Safarga otlandim bir o‘zim tanho;
Tumanli yo‘limda yarqirar toshlar.
Tun jimjit. Tangrini tinglaydi sahro,
Yulduz yulduz bilan so‘zlasha boshlar.
Mixail Lermontov
Rossiya tarixida Pyotr I tutgan mavqe nihoyatda baland, uning rus davlatchiligi taraqqiyotiga ta’siri juda katta. Lekin bu ta’sirga rus tarixchilari va ziyolilari aksariyat hollarda biryoqlama yondashadilar: uni mutlaq ijobiy baholaydilar. Kamdan-kam o‘rinlardagina biz ilk imperatorning Rossiya uchun ko‘rsatgan salbiy ta’siri haqidagi fikrlarni uchratamiz. Pyotrning ijobiy ta’siri shundaki, u Rossiyaning jahon madaniyati bilan bog‘lanishini ta’minladi, umumqabul qilingan fikrga ko‘ra, “Ovro‘paga darcha ochdi”. Uning davrida Rossiya qudratli dengiz flotiga ega bo‘lgan davlatga aylanish jarayonini boshladi, Fanlar Akademiyasi tuzildi, yangi poytaxt “Shimoliy Palmiro” – Sankt-Peterburg shahri qurildi va hokazo. Darhaqiqat, ulug‘ podsho keng miqyosli islohotlarni amalga oshirdi, Rossiyani chinakam taraqqiyot yo‘liga olib kirdi. Ammo uning Rossiya va ruslar taqdiriga salbiy ta’siri ham ulkan edi. Pyotr dinni davlatga bo‘ysundirdi: Sinod tuzildi va u to‘laligicha imperator xizmatiga o‘tdi, cherkov ruhoniylari davlat xavfsizlik xizmati ayg‘oqchilariga aylandi, tazarruga kelgan nasroniylarning siyosiy qarashlari haqida kashishlar va poplar maxsus tashkilotga muntazam axborot berib turadigan bo‘ldi. Natijada, dinning demokratik ta’siri, barcha nasroniylarning tengligi aqidasi yo‘qqa chiqarildi, xalq orasida unga ishonch tobora kamayib bordi, asta-sekinlik bilan xudojo‘y rus mujigi, birvarakay “ham farishtalik, ham shaytonlik” yo‘liga o‘tdi. Shunday qilib, Pyotr ba’zi rus mutafakkirlarining fikriga ko‘ra, Dajjolga aylanib, dinning mohiyatini buzib yubordi. Keyinchalik bu ma’naviy og‘riq, ulkan yo‘qotish badiiy asarlarda o‘z aksini topdi. XX asrda Aleksey Tolstoyning Pyotrni ulug‘laydigan “Ulug‘ Pyotr” romani, Marina Svetayevaning “Pyotr va Pushkin” she’ri singari ko‘pgina asarlar bilan bir qatorda emigratsiyada yashagan ulkan rus mutafakkir yozuvchisi Dmitriy Merejkovskiyning buyuk podshoni tanqid ostiga olgan “Dajjol” romani yaratildi. Bunday qarashlar she’riyatda ham o‘z aksini topdi. Sho‘rolar turmasida antisovet sifatida sakkiz yil o‘tirgan va mustabid tuzum inqirozi paytidagina yuzaga chiqqan, keyinchalik RSFSR Davlat mukofoti bilan taqdirlangan atoqli rus shoiri Boris Chichibabinning “Novыy mir” jurnalida (1989 yil, 7-son) bosilgan “Ming la’nat senga, ey ulug‘ Pyotr…” deb boshlanadigan “Pyotrga la’nat” she’rini misol tariqasida keltirish mumkin. Unda muqaddas Rusni “Etti qavat yer ostiga ko‘mib tashlagan, boshlarni qilichdan o‘tkazgan shafqatsiz va xudosiz podsho” haqida gap ketadi, u Dajjol sifatida talqin etiladi. Pyotr amalga oshirgan eng salbiy ishlardan yana biri shuki, uning davrida butun Rossiyada harbiy-politsiya tuzumi o‘rnatildi, hamma guberniyalar va uyezdlarda boshqaruv jandarmeriyalarga suyangan harbiylar qo‘liga o‘tdi. Rossiya ulkan politsiya mahkamasiga aylandi, har qanday erkinlik, hurfikrlilik juda qattiq ta’qib ostiga olinadigan bo‘ldi. Romanovlar sulolasi, keyingi rus podsholarining hammasi shu boshqaruv usuliga qat’iy amal qildilar. Eng yomoni shunda ediki, ular Pyotrning asosan ana shu salbiy jihatlarini dasturilamal qilib oldilar va ulug‘ podshoning ulug‘ islohotlarni amalga oshirganini unutib, faqat uning ulug‘ davlatchilik shovinizmiga yo‘g‘rilgan mustamlakachilik siyosatini ustuvor sanadilar. Shunday qilib, Rossiya qadimgi Yunon-Rum asotirlaridagi ma’bud Saturnga aylantirildi. Saturn o‘z bolalarini tug‘ilishi bilanoq, bir kun menga qarshi bosh ko‘tarmasin deb yamlab-yutib yuborardi. Rossiya ham o‘z buyuk farzandlari bilan shu taxlit munosabat qilardi. Tarixga nazar solsak, ne-ne buyuklar fojiasini ko‘rish mumkin: Pushkin, Lermontov otib o‘ldirildi, Nikolay Chernishevskiy ustidan qatl marosimi o‘tkazildi, Dostoyevskiy oldin o‘limga hukm qilindi, keyin o‘lim jazosi surgun bilan almashtirildi, Tolstoy nomiga Rossiyaning barcha cherkovlarida la’nat o‘qildi va u cherkovdan quvg‘in qilindi. Rus podshohlari ichida “Qassob” laqabini olgan Nikolay I ozodlik uchun ko‘tarilgan Polshani misli ko‘rilmagan jallodlik bilan qonga botirdi. Buyuk iste’dod egasi, daho shoir, yozuvchi, dramaturg Mixail Yurevich Lermontov ana shu zolim podsho davrida faoliyat ko‘rsatdi va surgun yerida duel bahonasida o‘ldirildi.
Mixail Yurevich Lermontov 1814 yili 15 oktyabrda Moskva shahrida dunyoga keldi. Onadan yetim qolgan Misha buvisining tarbiyasida katta bo‘ldi va 14 yoshida Moskva universitetining pansioniga o‘qishga kirdi. Pansiondan to‘g‘ri universitetga o‘tdi. Lekin talabalikning ikkinchi bosqichida hurfikrliligi, demokratik o‘zgarishlar tarafdori bo‘lgani va podshoparast professorlar bilan kelishmagani uchun “universitet nizomini buzdi” degan bahona bilan talabalar safidan chiqarildi. Keyingi yil Sankt-Peterburg universitetiga kirmoqchi bo‘ldi, lekin uni o‘qishga qabul qilmadilar, u – jandarmeriya nazorati ostidagi “ishonchsiz” yoshlardan edi. Shundan so‘ng Lermontov yunkerlar maktabiga kirishga majbur bo‘ldi. Ammo uning sevgan sohasi adabiyot edi. Uning ilk she’rlari 1828 yilda yozilgan. Dastlab “abadiy mavzu”larda she’rlar yozgan Lermontov tez orada kuchli ijtimoiy ruh bilan yo‘g‘rilgan, yoshiga nisbatan favqulodda mahoratga ega otashin shoirga aylandi. Uning tili sodda, go‘zal va xalqona edi, bu til shoir uslubining shakllanishida katta rol o‘ynadi. Lermontovning “Elkan”, “Borodino”, “Shoh Ivan Vasilevich, navjuvon yasovul va azamat savdogar Kalashnikov haqida qissa”, “Vatan”, “Mtsiri”, “O‘ylar”, “Ballada” kabi asarlarida xalqona ruh va ayni paytda insonparvarlik, vatanparvarlik, erkparvarlik g‘oyalari go‘zal badiiy shakllarda namoyon bo‘ladi.
O‘sha paytlarda, XIX asrning 30-yillarida Ovro‘pa adabiyotida buyuk ingliz shoiri Jorj Bayronning ta’siri juda kuchli bo‘lib, Bayron ruhi qalbu aqllarni egallagan, barcha e’tirof etganidek, Yer yuzi bo‘ylab bayronizm bo‘rondek esib o‘tgan edi. Gyote, Hayne, Balzak, Stendal, Hyugo singari buyuklar bayronizmni qabul qilgan, hatto Gyote “Don Juan”dan katta bir parchani olmonchaga o‘girib, e’lon qildirgan. Rus adabiyotida esa, Pushkin va Lermontov bayronizm maktabining buyuk vakillariga aylangan edilar. Ular Bayron ijodidagi erkinlik, insonparvarlik g‘oyalarini, uning shaxsan mustamlakachilikka qarshi olib borgan kurashlarini o‘zlari uchun maktab deb bilardilar. Lermontov Bayron bilan ayricha bir yaqinlikni, ruhan birdamlik tuyg‘usini chuqur his qilardi, unga qondoshligini intiutiv tarzda sezib turardi. Shu bois, o‘zini u Bayronga qiyosladi, rus Bayroni deb atadi:
Yo‘q, Bayronmas, o‘zga insonman, –
Hali hech kim bilmagan daho,
Garchand qalbim rusniki, ammo,
Uning kabi sargashta jonman[1].
