AQShda Islom: kecha va bugun

Ilk musulmonlar

Ba’zi olimlarning ta’kidlashlaricha, Amerika qit’asiga Kolumbdan bir necha yillar oldin andalusiyalik musulmonlar tashrif buyurganlar.
AQShdagi fuqarolar urushida qahramonlik ko‘rsatgan Petr Salim ham musulmonlardan edi. AQShni mustaqil respublika sifatida tan olgan ilk davlat ham Marokash Sultonligi edi (1777). 1805 yilning 9 dekabrida prezident Tomas Jefferson Oq Uyda Tunis elchisi Said Sulaymon sharafiga iftor uyushtirgan.

AQShga musulmonlar oqimining dastlabki to‘lqini 1820-1851 yillar orasida yetib kelgan. Bu paytda qora tanli kishilarni qul sifatida Afrika qit’asidan okean ortiga olib borishgan.
AQShda birinchi masjid va islomiy tashkilot 1913 yili Nyu-Jersida ochilgan. Masjidlar qurish va boshqa shunga o‘xshash ishlarni musulmonlar o‘z tashabbus va mablag‘lari hisobiga amalga oshirganlar.

Turk muhojiri Nyu-Yorkda (1912 yil)

Turk muhojiri Nyu-Yorkda (1912 yil)

Birinchi jahon urushidan so‘ng Suriya, Falastin, Iordaniya va Livan davlatlari aholisi ham AQShga yo‘l olganlar. Ular sanoatlashgan shtatlar markazlarida o‘zlarining jamoatlarini tashkil etganlar.
1947-1960 yillar orasida AQShga kelgan musulmonlar orasida Yaqin Sharq aholisidan tashqari Hindiston, Pokiston, Sharqiy Yevropa va sobiq Sovet Ittifoqidan kelganlar ham ko‘pchilikni tashkil etgan.
Musulmon emigratsiyasining uchinchi fasli – 1967 yildan keyingi davrda Pokiston, Arab davlatlari va Erondan immigrantlar oqimi AQShga ko‘chib keldi. Ularning aksariyati, avvalgilaridan farq qilgan holda, o‘qimishli yoki biror bir hunar sohibi bo‘lgan. Uchinchi davr musulmon immigrantlarining ko‘pchiligi Yaman, Misr, Turkiya, Markaziy Osiyo, Kuvayt, Saudiya Arabistoni, Iroq, Afg‘oniston fuqarolari edi.
So‘nggi yillarda dunyo sahnasida yuz bergan geosiyosiy o‘zgarishlar (arab-isroil urushi, Iroq va Afg‘onistondagi harbiy harakatlar) oqibatida bir qancha insonlar o‘z yurtlarini tashlab okean ortini ixtiyor etishdi.
2005 yili 96000 ga yaqin musulmon davlatlaridan kelganlar AQSh fuqaroligini olgan bo‘lsalar, 2009 yili 115000 musulmon Qo‘shma shtatlar fuqarosi bo‘ldi. 1820-1997 yillar davomida 3,3 million musulmon davlatlaridan kelganlar “Sehrli diyor”ga ko‘chib o‘tdilar.

AQShdagi o‘zbek musulmonlari

Turkiston–Amerika Assotsiatsiyasining prezidenti Abdulloh Xo‘janing ma’lumotlariga ko‘ra, AQShda bugungi kunda 20 mingdan ortiq etnik amerikalik o‘zbeklar istiqomat qilishadi. Ularning aksariyati bundan 30-40 yil ilgari Osiyo va Yevropadan ko‘chib o‘tishgan.
Ikkinchi jahon urushidan so‘ng Yevropada ma’lum sabablarga ko‘ra qolishga majbur bo‘lgan o‘zbeklar 40-yillar oxiri va 50-yillarida Amerikaga kelgan dastlabki o‘zbeklar guruhini tashkil qilishdi. Birinchi o‘zbeklar orasida ko‘proq ziyoli, o‘qimishli, intellektual qobiliyati yuqori kishilar bo‘lgan. Ular asosan o‘quv yurtlarida, universitetlarda va xalqaro ommaviy axborot vositalari tizimida faoliyat yurgizishgan.
1960 yildan boshlab Turkiyadagi o‘zbeklar ham Amerikaga ko‘chib o‘ta boshladilar va AQShdagi emigrant o‘zbeklarning asosiy qismini tashkil qilishdi.
1979 yili sovet armiyasi kuchlari Afg‘onistonga bostirib kirishi oqibatida ko‘p o‘zbeklar Afg‘onistondagi yashab turgan joylarini tashlab AQShga ko‘chib o‘tishlariga majbur bo‘ldilar.

