Akmal Saidov. Ulug‘ allomalar merosi – mustahkam e’tiqod asosi

Ulug‘ ajdodimiz Abu Muin Nasafiy XI asrda yashagan, islom madaniyati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan allomalardan biridir. Ushbu ulug‘ zot 1027 yili[1] Nasaf yaqinidagi Ibsan (hozirgi Qovchin) qishlog‘ida tug‘ilgan va uzoq muddat Buxoro hamda Samarqand shaharlarida ilmu ijod bilan shug‘ullangan, 1114 yili 87 yoshida Samarqandda vafot etgan. Abu Muin Nasafiy  yozgan o‘nlab kitoblarning aksariyati kalom ilmi masalalariga bag‘ishlangan. Ana shu nodir kitoblarning o‘nlab qo‘lyozma nusxalari dunyoning ko‘plab kutubxonalarida saqlanmoqda.

Buyuk bobomizning ilmiy asarlari bugungi kun uchun ham g‘oyat ahamiyatlidir. Shu ma’noda, davlatimiz rahbari 2017 yil 24–25 fevral kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi asnosida bu ulug‘ zotning Qarshi tumani, Qovchin qishlog‘idagi muqaddas qadamjosini obod ziyoratgohga aylantirish, ziyoratchilarga zarur sharoitlar yaratish, ushbu maskanda kutubxona tashkil etish va alloma asarlarini tarjima qilib, xalqimizga yetkazish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bergani[2] ayni muddao bo‘ldi.

Bu haqda so‘z borganda, albatta, 2017 yil 15 iyunda bo‘lib o‘tgan “Ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi videoselektor yig‘ilishida O‘zbekiston Prezidenti ma’naviy meros masalasiga alohida to‘xtalib, “Keyingi vaqtda men joylarda bo‘lib, hududlarimiz hayoti bilan yanada yaqindan tanishar ekanman, shunday bir fikrga ishonch hosil qilayapmanki, biz hali yurtimizni, uning o‘ziga xos tarixi, madaniyati, ulug‘ olimu ulamolarini, bebaho ma’naviy merosimizni to‘liq o‘rganganimiz yo‘q”[3], deya qayd etganini esga olish lozim.

“Misol uchun, Qashqadaryo zaminida buyuk alloma, moturidiya ta’limotining yirik vakili Abu Muin Nasafiy bobomiz yashab o‘tganlar. U kishi uzoq muddat Buxoro va Samarqandda tahsil olib, kalom ilmi, ya’ni islomiy e’tiqod pokligi masalasida 15 ga yaqin kitob yozganlar. Ana shu kitoblarida, bundan ming yil oldin din masalasida adashganlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatganlar”[4], dedi mamlakatimiz rahbari.

O‘shanda Nasafiy bobomiz (to‘liq ism-shariflari: Abul Mo‘iyn Maymun ibn Muhammad ibn Mo‘tamid ibn Muhammad ibn Makhul ibn al-Fazl an-Nasafiy al-Makhuliy) ziyoratgohida muazzam majmua barpo etish, bu ulug‘ zotning kitoblarini tarjima qilish va nashrdan chiqarishning muhim ahamiyatga ega ekani haqida ham so‘z bordi. Mamlakatimizning barcha hududlarida dinimiz ravnaqi yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk aziz-avliyolar, alloma zotlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmualari, ilmiy markazlar faoliyat ko‘rsatayotganiga e’tibor qaratildi.

Prezidentimizning: “Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktabini tashkil etsak, o‘ylaymanki, bu juda foydali bo‘ladi. Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sog‘lom e’tiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch bo‘lib xizmat qiladi”[5], deya bildirgan qimmatli takliflari asosida bu yerda ana shu ilmiy maktab o‘z faoliyatini boshladi.

Binobarin, aqoid[6] ilmida bitilgan jamiki manbalar, sharh va hoshiyalarda Imom Abu Muin Nasafiy nomi tilga olingani hamda uning “Tabsirat al-adillati fi ilm al-kalom” (“Kalom ilmida dalillar tilga kirganda”)[7] asaridan iqtibos keltirilgani yoki unda bayon qilingan hukm e’tirof etilganini ko‘rish mumkin.

Ayrim manbalarda ushbu kitobning “Tabsirat al-adilla fi usul ad-din ’ala tariqat-al Imam Abi Mansur Moturidiy” (“Abu Mansur al-Moturidiy tariqatiga binoan din usullarini aniq dalillar bilan sharhlash”)[8] degan to‘liq nomi istifoda etilgan. Shuningdek, bu nom “Tabsirat ul-adillafi kalom” (“Kalom ilmida dalillar izohi”)[9], “Tabsirat al-adilla” (“Dalillar izohi”)[10], “Tabsirat ul-adilla”[11] kabi shakllarda ham qo‘llaniladi.

Ibrohim ibn Abdurahmon Uzriy (r.a.)dan rivoyat qilinishicha, Rasululloh (s.a.v.): “Har bir zamonlarda adolatpesha insonlar (mo‘tadillik) haddidan oshganlarning noto‘g‘ri talqinini, layoqatsiz kimsalarning asossiz tasdiqlashini hamda nodonlarning ta’villarini inkor etgan hollarida bu ilmni himoya qiladilar”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati)[12].

Muhammad alayhissalomning ushbu hadisi sharifida to‘g‘ri yo‘ldan adashgan, asossiz narsalarni o‘zlariga “hujjat” qilgan holda, boshqalarni chalg‘itadigan, ilmsizlikdan oyatu hadislarni noto‘g‘ri ta’vil[13] va talqin qiladigan kimsalarni to‘g‘ri yo‘lga soladigan, musulmonlarni sof aqoidga boshlaydigan insonlar o‘z zamonasining adolatpesha insonlari, deya zikr qilinmoqda.  Imom Abu Muin Nasafiy o‘z zamonasining ana shunday kishilaridan biri bo‘lgan. U zot Moturidiy aqoidining bizgacha yetib kelishida katta xizmatlar qilgan.

Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” kitobida Imom Moturidiy ta’limoti nihoyat darajada mukammal va tushunarli tarzda bayon etilgan. Shu sababli u asrlar davomida kalom ilmi bo‘yicha asosiy qo‘llanmalardan biri sifatida e’zozlab kelinadi.

Imom Moturidiyning “Tavhid” hamda Imom Abu Muin Nasafiyning “Tabsirat ul-adilla” kitobini o‘zaro qiyosiy tahlil etgan olimlarning fikricha, “Abu Muin Nasafiyning shoh asari  “Tabsirat ul-adilla” Imom Moturidiy (r.a.)ning “Tavhid” kitobidan keyingi kitob sanaladi. Balki ushbu asar “Tavhid” kitobiga sharh, tafsir va bayon deb e’tibor qilinadi. Chunki “Tabsirat ul-adilla” asari ko‘p o‘rinlarda “Tavhid” kitobining uslublarini bayon qilib, unga nisbatan keng qamrovli va tafsilotlar bilan boyitilgan asardir”[14].

Arab tilini o‘rganish bo‘yicha Frantsuz ilmiy instituti tadqiqotchilari hajmi ming sahifadan ortiq bo‘lgan “Tabsirat ul-adilla” kitobini 1990 va 1993 yillarda Damashq shahrida ikki jild holida nashr ettirgani ham bu asarning ulkan ma’naviy qiymatidan dalolat beradi. Ushbu nashrni tayyorlashda asarning 1269 yili Buxoroda Muhammad ibn Hasan ibn al-Husayn ismli xattot ko‘chirgan va Misrdagi Iskandariya shahri kutubxonasida, shuningdek, Qohiradagi “Dor ul-kutub al-Misriyya” va mashhur al-Azhar universiteti kutubxonalarida saqlanayotgan mo‘tabar qo‘lyozmalariga tayanilgan[15].

Imom Abu Muin Nasafiyning ilm ahliga yaxshi tanish bo‘lgan yana bir kitobi – “Bahr al-Kalom fi ilm al-Kalom” ham alohida ahamiyatga egadir. Hozirgi kunda “Bahr al-Kalom” asarining qo‘lyozma nusxalari Dubay, Damashq, Bag‘dod, Qohira va Iskandariya shaharlari kutubxonalarida saqlanmoqda[16].

Ma’lumki, zamondosh allomamiz Ubaydulla Uvatov 2007 yil bahorida Angliyaga ilmiy safarida Britaniya muzeyi kutubxonasida 100 dan ziyod Nasaf va Kesh allomalarining bizga noma’lum asarlarini izlab topishga muvaffaq bo‘ldi. Olim 2008 yilda Saudiya Arabistonida ham bo‘lib, nasafiylar va keshiylar ilmiy merosini tadqiq etish bilan jiddiy shug‘ullandi.

Professor Ubaydulla Uvatovning ta’kidlashicha, Imom Abu Muin Nasafiyning “Bahr al-Kalom fi ilm al-Kalom” kitobida keltirilgan Payg‘ambar alayhissalomning ikki hadisi favqulodda ahamiyatga molikdir.

Birinchi hadisda Rasululloh (s.a.v.): “Mendan keyin Abu Bakr va Umarga iqtido qilinglar”, degan bo‘lishiga qaramasdan, xalifalik ustida ikki kun bahs bo‘lgan. Bu hol muborak islom dinimizdagi dastlabki ixtiloflarning paydo bo‘lishi, deb baholanadi.

Ikkinchi hadis: Sarvari olamning “Mendan keyin xalifalik o‘ttiz yil, undan keyin amirlik, podshohlik va hokazolar bo‘ladi”, degan fikrlari naqadar to‘g‘riligini alohida qayd etish zarur. Chindan ham, bu muddat, ya’ni o‘ttiz yil to‘g‘ri yo‘ldan yuruvchi xalifalar – choryorlar paytida tugagan. Hozirgi vaqtda “xalifalik”ni orzu qilib yurgan ba’zi kimsalar uchun ham Payg‘ambar alayhissalomning bu hadislari asosli javobdir[17].

Bundan tashqari, Imom Abu Muin Nasafiyning “At-Tamhid li qovoid at-tavhid” (“Tangrining yagonaligi asoslariga oid boshlang‘ich ta’lim”), “Al-Umda fi usul al-fiqh”, “Kitob fi-t-tavhid”, “Tasayyud al-qavoid fi ilm al-aqoid”, “Muqaddimat fi odob al-bahs” kabi asarlarida ham aqidaviy masalalarning talqini salmoqli o‘rin egallaydi.

Shu o‘rinda Qashqadaryo vohasi zaminida Nasafiy nisbasi bilan yuritilgan yana ko‘plab ulug‘ zotlar kamolga yetganligi haqida ham muxtasar to‘xtalish maqsadga muvofiqdir. Xususan, Abu Muin Nasafiyning katta bobosi Makhul an-Nasafiy (vafoti 930 y.) Imom Moturidiyning shogirdlaridan, allomaning bobosi Mu’tamid ibn Makhul an-Nasafiy esa hanafiylar orasida katta obro‘-e’tibor qozongan zotlardan bo‘lgan.

Bularning barchasi bejiz emas. Chunki Qashqadaryo vohasining ikki yirik shahri – qadimda Naxshab, Nasaf nomlari bilan atalgan bugungi Qarshi hamda Kesh nomi bilan mashhur Shahrisabz tarixi O‘rta Osiyoning boqiy shaharlari Samarqand, Buxoro, Xiva singari qadimiydir. Jahonda 2700 yillik tarixga ega bo‘lgan shaharlar uncha ko‘pchilikni tashkil etmaydi. Viloyatning asrlarga bo‘ylashgan bu ikki muazzam shahrining olis kechmishi, boy tarixi va zafarlarga to‘liq bugungi kuni uning har bir farzandi qalbida yuksak milliy g‘urur tuyg‘usini uyg‘otishi tabiiy.

