
Asqad Muxtor – XX asr o‘zbek-turk dunyosini butun fojialari ila, butun parvozlari-la mujassam qilgan buyuk adibdir.
Rauf Parfi
Sog‘inch o‘rtaganda go‘zal, mardona, haq tuyg‘uning qadri bilinadi. Xumori tutadi… Bundan ikki yarim yillar oldin yorug‘ tuyg‘ular mo‘jizakori Asqad domlaning ora-chorada ko‘klam nasimiday ko‘ngilga ohorli umid olib kiradigan she’rlari ko‘rinavermagach, buning sog‘inchi nafis majlislarda qayta-qayta mavjlana boshladi. Bu to‘lqin to‘g‘onini buzganda bir safar uylariga telefon qildim.
– Dut, duut, dut, duut, – bir qisqa, bir uzun ovoz simda uzoq eshitilib tursa-da, go‘shakni hech kim ko‘tarmadi. (Lekin tabiat sadosi oldida uning sir-sinoatiga g‘arq bir ko‘ngil olamni juda mushtoq, intizorlik bilan tinglab o‘tirgandek edi. Bu tilsimlar qamalida, xayollar zanjiridagi zotning so‘zini eshitishni kim istamaydi.) Keyin dala hovlilari telefon raqamini terdim. Go‘shakni domlaning rafiqalari ko‘tardi. Domlaning ahvollarini, yangi she’rlarini so‘radim. U tomondan keskin javob bo‘ldi:
– Hozir xastalar…
Xasta odamni bezovta qilib bo‘lmaydi. (Ammo bu dil xasta bo‘lishi mumkinmi? Dard oydinligida uning ko‘ngil ko‘ziga nimalar jilvalanayotgan ekan? Ehtimol, bu Xayolni butun bir davr qiyshanglagan shaytonlar bazmi o‘rtayotgandir. Balki yurakka ochilgan darchadan malaklarning yashil ruhzoridagi shaffof yig‘ilari kirayotgandir…)
To‘qqiz-o‘n oy o‘tib “Tafakkur”da domlaning “Uyqu qochganda…” – “Tundaliklar”i chiqib qoldi. Nomining o‘zidayoq adabiy olamni yangilagan bu ruhiyona fikrlar o‘sha zukko Daraxtning har yoqqa sochilgan tilla yaproqlariday hazin, go‘zal, umidli… Xazina izlagan ko‘ngil unga duch kelganidan quvonmasligi, hovliqmasligi mumkin emas. Shodligimning boshqa tomoni yana xayolda u kishi bilan gurunglashish imkoni tug‘ildi, deb o‘ylash edi. “Tuzalgan bo‘lsalar, hech bo‘lmasa, suhbatlarini olaman”. Oldin telefonda bog‘lanib, keyin xonadonlariga bormoqqa qasd qildim.
– Dut, duut, dut, duut, – bu bir xil sovuq simlarning sadolari necha bora qaytarilganini bilmadim-u nihoyat, kun oxirlab qolganda go‘shakni domlaning o‘g‘illari oldi. Odatdagidek, domlaning sog‘liqlarini so‘radim.
– Xastalar. – Suhbat shu bilan uzildi. Endi telefondan bezovta va raddiyali qisqa ovoz paydar-pay kelardi: – Dut, dut, dut…
(Buyam bir sirli she’rday edi…)
Hozircha gurunglari nasib qilmagan bu insonning bizga zamondoshligi hayajonga solar, oy ketidan oylar o‘tsa-da, domla bilan muloqot hech xayolimdan ketmadi. Birdan yana bu mumkinday, kunlar to‘sindan salqinlab qolgan yomg‘irli mezon boshida xayolim charaqlab ketdi. Ammo bu safar oradan ikki-uch kun o‘tib ketib, raqamlar qayta-qayta terilganiga qaramay, go‘shakni hech kim ko‘taray demadi.
– Dut, duut, dut, duuut…
Lekin bu ovozlar so‘ngsiz davom etayotgan bo‘lsa-da, domla bilan suhbatlashishga umid yanayam kuchaydi. Uning alangasi badtar ko‘kka o‘rladi. Keyin… shu ikki-uch yil orasida dillashish va saboq doyasi bo‘lgan “Yillarim”ni qaytadan ko‘ngil ochdi. Bunga hamisha imkoniyat borligi ruhga quvonch guldastasini tutdi.
* * *
XX asr o‘zbek she’riyati yaxshi she’rlarga serob. Asqad Muxtor bu she’riyatga o‘zining katta hissasini qo‘shgan iste’dodli adibdir. Rost, asr yo‘rgagida quvvayi hofizasi zabardast shoirlar mo‘l edi. Lekin mudhish o‘ttiz yettinchi yildan keyin oltmishinchi yillargacha bu nafis dala tap-taqir bo‘lib qoldi. Shu orada bu bo‘tana daryoda, dili sayoz daryoda bitta Ko‘prik sobit bo‘ldi. Bu ko‘prik Fitrat-u Cho‘lponlarning go‘zal ohanglari, hur fikrlarini Rauf Parfi, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov avlodining o‘tli hayajonlari, fikrchan ruhiyat ko‘tarishlariga tutashtirdi.
