Valentin Osipov. Mixail Sholoxovning so‘nggi kunlari

U bu hayotining ichiga hech kimni qo‘ymagan edi. Ko‘nglim falon narsani sezayapti, qabilidagi gapni ham yozmagandi. Oq yo‘l tilash uchun qalamkash do‘stlarini chorlamagandi. Intervyu uchun jurnalistni taklif qilishi to‘g‘risida-ku, gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasdi.

XONANDALARGA QADAH “SUNILSIN”

Baribir ham Sholoxovga uning taqdiri chizmoqchi bo‘lgan shoh suvratni yaratish hozircha to‘xtab turadigan bo‘lgandi, aniqrog‘i, u o‘ziga, hayotining so‘nggi yillariga chizadigan suvrat. Bor-yo‘g‘i allaqanday qurama bo‘yoqlar.

1980 yil… Markazqo‘m Mixail Sholoxovga ikkinchi marta Sotsialistik Mehnat Qahramoni unvoni berib, uning 75 yillik to‘yini nishonlashga qaror qildi. Ikki marta Qahramon haykali o‘rnatilayotganda bir vyoshenlikdan so‘rashgandi: “Poyiga qanaqa gullardan eksak ekan?” Mug‘ambirona miyig‘da kulib, “Shuvoq”, deb javob qilishdi.

U tug‘ilgan kunida mehmonlarni uyida kutajagini aytdi.

– Nechta odam aytaylik?

– Oshxonamizga nechta sig‘sa, o‘shancha, undan ko‘p emas.

24 mayda Vyoshkaga taklif etilish menga ham nasib etdi.

Yubilyarning o‘zi yaqinda boshidan o‘tkazgan kuchli betoblik tufayli, aytishlaricha, insult bo‘libdi – stanitsaning Madaniyat saroyiga kelolmagandi. Biroq uni yolg‘izlatib qo‘yishmadi – uning barcha shaxsiy mehmonlari tantanalardan keyin yoziladigan dasturxonga taklif qilib qo‘yilgandi. Dasturxon davrasi g‘oyat katta bo‘lgandi: Mariya Petrovna, barcha o‘g‘il va qizlari oilalari bilan va ulfatdosh mehmonlar – yozuvchilar, partiya xodimlaridan safdoshlari, o‘sha paytdagi hukumat raisi A.N.Kosiginning qizi, yana unga yaqin odamlar.

O‘sha ziyofatdan yon daftarida ikki satrgina yozuv qolgandi. Sholoxovga bor-yo‘g‘i ikkitagina so‘z tegishli bo‘lgan joydagi narsa nima ekan?

…Tabriklash navbati kelgan moskvalik shoir Yegor Isayev yubilyarga sovg‘a tariqasida o‘zining “Xotira aybi” dostonidan bir nimalarni o‘qiy ketdi. Tan olish kerak – g‘oyatda ustalik bilan o‘qirdi: har bir bo‘g‘in, har bir turoq, har bir so‘z to‘g‘ri yurakka borib tegmoqda, vujudni qamrab olmoqda edi. Bir vaqt qarasam – Sholoxovning shoirga hamdardona tikilib turgan ko‘zlari yoshlana boshlayapti. Fahm qilishimcha, ko‘pchilik orasida bu holdan u o‘zini noqulay sezdi. Toshib kelayotgan yosh yelini to‘xtatishga harakat qilar ekan, sigaretaga yopishdi. Biroq, bilib turibmanki, har qancha chiranmasin, pora-pora bo‘lgan qalbi unga orom bermayotgandi.

U bilan yonma-yon o‘tirganlar ham yozuvchidagi tobora ortib borayotgan ruhiy iztirobni ilg‘ashdi – hali butunlay sog‘ayib ketmagan keksa odam uchun bunday zo‘riqish xatardan xoli emasdi. Sholoxovning panasidan turib Isayevga she’r o‘qishni to‘xtatishi kerakligini ishora bilan anglatishga urinishardi.

Shoir, qarasam, dam berish kerakligini darhol anglabdi va dastlabki imkoniyatdayoq she’r o‘qishni to‘xtatdi. Buni anglagan bir u emasdi. Shu zahoti Don yozuvchisi Vitaliy Aleksandrovich Zakrutkin o‘rnidan turadi. Ikkalasi ham apil-tapil shivirlashib kelishib oldi-da, jo‘rlikda eski don kazaklari qo‘shig‘ini xirgoyi qila ketdi. Buni birinchi marta kuylashmayotgani bilinib turardi. Don haqidagi so‘zlarga yetganda qo‘shiq avji ayniqsa yaxshi chiqdi:

Otajonim deb yig‘layman, kuyaman men,
Qadrdonim deb yig‘layman, kuyaman,
Oh, qaydasan meni tuqqan vatanim, qaydasan?…

Mana, necha yillar so‘ngida ham Sholoxov qo‘shiqni qay tarzda tinglaganini hech topib ifoda etolmaganimdan alamim kelib ketadi – sel bo‘lib tinglaganmidim-ey, bilmadim… Ammo bir narsa aniq edi: qo‘shiq ohangi uni olis-olislarga olib ketganini hamma ko‘rib turardi.

Xonandalar qo‘shiqni tugatganda, sukunat ichida nihoyat keskinlikni yumshatib, sholoxovchasiga, kutilmaganda, aytilgan tashakkur so‘zi yangradi:

– Xonandalarga qadah sunilsin!