Nasaf va Kesh allomalari faoliyati bo‘yicha alohida izlanishlar olib borgan fidoyi ziyolilarimizdan yana biri – rahmatli shoir va publitsist, taniqli jamoat arbobi Nasriddin Muhammadiyev (Nosir Muhammad)ning ma’lumotlariga qaraganda, Nasaf IX–XII asrlarda musulmon olamida “madina” (ya’ni, yirik shahar) deb yuritilgan 8 ta shahar – Madinai munavvara, Bag‘dod, Isfahon, Nishopur, Marv, Buxoro, Samarqand bilan bir qatorda ma’lum va mashhur bo‘lgan[18].

Abdulkarim as-Sam’oniyning (1113–1167) “Al-Ansob” (“Nasabnoma”) nomli asarida Nasaf va uning atrofidagi 50 dan ortiq qishloqlarda yetishib chiqqan salkam 180 nafar allomaning nomlari qayd etilgan. As-Sam’oniyning yozishicha, Nasaf atrofidagi Koson, Kasba, Maymorg‘, Varasin, Ustug‘dodiza, Farg‘uzdiza, G‘ubdin, Kojar, Niyoza, Navqad, Ibsan, Bazda, Xuzor, Suvodiza kabi qishloqlar kattagina nufuzga ega bo‘lgan va nasaflik allomalarning nisbalarida bu hol o‘z aksini topgan. Agar tarixchi olim ushbu shaharda qariyb ikki oy yashaganini e’ti­borga olsak, uning bu ma’lumotlari nechog‘lik xolis va ishonchli ekaniga shubha qolmaydi.

VIII asr oxiri va IX asr boshlarida Nasaf va Kesh hududlarida islom ta’limoti asoslari, g‘oyalarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratilgan. Buning natijasida vohada tug‘ilib voyaga yetgan, shuningdek, Movarounnahr hamda islom ta’limoti keng yoyilgan o‘lkalardan ta’lim olish, ilm o‘rganish maqsadida kelgan shaxslar tomonidan Qur’on tafsirlari, Hadislar mohiyati va fiqh ilmining asoslari o‘rganila boshlangan. Natijada ushbu hududlarda hadisshunoslik va fiqhshunoslik maktablari vujudga kelgan[19].

Xususan, Abu Abdurahmon Mu’az ibn Yoqub an-Nasafiy IX asrda yashagan islom olimlaridan biri bo‘lib, bu ulug‘ zot 834 yili o‘z mablag‘i hisobidan Nasafda jome masjidi, so‘fiylar uchun rabot va suv manbai qurdirgan. Ko‘plab shogirdlar yetishtirgan, hadisshunoslik borasidagi izlanishlari bilan shuhrat topgan.

Nasaf viloyatining Varasin qishlog‘ida tug‘ilgan tarixchi va hadisshunos olim Abul Horis al-Varasiniy an-Nasafiyning o‘nlab asarlari orasida “Kitab mufaxarat ahl Nasaf va Kashsh” (“Nasaf va Kesh ahlining iftixorlari”) nomli kitobi ham borligi e’tiborga molikdir. Ushbu alloma talabalik yillarida Abu Iso Muhammad at-Termiziy, Tufayl ibn Zayd at-Tamimiy, Musanno ibn Ibrohim al-G‘ubdiniy (G‘ubdin – Qarshi tumanidagi qishloq) singari o‘z davrining mashhur shaxslaridan ta’lim olgan.

Shuningdek, 914–943 yillarda yashagan shoir, faylasuf va davlat arbobi Muhammad Naxshabiy, tilshunos va adabiyotshunos olim Abu Usmon an-Nasafiy (952 yili vafot etgan), olim va faqih Husayn ibn Xizr Nasafiy  (1033 yili vafot etgan), fiqh va hadisshunoslik, tarix va filologiya sohasida keng qamrovli bilimlar sohibi, “Nasaf va Kesh tarixi” nomli ikki jildli (bizgacha yetib kelmagan) kitob muallifi Abul Abbos Ja’far an-Nasafiy (962–1041), Nasafdan 4 farsax uzoqlikdagi Ustug‘dodiza qishlog‘ida tavallud topgan muhaddis Abu Muhammad Abdulaziz ibn Muhammad al-Ustug‘dodiziy an-Naxshabiy (1018–1066) nomlarini tilga olish ham farz, ham qarzdir.

Nasaflik yana bir fiqhshunos olim Abdulaziz ibn Ahmad ibn Nasr ibn Solih shams ul-aimma al-Halvoniyning “Al-Mabsut” nomli asari o‘z davrida dovruq qozongan. Al-Halvoniy taxallusi olimning ota kasbi holvachilik bo‘lganiga ishoratdir. Tarixiy manbalarda uning 1056 yilda Keshda vafot etgani, so‘ngra Buxoroda dafn etilgani qayd etilgan. Yangi ma’lumotlar esa olimning maqbarasi Qarshi shahridagi Qovchin qishlog‘ida ekanidan dalolat bermoqda.

Ayniqsa, X asrda Ahmad ibn Tadyoniy, Hammad ibn Shokir an-Nasafiy, Abdulmo‘min ibn Xalaf an-Nasafiy, Al-Lays ibn Nasr al-Kojariy, XI asrda Abdulaziz ibn Muhammad an-Naxshabiy, Muhammad ibn Ahmad Baladiy, Al-Hasan ibn Ali al-Hammadiy an-Naxshabiy kabi olimlar butun islom olamida tanilgan. Shuningdek, “Zubdat ul-haqoyiq” kitobi muallifi Aziziddin Nasafiyning asarlari o‘rta asrlardayoq Yevropada ma’lum bo‘lgan.

Hadisshunoslik va hanafiy mazhabining taniqli fiqhshunosi Abul Hasan Ali ibn Muhammad al-Bazdaviy an-Nasafiy 1009 yilda Nasaf yaqinidagi Bazda qo‘rg‘onida (Pazda, hozirgi Fazli qishlog‘i) tug‘ilgan. Uning “Kanz ul-vusul ila ma’rifat ul-usul” asari “Usuli Bazdaviy” nomi bilan mashhur.

Qomusiy olim, shoir, tarixchi va fiqhshunos Najmiddin Abu Hafs Umar ibn Muhammad Nasafiy esa 1069 yili Nasaf shahrida tavallud topgan. Umrining oxirida Samarqandda yashagani uchun ba’zan ismiga “al-Moturidiy” nisbasi ham qo‘shib aytilgan bu alloma Burhoniddin Marg‘inoniyning ustozi bo‘lgan[20].

