Ulkan tog‘lar, haybatli vulqonlar, azim daryolar ortidan sirtdan qaraganda sokin, ammo hayot qaynab yotgan bir o‘rmon boshlanadi. Bu — Chili o‘rmonlari. Yovvoyi o‘tlarning o‘tkir bo‘yi, o‘rmon qushlarining nag‘malariga to‘lib-toshgan ulug‘vor o‘rmon — misli xazina.
Mana shu sokin zaminda, uzoq g‘arbdagi olis maskanda Pablo Neruda tug‘ildi — hayotni, she’riyatni, yomg‘irni sevib ardoqlash uchun dunyoga keldi. Zero, ijodkorning unutilmas bolalik xotiralari Chilining tinimsiz jalalari bilan bog‘liq. Asl ismi Neftali Rikardo Reyes Basoalto bo‘lgan Pablo Neruda Chilidagi kichik shaharcha — Parralda tavallud topdi.
Otasi — Xose del Karmen Reyes temiryo‘lda oddiy xizmatchi, onasi — Roza de Basoalto maktabda o‘qituvchi edi. Pablo go‘daklik chog‘ida onasi sil xastaligidan vafot etadi: “Men 1904 yil 12 iyulda tug‘ildim, oradan bir oy o‘tar-o‘tmas, odamlarning aytishicha, avgustda sil xastaligidan qovjirab qolgan sho‘rlik onam tonglarning birida qaytib uyg‘onmagan. Men onamni faqat rasmidan tanirdim, xolos. Qorachadan kelgan, nozikkina, o‘ychan ayol surati. Aytishlaricha, u she’rlar ham yozgan ekan. Lekin men hech qachon onam yozgan she’rlarni ko‘rgan ham, o‘qigan ham emasman. Temukoda otam ikkinchi marta, menga o‘gay ona bo‘lgan Trinidad Kandia Marverde ismli ayolga uylanadi. Lekin men bolaligimning himoyachi farishtasi misol bu ayolga hech qachon o‘gay ko‘z bilan qaramaganman. G‘oyatda muloyim va mehribon, hazilkash, kun bo‘yi barchaga birdek g‘amxo‘rlik qilishdan charchamaydigan mehnatkash va otamga itoatkor ayol edi u…”.
Olti yoshga to‘lgach, Neftali Rikardo litseyga qatnay boshlaydi. Maktab yosh bolakay uchun mutlaqo yangi, qiziqarli va sirli dunyo edi. Uning qiziqishlari endi kitoblarga ko‘chadi. Aynan kitoblar bo‘zbolada yozishga ishtiyoq uyg‘otadi. Uning sof tuyg‘ularga yo‘g‘rilgan ilk sevgi maktubi Blanka Uilson ismli qizga atalgan edi.
“U temirchining qizi edi. Blankani aqldan ozar darajada sevgan bir do‘stim qiz uchun uning nomidan sevgi maktubi bitishimni iltimos qildi. O‘sha maktublarda nimlarni yozganman, esimda yo‘q, lekin bular, nazarimda, mening adabiyotdagi ilk tajribalarim, ilk qoralamalarim edi. Kunlardan bir kun Blanka bilan uchrashib qoldik va u: “Menga oshiq yigitning xatlarini sen yozib beryapsan, shundaymi?!”, deb so‘radi. Men ijodimning ilk namunalari — sevgi nomalaridan voz kechishga o‘zimda kuch topolmadim va qizning qarshisida qizarib-bo‘zarib buni tan oldim. Javob o‘rniga u menga katta, sam-sariq behi berdi. Men behini yemadim. Ijodimga berilgan ilk mukofot, ilk e’tirof sifatida, noyob xazinaga ega odamday uni asrab-avayladim. Xullas, men maktub bitardim, do‘stim o‘zining nomidan uni Blankaga olib borib berar, qiz esa meni har bir xatim uchun behi bilan siylardi”, deb yozgandi bolaligini xotirlab shoir.
Tabiat va odamlarga mehr-muhabbat, hayotga, yashashga ishtiyoq Nerudaning yuragida olovli hislarni uyg‘otdi.
Bolaligi va ilk she’rlari haqida ijodkorning o‘zi “Iqrorman: Men yashadim” nomli xotiralar kitobida quyidagilarni yozgan.
