Vahob Rahmonov. Matnshunoslik: tajriba, intuitsiya va mas’uliyat

Umrimning qirq besh yili davomida muntazam matn tayyorlash, matn tahrir etish, matn tanqidi bilan shug‘ullandim. Hayotim mazmunini mumtoz adabiyotimiz namunalari nashrining sahihligida bildim va ellikka yaqin o‘zbek mumtoz adabiyoti asarlariga mas’ul muharrirlik qildim. Imkoni boricha asarlarni qo‘lyozmalarga solishtirib, nusxalarni qiyoslab matn haqiqatini yuzaga chiqarishga intildim.
Qo‘lyozma bilan ishlashda avval o‘z fahm-farosatim, aqlu idrokim, intuitsiyamni ishga solaman. Shu jarayonda ishning to‘qson foizidan ko‘nglim to‘ladi. So‘ngra qo‘lyozma yoki toshbosma manbalarga so‘zma-so‘z solishtirib chiqaman. O‘n foizlik qolgan tahrir ham nihoyasiga yetgach, yengil tortib, o‘z ishimdan biroz qoniqaman. Goho izlanish jarayonida qo‘lyozma, toshbosma yoki boshqa nashrlardan mazmun sahihligida ajoyib, kutilmagan bir so‘z chiqib qoladi-yu, mening bayt bo‘ylab chekkan talay riyozatlarimning barchasini yo‘qqa chiqaradi-qo‘yadi. Shu choq quvonchim cheksiz bo‘ladi! Chunki matn asliyati va haqiqati tantana qiladi-da!
Demak, har bir tahrir davomida bilim, idrok va tajribamni shu asar orqali o‘z imtihonimdan o‘tkazib olaman. Ayniqsa, qayta nashrlarni tahrir qilayotganimda yuzlab marotaba: “Nahotki nashrga tayyorlovchi olim shu nuqsonni yoki mantiqiy ziddiyatni sezmagan bo‘lsa?” deya afsuslanaman va buning sababini ham o‘zimcha topgan bo‘laman: nashrga tayyorlovchi yaxshi adabiyotshunos bo‘lsa-da, tajribasiz matnchi, uning mas’ul muharriri esa qo‘lyozmani o‘qimagan.
Ko‘plar buni farq etishmaydi. Mumtoz adabiyotning har qanday mutaxassisi matnshunoslik bilan shug‘ullanaveradi, deb hisoblashadi. Mumtoz matnni nashrga tayyorlashda yaxshi adabiyotshunosdan ko‘ra, menimcha, o‘rtamiyona matnchi afzaldir.
Alisher Navoiy “To‘la asarlar to‘plami” ustida tahrir ishlari olib borgan paytimda “Mukammal asarlar to‘plami”ning oltinchi jildidagi quyidagi baytni qay taxlit tuzatganimni bayon qilay:
Ilm aflokida bir jis mahal,
Barcha ashkol o‘lum ollida hal  (483-bet).
Birgina baytdagi to‘rt so‘zning xato o‘qilgani, ya’ni “bir jis, ashkol, o‘lum” so‘zlari kitobxon fikr-idrokini boshi berk ko‘chaga kiritib qo‘yadi. Demak, nashrga tayyorlovchi ham, mas’ul muharrir ham bu bayt mazmunini tushuna olmagan. Oldingi nashrdan shundoqqina ko‘chirishni kompyuterchiga yuklashgan, xolos.
Endi shu xom-xatala baytni arab yozuvida tasavvur qilib, so‘zma-so‘z tuzatib o‘qishga urinib ko‘ramiz: birinchi bo‘lib “bir” va “jis” so‘zlarini birlashtiramiz. Chunki “jis” degan so‘z yo‘q. “Birjis” so‘zi paydo bo‘lgach, kalavaning uchi topiladi, ya’ni Mushtariy sayyorasi nazarda tutilganini ang­laymiz. Mana, endi birinchi misra epaqaga keldi:
Ilm aflokida Birjis mahal
 
(Mazmuni: Ilm osmonida davr Birjisi).
