bo‘lgan. Vizantiya tsivilizatsiyasida universal davlat sifatida paydo bo‘lgan Usmonlilar imperiyasi hatto “Evropaning kasalmand kishisi” (XIX asrga kelib G‘arbiy Yevropada Usmonli turk imperiyasini “Evropaning bosh og‘rig‘i” va ayniqsa, “Evropaning kasalmand kishisi” deb atay boshlashdi. Ko‘pgina manbalarda bu ibora muallifi sifatida rus imperatori Nikolay I (1796-1855) keltirilsa-da, aslida uni birinchi bo‘lib Sh.L. Monteske (1689-1755) qo‘llagan) deb nom olgan davrida ham o‘sha xomxayoldan iborat boqiylikning xarakterli xususiyatlarini o‘zida namoyon etardi.

Hind tsivilizatsiyasidagi Mo‘g‘ullar universal davlatida ham boshqa universal davlatlarga xos xususiyatlar mavjud edi. Bir paytlar Hindiston yarim orolining juda katta qismini o‘z ichiga olgan imperiya Avrangzeb o‘limidan yarim asr o‘tib, 1707 yil uzunligi 250 mil, kengligi 100 mildan iborat hududgacha toraygandi. Oradan yana ellik yil o‘tgandan so‘ng imperiya hududi Dehlidagi “Qizil port” atrofi bilan cheklangandi. Biroq 1707 yildan keyin oradan 150 yil vaqt o‘tganidan so‘ng ham Akbar va Avrangzeb avlodlari hamon taxtda o‘tirardi.

Tugab, barham topib ketganligi aniq bo‘lganligiga qaramasdan o‘lib ketgan universal davlatlarning arvohini chorlash amaliyoti bunday davlatlarning boqiyligiga hayron qolarli ishonchning o‘lmasligidan guvoh beradi. Xuddi shu tarzda Abbosiylarning Bag‘dod xalifaligi Qohira xalifaligi ko‘rinishida tiriltirilgan bo‘lsa, o‘z umrini yashab bo‘lgan Rim imperiyasi – G‘arbning Muqaddas Rim imperiyasi va pravoslav-xristian dunyosining Sharqiy Rim imperiyasi shaklida bo‘y ko‘rsatib qoldi. Uzoq Sharq tsivilizatsiyasining Sin va Xan sulolalari imperiyasi Suy va Tan sulolalari imperiyasi ko‘rinishida qayta tirildi.

Universal davlatlarning boqiyligi rad qilib bo‘lmas dalillar bilan inkor qilingandan so‘ng ham yuz yillab yashaganligi haqidagi yuqorida keltirilgan misollar ko‘plab tarixiy misollarning ayrimlarigina xolos. Bunday g‘ayritabiiy holning sabablari nimada?

Universal davlatlarning asoschilari va buyuk hukmdorlari tug‘diradigan taassurot kuchining kattaligi bunday holning ilk izohidir. Bu taassurot avlodlarga shunday kuch bilan ta’sir ko‘rsatadiki – buyuk haqiqat aql bovar qilmas afsonaga aylanadi. Universal davlatlar jozibasi inson aqli va yuragini asir etadi. Chunki u uzoq davom etadigan “noittifoqlik davri”dan keyin yuksalish, rivojlanishga yo‘l ochadi. Shu bois, Rim imperiyasiga dastlab dushmanlik bilan qaragan yunon adiblari Antoniylar asrida taraqqiyot va yuksalishni ko‘rib unga tan berishgan. Aynan shu davrni keyinchalik Gibbon inson zoti o‘zining eng oliy farovonligiga erishgan zamon, deb e’lon qiladi.

Universal davlatlarning tarixdagi o‘rni va holatini sog‘lom mantiqqa to‘g‘ri kelmaydigan “Xo‘sh, asalarilar, o‘zingiz bahramand bo‘lmaydigan asalni kim uchun yig‘ayapsiz?” degan, ko‘p ishlatilgan iqtibos bilan ifoda etish mumkin. Chunki o‘layotgan tsivilizatsiyaning inqirozga uchrayotgan ijtimoiy tizimidagi universal davlat hukmron ozchilik yaratuvchilik qobiliyatining oxirgi mahsulidir. Bu ijtimoiy qatlamning asosiy maqsadi – ham o‘zini asrab qolish, ham o‘z taqdirlarini bog‘lagan jamiyatning kuch-qudratini isrof qilmaslikdan iborat bo‘lgan. Biroq ular bu maqsadlariga hech qachon yeta olishmagan. Shu bilan birga ushbu holat yaratuvchilikning yangi bosqichida muhim rol o‘ynab, boshqalar manfaatiga xizmat qiladi. Xo‘sh, universal davlatlarning hayot mazmuni o‘zidan keyin tarix sahnasiga chiqadigan boshqalar manfaatiga xizmat qilishdan, ya’ni “boshqalarga asal yig‘ish”dan iborat ekan – bu “asal”dan kim bahramand bo‘ladi? “Asalxo‘rlik”ka uch nomzod mavjud – o‘layotgan jamiyatning ichki yoki tashqi proletariati yoxud bu jamiyatga qaraganda zamonaviylik kasb etgan boshqa bir begona tsivilizatsiya.

 

ChERKOV VA SIVILIZASIYa

Rim imperiyasi hukumati va uning tarafdorlari imperiyaning tanazzulida xristianlik cherkovini aybdor bildi. Imperiya inqirozi zo‘rayishi bilan ayblov ham kuchayib bordi. Ayniqsa, o‘lim to‘shagida yotgan imperiyada 176 yil Sels, 416 yil majusiyparast Rutiliy Namatsian tomonidan xristianlikka qarshi yozilgan asarlar tufayli xristianlikni ma’naviy va intellektual aynishga sabab qilib ko‘rsatish yanada avj oldi. Tarixchi Gibbon yetmish bir bobdan iborat asari yakunida “Men din va varvarlar g‘alabasini qog‘ozga tushirdim”, deb yozar ekan, u Sels va Rutiliy tarafdori sifatida maydonga chiqdi.

XX asr antropologi Jeyms Jorj Frezer (1854-1941, britaniyalik dinshunos, antropolog, etnolog olim. 1930 yil ko‘r bo‘lib qolgan – tarj.) asarida esa Gibbonning fikrlari yanada ochiq va keskin bayon qilingan: “Yunon va Rim jamiyatlari shaxsning jamiyat, fuqaroning davlat manfaatlariga bo‘ysunishi shaklida vujudga kelgan edi. Jamiyatda individning narigi dunyodagi rohat-farog‘ati emas, davlat xavfsizligi va gullab-yashnashi asosiy mezon qilib belgilangandi. Ana shu ruhda tarbiya topgan fuqarolar o‘z hayotlarini jamiyatga beminnat xizmat qilishga tikkan edilar va kerak bo‘lsa, umumravnaq yo‘lida jonlarini berishga ham tayyor turishardi. O‘z shaxsiy hayotlarini jamiyat manfaatlaridan ustun qo‘yish ularning xayoliga ham kelmasdi.