* * *
“Bolaligim go‘yo oppoq kapalak edi. Tabiatdagi har qanday hodisa meni ohanrabodek o‘ziga tortardi. Otamning bir do‘sti bo‘lardi. Aytishlaricha, u ashaddiy kallakesar ekan. Badanining tig‘ tegmagan joyi qolmagan — chandiqlarga to‘la bu odam bolalardek quvnoq edi, men uchun yangi o‘yinlar o‘ylab topishdan hecham zerikmasdi. Lekin hozir qushlar haqida hikoya qilmoqchiman. Budi ko‘lida oqqushlarni shafqatsizlarcha ovlashardi. Qayiqlarda sekin-asta pusib kelishar, so‘ngra to‘satdan ularga hujum qilishardi… Oqqushlar, xuddi oqcharloqlardek og‘ir uchar, parvoz qilguncha suv ustida ancha yugurardi. Vazmin qanotlarini harakatga keltirish oqqushlar uchun bir muncha mushkul edi. Bundan ovchilar foydalanib qolar — qo‘llaridagi tayoqlar bilan qushlarni urib yiqitishga ulgurishardi.
Bir chalajon oqqushni menga olib kelib berishdi. Ajoyib qush edi — bo‘yni tim qora. Bunday oqqushni men boshqa hech qayerda uchratmadim. Qordek oppoq jonivorning bo‘yniga go‘yo tim qora ipak mato bog‘lab qo‘yilgandek. Tumshug‘i to‘q sariq, ko‘zlari esa alvon rangda.
Bu voqea Janubiy Imperialda, Puerto-Saavedra dengizi qirg‘og‘ida ro‘y bergandi.
Oqqushni menga berishganida jonivor chala o‘lik holatda edi. Men uning jarohatlangan joylarini yuvdim va tomog‘iga baliq, non ushoqlarini majburlab tiqdim. Lekin u xo‘rakni qayt qilib tashladi. Men esa uning yaralarini davolashni to‘xtatmadim va oqqush do‘stona munosabatimni tushuna boshladi. Bir necha kundan so‘ng uning uy qamog‘ida qattiq zerikkani sezildi. Shunda men o‘zimcha: agar u o‘lib qolsa, bunga faqat tutqunlik sabab bo‘ladi, degan fikrga keldim. So‘ng uni ko‘tarib ko‘chaga chiqdim-da to‘g‘ri daryoga bordim. Oqqush suvda suzdi, men esa uning yonida. Shu tobda baliqlarni uning o‘zi ovlashini istardim va toshlar ostida, sohilga yaqin qumlar ustida suzib yurgan kumushrang janub baliqchalarni ko‘rsatishga urinardim. Lekin oqqushning ko‘zlari olis manzillarga g‘amgin termilib qolardi.
Har kun shunday — yigirma kun, balki undan ham ko‘proqdir — men uni daryoga ko‘tarib borardim, so‘ng uyga qaytardik. Oqqush mening tengqurimdek edi. Bir kuni u hurpayib oldi va baliq yesin, deb qancha urinmay, oqqush mutlaqo unamadi. Shalpayib qolgan qushni uyga olib ketish uchun ko‘tarib oldim. Va… shu payt, nazarimda, yig‘ilgan tasma yoyilib ketgandek, yuzimni qandaydir qora tusli qo‘l mayin silab o‘tgandek bo‘ldi go‘yo. Bu — o‘lgan qushning osilib tushgan uzun bo‘yni edi. Men esa shu tobda bir haqiqatni anglab yetdim, oqqushlar o‘layotib kuylashmas ekan…
Kautina yozi juda issiq keladi… Bu yerdagi uylar qishga chidamli bo‘lmaganidek, yozga ham mos emas. Qishloqdan chiqib, boshim oqqan tarafga yurib ketaveraman, ketaveraman. N’elol tepaliklarida adashib qolaman. Yolg‘iz o‘zim, cho‘ntagim esa turli qo‘ng‘izchalar bilan to‘la. Qutichada — hozirgina tutib olganim sertuk o‘rgimchak. Boshim ustida osmon ko‘rinmaydi. Bu yerlar doimo zax, loygarchilik. Yurganda sirg‘anib-sirg‘anib ketaman; tuyqusdan qush sayrog‘i eshitiladi — bu veщeynya chukao. Tabiatning begona hodisalari qarshisida yolg‘iz turganimdanmi, vahima bosadi. Yovvoyi kaptarning qanotlari shundoq yuzimni silab yonginamdan uchib o‘tadi. Boshim uzra charx urayotgan turli-tuman qushlar sayrog‘i qulog‘imga “qah-qaha”dek eshitiladi. Ming mashaqqat bilan yo‘lni topib olaman. Atrofga qorong‘ulik cho‘kkan.