Asqad Muxtorning sara she’rlari – fikr she’riyatimizning go‘zal namunalaridir. Bu she’riyat 70-yillarda adabiyotimizda tug‘ ko‘targan butun bir avlodni turtkilab uyg‘otdi va ularning ildiziga singdi. Balki, shu jihatdan ham endi bu daraxtlarni silkitsangiz fikr yog‘iladi… Shubhasiz, bu fikrlar yangi, salmoqli, ta’sirchan, hayajonga burkangan, jazavali. Ajoyibi – ular Asqad Muxtornikiga o‘xshamaydi. G‘aroyibi – ular o‘z mo‘jizalarini Asqad Muxtornikiga solishtirib, gumi-bo‘ylarini o‘lchaganlar, o‘sganlar – chuqurlashganlar. Asqad Muxtor she’riyati esa hamon ular bilan bas boylashadi. Ko‘ngil mulki poygasining sovrindori bo‘lib yuradi…
Bu hassoslikning tilsimi qayerda? U qanday qilib Cho‘lpon bilan Rauf Parfini bog‘lay oldi? U nima uchun shaxssizlik girdobida ham shaxs bo‘lib qola bildi? Buni tasvirlash mumkin bo‘lmasa-da, xayol aql selida qolgan go‘zal va abgor ko‘chalarga kirib chiqadi. Qirq yillab tosh yoqqan bu ruhiyat ko‘chalarida qandaydir umid va ishonch topishning o‘zi mo‘jiza.
Asqad Muxtorning fikr she’riyati – o‘tkir aql she’riyati, nozik fahmlar ohangzori, o‘ziga xos ma’rifat manzili. Balki shu bois ham o‘rtadagi qanchadan qancha ma’nisiz, madhiyaboz, jimjimali shig‘irlar o‘z girdobida o‘zlari cho‘kib ketganlari holda tabiiy ohang, insoniy so‘z, rost hislar kemasi bo‘lgan Asqad Muxtor she’rlari ko‘magida ufq sari suzib borishga qayta-qayta ehtiyoj sezamiz. Bu she’riyat girdobida cho‘kib ketilganda ham hurlar va durlar og‘ushida nimaningdir ma’nisiga yetish arzirlidir… Axir, chin she’rning qonidan tatib ko‘rish qanchalik saodatli.
Buning ustiga she’r yozib, tilga tushishning o‘zi oddiy hodisa emas. Ammo buni astoydil ko‘zlagan omma tilmochi maqsadiga erishishi, olqish gullariga ko‘milib ketishi mumkin. Lekin undan-da noyob, hamisha, vaqtida qadrlanavermaydigan, birdan tushunish amri mahol, ahli xoslarning cho‘qqidagi nigohi uchun yog‘du bo‘ladigan yana bir she’riyat bor. O‘rislar lo‘nda alfozda uni “intellektual”, deb ta’rif berishadi. Ommaviy “ura-ura, hay-hay”chilik zamonida bu she’riyat bizda ham nihoyatda darmonsizlanib sho‘ri qurishi borgan sari avjladi. Lekin shu davrda ham Asqad Muxtor intellektual she’riyatning tolibi ilmi, mahliyosi va dardisari bo‘lib qolmay, o‘rtalikda ustozi soniysi ham bo‘ldi. Shu bois ham didi nihoyatda baland, ta’bi nozik o‘zbek she’riyati o‘sdi, turli yo‘sinda shakllandi. Asqad Muxtor so‘z maydonida bo‘y ko‘rsatganda esa bu san’atkorlik, zukko va go‘zal ko‘ngillilikning mo‘jiza ko‘rsatishi o‘rni bo‘shab, xazon qoplab, umidsizlanib yotardi. Bu yo‘l uning zehni bilan umidlandi, ovozi bilan bezaldi, o‘rganishlari bilan tuzaldi. Uning ko‘p yaxshi she’rlari jahon she’riyati tajribalaridan xabardor, ularning eng avangard shakllariga xayrixoh, lekin o‘zbekona his-fikrdan tug‘ilgan miniatyuralardir.
* * *
Mana, bir fojianing besh mangu lahzasi…
Ko‘chalarda ilon izi navbat,
nonga, kerosinga, o‘tinga…
Bu-ku urushni ko‘rgan-ko‘rmaganning hammasiga birday ma’lum tasvir. Ammo shoir bizga fojialarning fojiasini topib beradi. Bunda mashhur Lutfixon aya tirikchilikni o‘tkazish uchun emas, bola olish uchun, musibatzada sag‘irlarning boshini silash uchun navbatda… Bu she’rda shunday nur balqiydiki, u fojianing ustuni o‘zbekona mehr timsolining bo‘g‘zidan olinganday yurakka quvonch ulashadi. Bu sarg‘aymas tasvir yillar o‘tgan sari ochiladi, ma’no teranligining bo‘ylari xushbo‘ylashadi. Unga umidning etagiga yopishganday yopishasiz.
Asqad Muxtor fikr suratini chizar ekan, voqea-hodisalar bahonasida hayotda ko‘zga tashlanmaydigan, ko‘ngilda esa sevinch-u g‘ussaday, shafaq yallig‘ida tovlanib turadigan mo‘jizalar, hayot ma’nosini kashf qiladi. Ularni boshqa bir shoir “gullashi” dushvor. Uning “Yangam” degan mashhur she’ri bor. Bunday olsa, uning ustuxoni ikki jumla mana bu gapda o‘z aksini topganday: “Yangaga birov farzanddan gap ochsa, mening bolalarim nobud bo‘lgan, deydi urushda”. Biroq fikrga oddiy gapday qaray olmasligimizning boisi – unda iste’dodgina topa oladigan fojia qirrasi mujassam. “Yangam”dan yuzlab ayollarning romanlarga sig‘maydigan uqubatlari bosh ko‘tarib turadi.