Najmiddin al-Nasafiyning “Al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” (“Samarqand ulamolari zikrida qanddek shirin kitob”) nomli asarida 60 dan ortiq Nasafiy, Kosoniy, Kasbaviy, Bazdaviy nisbali, shuningdek, o‘nga yaqin Keshiy nisbali allomalar, xususan, Imom Buxoriyning sodiq do‘sti Tohir ibn al-Husayn an-Nasafiy al-Maytmanoniy, ellik yildan ortiq Nasafda qozilik qilgan Abu Zayd Tufayl ibn Zayd at-Tamimiy an-Nasafiy, shayx Abulyusr Muhammad ibn Muhammad an-Nasafiyning tarjimai holi haqida ma’lumotlar keltirilgan.

Jumladan, Abulfazl ash-Sha’biy ibn Abdulloh al-Afroniy haqida ma’lumot berar ekan, muallif: “Nasaf yaqinidagi Afron qishlog‘ida tug‘ilgan bu alloma ilm bobida misli xazina, hadis toliblari uchun esa bitmas-tuganmas manba edi”[21], deb yozgan.

Bu haqda fikr yuritganda, Afron (Ofuron) Qarshi tumanidagi hozirgi Obron qishlog‘i ekaniga e’tibor qaratish lozim. Shu tariqa Najmiddin al-Nasafiy o‘z asarida Qashqadaryo vohasining shahar va qishloqlarida yashab ijod qilgan ko‘plab allomalar, shu jumladan, Nasafdan – 63, Keshdan – 8, Kasbidan – 6, Fazlidan – 3, G‘ubaydiyda (G‘ubdin), Ustug‘dodiza, Koson, Tadyona (Fudina) qishloqlaridan 1 nafardan, jami 85 nafar fozil zotlar haqida muhim ma’lumotlarni bayon etgan[22].

Bundan tashqari, Hofiziddin Abul Barakot Abdulloh ibn Ahmad ibn Mahmud an-Nasafiy (1310 yili Bag‘dodda vafot etgan) ham  zamonasining mashhur imomi, fiqh ilmi bilimdoni, atoqli muhaddis sifatida tanilgan bo‘lsa, Shamsiddin So‘zaniy, Muayididdin Nasafiy, Ziyouddin Nasafiy, Sayido Nasafiy, Lomei Nasafiy, Nasim Mahram, Dastur Nasafiy, Tohira Nasafiy singari shoirlarning asarlari adabiy davralarda keng e’tibor topgan.

Kezi kelganda, YuNESKO Bosh anjumanining 2017 yil 30 oktyabr – 14 noyabr kunlari bo‘lib o‘tgan 39-sessiyasi qarori bilan tasdiqlangan YuNESKO ishtirokida 2018–2019 yillarda nishonlanadigan qutlug‘ sanalar qatorida shoir Mirobid Sayido Nasafiy (1618–1707) tavalludining 400 yilligini nishonlash ko‘zda tutilganini ta’kidlash maqsadga muvofiq[23]. Asosan forsiy tilda ijod qilgan Sayido Nasafiy o‘zidan boy adabiy meros qoldirgan bo‘lib, uning lirik va epik asarlari – g‘azal, ruboiy, qit’a, masnaviy kabi mumtoz janrlarda bitilgan asarlari hajmi 18 ming misradan ortiqdir.

Abu Turob Naxshabiy, Qusam Shayx, Bahouddin Qishloqiy singari tasavvuf shayxlari faoliyati ham Qarshi shahri va uning atroflarida kechgani diqqatni tortadi. Masalan, 806 yili Naxshab shahrida tug‘ilgan va umri davomida 40 marotaba haj ziyoratiga piyoda borganligi uchun Sharqda sabr-bardoshning yuksak timsoliga aylangan Abu Turob Naxshabiyning nomi Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonida hamda Fariduddin Attorning “Tazkirat ul-avliyo” asarida ehtirom bilan tilga olingan.

Qusam Shayx va Bahouddin Qishloqiy esa Bahouddin Naqshbandning ilk ustozlari sifatida tarixda qolgan. Qusam Shayx hayotining Nasaf bilan bog‘liqligi xususida so‘z borganda, ayni paytda Fudina qishlog‘ida[24] mangu orom topgan bu zot Xoja Ahmad Yassaviyning shu yurtda yashab qolgan evaralaridan biri ekanini qayd etish lozim, deb hisoblaymiz[25].

E’tibor berilsa, Nasafiy nisbasini olgan allomalarning bir qismi aynan Nasaf shahrida, boshqa birlari esa Nasafga yaqin joylashgan qishloqlarda tavallud topganiga amin bo‘lish mumkin. Zotan, Qashqadaryoda Ikkinchi jahon urushidan to bugungi kungacha 120 dan ziyod qadimgi va o‘rta asr shaharlari, qishloq va qal’alari tadqiq qilingani, ayniqsa, mustaqillik yillarida Qarshi shahrining uchta qadimiy o‘rni bo‘lmish Yerqo‘rg‘on, Qal’ai Zahhoki Moron va Shulluktepa, shuningdek, Ko‘hna Fazli, Uzunqir, Sangirtepa kabi yodgorliklar o‘rganilib, vohaning bir necha ming yillik tarixi qayta tiklangani buni yana bir bor ilmiy asosda isbotlab berdi.

Shu nuqtai nazardan, bugungi kunda viloyat markazida “Nasafiy va Keshiylar merosini o‘rganish ilmiy markazi” faoliyat yuritayotgani e’tiborga loyiq. Bunday tashabbuslar, eng avvalo, yoshlarimizda el-yurtimiz tarixiga qiziqish uyg‘otibgina qolmay, ayni chog‘da, ulug‘ ajdodlarimizga nisbatan hurmat-ehtirom tuyg‘ularini rivojlantirishga xizmat qilishi bilan nihoyatda muhimdir.