Otam hali ishdan qaytmagan. U tong sahar — soat uch yoki to‘rtda keladi. Men yuqoriga, xonamga chiqaman. Salgarini o‘qiyman. Birdan yomg‘ir yog‘ib qoladi, go‘yo chelaklab quyayotgandek. Bir nafasda butun dunyoni misoli sel bosadi. Yolg‘izman, katakli daftarga she’r yozaman. Ertalab barvaqt uyg‘onaman. Olxo‘rilar hali pishmagan, ko‘m-ko‘k. Yana tepalikka yuguraman. Qo‘limdagi xaltachada ozroq tuz bor. Daraxtga tirmashib chiqib, yaxshilab o‘rnashib olaman, g‘o‘r olxo‘ridan asta tishlayman. Uzilgan olxo‘ri bo‘lagini og‘zimdan olib tuz sepaman. So‘ng yeyman. Yuzlarcha olxo‘rini shu zayl paqqos tushiraman. Tajribamdan yaxshi bilamanki, buncha olxo‘ri menga ko‘plik qiladi.
Uyimiz yonib ketgan, hozirgisi yangi, men uchun sirli, hali yechilmagan jumboq. Taxta to‘singa yaqinlashib qo‘shnilar tarafga mo‘ralayman. Hech kim yo‘q. Taxtani surib qarayman, g‘oz uchmaydi, bo‘m-bo‘sh. Faqat jirkanch o‘rgimchaklar. Hovlining etagida — hojatxona. Uning yonidagi daraxtlar bujmayib qolgan. Bodom mevalari oppoq fetr bilan burkangan. Men ro‘molcha bilan har xil hashoratlarni, pashshalarni ozor bermay tutishni bilaman. Pashshani qo‘limda ozroq ushlab turib, so‘ng qulog‘imga tutaman. G‘ing‘illashi yoqadi.
Qo‘rqinchli, vahimaga to‘la “Frontera” yerlarida qoramag‘iz bolakay, mitti shoir yakka-yolg‘iz. Hayot va kitoblar basma-bas menga mashaqqatli sir-sinoatlarini ochadi.
Bir kun kechqurun o‘qigan hikoyam hech esimdan chiqmaydi: olis Malayziya yerlarida o‘sadigan non daraxti asar qahramoni Sandokan va uning do‘stlarining hayotini saqlab qoladi.
Menga Buffalo Bill yoqmaydi — u hindularni o‘ldiradi. Lekin uning Shimoliy Amerika kengliklarida ot choptirib yurishi naqadar ajoyib, ayniqsa, qizil tanlilarning g‘aroyib kiyimida u behad jozibali ko‘rinadi.
Mendan ilk she’rimni qachon yozganim, umuman, she’riyatimning qanday yuzaga kelgani haqida tez-tez so‘rab turishadi. Eslashga urinib ko‘raman. Bolaligimda bir kuni — endi-endi yozishni o‘rgangan paytlarim — o‘zimda kuchli hayajon sezdim va bir necha qator qofiyali so‘zlar yozdim; ular ajabtovur tuyuldi, odatdagi nutqimga o‘xshamasdi. So‘zlarni qayta oqqa ko‘chirdim, qalbimda allaqanday, avvallari hech kuzatilmagan sog‘inchmi, qayg‘umi — shunga o‘xshash g‘aroyib hislar uyg‘ondi. Bular she’r edi, onamga atalgan — bolaligimning himoyachi farishtasi o‘gay onamga bag‘ishlangan she’r. Men o‘zimning ilk ijod mahsulimni tahlil qilishga, baholashga ojiz edim, shuning uchun ham yozganlarimni darhol ota-onamga ko‘rsatdim. Ular oshxonada o‘tirib past ovozda bolalar va kattalar o‘rtasidagi tafovutlar, qarama-qarshiliklar haqida gurunglashardi. Men esa o‘sha hayajon og‘ushida she’r yozilgan qog‘ozni ularga uzatdim. Otam parishonlik bilan qog‘ozni qo‘liga oldi va shu holatda she’rni o‘qib chiqdi, so‘ng pinagini buzmay qog‘ozni menga qaytarib berdi:
— Sen buni qayerdan olib yozding?
