Hazrat Alisher Navoiy ijodi bilan o‘quvchilik yillarimizda tanishgan edim. Biroq Navoiyni tushunish, uning betakror iste’dodi qirralarini anglash juda qiyin edi. Qolaversa, Navoiy asarlari talqini hukmron mafkura mezonlaridan chiqib ketishi mumkin emas edi. Shuning uchun ham sobiq ittifoq davrida nafaqat Navoiy asarlarini, balki mumtoz adabiyotimizni to‘g‘ri anglash imkoni yo‘q edi.
Navoiyni tushunish uchun esa muborak dinimiz ta’limotlaridan, jumladan, tasavvuf ilmidan ham teran xabardor bo‘lish talab etiladi. Ma’lumki, Alisher Navoiy davrida boshqa ilmlar qatori tasavvuf ilmi ham rivojlangan edi. Alisher Navoiy ham naqshbandiya tariqati soliklaridan biri hisoblanadi. Har bir ilmning o‘ziga yarasha atamalari bo‘lganidek, tasavvufning ham o‘ziga xos atamalari bo‘lishi tabiiy. Ibn Sinoning so‘zlarini tushunish uchun tabobat atamalarini, Forobiyning fikrlarini ilg‘ash uchun falsafiy iboralarni, muhaddislarning so‘zlarini anglash uchun hadis ilmi istilohlarini bilish lozim bo‘lganidek, tasavvuf ahlining so‘z-iboralarini to‘g‘ri tushunish uchun ham ularning o‘ziga yarasha atamalarini tushunish kerak bo‘ladi.
Masalan, «sahih» degan so‘z lug‘atda «sog‘lom, to‘g‘ri», fiqh ilmida «to‘g‘ri, xato emas», hadis ilmida «ishonchli», sarf ilmida «illat harflardan xoli so‘z», tabiblarda «sog‘-salomat» degan ma’noda tushuniladi. Binobarin, «sahih» so‘zini qaysi ma’noda tushunish bu so‘zning qaysi ilmga oid kitobda kelayotganiga qarab belgilanadi. Yana bir misol uchun «vazn» so‘zini olaylik. Bu so‘z umumiy holatda «og‘irlik» ma’nosini bildiradi. «Falon narsaning vazni faloncha gramm», deganga o‘xshash. Ammo bu so‘z she’riyatda kelsa, ma’lum ritmga ega bo‘g‘inlar yig‘indisi tushuniladi. Sarfda, ya’ni morfologiyada esa bu atama so‘zlarning «fa», «’ayn», «lam» muqobilidagi holatini ifodalaydi. «Vazn» so‘zining istilohiy ma’nolaridan bexabar odamdan «Navoiy» qaysi vaznda?» deb so‘ralsa, hech narsani tushunmasligi turgan gap. Sarf istilohidan xabardor kishigina bu savolga «fa’oliy vaznida», deb javob berishi mumkin. Aruz istilohlarini bilgan inson esa «fa’ulun» vaznida deb javob qiladi.
Xuddi shuningdek, tasavvufga doir so‘z va asarlarni ham tasavvuf istilohlarisiz tushunish imkonsiz. Har bir ilmning atamalarini o‘sha ilmning mutaxassislaridan o‘rganilganidek, tasavvuf ahlining istilohlarini ham o‘shalarning o‘zlaridan o‘rganish kerak. Bu o‘rinda taxmin bilan ish ko‘rish yoki o‘zboshimcha «ijodiy» yondashuv yaxshi emas.
Darhaqiqat, Navoiy asarlarini anglash uchun ham turli islomiy atamalarni, xususan, tasavvufiy istilohlarni yoritgan asarlarni o‘rganish kerak. Tasavvuf ilmi ham, boshqa islomiy ilmlar kabi, Islomning ilk davrlarida alohida ilm sifatida shakllangan emas edi. Balki musulmonlar bilgan Qur’on va Sunnat ilmlarining ichida umumiy tarzda o‘rganilardi. Vaqt o‘tishi bilan Qur’on va Sunnatdan olingan ilmlar turli sohalarga ajralib, alohida-alohida ilm sifatida shakllana bordi. Har bir sohaning o‘ziga yarasha mutaxassislari yetishib chiqa boshladi. Shu qatori Islomda insonning axloqiga, qalbiga, ruhiy tarbiyasiga oid ilmlar ham bir to‘plam bo‘lib ajralib chiqdi. Bu ilmga doir bilimlarni jamlab, alohida rivojlantirish uchun maxsus ulamolar yetishib chiqdilar. Ular o‘zlarining sahobai kiromlar va tobeinlardan olgan ilmlari hamda hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan bilimlarni alohida kitoblarga tushirishga kirishishdi. Keyin bu ilmga «tasavvuf» deb nom berildi. Musulmonlar orasida ushbu ilmga alohida e’tibor berilgan. Asosan qalbga doir ilmlar bilan shug‘ullanadigan, zamona fitnalaridan o‘zini uzoqroqqa olib qochadigan, toat-ibodat, taqvo va qalb islohiga hammadan ham ko‘proq harakat qiladigan kishilar paydo bo‘ldi. Ana o‘sha kishilar «zohidlar», «obidlar», keyinroq «so‘fiylar» deb nom oldi.
