Zulxumor Mirzayeva. Jahon navoiyshunosligi: kecha va bugun

Alisher Navoiy

Buyuk mutafakkir, turkiy olamning ulug‘ shoiri Alisher Navoiy asarlari sharqshunos olimlar olib borayotgan dunyoviy tadqiqotlarning markazida bo‘lib kelmoqda. Hazrat ijodini o‘rganish, uning ijodiga munosabat Sharqda shoir yashagan davrdan boshlangan bo‘lsa, bu yo‘nalishdagi ilk tadqiqotlar G‘arb olamida XVI asrda yuzaga kelgani, asarlari tarjima qilinganligi ma’lum. Ammo, taassufki, xorij navoiyshunosligi tarixida ko‘plab ziddiyatli, soxta qarashlar ham mavjud ediki, ayrim chet ellik sharqshunoslar muayyan davr mafkurasiga bo‘ysunishi oqibatida mumtoz adabiyotimiz, shu jumladan, Alisher Navoiy ijodiga baho berishda ham siyosiy-ijtimoiy mafkura talablaridan kelib chiqib ish tutganlar[1]. Ayniqsa, o‘tgan asrning 50–80-yillarida Navoiy adabiy-ilmiy merosi, ayniqsa, g‘azallarini ijtimoiylashtirish bilan uning “tendentsioz ijodkor” ekanligini isbotlashga urinish kabi qarashlar xorij navoiyshunosligi tarixida ham o‘z muhrini qoldirgan edi.

Jahonda yuz berayotgan siyosiy-ijtimoiy o‘zgarishlar, yangi davrdagi o‘zaro munosabatlardagi yangicha yo‘nalishlar Alisher Navoiy ijodiga yondashuvning ham ob’ektiv tamoyillarini yaratib berdi. Bu davrda shoir dunyoqarashi, ijodiy-estetik kontseptsiyasi, olam va odam mohiyati xususidagi estetik qarashlarining badiiy talqini, falsafiy-majoziy mohiyat mushohadasi kabi muhim omillarga e’tibor qaratishdek sifatiy siljishlar yaqqol ko‘zga tashlana boshlandi. Davrlar o‘tishi bilan nafaqat mutaxassislar, balki mutaxassis bo‘lmagan kitobxonlar, yoshlar orasida ham Navoiy ijodiga qaytish, u yaratgan ma’naviy merosga ehtiyoj hissi ortib bordi[2]. O‘tgan yilning yanvar oyida Frantsiyaning Parij shahrida O‘rta Osiyo masalalariga bag‘ishlangan, G‘arb olamidagi yetakchi jurnallar orasida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib kelayotgan “O‘rta Osiyo daftari” ilmiy jurnalidagi aksariyat maqolalar ham Navoiy ijodi tadqiqiga bag‘ishlangani yuqoridagi fikrlarimizni yana bir bor tasdiqlaydi[3].

O‘rta avlod navoiyshunoslari K.Adaxl[4], D.Devis[5], V.Feldmen[6], D.Genchturk[7], A.Radfal[8], M.Sabtelni[9], G.Tekin[10], G.Dik[11], B.Fragner[12] kabi Amerika, Germaniya, Avstriya, Kanada olimlari Alisher Navoiy hayoti va ijodiga oid tadqiqotlar olib borib, mutafakkir ijodini qiyosiy-tarixiy, matnshunoslik nuqtai nazaridan, adabiyotshunoslik mezonlari va ayni paytda ilmiy-nazariy yondashuv asosida o‘rgandilar, asarlaridan tarjimalar qilib, shoir ijodini dunyoga tanitish borasida ko‘plab savobli ishlarni amalga oshirdilar.

