Abdulla Qodiriy ijodiga, xususan, uning “O‘tkan kunlar” romaniga xorijda o‘tgan asrning yigirmanchi yillari oxiridayoq munosabat bildirila boshlangan edi.
Keyinchalik adibning millatparvarlik harakatidagi o‘rni, faoliyatiga oid masalalar tahlili amerikalik va angliyalik o‘zbekshunoslar E.Olvort, A.Beningsen, E.Uimbush, Robert J.Barret, D.Montgomeri, G.Morris, H.Battersbining O‘rta Osiyoni o‘rganish muammolariga bag‘ishlangan izlanishlarida ham kuzatildi. Mazkur tadqiqotlarda olimlar “O‘tkan kunlar” romani, o‘zbek milliy romanchiligining paydo bo‘lishi, shakllanishi jarayoniga ta’sir etgan omillar haqida qisqacha to‘xtalgan.
90-yillarga kelib Amerikada qodiriyshunoslik yangi bosqichga qadam qo‘ydi. Adib hayoti va ijodiy merosiga oid fundamental tadqiqotlar yaratildi. Eden Nabi, Xristofor Myurfi, Roberta Mariya, Axmet Og‘ir, Leon Shon, Jekson Kellog singari o‘zbekshunoslar yozuvchi ijodini turli qirralarda o‘rgandilar va natijada Amerika o‘zbekshunosligida “O‘tkan kunlar” romanining nazariy, badiiy, g‘oyaviy-ijtimoiy tadqiqi yuzaga keldi. Xususan, adabiyotshunos E.Nabining “O‘rta Osiyoning o‘tish davri adabiyoti” nomli tadqiqotida Abdulla Qodiriy asarlarining janr xususiyatlari, ularda vatanparvarlik va millatparvarlik g‘oyalari badiiy talqini, syujet va kompozitsiya mushtarakligi, o‘zbek romanchiligining tarixiy ildizlari hamda yetakchi xususiyatlari, yozuvchi uslubi va badiiy mahorati kabi mavzular o‘rganilgan.
O‘zbek adibining hayoti va ijodini monografik planda tadqiq etgan amerikalik yana bir olim Xristofor Myurfi “Abdulla Qodiriy tarixiy romanlarining xalq og‘zaki ijodi an’analariga bog‘liqligi” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Tadqiqotda “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlari qurilishi va tasvir usuliga xos an’anaviylikni xalq og‘zaki ijodi namunalari “Alpomish”, “Kuntug‘mish”, “Tohir va Zuhra” hamda o‘zbek mumtoz adabiyoti durdonalari “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun” dostonlariga qiyoslanib, ulardagi mushtarak nuqtalarni ilk bor struktural tahlil usullari vositasida tahlil etilgan. Ayni paytda AQSh Kongresi kutubxonasining “Turk va Markaziy Osiyo” bo‘limi bosh mutaxassisi, “Yaqin Sharq” bo‘limi rahbari lavozimida ishlab kelayotgan X.Myurfining keyingi tadqiqoti “Abdulla Qodiriy va bolsheviklar” deb nomlangan.
Mustaqillik yillarida xorijda qodiriyshunoslik ilmi yanada rivojlanib, yozuvchi adabiy merosining mukammal tarjimalarini yaratish jarayonlari boshlandi. Bu davr yangi avlod qodiriyshunoslari izlanishlarida adib asarlari tahlilida ijtimoiy-siyosiy talqinlardan badiiy estetik talqinlarga o‘tish jarayoni kuzatiladi.
Adabiyotshunos olima Maykellef Roberta Mariya “Milliy tiklanishda adabiyot va ziyolilarning o‘rni” (Texas universiteti, 1997) mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. Hozirgi paytda AQShdagi “Turkiy tillarni o‘qitish birlashmasi”da faoliyat olib borayotgan mutaxassis mazkur tadqiqotida Abdulla Qodiriyning to‘ng‘ich romani voqealari, asosiy personajlar, ramziy ifodalarni davr voqealari bilan bog‘liq holda o‘rganib, asar kompozitsiyasi, mavzusi, nomi va etimologiyasi, yaratilish tarixi kabi masalalarni qiyosiy uslubda tadqiq etadi. Amerika o‘zbekshunosligi maktabiga xos g‘oyaga urg‘u berish, muayyan badiiy asarni ijtimoiy-siyosiy nuqtai nazardan talqin etish tamoyili Roberta Mariya izlanishlariga ham xos. Jumladan, yozuvchi qalamiga mansub har bir epizod, ko‘rinish, lavha va obraz asar yaratilgan davr voqealariga bog‘lab talqin qilinadi. O‘lkamizdagi o‘sha davr milliy uyg‘onish jarayonlarida badiiy san’atning o‘rniga diqqatini qaratarkan, tadqiqotchi vatanparvarlik, millatparvarlik g‘oyalari badiiy ifodasining rivojlanish bosqichlariga aniqlik kiritib, badiiy matn ma’no-mohiyatini g‘oyaviy mazmun asosida belgilashga intiladi.