Bundan salkam yarim asr muqaddam “Sovetskaya kultura” gazetasida Lermontovning Bayronga ona tomonidan uzoq qarindoshligi borligi to‘g‘risida ma’lumot berilgan edi. Darhaqiqat, Lermontov shajarasi xususida ikki xil fikr mavjud. Har ikki fikr ham rivoyatga borib taqaladi. Birinchisiga ko‘ra, Ispaniyani arablar bosib olgach, ulardan qochib Shotlandiyaga kelib qolgan aslzoda graf Lerma shajaraning asoschisi hisoblanadi, bu borada Mixail Lermontovning o‘zi chizgan “Bobokalon Lerma” degan suvrati ham bor. Ikkinchi fikr Lermontovlar shajarasining ibtidosida “Tristan va Izolda” romanining eng qadimgi variantini yaratgan shotland shoiri afsonaviy bard Tomas Lermont turishini ta’kidlaydi. Lermontlarning bir avlodi – Jorj Lermont o‘z baxtini sinash uchun Rossiyaga keladi va podsho tomonidan rus askarlarini harbu zarb san’atiga o‘rgatadigan zobit qilib tayinlanadi, unga Bulg‘a – Volga daryosi ortidagi joylardan yer (pomeste) ajratib beriladi. Shunday qilib, Lermontlar rus dvoryaniga aylanadilar. Ruslashib ketgan Lermontlar keyinchalik Lermontov familiyasini oladilar. Bayron esa, ma’lumki, ona tomonidan Skotland – Shotlandiya qiroli Iakov I Styuartga qarindosh. Demak, ikkinchi fikr haqiqatga yaqin – Lermontov shajarasi Lermontlar oilasiga borib taqaladi. Ular tomirida esa shotland qirollari qoni oqardi. Mixail Lermontovdagi hech bir rus shoirida uchramaydigan bayroncha dadillik, keskinlik, ma’lum ma’noda radikal demokratizm ehtimol ana shu qondan ham o‘tgandir.
Shunday qilib, bir tomondan Bayronni, ikkinchi tomondan erksevar Pushkinni ustoz deb bilgan yosh Lermontov kichik xalqlarni o‘ziga bo‘ysundirishga, ular hududlarini bosib olishga qaratilgan chor Rossiyasi tashqi siyosatiga va rus xalqining ozodlikka intilishi hamda shaxs erkini bo‘g‘ishga yo‘naltirilgan ichki siyosatiga nafrat bilan qarardi. Saturn-Rossiya va uning podshosi siyosati bilan har qanday kelishuvchanlikni inkor etardi va bu borada Pushkindan ancha ilgarilab ketgan edi. Chunonchi, Pushkin “Do‘stlarimga” she’rida bunday siyosatga podsho aybdor emas, uning atrofidagi maslahatgo‘ylari yomon, uni yomon yo‘lga xushomadgo‘ylar boshlamoqda qabilidagi misralarni tizadi, “Rossiyaga tuhmat qiluvchilarga” she’rida esa, erksevar Polshani qonga botirgan Nikolay Qassob qilmishlarini siforishlab o‘tishga urinadi, Polsha qirg‘inini slavyanlarning oilaviy janjali deb ataydi, rus shovinizmini, chorizmning bosqinchilik siyosatini jahon afkor ommasi ko‘zi oldida oqlashga harakat qiladi. Lermontovda, Pushkinda goh-goh uchrab turadigan bunday zaiflik, “ko‘ngli bo‘shlik” yo‘q, u Bayronga o‘xshagan nihoyatda keskin xatti-harakatlar qiladi. Peterburgdagi ballardan birida tanishmoqchi bo‘lib yaqinlashayotgan podshoning qizidan yuzini burib, o‘zini chetga oladi. Bu bilan u o‘zining saroy ahli, podsho oilasi bilan hech qachon hech qanday aloqa qilmasligini ko‘pchilik oldida ochiqchasiga namoyish etgan edi. Ha, Lermontov Saturn podshodan nafratlanardi. Shu bois birinchi marta “Shoirning o‘limi” she’ri va ikkinchi bor “Zamonamiz qahramoni” romani uchun Kavkazga surgun qilingan buyuk shoir bu qismatni nafrat aralash alam bilan qabul qiladi:
Alvido, yuvuqsiz Rossiya,
Quldorlaru qullarga makon!