Umuman, eng navqiron davri urush pallasiga to‘g‘ri kelganidanmi, shoirda, bu mavzuda xotirali, tiniq tasvirlar anchagina. Ular bir-birini takrorlamasligi baxtiga, ruhiyat tilsimlarini tahliliy sharhlashi bilan yanada jozibali. “Tush” she’ri xotiraga keladi. Ayollarning tushida ham janggohdagi erlari. Ular har kuni tushlarini otinga so‘ylab, undan ta’birini so‘raydilar. Birovi qaldirg‘och ayvoniga qo‘nganini gapirsa, biri tushida ilon ko‘rganidan ho‘ngrab yig‘laydi… Ta’birchi otin esa bularning barini yaxshilikka yo‘yib, xotinlarni umidlantirishga urinadi. Ammo, she’rxon uchun muhimi qaldirg‘och jangchining vataniga eson-omon qaytishi, ilonning yo‘l, oynaning diydor, deb ta’bir qilinishi, millatning ruhi haqidagi ramzlar ekani, timsollar tilida olamni anglashga urinish tasviri bilan diqqatni jalb etadi. Bu ayollar ichida bir qizning kelib-ketib, o‘z tushini aytishdan cho‘chishi esa, yanada sirli va ruhiyona:
U qiz ham endi yo‘q, uning o‘rnida
Bir ayol yuradi suqumsizgina.
Uzoqlarda o‘lgan jangchi yigitning
Tushlarida qoldi qizgina.
Har tugul dangal bu fojiyanavislikning quyuq rangi, sel qiluvchi ohangi adog‘ida umid guli ochilib turadi. Uning “Izlar” nomli o‘n oltiligida jismi-joni yarador jangchining vataniga qaytgandagi ilk kunlari og‘ir taassurotlari odatiyday chizib kelinadi-yu, siyratning umidli holati so‘nggi pallada oshkor qilinadi. Buning quvonchidan bo‘g‘zingizga yorug‘ yig‘i keladi.
Borsak – qo‘shni boqqa kirib ketgandi
Yog‘och oyog‘ining izlari…
She’riyatning qudrati ham shu-da. U bizga cheksiz musibatlar changalzorida ham umid baxsh etadi, ko‘nglimizdagi hayotsevarlikni, bahoriy ishqning vatanini topib beradi:
Oshiqlar niholday tebranib so‘rar
So‘layotgan bahordan:
Hayhot
Ketarsan sendan so‘ng nima bo‘ladi?
– Hayot. Hayot. Hayot.
Bunday go‘zal va ezgu satrlarni o‘qiganingiz sari uqqingiz, ruhingizga joylab, ko‘klarga ketgingiz keladi. Axir, ular chaqmoq yorug‘ida yozilgan. Axir, ularning abadiyati shunda. Shundan bizga birodarligi. Xudo xohlasa, hali Siz bilan juda ko‘p gurunglashamiz, dardlashamiz – Asqad domla!
* * *
Adib esa yarim yil o‘tmasdan, 1997 yil bahorida bu yorug‘ olamni tashlab ketdi. Asqad domla bilan hayotda uchrashib, gurunglarini olish orzusi men uchun Qiyomatga qadar armonga aylandi.
Endi o‘ylayman: biz yoshlar Asqad Muxtorni shaxsan bilmay-tanimay nega unga intilganmiz? Ulug‘ asarlarining mutolaasi yorqin taassuroti bois, albatta. Biroq shuning o‘zi uchungina emas. Davralarda Asqad Muxtorning butun va yetuk shaxsi, ma’rifati-madaniyati, ziyoliligi, millatni ozod ko‘rish yo‘lidagi o‘ziga xos oqilona kurashi haqida gap-so‘zlar har zamon qulog‘imizga chalinib, yuraklarni to‘lqinlantirib, umidlantirar edi. Oradan qanchadir o‘tdi, bilmadim, qo‘limga: “Asqad Muxtor zamondoshlari xotirasida” (“Ma’naviyat” nashriyoti, 2003) kitobi tushdi. Va ayni shu kitob bois ham Asqad domla shaxsiyatiga oid talay savol va qiziqishlarimga bir qadar aniq javob topdim. Jonkuyarligi, mardligi, fidoyiligi, dovrug‘i yuragimni quvonchga to‘ldirgan bo‘lsa, og‘ir xastalikka chalinib, juda azoblanib bu dunyodan ketgani bag‘rimni o‘rtadi. Bugungi ziyolilarimizning peshqadami, o‘shanda talaba bo‘lgan Ibrohim G‘afurov o‘tgan asrning 50-yillarini xotirlab, yozadi: “Hech kim yoshlarga Asqad Muxtorchalik do‘st emas deb tushunardik”. Hali havaskor ijodkor Asqad Muxtorning “Opa-singillar” romani haqidagi taassurotlarini bir kichik taqriz qilganida, adib yosh do‘stini oldiga chaqirib, roman kitob holida nashr etilayotganini aytib, so‘ngso‘z yozib berishni iltimos qiladi.