So‘fiylarning ba’zilarida o‘zlaridagi ruhiy o‘zgarishlar, ma’naviy kamolot bosqichlari, qalblarida hosil bo‘layotgan kechinmalarni sir tuta olmay, aytib yuborish holatlari yuzaga keldi. Bunday botiniy holatlarni hammaga ham aytish ravo bo‘lmasligini bilgan ba’zi kishilar o‘zlariga xos atamalarni o‘ylab topishdi. Ular bu bilan o‘z kechinmalarini faqatgina o‘zlariga o‘xshagan kishilar tushunadigan tarzda bayon qilishni iroda qilishgan edi. Ular ana shu majoz yo‘li bilan ham o‘zlaridagi holatni izhor qilishga va ayni paytda maxfiy tutishga erishdilar. Qalb dardini to‘kish bilan birga riyodan ham saqlana oldilar. O‘zlariga ergashganlar uchun ibrat yaratish bilan bir vaqtda ularni inkor etuvchilardan o‘zlarini to‘sa oldilar. Shu bilan birga, o‘sha his va kechinmalarni majoz bilan ifodalashda o‘ziga yarasha zavq hamda balog‘at va fasohatning namoyishi ham bor. Balki ularning ruhiy olamlarida ro‘y berayotgan holatlarni jo‘n so‘z bilan ifoda qilishning imkoni ham yo‘q edi. Abdurahmon Jomiyning aytishicha, bunday yo‘lni birinchi bo‘lib tutgan shaxs, Zunnun Misriy bo‘lgan.
Har qanday murakkab va keng ilmning ham boshlanish nuqtasi kichik va sodda bo‘lgani kabi, tasavvuf atamalari ham ilgarigi holatida uncha ko‘p bo‘lmagan. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu maydon ham kengayib ketdi. Tasavvufiy istilohlar ikki qismga: haqiqiy va majoziylarga bo‘lindi. Haqiqiy ma’nodagi istilohlarga misol tariqasida «tavba», «riyo», «uzlat», «ixlos», «muhabbat» kabi so‘zlarni keltirish mumkin. Majoziy istilohlar sirasiga ega «fano», «baqo», «ishq», «hijron», «zulm», «ahdga vafo», «yor», «dildor» kabi so‘zlarni kiritish mumkin. Avvalgi qismning aksari Qur’on, Sunnat va salafi solihlarning so‘zlaridan olingan bo‘lsa, keyingi qism atamalar, yuqorida aytib o‘tganimizdek, o‘z holatini ommadan yashirish maqsadida paydo bo‘lgan.
«So‘fiylar istilohi» deganda «so‘fiyning ilohiy visolga yetishish yo‘lida qilgan poklanish, xulqlanish va yetishishdan iborat uch bosqichli ruhoniy safari asnosidagi zavqiy tajribalarini aks ettiruvchi tushunchalarni ifodalovchi so‘zlar» nazarda tutiladi. Tasavvuf istilohlarining shakllanishi va boyib borishida Qur’oni Karim, Sunnati nabaviyya, salafi solihlarning hikmatlari katta o‘rin egallagan bo‘lsa, shu bilan birga boshqa ilmlarning, jumladan, falsafaning ham ta’siri katta bo‘lgan. So‘fiylarning istilohlari boshqa ilmlardagi istilohlardan shunisi bilan farq qiladiki, bu istilohlar muayyan bir ma’noga bog‘lanib qolmay, bir necha irfoniy ma’nolarda ishlatilishi mumkin. Ularning qaysi ma’noda qo‘llanilganini atrofidagi boshqa so‘zlardan chiqarib olinadi. Masalan, «yor» deganda Alloh taoloni tushunish ham mumkin, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yoki pirni tushunish ham mumkin. Shuningdek, g‘aybiy mushohada nazarda tutilishi ham mumkin.