Yana bir muhim dalil – bugungi kunda Qarshi xattotlik maktabi vakillari, xususan, Muhammad an-Nasafiy, Muhammad Said Nasafiy, Iskandar Nasafiy, Mirzo Isomiddin Nasafiy, Mirzo Abdulqodir Nasafiy kabi mohir xattotlar qo‘li bilan bitilgan ko‘plab asarlar dunyodagi turli davlatlarning qo‘lyozma xazinalarida saqlanmoqda.

Nasaflik nomdor me’mor Ali Nasafiy chizgan tarh negizida 1370 – 1380 yillarda Shohi Zinda me’moriy majmuasidagi maqbaralardan biri tiklangan bo‘lsa,  XV asr oxiri – XVI asr boshlarida yashagan hofiz va bastakor Mahmud Nasafiy muayyan muddat Temuriylar saroyidagi san’atkorlar guruhida xizmat qilgan. Xususan, “Isfahon”, “Husayniy”,  “Iroq” maqomlarida bir necha “Naqsh”, “Amal” va “Savt” yaratgan ushbu bastakorning “Naqshi Mahmudiy” ohangi mashhur musiqiy asarlardan hisoblanadi.

Chindan ham, O‘rta asrlarda Nasaf va Keshning nomdor farzandlari nafaqat shariat va fiqh, adabiyot va ilm-fan, musiqa, me’morchilik va xattotlik sohalarida dovruq qozongan, ayni chog‘da ular Amir Temur saltanatining tayanchi va suyanchi, Sohibqiron shonli qo‘shinining o‘zagini ham tashkil etgan. Bunga bir yaqqol misol keltiramiz.

Tarixiy manbalarda yozilishicha, 1402 yilning 28 iyulida Anqara shahri yaqinidagi Chubuq vodiysida Amir Temur bilan Usmonlilar sultoni Boyazid Yildirim askarlari o‘rtasida kechgan va Sohibqiron g‘alabasi bilan yakun topgan jangga guvoh bo‘lganlar orasida Kastiliya va Leon qiroli Don Enrike III tomonidan Amir Temur huzuriga yo‘llangan elchilar – Payo de Soto Mayor va Ernan Sanches de Palasuelos ham bo‘lgan. Jangdan so‘ng Turkiston amiri elchilarni qabul qilgan, ulardan ispanlar davlati va qirolning hol-ahvoli haqida surishtirgan, ziyofatlarga taklif etib, ko‘p hadyalar bergan[26].

Elchilarning qaytish payti kelganida Sohibqiron ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ular bilan birga qobiliyatli beklardan Muhammad Keshiyni ham maktub va sovg‘alar bilan Kastiliyaga elchi qilib jo‘natgan. Keshiy u yerga eson-omon yetib borib, maktub va sovg‘alarni Qirol Don Enrike III ga topshirgan.

Shu o‘rinda Amir Temur elchisining shaxsi haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Uning nomi ba’zi bir manbalarda “Muhammad qozi”, “Muhammad al-qozi”, keyingi, yangi tadqiqotlarda esa “Muhammad Keshiy”, “Muhammad al-Keshiy” tarzida keltirilgan. Ma’lumki, Amir Temur Nasaf va Kesh olimlari, diniy va dunyoviy ilmlardan xabardor, xorijiy tillarni biladigan qobiliyatli shaxslarni o‘z saroyiga ishga jalb etgan. Ular turli lavozimlar qatori elchilik vazifasini ham ado etishgan. Masalan, Muhammad Keshiy Sohibqironning elchisi sifatida ma’lum muddat Ispaniyada yashab kelgan bo‘lsa, Mavlono Abdulloh Keshiy[27] Amir Temur tomonidan Misr sultoni Farajga elchi qilib yuborilgan.

“Kesh” so‘zining “qoz”ga aylanib qolishi masalasini Yevropa tillarining o‘ziga xos talaffuz talabi bilan ham izohlash o‘rinlidir. Masalan, hatto Rui Gonsales de Klavixoning o‘zi ham ba’zan tarixiy atoqli nomlarni va joylar nomini turlicha ishlatgan. U To‘xtamish nomini bir o‘rinda – Totamix, boshqa joyda – Keramix, yana bir o‘rinda – Tetanis desa, Tabriz shahri nomini esa Toris, Turis, Tauris qabilida turlicha shakllarda qo‘llagan.

Amir Temur, odatda, Yevropa mamlakatlariga masihiylik dini peshvolarini elchi qilib yuborgan. Frantsisko, Frantsisko Sadru, Sultoniya shahri arxiyepiskopi Ioann ana shunday vazifalarni ado etganlar. Misol uchun, 1402 yilda Ioann Frantsiya va Angliya qirollariga Sohibqironning xatlarini olib borgan. Musulmon diplomatlardan faqat Muhammad Keshiygina Yevropaga borishga muyassar bo‘lgan. Bu ham uning qobiliyatidan, bir necha tillarni, ehtimol, Yevropa tillaridan birini bilganligidan dalolat beradi.

O‘sha davrda Amir Temurning shuhrati butun Yevropaga tarqalgan. Shu sababli Muhammad Keshiy Kastiliya Qiroli Don Enrike III huzurida katta hurmat-e’tibor bilan kutib olingan. U Qirol saroyidagi va yirik zodagonlar qasridagi qabullarda ishtirok etgan. Qirol unga Rui Gonsales de Klavixo boshchiligidagi o‘z elchilarini qo‘shib, hurmat-ehtirom bilan Samarqandga kuzatib qo‘ygan.

Shu tariqa 1403 yili ispan elchisi Klavixo bilan birga yurtga qaytgan Muhammad Keshiy uzoq va mashaqqatli yo‘l bosib, 1404 yilning avgust oyi oxirlarida Samarqandga yetib kelgan. Sohibqiron Kastiliya elchilarini o‘sha yili 8 sentyabr kuni Samarqand tashqarisidagi Dilkusho bog‘ida qabul qilgan. Shu elchilar orasida Muhammad Keshiy ham bo‘lgan, deb guvohlik beradi tarixiy manbalar. “Ular bilan yana Temurbek tomonidan Ispaniyaga yuborilgan elchi ham bor bo‘lib, uning ustidan u yerdagilar kulishar, chunki elchi kastilcha, ya’ni ispancha kiyimlarni kiyib olgan edi”[28], deb yozgan Klavixo.