Holbuki, dovrug‘i sobiq Ittifoqning chekkalarigacha yetib borgan adibga istagan tanqidchi bu so‘zni bajonidil yozib berishi mumkin edi. Yo‘q, adib romanini targ‘ib-tashviq qilishdan oldin, undan ham yuksakroq maqsadni ko‘zlaydi – yosh umidli ijodkorni rag‘batlantirib, parvozga chog‘laydi.
Asqad Muxtor bilan yonma-yon ishlash toleyida yozilgan, universitetni bitiriboq, “Guliston” jurnalida ish boshlagan, sevimli shoirimiz Abdulla Sher e’tirof etadi. “Asqad aka hech kimga hech qachon iltimos qilmasdi. Bir safar esa shu an’anani “buzgan” edi…” Gap shundaki, u radiokomitet boshlig‘i Ubay Burxonovga shaxsan iltimos qilib, uning qo‘l ostida ishlayotgan Tohir Malik va Erkin A’zamni o‘z jurnaliga o‘tishga ruxsat berishni so‘raydi. Bu ham yosh iste’dodlarga ijod qilish imkoniyatini kengaytirish, ijodiy muhitning markazida bo‘lishga imkon yaratish edi. Men hech bir vaqtli nashrda “Guliston” jurnalidagidek mehnat tartibi – ish soati 11 da boshlanib, 17 (5) da nihoyasiga yetishi deb belgilanganini eshitmaganman. Bu jurnal xodimlarini ishga o‘ralashib qolishdan asrash, ijod qilish va erkin bo‘lish uchun amaliy mehribonlik, ijodkor psixologiyasini tushunib, shunga ko‘ra ish tartibini joriy qilish edi. Shu favqulodda adolatli tartib va demokratiya bois ham “Guliston” jurnali o‘tgan asrning 70-yillarida yurtimizdagi adabiy nashrlarning karvonboshisi bo‘ldi.
Asqad Muxtor qo‘lidan kelgancha, jur’atli va iste’dodli yoshlarning Qizil imperiya tajovuzida juvonmarg bo‘lib ketmasligiga urinardi. Shoir Abdulla Sher jasur tengdoshi Asqar Qosim qismatidan so‘zlaydi. 60-yillarning oxiridagi Yozuvchilar uyushmasidagi 500–600 kishi yig‘ilgan mushoiralardan birida Asqar Qosim Imperiya zulmiga qarshi she’rlaridan birini o‘qiydi:
…Ko‘rmas edim bunchalar xo‘rlik,
Agarda men o‘ris bo‘lib tug‘ilganimda.
Bu she’rni eshitgan tumonat muxlislar o‘rnidan turib, shoirni olqishlaydi.
“Ertasiga esa Yozuvchilar uyushmasiga tegishli idoralarning xodimlari kelishadi va Asqar Qosimovni topib berishlarini so‘rab, u bilan “suhbat” qilishmoqchi ekanliklarini aytishadi. Uyushmaning ijodiy ishlar va, ayni paytda yoshlar bo‘yicha kotibi Asqad Muxtor “mehmon”lar bilan bamaylixotir, bafurja gaplashib, Yozuvchilar uyushmasi aynan ana shunday yoshlarni tarbiyalash, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun mavjud ekanligini tushuntiradi. Xullas, Asqad aka Asqarni ajdaho og‘zidan olib qoladi”. (Talabaligimiz kechgan 80-yillarda ham o‘n yillar oldin sobiq tuzum tazyiqi bilan xo‘rlanib, qurbon bo‘lib ketgan Asqar Qosimning mardona she’rlari og‘izdan-og‘izga ko‘chib yurardi. Xuddi o‘zining taqdirini bashorat qilgandek, yana bir istibdod qurboni ulug‘ shoir – Usmon Nosirga bag‘ishlangan she’rida shunday satrlar bor edi, u hamon xotiramda turibdi:
Tirik turib seni to‘rda ko‘rmadim,
O‘lik ko‘rib seni go‘rda ko‘rmadim!..)
Iste’dodli yoshlar, ayniqsa, yurt-xalq ozodligini orzu qilib, Cho‘lpon-u Fitratlar yo‘lini boshqacha bir tarzda tutgan yosh ijodkorlarga hujum bir kun ham to‘xtamas, jallodlar va tajavuzkorlarning shotirlari-da qiyofalarini ming turda almashtirib, o‘zbekning mungini ko‘rsatmaslik, har bir nidoni qiyratish payida bo‘ladi. O‘zbekiston Yozuvchilarining 1984 yilgi qurultoyida endi iste’dodli shoir Rauf Parfi mahdudlikda, davrning “ulug‘”ishlariga befarqlikda urib chiqiladi. Asqad Muxtor esa ayni shu g‘araz, noxolis tanqidlarga raddiya o‘laroq Rauf Parfining “Sabr daraxti” (1986) kitobiga so‘z boshi yozgan. Maqolaning nomiyoq sovet mafkurasi haybarakallochilariga haqli javob edi: “She’r – shoirning ijtimoiy vijdoni”. Maqola nihoyasida Asqad domla umidli shogirdini go‘zal bir duo qilib, ishonch bilan deydi: «Kichik jilg‘alar daryoga olib chiqadi».