Bu gapni u yarim hazil tariqasida shunday ohangda aytdiki, go‘yo rostdan ham kazak qo‘shinlari qarshisida turib ataman–komandir buyruq bergandek. Faqat gap egasi komandirchasiga emas, balki sholoxovchasiga jilmaydi.

MAXFIY NARSA HAQIDA O‘G‘LIGA AYTIB TURDI

Yozuvchining kichik o‘g‘li Mixail Mixaylovichga balli, u endi butunlay og‘ir yotgan otasining og‘zidan chiqqan so‘zlarni astoydil qog‘ozga tushirib bordi, Bir o‘zi nimanidir so‘rardi, bir otasi yonimga o‘ltir deb iltimos qilardi, yuragidagini to‘kmoqchi bo‘lardi.

O‘g‘li so‘radi: “Nima uchun Stalin shaxsiga sig‘inish kerak bo‘lib qoldi?” Agar gap uzayib ketmasin desangiz, o‘g‘lining yozib olganlaridan quyidagilar bilan javob qilsa bo‘ladi:

– Axir o‘zingiz o‘ylab ko‘ring: revolyutsiyadan keyin bizda bundan boshqa nima bo‘lishi ham mumkin edi? Mana, deylik: “Barcha hokimiyat Sovetlarga!” Sovetlarga kimlar kirardi? Bunga bitta-yarimta odam javob aytardi deb o‘ylaysanmi? “Ishchi, dehqon va soldat deputatlari sovetlari” – bor gap shu. Ammo bu narsa, azizim, shiorlarda yaxshi jaranglaydi… Shu shiorni olib xutorga, tirik odamlar oldiga bor-chi. Ulardan ishchilar yetishib chiqmaydi, albatta. Dehqonlar-chi? Dehqonlar – marhamat, istaganingcha bor, hamma dehqon. Ulardan kim deputat bo‘ladi?.. Ha, albatta, Shchukar bobo emas. Razmetkov bilan Makar ham emas, ular o‘z oilalarini ham eplab ololmaydilar, odamga o‘xshab tuzukkina tamaki tortishning ham uddasidan chiqolmaydilar… Kazaklar ularning yuziga to‘g‘ri shunday deydilar: obbo og‘aynilar-ey, ikkita cho‘chqani teng bo‘lishib ololmaysizlar, chunki peshonangizga bittadan ortiq cho‘chqa ko‘rish yozilmagan-da, endi kelib-kelib bizga maslahat beradigan bo‘lib qoldingizmi? Yakov lukichlaru titkovlarni yaqin yo‘latib bo‘lmaydi. Sovetlar ularni sinf sifatida tugatish uchun tashkil etilgandi… Oxirida eng maqbul kelgani mana shu “soldatcha” Sovetlar bo‘ldi. Bu hokimiyatni kim qo‘lida qurol olib egallagan bo‘lsa, boshqarsin. Ular-chi, kimlar edi aslida?.. Aytish mumkinki, durustgina targ‘ibotchilar edi, xolos. Yoki Ivan Dzerjinskiy operada kuylaganidek, “durust yigitlar” bo‘lishi mumkin. Biroq hayotni yangichasiga qayta qurmoq uchun durust yigitlargina bo‘lish kamlik qiladi. Xuddi mana shu inqilob qahramonlari rahbar o‘rindiqlariga o‘ltirib olishgan… Bilim degan narsadan nom-nishon yo‘q. Faqat birgina urush uquvini meros qoldirdilar – buyruq olish va buyruq berish, vassalom. Xutor komissari oyog‘ini qo‘liga olgancha buyruq ketidan stanitsa boshlig‘i huzuriga uchadi. U esa, xuddi uning o‘ziga o‘xshagan lashkar, faqat unvoni sal balandroq odam – viloyatga chopadi. Viloyatdagi qayoqqa chopadi? Shunda xohlaysanmi, xohlamaysanmi, biroq eng yuqorida dohiy paydo bo‘lishi kerak-da. Aynan dohiy. Oliy Bosh qo‘mondon. U uzil-kesil oliy qarorlar qabul qilishni zimmasiga mardonavor olishga qodir inson… Barcha uchun. Yuqoridan eng quyigacha va Moskvadan mamlakatning eng chekka joylarigacha…

Bu maqola sahifalaridagi monolog keng tarqalgan. Biroq 1985 yildan keyin matbuotda paydo bo‘la boshlagan boshqalardagi ko‘psahifalik bayonlarga nisbatan haddan tashqari qisqa edi. Sholoxovning ustunligi shundaki, u Stalinning, ayniqsa, keyingi shaxsiy hayoti xususiyatlari haqida churq etib og‘iz ochmagan edi.

Otaning farzandga qoldirganidan men shu narsani angladim. Keyin yana so‘z Sholoxovga berildi:

– O‘sha vaqtni o‘zingcha bir tasavvur qilib ko‘rgin-a. Unga qush parvozi balandligidan turib bir nazar sol… Revolyutsiya. Fuqarolar urushi. Fuqarolar urushi, men senga aytsam, og‘ayni, shunday iflos narsaki, unda g‘olib ham, mag‘lub ham bo‘lmaydi…