Nashrga ishonsak, ikkinchi misra quyidagi mazmunni beradi:
Barcha shakllar o‘lum oldida hal bo‘ladi.
Afsuski, baytdagi misralar mazmunan bir-biridan juda yiroq. Demak, matn sog‘lom emas. “Hal” so‘zi menga “ashkol” so‘zini tahrir qilishga turtki beradi. Nimani hal etish kerak? “Ashkol”ni. Axir “ashkol” (shakllar)ni qanday hal etish mumkin? Demak, bu so‘z asliyatda “ishkol” (muammo) bo‘lsa kerak.
Barcha ishkol o‘lum ollida hal.
Endi buni tushunsa bo‘ladi, harholda ma’no birmuncha tiklandi. Biroq Navoiy shunday deganmikan? Arab yozuvida “ulum” va “o‘lum” shakldoshdir. Shunga ko‘ra, “o‘lum”ni “ulum” (ilmlar) so‘zi bilan almashtiramiz:
Barcha ishkol ulum ollida hal.
Vaznni tuzatish uchun “barcha”ni “borcha”ga o‘zgartiramiz. Va “ishkol” bilan “ulum” so‘zlari aloqasini yo‘lga qo‘yish uchun “ishkol”ga “i” izofasini qo‘yamiz:
Borcha ishkoli ulum ollida hal.
Shunday qilib baytni sahih holatga keltirdik:
Ilm aflokida Birjis mahal,
Borcha ishkoli ulum ollida hal. 
Mazmuni: U ilm osmonidagi zamona Birjisidir. Ilmlarning har qanday muammolarini u hal qila oladi.
Bu ish nihoyasiga yetgach, qo‘lyozmaga qarab, qiyoslab, urinishlarimiz samarali bo‘lganiga qoniqish hosil qilamiz.
Boshqa bir misol:
Shahri Xay, mulku hashamni ko‘rdung,
Sen dog‘i mulku hasham ko‘p surdung. 
(Alisher Navoiy, Mukammal asarlar to‘plami, 6-jild, “Fan”, 1990, 483-bet).
Bu bayt ham “Favoid ul-kibar” devonidan olindi. Birinchi misrada ikkita jiddiy nuqson bor. Chunki men bilgan Sharq jug‘rofiyasida Xay degan shahar yo‘q. “Layli va Majnun” dostonida qabila, joy nomi sifatida “Hay” so‘zi ko‘p uchraydi. To‘g‘ri, “hay” so‘zining “tirik” degan ma’nosi ham bor-u, lekin bu bayt mazmuniga tushmaydi. “Xay” so‘zining “ter” (terlash) ma’nosi ham bayt mazmuniga tegish­li emas. “Navoiy asarlari lug‘ati”da “Hay” so‘zining bir necha ma’nosi izohlangan bo‘lib, jumladan, qishloq va mahalla ma’nolarida ham qo‘llanilishi qayd etilgan. Shunga ko‘ra, “Xay”ni “hay” turdosh oti bilan almashtiramiz. “Shahri hay” birikmasi bo‘lmaydi. Shuning uchun bularni “shahru hay” (shahar va qishloq) tarziga keltiramiz:
Shahru hay, mulku hashamni ko‘rdung,
Sen dog‘i mulku hasham ko‘p surdung.
Shunday qilib, yo‘q shahar nomini matndan olib tashlab, “hay” – “qishloq” bilan almashtirdik. Endi uyushiq bo‘laklar to‘g‘ri tizimga keldi: shahar, qishloq, mulk…
Ammo bunda to‘xtash ilmga xilof. Qo‘lyozma va boshqa nashrlarga biz topgan matn “haqiqat”i mos kelmog‘i zarur. Ilmda taxminu fol bilan ish bitmaydi.
Turk olimi O‘nal Kaya 1996 yili Anqarada nashr ettirgan nusxaga bu baytni solishtirib, angrayib qoldim. Uning matndagi bitta so‘zni to‘g‘ri o‘qishi mening yuqoridagi barcha izlanish­larimni chippakka chiqardi-qo‘ydi! “Shahri Xay” emas, balki “Shohruxiy” ekan!