Insonning hayotdagi asosiy maqsadi Xudo bilan bog‘lanish va shaxsini qutqarish, bu yo‘lda davlat ravnaqi, nainki ravnaqi, hatto davlatning o‘zi ham hech narsaga arzimasligi g‘oyalarini yoygan Sharq dinlari tarqalishi bilan vaziyat keskin o‘zgardi. Bunday egoistik ta’limot qabul qilinishining shaksiz oqibati shu bo‘ldiki, dindorlar jamiyatga xizmat qilishdan uzoqlashib, butun o‘y-xayollarini shaxsiy ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga qaratdilar va ular hayotdan jirkanib, uni abadiy hayot oldidan sinov makoni sifatida ko‘ra boshlashdi. Taxayyul olamiga chekingan, dunyoviy ishlarni rad etib, undan butunlay qo‘lini yuvgan zohid xalq tasavvurida ideal insonga aylandi. Zohid ideali qadimgi Vatan manfaati yo‘lida jonini ham beradigan qahramon-vatanparvar ideali o‘rniga keldi. Inson hayotining butun maqsad-muddaolari, sa’y-harakatlari narigi dunyoda jannatga tushishga qaratildi. U dunyo deb, bu dunyo ishlari unutildi. Jamiyat hayoti butunlay izdan chiqa boshladi: davlat va oila aloqalariga putur yetdi, jamiyat qismlarga bo‘lina boshladi, jamiyat boshi uzra varvarlikka qaytish xavf tug‘ildi. Inson o‘z shaxsiy manfaatlarini mamlakat ravnaqiga qaratsa, fuqarolar jamiyat bilan faol hamkorlik qilsagina taraqqiyotga yo‘l ochiladi. Odamlar esa o‘z yurtlarini himoya qilishdan bosh tortib va hatto inson naslini davom ettirishdan voz kecha boshlashdi… Bunday vasvasa ming yillar davom etdi. O‘rta asrlar oxirida yevropaliklarning hayotiy maqsad-maslakda azaliy tamoyillarga qaytishi va hayotga mardona, sog‘lom qarashlari antik adabiyot va san’at, Arastu falsafasi va Rim huquqining tiklanishi bilan boshlandi. Sivilizatsiya rivojining uzoq davom etgan turg‘unligi barham topdi”.

Kishining g‘ashini keltiradigan “evropaliklarni hayotiy maqsad-maslakda azaliy tamoyillarga qaytish”ga Frezer da’vati Alfred Rozenberg (1893-1946, nemis siyosatchisi va yozuvchisi. Natsizmning irqiy mafkurasini ishlab chiqish bilan shug‘ullangan. 1941 yildan bosib olingan sharqiy yerlar vaziri. Nyurnberg xalqaro tribunali hukmi bilan osib o‘ldirilgan) tilidan ham yangragan.

Haqiqatda esa ellin jamiyati xristian yoki boshqa dinlar kirib kelmasdan avvalroq inqirozga yuz tutayotgan edi. Tadqiqotimiz davomida biror-bir oliy din hech qachon tsivilizatsiyaning o‘limiga sabab bo‘lmagan, degan xulosaga keldik.

Frezer oliy dinni mohiyatan jamiyat manfaatlariga zid deb biladi. Sivilizatsiya timsoliga aylanishga da’vogar bo‘lgan ijtimoiy qadriyatlar tsivilizatsiyaning inson manfaatlari doirasidagi ideallaridan oliy din ideallariga aylanganda ularga shak-shubhasiz ziyon yetadimi? Ma’naviy-ruhiy va ijtimoiy qadriyatlar bir-biriga qarama-qarshi va dushmanmi? Yakka inson ruhini gunohlardan qutqarish hayotning oliy maqsadi qilib belgilanganda tsivilizatsiya tizimi parokanda bo‘ladimi? Frezer bu savollarga “ha” deb javob beradi. Bunday javob to‘g‘ri bo‘lganda edi, inson hayoti ma’naviy poklanishdan xoli bo‘lgan fojiani anglatardi. Binobarin, Frezer qarashlari oliy dinlar tabiati va inson tabiatini noto‘g‘ri tushunishga asoslanmoqda.

Inson o‘zligini yo‘qotgan va ma’naviy poklanishdan xoli qumursqa yoki peshonasida bitta ko‘zi bor afsonaviy maxluq emas-ku! Aksincha, inson o‘z shaxsini boshqa shaxslar bilan muloqot vositasida namoyon qiladigan va rivojlantiradigan “ijtimoiy mavjudot”dir. Jamiyat bir individning boshqasi bilan munosabatda shoxobchalari kesishgan nuqtasidir. Bu jarayon faqat inson faoliyati bilan yashaydi va o‘z navbatida, jamiyatsiz hayot kechira olmaydi. Shaxs (individ)ning boshqa odamlar va Xudo bilan munosabatida hech qanday nosozlik (nouyg‘unlik) mavjud emas. Insonning Xudo oldidagi burchi va boshqa odamlar, jamiyat oldidagi burchi o‘rtasidagi uyg‘unlikka erishuvini Frezer o‘ta jo‘n talqin qilgan.

 

ZAMONAVIY G‘ARB VA ISLOM OLAMI

XV asr oxirlarida arab musulmon tsivilizatsiyasi Gibraltar bo‘g‘ozidan Senegalgacha Afrikaning Atlantika okeani qirg‘oqlarini o‘z nazoratida ushlab turardi. Umuman olganda, bir-biriga orqa o‘girib olgan ikki (arab va Eron islom jamiyatlari ko‘zda tutilmoqda – tarj.) qon-qardosh islom jamiyati G‘arb va rus dunyosi uchun Ko‘hna Olam (Evroosiyo)ning boshqa tomonlariga olib boradigan yo‘llarni yopib qo‘ygandi. G‘arbiy xristian dunyosini tropik Afrikaning ichki o‘lkalariga eltadigan yo‘llarga to‘siq edi bu. Shu bilan birga arablar nafaqat “qora qit’a”ning Sahroi Kabir va Sudan orqali shimolini, shuningdek, Hind okeani yuvib turgan – Suaxil xalqlari (hozirgi Tanzaniya, Keniya, Mozambik davlatlari hududida yashovchi xalq – tarj.) makoni – sharqiy qirg‘oqlarini ham o‘z nazoratlari ostiga olishgandi. Misrlik vositachilarning hamkori bo‘lgan Venetsiya savdogarlari uchun yopiq bo‘lgan Hind okeani haqiqatda arab ko‘liga aylangandi. Arab floti Afrika qitasining G‘arbida ham, Sharqida ham erkin suzib yurardi. Bundan tashqari, ular Indoneziya orollariga suzib borib, bu o‘lkalar xalqlarini hinduizmdan islomga o‘tkazishdi va Tinch okeanining g‘arbiy qirg‘oqlarida, Filippin janubida o‘zlarining avapostlarini (qo‘shindan ilgariroq qo‘yilgan soqchi post – tarj.) tashkil etishdi.

Shu vaqtda, bir qarashda Eron musulmon tsivilizatsiyasi bundan-da kuchli strategik mavqega ega edi. Usmoniylar imperiyasi asoschilari Kons­tantinopol, Karaman va Tranpezundni egallab olishdi. Ular Qrimni fath etib, Qora dengizni Usmoniylar ko‘liga aylantirishdi. Boshqa turk tilli musulmonlar islom saltanati chegaralarini Qora dengizdan Volga daryosining o‘rta oqimigacha yoyib yuborishdi. G‘arbiy frontning qarama-qarshi tomonida esa, Eron dunyosi o‘z chegaralarini Xitoy, Bengaliya va Janubiy Hindistongacha bo‘lgan hududlar hisobiga kengaytirdi.

Islomning bu ulkan yo‘l darvozasi G‘arb olami uchun tahdid edi va kuchli qarshi harakatni vujudga keltirdi. Atlantika okeani qirg‘oqlarida yashovchi g‘arbiy xristian dunyosi xalqlari XV asrda to‘g‘ri yelkanli, uchmachtali okean kemasini ixtiro qilishdi. Bunday kema oylab portga kirmasdan suzib yurishi mumkin edi. Ana shunday kemalarda portugaliyalik dengizchilar 1420 yil Madeyra, 1432 yil Azor orollarini kashf qilishdi. 1445 yil arab dengiz frontini aylanib o‘tib, 1498 yil Hindistonning Kalkutta shahriga qadam qo‘yishdi. 1511 yil Tinch okeaniga chiqib, Kantonda o‘z bayroqlarini ko‘tarishdi, 1542-1543 yillarda esa ularning ko‘z oldida Yaponiya qirg‘oqlari namoyon bo‘ldi. Ko‘z ochib-yumguncha portugallar Hind okeanini arablar qo‘lidan tortib olishdi.