Mustaqillikdan keyin jahon navoiyshunosligi yangi avlod mutaxassislarining eski va zamonaviy adabiy tilni yaxshi o‘zlashtirishi, muayyan masalani birlamchi manbalar asosida o‘rganishi, mumtoz adabiy matn mohiyatiga chuqur kira olish qobiliyati yaqqol ko‘rindi, eng muhimi, O‘zbekistondagi erkinlik shabadalari in’om etgan imkoniyatlar asosida xorij navoiyshunosligi yangi taraqqiyot bosqichga ko‘tarildi. Yaponiyalik Kazauki Kubo, frantsuz yosh olimlari Mark Toutant, Aleksandr Papas, amerikalik navoiyshunos Nikolas Vomsli kabi Sharq va G‘arb tillarini yaxshi o‘zlashtirgan, qo‘lyozma manbalarini o‘qiy oladigan, adabiy matn mohiyatini chuqur tushunish qobiliyatiga ega bo‘lgan navoiyshunoslarning yangi avlodi shakllandi. O‘zbekistondagi adabiy-ilmiy sohada olib borilayotgan islohotlar, shuningdek, yosh navoiyshunoslarning yurtimizga kelib, Alisher Navoiy ijodiga oid ilmiy, adabiy manbalardan bemalol foydalana olishi, o‘zbek olimlari bilan bevosita muloqotlar qilish imkoniyatlari ularning avvalgi mafkuraviy jarayonlardan xoli, o‘ziga xos, biri ikkinchisini takrorlamaydigan tadqiqotlar yaratishiga, ilmiy-ijodiy qobiliyati, mehnatlari samarasi nisbatan tezroq yuzaga chiqishiga zamin yaratdi.

Bu avlodning avvalgi xorij navoiyshunosligidan yana bir farqli jihati – hazrat Alisher Navoiy asarlari tadqiqi bilan izchil va keng qamrovda shug‘ullanib kelayotganligi bilan ham xarakterlanadi. Jumladan, yosh frantsuz olimi Mark Toutant 2014 yilda “So‘nggi Temuriylar davri madaniyati: nazira amaliyotini Alisher Navoiyning “Xamsa” asari misolida o‘rganish” (“The culture of the Last Timurids: Study of Imitation Practices through the case of ʿAlī Shīr Nawā’ī (1441-1501)’s Khamsa”) mavzusida salmoqli (700 sahifa) tadqiqot yaratdi va doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Tadqiqot temuriylar sulolasining so‘nggi vakillaridan biri Husayn Boyqaro davridagi adabiy jarayon buyuk mutafakkir shoirning “Xamsa” asari misolida tadqiq etiladi. Navoiyning mazkur asari turkiy tildagi forsiygo‘y shoirlar, jumladan, Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiyning ushbu janrdagi asarlari bilan qiyosiy usulda o‘rganilgan va bu masala ilk bora frantsuz ilmiy jamoatchiligiga taqdim etilgan.

Amerikaning Indiana universitetida Navoiy ijodi bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan Nikolas Vomsli, Parij shahrida joylashgan “Turk, Usmonli, Bolqon va Markaziy Osiyoni o‘rganish” ilmiy tekshirish instituti tadqiqotchisi Adeksandr Papaslar Mark Toutantning tengqur safdoshlari bo‘lib, ular ham temuriylar davri adabiyoti, madaniyati, shu jumladan, Alisher Navoiy ijodi bo‘yicha izlanishlar olib borayotgan yosh olimlar qatorida sanaladi. Frantsuz olimi Aleksandr Papas Navoiyning ilmiy merosi, xususan, “Muhokamat ul-lug‘atayn”ni o‘rganayotgan bo‘lsa, AQSh tadqiqotchisi Nikolas Vomsli “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasi tahliliga oid qiziqarli kuzatishlarni amalga oshirgan. Uning 2014 yilda “Tasavvuf ilmini o‘rganish mujohadasi” jurnalining uchinchi sonida nashr etilgan “Navoiyning “Nasoyim ul-muhabbat” tazkirasida Yassaviya tariqati. Markaziy Osiyodagi hagiografiyani o‘rganish masalalari” nomli maqolasini Navoiy ijodining G‘arb olamiga targ‘ib etilishi yo‘lidagi yirik qadamlardan biri, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Nikolas Vomslining fikricha, “Nasoyim ul-muhabbat” O‘rta Osiyoda eski o‘zbek tilida bitilgan ilk biografik lug‘at. U mazkur asarini Abdurahmon Jomiyning “Nafahot ul-uns” asari tarjimasi bilan boshlagan bo‘lsa-da, Xuroson, Hindiston va Turkistondagi tasavvuf tariqati namoyandalari haqidagi ma’lumotlarni kengaytirgani, rivojlantirgani katta ahamiyatga ega. Olimning fikricha, tazkira janri VII–XIII asrlarda shakllangan bo‘lib, Navoiyning ushbu tazkirasi hagiografik adabiyotdagi so‘fiylar xususida eng to‘liq va muhim ma’lumotlarni bera olgan ilk asar hisoblanadi.