Alvido, ey, ko‘kish mundirlar
Va ularga sodiq olomon.
Balki meni Kavkaz tog‘lari
Shohlaringdan yashirgay birpas:
Eshitolmas ding quloqlari,
O‘qdek ko‘zi ko‘rmas ehtimol[2].
Aslida Lermontov Vatanini, Rossiyani dil-dildan sevadi. Lekin bu sevgi, o‘zi aytganidek “boshqacha”, ko‘pchiliknikiga o‘xshamaydi. Unda podshoparastlik, shovinistik g‘urur, bosqinchilik g‘alabalaridan faxrlanish tuyg‘ulari yo‘q. Shoir o‘z Vatanini ozod va “qonlar to‘kilib topilgan shuhrat”dan xoli ko‘rishni istaydi, uni rus xalqining tinch mehnat shodliklari, milliy bayramlari maftun etadi:
Ko‘plar sezmas, men-chi: xursandman –
Xirmonlarni bo‘lug‘ ko‘rganda,
Poxolli tomlarga dilbandman,
Menga yoqar o‘yma darparda.
Bayram chog‘i, shudringli kecha
Boqsam deyman yarim tungacha, –
Hushtak bilan raqs nag‘masiga,
Mast dehqonlar hangomasiga[3].
Ha, Lermontov Rossiyaning Kavkazdagi g‘olibona urushini ko‘rgani ko‘zi yo‘q edi. Ammo qismat uni zobit sifatida ana shu urushda ishtirok etishga majbur qildi, unga iste’foga chiqib, adabiyot bilan shug‘ullanish uchun ruxsat berishmadi. Shoir harbiy xizmatga qasamyod qilgan zobit sifatida bu urushga bo‘lgan nafratini ochiq namoyon eta olmas edi. Shu sababli u noroziligini bilvosita tarzda – mustamlakaga aylantirilayotgan Kavkazga muhabbat ko‘rinishida aks ettirardi. Bu muhabbat shoirning qator she’rlarida, dostonlarida, nasriy asarlarida ham namoyon bo‘ldi va Rossiyaning mustamlakachilik siyosatiga qarshi isyonga aylandi. Qullik zanjiri bilan kishanband qilinayotgan Kavkazga achinish shoir qalbini poralaydi, hali Kavkazdan olisda ekanidayoq bu yurtning qismati uni iztirobga solardi:
Ey Kavkaz, ey, olis diyor,
To‘pori erk makoni!
Baxtsizlikka bo‘libsan yor,
Bo‘yapti urush qoni!..
Erkka aziz bo‘lgan makon
Halokdir erk yo‘lida[4].
Shu bois Lermontovning eng go‘zal dostonlari Kavkaz mavzuiga bag‘ishlandi: “Kavkaz asiri”, “Ismoilbey”, “Hoji Abrek”, “Mtsiri” “Bostunchi ovuli”, “Qochqin” va “Demon” shular jumlasidan.
Xullas, Lermontov ikki o‘t o‘rtasida yashadi: Rossiyani Vatan sifatida jondan sevdi, lekin unda hukmronlik qilgan “qullar va quldorlar” jamiyatidan nafratlandi. Bu nafrat tuyg‘usi nasriy va dramatik asarlarida ham o‘z aksini topdi. Uning “Vadim” qissasi, “Niqob bazmi” dramasi, “Zamonamiz qahramoni” romani ana shu munofiqlar jamiyatining, boshqalarni qul qilishi barobarida o‘zi qulga aylangan jamiyatning shaxs erkinligi va millat ravnaqi uchun naqadar dushman ekanini fosh etadi. “Niqob bazmi”dagi knyaz Arbenin asli or-nomusli, aqlli, shafqatli inson. Lekin sirti yaltiroq – ichi qaltiroq jamiyat, munofiqlikni ma’naviy odat qilib olgan kiborlar davrasi uning hayotini zaharlaydi. Halol, or-nomusli Arbenin oxir-oqibat qotilga aylanadi. Dramadan chiqadigan xulosa shuki, Peterburg kiborlar jamiyati o‘zidan bir bosh baland turadigan har bir shaxsning boshini yeydi, uni oyoqosti qilishga, halokatga mahkum etishga urinadi, undan qaqshatqich o‘ch oladi.
