Zuhriddin Isomiddinov. «Ne yerda bo‘lsang, ey gul…»

Turk adibi Aziz Nesinning bir hikoyasi bor. Unda qadimda yashab o‘tgan allaqaysi shoir falon yilning falon sanasida dunyoga kelganmi yo undan avvalgi kunning oxirida – tun yarmida tavallud top­ganmi, agar shundoq bo‘lsa, tungi soat o‘n ikkining qaysi soniyasida tavallud topgan, degan olamshumul masalani hal etishga bir katta olim bel bog‘lagani, aniqlab bo‘lay deganiga salkam jindek qolgani, shunga bag‘ishlab bir necha jild monografiya yozgani, agar allomaning umri yetsa-ku yaxshi, yetmasa, bu ulkan “muammo”ni tadqiq etishni uning shogirdlari davom ettirajaklari hajv qilinadi.

Biz bu hikoyani o‘qib kulamiz, ammo afsuski, arzimas bir gapni o‘rtaga tashlash – baayni pashshadan fil yasab ko‘rsatish ilm-fan olamida rostdan ham ko‘p uchraydi. Keraksiz, nafi tegmaydigan dalilni izlab qancha odam sarson, olimlarning aziz umri ana shunaqa “kashfiyot”lar ko‘yida o‘tadi.

Zahiriddin Muhammad Bobur Andijonda tug‘ilgan edimi yo Axsida, degan masala keyingi yillarda bot-bot o‘rtaga qo‘yilyapti. Qo‘yil­yapti, degan gapning o‘zi ham eski, u allaqachon, zo‘rma-zo‘raki tarzda bo‘lsa ham Andijonga “propiska” qilingan go‘yoki, tamom-vassalom. Biz bu gap bilan yo‘q, u zot Axsida tavallud topgan, demoqchi emasmiz. Fikrimiz shuki, buning ilmga ham, adabiyotga ham to‘rt pullik foydasi yo‘q, bil’aks, bu hukm odamlarni Boburdan sovutadi, uni “mahalla klassigi”ga aylantirishga xizmat qiladi. Xorijda Boburning ijodini ham, tarixiy ishlarini ham bizdan yaxshiroq bilishadi, Bobur haqidagi ilmiy ishlarning ko‘lami keng, teran ham. Chunki biz uni “bizniki, o‘zimizniki” qilishga ko‘proq kuch sarflaymiz.

Sarasof solib qarasangiz, falon ulug‘ “anov soyning u yog‘ida tug‘ilganmi, yo bu yog‘ida”, deb tortishiladi, kimning kindigi aynan qaysi shahar yo tumanda kesilganiga qarab o‘sha viloyatdagi ko‘cha, maktab va hokazolar shu odam nomiga qo‘yiladi.

Nega mahalliylashtirishga ruju qo‘yamiz? Nega bir millat o‘laroq, barchaga keng bag‘ir ochmaymiz? Ulug‘larni qarshilik, marg‘ilonlik, qo‘qonlik deb ajratmay, o‘zbek elining farzandi sifatida e’zozlamaymizmi?

Bugina emas. Umuminsoniy, islomiy, loaqal turkiy qadriyatlar miqyosiga ko‘tarilsak, millat ko‘zi ochilib, o‘zini o‘zi maqtash, o‘ziga o‘zi mahliyolikdan xalos bo‘lib, yuksalarmi edi…

Bu gaplarning yozilishiga taniqli matnshunos olimimiz Vahob Rahmonov domlaning bir muchal avval bitilgan “G‘aribing­g‘a tarahhum aylagilkim…” deb nomlangan maqolasi (“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2011 yil, 7-son) turtki berdi. Unda muallif Boburning “Bahor ayyomidur…” deb boshlanadigan mashhur g‘azalining so‘nggi bayti – maqta’si ilmiy adabiyotlarda ikki xil yozilayotganiga e’tibor qilgan. Chunonchi,

Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, anda jonidur.

O‘zga bir kitobda esa “sal” boshqacha berilgan ekan:

Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydur.