Nyu-Yorkda O‘zbekiston Mustaqilligi tantanalari (1991 yil)

Nyu-Yorkda O‘zbekiston Mustaqilligi tantanalari (1991 yil)

O‘zbekiston 1991 yili mustaqillikka erishganidan so‘ng AQShga o‘zbeklarning ko‘chib o‘tishi ancha yengillashdi. Grin Kard lotereyasi bo‘yicha 1992 yildan boshlab har yili minglab oilalar AQShda yashab, ishlash uchun ko‘chmoqda.
O‘zbekistondan 2007 yili 910 kishi Grin Kard asosida viza olgan bo‘lsa, bu raqam 2008 yili 2100 ga, 2009 yili 2200 ga, 2010 yili 3200 ga, 2011 yili 3079 ga yetgan.

11 sentyabrdan so‘ng…

Ommaviy axborot vositalari tomonidan tarqatilgan noxolis informatsiyalar tufayli AQSh musulmonlari uchun 11 sentyabr voqealaridan keyingi davr oson kechmadi. Voqealar ortida Usama bin Lodin va “Al-Qoida” guruhi turganligi e’lon qilingach, shu paytgacha Islom dini haqida kengroq ma’lumotga ega bo‘lmagan AQSh ommasida turli xil norozilik, ayrim hollarda ekstremistik kayfiyat tug‘ildi. AQSh adliya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, 11 sentyabr voqealaridan so‘ng Yaqin Sharq va Janubiy Osiyodan kelgan musulmonlarga nisbatan 20 marta diskriminatsiya va zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan.
Hozirgacha AQShdagi boshqa din va millat vakillari Islom dini haqida kam ma’lumot bilishadi. Garchi bu borada musulmon tashkilotlari va alohida dindorlar tomonidan qator tadbirlar — uchrashuvlar, diniy bag‘rikenglik kechalari va boshqa yig‘inlar uyushtirilayotgan bo‘lsa-da, islomga qarshi qarashlar ba’zida uchrab turadi.
11 sentyabr voqealaridan so‘ng aholining Islomga qiziqishi ortdi. Terrorizm illatining muqaddas Islom diniga hech qanday aloqasi yo‘qligiga tushunib yetgan minglab amerikaliklar musulmonlikni ixtiyor etmoqdalar. Birgina 2005 yilning o‘zida AQShda 20000 dan ortiq fuqaro Islom dinini qabul qildi. Bu raqam yildan-yilga o‘sib bormoqda.
2010 yili aynan 11 sentyabr teraktlari amalga oshirilgan joyda «Ground Zero» masjidining qurilishi rejasi ko‘pchilikda norozilik uyg‘otgan bo‘lsa-da, prezident  Barak Obama qo‘llab-quvvatlovi va Nyu-York shahri hokimligi ruxsati bilan jome’ masjidi va islomiy markaz qurilishi boshlandi.

Kapitoliy binosi oldida Juma namozi ado etilmoqda (2010 yil)

Kapitoliy binosi oldida Juma namozi ado etilmoqda (2010 yil)

Har yili ramazon oyida Oq Uyda musulmonlar uchun katta iftorlik o‘tkazilib, unda mamlakat prezidenti ham ishtirok etadi. 2010 yilning 25 sentyabr va 15 oktyabrida Oq Uydagi Amerika prezidentlari qasamyod qiladigan yashil maydonda juma namozi ado etildi.