Lermontovning shoh asari bo‘lmish “Zamonamiz qahramoni” romanida ham jamiyat va shaxs munosabatlari asosiy o‘rinni egallaydi. Undagi bosh qahramon Pechorinni Ovro‘pa adabiyotidagi mashhur badiiy qiyofalar tizimining davomi deyish mumkin: Shatobrianning Renesi, Gyotening Verteri, Bayronning Don Juani, Balzakning Rastinyaki, Pushkinning Onegini uning salaflaridir. Pechorin aqlli, bilimli, iste’dodli, sog‘lom, irodasi kuchli inson, lekin u o‘zidagi bu fazilatlarning birortasini ro‘yobga chiqarish uchun mavjud jamiyatda imkon topolmaydi, umrini buyuk ishlarga bag‘ishlash o‘rniga “ermakka pista chaqish bilan shug‘ullanadi”, kontrabandistlarga aldanadi, qarta o‘yini, ayollar, duellar bilan vaqtini o‘tkazadi. Uning o‘zi yosh, lekin hayotga, hamma narsaga befarq, qalban qarigan. Bunday qismatni Bayron “Don Juan” she’riy romanida quyidagi achchiq alamli satrlar bilan shunday ifodalaydi:
Hozir o‘ttizdaman, ammo sochda oq…
Suratan yoshman-u, siyratan men – chol,
Hali May tugamay yozim o‘tdi, boq,
Jangari bo‘lmog‘im endi ko‘p mahol.
Umrim sarmoyasi endi – foyizsiz,
O‘zimni yengilmas sanash joyizsiz[5].
Lermontovning “O‘ylar” she’ridagi mana bu zamondosh – zamon qahramoni yozilajak romandagi bosh qahramon Pechorin qiyofasi uchun chizgilar edi:
Zamondosh naslimga qarayman g‘amgin,
Uning kelajagi – nursiz, sharafsiz…
Yaxshi-yomonlikka besharmu befarq,
Umr boshidayoq jangsiz so‘larmiz…
Sevgimiz – tasodif, nafratimiz ham,
Yo‘lida hech narsa qilmaymiz qurbon.
Qonda yoshlik o‘ti qaynab turgan dam
Sirli bir sovuqlik qalbda hukmron…[6]
Pechorin zamon uchun “ortiqcha odam”. Zamon pechorinlarni yoqtirmaydi, chunki, ular zamondan baland turadilar. Shuning uchun ham aynan ana shu “ortiqcha odamlar” o‘z zamonasining haqiqiy qahramonlaridir, ular zamonni olg‘a yetaklash qudratiga ega, biroq zamon ularni o‘z temir iskanjasiga olib halok qiladi: shuncha bilim, yuksak aql-idrok, faollik, ma’naviy qudrat behudaga sarf bo‘ladi. Shunday qilib, “Zamonamiz qahramoni” romani “ortiqcha odamni” emas, zamonni o‘zgartirish haqidagi g‘amgin ma’naviyat qo‘shig‘iga aylanadi.
Romandagi bu bosh g‘oyani ilg‘or fikrli kishilar xursandchilik va qoniqish bilan, hukmron doiralar esa g‘azab bilan kutib oldilar. O‘zini Pushkin asarlarining tsenzori deb e’lon qilgan va Lermontov asarlariga ham tsenzorlik ko‘zi bilan qaragan podsho Nikolay I esa, “Zamonamiz qahramoni”ni diqqat bilan o‘qib chiqib, kinoya aralash g‘azabda shunday deb yozgan edi: “Men “Qahramon”ni oxirigacha o‘qib chiqdim va uning ikkinchi qismini o‘ta rasvo, modaga aylanib ketish uchun tayyor narsa deb bilaman. Bu ham hozirgi romanlarda uchratadiganimiz – jirkanch xarakterlarning bo‘rttirma tasviridan boshqa narsa emas… Shunday qilib, men ishonch bilan aytamanki, bu – muallifning kattagina boshibuzuq ekanligini ko‘rsatadigan va hech narsaga arzimaydigan kitob… Oq yo‘l, janob Lermontov! Bir boshini tozalab kelsin!..”[7] Saturn-Rossiyaning podshosi ana shu taxlit Lermontovni ikkinchi bor Kavkazga, eng og‘ir janglar olib borilayotgan joydagi Tengin piyodalar polkiga surgun qildi. U yerda shoir, zamondoshlaridan biri aytganidek, “Dantesning nusxasi pastkash Martinov” tomonidan duelda nomardlarcha otib o‘ldirildi va uning jasadi kechgacha yomg‘ir ostida qolib ketdi. Cherkov ko‘mish marosimini o‘tkazishdan bosh tortdi. Bu xabarni eshitgan Nikolay xursandligini yashirmadi: “Itga it o‘limi!”, dedi u, bu yovuzlikdan qoniqish bilan.