Mening xolam, sening katta onang bo‘lguvchi Olga Mixaylovnaning to‘rt nafar o‘g‘li bor: Ivan, Valentin, Aleksandr va Vladimir. Uch nafari – ko‘ngillilar armiyasining jangchilari, Valentin esa – qizil. Qizillar oqlarni xutordan urib haydaydilar, Valentin uyiga chopib kiradi, yechinib ham o‘tirmay suv ichib oladi: “Qo‘yavering, ona, kuyinmang! Bu kontrning urug‘ini quritamiz-da, keyin o‘z bilganimizday yashay boshlaymiz!” O‘g‘illar otga irg‘ib minadilar-da, shamolday yelib ketishadi. Ona esa ko‘zda yoshi shashqator – sochini yulib qolaveradi… Bir kun o‘tib xuddi shu shahd bilan Ivan uyga o‘qday uchib kiradi. “Valka iflos kelganmidi? Ha, baribir qo‘limga tushadi-ku! Qo‘yavering, ona, mana, aytdi dersiz, uning Dondan naq qorasini o‘chiramiz-da, eskichasiga qandimizni urib yashaymiz!” Ona esa endi boshini devorga urib yig‘laydi… Bunaqasi koshki bir yo ikki marta bo‘lib qo‘ya qolsa.

Xutor sovet hokimiyatini saylashdi. Xutorliklarning o‘zlari emas, albatta. Stanitsa hokimiyati sayladi uni… Ana, yangi saylangan hokimiyat atamanlar boshqaruv kulbasida yoki bironta “Xutor boyvachchasi”ning musodara qilingan uyida o‘tiribdi. Tashqarida ahvol ko‘ngildagidek emas… Shunday damlar bo‘ladiki, derazadan o‘q uzib qolishadi. Qachon o‘q miyamga kelib joylashar ekan, deb qarab o‘tiraverasanmi? Yoki sanchqi bilan nozik joyingni o‘yib-kavlashlarini istaysanmi? O‘zini bilgan erkak hech ham bunday bo‘lishini kutib o‘tirmaydi. Hamma ko‘rib qo‘ysin deb naganni yoniga osadi-da, dushmanni o‘zi qidirib ketadi. Har to‘rttasidan ikkitasi senga yeb qo‘yguday qarab turgandan keyin sen dushmanni qanday bilib olarding? Bir vaqtlar jodular izidan shunaqa tushishgandi… Shubha soat sayin kuchayib boradi – qo‘rquv hamma narsadan yomon; qo‘rquv kattarib ketgan, shubha esa, qara, endi ishonchga aylanib bo‘lgan. Senga “revolyutsion hushyorliging” qulog‘ingga shipshigan bu shubhali ishonchni “ish”ga qayd etib qo‘yishgina qolgan, xolos…

Sholoxov boshqa tomonni ham unutgani yo‘q:

– Hokimiyatda qolmaganlar olma pish, og‘zimga tush deb o‘tiravergan deb o‘ylaysanmi? Yo‘q, og‘ayni, ular ham qo‘llaridan kelgancha irillashgan, bo‘kirishgan, ma’rashgan. Endi o‘zing bilib olaver gunohkor kim ekanini…

U harbiylarga xos mardona umumlashuvlar yuksakligigacha ko‘tarilishga o‘zida kuch topa oldi:

– Darsliklaringiz bo‘yicha fuqarolar urushi qachon tugagan edi? 20-yildami? Yo‘q, azizim, u hozir ham davom etayotibdi. Faqat vositalar boshqacha, xolos. Uni hali-veri tugaydi deb xomtama bo‘lma. Chunki hali-haligacha bizda qanday tadbir bo‘lmasin – buyruqqa qarab bo‘ladi, qanday buyruq bo‘lmasin, odamlarning, yumshoq qilib aytadigan bo‘lsak, boshiga bitgan balo…

Yana umumlashmalar:

– Bizlar tarixning tuturuqsiz, no‘noq shogirdlarimiz – mana shu eng yomoni. Uning esa bir shunday quvnoqqina qoidasi bor. Ajdodlar uchun nimaiki to‘g‘ri bo‘lgan bo‘lsa, zuryodlar uchun u ko‘pincha nojoiz bo‘lib chiqadi. Uzoqqa borishning hojati yo‘q. Ota-bobolarimizga nima aziz bo‘lgan bo‘lsa, biz uni miltiq nayzasiga sanchib ko‘tardik. Hozir biz iftixor qilib turgan hamma narsani va iftixor qiluvchi har bir insonni endi nevaralarimiz la’natlasalar ham ehtimol. Bizlar bo‘lsak, nuqul davrimiz o‘tib ketdi-ya, deb attang qilamiz, xolos.

Eng yaqin zurriyotlarimiz hukmidan qutulib qolmog‘imiz uchun Gomer bo‘lmoq kerak. Bizlar-chi, kim bo‘libmiz? Bugun bor, ertaga yo‘qmiz. “Har kim nasibasiga yarashasini ko‘radi”. O‘z “kun tartibimiz”dan bir qadam ortiqcha bosolmaymiz. Na kun tartibidan va na guruhlar “tartibidan”. Bizning ayni damdagi o‘zligimiz hamma uchun abadul-abad maqbul bo‘ladigan narsa deb o‘ylaymiz.

SO‘NGGI KASALXONA

1984 yil, 9 yanvar. O‘sha paytlarda mashhur Davlat adabiyoti (Goslit)ning direktori sifatida yozuvchi bilan mening yangi uchrashuvim. Afsuslar bo‘lsinki, yana kasalxonada, yana o‘sha, bir vaqtlar Gertsen va Ogaryov do‘stlik uchun ahd-paymon qilgan Moskva-rekadan sal naridagi joyda.