Portugal dengizchilari o‘zlarining Sharq tomon kutilmagan harakatlari bilan G‘arb dunyosining dengiz chegaralarini kengaytirayotgan va arab-musulmon olamini qanotdan aylanib o‘tayotgan bir paytda, daryo qayiqlarida Sharq tomon yo‘lga chiqqan rus kazaklari kutilmaganda va shiddat bilan shimol tomondan Eron-musulmon dunyosini aylanib o‘tib, rus olami hududlarini kengaytira boshladilar. Moskva podshosi Ivan IV 1552 yil Qozonni bosib olib, kazaklarga Sharq tomon yo‘l ochib berdi. Eron-musulmon olamining Shimoli-sharqiy qal’asi bo‘lgan Qozon qo‘ldan ketgandan keyin, rus-pravoslav xristian dunyosining Sharq tomon yo‘lini ko‘chmanchi kazaklar uchun tabiiy yo‘ldoshga aylangan sovuq iqlim va o‘rmonlargina to‘sishi mumkin edi. Ular Ural tog‘idan oshib o‘tib, Sibir suv yo‘llari orqali 1638 yil Tinch okeaniga, 1652 yil 24 mart kuni Manjuriya imperiyasining Shimoli-sharqiy sarhadlariga yetib kelishdi. Bu yangi chegaralarni zabt etgan, kengaygandan-kengayib borayotgan rus dunyosi nafaqat Eron olamini, shu bilan birga, butun Yevroosiyo dashtini qanotdan aylanib o‘tgan edi.

Shunday qilib bor-yo‘g‘i yuz yilga yaqin vaqt ichida Eron va arab jamiyatlarini o‘z ichiga olgan islom dunyosi nafaqat qanotlardan aylanib o‘tildi, shu bilan birga to‘la qurshab olindi. XVI-XVII asrlar bo‘sag‘asida sirtmoq qurbonning bo‘yniga tushdi.

Islom dunyosini jonsiz kurash domiga tortgan bu kutilmagan holat favqulodda hodisa bo‘lmasa-da, har ikki tomon talabi va maqsadi nuqtai nazaridan qat’iy harakat qilish – ya’ni G‘arb va rus tomoni himoyasizdek tuyulgan o‘ljaga tashlanishi, islom olami tomoni esa ilojsiz ko‘ringan vaziyatdan chiqish uchun chora izlashi zarur va tabiiydek tuyulardi. Ammo har ikki tomon yuzaga kelgan holatni to‘la anglab ulgurmasidanoq bu jarayon o‘z nihoyasiga yetadi. 1952 yil bir necha olis hududlarinigina yo‘qotgan islom olami mohiyatan hali qo‘l urilmagan makon edi. Misrdan Afg‘onistongacha, Turkiyadan Yamangacha – islomning markaziy yadrosi xorijiy siyosiy boshqaruvdan, hech bo‘lmaganda nazoratidan xoli edi. 1882 yildan boshlab, 1914-1918 yillarda bo‘lib o‘tgan Birinchi jahon urushi davrida ingliz va frantsuz imperalizmining mustamlakachilik to‘lqini ostida qolib ketgan Misr, Iordaniya, Suriya va Iroq bu davrga kelib oqim tubidan mustaqil davlat sifatida yuzaga chiqdi. Endi bu davlatlarga G‘arb mamlakatlari emas, arab dunyosining yuragida paydo bo‘lib qolgan sionistlar xavf solardi.

Musulmon xalqlarining “G‘arb masalasi”ga yondoshuvining tushunish kalitini uch holatdan topish mumkin. Zamonaviy G‘arb madaniyatining ta’siri ularning hayotida bosh muammoga aylangan chog‘da, musulmon xalqlari xuddi ruslardek siyosiy jihatdan hali o‘zlariga xon, ko‘lankalari maydon edi. Shu bilan birga ular buyuk harbiy an’analar merosxo‘ri edilar va bu narsa musulmon farzandlarining ko‘ziga islom tsivilizatsiyasining qadriyatlariga kafolat bo‘lib ko‘rindi. Va urushlarda G‘arb dunyosidan mag‘lubiyatga uchrash harbiy soha bo‘yicha ularning bugungi qoloqliklarini yaqqol namoyish qildi va bu zarba musulmonlar uchun kutilmagan bo‘ldi.

O‘z-o‘zidan mamnun yurgan musulmonlarning tarixdagi harbiy qahramonliklari ularning qon-qoniga shu qadar chuqur singib ketgan ediki, 1683 yil Vena ostonasidagi mag‘lubiyatdan kerakli xulosa chiqarilmagan edi. 1768 yil Usmonlilar imperiyasi va Rossiya o‘rtasida urush boshlanganda Boltiq dengizida qurilgan flot turklarga qarshi yuborilayotgani haqida ularni ogohlantirishganda, to bu flot O‘rta Yer dengiziga yetib kelmaguncha, Boltiq dengizi bilan O‘rta Yer dengizi o‘rtasida suv yo‘li borligiga turklar o‘jarlik bilan ishonishmagandi. Xuddi shunday, oradan o‘ttiz yil o‘tib, venetsiyalik savdogarlar Napoleonning Maltani bosib olishi Misrga qarshi hujumga tayyorgarlik ekanligidan mamluklar qo‘mondoni Murodbeyni ogohlantirishganda, u bu g‘oyaning bema’niligidan kulgan edi. G‘arb harbiy mashinasidan mag‘lubiyatga uchrashning oqibati sifatida XVII-XIX asrlar bo‘sag‘asida Usmonlilar dunyosi, shuningdek, bundan bir asr avvalroq rus olamida yuqoridan, ya’ni oliy hukmdor tashabbusi bilan boshlangan g‘arblashtirish harakati qurolli kuchlarni qayta tashkil qilishdan boshlandi. Biroq Usmonlilar va Pyotr I ning bu boradagi siyosatini bir-biridan farqlovchi muhim bir jihat bor edi. Buyuk Pyotr g‘arblashtirish “yo barcha sohada yoki hech narsada” bo‘lishi kerak, deb voqealar rivojini oldindan ko‘ra bildi. U g‘arblashtirish siyosati nafaqat harbiy, shu bilan birga jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshirilsagina muvaffaqiyat qozonishini tushunib turardi. Usmonlilarning g‘arblashtirishga moyil bo‘lmagan kuchlari mamlakatga azob-uqubat, qoloqlik, mag‘lubiyatlar keltirgan xatolari muqarrar bo‘lib qolganiga qaramasdan, 1768 yil rus-turk urushi nihoyasiga yetgandan to 1918 yil Birinchi jahon muhorabasi oxirigacha yot madaniyat elementlarini tanlab qabul qilish mumkin, degan xom xayol bilan umr o‘tkazishdi. Ana shu davrda usmonlilar tomonidan G‘arb taraqqiyotidan o‘zlariga qabul qilgan miqdorga nisbatan: “har safar juda oz va juda kech” degan hukm chiqarish mumkin. 1919 yilgacha Mustafo Kamol va uning salaflari xuddi Pyotr Birinchidek g‘arblashtirishni jamiyat hayotining barcha sohalariga olib kira olmadilar.

Mustafo Kamol tomonidan jamiyat hayotiga g‘arb taraqqiyotini olib kirish asosida tashkil qilingan yangi turk milliy davlati hozirda anchayin muvaffaqiyat qozonmoqda. Shu bilan birga, islom olamining boshqa joylarida bunday harakat (ya’ni ushbu kitob yozish boshlanganida – 1920 yillarning oxiri –tarj.) sezilmayapti.

