Dunyoga taniqli yozuvchi Chingiz Aytmatov haqida o‘ylar ekanman, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida ishlab yurgan paytlarim xotiramda jonlandi. Qanday ajoyib damlar edi. Ayniqsa, Asqad Muxtor, Odil Yoqubov, Ibrohim G‘afurovdek ustozlar, Ahmadjon Meliboyevdek tug‘ma muharrir bilan bir safda turib ishlash men kabi hali o‘z yo‘lini topolmagan jurnalist uchun katta maktab bo‘lgandi. U paytlarni eslasam yuragim hapriqadi… Ko‘z o‘ngimdan yarim kechalari “Senzo‘r”ning talabi bilan sahifa-sahifa maqolalarni almashtirib, tong otar qilganlarimiz yodimga tushadi. Charchoq nimaligini bilmasdik. Endi o‘ylasam, bunday mehnatsevarlikning sababi bor ekan: gazetaning yangi soni ertasiga kioskalarda bitta ham qolmay tarqab ketganini ko‘rish biz uchun katta faxr edi.
O‘tgan yili buyuk alloma Alixonto‘ra Sog‘uniy bosgan yo‘llardan yurib, zamonamizning yana bir ulug‘ insoni Chingiz Aytmatov tug‘ilib-o‘sgan Talasga borib qoldim. Sog‘uniy domlaning shogirdlaridan biri – Bayot o‘g‘li Sotilg‘an hoji shu qadim va yuksak tog‘lar bag‘rida istiqomat qilar ekan. Hoji ota bizga o‘n olti yil mobaynida o‘zi ta’lim olgan ustozi haqida so‘nmas xotiralarini so‘zlab berdi.
Bu tabarruk zotning yoshlari to‘qsonga borib qolgan edi. Shu bois, u kishiga savollar berib, toliqtirib qo‘yishni istamadim. O‘rtancha o‘g‘illari Zohidjondan Chingiz og‘a tug‘ilgan Shakar ovuli bu yerdan qanchalik masofada ekanini so‘ramoqchi edim, ammo shu payt hamrohlarimizdan birining qo‘l telefoni jiringlab, meni chalg‘itdi… Biz ortga qaytib ketdik. Shakar ovulini ko‘rish armon bo‘lib qoldi. Yo‘lda ekanmiz, hamrohlarimdan biri mening tumshayib qolganimni ko‘rib, Shakar ovuli Sotilg‘an og‘aning uyidan juda ham olisda, tog‘lar orasidaligini aytdi va bugun nomi dunyoda mashhur bu kichik go‘sha haqida bilganlarini gapirib berdi. Xayolimda Sotilg‘an otaning qirlikdagi qiyg‘os gulga kirgan olmazorlari jonlandi. Bahorning sarrin shabadasi esayotgan edi o‘shanda. Bu epkin Chingiz Aytmatovday buyuk yozuvchini bergan Shakarning totli hidini dimog‘imga urganday bo‘ldi…
1995 yili Toshkentda Markaziy Osiyo xalqlari madaniyati assambleyasi ta’sis etildi. Shu munosabat bilan poytaxtimizga qardosh respublikalardan ko‘pgina taniqli shoir va yozuvchilar, san’atkorlar kelishdi. Chingiz Aytmatov Assambleya prezidenti, ustoz Odil Yoqubov vitse-prezidenti etib saylanishdi. Ota Turkistonning bir-birlaridan anchayin uzoqlashib qolgan adabiyot va san’at namoyandalari uch kun mobaynida bir-birlari bilan qo‘l olishdi, dillarida to‘planib qolgan gaplarini bir-birlariga aytish imkoniga ega bo‘lishdi. Ezgu rejalar tuzildi, adabiy-madaniy bordi-keldilar boshlandi. Ammo… oradan vaqt o‘tib, bir-birlari tomon cho‘zilgan bu qo‘llarning tafti, bir-birlariga hamroz bo‘lgan bu dillarning quvonchlari so‘ndi. Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubovdek buyuklar ham assambelyaning “umri”ni uzaytira olmadilar. Sababi, ayrim olg‘irlar boshliqlarning oq ko‘ngilligidan foydalanib, o‘z manfaatlari yo‘lida zo‘r berib “ishlab” qolishgan ekan. Nima bo‘lganda ham, assambleyaning qisqa faoliyati Markaziy Osiyo xalqlarining bundan buyon o‘z qobiqlariga o‘ralib yashashlari mumkin emasligi, najot faqat hamjihatlikda ekanini ko‘rsatdi. Shuning o‘zi katta gap edi. Ammo buni kim sezdi, kim sezmadi…
