Har qanday asar kitobxonda muayyan taassurot qoldiradi. Kitobxon yozuvchi tasvirlayotgan voqealarga ishonishi yoki ishonmasligi, e’tiroz bildirishi yoki undan qoniqmasligi ham mumkin. Erkin Samandarovning «Daryosini yo‘qotgan qirg‘oq» romani shu jihatdan kitobxonda birmuncha yaxshi taassurot qoldiradi va munozarali fikrlarni uyg‘otadi, e’tirozlarga ham sabab bo‘ladi.
Asar qahramonlarining xarakterlari turg‘unlik yillarida tabiatga nisbatan shafqatsizlik bilan munosabatda bo‘lish natijasida kelib chiqqan og‘ir oqibatlarni tasvirlash orqali ochiladi. Romanda ta’sirli, ishonarli hayotiy qahramonlar, o‘quvchining qalbiga yo‘l topa oladigan sahifalar anchagina. Biz shularni nazarda tutib, romanni shartli ravishda uch qismga ajratdik va uning birinchi bo‘lagida yodda qolarli xarakterlar bilan yuzma-yuz keldik. Bular shuhratparastlik bilan yuqori lavozimni egallagan partiya rahbari Boltabekov, Duldulsoy qurilishining muovini Aminov, kolxoz rahbari Isroil rais (keyinchalik ijroqo‘m raisi), rayon militsiya bo‘limining boshlig‘i Rahmonovlardir.
Bularni nima uchun esda qolarli xarakterlar deb atadik? Shunday deb baho berishga, uni asoslashga arziydigan dalillarimiz bormi? Ma’lumki, nasriy asarning, umuman badiiy adabiyotning eng muhim xususiyatlaridan biri — qahramonni ta’riflamasdan tasvirlay bilish, uning ruhiy olamini ochish, jonli shaxs sifatida gavdalantirishdan iborat. Yuqorida tilga olingan qahramonlarni yozuvchi shu yo‘nalishda yarata olgan.
Rahbar Boltabekov romanda uncha ko‘p ko‘rinmasa-da, eng razil ishlarni o‘zgalar qo‘li bilan amalga oshira oladi, o‘z tasarrufidagi hamma ishlarni shu qadar ustalik bilan qo‘lga oladiki, bu shaxs go‘yo hech bir hayajonlanmay qotillik qilayotgan kishiga va turg‘unlik yillaridagi fojialarning sababchisiga aylanib boraveradi.
Aminov — o‘z shaxsiy hayotini yuksak darajada ta’minlashga, ayshi-ishrat bilan bu dunyoning gashtini surishga intiladigan va bunga erisha oladigan odam. Rahmonov esa — deyarli his-tuyg‘ulardan va odamiylikdan mahrum bo‘lgan, vatan, tabiat degan tushunchalarni istagancha oyoqosti qila oladigan, o‘zgalarga ozor berib, undan rohatlanadigan shaxs. Isroil rais ham shular jumlasidan.
Romanda bularning hammasini birlashtirib turuvchi narsa shuhratparastlikdir. «Butunittifoq zarbdor qurilishi» deb e’lon qilingan, aslida Amu va Orol bo‘yi atrofidagi vohaning tabiiy muhit holatini buzadigan Duldulsoy GESining qurilishi turg‘unlik davri qahramonlariga shuhratparastlikka erishishning barcha yo‘llarini ochib beradi. Negaki, ular razilligini va yomon niyatlarini hamisha partiyaga sodiqlik shiori bilan o‘raydilar. Davrning o‘zida esa buning uchun imkoniyat yaratilgan. Ya’ni vohaning tabiiy muvozanatini buzadigan GES qurilishi planini davlat rasmiy ravishda tasdiqlab qo‘yibdi. Bu yerga «umumxalq ishi», «mehnat fronti», «zarbdor qurilish» shiori ostida komsomollar, yosh mutaxassislar jalb etilgan va hokazo.