Yaponiyaning Kioto universitetida faoliyat olib borayotgan filologiya fanlari doktori, professor Kazauki Kubo ham iste’dodli osiyoshunos olimlardan biri bo‘lib, u ko‘proq Alisher Navoiyning hayoti va ijtimoiy faoliyatiga e’tibor beradi. Olim keng ko‘lamda tahlil etilmagan muhim masalalardan biri – Navoiyning homiy sifatidagi faoliyatini o‘rgangan. U “Navoiyning homiylik faoliyati” tadqiqotida “Makorim ul-axloq”, “Badoye ul-vaqoye”, “Boburnoma”, “Tarixi Rashidiy”, “Vaqfiya” kabi asrlarga tayanib, saxovatli shoirning ijtimoiy-madaniy faoliyatini tahlil qilgan. Kazauki Kubo yana bir qancha manbalarga tayanib, Hirotda Alisher Navoiy homiyligida faoliyat yuritgan ko‘plab mulozimlar ismi-shariflarini aniqlagan. Ular orasida yozuvchilar, xattotlar, musiqashunoslar, rassomlar bo‘lib, Navoiy ularni moddiy va ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlagan. Kuboning mavjud manbalar asosidagi mulohazalariga ko‘ra, o‘n bitta xattot Navoiyning shaxsiy kutubxonasida ishlaganlar va saxovatli shoir ularga maosh to‘lab, iqtisodiy jihatdan muntazam ko‘mak berib turgan. Bundan tashqari, Navoiy juda ko‘p olimlarga uy va bog‘lar ham in’om etgan.

Ma’lum bo‘ladiki, Kubo Sharq va G‘arb navoiyshunoslari tadqiqotlarida atroflicha o‘rganilmagan masalalarga e’tibor qaratib, ishonchli manbalar asosida Navoiyning homiylik faoliyatini o‘rgangan. Shoirning madaniy sohadagi faoliyati yuzasidan yapon olimi chiqargan xulosalar aniq manbalarga tayanilganligi bilan ahamiyat kasb etadi.

Yuqoridagi kuzatishlarimizdan anglashiladiki, jahon navoiyshunosligi bir joyda qotib qolgani yo‘q, u mudom harakatda, siljishda. Tadqiqotlar yaratilyapti, izlanishlar davom etayapti. Hazrat Navoiy asarlari jahon mamlakatlarining turli tillariga tarjima qilinyapti. Taassufki, xorij olamida Alisher Navoiy ijodi tahliliga oid izlanishlarni o‘rganish, tadqiq etish, shu asosda xorij navoiyshunosligi darajasi, saviyasini belgilash mutaxassislar e’tiboridan chetda qolib kelayotir. Aytish joizki, hatto ba’zan G‘arbda o‘zbek adabiyoti tadqiqiga oid izlanishlarga bir qadar bepisandlik bilan qarash, ularni o‘rganmay turib keskin munosabatlar bildirish holatlari ham ko‘zga tashlanadi. To‘g‘ri, xorijlik mutaxassis o‘zbek adabiyoti, shu jumladan, Alisher Navoiy asarlari haqida o‘zbek olimlaridan yuqori fikr ayta olmasligi faktini inkor qilib bo‘lmaydi, balki ayrim tadqiqotlarda hanuz eskicha qarashlar saqlanib qolayotgani ham haqiqat, umuman, nazarimizda bugungi xorij navoiyshunosligi biz kutgan darajaga hali yetib borolganicha yo‘q. Bu holat mumtoz adabiy matn, shu jumladan, Alisher Navoiy ijodi tahlili murakkabliklari bilan izohlansa, masala yanada oydinlashadi. Zotan, hazratning ijodiy olamiga yaqinlashish, uning asarlari zamiridagi ma’no qatlamlarini anglay olishning biz bilgan va bilmagan murakkabliklari bor.