Taniqli qozoq shoiri Muxtor Shoxonov bilan o‘sha Assambleya ish boshlagan kunlari tanishib, do‘stlashib qoldik. Chingiz Aytmatov “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobining muqaddimasida Muxtor Shoxonov haqida shunday deydi: “Hayotimda ikkita Muxtorga duch kelganman. Birinchisi – menga otalarcha g‘amxo‘rlik qilgan ustozim, buyuk yozuvchi Muxtor Avezov bo‘lsa, ikkinchisi – shoir, eski do‘stim va sirdoshim Muxtor Shoxonov. Menimcha, Muxtor Shoxonov O‘rta Osiyodagi ulug‘ shoirlardan biri hisoblanadi. Meni maftun etgan narsa shuki, u qiziquvchan mutafakkir, izlanuvchan inson. Sharq donishmandligi bilan G‘arb dunyoqarashini o‘zida mujassamlashtirgan nozik qalb sohibi. Agar o‘z vatanidan tashqarida shoirni kimdir yaxshi bilmasa, bu uning aybi emas. Ushbu kitob-suhbat yordamida o‘quvchilar ommasi uning serqirra she’riyati bilan yaqinroq tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi”…
Xullas, men Assambleyaning tashkil etilishi kunlari Chingiz Aytmatovday ulug‘ adibning nazariga tushib ulgurgan, hatto u bilan tengma-teng darajada suhbatlasha oladigan shoir bilan tanishganimdan mamnun edim. Oradan bir muncha vaqt o‘tib, Bishkek shahrida “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobining taqdimoti munosabati bilan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga taklifnoma keldi. Taqdimotga Toshkentdan O‘zbekiston xalq yozuvchilari Odil Yoqubov, To‘lepbergan Qayipbergenov va o‘zbek-qirg‘iz adabiy aloqlarini yo‘lga qo‘yishda katta mehnatlari singgan shoir va tarjimon Tursunboy Adashboyev va muxbir sifatida kamina Bishkek shahriga bordik. Odil aka bilan To‘lepbergen og‘a kunduzi samolyotda ketishdi. O‘sha yillari men “Vatan” gazetasining bosh muharriri edim. Gazetaning kundalik yumushlarini so‘ngiga yetkazib, Tursunboy Adashboyev ikkimiz Bishkekka boradigan tungi avtobusda yo‘lga chiqdik. Tursunboy aka bilan safarda hech qachon zerikmaysiz. Bu benazir inson o‘zbek adabiyotini, o‘z xalqining hayotini qanchalik chuqur bilsa, qirg‘iz adabiyoti va san’atini, ushbu xalqning afsonayu asotirlarini ham shu darajada yaxshi bilar edi. Hatto ayrim hamkasblarimiz Tursunboy Adashboyev asli qirg‘iz bo‘lsa kerak, deb aytganlariga-da, guvohman. Bunday paytlarda ko‘pchiligimiz o‘zbek ham, qirg‘iz ham bir turkiy qavm ekanini unutib qo‘yamiz. Bu endi boshqa masala…
Mehmonlarni Chingiz Aytmatovning “Ala archa” qarorgohi hududidagi dala hovlisiga joylashtirishlari bizga oldindan ma’lum edi. Erta tongda avtobusdan tushiboq, to‘g‘ri o‘sha manzilga yo‘l tortdik ikkimiz. Mehmonxonaga kirib borsak, Odil og‘a va To‘lepbergan og‘a bir-birlariga qarab, mo‘ltirab o‘tirishibdi. Ular kechadan buyon ancha zerikib qolishgan edi… Shu orada tashqarida oyoq ovozlari eshitilib, xonaga Chingiz Aytmatov kirib keldi…
Men bu buyuk yozuvchini birinchi marta yaqindan ko‘rishim edi. Hammamiz o‘rnimizdan turib salomlashdik. U oqsoqollar bilan quchoq ochib ko‘rishdi. Odil Yoqubovga “sen”lab murojaat qildi: “Adil, seni va To‘le akani o‘z vatanimda ko‘rganimdan o‘ta xursandman, uzr, sizlarni o‘zim kutib ololmadim. Lyuksemburgdan hozirgina uchib keldim, dedi-da, o‘rnidan turib, u ham to‘g‘ri borib, muzlatgichni ochdi. – Voy-bo‘yov, kerakli narsa ko‘rinmayapti-ku”, deb kuldi. Shunda Odil aka o‘tirgan joyidan gap qotdi:
– Chingiz, ko‘p urinma, dasturxonda hamma narsa bor. Manavi Tursunbay bilan Yaqibjan ukang sening yo‘qligingni bildirishmayapti. O‘zbekniyam, qirg‘izniyam qimizidan simirib o‘tiribmiz.