Domla ikkinchi talqinni yoqlab, katta-katta olimlarning fundamental tadqi­qot­larida ham “anda jonidur” deb xato yozilgan, deb yozadi.

Bu g‘azal, uni mashhur hofiz Sherali ­Jo‘rayev ashula qilib aytganidan keyin juda ommalashib ketdi, qo‘shiqda ham boyagi so‘z “andijoniydur” deb talaffuz etiladi. Ismoil To‘lakov esa “Andijonim qoldi mening” deb she’r yozdi, soddaroq odam buni Boburning o‘zi bitgan ekan, deb qabul qiladi. Holbuki, Bobur biron she’rida Andijonni tilga olmagan, chunki uning g‘azallari avtobiografik emas, tasavvufiy yo‘nalishda.

Darvoqe, bu misra, agar u “andijoniy” shaklida bo‘lsa, boshqa tilga nima deb tarjima qilinadi? Menga murojaat etgan tarjimon, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Ibrohim Choriyev: “Nega endi ma’shuqa o‘z oshig‘iga u andijonlik bo‘lgani uchungina rahm qilishi kerak? Andijonlik bo‘lmay, biron bosh­qa joylik bo‘lishning nimasi yomon? Qani bu yerda mantiq?”, deb so‘rabdi. Chindan ham, “Hoy nozanin, boshqaga bo‘lmasa ham, menga rahm qil, chunki men andijonlikman”, deb bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Bu iddao Sharqona etiketga ham nomuvofiq. Boburning ko‘ngli bu singari manmanlikdan sarishta.

Hurmatli matnshunos olim esa o‘z talqiniga “qonuniy” tus berish uchun “Boburday so‘zda zarshunos, ma’noda gavharshunos shoir so‘zlarini kotiblar tasodifan yo‘l qo‘ygan xatolardan xolis qilish” kori xayr­ligini uqtiradi.

Ammo… kotiblar (yana, bir emas, bir necha kotib) “tasodifan” (?) xato qilganmi? Tasavvurga sig‘maydi. Negaki, olimimiz talqinicha anglasak, bayt mazmuni buziladi, kotiblar to‘g‘ri bitganiday o‘qisak, rostlanib, Bobur aytgani kabi asl so‘fiyona ma’nosi ro‘yobga chiqadi.

Domlaning fikriga ko‘ra, shoir “Ey, gulday sevgilim, andijonlik g‘aribingga rahm-shafqat qilgin, Sen qayerda bo‘lsang, Boburning joni o‘sha yerdadir”, deyayotgan emish. Andijondan yiroqlarda – Kobuldami, Agradami yozilgan g‘azalning ushbu baytida Bobur o‘zini andijonlik g‘arib, deya go‘yo she’riga imzo qo‘ygan va bundan ajablanmaslik lozim ekan.

Darig‘ki, xato fikrni nima qilib bo‘lsa ham “qabul qildirish” uchun Vahob aka bayt­dagi so‘zlar o‘rnini almashtirib, ma’noni buzib ham yuboradi. Aslida esa, Bobur “andijonlik g‘aribing” deyayotgani yo‘q. Boringki, domla kabi “Andijoniydur” deb o‘qisak ham, “g‘aribingga rahm-shafqat qil, (sababi) u andijonlikdir”, deyayotgan bo‘lar edi.

G‘azalnavislikda muhim bir qoida bor: shoir biron fikrni ilgari surish uchun avvalgi bayt unga mantiqiy asos (tanosub san’ati) keltiradi. Bu o‘rinda esa nega yorning andijonlikka rahm-shafqat qilishi kerakligiga dalil yo‘q. Chunki Bobur unaqa demoqchi emas. Bu qabildagi xatolar haqida aynan Vahob akaning o‘zi shunday deb yozadi: “Ikki so‘zni bir so‘z holiga keltirish fikrni umuman izdan chiqarib yuboradi”. (Vahob Rahmon. “Mumtoz so‘z sehri”, 2015, 271-bet). Bu yerda ana shu saktalik yuz bergan.

Yana, eng muhimi, bu baytda shoir “andadur joni: anda jonidur” qabilida badiiy san’at (tardi aksli tarse’) qo‘llagan edi:

Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, anda jonidur.

