Vahob Rahmonov. So‘z jahongiri

Shermuhammad Munis o‘z ismi sharifining Alisher ismiga ma’nodoshligi yuzasidan faxrlanib yozgan edi:

So‘z ichra Navoiyki jahongirdurur:
Munisg‘a maoni yo‘lida pirdurur.
Yo‘q g‘ayriyat andin o‘zgakim, ayturlar:
Bu — Shermuhammad, ul — Alisherdurur.

Darvoqe, so‘z Alisher Navoiyning jahongirligi xususida boradi. Zotan, dahomizning o‘zi bu da’vo bilan chiqqani sir emas: «Lison ut-tayr», «Farhod va Shirin» dostonlarida bu xususda hujjatli baytlar saqlangan:

Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.

(Men turkiy she’riyat bayrog‘ini ko‘tarib, turkiy tilda so‘zlashuvchilarning hammasini bir adabiy til ostiga birlashtirdim.)
«Lison ut-tayr»da bu fikrlar izhori bilan chiqqan shoir «Farhod va Shirin» dostonida Nizomiy Ganjaviy, Amir Xusrav Dehlaviy va Abdurahmon Jomiyning jahongirliklarini qayd etib, Nizomiy Ganjaviy haqida:

Nizomiy olsa Barda birla Ganja,
Qadam Rum ahlig‘a ham qilsa ranja,—

deb yozadi.
Amir Xusrav Dehlaviy jahongirligi xususida esa,

Chekib Xusrav dog‘i tig‘i zabonni,
Yurub fath aylasa Hindustonni, — deydi.

Abdurahmon Jomiy muzaffariyati to‘g‘risida

Yana Jomiy Ajamda ursa navbat,
Arabda dog‘i cholsa ko‘si shavkat, —

der ekan, nihoyat, o‘z jahongirligi — uning ijod qo‘li ostiga qaysi mamlakatlar kirgani haqida yozadiki:

Agar bir qavm, gar yuz, yo‘qsa mingdur,
Muayyan turk ulusi xud meningdur.
Olibmen taxti farmonimg‘a oson,
Cherik chekmay Xitodin to Xuroson.
Xuroson demakim, Sherozu Tabrez
Ki qilmishdur nayi kilkim shakarrez…

Yuqorida keltirilgan baytlar jug‘rofiyasini tasavvur etsak, Xito — Sharqiy Turkistondan Tabrizgacha yashagan turkiy elatlar yuztami, mingtami Alisher Navoiy ijodi ta’sirida bo‘lgan ekan…
XX asrda Navoiy asarlari jahonning tsivilizatsiyalashgan mamlakatlarining hammasiga borib yetdi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Biroq bu «borib yetish» xabar tariqasida edi, ijodiy zabtkorlik ma’nosida emas. XIX asrdayoq Hofiz Yevropaning Frantsiya, Germaniya, Angliya kabi mamlakatlari shoirlari qalbiga o‘z ijodiy bayrog‘ini tiklab ulgurdi. Iogann Volfgang Gyote forsiy tilda she’r bitgan jahonshumul yetti shoirni sanaydi: Rudakiy, Firdavsiy, Anvariy, Nizomiy, Sa’diy, Hofiz, Abdurahmon Jomiy…
Alisher Navoiy jahongirligi, hozirgi adabiy ta’sir va tarjima ma’nosida fikr yuritadigan bo‘lsak, endi chinakam bo‘lishi mumkin. Buning uchun nima qilmoq kerak?
Ie, avval gapni o‘zimizdan boshlaylik. O‘zbekistonda Alisher Navoiyni o‘qiydilarmi? Nega Erkin Vohidovdek qahramon shoirimiz «Navoiyni adabiyotshunos olimlar tushunmaydilar» deb qayg‘uradi va shoirona jarang bilan:

O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Dod demoqqa palla bo‘lgani shudir.
Ma’rifatdan ayru o‘ynasa, kulsa,
Aza chog‘i yalla bo‘lgani shudir.

O‘zbek Navoiyni o‘qimay qo‘ysa,
Aldangani, alla bo‘lgani shudir.
Yulg‘ich aziz bo‘lib, bilgich xor bo‘lsa,
Paytavaning salla bo‘lgani shudir, —