Uchrashuvdan oldin xat yubordim. Unda Sholoxovga shunday xabar berdim: “Yangi besh yillikda sizning navbatdagi asarlar to‘plamingizni boshlash niyatidamiz. Biroq “Ogonyok”ning bosh muharriri A.V. Safronov bilan uchrashdim, u aytdiki, siz o‘z asarlar to‘plamingizni jurnalga ilova tarzida ko‘rishni istar ekansiz. Shu gap to‘g‘rimi?..”

Shu top telefon jiringladi. Menga, yozuvchi o‘z asarlari taqdiri haqida gaplashmoqchi, deb aytishdi.

Palataga kirib kelaman – kech tushib qolgandi. U yozuv stoli yonida g‘ildirakli o‘rindiqda o‘tiribdi: oddiygina pijamasida, yalang ochiq ko‘ksi uzra oppoq ichki ko‘ylagining uchburchak o‘mizi ko‘rinib turibdi. Stolda kitob, ro‘znomalar, dori shishasi va ikkita kuldon. Ulardan biri o‘zining g‘alati tuzilishi bilan uzoq vaqtgacha esimdan chiqmay yurdi – xuddi bolalar shildirog‘idek qopqog‘i aylanadigan edi. Bir-biriga ulab chekishini azaldan bilardim – nahotki, bu yerda ham shunday bo‘lsa?

Ilgarigi ko‘rkamlik qani. Qoq suyak – et borib ustixonga yopishgan. Baland manglayidagi sochlar siyraklashgan, mo‘ylovi deyarli ko‘zga tashlanmaydi. Chakkasida, xuddi yaraga o‘xshab, bir parcha qora dog‘ paydo bo‘libdi. Qo‘lini ko‘targanda va yeng sirg‘alib tushganida bilagi ochilib ketar va anglashimcha sonsiz ignalar tufayli hosil bo‘lgan qip-qizil qontalash joylar ko‘zga tashlanardi: ikkinchi qo‘li, ehtimol, xuddi shu sabab bilan bog‘lab qo‘yilgan edi.

Biroq meni hammadan qattiq tashvishga solgani uning ovozi bo‘ldi. Boshda durust gapirar edi, keyin tez-tez to‘xtab olar, xirqiroq va chiyillash aralash g‘udranar, uzluksiz yo‘talar edi. Uni mudhish kasallik qattiq qisti-bastiga olgandi – tomoq saratoni! O‘zi esa, ana, o‘sha-o‘sha borib turgan tomoq kushandasi achchiq tamakini “Ga’luaz”ni chekardi. O‘zini ayamasdi – zarurat paytida suhbatga kirishar va garchi kuch bilan bo‘lsa-da, astoydil javob qaytarar, og‘riqdanmas, balki zarurat yuzasidan gapdan to‘xtar edi.

Ammo qudratli zako taslim bo‘lmadi. Jon berayotgan yozuvchi hayotining qolgan juda qisqa haftalarini vafotidan keyingi birinchi nashri borasidagi tashvishlarga bag‘ishladi. Nuqul savobdan iborat tashvishlar! O‘lim oldidagi bu muborak tashvishlarda sarosimalikdan, qo‘rquv-hadikdan nom-nishon yo‘q edi.

… Uning huzurida Mariya Petrovna va qizlari Svetlana va Mariya bor edi. Devor yonida butun oqshom yoshgina hamshira qiz stulda churq etmay o‘tirdi. Bunday o‘troq nazoratchi qizlar ilgari, harholda mening paytimda, hech qachon bo‘lmagandi. Hamma eng yomon narsaga shay turganini his qildim. Men buni ularning xavotirga to‘la ko‘zlaridan, oyoq uchida ovoz chiqarmay yurish-turishlaridan, bezovta qilishdan cho‘chib, bosiq shivirlab gapirishlaridan bildim.

Salom-alik qildim. Menga uning aravachasi yonidan joy berishdi. Bir-ikki daqiqadan so‘ng bu yerga taklif etilgan mavzu bo‘yicha suhbat boshlanib ketdi.

Mariya Petrovna. Biz Goslitda yubiley munosabati bilan asarlaringizni chop etishga izn olmoqchi edik…

U. Ha, ha… (jim bo‘lib qoldi: yo‘tal, xirillash) bu… (sukut) eng… (sukut) yaxshi nashriyot…

Men. “Ogonyok”ka berilgan va’da nima bo‘ladi?

U. Sizlarda… Goslitda… bosilsa…

Mariya Petrovna. U yaxshi odam. Hech nimaga yo‘q demaydi, yozda shunday va’da bergandi.

Men. Suhbatingizni rasmiy iltimos deb qabul qilsam bo‘ladimi?

U. Ha… ha… (garchi mana bunday qisqa bo‘lsa-da, u har bor so‘zni avvalgiday yo‘talib, xirqirab bazo‘r gapirardi).

Yaxshiyamki men: Kitobga suvratlar qilish kerakmi? – deb so‘raganim, bahs boshlanib ketdi. Xotini va qizlari “ha” deyishdi, u bo‘lsa “istamas” ekan. Ular unatmoqchi bo‘lishsa, u nuqul: “Istamayman… Keragi yo‘q… Yoqmaydi…” deydi.

Birdan, ehtimol, ehtirosni bosish va bahsni to‘xtatish uchun shunday deydi: “Qani… mehmonlarga.. choy-poy qo‘yinglar…” Quvonchimning cheki yo‘q edi: ko‘plar, odatda, “Badiiy adabiyot” deb ataydigan aynan Goslitda asarlarini chop etishning uzil-kesil ruxsatini oldik-ku, tag‘in kazaklar rasmi bo‘yicha qadah, bilan. Uning o‘zi qadah tomon intilarkan, “Uzatib yubor” degandek qiziga imo qiladi.