– O‘zagi bitta odamlar shunday bo‘ladi-da, Adil, birining yortisini ikkinchisi but qiladi, – dedi Chingiz og‘a davraga qaytar ekan.
– Dasturxon har yerda topiladi. Ammo turkiy xalqlarimiz bugungiday sochilib ketsa, birining qavatiga ikkinchisi kirmasa, unda ahvol chatoq bo‘ladi. Hali o‘qib bahosini berasizlar, bugun taqdimoti o‘tkazilayotgan kitobda bu masalalarga alohida to‘xtalganmiz. Sen yaxshi bilasan, 1919 yilda endigina tashkil topgan Turkiston respublikasining musulmon byurosiga qozoq xalqining otashin farzandi, atoqli jamoat arbobi, taniqli inqilobchi Turor Risqulov rais etib tayinlangan. Byuro a’zolari tarkibida boshqa turkiy xalqlarning vakillari qatori o‘zbek xalqining o‘tyurak vatanparvari Nizomiddin Xo‘jayev ham bo‘lgan. O‘sha paytda byuro a’zolari Turkiston respublikasida yashaydigan aholining to‘qson besh foizi nomidan yoki barcha musulmonlar nomidan yagona markaz rahbarlik qiladi, ya’ni barcha musulmonlarning iqtisodiy, madaniy, harbiy siyosati bitta markazga bo‘ysundiriladi, degan to‘xtamga keladilar… Biroq, Turkiston respublikasi rahbarlarining tashabbusidan qo‘rqib ketgan Moskva hukumati darhol byuroni tarqatib yuboradi hamda O‘rta Osiyo va Qozog‘istonda bir-biridan ayrilgan ittifoqdosh respublikalar tuzishga kirishadi. Ularni albatta markazdan bir kishi boshqarib o‘tirardi. Risqulov hamda Nizomiddin Xo‘jayev kabi davlat arboblarining taqdirlari naqadar ayanchli kechganini sizlar yaxshi bilasiz. Bir so‘z bilan aytganda, Adil, biz o‘tmishimizni o‘z qo‘llarimiz bilan yerga toptab yubordik. O‘zimizning johilligimiz tufayli buyuk g‘oya so‘nib ketdi. Agar xalq o‘sha g‘oyani uyg‘otmasa, o‘sha g‘oyani ko‘tarmasa, endi uni hayotga qaytarish nihoyatda mashaqqatli bo‘ladi…
Chingiz og‘aning bu gaplariga ham, mana, yigirma yildan ko‘p vaqt bo‘ldi. Bu orada Markaziy Osiyo respublikalari xalqlarining birdamligi haqida ko‘p gapirildi-yu, ammo oz ish qilindi. Xudoga shukur, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zining dastlabki qadamlarini qo‘shni respublikalar bilan samimiy muloqotga kirishishdan, qardoshlik aloqalarini tiklashdan boshladi. Prezidentimiz o‘zining mamlakat Oliy Majlisiga qilgan murojaatida shunday dedi: “O‘zbekistonning tashqi siyosatida Markaziy Osiyo – bosh ustivor yo‘nalish” tamoyilini amalda tatbiq etishga kirishdik. Natijada mintaqamizda mutlaqo yangi siyosiy muhit yaratildi, o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilik asosidagi aloqalar mustahkamlanmoqda”. Darhaqiqat, shunday. Bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarni har qanday ko‘zi ochiq va qalbi sezgir odam ko‘rib-bilib turibdi. Chingiz Aytmatov aytgan xalqning uyg‘onishi ayni shudir.