Shohruxiy mulku hashamni ko‘rdung.
(Mazmuni: Sen Shohrux davri mamlakat idorasi va hashamatini ko‘rgansan).
Mana buni endi chinakam haqiqat tantanasi desa bo‘ladi!
Men “hayf shuncha mashaqqatlarim”, deya afsuslandimmi? Yo‘q, O‘nal Kayaning shu so‘zni to‘g‘ri o‘qiganiga qoyil qoldim, xolos. Haqiqatga tan berish olimga xos fazilat bo‘lmog‘i kerak.
Uchinchi misolga murojaat etamiz:
Visol umidig‘a o‘zin yaqin olur oshiq,
Firoqdin necha javrinda davr bosh bo‘lsa
(376-bet).
Baytning birinchi misrasida matn muammosi yo‘q. Ikkinchi misradan sog‘lom mazmun chiqarish imkonsizdir. “Javrinda”, “davr”, “bosh” so‘zlari o‘zaro hecham qovushmaydi. “Davr bosh” so‘zlari tahririda poetika talablaridan kelib chiqiladi. Birinchi misradagi “yaqin” so‘zining qarama-qarshi ma’noli so‘zi “yiroq”dir. Tazod san’atining ushbu amaliyoti qo‘l keladi. “Yiroq”ning ma’nodoshi “dur”dir. Nashrga tayyorlovchi o‘sha so‘zni shakl­doshi “davr” bilan chalkashtirgan. “Dur” so‘ziga “bosh”ni qo‘shsak, “durbosh” (“Yiroqlash!”, “Nari tur!” ma’nosidagi) birikma hosil bo‘ladi. Ilgari shoh yoki beklar ko‘chaga chiqqanida mulozimlari shunday deya hayqirib yurishgan.
Endi “javrinda” muammosi qoldi. Firoq, judolik insonning qayerini qiynaydi? Jonini. Ha, bu ham taxminan topildi:
Firoqdin joninda necha durbosh bo‘lsa.
Endi baytni qo‘lyozmaga qiyoslasak, urinishlarimiz zoye’ ketmaganiga amin bo‘lamiz.
Visol umidig‘a o‘zin yaqin olur oshiq,
Firoqdin joninda necha durbosh bo‘lsa.
Mazmuni: Ayriliq uning jonida “Yiroqlash!” deb tahdid solib tursa-da, oshiq visol umidiga o‘zini yaqin tutadi.
Quyidagi bayt tahririda ham bir qancha muammoni hal qilishga to‘g‘ri keldi:
Makridin xorij qilib, mulki dinu aylab nasib,
Qarnlar sargashtayu ovoralig‘ davron aro.
(A.Navoiy, Mukammal asarlar to‘plami, 6-jild, 1990, 8-bet ).
Birinchi misradagi to‘rtta so‘zni “isloh” qilish lozim. Nashrdagi holatiga ko‘ra misra mazmuni: Makridin chiqarib tashlab, din mamlakatini unga berib…
Bu misrani intuitsiya bilan tahrir qilish imkoni yo‘q. Bir ilinj – “Favoid ul-kibar” devonining boshqa nashrlarini topishdir. Chunki 1959-60 yillardagi “Xazoyin ul-maoniy” nashrida baytning holati aynan shunday.
“Tamaddun” nashriyotida 2011 yili chop etilgan devonda matn quyidagicha biroz o‘zgartirilgan:
Makridin xorij qilib, mulki daniy aylab nasib,
Qarnlar sargashtayu ovoralig‘ davron aro.
Demak, bu yerda ham bayt epaqaga kelmagan. Endi boshqa nashrlarga murojaat etamiz. O‘nal Kaya nashrga tayyorlab, 1996 yili chop ettirgan devonning 7-sahifasi:
Makridin xorij qilib, mulkidin aylab benasib,
Qarnlar sargashtayu ovoralig‘ davron aro.