Ishchan ruhdagi suhbat nihoyasiga yetdi. Odamlar kelaverib, bemorni urintirib qo‘yishmadimikan, degan fikr tinchlik bermaydi. U gavdasini ko‘tarishga urinadi. Ketmanglar deb imo qiladi. O‘tgan gallarda bo‘lganidek, men bir narsani angladim: Sholoxov o‘zini kasalxonada yomon his qilishining yana bir sababi shunda ediki, yangiliklardan xabarsiz qolar, erkinlikda yurganlar bilan miriqib suhbatlasha olmas edi.

Qadahdan bir qultumgina olganimni ko‘rib, dedi: “Bizda… oxirigacha… ichadilar… Gazak qil… Gazak…”

So‘zdan so‘z chiqib, suhbat qizib ketadi, birovning ko‘rsatmasi bo‘yicha emas, dil tilagancha. O‘zini bemalol tuta bilganini aniqroq tasavvur qilish uchun shuni aytishim joizki, men hatto uning bolaligi o‘tgan Qozog‘istondagi joylarda ko‘p eshitgan qo‘shiqlardan birini kuylashga ham jur’at etdim (qadah o‘z ishini qilgan edi-da!). Suhbat asnosida Ivan Shuxov va uning bir vaqtlar og‘izga tushgan “Achchiq chiziq” romani esga olib o‘tilgandan keyin shunga jazm etgandim. Mazkur asar aslida mening ham daryom bo‘lgan Irtish bo‘ylarida istiqomat qiluvchi qozoqlar haqida edi.

U Buninning qandaydir hikoyasi haqida gapirib berishni diliga tugib qo‘ygan edi. Biroq xirillash va yo‘tal biron-bir so‘zni ilg‘ab olishimizga imkon bermayotgandi. Sholoxovning Nobel mukofoti bo‘yicha safdoshi va u ham hurmat qiladigan, ham gina qiladigan vatandoshi bilan vidolashuvi anglanmay qolib ketgani hali-hali alam qiladi menga.

Tinchlandi-da, nimagadir birdan aytib qoldi – Rostovda yirik muttaham ustidan sud ketayotibdi ekan, biroq to‘satdan quyidagi so‘zlar lablaridan uchib chiqa boshladi, “Millat… belgilamaydi… turli millat… vakillari… sud qiladilar… ruslar… yahudiylar… armanilar… greklar…”

La’nati yo‘tal tutganida gapidan to‘xtab qolar, ko‘zini tushirmas, gaplashib turgan odamga uzoq tikilib qolardi. Bu nigohni tikka qarash, ko‘zini qadash desak odobdan bo‘lmas, balki u muloyim, ma’yus, aybdorlarcha boqish edi.

Nima xususidadir gapira boshlaydi, “Bizda… ikki kundan keyin… bayram… to‘y… oltmish yil… uylanganimga… shuncha bo‘libdi…”

Og‘riqni yengish uchun jilmayib qo‘ydi. Bu to‘yni nima deb atash lozimligi ustida bosh qotira boshladik – oltin to‘ymi, brilliant to‘ymi?

— Po‘lat to‘y! — hech bir bo‘yoq-bejoqsiz kichik qizi o‘zicha nom berdi va birgina shu oddiy so‘z bilan “qo‘sh ho‘kizlik”dagi uzoq yillar davomida oila qanchalik mustahkam bo‘lganini ifoda etdi — qo‘ydi.

— Zanglamaydigani! — o‘sha zahoti aniqlik kiritdi u juda ham past tovushda, ammo unga qo‘shimcha tarzda mashhur tabassumi ila jilo berib qo‘ydi.

Dardi bedavoning unga shafqat qilishi va ortga chekinishi uchun go‘yo shugina so‘z kifoyadek tuyuldi — ko‘zlari chaqnardi: go‘yo birdan jonlanib, yosharib ketgandek bo‘ldi. U shu tobda menga eski filmdagi Suvorovni eslatib yubordi — jikkakkina, qotmagina, keng manglayda bir tutamgina oq kokilchasi gajaklanib turibdi, labida sho‘x tabassum.

— Birgalikdagi hayotingizni qanday boshlagan edingiz? — so‘radim men.

U sukut saqladi. Mariya Petrovna javob berdi: — Fuqarolar urushidan keyingi och va yalang‘och qolgan dahshatli Moskvani esladi. So‘ng aniqlik kiritdi.

— Boshida juda qiynalgandik. Goho butun bir haftada bitta selyodkayu cho‘yan pechkada pishirilgan bir nechta kartoshka rizqimiz bo‘lardi. O‘sha paytlarda uning qalam haqlari ahyon-ahyonda va juda kichkina bo‘lardi.

Sholoxov uning so‘zini bo‘lmay tinglar, go‘yo atrofidagilarni ko‘rmayotganday xotinidan ko‘zini olmasdi. O‘sha daqiqalarda uning ko‘zlari ko‘ribgina qolmay, gapirayotgan ham edi. Xotinida bir vaqtlardagi ishqiy lahzalarning katta jonlanishini ko‘rish uning uchun chinakam baxt edi.