Bu ishonchli ma’lumotlar, shubhasiz, olis tarixda Kesh ham Nasaf kabi yirik madaniyat markazlaridan bo‘lganini ko‘rsatadi. Sharafuddin Ali Yazdiy “Zafarnoma” asarida Kesh shahrilik uch nafar ulug‘ muhaddis va imom – Abu Muhammad (Abdulloh ibn Abdulhamid ibn) Nasr (Ibn Humayd) al-Kashshiy, (Abu Muhammad) Abdulloh ibn Abdurahmon ad-Doramiy as-Samarqandiy va Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (r.a.) nomlarini tilga olgan. Mashhur tarixchining fikricha, o‘sha vaqtda diniy masalalar yechimini o‘rganish uchun olam ahli Keshga yog‘ilib kelavergani tufayli bu shahar “Qubbatul ilm va adab” degan nom bilan bashariyat nazariga tushgan.

Turkiyadagi Sulaymoniya kutubxonasida yana bir keshlik alloma – Ahmad ibn Muso al-Keshiy qalamiga mansub “Majmu’ ul-havodis va-n navozil” asari saqlanmoqda. Bu kitob 1155 yilda yozilgan bo‘lib, hozirgi kunga qadar atroflicha o‘rganilmagan[29].

O‘rta asrlarda Keshda Shamsiddin Kulol al-Keshiy, Hazrati Bashir, Mavlono Xojagiy Imkanagiy singari aziz avliyolar va mashhur tasavvuf shayxlari, Abd ibn Yahyo Kissiy (Keshiy), Abdulloh ibn Ali ibn Ahmad ibn Amiyrak Kissiy, Abdulloh ibn Hasan Kissiy, Abdurahmon ibn Muhammad Keshiy, Abu Ahmad Iso ibn Junayd an-Nahviy al-Adiyb al-Kissiy, Abu Ibrohim Ishoq ibn Ibrohim al-Bob al-Keshiy al-Samarqandiy, Abu Bakr Muhammad ibn Umar ibn Mansur Keshiy kabi qirqqa yaqin muhaddis va allomalar, Xo‘ja Abulbaraka Firoqiy, Ayyub Shahrisabziy, Lozimiy Keshiy, Najmi Keshiy, Hakim Shahrisabziy kabi shoirlar, o‘nlab mohir xattotlar yashab-ijod qilgan[30].

Qashqadaryo tuprog‘idagi Xo‘ja ibn al-Jarroh, Solmoni Pok, Xo‘ja Shamsiddin Kulol, Hazrati Bashir, Hazrati Sulton, Sulton Mirhaydar, Langar ota kabi o‘nlab ziyoratggoh va muqaddas qadamjolarni xalq ixlos bilan tavof etadi. O‘z nav­batida, bu muborak yurt zaminida kamol topgan shunday ulug‘ ajdodlarimizning tarixini, faoliyatini, ma’naviyatimiz xazinasiga qo‘shgan hissasini har tomonlama o‘rganish, targ‘ibu tashviq qilish har birimizning zimmamizga katta mas’uliyat yuklaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, mustaqillik yillarida biz farzandlarimizni dunyoviy bilimlar bilan bir qatorda Imom Buxoriy to‘plagan hadislar, Naqshbandiya ta’limoti, Termiziy o‘gitlari, Yassaviy hikmatlari, Imom Moturidiy va Imom Abu Muin Nasafiy aqoidlari asosida tarbiya qilayotganimiz bejiz emas. Binobarin, ma’naviy hayotimizni, shu jumladan, ma’rifiy islom, ta’bir joiz bo‘lsa, ma’rifiy tasavvufni mana shu ulug‘ allomalarimiz, piri komil ajdodlarimizning nomlari bilan bog‘laymiz.

Zero, Movarounnahr yoxud Markaziy Osiyo mintaqasi musulmonlari islom dini kirib kelgan vaqtdan boshlab Imomi A’zam (hanafiy) mazhabi ko‘rsatmalariga rioya qilib kelganlar. O‘tgan ulamolarimizning deyarli hammasi shu mazhab asosida asarlar bitib qoldirganlar. Xalqimiz ham shu mazhab yo‘l-yo‘riqlariga amal qiladi. Binobarin, o‘z mazhabini mahkam tutgan har qanday musulmon boshqa mazhablarga nisbatan ham izzat-ikrom ruhida bo‘lishi lozim. Ammo aqidaviy masalalarda faqat “Ahli Sunna val-Jamoa” e’tiqodi to‘g‘ri, boshqa firqa va oqimlar e’tiqodi botil, deb bilishlari zarur.

Hozirgi vaqtda butun bashariyat globallashuv zamonida, g‘oyalar kurashi o‘ta faollashgan, ba’zi ekstremistik kuchlar islom dinini o‘zlariga niqob qilib olib, g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan davrda yashamoqda. Bu qaltis va murakkab vaziyatda birinchi navbatdagi vazifa shuki, musulmonlarning o‘zi aqidaparastlikdan xalos bo‘lmoqliklari shart. Aks holda, dunyo miqyosida tinchlik va barqarorlikka erishish nihoyatda mushkuldir.

Globallashuv asrida jahonda tinchlik o‘rnatishning eng muhim tamoyillaridan biri diniy bag‘rikenglik hisoblanadi. Bu, o‘z navbatida, har bir insondan e’tiqodida mustahkam bo‘lgan holda boshqa dinlar, boshqa e’tiqod va an’analarni ham o‘rganishni taqozo etadi.

Aslida aqidaparastlik deyarli barcha diniy e’tiqodlarda mavjud ekani sir emas. Shu nuqtai nazardan, inson ongi va qalbi uchun kurash keskin tus olayotgan bir paytda dindan g‘arazli maqsadlarda foydalanayotgan turli oqimlar faoliyatiga munosib baho berish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir.