Ajabki, Asqad domla iste’dodlar himoyasiga oqilona so‘zi, nufuzi bilan imkon qadar harakat qilar ekan, bu bilan o‘ziga hurmat-ehtirom xirmonini yig‘ib yurmagan. Guruhbozlikdan ham uzoq bo‘lgan. Buni Yaratganning roziligi, haqiqatning tantanasi uchun, ruhiyatlarning hur bo‘lishini astoydil istaganidan qilgan. O‘ziga nisbatan maqtov va alyorlarga esa sovuq, juda bo‘lmaganda, bee’tibor, eshitmaganday qaragan. Beixtiyor xotiramga Qur’oni karimdagi ogohlantiruv keladi: “Alloh maqtanchoqlarni sevmas”. Shoir Rauf Parfining bir suhbatida o‘z og‘zidan shu luqmani eshitganman: Ustoz (Asqad Muxtor)ga bir marta she’r bag‘ishlab, tavba qilganman. Xotira kitobda taniqli shoir va adib Mashrab Boboyev ham ustozi A. Muxtorga bag‘ishlangan she’rini keltirar ekan, “Ustozga yoqmagan bo‘lsa kerakki, hech nima demagan edi” deb yozadi. She’r ajoyib, unda maddohlik yo‘q, fazilatlar go‘zal bir tarzda darj etiladi. Asqad Muxtor o‘ziga nihoyatda talabchan bo‘lganidan ham indamagan, Mashrab akani xijolatga solishni istamagandir. Maqtovga hushi yo‘qligini boshqa shogirdlari ham ko‘p aytishadi. Bu ham birinchi navbatda komil bir shaxs bo‘lishga intilish alomatidir.
O‘tgan asr boshida millat oydinlari ma’rifat ila ommani uyg‘ontirish, ilm bilan istibdoddan qutulish yo‘lida ulug‘ bir harakatga kelganini, Turkistonda jadidchilik boshida Mahmudxo‘ja Behbudiy turganini, jadidlarning ko‘tarib chiqqan masalalari, aytgan fikrlari bugun ham dolzarb ekanligini endi-endi amaliy bir e’tirof etishga o‘tdik. Bu jabha hukumat miqyosida mavjlanyapti. Zero, bunga ma’nan biz muhtojmiz, axir. Asqad Muxtor o‘z zamonida buni chuqur anglagan, bu jadid, ma’naviy islohotchi bobolarimizni yuragidan sevgan, ular hayot yo‘lini o‘rganish ta’qiqdaligiga qaramay, bunga bel bog‘lagan olim-u ulamoga ixlos qilar, aytmasa ham o‘zining ularning izdoshi, o‘quvchisi deb bilgan.
Shuning uchun o‘z imkoniyati darajasidan chiqib ham shonli o‘tmishimizni o‘rganuvchilarni qo‘llab-quvvatlar, kishi bilmas ularni qizil mafkura balo-qazolaridan himoya qilishga tirishar edi. Birgina misol. Akademik Matyoqub Qo‘shjonov shunday xotirlaydi: “1981-yil avgust oyida Til va adabiyot institutini mafkura jihatidan tekshirish uchun nufuzli komissiya tuzilib, Toshkent shahar partiya komiteti jadidizmni oqlovchi, millatchilik g‘oyalarini tashviq qiluvchilarni izlaydi. Ularga Yozuvchilar uyushmasi rahbariyati ham yordamga shoshiladi. “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri Asqad Muxtor esa sho‘roviylarning g‘arazli niyatini fahmlab, asosiy hujum zarbi institut direktori (O‘shanda M. Qo‘shjonov institut rahbari bo‘lgan V.F.) boshiga tushishini tushunib, qalqon tutadi. (Buning uchun rahmat eshitmasligini bilgan, albatta… V.F.). Gazetaga V. Tyurikovning institut direktori haqidagi ijobiy maqolasini beradi. Ushbu maqolaga ko‘zi tushgan Yozuvchilar uyushmasi kotiblaridan biri zudlik bilan bosh muharrirni huzuriga chorlaydi. Tekshirish ketayotgan paytda bu maqolani nega berdingiz deb o‘shqiradi. Shunda Asqad Muxtor kotibga qarata: “Kechagina “Pravda” (SSSR Kommunistlar partiyasining bosh nashri ekaniga ishora qilib)da institut direktorining katta maqolasi e’lon qilindi. Siz bu gazeta rahbarini ham kabinetingizga chaqiring-da tanbeh bering! Jazosini olsin”, deydi-da, eshikni yopib chiqib ketadi”. Buning o‘zi ham jaddidchilik harakatini qo‘llash, millatni mahdudlikda tutishni istab, o‘yin bilan hujum qilayotganlarga go‘zal bir “fint”, oqilona kurash, kurashda birodarlik edi. Asqad Muxtorni yaqindan bilgan hassos adib Xayriddin Sulton shuning uchun ham buyuk ustozini “O‘tgan asrning so‘nggi jadidi” deb atagani diqqatga sazovordir.