Ishqdagi vafodorlikda u yanglishmagandi. O‘sha kuni uzoq yillar davom etgan uzoq muhabbat juftligi haqida eshitgan hamma narsa hali-hamon yashashda davom etmoqda ekan. Bir vaqtlardagi baxtdan qanchalik dili charog‘on bo‘lsa, bu davomatning muqarrar tugajagidan shunchalik qayg‘uga botmoqda edi. Biroq ular bir-biriga omuxta bo‘lib ketib, 79 yashar insonning muhabbati uchun minnatdorlik va xayrixohlik tuyg‘ulari, bunday tuyg‘ular noyob bo‘lib borayotgan g‘aribona asrimizda, odatdan tashqari ko‘tarinki jo‘shqinlik sifatida qabul qilinayotir. Mana shuning o‘zi davomatdir…

11 yanvar. Kasalxona palatasining o‘zida er-xotin Sholoxovlar yubileyini nishonladilar. O‘z-o‘zidan ma’lum, mehmonlar kamchilik edi. Masha-Mariya, kichik qizi, ertasiga telegramma va telefonda mehmonlar yo‘llagan tabrik­lar­dan qanchalik xursand bo‘lganini, hazil plakat bilan tasvirlangan nashriyot­imiz­dan kelgan tabriknomani ajratib olganini aytib berdi.

18 fevral. U endi Vyoshkada, o‘zi tinmay talab qilaverganidan keyin shu yerga qaytarib olib kelishgandi. Kasalxona naf bermasligiga ko‘zi yetgan bo‘lsa kerak. Ertalab uyg‘ongach, Mariya Petrovnaga shunday murojaat qildi:

— Biz bir-birimizga shunchalik o‘xshab qolibmizki, hatto tush ko‘ribman, unda ikkalamiz uchun bitta otni egarlab qo‘yishibdi… Yashil otni…

21 fevral — uning so‘nggi tuni. Yana Mariya Petrovnaning hikoyalaridan.

— Soat o‘n birda, balki ehtimol tungi o‘n ikkida, vafotidan ikki soat oldin meni chaqirdi, qo‘llarimdan tutdi va tinmay o‘zi, faqat o‘zi tomon tortaverdi, tortaverdi… Tamom kuchdan qolgan bo‘lishiga qaramay men tomon intilgani-intilgan edi. O‘pgani intilayotganiga hadeganda aqlim yetmabdi…

Yurak-yurakka so‘nggi mujdasini havola etgan bu dardnok lahzalar abadiyatdan guvohlik berib turmaydimi.

Qalamimni 9 yanvar voqealariga buraman. Sholoxovga Leonid Leonovning samimiy salom so‘zlarini aytaman, u bilan kasalxonaga jo‘nay-jo‘nay deb turganimda ko‘rishib qolgandim.

Javob ham samimiy bo‘ldi:

“U… qanday… ekan? Unga… rahmat… de…”

O‘tgan galgi ko‘rishuvimizda ham, garchi hech qanday do‘st bo‘lmagan bo‘lsalar-da, Leonov haqida “qalay, yozyaptimi, ijod qilyaptimi?” deb astoydil so‘rab-surishtirgandi. Leonov o‘zining har bir qayta nashr etilayotgan asarlariga talay o‘zgarishlar kiritayotganini aytganimda, nazarimda, o‘ychan tinglab turgandi.

Sal jonlangandek bo‘ldi — bu hol uning sholoxovcha harbiy publitsistikani qayta o‘qib chiqqanini, ocherklaridan bittasining syujet-fabulasini qayta joylab chiqqanini so‘zlab berganida ro‘y berdi.

Ozgina chekinish qilaman. 1983 yil yozida, Sholoxovning ovchibop hikoyalarini ko‘p miriqib tinglagandan keyin yozuvchinig ovga ishqibozligi haqidagi Sergey Timofiyevich Konyonkovning, oldindan aytib qo‘ya qolay, uncha maqtovga sazovor bo‘lmagan so‘zlarini hikoya qilib berishga jazm etgan edi. Keksa haykaltarosh shunday degandi. “Sholoxov – bizning Tolstoy, ammo uning bu ishqibozligini ma’qullamayman. Nega u o‘rdak va g‘ozlarimizni o‘ldiradi?..”

Keyin, nega yashiray, gapimdan o‘zim pushaymon yedim. Menga Sholoxov xafa bo‘lganday ko‘rindi. Uning ustasi farang ovchi ekanini kim bilmasdi deysiz. Shu bois paytini topdim-da, shartta aytib yubordim… O‘shanda xafa bo‘lgan edingiz, shunday emasmi?..

Javob uch iborada mujassam edi.

Birinchisi:

– Yillar o‘tib… Hamma narsa… o‘zgaradi.

Yo‘tal tutdi, azobli onlar ancha cho‘ziladi, so‘ng zaif tovushda deydi.

— Bizning… rayonimizda… shu qishdan… so‘ng… ona bo‘rini… o‘ldirishdi…

San’at bobidagi mashhur safdoshiga berilayotgan izohlarga xotima yasagandek g‘oyat qisqa jumlani irod etdi. U tugal bo‘lmasa-da, mantiqan uzoq davom ettirish mumkinligiga zarracha shubha yo‘q edi:

— Har qanday… hayvon… chiroyli…

Mariya-Masha bilan ko‘z to‘qnashtiramiz va beixtiyor ravishda — donolarcha sodda bayon etilgan bu purma’no iborani tovush chiqarib takrorlaymiz. O‘z gapini yana bir tasdiqlagandek u bosh irg‘ab qo‘ydi.

Mariya-Masha meni kuzatib qo‘ygani liftgacha chiqdi. Yo‘l-yo‘lakay so‘zlandi: “Akam Sasha ham shu yerda. U ham… saraton. Uni boshqa bo‘limga qo‘yishdi. Ularni ko‘rishtirib bo‘larkanmi. Bilsalar, dadam chidayolmaydilar”.