Ko‘hna dunyo (Evroosiyo)dagi to‘rtta tsivilizatsiyaning uchtasi islom dunyosida yuzaga kelgan edi. Bugun yo‘qolib ketgan jamiyatlar qachonlardir Nil, Dajla, Frot va Hind daryosi vodiylarida qishloq xo‘jaligi boyliklarini zahmatli mehnat orqali yetishtirgan edilar. Bunga ular suv oqimi va sathini nazorat qilish orqali erishishgandi. Biroq islom olami boy xo‘jalik resurslariga qishloq xo‘jaligi uchun yaroqsiz yerlardan topilgan yer osti boyliklarini aniqlashgandan so‘ng erishishdi. Neft quduqlaridan chiqayotgan olovni islomga qadar zardushtiylar o‘z diniy marosimlarini o‘tkazishdagina qo‘llashardi xolos. 1723 yil Pyotr Birinchining josusi bu “olov”ning iqtisodiyot uchun haqiqiy qimmatini sezib qoldi. Faqat oradan yana 150 yil o‘tgandan keyingina Boku nefti iqtisodiy foyda bera boshladi. Bokudan topilgan neft koni Iroq Kurdistoni, Fors ko‘rfazi va bir paytlar mutlaqo yaroqsiz hisoblangan Arabiston yarim oroli hududlarigacha cho‘zilib ketgan “yonilg‘i belbog‘i”ning bir uchi ekanligi ma’lum bo‘ldi. Neft uchun boshlangan kurash keskin siyosiy vaziyatni tug‘dirdi. Chunki Kavkazdagi neft luqmasi ruslar, Fors ko‘rfazi, Arabistondagilari esa G‘arb davlatlari nazoratidan o‘tgan hamda ular bir-biriga nihoyatda yaqin joylashgandi.

Islom olamining yaxlitligi, birligi aloqalarini tiklashning ahamiyati oshgani sari bu keskinlik yanada kuchayib bordi. Bir tomondan Rossiyaning, ikkinchi tomondan Hindiston, Janubi-sharqiy Osiyo, Xitoy va Yaponiyaning Atlantika qirg‘oqlarida joylashgan G‘arb davlatlari bilan quruqlik, suv va havo orqali yaqin aloqalari yo‘li Islom dunyosi hududlaridan o‘tardi. Aloqa yo‘llari xaritasida ham, neft konlari xaritasida ham Sovet Ittifoqi va G‘arb bir-biriga xavfli yaqinlikda turardi.

 

YaNGI DAVR G‘ARBI VA ZAMONAVIY SIVILIZASIYaLAR TO‘QNAShUVI

“Hozirgi zamon G‘arb tsivilizatsiyasi” tushunchasidagi “hozirgi zamon” yoki “zamondosh” so‘zini “o‘rta sinf (“burjua”)ga tegishli” deb bilsakkina, u aniq ma’no kasb etadi. G‘arb jamiyatlari ta’sirchan kuchga ega burjuaziyani dunyoga keltiribgina “zamonaviylik” kasb etdi. XV asr oxirida boshlangan G‘arb tarixining yangi sahifasini biz “zamonaviy” deb hisoblaymiz. Chunki xuddi shu davrdan boshlab rivojlangan G‘arb jamiyatlarida o‘rta sinf boshqaruvni o‘z qo‘liga ola boshladi. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, G‘arb tarixining ana shu zamonaviy davrida chet elliklarning g‘arblashish iqtidori ularning o‘rta sinf turmush tarziga moslashishiga bog‘liq bo‘lib qoldi. G‘arblashish pastdan boshlangan yunon-pravoslav, Xitoy va yapon ijtimoiy tizimida avvaldan o‘rta sinf elementlari mavjud edi va aynan shu qatlam ta’siri orqali g‘arblashish jarayoni kechdi. Boshqa tomondan esa, g‘arblashtirish yuqoridan, ya’ni hukmdor tomonidan farmonlar orqali amalga oshirilganda tadrijiy yo‘l orqali haqiqiy o‘rta sinfning vujudga kelishiga umid yo‘q edi. Chunki bunday siyosat tufayli tabiiy ravishda o‘rta sinf shakllanmadi va shu bois uning o‘rnini sun’iy ravishda ziyolilar qatlami bilan almashtirishga majbur bo‘lishdi.

Rossiya, islom va hind dunyosida ana shu yo‘l bilan vujudga keltirilgan ziyolilar qatlami xarakteriga G‘arb o‘rta sinfi xususiyatlarini muvaffaqiyat bilan singdirishdi. Rossiya ziyolilari ruhiga olib kirilgan bu xususiyatlar anchayin mo‘rt bo‘lib chiqdi. Chunki Rossiya jamiyatini G‘arb o‘rta sinfi darajasiga ko‘tarish uchun Pyotr tomonidan vujudga keltirilgan ziyolilar qatlami 1917 yilgi inqilobiy portlashdan oldinroq, ya’ni avvalboshdanoq ham podsho hukmronligiga, ham G‘arb burjua ideallariga qalban qarshi edilar.

G‘arb o‘rta sinfi va hozirgi zamon ziyolilar uchun umumiy bo‘lgan yana bir tajriba shundan iboratki, ular ham, bular ham o‘zlarining birinchi ish beruvchilariga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarib, uzil-kesil hukmronliklarini o‘rnatishdi. Buyuk Britaniya, Gollandiya, Frantsiya va boshqa G‘arb mamlakatlarida o‘rta sinf monarxlar joyini egallab hokimiyat tepasiga keldi. Holbuki, aynan monarxlar tomonidan o‘z vaqtida o‘rta sinfning qo‘llab-quvvatlanishi ularning taqdirida hal qiluvchi rol o‘ynagan edi. Yevropaga taalluqli bo‘lmagan davlatlarda esa ziyolilar mustabid hukmdorlarga qarshi qo‘zg‘olon ko‘tarib hokimiyatni egallashdi. Pyotr Rossiyasi, Usmonlilar imperiyasi va Hindistondagi Britaniya imperiyasi tarixidagi umumiy epizodga bir qur nazar tashlasak, ziyolilar qo‘zg‘oloni nafaqat uchala muhitga ham xosligi, shu bilan birga ular qariyb bir xil vaqt o‘tgandan so‘ng sodir bo‘lganligini ham ko‘ramiz. Pyotr I yaratgan davlat tizimiga qarshi urush e’lon qilish sifatida namoyon bo‘lgan dekabristlarning 1825 yildagi bevaqt qo‘zg‘oloni Pyotr taxtga kelgan 1689 yildan 136 yil o‘tgandan keyin sodir bo‘ldi. Hindistonda XIX asrning oxirida – Bengaliyada Britaniya hukmronligi o‘rnatilgandan 140 yildan keyin birinchi siyosiy “tartibsizliklar” kelib chiqa boshladi. Usmonlilar imperiyasida esa, 1768-1774 yillardagi rus-turk urushidagi mag‘lubiyatdan so‘ng musulmonlarning kattagina qismi zamonaviy G‘arb harbiy san’atini o‘rgana boshlaganidan 134 yil o‘tib – 1908 yil Birlik va taraqqiyot qo‘mitasi Abdul Hamid II taxtda musovo qildi.

Biroq bu o‘xshashliklarni bir-biridan farqlovchi muhim jihat bor. Hukmronga aylangan zamonaviy o‘rta sinf jamiyatning avtoxton (mahalliy aholi) qismi edi. Ya’ni, G‘arb o‘rta sinfi psixologik jihatdan “o‘z uyida” yashardi. Ziyolilar esa aksincha jamiyatning “yangi odamlari” va g‘ayriunsurlari edi. Ziyolilar tabiiy rivojlanish mahsuli va ko‘rinishi emas, o‘z jamiyatlarining zamonaviy G‘arb bilan to‘qnashuvidagi mag‘lubiyati edi. Ular kuch-qudrat emas, zaiflikning timsoliga aylanishgandi.

Ziyolilarning ijtimoiy ahvoli cheklanganligi, zimmalariga yuklangan vazifalari rahmat emas, la’nat olib kelishini ichki sezgi bilan his qilishlari – ularning ham otasi, ham tavqi la’nati, ham yo‘lchi yulduzi, ham qo‘rquvga soluvchisi bo‘lgan G‘arb o‘rta sinfiga nisbatan nafrat uyg‘otardi.