Ilg‘or rus ziyolilari shoir o‘limini misli ko‘rilmagan ulkan qayg‘u, Rossiyaning fojiasi sifatida qabul qildilar: mustabid Rossiya o‘zining yana bir daho farzandining boshini yegan edi. Ha, Lermontov, yosh ketishiga, yigirma yettiga to‘lmay halok bo‘lganiga qaramay, tom ma’nodagi daholik darajasiga ko‘tarila oldi.
Lermonov haqida gap ketar ekan, yana bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Bu – uning Pushkinga taqlidi masalasi. Darhaqiqat, bu bor gap, Lermontov uchun Bayron va Pushkin, aytib o‘tilganidek, namuna edi. U Pushkinni nihoyatda sevardi, dastlab unga taqlidan she’rlar yozgani ham ma’lum. Biroq bu taqlid buyuk shoirga oddiy ergashish emasdi, uning yo‘lidan borib, yangi yo‘lni, unikidan ham kengroq, kattaroq yo‘lni ochishga intilish edi. Zero, har qanday ijodkor o‘z yo‘lini taqliddan boshlaydi, hamma gap o‘sha taqlid darajasida qolib ketmaslikda. Lermontov Pushkinni davom ettirgan va undan-da yuksaklikka ko‘tarila bilgan daho edi. Tadqiqotchilar ko‘pincha “Uch xurmo” she’rini Pushkinning “Qur’ondan iqtibos” she’riy turkumiga taqlid deyishadi. To‘g‘ri, bu turkum Lermontovga ta’sir qilgani shubhasiz, lekin u Pushkin o‘z she’rida ilgari surgan g‘oyani yana ham yuksakroq darajada aks ettiradi. Chunonchi, Pushkin turkumda Alloh qudratining tengsizligi va karamining cheksizligini badiiy aks ettiradi: Alloh butun olamni har soniyada o‘z izmida tutib turadi, istasa yosh odamni – keksa, keksani – yosh qilib qo‘ya oladi… Lermontovda esa, Alloh shu qudrat bilan birgalikda odil va rahmdil, transtsendental haqiqat sohibi: adolatli, shafiq bo‘lgani uchun ham U uzoq vaqt xurmolaru buloq boshiga odamlarni yo‘latmaydi. Bunday oliy adolatni tushunmay, Yaratgandan norozi bo‘lgan xurmolar oxir-oqibat odamzod qo‘lida halok bo‘ladi. Ayni paytda “Uch xurmo”, inson falsafasini o‘rtaga tashlagan falsafiy she’r sifatida ham “Qur’ondan iqtibos”ga nisbatan olg‘a tashlangan qadamdir. Yoki “Vadim” qissasi Pushkinning “Dubrovskiy”sini eslatishini olaylik. Haqiqatan ham shunday: har ikki qissada xo‘rlangan ota uchun qasos olishga uringan farzandlar bosh qahramonlardir. Lekin, birinchidan, “Vadim” yozilganida hali “Dubrovskiy” chop etilmagan edi. Ikkinchi tomondan, Dubrovskiy qaroqchilik to‘dasiga boshchilik qiladi, Vadim esa xalq qo‘zg‘olonini uyushtirishga urinadi: Lermontov Vadimining ijtimoiy harakat doirasi Dubrovskiynikiga nisbatan miqyosli.
Bu ikki daho shoirning yana bir o‘xshashlik jihati shundaki, ular Jorj Bayron izidan borib, “Sharq dostonlari”ni yaratadilar. Lekin har ikki “Sharq dostonlari” solishtirilganda, shuni aniq ko‘rish mumkinki, Pushkin erkin Kavkazni va Kavkaz erkini ma’lum ma’noda romantik-ekzotik nuqtai nazardan tasvirlaydi. Lermontovda esa, Kavkazga, o‘z ozodligi uchun kurashayotgan xalqlarga real muhabbat va hurmat birinchi o‘rinda turadi. Misol uchun Pushkinning tugallanmagan “Tazit” dostoni bilan Lermontovning “Qochqin” dostonini solishtirib ko‘rish o‘rinli. Tazit jangovorlikni yoqtirmaydi, u tinch, sevgilisi bilan baxtli yashashni xohlaydi. Shu tufayli qon to‘kishni istamaydi, ham o‘z otasi, ham sevgan qizining nafratiga uchraydi. Pushkin dostonda Kavkazni tinchlikka chaqiradi, uning tag-zaminida, unchalik yaqqol bo‘lmasa-da, kavkazliklarni taqdirga tan berishga undash g‘oyasi ilg‘ar-ilg‘amas ko‘zga tashlanadi. Lermontovning “Qochqin”idagi Horun ham jang qilishni istamaydi, u rus bosqinchilariga qarshi kurashgan otasi bilan akasining jasadini