SO‘NGGI ShARTNOMA

Ertasi kuni tongdan yozuvchining asosiy iltimosi bilan shug‘ullana boshladik – nashriyotda va Matbuot Qo‘mitasida asarlar to‘plamini qay tariqa tez va sifatli tayyorlashga kirishdik. Ko‘plar yordam berdi, zero ko‘p narsani oldindan ko‘zda tutish kerak edi: necha jild bo‘ladi, tiraji qancha bo‘ladi? Qog‘oz masalasi haddan tashqari yomon edi, so‘zboshi qanaqa bo‘lishi kerak va yana ko‘plab boshqa narsalar.

Sholoxovga vaqt juda kam ajratilganini bilib turardik. Kunlarmi? Haftalarmi? Tayyorgarlik boshlanib ketganini isbotlovchi biron-bir dalil olib borib ko‘rsatishni juda-juda istardik.

Men va Yuriy Nikolayevich Verchenkoni, Yozuvchilar Uyushmasi kotibini M.Q.ga, mafkura va madaniyat ishlari yurgizuvchi kotib huzuriga chorlashdi. U shartnoma tayyorlashni tezlashtirishni iltimos qildi — shifokorlar bergan xabarlar g‘oyat noxush deyishdi.

19 yanvar. Verchenko bilan birgalikda ushbu nashriyot shartnomasini imzolash uchun kasalxonaga olib keldik.

Uni o‘sha-o‘sha aravachada va hatto o‘sha-o‘sha stol yonidagi holatda ko‘ramiz — eshikka, barcha keluvchilarga orqa o‘girib olgan.

Palatada yolg‘iz emasdi. Mariya Petrovna va qizi bor.

Sinchiklab qarayman. Lablarining chekkalarida qo‘ng‘ir dog‘lar bor – keyin bizga aytishlaricha, biz kelishimizdan sal oldin tomog‘idan qon kelibdi. Stolga qo‘yilgan o‘ng qo‘lida marshal Jukovning esdaliklar kitobi bor edi.

Shartnoma shartlarini aytaman-da, unga imzo chekishni so‘rayman. U ruchkani tutdi, shartnoma qog‘oziga ko‘z yugurtirib chiqdi va – aniq, qat’iy tarzda imzo chekdi. Ushbu hujjatdagi bosh muharrir imzosini ko‘rib qoldi-da, unga salom deb qo‘yinglar, dedi. Uni hurmat qilardi.

Verchenko Yozuvchilar uyushmasi kotibiyati kuzda, Yozuvchilar uyushmasi tashkil etilganining 50 yilligi munosabati bilan plenum o‘tkazishga qaror qilganini so‘zlab berdi. Deyarli loqayd tingladi.

– Sholoxovni taklif qilib bo‘larkanmi? – deb “aytganimda” u bir silkinib tushdi.

Men ataylab sukut saqlayman. Usulim ish berdi – Sholoxovning vujudi quloqqa aylangandi. Dard zabtiga olgan odamni tutaqtirmoq uchun kutilmaganda miyamga o‘rnashib qolgan stsenariyni davom ettirdim va hatto go‘yo Sholoxovdan boshqa odamga murojaat qilgandek dedim:

– U hammaning po‘stagini qoqadi-ku… Esingdadir, u o‘z nutqlarida Furtsevani, Erenburgni, Simonovni… qanday tanqid qilgandi… u plenumga qilichini yalang‘ochlab keladi…

Stsenariy muvaffaqiyatli chiqdi – u jonlandi.

To‘satdan men eslatgan kishilar haqida:

– Ularning… bari… o‘lib ketdi… – dedi.

Bu kosa tagida nimkosa gapning ma’nosini kim ham chaqa olardi. Xayrlashar ekanmiz, uning ko‘zlari jiqqa yosh edi.

SO‘NGGI TALAB

Fevralning o‘rtalarida Vyoshenskayadan xat va tanish imzo keldi. Sana ham bor: 9 fevral. Aytishlaricha, bu Sholoxovning adabiyot tashvishlari bilan bog‘liq eng so‘nggi xati ekan. Unda bor-yo‘g‘i olti satr bor edi. Undagi hamma gap bir narsaga qaratilgandi: asarlar to‘plamini tayyorlash. U bo‘lajak nashr tuzuvchisi ismini aytgandi – kichik qizini tanlagandi. Zudlik bilan javob telegrammasini jo‘nataman: “SSSR Davlat nashriyot qo‘mitasi asarlar to‘plamingizni Siz taklif etgan hajmda chop etishga qaror qildi. Asarlar to‘plovchisi sifatida Maryam Mixaylovna Manoxina Sholoxovani jalb etish haqidagi Sizning iltimosingiz bajarildi. Ishga tushmoqdamiz. Sizga va Sizning yaqinlaringizga sog‘liq va baxt, saodat tilaymiz.”

Uning ijodiy vasiyatiga daxl etish ham menga nasib qilgan ekan. Maryam Mixaylovna g‘oyat muhim hujjatni berdi – “Tinch Don”da ko‘plab ism-shariflar ichida eng avval Trotskiy ismini tiklash borasidagi otasining iltimosi.