Xullas, Chingiz og‘a davraga qaytib, ana shu so‘zlarni aytar ekan, uzoq sukutga cho‘mdi. Bu og‘ir fikrlarga qo‘shimcha qilishga hech kimning haddi sig‘madi, chunki turkiylarning butun fojialari ana shu ikki og‘iz gapda o‘z tajassumini topgan edi…
“Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori” kitobining, qirg‘izcha aytganda, “tushovkesdi”sini o‘tkazib, Toshkentga qaytganimizdan so‘ng, xamir uchidan patir sifatida undan bir parchani tarjima qilib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida chop ettirdim. O‘sha kunlari Bishkekdan Chingiz og‘a bilan Muxtor Shoxonov kelib qolishdi. Qizim Munisxonni turmushga uzatayotgan edim. Mehmonlarni bir guruh do‘stlar bilan uyga taklif qildim, borishdi.
“Qizimiz Munisga! Baxtli bo‘lishingni tilab, Chingiz Aytmatov, Muxtor Shoxonov” deb imzo qo‘yilgan suvenir-qo‘biz haligacha uyining to‘rini bezab turibdi.
To‘yoldi suhbati qizigandan qizidi. Yozuvchi Nabijon Boqiyning og‘alarga murojaat qilib aytgan ayrim so‘zlarini ularga o‘zim “tarjima” qilib turdim. Gap orasida “Cho‘qqida qolgan ovchining ohi-zori”ni ham birgalikda tarjima qilish niyatimiz borligini aytib o‘tdim. Bu fikr Chingiz Aytmatovga ma’qul bo‘ldi. Chunki, eshitgan edimki, dunyo tan olgan mazkur yozuvchi o‘z asarlarining tarjimonlari kimlar va ular o‘zlari mansub adabiy muhitda qanday mavqega ega, degan masalaga har doim e’tibor bilan qaragan. Chingiz og‘aning oq fotihasi bilan keyinchalik asarning nasr qismini Nabijon, nazm qismini esa kamina tarjima qilib, chop ettirdik.
Davraning yana bir ishtirokchisi yozuvchi va jurnalist, mohir muharrir Ahmadjon Meliboyev edi. Ahmadjon aka talabalik yillaridayoq Frunze (hozirgi Bishkek) shahriga borib, Chingiz Aytmatov bilan uchrashib, uning ijodi haqida diplom ishi yozgan, matbuotda maqolalar e’lon qilgan kishi. Bir so‘z bilan aytganda, Chingiz og‘aning eski tanishi. Shu bois ham u mehmonlarga ijodkor yoshlar, shuningdek, mehmonlar bilan shaxsan tanish bo‘lgan o‘zbek yozuvchilarining yangi asarlari xususida qirg‘iz tilida so‘zlab berdi. Chingiz Aytmatovning o‘sha suhbatda hammamizga qarata: “O‘tmishni o‘rganishni, o‘tmishga munosabatni yuksak darajaga ko‘tarish lozim…” degan so‘zlari hamon yodimda. Goho o‘ylanib qolaman: ulug‘ ustozning bu maslahatiga qanchalar amal qildik? Odil Yoqubov va boshqa o‘nlab ustozlarning ijodlarini qanchalik va qay yo‘sinda o‘rgandik? Nima sababdan bugun adabiyotimizda dadil qalam tebratayotgan o‘n-o‘n beshta yozuvchining nomidan nariga o‘tolmayapmiz? Holbuki, qayoqqa qaramang kitob, kitob… Biz esa farzandlarimizning nima qilib bo‘lsa ham kitob o‘qishlarini juda-juda xohlaymiz. Ammo ular qanday kitoblarni o‘qimoqdalar? Bunga ko‘pda e’tibor bermaymiz. Albatta, Chingiz Aytmatov, Odil Yoqubov bu yorug‘ dunyoga bir kelib, o‘z so‘zini aytib ketgan daho yozuvchilardir. Ular endi qaytishmaydi. Biroq biz – oddiy kitobxonlar, adabiyotimizdan jahonshumul iste’dodlarni kutishga haqqimiz bormi? Bor, albatta.