Takror aytamiz, Boburning vatani – butun islom dunyosi, turkiy olam va nihoyat, bugungi O‘zbekistondir, shunday ekan, uni nima qilib bo‘lsa ham “andijonlik”ka aylantirishdan ne naf? Eski o‘zbek yozuvida ham buning biri ikki so‘z (انده جاني), yana biri esa bitta so‘z (انديجاني) tarzida bitiladi. Kotiblar bunchalik yang­lishmasa kerak?

Baytning ma’nosi ham domlaning talqinidan ancha o‘zga, nazarimizda. Yor ma’vosi – g‘arib oshiqning ko‘nglidir, shunday ekan, ey gul kabi sanam, rahm qil, o‘z uyingni (oshiq ko‘nglini) vayron aylama, demoqchi shoir. Albatta, bu xiyla murakkab tarzda ifoda topgan.

Har bir ulug‘ siymo – vatan farzandi. Ammo biz go‘yo ulardan yanada ko‘proq faxrlangandek bo‘lib, mahallamiz idorasiga xatlab olyapmiz. Qiziq-da, Muqimiy Qo‘qonda emas, Kogonda tug‘ilsa farg‘onaliklarning iftixori bo‘lmay qolarmidi? Fuzuliy Iroqda tug‘ilgan bo‘lsa nima qipti? Bobur Axsida emas, Andijonda tug‘ilganini kim isbot qilsa, muncha mukofoti bor, deb sovrin ajratish ilmga xilof yumush-ku? O‘shani aniqlagan bilan shoir ijodining qimmati oshib yo kamayib qoladimi?

Vahob Rahmonov domla esa, davom etib, shunday yozadi: “Biz agar… baytning ikkinchi misrasini: “G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, anda jonidur” tarzida e’lon qilsak, ikki nuqson sodir bo‘ladi: fikr havoda muallaq qoladi; o‘rinsiz, qo‘pol takror yuz beradi”. Bu – juda keskin hukm, chunki avvalo qo‘l­yozmalar orqali isbotlanmaydi, qolaversa, “Andijonlik bo‘lganim uchun tarahhum qil” deyish mantiqqa zid va nihoyat, shoirning o‘zi aynan shunday deb yozgan. So‘zga nihoyatda daqiq, ma’noga hassos, hatto Alisher Navoiy ijodiga ham zakiy nazar tashlay olgan Boburni bu qabilda ayblashdan tiyilganimiz durust. Baytda “fikr havoda muallaq” qolmagan, “o‘rinsiz, qo‘pol takror” ham yo‘q.

Maqola shunday yakunlanadi: “2008 yilda Bobur tavalludining 525 yilligi tantanasi kuni – 14 fevralda Andijon shahri chorrahalari ana shu bayt yozig‘liq lavhalar bilan bezal­gan edi. Shuning uchun ham Bobur jamoat fondi raisi Zokirjon Mashrabov ko‘p o‘tmay Bog‘ishamolda Bobur bog‘idagi haykali belbog‘iga yirik harflarda shu baytni yozdirdi:

Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning,
G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydur.

Endi Bobur nomidagi milliy boqqa qadam qo‘yib, shoir siymosiga nazar solgan har bir kishi ko‘zi oldida ana shu bayt yarqirab ko‘rinib turadi…”

Ajab, shunday ayyomda, bunday joylarda “propiska” ko‘rsatilmas, balki eng falsafiy, hikmatga kon parcha yozdirilar edi-ku? Bobur devonidan izlab-izlab topilgan shohbayt nahot shu bo‘lsa?

…Xalqaro Bobur fondi shoir hayoti va ijodini o‘rganishda tahsinga loyiq ishlarni amalga oshirdi va oshirib kelayotibdi, ammo bu kori xayr negizida uni “Andijoniy”lashtirish turmasligi kerak, deb o‘ylaymiz. Chunki bunaqa “fakt”dan ilmga naf yo‘q. Ilmiy haqiqatdan ko‘z yumilgan joyda esa bosh­qa har qanday haqiqatning qadri qolmaydi.

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 22-son