Bunga yorqin misol sifatida 1917 yil ikki rus inqilobidan keyin Pyotr podshohligi xarobalarida g‘arbona usuldagi parlament respublikasini vujudga keltirish mag‘lubiyatga uchraganini keltirish mumkin. Tajribali, har ishda malaka va vakolatga ega, gullab-yashnayotgan va obro‘li o‘rta sinfga ega bo‘lmasdan turib Kerenskiyning demokratik parlament hukumat tuzish harakati to‘la muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

 

MUVAFFAQIYaTLI BOSIMNING IJTIMOIY OQIBATLARI

Proletariat jamiyatning ichidan unib-o‘sib chiqqan vaqtida ham, baribir u jamiyatning noqulay qismi bo‘lib qolaveradi. Proletariatning soni ko‘payib, xorijdan keluvchi muhojirlar hisobiga uning madaniy modeli o‘zgargani sayin bu noqulaylik kuchayib boradi. Chet ellardan ijtimoiy muhofaza istab kirib kelayotgan immigrant-proletariat tufayli imperiyalar muammolari ko‘payishini tarix o‘zining buyuk misollari bilan namoyon qilgan. Rim imperatori Avgust chuqur mulohaza bilan o‘z qo‘shinlariga imperiya chegaralarini Frot daryosining narigi sohili tomon kengaytirishga ruxsat bermagan. Gabsburglarning Avstriya imperiya­si ham XVIII asrda va Birinchi jahon urushining dastlabki yillarida Germaniya qo‘shinlari qo‘lga kiritgan g‘alabalar ortidan janubi-sharq tomon o‘z hududlarini ataylab kengaytirmadi. Chunki imperiya hududi shusiz ham turli-tuman xalqlar bilan to‘lib-toshgan edi va yana slavyan xalqlari hisobiga aholini ko‘paytirish keskin ijtimoiy muammolarni tug‘dirardi.

Amerika Qo‘shma Shtatlari Birinchi jahon urushidan so‘ng okean ortidan kelayotgan immigrantlari sonini qisqartirish maqsadida maxsus qonunlar qabul qildi. Holbuki, XIX asrda Amerikada muhojirlar masalasida mutlaqo boshqacha kayfiyat hukm surardi. Bu jarayonni yahudiy romannavisi Zangvil Israel (1865-1926, angliyalik yozuvchi va dramaturg) “tigel” (turli metallarni eritishda ishlatiladigan ko‘zasimon idish. Turli xalqlarni bir-biri bilan qo‘shib yagona Amerika xalqini vujudga keltirish uchun obraz sifatida tigel so‘zini ishlatgan – tarj.) deb atagandi. Ya’ni, barcha immigrantlar, hech bo‘lmaganda Yevropadan kelayotgan muhojirlar tez orada “ashaddiy amerikaparast vatanparvarlar”ga aylanib, federatsiyaning aholi kam hududlarini o‘zlashtiradi va mamlakat ravnaqiga hissa qo‘shadi, degan ishonch mujassam edi. “Qancha ko‘p odam bo‘lsa, hayot shunchalik quvnoq” degan printsip amal qilardi. Birinchi jahon urushidan keyin tushkun, yoqimsiz kayfiyat yuzaga keldi. Barcha xalqlarni bir joyga jamlab, uni amerikacha qozon (“tigel”)da toblab, undan “vatanparvar” yangi millat yaratish g‘oyasi amalda ish bermay qo‘ydi.

Xorijiy proletariatning mamlakat ichkarisiga kirish yo‘llarini yopish orqali proletariatning, yaponlar tili bilan aytganda, “xavfli fikrlari”dan jamiyatni kafolatli xalos qilishga erishildimi? Bu savolga ijobiy javob berish mushkul.

O‘z muhitida ijobiy ta’sirga ega va zararsiz bo‘lgan madaniyat elementlari boshqa muhitga bostirib kirar ekan, shu joyning ijtimoiy tizimiga halokatli ta’sir ko‘rsatadi. Bu qonunni maqol shaklida qisqacha shunday ifoda etish mumkin: “Kim uchundir ovqat hisoblangan narsa, boshqa uchun zahardir”.

 

TARIXDA QONUN VA ERKINLIK

Hozir o‘rganiladigan muammo 1914 yilgacha G‘arb odamini juda oz be­zovta qilgan. Buning sababi – muammo yechimlari birortasi boshqasiga qaraganda qoniqarli emas. Inson taqdiri insondan yuqori turuvchi qonun bilan boshqariladi degan tushunchaga yo‘l qo‘yilganida bu qonunni “taraqqiyot qonuni” deb atashgan. Boshqa tomondan esa, bunday qarashga yo‘l qo‘yilmagan chog‘da erkin va aql-idrokka tayangan inson faoliyati ham taraqqiyotda xuddi shunday natijaga erishadi, deb ishonishgan. XX asr o‘rtasiga kelib vaziyat tubdan o‘zgardi. O‘tmishda tsivilizatsiyalar halokatga uchragani va hozirgi G‘arb kishisi bunyod etgan da’vogarlik darajasidagi osmono‘par bino ham darz ketayotganligi ma’lum bo‘ldi. 1919 yil nashr qilingan Osvald Shpengler (1880-1936, nemis faylasufi. Ikki jildli “Evropaning so‘nishi” (1918-1922) asaridan keyin mashhur bo‘lgan. U yagona insoniy madaniyat mavjud emas va madaniyat o‘la turib tsivilizatsiyaga aylanadi degan naziriyani ilgari surgan)ning dabdabali nomlangan “Evropaning so‘nishi” asarida ilgari surilgan qonunga o‘xshash qonun haqiqatan ham mavjudmi? Bu qonunga ko‘ra hozirgi tsivilizatsiyani ham avvallari bo‘lganidek halokat kutmoqdami? Biz o‘tmishdoshlarimiz xatolarini tuzatib, o‘z taqdirimizni o‘zimiz yarata olamizmi?

Bu o‘rinda birinchi navbatda “qonun” so‘zini qay ma’noda qo‘llayotganimizni aniqlab olishimiz zarur. Ya’ni inson tomonidan hamma ko‘rib, bilib yurgan odatdagi qonunchilikni nazarda tutayotganimiz yo‘q, balki biz tahlil qilayotgan “qonun” inson faoliyatini boshqaradigan va inson tomonidan yozilgan odatiy qonunga o‘xshab ketsa-da, biroq u inson tomonidan yaratilmagani va inson tomonidan o‘zgartirilmasligi bilan ajralib turadi.

 

Hozirgi G‘arb jamiyatining ishlab chiqarish faoliyati

Mahsulot yetkazib beruvchi va uni sotib oluvchi o‘rtasidagi talab va taklifning farqli va o‘zgaruvchan statistik modeli “ko‘tarilish” va “pasayish”ning to‘xtovsiz zanjirida o‘zini ajoyib tarzda namoyon etdi. Sug‘urta kompaniyalari dahshatli tavakkallarga mukofot sug‘urtasini belgilash bilan bog‘liq o‘z biznesining yangi sohalarini ochishga rag‘batlantirishga qaratilgan faol ishbilarmonlik tsikllari modeli bu kitob yozilayotgan paytda hali ishlab chiqilmagandi. Shunday bo‘lsa-da, tadqiqotchi-olimlar ushbu soha predmeti haqida ko‘p narsani bilib olishdi.

Bunday tadqiqotga birinchi bo‘lib 1837 yil britaniyalik olim S.J.Lloyd (keyinchalik lord Overston) qo‘l urdi. Sikllarning amerikalik tadqiqotchisi U.K.Mitchell 1927 yil nashr qilingan kitobida shunday deb yozadi: “Faol ishbilarmonlik tsikllarining xarakterli xususiyatlari iqtisodiy tashkilot qanday rivojlanishiga qarab o‘zgarishini kutish mumkin”. Boshqa bir amerikalik olim U.D.Torpning statistikaga aloqasi yo‘q materiallari asosida, uchinchi bir amerikalik olim F.SMills industriyallashtirishning dastlabki bochqichida “qisqa” iqtisodiy tsikl to‘lqinining uzunligi o‘rtacha 5,86 yil, tez o‘tishning keyingi bosqichi 4,09 yil va qiyosiy barqarorlikning oxirgi davri 6,39 yil bo‘lishini hisoblab chiqdi.