Amerika musulmonlari soni qancha?

AQSh musulmonlarining aniq soni haqida rasmiy axborot mavjud emas. Qo‘shma shtatlar qonunchiligiga ko‘ra, har 10 yilda o‘tkaziladigan aholi ro‘yxatida fuqarolarning diniy mansubligi qayd etilmaydi.
The American Religious Identification Survey tomonidan 2001 yili Nyu-York universiteti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, AQShda musulmonlar soni 1,8 million, Chikago universiteti ekspertlariga ko‘ra, 2,8 million, Xartford universiteti ekspertlariga ko‘ra 2 million,  deb baholangan. 2010 yili Pew Research Center o‘tkazgan tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, AQSh musulmonlari soni 2,6 milliondir (umumiy aholining 0,8 %i).
Britanika qomusi Yil kitobida yozilishicha, 2005 yil o‘rtalarida AQSh musulmonlari 4,7 million (umumiy aholining 1,5 %i) edi. Ularning 1,7 millioni nafari Afrikadan kelib qolgan musulmonlardan iborat. AQShda 1990-1995 yillar orasida har yili kelib chiqishi afrikalik bo‘lgan fuqarolarning o‘rtacha 17 500 nafari Islomni qabul qilgan.

AQSh musulmonlarining hududlar bo‘yicha taqsimoti (2010 yil)

AQSh musulmonlarining hududlar bo‘yicha taqsimoti (2010 yil)

Amerika-Islom aloqalari Kengashi (The Council on American-Islamic Relations (CAIR)ning hisob-kitoblariga qaraganda, mamlakatda yashovchi musulmonlar soni 7 milliondan (umumiy aholining 2,1 %i) kam emas. Amerika Oliy Islom Kengashi (Islamic Supreme Council of America) ma’lumotlariga ko‘ra AQShda 15 millionga yaqin musulmonlar istiqomat qiladi.
AQSh davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra musulmonlarining etnohududiy kelib chiqishi bo‘yicha 26% — arablar, 34,% — janubiy osiyoliklar, 25,% — afro-amerikaliklar, 15% — boshqa millatlardir.
Islom AQShda eng rivojlanayotgan dindir. Kentukki universiteti professori  Ixsan Bagbi 2001 yili o‘tkazgan tadqiqotlarga ko‘ra, Islomni qabul qilayotganlarning 64%ini  afro-amerikaliklar, 27%ini oq tanlilar, 6%ini ispanlar, 3%ini boshqa millat vakillari tashkil etmoqda.

Amerika masjidlari

Amerika-Islom aloqalari Kengashining hisob-kitoblariga qaraganda, AQShda 2000 yilda masjidlar soni 1209 ta, 2010 yilda 1897 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2011 yili ularning soni 2106 taga yetgan. Masjidlar eng ko‘p joylashgan hududlar bo‘yicha Nyu-York shtati yetakchilik qilmoqda. Ushbu shtatda 257 ta masjid o‘rin olgan. Kaliforniya shtatida 246 ta, Texasda 166 ta, Floridada 118 ta, Illinoysda 109 ta, Nyu-Djersida 109 ta masjid mavjud. Shuningdek mamlakatda 550 dan ortiq musulmon maktablari faoliyat yuritmoqda.
AQSh musulmonlari sunniylikning 4 mazhabiga, shuningdek shia mazhabiga ko‘ra ibodat qiladilar. Bemazhablari ham bor.