Asqad domlaning ijodi kabi shaxsi ham go‘zal ibratdir. Undan har bir qalamkash ibrat olsa arziydi. Kimgadir quyidagi hujjatimiz, juda mayda-chuyda tuyilishi mumkin. Bizningcha esa unday emas. Adibning o‘g‘li Temur Muxtorov «Men dadamni hech qachon ichgan yoki chekib turgan holda ko‘rmaganman» deb yozadi. Shu ma’lumotning o‘zi dahriy, araqxo‘r jamiyatda Asqad Muxtor Qur’on amri bilan yashagandek taassurot beradi. Muqaddas kitobda Alloh taolo shunday marhamat qiladi: “O‘zingizni halokatga tashlamang!” Hadis-u sharifda esa, mo‘min banda o‘ziga ham, o‘zgaga ham zarar yetkazmaydi, deya o‘git beriladi. Asqad Muxtor esa ichkilikbozlikning oqibati yaxshi bo‘lmasligini yosh iste’dodlarga uqtirishdan ham charchamasdi. Turkiy xalqlarning mashhur adibi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi To‘lepbergen Qaipbergenov Asqad Muxtor bilan yosh yozuvchi sifatida uchrashuvlaridan birida bu ogohlantiruvni shunday eslaydi: “Aqli butun ijodkor qalamni shisha bilan ulfat tutmaydi”.
Va umuman Asqad Muxtor o‘zbek adiblari, o‘zbek adabiyoti bilan, avvalo, turkiy qardoshlarimiz tanish bo‘lishligini, o‘rtada chambarchas birodarlik, birlik bo‘lishini istab, shu yo‘lning jonkuyarlaridan bo‘lgan. Ijodi esa turkiygo‘y yozuvchilarning aksariyati tomonidan qadrlangan. Jumladan, dunyoga dong‘i ketgan, sobiq Ittifoqning eng oliy mukofotiga tirikligida musharraf bo‘lgan uch qardoshlarimizdan biri, boshqird shoiri Mustay Karim juda kamtarinlik bilan shunday deydi. “Asqad Muxtordek ijodkorlar har yili tug‘ilavermaydi”. Qolaversa, Asqad Muxtor o‘zbek adabiyotini jahonga chiqishida, sara asarlarimiz maromiga yetkazilib tarjima qilinishida sobiq Ittifoq davrida oltin ko‘prik bo‘la olgan. U “Tundaliklar”ida istiqlolga yetgandan keyin yetti-sakkiz yil o‘tib ham biron-bir yaxshi asarimiz rus tiliga tarjima bo‘lmaganidan haqli kuyinadi. Buni sobiq Ittifoqning tarqab ketishiga bog‘lamaslik kerak, deya, inqilobgacha ham ancha-muncha badiiy-tarixiy durdonalarimiz bu tilga tarjimalar qilinganligi tarixiy dalillar bilan ko‘rsatib, hammasi ixlos va fidoiylikka borib taqalishini uqtiradi. Uning badiiy tarjima haqidagi mana bu fikrini esa oltin qoida qilsa arziydi: “Tarjimondan aniqlik talab qilmang. U chizmakash emas, rassom!”.
Ochig‘i, chin adabiyot targ‘ib-talqini siyraklashib ketayotgani qatorida, qalamkashlarning o‘zi ham e’tibor va dabdabaga haddidan osha o‘ch bo‘lib qolganday. Bu jarayon atayin mualliflar tomonidan tashkillashtirish urfga-da kirib ketdi… Bu bilan ulug‘, yangi asarlar targ‘iboti qilinmasligi, yosh va o‘rta va keksa adabiyot vakillariga e’tibor qilish kerak emas demoqchi emasman. Balki xolis va muxlis e’tiborni ko‘ngil istaydi. Me’yor va mezon buzilmasa. Foydali tanqidlar ham bo‘lsa, o‘zimizdan ketib qolmasak. Bu borada ham Asqad Muxtordan o‘rnak olsak, faqat yutamiz. Yetuk ziyolilarimizdan biri bo‘lib yetishgan Tohir Malik eslaydilar: “Yozuvchilar uyushmasida ishlayotganimda Asqad akaning yetmish yillik to‘ylarini o‘tkazish bo‘yicha tadbir tayyorlab, kotibiyat hukmiga havola etdik. Kotibiyat tavallud to‘yi o‘tkazish haqida qaror qabul qildi. … Kotibiyat majlisining ertasiga ertalab Asqad aka keldilar. Qo‘llarida ariza. Mazmuni: “Xalq qiynalayotgan paytda mening to‘y qilishim yarashmaydi…” 80 yoshga yetgan ulug‘ yozuvchi Lev Tolstoy ham bu ulug‘ sanani yubiley qilishga qarshi norozilik bildiradi, to‘xtashish payida yelib-yuguradi, ammo tantanalarini to‘xtatishga qurbi yetmaydi… Biz ikki adib shaxsida o‘xshashlik izlayotganimiz yo‘q. A. Muxtorni Tolstoy boboga tenglashtirmoqchi ham emasmiz. Shunday ham Asqad Muxtor Tolstoy ijodining muhibi edi, uning shaxsini, shaxsiy hayotini sinchiklab o‘rganib ham ibratlangan. Tolstoyning bir turkistonlik bilan uchrashuvidan ilhomlangani esa nasriy ijodining cho‘qqi nuqtalaridan biri. Ammo yuqoridagi voqeada Asqad domlani dabdabalardan nari bo‘lish, kamtarinlik, o‘zini ko‘z-ko‘zlashni istamaslik, maqtovni jini suymaslik, millat oldidagi mas’uliyat shunga undagan, xolos.