O‘zbek adabiyoti va Chingiz Aytmatov! Bular aslida bitta, yalakat hodisadir. Ularning dardu armonlari, quvonchu tashvishlari hamohang. Zero, Chingiz og‘a qachon va qayerda bo‘lmasin, har doim bir ko‘zi bilan, yuragining bir zarbi bilan O‘zbekistonga nazar solib, bu yerda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy, adabiy-madaniy jarayonlardan voqif bo‘lib turar edi. Bunday mehr-oqibatni uning matbuotdagi chiqishlari, davralardagi muloqotlari, do‘stlariga yo‘llagan maktublari va, nihoyat, yaratgan asarlaridan sezish mumkin. Shu ma’noda, Aytmatovning o‘z do‘sti, dong‘i ham, changi ham chiqqan o‘zbek yozuvchisi Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani haqidagi maktub-maqolasini chetlab o‘tish qiyin. “Literaturnaya gazeta”da “Yashab bo‘lingan asrlar uchun oqlov” (“Opravdaniye za projitыe veka”) sarlavhasi ostida e’lon qilingan maktub keyinchalik yozuvchining sobiq Frunze shahrida chop etilgan “V soavtorstve s zemleyu i vodoyu…” kitobiga biroz qisqartishlar bilan (qarang, qanday zamonlarda yashagan ekanmiz, hatto dunyo tanigan yozuvchilar ham “tsenzo‘r”ning qaychisidan qutulolmagan) kiritilgan. O‘sha maqolada quyidagilarni o‘qiymiz: “Ulug‘bek”ni (Odil Yoqubovning “Ulug‘bek xazinasi” romani – Yo.X.) ancha kechikib, ammo zavq bilan o‘qib chiqdim. Yaxshi asar haqida so‘z yuritish quvonarlidir. Bu – yuksak va benihoya qimmatli asar, o‘zining badiiy qiymati bilan ham e’tiborga molik tarixiy roman meni qattiq hayajonga soldi. Hayajonimning asosiy sababchisi – roviylikning sehrli usuli, biroq buning barchasidan tashqari sening asaringni o‘qiyturib, men ulug‘ turkiy g‘ururni his etdim. Ulug‘bek hamisha bizni oqlovchi kuch, u bizning dardimiz va dunyo haqida fikr yuritishga, unga to‘la hakamlik qilishga huquq beradigan yuksak tarbiyaviy iztirobimizdir. Bu yuksak tajriba Ulug‘bek, garchi uning kashfiyotlari olamshumul ahamiyat kasb etsa-da, buyuk olim bo‘lganida emas, balki ziyoli va haqgo‘y insonning fojiasi Ulug‘bek shaxsi va taqdirida kechganidadir. Ulug‘bek menga faqat o‘rta asrning atoqli olimi bo‘lgani uchungina qadrli emas, aksincha, taqdir uni eng mashaqqatli va ulug‘vor fojiani boshidan kechirishga, shunday murakkab hayot yo‘lini bosib o‘tishga mahkum etganki, u o‘z davrining hamma qabul qilgan tartib-qoidalariga qarshi borib, shunga qarshi isyon ko‘targan shaxs sifatida ham buyukdir.
Har qanday davrning, hatto ma’rifatli zamonlarning ham o‘z ulug‘beklari bor. Buning ustiga “Ulug‘bek”larning shunday yangi qismati bo‘lmaganida ularning olim ekanliklarini muayyan qatlamdagi mutaxassislardan bo‘lak hech kim bilmas edi. Va shuning barobarida jahon san’atida Shekspir, Gyote, Tomas Mann va hatto Tolstoy singari so‘z san’atkorlarining paydo bo‘lishi ham gumon edi. “Ulug‘bek”ni o‘qib turib, men shuni his etdim va o‘ylaymanki, eng muhimi ham shu”.