jang maydonida qoldirib, intiqom olish o‘rniga qurolini tashlab qochadi. Ammo Lermontov uni oqlashga intilmaydi, aksincha, Vatan uchun jangdan qochgan inson nafratga sazovor, degan g‘oyani ilgari suradi: “Qochqin”dagi Horun bevatan daydiga aylangan inson, bir umrlik darbadarlikka mahkum, onasiyu vatandoshlari la’natiga uchragan nomard tog‘lik. Shunday qilib, Pushkin Tazitning sezilar-sezilmas “yonini olsa”, Lermontov Horunga ochiqchasiga tavqi la’nat tamg‘asini bosadi. Bu o‘rnida ham, ko‘rinib turibdiki, Lermontov Kavkaz xalqlari milliy ozodlik kurashining tarafdori sifatida namoyon bo‘ladi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, bu fikrlarimiz qandaydir ma’noda Pushkinni kamsitish, uni Lermontovdan quyi o‘ringa qo‘yishga urinish emas. Aslo. Har bir milliy adabiyotning o‘z asoschisi bo‘lganidek, Pushkin ham rus adabiyotining tom ma’nodagi asoschisi edi va shunday bo‘lib qoladi. To‘g‘ri, ungacha Trediakovskiy, Xeraskov, Sumorokov, Lomonosov, Derjavin, Jukovskiy, Batyushkov singari shoirlar rus adabiyotini umumslavyan adabiyotidan ajralib chiqishida katta xizmat qildilar. Timsolli qilib aytganda, ular Pushkinning paydo bo‘lishi uchun maydon yaratdilar. Pushkin esa, o‘sha maydonda o‘z asarlari bilan oltindan poydevor qurdi. Lermontov, Tolstoy, Nekrasov, Blok, Yesenin, Pasternak, Svetayeva, Axmatova – rus adabiyotining barcha buyuklari va kuni kecha bizga zamondosh bo‘lgan Nikolay Rubtsov, Yuriy Kuznetsov singari ulkan iste’dod egalari ham ana shu poydevor ustida o‘z go‘zal binolarini qurdilar. U binolar qanchalik mahobatli, qanchalik hashamatli va go‘zal bo‘lmasin ularga doimo oltin poydevorning shu’lasi tushib turadi. Buni o‘z vaqtida tushunib yetgan ulug‘ mutafakkir V.G. Belinskiy “Zamonamiz qahramoni” haqida fikr yuritar ekan, Pechorin va Oneginni o‘ziga xos qiyoslab shunday deb yozgan edi: Lermontovning Pechorini… bu – zamonamizning Onegini, zamonamiz qahramoni. Ularning o‘zaro o‘xshash emasligi Onega va Pechora[8] oralig‘idagi masofadan ancha qisqa… Onegin badiiy jihatdan Pechorindan qanchalik baland bo‘lsa, g‘oyaviy tomondan Pechorin Onegindan shunchalik baland ”[9]. Boshqa bir o‘rinda Belinskiy bu fikrini shunday izohlab beradi: “Lermontov romanining g‘oyasi zamirida ichki inson haqidagi muhim zamonaviy masala yotadi… Voqelikni teran his qilish, haqiqatni to‘g‘ri intuitiv seza bilish, soddalik, xarakterlarning badiiy tasviri, mazmun boyligi, tengsiz ifoda go‘zalligi, shoirona til, inson qalbi va zamonaviy jamiyatni chuqur bilish, mo‘yqalamning miqyosiyligi va dadilligi, ruhning kuchi va qudrati, boy va go‘zal xayolot, estetik hayotning tuganmas mo‘lligi, tabiiy o‘ziga xoslik va originallik – butunlay yangi bir san’at dunyosini namoyish etadigan ushbu asarning sifatlari mana shu ”[10].
O‘sha davr ilg‘or rus tanqidchiligida Pushkin va Lermontov dahosini qiyoslash, ularni bir-biridan farqlash alohida o‘rin tutadi. Chunonchi, Belinskiy shunday deb yozadi: “Pushkin qalb botinidagi hissiyotlar shoiri, Lermontov beshafqat haqiqat – fikr shoiri. Pushkinning pafosi san’at doirasi ichidagi san’at bilan chegaralanadi; Lermontov pafosi inson shaxsining taqdiri va huquqi to‘g‘risidagi axloqiy masalalardan iborat… Pushkinda nazokat va samimiyat qanchalik katta o‘rin egallasa, Lermontovda jazillatadigan keskir kuch she’rning asosiy sifati hisoblanadi: bu momoqaldiroqning qarsillashi, chaqinning yaraqlashi, qilichning sermalishi, o‘qning chiyillashi”[11].