* * *
Yana shunday aziz on yetdi. Asqad Muxtorning dilbar she’rlarini juda sog‘indik. Shunday kunlarda ul zotning tavalludi yuz yilligini yurt-davlat miqyosida nishonlashga kirishildi. “Sharq”da muhtasham bir kitobda “Tanlangan asarlar”i nashrini tayyorlayapmiz. Kitobning boshida o‘sha o‘zi mo‘jaz, haybati ulug‘, ma’nosi ko‘p qavatli she’rlar. O‘rtada roman, qissa va hikoyalardan iborat, o‘tgan asrning 60-yillaridayoq dovrug‘i olis Amerikaga yetib borib, yirik sharqshunos E. Olvort “Hamon ta’sir kuchini yo‘qotmagan” deb e’tirof etgan nasriy asarlarining saralari, kitobning so‘ngida esa sochilgan ma’naviy javohirlari “Uyqu qochganda…” – Tundaliklar. Shu ajib mutolaa, ziyoli maktab ta’sirida bo‘lsa kerak, tunda ham uyg‘onib ketaverdim. Tongga yaqin ko‘zim ilinganda tush ko‘ribman. Allaqanday katta bir qog‘ozda she’riy misralar. Qo‘lda o‘chirg‘ich bilan o‘chirib kelinyapti. Qora qalamda yozilgan edi-da… Ammo bir yerga kelganida bir she’r hech o‘chmadi. Sharikli ruchkada yozilgan yashil siyohdagi misralar chiqib kelaverdi. Yarim uxloq, yarim uyg‘oq bir tarzda – tush va hush orasida: “E, bu Asqad Muxtorning she’ri-ku!” deb yuboraman-da, butunlay uyg‘onib ketaman. Turiboq korrekturasini uyga olib kelganimga ko‘zim tushib, uzoq payt qo‘lga olmaganimdek, yana ovoz chiqarib she’rlarni o‘qishga tutinaman.
“El-yurt” she’ri nihoyatda do‘lvor va o‘ychan o‘zbekning butun umrlik hayotining eng muhim daqiqalari, kunlari el-yurtsiz ma’nosiz va zabun, dushvorligi haqida yolg‘izlikdagi mardona, teran iqror. Boshqa bir millat vakili tom ma’noda bunday to‘xtamga kelishi mumkin emasday!
Asqad Muxtor hayotni hamma narsadan ustun qo‘ygani sababli ham shoir she’rlari qaytariqsiz va yashovchandir. Uning ta’rifini ham o‘zi qiladi: She’r juda ham go‘zal… yana hayot she’rimdan ming qatla husndor ekan (“Uxlamay”). Xotirada emas ekan yoshlik, Yoshlik shu hayotning o‘zida ekan (“Eslab yoshligimni…”). Bu misralar sodda tuyilgani bilan dialektikasining zalvoriga qarang. Ma’naviy umr falsafiy tarzda mavjlanadi.
So‘z haqida har bir shoir o‘z ta’rifi bo‘lishiga intiladi.
Gomer kabi mangulikka tanla uni,
Mangu yonar topsang agar qalovini.
Asqad Muxtorning bu she’ri ohangi masnaviy bir vaznda bitilgan hazrat Navoiy dostonlari kabi qulog‘im ostida jaranglaydi. Tashbehli talab ham shu darajada katta, har bir shoir, dunyo nozimlarining ustodi Homerday bo‘lishga chorlanyapti.
Badiiy asar ruhan qanday bo‘lishi borasida bahslar tinmaydi. Asqad shoir buni shunday tasavvur qiladi, tasvirlaydi:
Kitobxon orzular qanotida uchsin,
Vujudi titrasin muqaddas darddan.
Hayratdan nafasi ichiga tushsin,
Bilmasin qaysi zum uni o‘zgartgan
(“Bosh satrlarda”).
Biroq shoirning ijodkordangina emas, insondan ham talabi, she’riyatga mehri, munosabati shunchalik ko‘lvor va otashin: Seni tanimagan sho‘rliklar ayanch (“She’riyat”). Ushbu satrni dunyo she’riyatining bilimdoni, yangi she’riyatimizning ulug‘ vakili Rauf Parfi “She’riyat” atalmish she’riga iqtibos qilib oladi. Zero, bu shoh satr ila insonlarning qismati so‘zga, she’rga munosabat ila ikkiga ajraladi, go‘zal va mudhish bo‘lishini fikr qilgan o‘zicha ko‘raveradi. Qalbi so‘qirlarga nisbatan ulug‘ bir yig‘i, marsiya shu bir misrada hayqirib yotibdi.
Ana shunday betakror she’rlari ila Asqad Muxtor she’riyati 60-, 70– va 80-yillarda ko‘z ochgan, jumladan hassos shoirlarimiz bo‘lib qolgan A. Oripov, Sh. Rahmon, hatto Muhammad Yusuf ijodiga qanday ta’sir qilganini ravshan kuzatish mumkin. Bu shoirlarning hech biri ustozga zarracha o‘xshamasa-da, undan o‘rganishlari, ilhomlanganlari , bir mavzuda butunlay yangicha go‘zal she’rlar yaratganlarini sezmaslik mumkin emas.