Bir so‘z bilan aytganda, jahon adabiyotshunosligi maydonida Alisher Navoiy haqida bildirilayotgan har qanday sub’ektiv yoxud ob’ektiv munosabatlardan xabardor bo‘lish, xorij navoiyshunosligidagi eng ilg‘or tamoyillarni belgilash, o‘zbek va xorij olimlari tadqiqotlaridagi mushtarak va farqli jihatlar, shuningdek, Navoiy asarlari tarjimalarining asliyatga adekvatligini belgilash, haqqoniy ilmiy mezonlar bilan bugungi jahon xorij navoiyshunosligi saviyasi, darajasini aniqlash lozim, deb o‘ylaymiz. Yaratilajak tadqiqotlar vositasida millat sharafini yanada ulug‘lash, buyuk mutafakkirning dunyo madaniy hayoti tarixida kamdan-kam uchraydigan noyob hodisa ekanligini ko‘rsatib berish bugun mutaxassislar oldida turgan eng muhim vazifadir.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2016 yil, 2-son

–––––––––––––––––––––

[1] Edward A. Allworth. The Soviet Interpretation of two lines by an Asian Poet. American Salvic and East European Review, Vol.16, p. 203.

[2] Adabiy suhbatlarimizdan birida G‘arb universitetlarining Markaziy Osiyoni o‘rganish bo‘limlarida tahsil olayotgan talabalar “Yosh navoiyshunoslar” to‘garagini tashkil etganligi haqida aytgandik. Ular Navoiy va uning asarlariga kamoli ixlos sabab o‘zlarini hazrat dostonlaridagi ismlar – Layli, Majnun, Farhod, Shirin, Iskandar deb ataydilar. Bu talabalarning “Saddi Iskandariy”, “Layli va Majnun”, “Farhod va Shirin” dostonlaridan uzundan-uzoq parchalarni yod aytib berishi ular ruhiyatida Navoiyni anglashga ehtiyoj hissining kuchli ekanligini ko‘rsatadi.

[3] Bu haqda qarang: Literature and Society in Central Asia New Sources for the Study of Culture and Power from the Fifteenth Century to the Present, №24, 2015, France (Paris).

[4] Adahl K. A copy of the Divan of Mir Alisher Nava’I of the late Eighteenth Century in the Lund University and the Kashmiri School of Miniature Painting. Persian Painting, from the Mongols to the Qajars: Studies in Honour of Basil W. Robinson. Ed. R Hillenbrand. London: Tauris, in association with the Centre of Middle eastern Studies, University of Cambridge, 2000. 3–18.

[5] DeWeese, Devin A. “The Predecessors of Navā’ī in the Funūn Al-Balāghah of Shaykh Ahmad B.Khudāydād ṬArāzī: A Neglected Source on Central Asian Literary Culture from the Fifteen Century”. Journal of Turkish studies 29 (2005):73-163.

[6] Feldman, W. Genre and Narrative Strategies in The “Seven Planets” (Sab`a-I Sayyār) by Mīr `Alī Shīr Navaā’ī. Edebiyât 10 (1999):243–78.

[7] Gençtürk-Demircioğlu, Tülay. Narrative Aspects in Nevayi’s Yek-Ahenk Ghazals. Journal of Turkish studies 30.ii (2006):63–75.

[8] Rādfar, Abu’l-Qāsim.Navā’ī, NiẓĀm Al-Mulk Ii and Amīrkabīr of Khurāsān. Anthology of Iranian Studies 4(2000):62–77.

[9] Subtelny, M. E. `Alī Shīr Navā`Ī: Bakhshī and Beg. Harvard Ukrainian Studies 3-4 (1980):797-807; Timurid Educational and Charitable Foundation: The IkhlāṣIyya Complex of `Alī Shīr Navā’ī in 15th-Century Herat and Its Endowment. Journal of the American Oriental Society 111 (1991): 38–61; The Vaqfīya of Mīr `Alī Šīr Navā’ī as Apologia. Journal of Turkish Studies 15 (1991): 257–86.

[10] Tekin, Gönül. The Motif of Cypress – River – Beloved One – Garden In Nevā’ī’s and Aḥ Med Pāşā’s Poetry and Its Archetypefind More Like This. Oriente Moderno 15/76/1996 (1997): 463–83.

[11] Dick G. The language of the bird. Translated by Gary Dick and Nosir Qambarov. Tashkent, 2000.

[12] Mir `Ali Sher Nava´i: The `Judgement´ reconsidered, in: Éva M. Jeremiás (ed.): Irano-Turkic Cultural Contacts in the 11th-17th Centuries. Piliscsaba: The Avicenna Institute of Middle Eastern Studies [2002] 2003, pp. 53–66.