Prezidentimiz Parlamentga taqdim etgan Murojaatnomasida hozirgi kunda O‘zbekiston kitob fondlarida 100 mingdan ziyod qo‘lyozma asarlar saqlanayotganini aytib o‘tdi. Ammo bu nodir kitoblar hali to‘liq o‘rganilmagan, ular olimlar va o‘z o‘quvchilarini kutib turibdi.

Davlatimiz rahbari juda asosli ravishda uqtirganidek, ushbu noyob asarlarda bugungi davr o‘rtaga qo‘yayotgan juda ko‘p dolzarb muammolarga javob topish mumkin. Zero, ulug‘ ajdodlarimiz asarlaridagi islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib beradigan, barcha odamlarni ezgulik, mehr-oqibat va hamjihatlik yo‘lida birlashishga da’vat etadigan teran ma’noli fikr va g‘oyalar bugun ham o‘z qimmati va ahamiyatini yo‘qotgan emas.

Afsuski, biz ana shunday noyob meros vorislari, shunday boylik egalari bo‘laturib, ularni har tomonlama o‘qish-o‘rganish, xalqimiz, avvalo, unib-o‘sib kelayotgan yoshlarimizga, jahon hamjamiyatiga yetkazish bo‘yicha haliga qadar yetarli ish qilmadik. Holbuki, diniy jaholatga, zararli oqimlarga qarshi ma’rifat bilan kurashish kerakligi haqida ko‘p gapiramiz. Lekin ma’rifat, ma’rifiy bilimlar, islom huquqi bo‘yicha keng tushunchalar, avvalo, ota-bobolarimiz bizga qoldirib ketgan mana shunday mo‘tabar kitoblaridadir.

Ushbu muammoning negiziga nazar tashlaydigan bo‘lsak, O‘zbekiston kitob fondlarida mavjud qo‘lyozma asarlarning atigi 15 mingtasi kataloglashtirilgani, ammo shu ozgina qism qo‘lyozmalar ham hatto raqamlashtirilmagani, ya’ni elektron shakl­lari yaratilmagani bu boradagi ahvolni aniq-tiniq ko‘rsatib turibdi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston hududida islom tsivilizatsiyasi erishgan yutuqlar va bu boradagi boy ma’naviy merosimizni tizimli asosda chuqur o‘rganish va har tomonlama ilmiy-amaliy tahlil qilishni ta’minlash maqsadida ushbu yo‘nalishdagi ilmiy va diniy asarlarning yagona katalogini tuzish maqbul ish bo‘lar edi.

Bo‘lajak katalogdan milliy va xorijiy kutubxonalarda saqlanayotgan turli to‘plamlar, jumladan, litografik va qo‘lyozma manbalar, tarixiy hujjatlar, arxeologik topilmalar, yodgorliklar va osori atiqalar kabi ma’rifiy islom g‘oyalarini targ‘ib etishga qaratilgan barcha tarixiy manbalar joy olishi maqsadga muvofiq, deb o‘ylayman.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 1-son

_________________

[1]1 Qarang: Buyuk allomalarimiz. – T.: “Toshkent islom universiteti”, 2002. – 47-bet;  U. Uvatov. Nasaflik allomalarning xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalari haqida / Nasaflik allomalarning jahon madaniyatida tutgan o‘rni: ilmiy-nazariy konferentsiya materiallari. – Qarshi, 2008. – 8-bet; Sh. Sharapov, I. Xoliyorov. Yodgorliklarga boy go‘sha. – T.: “Voris-nashriyot”, 2016. – 76-bet; Sh. Sharapov, I. Xoliyorov. Ishoq buva ziyoratgohi. – T.: “Voris-nashriyot”, 2016. – 21-bet. Ayni mavzuda alohida tadqiqotlar olib borgan Nosir Muhammad “Nasaf va Kesh allomalari” tazkirasida  (Toshkent, 2006, 2-nashr) va “Sirli zarvaraqlar” to‘plamida (Toshkent, 2016) Abu Muin Nasafiy tug‘ilgan sanani “1037 yil” deb ko‘rsatgan bo‘lsa, Toshkent islom universiteti tadqiqotchisi S. Oqilov “Nasaflik allomalarning jahon madaniyatida tutgan o‘rni” to‘plamidagi maqolasida (Toshkent, 2016, 10-bet)  ushbu sanani “417/1024 yil”, deya qayd etgan. – A. S.

[2] Odamlar yaxshi yashashi uchun zarur sharoitlar yaratish – barcha rahbarlarning asosiy vazifasidir // Xalq so‘zi, 2017 yil 28 fevral.

[3] Vatanimiz taqdiri va kelajagi yo‘lida yanada hamjihat bo‘lib, qat’iyat bilan harakat qilaylik // Xalq so‘zi, 2017 yil 16 iyun.

[4] O‘sha joyda.

[5] O‘sha joyda.

[6] Aqoid (arabcha: “aqd” – bir narsani ikkinchisiga mahkam bog‘lash; birlikda – aqida) – balog‘atga yetgan kishi e’tiqod qilishi, imon keltirishi, islom dinining zaruratlari shaklida tasdiq qilishi, qalbiga mahkam bog‘lab olib undan ajralishi mumkin bo‘lmagan shar’iy e’tiqodiy hukmlar.

[7] Muhammad, Nosir. Sirli zarvaraqlar: tarixiy etyudlar. – T.: “O‘zbekiston” NMIU, 2016. – 64-bet.

[8] Hoji Xalifa. Kashf az zunun. II jild. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, №5978 (Arab tilida). – 114-varaq.

[9] Oqilov S. “Sohib at-Tabsira” – Abul Mu’in an-Nasafiy / Nasaflik allomalarning jahon madaniyatida tutgan o‘rni: ilmiy-nazariy konferentsiya materiallari, 11-bet.

[10] Uvatov U. Nasaflik allomalarning xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan qo‘lyozmalari haqida / Nasaflik alloma­larning jahon madaniyatida tutgan o‘rni: ilmiy-nazariy konferentsiya materiallari. – Qarshi, 2008. – 8-bet.

[11] Jumanazar, Abdusattor. Nasaf. – T.: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007. – 47-bet.

[12] Imom Abu Muin Nasafiy // Islom nuri, 2017 yil 15 dekabr.