Viskonsin universitetida 2003 yili “Mustamlaka o‘tmishdan ozod kelajak sari: uch o‘zbek romani” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan Axmet Og‘irning “O‘tkan kunlar” tahliliga doir izlanishlarida qahramonni, ramziy-majoziy obrazlar mohiyatini anglash maqsadidagi chuqur tahliliy yondashuvlar kuzatiladi. Amerikalik olim Qodiriy romanidagi yozuvchi umid-orzulari singdirilgan obrazlar, yetuk qahramon va islohotchi shaxslarning maydonga kelishi, shakllanish omillarini Yo‘lchi (“Qutlug‘ qon”), Rustam (“Tushda kechgan umrlar”) obrazlari bilan qiyoslab o‘rgangan. “O‘tkan kunlar” tahlilida A.Og‘ir romantizm, romantik shakl kabi masalalarga ham e’tibor qaratadi. Ingliz olimi J.Vilsonning romantik ideal qahramonlar haqidagi qarashlariga tayanib, Qodiriy orzu-umidlari aks etgan Otabek obrazini romantik ideal qahramon, islohotchi, deya e’tirof etadi. Romantizmni milliy va shaxsiyatdagi o‘ziga xoslik, ideal qahramonlar va his-tuyg‘ularni tasvirlashga asoslangan oqim sifatida talqin qilarkan, Otabek obrazini uning ruhiyati, badiiy asardagi vazifasi nuqtai nazaridan tadqiq etadi. Olim “O‘tkan kunlar”da ijtimoiy-tarixiy voqelik va xarakterlar munosabati masalasini yoritishda, romanga xos obrazlarni xarakterlashda muallifning hayot yo‘li, yashagan muhiti, ijodkorning tabiati, dunyoqarashi, shaxsiy tajribalari va g‘oyalariga muhim omil sifatida qaraydi. U Qodiriyning milliy qahramon yaratish uslubidagi o‘ziga xos xususiyatlarni ishonchli tadqiq etishga muvaffaq bo‘lgan.
Amerika qodiriyshunosligiga oid tadqiqotlarda bir-biriga o‘xshash qarashlar bilan birga turli xil mulohazalarni ham uchratish mumkin. Xususan, X.Murfi va R.Mariyaning “O‘tkan kunlar” romanidagi muallif kirish so‘ziga munosabatlarida bir-birini inkor etuvchi fikrlar mavjud. Aslida Qodiriy romanning “Yozuvchidan” sarlavhali so‘zboshisida muammoning asosiy jihatini ta’kidlagan, ammo ushbu masalani, birinchi navbatda, badiiy ijod sohasiga nisbatan qo‘llagan. Chunki u milliy hikoyachilik, dostonchilik va romanchilikning o‘zgarishlarga yuz tutishi tarixiy zaruriyat ekanligini birinchilardan bo‘lib anglab yetgan adib edi. Shuningdek, Qodiriy o‘z romanida qo‘yilgan muammoning axloqiy-maishiy, ijtimoiy-siyosiy jihatlariga, aniqroq aytganda, otalar va bolalar munosabatidagi fikriy yangilanishga ko‘proq urg‘u bergan.
Amerikalik qodiriyshunoslar yangi avlodi vakillarining o‘z tadqiqotlarida g‘arblik mashhur olimlar nazariy qarashlariga tayanishi A.Qodiriy asarlarini xolis tushunish sari yetaklagan. Ayniqsa, adib romanlarini folklor va mumtoz adabiyot namunalari bilan qiyosiy yo‘sinda tadqiq etish, tasniflash, tasvir usuli, ifoda vositalarini, tilshunoslik nuqtai nazarida o‘rganish o‘zbek adibi romanlarini chuqur tadqiq etish imkonini bergan.
“O‘tkan kunlar” romanini ingliz tiliga tarjima qilgan mutarjimlardan biri bilan suhbatlashganimizda: “O‘tkan kunlar” bugungi kitobxon uchun har jihatdan ibrat bo‘la oladigan, o‘zbek bo‘lib tug‘ilish faxrini yanada yuksaltiradigan va butun bir insoniyat millati haqida so‘zlovchi romandir”, deya ta’kidlagan edi. Abdulla Qodiriy ijodiga xorijlik mutaxassislarning bergan bu kabi yuksak ta’riflari chindan ham har bir o‘zbek qalbini g‘urur va faxr tuyg‘ulari bilan to‘ldiradi. Biz yoshlar faxrlanish bilan birga, milliy so‘z san’atimizning eng sara namunalarini dunyo xalqlari tillariga tarjima qilish orqali ularni jahon adabiyoti durdonalari qatoriga qo‘shmog‘imiz darkor.
Amerikaning Nodir kitoblar va qo‘lyozmalar kutubxonasi, Milliy arxiv kutubxonasi, Nyu-York xalq kutubxonasi, Vashington muzeylari, Berlin markaziy Milliy kutubxonasi, Istanbul va Parij kutubxonalarida Germaniya, Angliya, Frantsiya, Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Rossiya olimlarining Abdulla Qodiriy ijodi va faoliyatiga oid ko‘plab tadqiqotlari va tarjimalari mavjud. Ularni o‘rganib, kelajakda Qodiriyning jahon adabiyotidagi o‘rnini yanada mustahkamlaydigan, uning durdona asarlarini dunyoga targ‘ib etishda muhim omil bo‘ladigan yirik tadqiqotlar yaratish yosh tadqiqotchilarimiz zimmasidagi vazifa ekanini unutmaslik, bu jarayonda faollik ko‘rsatish esa Vatan va millat oldidagi farzandlik burchimizdir.
Zulxumor Mirzayeva,
O‘zR FA Til va adabiyot instituti katta ilmiy xodimi
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 23-son