Aslida nima bo‘layapti? Bu rahbarlar oqibati xalqqa ziyon-zahmat, azob-uqubat keltiradigan bu ishdan nima manfaat ko‘radilar? Ularga qarshi kuch, xalq qudratining zakovati sezilmaydimi? Turg‘unlik davrida, umuman jamiyatimiz tabiatida aql-idrokni oyoqosti qiladigan, adolatning qanotini, haqiqatparvar kishilarning irodasini sindiradigan imkoniyatlar ko‘p. Bu holat ko‘pincha yuqoridan nima buyruq berilsa, uni hech o‘ylamasdan ijro etadigan demagoglarga katta yo‘l ochib beradi va hamisha ularning parvozini ta’minlab turadi. Romandagi Boltabekov, Aminov, Rahmonov, Isroil rais kabilar ma’naviy jihatdan qashshoq, ilmiy saviyalari o‘ta past bo‘lishiga qaramay yuqoridagi imkoniyatlardan foydalanib, haqiqat tantanasi uchun kurashuvchilarning intilishini bo‘g‘adilar va yana shu ishlari uchun mukofotlarga, ordenlarga ham ega bo‘ladilar.
Romanda adolat yo‘lida kurashuvchilar, tabiatni poymol qiluvchilarga butun vujudi bilan qarshi turuvchi qahramonlar ham bor. Bular energetik Duxanov, yosh mutaxassis Ganja, xalq orasida hurmat qozongan dono Muhammad buva, to‘g‘riso‘z, nohaqlikka chiday olmaydigan Qurbon domla, tabiat uchun fidoyi Obodlardir.
Duxanov Duldulsoy qurilishining loyihasida tabiatni poymol etuvchi holatlarni Toshkentdan kelgan vakil Usov ishtirokidagi yig‘ilishda isbot etib beradi. Shunday yirik qurilishni, shifobaxsh tuz koni va to‘qayzordagi ajoyib jonzotlarni asrab qolgan holda barpo qilish mumkinligini ham ilmiy, ham hayotiy misollar bilan ko‘rsatib beradi. Lekin shuncha mulohaza va urinish qurilish boshqarmasining muovini Aminovning: «Duldulsoy Butunittifoq komsomol qurilishi deb e’lon qilingan, u yerda turli millat vakillari bir yoqadan bosh chiqarib kechayu kunduz ishlamoqdalar, o‘rtoq Duxanovning so‘zlari ularning qo‘lini ishdan sovutadi», deb aytgan gapi bilan chippakka chiqadi. Shu tariqa Boltabekov, Aminov, Isroil rais, Rahmonov va boshqalar odamlarning, hatto o‘z farzandining (Duldulsoyda Aminov buyrug‘i bilan amalga oshirilgan portlashlarning birida uning o‘g‘li o‘ladi) qurbon bo‘lishiga qaramay, tantanavor mitinglar o‘tkaziladi, shov-shuvga, qichqiriqlarga zo‘r beriladi.
Mana shu tarzda turg‘unlik davri ruhi bilan uiing rahbarlari o‘rtasidagi hamohanglik uyg‘unlashib boradi. Salbiy kuchlarning holati va harakatlari birmuncha teran ochiladi, hatto Aminovga o‘g‘lining o‘limi eng katta rahbarlarning kelishiga bag‘ishlangan mitingni o‘z vaqtida o‘tkazish oldida hech narsaga arzimay qoladi.
Romanning tili jozibali. Xalq sayllari, Guldor kemadagi sayohatlar, to‘y manzaralari shular jumlasidan. Shuningdek bu manzaralar yana qadimiy Xorazm dostonlari ohanglarida ko‘ngillarga orom beruvchi sokin va mayin bir tarzda bayon qilinganki, asarga ham ta’sirchanlik, ham milliy ruh baxsh etadi.
Romanning ikkinchi qismi deb ajratganimiz Muhammad buvaning otlarni to‘qayga tashlab kelish uchun yuborilishi, u yerda tabiatning oyoqosti qilinishi, to‘qayzordagi parrandalar, hayvonot olamining suv ombori tagida qolishi, shifobaxsh tuz konining bekilishi, otlarning (G‘irqov, Meliqush, Marjon) xuddi insonlar yanglig‘ faryodi, Buvaning yana to‘qayga borishi, otlar bilan birga halok bo‘lishi va bu manzaralarning barchasi hayajon bilan tasvirlanganki, ular o‘quvchi qalbini larzaga soladi, iztirobli tuyg‘ularini kuchaytiradi.