O‘nal Kaya birinchi misraning ikkinchi yarmini to‘g‘ri ko‘chirgan. Ammo asosiy so‘zdagi nuqsonni (makridin) bartaraf qilolmagan. “Makridin xorij qilib” gapi mutlaqo mantiqsizdir. Kishini makridin xorij qilib bo‘lmaydi, biror shahardan xorij qilish mumkin. Endi din tarixi haqidagi bilimimiz zaxirasini titkilash kerak. Chunki bu g‘azalda muallif Odam Atoning yaratilishi, Allohning unga o‘z sirini ishonib topshirgani, e’zozlab uni jannatga kiritgani, shayton vasvasasi tufayli Odam Atoning Momo Havo bilan bug‘doy yeb qo‘yib, jannatdan quvilganlari, Odam Atoning Sarandibga tushib, so‘ng Makka shahriga borgani, u yerdan yana Hindistonga ketgani… Ie, iye… Shoshma, Vahob! Shunda to‘xta! Mabodo “Makridin” so‘zi asliyatda “Makkadin” emasmikan? Evrika! Topding!
Makkadin xorij qilib, mulkidin aylab benasib,
Qarnlar sargashtayu ovoralig‘ davron aro.
Fikr ham, vazn ham joyiga tushdi. Endi nav­bat Navoiy devoni qo‘lyozmasiga… Ishim jarayonini eshitib, odamlar mening ustimdan kulib yuborsalar kerak, “Avvaldanoq qo‘lyozmaga qarab qo‘yaqoling edi-da!” deb. Yo‘q, men matnshunoslik zehnimni qayrab turish uchun o‘zim o‘rgangan usuldan voz kecholmayman… Xullas, o‘ylaganlarim, boshqa nashrga qiyosim Navoiy qo‘lyozmasiga muvofiq keldi…
Hozir uchtagina bayt ustidagi tahrir jarayonini aytib berdim. Bunday baytlar hozirgi imloda nashr etilgan mumtoz adabiyotimiz namunalarida ko‘plab uchraydi.
Endi Atoyining butun bir g‘azali matni ustidagi tuzatishlarni ko‘rib chiqamiz:
Ne inoyatsiz manga, jononi taqsir ayladim,
Jong‘a yetdim qayg‘udin, oyoni taqsir ayladim.
Baski fikr ettim gunohimni uzun tun to sahar,
Tutti ko‘nglumni g‘amu savdoni taqsir ayladim.
Aqlu hushum, zikru fikrimda tamanno o‘zgani
Qilmadim, bir lahzayi, haqqoni taqsir ayladim.
Siz hamon ruxsorasi lola begimsiz, qaddi sarv,
Qullug‘ungda men hamon loloni taqsir ayladim.
Bandaning haqqidag‘i anvoi lutfungdin burun,
Emdi yo‘qtur biri ham paydoni taqsir ayladim.
Xidmatingda o‘zgalar a’lo marotibg‘a yetib,
Barchadin bo‘ldi bu qul adnoni taqsir ayladim.
Der Atoyi hasratingda har zamon yuz oh urub,
Yod qilmassen meni yoroni taqsir ayladim.
(Atoyi, Devon, “Fan”, 2007, 156-bet).
Ushbu g‘azalning bizning tahririmizdan ke­yingi holati:
Beinoyatsiz manga, jono, ne taqsir ayladim?
Jong‘a yetdim qayg‘udin, oyo, ne taqsir ayladim?
Baski fikr ettim gunohimni uzun tun to sahar,
Tutti ko‘nglumni g‘amu savdo. Ne taqsir ayladim?
Aqlu hushum, zikru fikrimda tamanno o‘zgani – 
Qilmadim, bir lahzaye. Haqqo, ne taqsir ayladim?
Siz hamon ruxsorasi lola begimsiz, qaddi sarv,
Qullug‘ungda men hamon lolo. Ne taqsir ayladim?