[13] Ta’vil (arabcha: izohlash, asl ma’nosiga qaytarish) – ayrim murakkab oyatlar mazmunini o‘z bilimi doirasida izohlash. Bu so‘z keyingi paytda tafsirlash, sharhlash kabi ma’nolarda ham ishlatilmoqda. Qur’oni Karimda o‘nlab “mutashobih” (ishtibohli, ya’ni asl ma’nosi bandasiga noma’lum murakkab oyatlar) va “muqattaot” deb nomlanuvchi oyat va iboralar borki, ularning tub ma’nolarini Olloh taolodan o‘zga hech kim aniq bilmaydi (Oli Imron surasining 7-oyatiga qarang). Hanafiy-moturudiy mazhabi bo‘yicha bu kabi oyatlarni ta’vil qilish, sharhlash yoki izohlash shakkoklik hisoblanadi.

[14] Imom Abu Muin Nasafiy // Islom nuri, 2017 yil 15 dekabr.

[15] Muhammad, Nosir. Sirli zarvaraqlar: tarixiy etyudlar. – T.: “O‘zbekiston” NMIU, 2016. – 64-bet.

[16] Muhammad, Nosir. Nasaf va Kesh allomalari (IX–XX asrlar): tazkira. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2006. – 31–32-betlar.

[17] Buyuk allomalarimiz. – T.: “Toshkent islom universiteti”, 2002. – 47–48-betlar.

[18] Muhammad, Nosir. Nasaf va Kesh allomalari (IX–XX asrlar): tazkira. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2006. – 12-bet.

[19] A. Saidov. Movarounnahr fiqh maktabi an’analari // Toshkent oqshomi, 1997, 7 noyabr; A. Saidov, S. Ishoqov. Movarounnahr faqihlari: Hofiziddin Nasafiy // Mahalla, 2001, 3 yanvar

[20] A. Saidov. Burhoniddin Marg‘inoniy – buyuk huquqshunos. – Toshkent, 1998.

[21] Muhammad, Nosir. Sirli zarvaraqlar: tarixiy etyudlar. – T.: O‘zbekiston” NMIU, 2016. – 64-bet.

[22] Ravshanova G., Ravshanov P. Moziy sabog‘i: tadqiqot. – T.: “Yangi asr avlodi” NMIU, 2009. – 63-bet.

[23] Qarang: Resheniya 201 YeX/26 i 202 YeX/36: Predlojeniya gosudarstv-chlenov o prazdnovanii pamyatnыx dat v meropriyatiyax po sluchayu kotorыx YuNESKO mogla bы prinyat uchastiye v 2018–2019 g.g. / YuNESKO. Generalnaya konferentsiya. 39-ya sessiya, Parij, 2017 g. // 39 S/15. Punkt 4.1 predvaritelnoy povestki dnya; 24 oktyabrya 2017 g. Original: frantsuzskiy.

[24] Fudina qishlog‘i – Buyuk ipak yo‘li bo‘yida, Qarshi shahridan Koson tumaniga boradigan yo‘lning taxminan 15-kilometrida joylashgan. Asrlar mobaynida qishloqning nomi Tadiyona, Pidina, Fudina, Pudina shaklida o‘zgargan. Bu yerda Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng qadimiy yodgorliklardan biri – Qusam ota tarixiy-me’moriy majmuasi mavjud (IX–XIX asarlar). IX asrda Fudina va unga yaqin Balad (arabcha – shahar degan ma’noda, hozirgi Po‘loti) qishloqlariga ulug‘ hadisshunos olim Imom Buxoriy tashrif buyurgach, har ikki qishloqda ham hadisshunoslik maktablari faoliyat ko‘rsata boshlagan. Fudina qishlog‘ida Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Mirzo Bobur va boshqa mashhur zotlar to‘xtab o‘tgani haqida naqllar bor.

[25] Qarang: Akmal Saidov. Hazrat Zangi ota. – T.: “Sharq” NMAK, 2015. – 147-bet; Istam Usmonov, Nomoz Ahmedov, Nasriddin Eshpo‘latov. Shayx Qusam ota yoxud Bahouddin Naqshbandning ustozi haqida. – Qarshi: “Nasaf”, 2001. – 32-bet; Sharofat Ashurova. Qusam Shayx: roman; Qurbonoy Ahmedova. Ajdodlar yodi: tadqiqot. – Qarshi: “Nasaf”, 2005. – 384-bet.

[26] Lyusen Keren, Akmal Saidov. Amir Temur va Frantsiya: To‘ldirilgan va qayta ishlangan nashri. – T.: “Adolat”, 2016. – 175-bet.

[27] Mavlono Abdulloh Keshiy – Amir Temurning Misrga yuborgan elchisi. Amir Temur bilan dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan Misr sultoni Barquq to‘satdan vafot etgach Misr taxtiga Sulton Faraj o‘tiradi. U Amir Temurning talablarini qabul qilib, o‘zini Amir Temurning vassali deb tan oladi va ikki o‘rtada sulh tuziladi. Ushbu sulhning imzolanishini Amir Temur tomonidan Abdulloh Keshiy elchi sifatida nazorat qiladi. Qarang: N. Muhammad. Nasaf va Kesh allomalari. – T.: G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU, 2006. – 103-104-betlar.

[28] Rui Gonsales de Klavixo. Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat kundaligi (1403–1406 yillar) / mas’ul muharrir: Muhammad Ali; so‘zboshi va izohlar muallifi M. Safarov; tarjimon O. Tog‘ayev. – T.: “O‘zbekiston” NMIU, 2010. – 110-bet.

[29] Muhammad, Nosir. Sirli zarvaraqlar: tarixiy etyudlar. – T.: “O‘zbekiston”, 2016. – 83-bet.

[30] Qarang: Umarov Sh. O‘rta asrlarda yashagan keshlik allomalar. – Samarqand: Imom Buxoriy xalqaro markazi, 2014. – 92-93–betlar; Muhammad, Nosir. Sirli zarvaraqlar: tarixiy etyudlar. – T.: “O‘zbekiston” NMIU, 2016. – 84–85-betlar.