Duldulsoy qurilishining direktori Anisimov xarakteri ham ishonarli yaratilgan. U — shamolning esishiga qarab ish tutadigan, yer tagida ilon qimirlasa sezadigan shaxs. Anisimov partiya yo‘llanmasi bilan qayerga ishga yuborilsa, o‘sha joyda faoliyat ko‘rsata oladigan, mahalliy xalqning dardi, tabiati bilan qiziqmaydigan, o‘zi tinch bo‘lsa, oilasining oromi buzilmasa, hamma joyni vatan deb hisoblaydigan odam. Anisimovning injener Iskandarov bilan quyidagi suhbati bu xil odamlarning tabiatini juda yorqin ochib beradi.
«— Shu vaqtgacha o‘ndan ko‘p shaharda ishladim, Yusufbek, yirikyirik qurilishlarni boshqardim. Bir yerda mixlanib o‘tiradigan odamlarga hayronman. Mog‘or bosib qolmaydimi? Otam ham shunday jahongashta bo‘lgan, u shahardan bu shaharga ko‘chganimiz ko‘chgan edi. Ko‘chmanchining naq o‘zi, hey. Bunday olib qarasang, shu yaxshi-da. Dunyo ko‘rasan, odam taniysan. Yashab qolasan. Senlar, Yusufbek, meni ma’zur tut-u, kindik qonim to‘kilgan deb bitta tuproqqa yopishib olasanlar. O‘la-o‘lguncha undan bir qadam nari jilmaysanlar, hey. Kindik qoni to‘kilsa nima bo‘pti? Men kindik qonim to‘kilgan joyni ayricha tutmayman. Qayerda odamning qorni to‘ysa, shu yer uning vatani».
Jumhuriyatimiz tabiatining vayron bo‘lishida, paxta yakkaziroatchiligining qaror topishida shunga o‘xshagan insonlarning xizmatlari benihoya katta. Bugun oshkoralik, qayta qurish davrida bunday «faoliyatli» shaxslarning qiyofasi yanada mukammal yaratilishi kerakki, bu borada dadil qalam tebratgan muallifni tabriklash mumkin.
Endi, taqrizimizning: «Roman ayrim juz’iy kamchiliklardan holi emas», deb boshlanadigan zerikarli qismiga keldik. Shunday bo‘lsa-da, an’anaga sodiq qolamiz hamda bu nuqson va jiddiy kamchiliklar nimalarda ko‘rinadi, degan savol qo‘yamiz.
Avvalo romandagi ijobiy qahramonlar nihoyatda ojiz, ayrim tasodiflar bilan tezda ko‘zdan g‘oyib bo‘ladigan, birmuncha nasihatgo‘y tarzda yaratilgan. Masalan, o‘z loyihasi, asosli e’tirozlari bilan Boltabekov va Aminovlarga jiddiy qarshilik ko‘rsatayotgan Duxanov Boltabekov qo‘llagan reja bo‘yicha, yuqoridagilarning talabi qondirilib, Yamanga ishga yuboriladi. Ikki qadrdon do‘st — Ganja va Obod fitna va ig‘voning tuzog‘iga tushib qoladilar, haqiqat uchun kurashchi Qurbon domla nihoyatda jo‘n tuhmat bilan (umrida nasha, narkotik moddalarning nimaligini bilmagan domlaning uyiga qo‘shnisi nasha berkitib qo‘yadi) qamaladi. Natijada to‘qnashuvlarning jiddiy tus olishi, olishuvlar, fikrlar jangi susayib, oxir-oqibatda so‘nib qoladi.