Boshqa iqtisodchilar o‘zgacha tsikllarni taklif qilishar ekanlar, yuqoridagi jarayonlar muddati uzoqroq bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishgan. Umuman olganda tsikllarning muddatlari bo‘yicha olimlar bir to‘xtamga kelisha olishmagan va u bu boradagi tadqiqotlar hali o‘zining dastlabki bosqichida turibdi. Shu bois bu mavzuni davom ettirishga hojat yo‘q. Buyuk Britaniyadagi sanoat inqilobidan keyin o‘tgan ikki yuz yil mobaynida G‘arb iqtisodiy fanlari otalari iqtisodiyot tarixi bag‘ridan insonning iqtisodiy faoliyatini boshqargan va inson xarakteri sifatlari aks etgan chalkash ma’lumotlar, qonunlar to‘plamini olish bilan mashg‘ul bo‘lishdi.

 

Milliy davlatlarning raqobati: siyosiy muvozanat

Iqtisodchilar iqtisodiyot tarixiga tatbiq etiladigan qonunlarni aniqlash uchun o‘z tadqiqotlari natijalarini qo‘llashlarni ko‘rib, biz xuddi shu usulni siyosiy soha faoliyatiga nisbatan ham ishlatsa bo‘ladimi, degan masalaga e’tibor qaratdik. G‘arb dunyosining Yangi davr milliy davlatlaridagi raqobat va urushlarni siyosiy sohadagi faoliyat maydoni sifatida tanladik. G‘arb tarixining ushbu davri boshlanishi deb XV asr oxirida transalp Yevropa davlat tizimining italyanlashtirilishini olishimiz mumkin.

Angliya (yoki Britaniya) xalqi orolda joylashganligi bois ustunlik va nisbatan daxlsizlik beradigan ahvolidan foydalanib, bir-biridan yuz yilga yaqin vaqt ajratib turgan to‘rt voqea ichida G‘arb-xristian dunyosida universal davlat tashkil qilish, hech bo‘lmaganda, an’anaviy ifoda usuli bilan aytganda, “siyosiy muvozanatni buzishga” harakat qilgan kontinental derjavalarni yemirishdan dastlab tiyilgani va so‘ng ularni tor-mor qilganligini “har bir maktab o‘quvchisi biladi”.

Birinchi voqeada siyosiy muvozanatni buzuvchi – 1588 yil Ispaniya, ya’ni ispan armadasi edi; ikkinchi voqeada – 1704 yil Lyudovik XIV Frantsiyasi Blenxeym jangida; uchinchi voqeada – Frantsiya inqilobi – Napoleon – Vaterloo, 1915 yil; to‘rtinchi voqeada – Vilgelm II Germaniyasi – 1918 yilgi Yarashuv kuni, keyinchalik Gitler davrida qayta oyoqqa turgan Germaniya va Normandiya, 1944 yil. Ushbu voqealarda tsikl modelini aniq ko‘rib turibmiz. Har bir “urush” avvalgisiga qaraganda uzoq muddatga cho‘zilgan va oldingisiga nisbatan ko‘proq davlatlarni o‘z domiga tortgan.

Zamonaviy G‘arb universal davlati barpo etilishining oldini olishga qaratilgan ana shu to‘rt urush oralig‘i taxminan yuz yil edi. Dastlabki uch yuz yilni alohida tahlil qiladigan bo‘lsak, urushlar o‘rtasidagi vaqt navbatdagi urushga hozirlik ko‘rish yoki qo‘shimcha urush ekanligi va bundan maqsad Markaziy Yevropa va Germaniyada ustunlikka erishish uchun kurash ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Bu urushlar Markaziy Yevropada kechganligi bois, Angliya ularning birortasida oxirigacha, ayrim hollarda esa umuman ishtirok etmagan. Bu oraliq urushlarning birinchisi O‘ttiz yillik urush (1618-1648), ikkinchisi prussiyalik “Buyuk” Fridrix urushlarini (1740-1763) o‘z ichiga olgan, uchinchisi esa 1848-1871 yillar ichidagi uzoq vaqt davom etgan va Bismark bilan bog‘liq urushlardir.

Va nihoyat to‘rt pardali bu dramani Ispaniyaning Filipp IIsi emas, Gabsburglarning ikki avlod oldingi “Italiya urushlari” uvertyurasi ochib bergan, deb aytishimiz mumkin. Bu urushlar Frantsiya qiroli Karl VIIIning Italiyaga yovuzona bostirib kirishi bilan boshlangandi va u hayron qolarli darajada natijasiz tugadi. Ushbu tajovuz malakali mutaxassislar kech O‘rta asrlar va ilk Yangi davr deb keskin ajratgan 1494 yil sodir bo‘lgandi. Bu voqea xristianlar tomonidan musulmonlarning Ispaniyadagi oxirgi hududi bosib olingandan, Kolumbning esa Vest-Hindistonga birinchi qadamini qo‘yganidan so‘ng ikki yil o‘tib ro‘y berdi.

Bu voqealarning barchasini jadvalda ifoda etish mumkin. Aleksandrdan keyin ellin va Konfutsiydan so‘ng Xitoy tarixidagi tinchlik va urush tsikllarini tadqiq qilish G‘arb tarixining Yangi davriga xos bo‘lgan hamda o‘zining strukturasi va davomiyligi bilan judayam o‘xshab ketadigan tarixiy “model”ni yuzaga chiqardi.

 

Sivilizatsiyalar inqirozi

G‘arb jamiyatining Yangi davridagi yuqorida ko‘rib o‘tilgan urushlarning tsiklli modeliga nazar tashlaydigan bo‘lsak, “g‘ildirak” to‘rt marotaba ham har safar “start” olgan joyiga qaytib kelgani va yo‘qlik qa’ri, behudalik tomon aylanganligidan dahshatga tushamiz. Bu “g‘ildirak” mudom xavf-xatar mavjud tomon yurgan. Ana shu to‘rt voqea o‘ta kuchli va o‘ziga ortiqcha baho berib yuborgan davlatdan o‘zlarini himoya qilish uchun qo‘shni mamlakatlar qanday birlashgani va oxir-oqibat manmanlik, o‘z kuch-qudratiga ortiqcha ishonch mag‘lubiyatga olib kelishini ko‘rsatdi.

Milliy davlatlar o‘rtasida ustunlikka erishish uchun o‘z-o‘zini mahv etuvchi bunday takrorlanuvchi tsikllar tsivilizatsiyalar inqirozi muammosini tadqiq etayotganimizda ham diqqatimizni tortgan edi. Sivilizatsiyalarning inqirozi va urushlar tsikli o‘rtasida o‘xshashlik borligi ajablantirmaydi. Jamiyatdagi sinish orqasidan keladigan inqiroz mahalliy davlatlar o‘rtasidagi shiddatli urushlar oqibati ekanligini tadqiqotimiz ko‘rsatib turibdi. Kurashayotgan davlatlardagi zo‘ravonlik alangasi birdan so‘nmaydi va u yangi ijtimoiy to‘ntarish va fuqarolar urushi shaklida paydo bo‘ladi. Shunday qilib, inqiroz jarayoni urushlar oralig‘ida vaqtincha to‘xtasa-da, keyinchalik baribir davom etadi.