Asqad Muxtor tabiatan yumshoqko‘ngil odam bo‘lganini o‘zi-da aytadi. Bu boshqalar ko‘nglini ayaganlaridandir. “U yurak va ongning tarbiyasidan darak beradi” (I. G‘afurov). Lekin she’rda uning uchun, avvalo, haqiqatni mardona aytishdan bo‘lak maslak bo‘lmagan:
Astoydil yolchidim do‘stlar, do‘stlardan,
Yillar daryo kabi muzlaganida
Shular olib o‘tdi meni muzlardan,
Shular meni ko‘tarmadi ko‘kka,
Xato qilganimda shular bopladi.
“Eshik qoqayotir elligim. Tavba…” misrasi bilan boshlangan bir bet hajmidagi sarhisob ushbu she’rda bir inson butun umrida kechiradigan achchiq va totli qismat real haqiqat, kinoya, ramz, afsus, sir, nimkosa, tag qatlam fikrlar quyunida o‘quvchi tasavvurida jonli tiklab beriladiki, harakatdagi hayot davomida tafakkurga ham cho‘mib nimalarni eslamaysiz o‘zingizcha. Uning aksariyat she’rlari ana shunday ulug‘ bir maksimal taassurot yasaydigan siqiq, qatlamli, lutfi, nutqi, ohangi, realiyasi o‘xshamasdir. Shakli esa o‘zgarib, qalqib, fikr va zalvoriga hamohang vujudni qamrab, qalbni zabt etadi. Zavqlanib ta’lim olasiz. Men tuyganimni o‘nlab qog‘ozlar qoralashdan tiyilib, mana bu she’rlarni hech bo‘lmaganda sanamasdan-da o‘tish katta yutqiziqday . “Qo‘r”, “Biror soat”, “Portret”, “Xom olma”, “Sendan seni yaxshi bilar xotining”, «Eslaysanmi jonim, u chog‘larni…”, “Tun qo‘ynida”, “Turdi – Majnun”, “Umr nega shirin”, “Bolalikda…”, “O‘tar-ketar”, “Ikki gul”, “Insonlikning ma’nosi o‘zgardi”, “Chegaradan o‘tganda…”, “Zarrama-zarra”, “Telba daryo ekan, umr degani…”, “Boychechak”, “Ikki eshik orasi”, “Mendan nima qolar”, “Navo”, “Ayajonimiz”, “Mo‘jizalar”, “Maktab”, “Tunda”, “Asliga to‘g‘ri” kabi yuzlab she’rlari borki, ularni faqat she’r deb bo‘lmaydi. Tasavvur, tafakkur, ilm, zavq va shavq, falsafiy va psixologik hayot maktabining saboqlari o‘quvchini esankiratib qo‘yadi. Rostdan ham ularni sharhlashga ruhoniy quvvat yetmaydi. Asqad muallimning o‘zlaridan oshirib bir narsa deyolmaymiz: “She’rni tahlil qila boshlasalar, g‘ashimga tegadi. Bahorgi sof havoning kimyoviy tarkibini ham tekshirish mumkin. Ammo, undan ko‘ra, shunday ko‘krak to‘latib nafas olgan yaxshiroq emasmi?” She’riyatni sevganlar uchun ana shu musaffo havoday Asqad Muxtor she’rlari.
Shoirning “Hamid Olimjonga” degan mumtoz she’ri bor. U Hamid Olimjonning eng yaxshi she’rlaridan biri “O‘rik gullaganda” turtkisida yozilgani aniq. “Derazamning oldida bir tup o‘rik oppoq bo‘lib gulladi” (H.O.). Jarayonlarning davomiy maromi ham uyqash. Ammo butunlay yangi, falsafiy xulosasi yana ham teran, shafqatsiz va umidbaxshdir. Demak, mavzu, voqealar o‘xshashligida shoh asardan butunlay farq qiladigan, uning ta’siridan mutlaq chiqib ketadigan, yorib o‘tadigan asarlar bitish daho adibgagina nasib qilar ekan. Shu she’rdan oxirgi bir parchani keltirishdan oldin adib ijodiy laboratoriyasidan ham nishona bera oladigan, yaxlit hikmatlar qatorida, Xudo umr bersa, kelgusidagi asarlarning rejalari bo‘lib-da qolgan, boshqa ijodkorlarimiz uchun tarixiy shaxslar hayotini yozishga undalgan, turtki bergan “Tundaliklar”dan yarimtagina iqtibos keltirishdan o‘zimizni to‘xtata olmadik. Zero, shu ikki og‘iz gap ham ijod mohiyatidan, chinakam so‘z san’atkorining hissiy-aqliy qudratidan mujdalar beradi: “Yoshlik qaytib kelmaydi. Lekin go‘yo yoshlik qaytib kelganidek mo‘jizaviy bir hissiyotni ko‘p bor boshimdan kechirganman. Bunday hissiyot ko‘ngilda va xayolda yangi roman yoki qissa tug‘ila boshlagan chog‘larda vujudimni qamrab oladi”. Bu ilhom onlari! Ayni she’rga ham daxldor.
Bari o‘tar ekan, biz ham o‘tarmiz,
Hech kim osmonga ustun bo‘lmaydi.
O‘shanda ham
G‘ussalarni yengib
O‘rik oppoq bo‘lib gullaydi!
Ishxonamning derazasidan tashqariga qarayman. Laylak qor yog‘yapti. Osmondan hali yerga tushib ulgurmagan qor parchalari ko‘zimga negadir o‘rikning uchib tushayotgan oppoq gullariga juda ham o‘xshardi…
«Yoshlik» jurnali, 2020 yil, 11-12-son