Tasavvuf ahlining namoyondalaridan bo‘lgan Alisher Navoiyning asarlari ham, tabiiyki, o‘sha istilohiy ma’nolar asosida talqin qilinishi shart. Aks holda, shunday ulug‘ shaxsiyatga til tekkizgan, uning omonatiga ham, tarixga ham, ilmga ham xiyonat qilgan bo‘lamiz.
Tan olishimiz kerak, Navoiyning ko‘pgina g‘azallari shu paytgacha ayrim “navoiyshunos”larning shaxsiy tasavvurlari bilan, havoyi nafslariga muvofiq tarzda sharhlab kelindi. Bu sharhlarning aksari mavhum talqinlar, tushunarsiz, gajakdor iboralar, hissiz ta’bir, taxminiy tasavvurlardan boshqa narsa emas. Buning ustiga, ba’zi bir jur’atli qalamkashlar ana shunday tasavvufiy g‘azallarga muxammas bog‘lashga ham qo‘l urishgan. Tabiiyki, natijada «qovunga qovoqni payvand qilgandek» bo‘lgan. «Ilm har qanday murakkab narsani soddalashtirib beradi» degan qoidaga muvofiq, agar biz o‘sha irfoniy she’rlarni muallif nazarda tutgan istilohlar bilan tushunishni yo‘lga qo‘ysak, o‘zimizni ham qiynamaymiz, o‘zgalarni ham adashtirmaymiz. Misol uchun, birgina baytni sharh qilib ko‘raylik:
Tun oqshom keldi kulbam sori ul gulrux shitob aylab, Xiromi sur’atidin gul uza haydin gulob aylab.Nasriy bayoni: Tunda o‘sha gulyuzli yor kulbamga shitob bilan kirib keldi. Yurishi tezligidan gul yuzidan terlar gulob bo‘lib quyilardi.
Ma’lumki, Alisher Navoiy uylanmay o‘tgan. Agar kechqurun Navoiyning huzuriga hamma g‘aflatdalik paytda u kishining sevgan qizi kelgan bo‘lsa, bu sir tutilishi kerak. Agar biz baytni mana shu qabilda, boshqacha qilib aytganda, «zamonaviy» tushunadigan bo‘lsak, bu bilan Navoiyga hurmatsizlik qilgan bo‘lamiz. Navoiydek buyuk insonni qo‘ying, har qanday o‘zini hurmat qilgan odam ham, bunday ish ro‘y bergan bo‘lsa, uni boshqalardan yashirishi turgan gap. Demak, Navoiy boshqa narsani ko‘zda tutgan. Navoiyning maqsadini tushunish uchun u kishining istilohlarini tushunishga urinamiz. Keling, bu baytda ishlatilgan so‘zlarni tasavvufiy istilohlar asosida sharh qilib ko‘raylik. Bu borada Muhammad Aliy Tahonaviyning «Kashshaf istilahat al-funun», Abdurrazzoq Koshoniyning «Istilahat as-Sufiyya», Doktor Rafiq Ajamning «Mavsu’at mustalahat at-tasavvuf al-islamiy» asarlari bizlarga asos bo‘ladi:
Kulba – solikning qalbi; (solik tariqat yo‘lini tanlagan shaxs)
Gulrux (gulyuz) – shuhud olami, ya’ni Alloh taoloning zotini mushohada qilish holati.
Gul uza hay (yuzdan oqqan ter) – g‘aybiy ilhom.
Endi ushbu izohlar asosida baytning nasriy bayonini ko‘raylik: «Hamma yoqni jaholat zulmati qoplab turgan bir paytda, qalbimda Alloh taoloning zotini mushohada qilish holati yuz berdi. Bu mushohada shu qadar tez ro‘y berdiki, uning tezligidan menga g‘aybiy ilhomlar hosil bo‘ldi».
Endi o‘zingiz xolis o‘ylab ko‘ring, Navoiyga nisbatan avvalgi uyatli ma’noni iroda qilish aqlga to‘g‘riroq keladimi yoki mana bu irfoniy ma’nolarnimi? Qaysi biri voqe’likka va mantiqqa to‘g‘ri keladi?