Bandaning haqqidag‘i anvoi lutfungdin burun,
Emdi yo‘qtur biri ham paydo. Ne taqsir ayladim?
Xidmatingda o‘zgalar a’lo marotibg‘a yetib,
Barchadin bo‘ldi bu qul adno. Ne taqsir ayladim?
Der Atoyi hasratingda har zamon yuz oh urub,
Yod qilmassen meni, yoro, ne taqsir ayladim?
Nashrga tayyorlovchining Atoyi g‘azalidagi har bir baytni ko‘chirishi jarayoni mantig‘idan lolman. Axir ushbu yetti baytli g‘azalning hamma baytlari mazmuni xarob va mavhum-ku? Arab yozuvi kirill va lotin yozuvidan o‘qish usuliga ko‘ra farq qiladi. Zamonaviy yozuvlarimizda tizilgan harflarni bir-biriga qo‘shib so‘z va gap yasab ketaveramiz. Eski yozuv ma’no-mazmun yozuvidir. Unda harf shakli mazmunga aloqador qilib o‘qiladi. Masalan, “kavn” (olam) va “kun” shakldosh. O‘qishda va ko‘chirishda mazmun qaysi birini talab qilsa, o‘shanisi tanlanadi. “Ikki kavn” (ikki olam)ni “ikki kun” tarzida ko‘chirsak, muallifning fikri aziyat chekadi.
G‘azalning birinchi misrasi “Ne inoyatsiz manga” deb ko‘chirila boshlangan. Bu nima degani? Tushunmadim. Mazmun chiqarish uchun birinchi so‘zga bir ostki nuqta qo‘shdim: “Beinoyatsiz manga” bo‘ldi. Bu birikmada tuppa-tuzuk mazmun bor. Oshiqona o‘pkalashni aytmaysizmi? Faqat bir narsaga e’tibor berish zarur: jumladagi -siz qo‘shimchasi  bo‘lishsizlik ma’nosida emas, u ikkinchi shaxs egalik qo‘shimchasidir. “Jononi taqsir ayladim” so‘zlari ma’nosiz tizmadir. Agar zo‘raki mazmun chiqarsak, “Jononni gunohkor qildim” bo‘ladiki, bu gap mumtoz oshiqqa to‘g‘ri kelmaydi.
Noshirning she’r bo‘ylab so‘zlar chegaralari farqiga bormagani kishini lol qoldiradi (jononi – jono ne, oyoni – oyo ne, savdoni – savdo ne, haqqoni – Haqqo ne, loloni – lolo ne, paydoni – paydo ne, adnoni – adno ne, yoroni – yoro ne). Sakkiz marotaba so‘zlar chegaralarini ilg‘ay olmaslik… Hech aqlga sig‘maydi!
Nashrga ishonsak, she’r bo‘ylab axborot, ma’lumot berilgan (ayladim deyilgan). Holbuki, aslida barcha baytlarda so‘roq, iltijoli savol bor edi…
Nuqsonlar biri biridan jiddiy, biri biridan qaltis. “Haqqoni taqsir ayladim” – Xudoni gunohkor qildim, demakdir. Vaholanki, arab yozuvidagi “Haqqo, ne taqsir ayladim?” so‘zlarida “Ey Allohim, men ne gunoh qildim?” degan iltijo bor edi…
Xullas, Atoyi – muallif bog‘dan kelsa, olim – nashrga tayyorlovchi tog‘dan kelayapti.
Bizningcha, matnchida qunt, bilimdan tashqari asliyat muallifi va uning asariga nisbatan chin muhabbat bo‘lishi kerak. Muallifning fikriy kashfiyotlariga – nuktalariga qiziqish bilan, mehr bilan yondashib, baytlar mazmunini chiqarishdan erinmaslik lozim. Bundan tashqari, matnchida mumtoz asar oldida, uning muallifi oldida, mumtoz so‘z oldida yuksak mas’uliyat hissi bo‘lishi zarur…
Vahob RAHMONOV,
filologiya fanlari nomzodi
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 11son