Amerika Islom markazi, Dirbon, Michigan

Amerika Islom markazi, Dirbon, Michigan

Amerikalik mashhur musulmonlar

Biznes ahlidan: Muhammad al-Arian (PIMCO kompaniyasi bosh ijrochi direktori), Fuad al-Hibri (Emergent BioSolutions bosh direktori), Jovid Karim (Youtube muassislaridan biri), Shahid Xon (Jeksonvil Yaguars (NFL) va Angliya primer-ligasining Fulxem jamoalari egasi).
Can’at ahlidan: Mustafo Aqqod (“Risolat” va “Sahro arsloni” filmlari rejissyori), Aziz Ansoriy (aktyor), Akon (repper), Mehmet Oz (doktor va teleyulduz), Jermeyn Jekson (xonanda va bastakor).
Ciyosat ahlidan: Andre Karson (kongressmen), Robert Kran (siyosat bo‘yicha maslahatchi (sobiq), Jek Ellis (Mekon shahri sobiq meri), Kitt Ellison (birinchi musulmon kongressmen), Malcolm X (huquq himoyachisi).
Ilm ahlidan: Fazlur Xon (quruvchi-muhandis, Sirs Tauer, Jon Xenkok markazlarini loyihalagan), Ayub Umayya (mashhur neyroxirurg), Ahmad Zavayl (1999 yili kimyo bo‘yicha Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan), A.Lutfiy Zoda (mashhur matematik, Kaliforniya universiteti faxriy professori), Hamza Yusuf (amerikalik islom olimi).

Bokschi Muhammad Alining Islomdan avvalgi ismi Kasius Kley edi

Bokschi Muhammad Alining Islomdan avvalgi ismi Kasius Kley edi

Sport ahlidan: Muhammad Ali (boks tarixidagi eng mashhur sportchi), Bernard Xopkins (boks bo‘yicha o‘rta va yarim-og‘ir vazndagi sobiq jahon chempioni), Xasim Rahmon (boks bo‘yicha super og‘ir vazndagi sobiq jahon chempioni), Mayk Tayson (boks bo‘yicha sobiq jahon chempioni), Karim Abduljabbor (mashhur basketbolchi), Rashid Uolles (mashhur basketbolchi).
Qalam ahlidan: Pay Syan Chon (yozuvchi), Stiven Shvarts (jurnalist), Maykl Vulf (jurnalist), Farid Zakariya (CNN sharhlovchisi).

Bugungi musulmonlar

Hozirda musulmonlar Amerika jamiyatining ajralmas bo‘lagi sifatida turli sohalarda mehnat qilib, mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilmoqdalar.
AQShda musulmonlar umumjamiyatdan ko‘ra to‘qroq hayot kechiradilar. Janubiy Osiyodan kelgan muhojirlarning aksariyati yaxshi ta’lim olgan, sanoatning daromadli sohalarida mehnat qiladilar. Ularning daromadlari oddiy amerikaliklarnikidan ancha ko‘p. Ular orasida vrachlar, olimlar, muhandislar va tadbirkorlar talaygina. Asli pokistonlik 15000 dan ortiq vrachlar, 1000 dan ortiq millionerlar mavjud.
AQSh musulmonlarining 45 %i yiliga 50000$ daromad qilsa, 19 %ining daromadi  100000$ dan oshadi.

Nyu-Jersida iftorlik marosimi

Nyu-Jersida iftorlik marosimi

2005 yil 30 may holatiga ko‘ra, AQSh Qurolli kuchlarida 15000 dan ortiq musulmon xizmat qilmoqda. Fors ko‘rfazidagi birinchi urushdan so‘ng 3000 dan ortiq amerikalik harbiylar Islomni qabul qilganlar. 1992 yildan AQSh harbiy kuchlaridagi musulmon murabbiylar yarimoy tasviridagi o‘z belgilariga ega bo‘ldilar.
AQSh hibsxonalaridagi e’tiqod erkinligi, ommaviy ibodatlarga ruxsat berilganligi sabab har yili 135000 mahbus Islomni ixtiyor etmoqda.
Keyingi yillarda axborot texnologiyalari, muhandislik, ta’lim, meditsina, huquq, biznes sohasida ishlovchi musulmonlar safi kengaymoqda.

Davronbek Tojialiyev