deya fig‘on chekadi?
Bunday yuzaki qaraganda, Alisher Navoiy ruhi O‘zbekistonni to‘la zabt etgandek: maktablar, muzeylar, jamoa xo‘jaliklari, ilmiy institutlar daho shoirimiz nomida. O‘zbekistonda «Men Navoiyni o‘qimaganman», degan o‘zbek topilmaydi. Qanday yaxshi! Aslida shundaymi?
O‘zbekistonda hamma Navoiyni o‘qigan, degan tushunchaning mazmuni shuki, o‘zbek o‘quvchisi maktabda uch-to‘rt sinfda Navoiyning besh-o‘nta she’rini o‘rgangan, dostonlaridan ikki-uch bob namuna ko‘rgan, «Farhod va Shirin»ning mazmuni bilan darslikdan tanishgan. Mana shu bizning — o‘zbek xalqining Navoiyni bilishi! Boqchadan oliy maktabgacha Alisher Navoiyning ijodiy guldastasi — yig‘sa bir kitob bo‘ladigan merosi amal qiladi…
Vatanimizda yuzga yaqin Navoiy ijodi bilan nafas oladigan olim va yoshlar topiladi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Men o‘qituvchilar malakasini oshirish institutlaridagi o‘ttiz yillik tajribamdan, O‘zbekistonning barcha tumanlaridagi adabiyot o‘qituvchilari bilan ijodiy suhbatlardan chiqargan xulosam shuki, o‘qituvchilar ham Navoiyni o‘qimaydilar (istisno yuz foizdan 0,01 foiz bo‘lishi mumkin). Ana shu istisno foizda Alisher Navoiy g‘azallaridan uch-to‘rtta yod biladigan, uning dostonlaridan uch-to‘rttasining nasriy bayonini o‘qigan o‘qituvchilar bor, xolos.
Hammaning uzri bitta: Navoiy asarlari tili — eski, qiyin. Uni o‘rganish uchun kim endi har bir so‘zga bittalab lug‘at varaqlaydi? Kimda bunga vaqt bor?!
Yaxshiyamki, keyingi o‘ttiz yillikda «Xamsa» dostonlari, «Lison ut-tayr» masnaviysi va «Mahbub ul-qulub»ning nasriy bayonlari — hozirgi tildagi talqinlari yaratildi. Bunda professor Abduqodir Hayitmetov, akademik shoirimiz G‘afur G‘ulom, Amin Umariy, Sharifjon Husaynzoda, Sharafiddin Sharipov, Naim Norqulov, Inoyatulla Maxsumovlarning adabiy xizmatlari bor.
Alisher Navoiy g‘azallari sharhi Abduqodir Hayitmetov, Ismatulla Abdullayev, Alibek Rustamov, Najmiddin Komilov, Ibrohim Haqqul, Anvar Hojiahmedov, Nusratullo Jumaxo‘ja, Karomat Mullaxo‘jayeva…, shoirlarimiz Erkin Vohidov, Muhammad Ali singari o‘nlab fidoyilar tomonidan bajarilib, onda-sonda gazeta-jurnallarda e’lon qilinmoqda.
Biroq bular O‘zbekistonda Navoiy jahongirligi uchun hali kam… Fikrimcha, agar Alisher Navoiyni ma’naviyatimiz mayog‘i sifatida qadrlar ekanmiz, Navoiy asarlarining hammasini o‘z janrida hozirgi tilga tabdil — tarjimasimon talqinini yaratmog‘imiz shart.
Iqtisodiy tomoni-chi? Masalan, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi bo‘m-bo‘sh bozorlarning bir qasri puliga bu ishlarni qilsa bo‘ladi: chunki sotilsa, puli yana xazinaga qaytadi ham. O‘zbekiston Navoiy bilan yashamog‘i, u bilan nafas olmog‘i kerak. Navoiy O‘zbekiston havosini tozalaydigan, ruhini yashartiradigan, xalqini barkamol eta oladigan BUYuKLIKDIR!
Navoiyni elga taqdim qilmoqdan maqsad: Navoiyning ezgu fikrlaridan o‘zbekni bahramand etish, umumbashariy g‘oyalaridan voqif qilish, o‘zbek xalqini barkamol avlod darajasiga ko‘tarish uchun ma’naviy oziq sifatida Navoiyni targ‘ib etishdir.
Navoiy asarlarini tabdil qilish—o‘zbek tilini o‘zbek tiliga tarjima etishdek erish tuyulishi mumkin. Aslida unday emas. Masalan, uyg‘ur tilidan o‘zbek tiliga badiiy tarjima qilish Navoiyni o‘zbek tiliga «tarjima etish»dan osonroq…
Alisher Navoiy asarlarini tushunish qiyin. Birgina misol keltiray. 9-sinf uchun yangi ajoyib va yaxshi «Adabiyot» darsligi yozildi. Navoiyning:

Nay tuz uchun istar ani ahli hol,
Chun tuz emas, egri ko‘rar go‘shmol —

bayti quyidagicha talqin etilgan: «Nay to‘g‘ri bo‘lgani uchun uni so‘fiylar yaxshi ko‘radilar. Egri bo‘lganida tanbeh olar, qulog‘i buralar edi».
Birinchi misra talqini — to‘g‘ri. Ikkinchi misra talqini — shubhali. «To‘g‘ri bo‘lmagani uchun egrining qulog‘i buraladi» desak, yana xato bo‘ladi. Nega? Chunki «bu misra talqini to‘g‘ri!», deb turib olsak, hazrati Navoiy: «Changim yo‘qoldi, sandamu?», deb atrofga alanglaydilar… Zotan, baytdagi «chang» musiqiy asbobi yo‘qolib qolgan. Navoiy igri, egri so‘zlari bilan so‘z o‘yin qilgan. Chunki igri — changdir…
Demak, ikkinchi misra talqini bunday bo‘ladi: «Chang to‘g‘ri bo‘lmagani uchun uning qulog‘ini buraydilar».
Taassufki, biz — olimlar birgina ezgu tushuncha bilan yashaymiz: «Navoiy asarlarini nashr etish lozim. Unga lug‘at kitobi berish kerak. O‘quvchi o‘zi lug‘at orqali o‘qib maza qilsin! Navoiyga daxl etish — gunohi azim!».
To‘g‘ri, Navoiy asarlari mumtoz ohanglar kabi inja, nozik; asal kabi totli. Qani endi o‘sha orzumiz amalga oshsa edi… Biroq o‘sha imkoniyat yo‘q; bundan kim zarar ko‘radi? Xalq… Bor asalni yeyaolmasak (Navoiyni tushunolmasak), uning qayta ishlangani — tabdil — shakarni iste’mol qilib turaylik axir. Busiz shirinlikdan mahrum qolamiz-ku?
Navoiy ijodi musiqasi, mayinligi, ma’nolarining xilma-xil tovlanishi, she’riy san’atlarning olmosdek ming turli jilosi shoir tilini tushuna oladigan yirik olimgagina nasib etadigan qutlug‘ nasibadir. Bu nasibaga ancha-muncha olimlar ham da’vo qilishdan iymanadilar…
Demak, Navoiyning boshqa nasiba- xo‘rlari Navoiy dasturxonidan asal emas, shakaridan bahramand bo‘lib tursalar nimasi yomon?
Nizomiyni aslicha tushunmaydigan ozarboyjon xalqi hozirgi tildagi tarjimada o‘qish bilan qoniqadi-ku axir! Nizomiyning biror she’ri ozarboyjon tilida yozilmagan…
Shuning uchun Navoiyni tushunish darajasiga xalqni yetkazishdek muqaddas orzuga yetishish hozircha imkonsiz ekan, demak, Navoiyni hozirgi o‘zbek tushuna oladigan darajaga «quyilatmoq» zarurati bor. Bu esa: shoir va adib Navoiyning barcha asarlarini hozirgi o‘zbek adabiy tilida o‘z janrida tabdil qilishdir. To‘g‘ri, shoirning yuzlab she’rlarini lug‘at bilan o‘rganish imkoniyati hamisha saqlanadi.
Bu taklif amalda isbotlangan: «Xamsa» dostonlari tabdili — buning isboti. Biroq bu ilk qadam edi. Endi, meningcha, doston janrini tiklab tabdil qilish bosqichiga keldik…
Alisher Navoiy fikrlarini hozirgi shoirlarimiz iqtidorlari, hozirgi o‘zbek adabiy tili xazinasi bilan to‘la ifodalash imkoniyati bor. «Layli va Majnun», «Farhod va Shirin», «Hayrat ul-abror»…larni Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Jamol Kamol, Sirojiddin Sayyid ijodiy talqinlarida o‘qish baxti o‘zbek xalqiga nasib etsin. Navoiy g‘azallarining asosiy qismini ham ana shu yo‘sinda — g‘azal holida tabdillashtirmoq kerak, toki Navoiy O‘zbekistonni chinakam egallasin…
Navoiy jahonni qanday egallaydi? Buni olimlarimiz, tarjimon shoirlarimiz qiladilar. Olimlarimiz Navoiyning har bir g‘azali haqida bittadan kitob yoza olsalar, nur ustiga nur bo‘lardi. «Qaro ko‘zum» g‘azali haqida bir kitob yozsa bo‘lmaydimi? Chunonchi, men shu g‘azalning matla’i ustida bosh qotirdim-u, birgina badiiyati nuqtai nazaridan kuzatishlarim bir daftar bo‘ldi. Ya’ni qisqacha qilib aytsam:

Qaro ko‘zum, kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosida mardum kibi vatan qilg‘il —

baytidan o‘nta badiiy san’at topdim. Bular: nido, sifatlash, iltifot, tardi aks, tajnis, iyhom, ishtiqoq, tashbih, amr, muraddaf…
Alisher Navoiyni kashf etish boshlangan. Bu hol rivoj topmog‘i darkor. Buning uchun mablag‘ sarflash kerak, grantlar olish kerak…
Navoiy asarlarining ingliz, nemis, frantsuz va boshqa tillarga badiiy yuksak saviyadagi tarjimalarini yaratish darkor. Bunga chet el shoirlari, adiblarini jalb qilish lozim. Busiz Navoiy jahonni zabt etolmaydi…
Alisher Navoiyning jahongirligi o‘zbek millatining ma’naviy jahongirligidir.

Vahob RAHMONOV

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003-yil 6-sonidan olindi.