Inqirozlar ham milliy davlatlar urushlari singari turli tuslanishlar bilan o‘z yo‘nalishi bo‘yicha borishini aniqladik. Ko‘plab tarixiy misollarni tadqiq qilib “mag‘lubiyat va jonlanish” tsikli ritmi, odatda, uch yarim taktdan iborat bo‘lishini aniqladik – mag‘lubiyat, jonlanish, pasayish, jonlanish, pasayish, jonlanish, pasayish. Bu tsikl xuddi ana tariqada tsivilizatsiyaning sinishidan to butunlay barham topishiga qadar o‘zining tarixiy sayohatini amalga oshiradi. Birinchi mag‘lubiyat singan jamiyatni “noittifoqlik davri”ga uloqtirib tashlaydi. Bu davr esa keyinchalik ikkinchi va yanada kuchliroq hamlaga duchor bo‘lish uchun ilk jonlanish bilan o‘rin almashadi. Bunday pasayish ortidan ancha uzoq davom etadigan ikkinchi jonlanish boshlanadi va mazkur jarayon universal davlat paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu ham o‘z navbatida pasayish va jonlanishni boshidan kechirib, oxirgi jonlanish ortidan yakunlovchi inqiroz yetib keladi.

“Ijtimoiy inqiroz” dramasi “siyosiy muvozanat” dramasiga qaraganda ancha aniq va doimiy mazmunga ega. Universal davlatlar jadvaliga nazar solsak, voqealar silsilasi begona ijtimoiy tizimlar ta’siri ostida izdan chiqmasa, taxminan to‘rt yuz yil davomida, ya’ni ilk sinishdan universal davlat qaror topgunga qadar jamiyat mag‘lubiyat, jonlanish, pasayish va yanada samaraliroq jonlanish harakatida bo‘lgan. Universal davlat vujudga kelib uning halokatigacha ham taxminan shuncha vaqt o‘tadi. Biroq universal davlat halokatga qarshi oxirigacha kurashadi. Bu kurashlarga misol sifatida 378 yilda Adrianopol (Avgust tomonidan asos solinganidan to‘rt yuz yil o‘tib)dagi halokatdan so‘ng Rim imperiyasining ijtimoiy jihatdan qoloq bo‘lgan g‘arbiy viloyatlaridagi inqiroz 565 yil Yustianning o‘limiga qadar markaziy va sharqiy viloyatlarga ko‘pam ta’sir ko‘rsatmadi. Xuddi shunday, 184 yil ikkinchi marta hamlaga duch kelgan va oqibatda uch podshohlikka bo‘linib ketgan Xan imperiyasi butunlay halokatga uchrashidan oldin Szin imperiyasi (280-317) davrida yana qayta birlashib, tiklanishga yuz tutgan.

 

Sivilizatsiyalar taraqqiyoti

Ijtimoiy inqirozdan ijtimoiy taraqqiyotga diqqat qaratar ekanmiz, bu jarayon ham xuddi inqiroz singari tsiklli harakatga ega ekanligini ko‘ramiz. Yuzaga kelgan muammo-tahdidga muvaffaqiyatli yechim-javob topilganda rivojlanishga erishilgan va bu narsani ham o‘z navbatida yana bir yangi muammo-tahdidni yuzaga keltirgan. Cheksiz takrorlanadigan ushbu jarayon yo‘liga g‘ov bo‘ladigan biror-bir asosli sabab topa olmadik. Hech bir tsivilizatsiya taraqqiyot jarayonini ushlab qola olmagan. (Bu tarixiy fakt!) Ular muammo-tahdidga bir martalik yechim-javob topishgan. Bu javob ortidan keladigan yangi muammo-tahdidga talab qilingan izchil o‘zgacha javob topishni uddalay olishmagan.

Ellin tsivilizatsiyasiga tahdid solgan dastlabki bebosh varvarlik shahar-davlatlarning yuzaga kelishidek yangi institut shaklida samarali javob qaytargan. Bu muvaffaqiyat esa aholi sonining o‘sishidek iqtisodiy yo‘nalishdagi yangi muammoni keltirib chiqargan. Ushbu ikkinchi muammo-tahdid har xil amaliyotga ega ko‘plab muqobil javoblarni tug‘dirdi. Mazkur javob ichida spartaliklarning qo‘shni unumdor va serhosil yerlarni bosib olishdek halokatli javoblari ham bor. Ellinlar tomonidan O‘rta Yer dengizining g‘arbiy sohillaridagi qoloq xalqlarning yerlarini mustamlakaga aylatirishdek ma’lum muddat samara bergan javob ham mavjud. Ellin dunyosining bunday kengayishi (fink va tirrenslar singari raqobatchilar ellinlarning geografik kengayishi yo‘liga g‘ov bo‘lgunlariga qadar) natijasida iqtisodda inqilob ro‘y berdi va natural xo‘jalik o‘rniga sanoat ishlab chiqarishi tovarlarini eksport qilish va xomashyoni import qilishni kirib kelishidek afinaliklarning uzoq vaqt samarali bo‘lgan javoblari ham o‘rin oldi.

Iqtisodiyot sohasidagi muammo-tahdidga topilgan va berilgan muvaffaqiyatli yechim-javob keyinchalik siyosiy yo‘nalishdagi muammo-tahdidni tug‘dirdi. Iqtisodiy jihatdan oyoqqa turib olgan va o‘ziga mustaqil bo‘lgan ellin dunyosi siyosiy rejimdan qonuniylik va yagona tartibni talab qila boshladi. Tashqi dunyodan uzilib qolgan va mustaqil qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti rivojini rag‘batlantiruvchi shahar-davlatlarni boshqaradigan rejim iqtisodiy strukturasi yaxlitlashgan ellin jamiyatini xuddi shunday yagona siyosiy struktura bilan ta’minlashga qodir emasdi. Ellin tsivilizatsiyasini sinishdan asrab qolishi mumkin bo‘lgan ana shu uchinchi muammo-tahdidga o‘z vaqtida yechim-javob topilmadi. Uchinchi muammo-tahdidga ellin tsivilizatsiyasi topa olmagan javobni G‘arb tsivilizatsiyasi o‘zining rivojlanish jarayonida muvaffaqiyatli topdi.

Ellinlar ham duch kelgan va oraliq podsholiklar davrida varvarlik dastlabki muammo-tahdid edi. Bu tahdidga papa boshchiligidagi yagona cherkov instituti tashkil etilib o‘zgacha javob qaytarildi. Bu narsa ikkinchi muammo-tahdidni tug‘dirdi. Chunki yagona cherkov atrofida birlashgan G‘arb-xristian dunyosi ham siyosiy, ham iqtisodiy jihatdan samarali bo‘lgan lokal davlatlar tizimiga zarurat seza boshladi. Bu muammoga javob – Italiya va Flandriyada ellinlarning shahar-davlatlari qayta tiklanishi bo‘ldi. Biroq shahar-davlatlar ba’zi sohalarda ijobiy rol o‘ynagan bo‘lsa-da, lekin hududiy jihatdan kengayib borayotgan feodal monarxlarning talablariga javob bermas edi. Italiya va Flandriyadagi shahar-davlat tizimi G‘arb dunyosining boshqa yirik ko‘lamdagi millatlarining siyosiy va iqtisodiy sohada samarali mahalliy boshqaruvni yuzaga keltirish muammosini hal qila olarmidi?

Bu muammo Angliyada dastlab siyosiy sohada parlament instituti orqali, keyinchalik sanoat inqilobi orqali iqtisodiy sohada hal qilindi. Ammo G‘arb sanoat inqilobi, xuddi ellin tarixidagi Afina sanoat inqilobi singari mahalliy iqtisodiy mustaqillik o‘rniga butun dunyo iqtisodiyotiga bog‘liqlikni olib keldi. Shunday qilib, G‘arb tsivilizatsiyasi uchinchi muammoga muvaffaqiyatli javobi orqali o‘z vaqtida ellin tsivilizatsiyasi ikkinchi muammoga muvaffaqiyatli javobidan keyin duch kelgan yangi muammo bilan yuzma-yuz keldi. Ushbu kitob yozilayotgan XX asr o‘rtalarida G‘arb odami bunday siyosiy muammo-tahdidga muvaffaqiyatli javob topa olmagan bo‘lsa-da, lekin uning xavfini o‘z hayotida yaqqol seza boshladi.