Shundan so‘ng ular yana oldingiday past ovozda o‘zlarining muhim mavzudagi suhbatlarini bamaylixotir davom ettirishdi.
Mening ilk she’rlarim, nazarimda, shu tariqa dunyoga keldi. Va xuddi shu tarzda beparvolik bilan bildirilgan “adabiy tanqidchilik”ning ilk bahosini oldim.
Lekin shunga qaramay men olg‘a intilar, olamni anglab yetish ilinjida kitoblar dengizida tartibsiz tanho suzardim. Kitob o‘qishga tashnaligim meni na oqshom va na kunduzi tinch qo‘yardi. Puerto-Saavedra sohilida mo‘jazgina qishloq kutubxonasi bo‘lardi. Kutubxonachi, keksa shoir don Augusto Uintera mening kitoblarga ochligimdan lol qolardi. “Qalay, o‘qib bo‘ldingmi?”, so‘rardi u menga Vargas Vila(1860 — 1933, kolumbiyalik romannavis.) yoki Rokambolning(sarguzasht romanlar muallifi) yangi kitobini berarkan. Men esa xuddi tuyaqushdek gap-so‘zsiz bu kitoblarni yamlamay yutardim.
O‘sha paytlar Temukoga mudom egniga uzun ko‘ylak, oyog‘iga past poshnali tufli kiyib yuradigan baland bo‘yli bir xonim ham kelgandi. U qizlar litseyining yangi direktori edi. Xonim janubdan, qorli Magellan bo‘g‘ozidan kelgan, uni Gabriela Mistral(1889 — 1957, chililik shoira, Lotin Amerikasi adiblari orasida birinchi Nobel mukofoti sovrindori), deya atashardi.
Men uning uzun ko‘ylakda shahar ko‘chalari bo‘ylab sayr qilishini kuzatardim va negadir undan cho‘chirdim. Kunlarning birida meni o‘sha ayolning uyiga olib borishganida bildimki, u judayam mehribon va muloyim ekan. Uning go‘zal araukaniyaliklarga o‘xshab ketadigan bug‘doyrang, nafis chehrasida hindu ayollariga xos chiroy barq urib turardi. Xonim tashrif buyurgan uy uning yoqimli kulgusidan, ayniqsa, ko‘zni qamashtiruvchi qordek oppoq tishlaridan charog‘on bo‘lib ketardi.
Men u bilan do‘st tutinishga yoshlik qilardim, qolaversa, haddan tashqari qo‘rqoq va tortinchoq edim. Men bu ayol bilan bir necha marta ko‘rishdim, xolos. Lekin shu uchrashuvlarning o‘zi menga yetarli edi — men u sovg‘a qilgan kitoblarni doimo o‘zim bilan olib yurardim. Bular, xonimning fikricha, jahon adabiyotining eng sara namunalari sanalgan rus yozuvchilarining asarlari edi. Bugun baralla aytishim mumkinki, Gabriela menga rus adiblari yordamida hayotga jiddiy va ochiq ko‘z bilan qarashni, narsalarni qanday bo‘lsa shundayligicha ko‘rishni va tahlil qilishni o‘rgatdi. Shundan so‘ng menda Tolstoy, Dostoyevskiy, Chexov singari yozuvchilar shaxsi va dahosiga ulkan havas uyg‘ondi. Va bu havas umrbod yashab qoladi…”
* * *
Asl ismi Neftali Rikardo bo‘lgan shoirni nima uchun Pablo Neruda deb atashadi? Bu haqda ijodkorning o‘zi shunday deb yozgan: “Men o‘n to‘rt yoshga kirganimda, otam she’r yozishimni ta’qiqlab qo‘ydi. U hech qachon o‘g‘lining shoir bo‘lishini istamasdi. She’rlarim chop etilayotganini otam bilmasligi uchun, tabiiyki, men boshqa bir nom izlashim, hech kimda shubha tug‘dirmaydigan ism topishim lozim edi. Shunday qilib, Chexiyada nashr etiladigan jurnallarning biridan men ana shunday ismni topdim. Neruda ismli bu yozuvchi o‘z xalqining faxri, bir qancha ajoyib ballada va romanslar muallifi edi. Pragada uning haykali ham o‘rnatilgan. Oradan ancha yillar o‘tib, Chexoslavakiyaga borganimda men darhol o‘sha haykalni qidirib topdim va sersoqol bu yozuvchining poyiga gullar qo‘ydim.”
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2007 yil 30-sonidan olindi.