Sholoxovning bu ko‘rsatmasi – uning ijodiy tarjimai holidagi alohida satr hisoblanadi. Kazaklarni tarqatib yuborish mavzusidagi tarixiy haqiqatni o‘z imkoniyatlariga ko‘ra to‘la yoritish uchun kurashishga ahd qilgan edi. Stalin ham, keyingi dohiylar ham aynan partiya va hokimiyat kazakchilikni tugatishning keng avj oldirganini hatto badiiy asarda tasvirlashga hech kimga yo‘l bermagani haqida gap ketmoqda edi. Fuqarolar urushida Trotskiy bu vahshiyona kampaniyani turli yo‘llar bilan avj oldiradi – buni eslashning nima hojati bor, zero markaz shunday buyurgan. Bu yaqqol ko‘rinib turgan paradoks: Trotskiy o‘zi qachondan beri Kremlning, shaxsan Stalinning qon dushmani, muhojirlikda allaqachon o‘lib ketgan, ammo uni fojeaning aybdorlari sirasida tilga olishga Sholoxovning haqqi yo‘q. Biroq partiya targ‘ibot-tashviqot yo‘riqlarining o‘z mantig‘i bor. Mana, muallif haqiqatni tiklashga jazm etayotir. Yillar davomidagi taqiqlarga chek qo‘yilgan. Endi hamma narsa o‘z o‘rniga tushmoqda – axir Trotskiy ismisiz kazaklarni tarqatib yuborish aybdorlari faqatgina mahalliy lo‘ttibozlar bo‘lib chiqadi.

Men har ehtimolga qarshi nari-berisini o‘ylab, Sholoxovning amri haqida M.Q.ga ham, glavlitdagi tsenzorlarga ham hech nima demadim. Shu tariqa o‘tib ketdi. Hech kim romanda nimanidir ta’mir qilish mumkinligini tasavvur ham qilolmasdi. Asarlar to‘plami millionlab nusxada chop etildi.

AYoVSIZ SANALGAN KUNLAR, SOATLAR…

Kabisa yili Sholoxov yilini ham o‘z hukmi ostiga olgan edi.

…Birdaniga u Vyoshkadagi uyiga eltib qo‘yishlarini talab qilib qoldi.Mariya Petrovna va bolalari hayron va lol – axir u yerda bunday shifokorlar yo‘q-ku.

Bosh Kreml shifoxonasi shifokorlari to‘g‘risini aytib qo‘ya qolishdi. “Agar o‘zi shuni xohlasa, zo‘rlab olib qolishning keragi yo‘q… balki u yoqda mo‘jiza ro‘y berib…”

Biroq ketishga hech shoshilishmayotgandi – ob-havo samolyot uchishi uchun nobop. Vyoshenkaliklar har kuni tongda betoqat osmonga razm solishadi: osmon ochiqmi yo yo‘qmi?..

Kichik-kichik samolyotlarda uchishardi – viloyat partiya qo‘mitasi tashvishga tushib qoldi va YaK-40 ni ajratib berishdi.

Uyda unga ko‘p narsalarga ruxsat etilardi. Avval hamma narsa odatdagi bironta kasallikda bo‘lmaganidek kechar edi: tonggi gazetalar, so‘ng deputatlik arizalarini “boshliqlarga” tarqatib, qo‘liga kitob olardi…

Biroq dahshatli og‘riq o‘z ishini qila boshlardi, bunday kasallikni xalq orasida yoqimsiz qisqichi bo‘lgan zararkunanda – “saraton” qiyofasida bekorga tasvirlashmas ekan.

Vrach hayron: u giyohvandlikdan bosh tortgan – og‘riqni bosuvchi bironta ham ukol qilinmadi.

Faqat yonida Maya Petrovna bo‘lgan damlardagina pinakka ketar yoki uzuq-yuluq tungi uyquni olardi.

Hatto ish vaqtidan keyin yonida shifokor yoki hamshira o‘tirganidan o‘zini noqulay sezardi. Ularni unutishga harakat qilardi – boringlar, uylaringga boringlar, menga hech narsa qilmaydi… O‘zi esa endi choyli krujkani qo‘liga ololmas va ko‘ylagini almashtirishayotganida ham qiynalardi. O‘zining tobora kuchdan qolayotganidan nafrati qo‘zir edi.

To‘xtovsiz chekardi.

U kasali tuzalmasligi haqida bilishiga hammamiz amin edik.

Shunday bo‘lsa-da, yashashga jon-jahdi bilan tirishar edi. Birdan esiga tushib qoldi – qaysidir qishloq kutubxonasiga dastxatli “Tinch Don”dan yuborishni va’da qilgandi. To‘satdan kotibga raykomga borib, partiya vznosini to‘lab kelishini aytdi. Kotib o‘ylab ham o‘tirmay, “hali vaqti bo‘lgani yo‘q”, dedi. Hozir oyning o‘rtasi, vznoslar esa, oyning oxirida to‘lanadi. Javobiga nigohida bir yangicha qarashni ko‘radi, buning ma’nosini tushunmaydi – nahotki, hayotda har bir soniya qadrli ekanini bilmasa. Birdan xotirasida mening nashriyotim oldidagi men yuqorida so‘zlab o‘tganim holatlar suzib o‘tdi.

Mixail Aleksandrovich Sholoxov 1984 yil 21 fevralda yarim tunda o‘z uyining 2-qavatida vafot etdi. Kotib soat millarini birdan qirq daqiqa o‘tganida to‘xtatib qo‘ydi.

Stanitsada qahraton qish avj pallasida edi va shiddatli cho‘l shamoli derazalarga tinimsiz zarbalar berardi.

A. Fayzulla va G. Muhammadyorova tarjimasi.

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 5-son