Ayni shu masalada buyuk rus faylasufi va tanqidchisi N.G. Chernishevsiy ancha keskin fikrlar bildiradi. U o‘zining “Gogol davri rus adabiyoti ocherklari” deb nomlangan, adabiy tanqidning fundamental namunasiga aylangan yirik maqola-tadqiqotida shunday deb yozadi: “U (Lermontov – A. Sh. ) Pushkinga tashqi-shakliy bo‘ysunishdan juda tez qutildi va o‘zigacha bo‘lgan barcha shoirlarga nisbatan, Pushkinni ham istisno qilmagan holda, misli ko‘rilmagan darajadagi original shoirga aylandi”[12].
Kundaliklarida esa, Chernishevskiy Lermontov dahosini Pushkindan yuqori qo‘yadi. U bir suhbat haqida fikr yuritar ekan, shunday deb yozadi: “Men esa… Lermontovni Pushkindan baland qo‘yaman ”[13].
To‘g‘ri, Chernishevskiyning bu fikri bahsli, zero u ko‘proq Lermontov asarlaridagi ijtimoiy zalvorni nazarda tutadi. Boshqa tomondan, uni kundalikdagi nisbatan sub’ektiv fikr deyish mumkin. Lekin mazkur fikr Lermontov dahosini e’tirof etish nuqtai nazaridan muhimdir.
Darhaqiqat, Lermontov, aytib o‘tilganidek, Pushkinning taqlidchisi emas, uning yangi pog‘onadagi davomchisi. Zero, u Dantes o‘qi bilan yiqitilgan Pushkinning qo‘lidan erk va she’riyat bayrog‘ini olib, uni yanada balandroq ko‘targan daho, koinot bilan sirlashishga musharraf bo‘lgan, yulduzlar suhbatini tinglay bilgan mutafakkir shoir darajasiga ko‘tarildi. “Zamonamiz qahramoni”ning uchinchi nashriga yozgan taqrizida Belinskiy roman haqida: “toki ruslar ruscha so‘zlashar ekanlar, u yashayveradi ”[14], degan edi. Buyuk tanqidchining bu gaplarini Lermontovning barcha asarlariga bemalol tadbiq qilish mumkin. Lekin, shuni ham aytish kerakki, endilikda Lermontov faqat ruslarning emas, barcha erksevar xalqlarning sevimli shoiridir, shu jumladan, biz o‘zbeklarning ham. Uning dahosi kitobxonlarimizni matonatli, nomus-orli, millat ozodligini, Vatan mustaqilligini, shaxs erkini qadrlaydigan inson bo‘lishga, shoir-yozuvchilarimizni esa, erk uchun, ezgulik uchun, ma’naviyat uchun kurashda dadillik va faollik ko‘rsatishga doimo chorlab turaveradi.
Abdulla Sher
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son
___________________
[1] Lermontov M. Yu. Suzib borar oppoq bir yelkan. T., “O‘zbekiston”, 2011, 70-b. Abdulla Sher tarjimasi.
[2] O‘sha kitob. 72-b. Abdulla Sher tarjimasi.
[3] O‘sha kitob. 18-b. Maqsud Shayxzoda tarjimasi.
[4] Lermontov M. Yu. Tanlangan asarlar, I tom. T., O‘zdavnashr, 1955, 58-b. Hamid G‘ulom tarjimasi.
[5] Bayron J. G. Ushalmagan orzular. T., «O‘zbekiston», 2011, 146-b. Abdulla Sher tarjimasi.
[6] Lermontov M. Yu. Suzib borar olis bir yelkan, 25-26-b. Asqad Muxtor tarjimasi.
[7] Selegey P. Domik Lermontova. Stavropolskoye knijnoye izdatelsvo, 1974. S. 108.
[8] Rossiyadagi ko‘l va daryoning nomlari (A.Sh.)
[9] Belinskiy V. G. Sobraniye sochineniy v devyati tomax. T. 3. M. , «Xudojestvennaya literatura», 1978. S. 146.
[10] O‘sha manba. S. 393.
[11] Belinskiy V. G. Sobraniye sochineniy v devyati tomax. T. 5. S. 430.
[12] Chernыshevskiy N. G. Izbrannыe filosofskiye sochineniya. Izdaniye v trex tomax. T. 1. Gosudarstvennoye izdatelstvo politicheskoy literaturы. M., 1950. S. 542.
[13] Chernыshevskiy N. G. Izbrannыe filosofskiye sochineniya. T. 3. S. 853.
[14] Belinskiy V. G. Sobraniye sochineniy v devyati tomax. T. 7. S. 436.