Ana shu ikki tsivilizatsiya taraqqiyotiga bir qur nazar solishning o‘zi ham ijtimoiy rivojga erishishning muammo va javob doirasi zanjiri tugunlarida bir xillik yo‘qligini ko‘rsatib turibdi. Yetarli darajada hujjatlashtirilgan boshqa tsivilizatsiyalar tarixi tadqiqi ham bu xulosani tasdiqlab turibdi. Sivilizatsiyalar taraqqiyotida ham, ularning inqirozi tarixida ham “Tabiat qonunlari” harakati bir xilda sezilarli darajada emasligini, nazarimda, tadqiqotimiz natijasi desak bo‘ladi.

 

BU NIMA TUFAYLI VA QANDAY SODIR BO‘LDI

Odamlar nega tarixni o‘rganadi? Bu savolga tarixchi hayotda maqsad bilan yashashdek baxt topgan har qanday inson singari Parvardigori olamning “Yaratganni his qilish va Uni izlash” da’vatida o‘z qismatini topgan inson deb, javob bergan bo‘lur edim. Tarixchining nuqtai nazari – hisobsiz nuqtai nazarlardan biridir. Xudoning harakatdagi yaratuvchilik qudratini bizning insoniy tajribamiz olti o‘lchovida ko‘rsatib berish tarixchining alohida xizmatidir. Tarix faniga oid nuqtai nazar – to‘rto‘lchovli fazoda doira bo‘ylab harakat qilayotgan fizik kosmosni, Hayot-vaqt-makon besho‘lchovli tizimi doirasida tadrijiylik kasb etayotgan sayyoramizdagi Borliqni, shuningdek, muqarrar taqdir orqali Yaratguvchi tomon ma’naviy yuksaklikni amalga oshirayotgan yoki Tangrini rad etayotgan inson qalbini Ruh vositasida oltinchi o‘lchovga ko‘tarilishini namoyon qiladi.

Biz Tarix mohiyatida Ilohiy yaratuvchilik qudratning harakatdagi tomoshasini bilishga o‘zimizni haqli deb bilsak, inson aql-idroki tarix taassurotlarini qalban qabul qilishi doimo taxminan bir xil darajada qolayotganligi bizni hayron qoldirmasligi kerak. Tarixchida ijodiy to‘lqinlanish bo‘lmasa, tarixning ulug‘vor, zo‘r taassurot qoldiradigan yodgorliklari ham hech qachon tilga kirmaydi. Chunki tarixchi olim tarixiy ashyo va yodgorliklar tadqiqotiga ijodiy ishtiyoq va hayajonsiz kirishsa, bamisoli basirdek hech narsani ko‘ra olmaydi. Qalb amri va da’vatisiz tarixchi ko‘zida ijod olovi yonmasligi haqiqatini g‘arblik faylasuf-sayohatchi Volney (Konstantin Fransua Volney, 1757-1820 Frantsuz ma’rifatchisi, faylasufi) faoliyati tasdiqlaydi. U 1783-1785 yillar islom dunyosi mamlakatlariga (Usmonli turk imperiyasi, Misr, Suriya) sayohat qildi. Olim Gannibal urushlari davridagina tsivilizatsiya tarixiga tortilgan mamlakatdan uch-to‘rt ming yildan buyon tarix harakatining sahnasi bo‘lib kelayotgan, Galliyaga qaraganda o‘tmish yodgorliklariga nihoyatda boy o‘lkalarga kelib qolgan edi. XVIII asrning oxirgi choragida O‘rta Sharqda yo‘qolib ketgan tsivilizatsiyalarning hayratga soladigan xarobalari ichida bu monumentlarni tadqiq qilishga harakat qilmayotgan avlod yashardi. Aynan tadqiq qilish masalasi Volneyni Frantsiyadan Misrga yetaklab keldi. O‘n besh yildan keyin esa Bonapart harbiy ekspeditsiyasi ortidan frantsuz olimlarining kattagina guruhi ham kirib keldi. Napoleon Imbaba ostonasidagi hal qiluvchi jangdan oldin ehromlar tepasidan sizga qirq asrlik tarix nazar solib turibdi deb armiyasiga murojaat qilar ekan, bu da’vat savodsiz oddiy askarlar qalbida ham ma’lum bir taassurot uyg‘otishiga ishonardi. Mamluklar qurolli kuchlari qo‘mondoni Murodbey tarixga befarq askarlariga xuddi ana shu tarzda murojaat qilishni xayoliga ham keltirmaganligiga ishonchimiz komil.

Napoleon aravalarida Misrga kirib kelgan frantsuz olimlari G‘arb jamiyatining o‘taketgan qiziquvchanligini qondiradigan tarixning yangi o‘lchoviga duch kelishdi. Xuddi ana shu vaqtdan boshlab unutilgan va yo‘qolgan – Qo‘hna dunyodagi Misr, Vavilon, Shumer tsivilizatsiyalari, Hind daryosi havzasi, Shan madaniyati, Yangi dunyodagi Maya, Yukatan, Meksika va And tsivilizatsiyalariga yana qayta hayot bag‘ishlandi.

Ruhlantiradigan qiziquvchanliksiz hech kim tarixchi bo‘la olmaydi. Biroq bu xususiyat kamlik qiladi. Mabodo qiziquvchanlik aniq maqsadga yo‘naltirilmagan bo‘lsa, u maqsadsiz mahmadonalik, o‘zini bilarmon hisoblashga olib keladi. Har qanday buyuk tarixchining qiziquvchanligi uning avlodi uchun amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ma’lum bir savolga, muammoga javob berishga yo‘naltirilgan. Bu savolni umumlashtirib quyidagicha ifoda etishimiz mumkin: “Bu nima tufayli va qanday sodir bo‘ldi?”.

Mashhur tarixchilar tomonidan yaratilgan intellektual tarixni ko‘zdan kechirsak, hayratda qoldiradigan juda muhim voqealar da’vati ularni tarixiy tashxis qo‘yish shaklidagi javob topishga ilhomlantirgan. Bu tarixchi o‘zi guvoh bo‘lgan yoki Fukidid (mil. avv. 460-400 yillar, qadimgi Yunonistonning yirik tarixchi olimi)ga o‘xshab o‘zi faol ishtirok etgan Peloponnes urushi, Klaredon (Klaredon Eduard Xayd (1609-1674) – graf, 1660-1667 yillar Angliyaning lord-kantsleri. XVII asrdagi Angliya burjua inqilobida faol ishtirok etgan va uning tarixini birinchi bo‘lib yozgan) qatnashgan Angliyadagi fuqarolar urushi bo‘lishi mumkin. Yoinki, oradan yuz yillar o‘tib Kapitoliya xarobalariga o‘ychan tikilib turgan Gibbonning (Gibbon Edvard (1737-1794) – ingliz tarixchisi) qalbini Rim imperiyasining tanazzuli va yemirilishidek voqea junbushga keltirgandir. Fors urushi Gerodotga ijodiy rag‘bat olib kelgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Biroq nima bo‘lganda ham, ko‘pincha insonning kelajakka ishonch va umid bilan qarashdek tabiiy tuyg‘usiga tahdid soluvchi ulkan tarixiy evrilishlar, falokat va fojialardan tarixchining eng yaxshi asarlari dunyoga keladi.

Rus tilidan Jaloliddin Safoyev tarjimasi

“Jahon adabiyoti, 2014 yil, 10-son

[1] “Hukmdor tanlagan dinga sig‘inasan” aqidasi 1555 yilda imzolangan Augsburgs shartnomasining asosiy mazmunini ifoda etgan. Bu shartnomaga ko‘ra, har bir nemis davlati hukmdori o‘z mamlakati fuqarolari uchun – katolik yoki lyuteranlik cherkovini mustaqil ravishda tanlagan. Hukmdor tanlagan dinga e’tiqod qilish qat’iyan talab qilingan va bu ko‘plab fojiali oqibatlarga olib kelgan. Ushbu shartnomadan keyin Germaniyada diniy urushlar bo‘lib o‘tgan.