Ikki ulug‘ adibning o‘zaro suhbatlarida, yuqorida aytganimdek, bir necha bor ishtirok etganman. Uchoqlarda birga uchganman, ular non-tuz yegan dasturxonlar atrofida o‘tirganman. Bundan bir umr faxrlanaman. Chingiz og‘a suhbatdoshi kim bo‘lishidan qat’iy nazar, unga ochiq yuz bilan, samimiy munosabatda bo‘lar edi. Necha bor ko‘rgan bo‘lsam, uning harakatlarida biron-bir kibr-havoga uyqash holatni sezmadim. Chingiz og‘a turkiy xalqlar tarixini yaxshi bilar edi. Bir suhbatda shunday degani yodimda: “Qancha-qancha qadimiy qo‘lyozma asarlarimiz o‘zining chop etilishini, tadqiqotlarni kutib yotibdi. Biz esa Ahmad Yassaviy – qozoq, Mahmud Koshg‘ariy – uyg‘ur, Bolosog‘uniy – qirg‘iz, Muhammad al-Xorazmiy – o‘zbek deb tortishib yotibmiz. Agar bizning bobolarimiz shu yagona Turkistonda yashab o‘tgan bo‘lsalar, nega biz “seniki-meniki” qilishimiz kerak? O‘sha buyuklar hammamizniki emasmi?! Yanayam xorijlik g‘irt begonalarga rahmat! O‘shanday asarlar ustida hamon tadqiqotlar olib borishmoqda…”. Eh, bunday o‘gitlardan kimning ko‘zi ochildi, kimlarniki yopiqligicha ketdi…
Gapning rosti, o‘zligini tanigan har bir ijodkor qo‘liga qalam olar ekan, yuqoridagi orzularni maqsad qiladi. Ammo hamma gap shundaki, bu orzularning ushalishi barchaga ham nasib etavermaydi. Asrlarning yemiruvchi bo‘ronlarini sanoqli ijodkorlargina yengib o‘tadi. Yodimda, ikki asrning buyuk yozuvchisi Chingiz Aytmatovning vafoti haqidagi xabarni eshitgan paytimda ko‘nglimdan shu fikrlar kechgan edi. Ichimda nimadir uzilgandi, o‘shanda. Kalovlanib qolgandim: turkiy xalq, turk buduni o‘zining eng aziz kishisini yo‘qotgan edi.
Aytmatovning dahosi nimalarda namoyon bo‘ladi? Adib o‘z maqolalarining birida shunday yozadi: “San’at yaxshilikka, hayotni sevishga, nekbinlikka da’vat etishi lozim. Ayni mahalda, san’at insonni chuqur o‘ylarga cho‘mdirishi, uning qalbini alg‘ov-dalg‘ov qilishi, undagi qudratli iztiroblar, yomonlikka qarshi isyon tuyg‘ularini paydo qilishi, uning “qars” etib sinishiga, qayg‘uga botishiga va toptalgan, hayotdagi paymol etilgan mo‘tabar jihatlarni tiklash uchun sobit turishga da’vat etishi ham haqiqat”.
Aytaylik, “Oq kema”dagi bola obrazi odamni o‘yga toldirmaydimi? Mo‘min chol-chi? “Asrga tatigulik kun”dagi Bo‘ronli Edigey-chi? Manqurt qilingan bolasi Jo‘lomon qo‘lidan o‘q yegan Nayman ona haqidagi rivoyatda asrimiz fojialari namoyon bo‘lmaydimi? Chingiz og‘aning har bir asari, har bir obrazi kitobxonni befarq qoldirmaydi, chuqur o‘yga toldiradi. Qalbini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuboradi, to‘fonli iztirobga soladi. Insoniyat erishgan eng yaxshi odatlarni, yuksak tuyg‘ularni tiklash va saqlash uchun sobit turishga da’vat etadi. Uning dahosi mana shunda, deb o‘ylayman. Shundan bo‘lsa kerak, ulug‘ insonga, o‘lmas asarlar, barhayot obrazlar yaratgan yozuvchiga zamondosh bo‘lganimizdan faxrlanamiz va “Aytmatov bizlardan, bizniki edi” deya jahonga yorug‘ yuz bilan boqamiz.
«Yoshlik» jurnali, 2018 yil, 6-son