Romanda kishini o‘ylantirgan, ishonchsizlik bilan qarashga undaydigan voqealardan biri, bu — Ganjaning qotillikka qo‘l urishi, rashk tufayli do‘sti Obodni o‘ldirishidir. To‘g‘ri, rashk qotillikka undashi mumkin. Bunga misollar ko‘p. Lekin hamma gap yozuvchining o‘quvchini unga ishontira olishidadir. Lekin mazkur asar qahramoni Ganjada paydo bo‘lgan rashk jaholatga undasa-da, do‘sti Obodning xatti-harakati, uning Ganjaga bo‘lgan sadoqati bunday qotillikning yuz berishiga shubha uyg‘otadi… Ganjaning xotini Qumridagi ikkilanish kitobxonni ishontira olmaydi. Bu holatni yozuvchining o‘zi ham voqealar bayonida deyarli sezib turadi, shuning uchun romanning so‘nggida Qumrining kundaliklari orqali bunga yana ishora qiladi, uning «majbur bo‘lganlari» haqida ayrim dalillar keltiradi, lekin baribir o‘quvchi ko‘nglining bir chekkasidagi o‘sha ishonchsizlik yo‘qolib ketmaydi.
Nihoyat, o‘zimda mutlaqo qoniqmaslik tuyg‘usini uyg‘otgan jihat romanning uchinchi qismi: Ganjaning xalq boshiga musibatlar keltirgan, ona yurt tabiatini oyoqosti qilgan, o‘zini qotillikka undagan shaxslarga nisbatan kurashishi, ularning kirdikorlarini fosh qilishga bag‘ishlangan sahifalardir.
Avvalo, gapning rostini aytsak, bizda bir xunuk ish uslubi borki, bu — jazolangan shaxslarga nisbatan tutgan muomalamiz bilan bog‘liqdir. Mabodo biron tasodif tufayli rahbariyat tomonidan hayfsan olib qolguday bo‘lsang, butun yil davomida qilgan qanchaqancha halol mehnatlaring ikki pul bo‘ladi. Agar biron jinoyatga qo‘l urib qamalsang (hatto nohaq qamalgan taqdiringda ham), yana avvalgiday ishlab ketmog‘ing qiyin. Mazkur roman qahramoni esa o‘z do‘stini yoqasidan bo‘g‘ib, xotini ishlaydigan rayon ijroiya komitetining bo‘limiga olib kiradi, xotinining ko‘z oldida (Qumrixon rayon ijroiya komitetining bo‘lim mudiri) pichoqlab o‘ldiradi. Vaholanki, Qumrining nomusini oyoqosti qilgan Obod emas, Aminov edi.
Mana endi o‘zingiz o‘ylang, Ganja ana shunday jinoyat qilgani holda, harbiydan qaytgan va bilagi kuchga to‘lgan yoshlar, Afg‘onistonda baynalmilal burchini ado etib, birmuncha imkoniyatlarga ega bo‘lgan jangchilar, yaxshigina mutaxassis, bilimdon kishilar ish topolmayotgan bizning jumhuriyatimizda o‘z do‘stini o‘ldirib qamoqdan qaytib kelgan Ganja yana avvalgiday mutaxassisligi bo‘yicha o‘z ishini davom ettiraveradi. (Aslida qaniydi shunday bo‘lsa, lekin bizning jazo olganlarga nisbatan muomalamiz mantiqiga zid-ku bu).
Kitobxonni hayratda qoldiradigan yana bir narsa borki, Ganja qamoqdan qaytgach, adliya xodimi Olimon Odilov bilan (bu odam Ganja qamoqdaligida unga ko‘p yaxshilik qilgan, dardini eshitgan) birgalikda Aminovlarga qarshi kurash olib boradi, ularning kirdikorlarini fosh etadi, bu kurash jarayoni ko‘proq majlisbozlik ruhida namoyon bo‘ladi va o‘quvchini zeriktiradi.
Xullas, asar yomonlikning mag‘lubiyati, poraxo‘rlik va u bilan bog‘liq bo‘lgan barcha jinoyatlar va jinoyatchilarning fosh etilishi, ularning qo‘llariga kishan solinishi, adolatning to‘la tantanasi bilan yakunlanadi.
«Guliston» jurnali, 1990 yil, 7-son