Navoiy ahli junun zumrasig‘a kirdi, Ilohiy, Chu aylading ani Majnun, O‘zingni qil anga Laylo.* * *
To‘rt unsur qaydidin to chiqmag‘aysen, naf’ emas, Osmoniy to‘rt daftarni tutaykim yod bil.* * *
Besha sherin gar zabun qilsang shijoatdin emas, Nafs itin qilsang zabun, olamda yo‘q sendek shujo’,– degan insonga qaysi ma’no munosibroq?!
Yana bir misol. «Xazoyinul-ma’oniy»ning birinchi g‘azalida Navoiy shunday deydi:
G‘ayr naqshidin ko‘ngil jomida bo‘lsa zangi g‘am, Yo‘qtur, ey soqiy, mayi vahdat masallik g‘amzudo.Bu bayt anchagina ravshan.
G‘ayr – Allohdan o‘zga barcha narsa.
Ko‘ngil jomi – qalb oyinasi, unda Alloh taoloning nuri tajalliy qiladi.
G‘am – mone’lik, to‘siq.
Soqiy – murshidi komil, insonlarga ruhiy tarbiya beruvchi ustoz.
Mayi vahdat – tavhid zavqi.
Endi baytni mazkur istilohlar asosida nasriy bayon qilib ko‘ramiz: «Ey murshid! Qalb oyinasida unga Alloh taolo tomonidan yetadigan nurning aks etishini to‘sadigan zang, ya’ni Allohdan boshqa biror narsaning naqshi – ta’siri bo‘lsa, tavhid zavqichalik uni arituvchi, tozalovchi narsa – «g‘amzudo» topilmaydi».
«Tavhid» deganda qalb tubidan Alloh taoloni barcha jihatdan yagona, mutlaq tanho deb e’tiqod qilish, faqat Allohni rioya qilish, faqat uni o‘ylash nazarda tutiladi.
Shuningdek, «vahdat mayi» deganda tavhid kalimasini ham tushunish mumkin. Hazrat Navoiy uning aytgan so‘zlarini maqsaddan buradigan, noto‘g‘ri talqin qiladigan kishilar ham uning asarlarini o‘qib, tashviq qilishlari mumkinligini sezgani uchun devonining eng birinchi g‘azalidayoq bu nuqtaga alohida tanbeh berib qo‘ygan. «Ashraqat» deb boshlanuvchi ushbu g‘azalida yana shunday bayt bor:
Sen gumon qilgandin o‘zga jomu may mavjud erur, Bilmayin nafy etma bu mayxona ahlin, zohido.Ma’nosi: «Ey tasavvuf ahlining istilohlaridan bexabar zohirparast! Sen o‘ylayotgan mast qiluvchi, aqlni ketkazuvchi, insonni xor qiluvchi sharob va o‘sha harom narsa quyiladigan idishdan boshqa ham shartli ravishda «jom» va «may» bor. Bu mayxonani – oriflarning botiniy olami vakillarini (yoki murshid xonaqosi ahlini) bilmasdan inkor qilib yurma!».
Xulosa qilib aytganda, Navoiyni tushunish uchun Navoiy bilgan va foydalangan bilimlarni, ya’ni Qur’on, Sunnat, shariat, tariqat, tasavvuf va boshqa ilmlarni bilish, o‘rganish kerak bo‘ladi. O‘rganganda ham asl manbalardan o‘rganish darkor. Buning uchun, albatta, o‘sha davr Islom olamida ilmiy muomalada bo‘lgan tillarni yaxshi o‘zlashtirib, manbalarni begonalarning tarjima yoki tavsiflari asosida emas, asl holatida o‘rganish talab qilinadi. Binobarin, navoiyshunos bo‘lishni istagan kishi avvalo islom olimi, tasavvuf bilimdoni bo‘lishi, bu ilmlarni bilibgina qo‘ymay, ularni o‘z hayotida tatbiq etib, zikr qilingan darajalarni o‘zida joriy qilgan bo‘lishi lozim. Shundagina u Navoiyni to‘la tushungan, u kishining shaxsiyatini to‘g‘ri anglagan, so‘zlarini yaxshi his qilgan bo‘ladi. Menimcha, bugungi navoiyshunoslikning oldida turgan eng katta muammolardan biri shu bo‘lsa, ajab emas.
Ulug‘ bobokalonimizning meroslarini to‘la va to‘g‘ri tushunish hamda shunday talqin qilish, bu oltin merosni haqiqiy, sof holatda keyingi avlodlarga yetkazish bizning burchimizdir.
“Yoshlik” jurnali, 2013 yil, 2-son.