(O‘zbek tilining “Qizil kitobi”ga)
Ba’zan tilimiz kambag‘allashib ketdi, degan gap quloqqa chalinib qoladi. Nahotki, xalqni xalq, millatni millat qilib turgan ona tilimizdan putur ketayotgan bo‘lsa! Til – millatning qalbi, degan edi Jan Jak Russo. Demak, tilning qashshoqlashishi millat ma’naviyati nochorlashayotganidan darakdir. Yo‘qlikka yuz tutgan tillar, xalqlar, elatlar kammi tarixda!
Olimlar har o‘n to‘rt kunda bitta sheva unutilayotganidan bong urishyapti. Darhaqiqat, keyingi paytlarda, Andijonga borsam, uzog‘i bilan qirq-ellik yil nari-berisida qishlog‘imiz ahli labzida bo‘lgan talay so‘z va iboralar bugun iste’moldan tushib, qator urf odatlar, o‘yinlarimiz taomildan chiqib, ajoyib aytimlarimiz unutilayotganini seza boshladim! Bu xotiraning susayishi emas, yana o‘sha, ma’naviyatning nurashi bilan bog‘liq hodisa, degim keladi.
To‘g‘ri, quyida biz izoh bergan so‘zlarning barchasini ham unutildi, deb ayta olmasmiz. Chunki ularning ko‘pi hali iste’molda. Ammo ular yana yigirma-o‘ttiz yildan keyin ham shunday bo‘lib qolarmikin? Gap, shunda!..
Balki unutilgan ayrim so‘z, ayniqsa, bid’at irim-sirimlar uchun qayg‘urishning xojati yo‘qdir. Ehtimol, ularning unut bo‘lgani maqbuldir. Biroq ana shu so‘z va irim-sirimlar o‘tmishning qaysidir davrida xalqimiz turmush tarzi, madaniyati, ma’naviyatini belgilagan omillar bo‘lganligini unutmasligimiz kerak. Shu ma’noda, ularni xotirdan sidirib tashlashga haqqimiz yo‘q!
Nurash ko‘lami biz ulg‘aygan o‘ttiz-qirq xonadonli Teshikmozor qishlog‘ida shuncha bo‘lsa, uni mamlakat miqyosiga chaqsak salmoqligina kitob bo‘lar ekan, deb qo‘yaman. Aslida, tafakkurimizning til va ma’naviyat bilan bog‘liq gavhari xira tortayotgani bor gapku-ya!..
So‘nggi mulohaza: quyida kitobxon e’tiboriga havola qilgan so‘z va iboralarimizning aksariyati klassik adabiyotimizda, xalq og‘zaki ijodi, zamonaviy asarlarda ham keng ko‘lamda qo‘llanilgani holda o‘zbek tilining izohli lug‘atlariga kiritilmay, izohlanmay qolib ketgan.
Keling, bizdan tobora uzoqlashayotgan so‘zlarimiz, qadriyatlarimizdan ayrimlarini yodimizda tiklashga harakat qilaylik!
Muallif
Adramon chopiq – ekin egatini o‘tdan tozalab, xo‘mlab chopish o‘rniga, u yer-bu yeriga nomiga ketmon tekkizib, ishni naridan beri bajaradigan, shoshqaloq dehqonning yumushiga beriladigan salbiy baho. Ehtimol, o‘tmishda, chopiqni shu qabil, qo‘l uchida bajaradigan Abdurahmon ismli odam ham bo‘lgandir, balki. (Abdunabining chopgan egatini ko‘zdan kechirib chiq, adramon chopiq qilib ketgan bo‘lsa, qaytadan chopsin!)
Aynima – aynigan, yomon, buzuq, axloqqa zid so‘z. (1. Abdumutal akasini aynima so‘zlar bilan bo‘ralatib so‘kib tashladi. 2. Hadeb ayniyverma, bolam!)
Aytuvchi – yaqin-yaqinlargacha piyoda yoki ulovda, qishloqma-qishloq, to‘y qilayotgan odamning ismi va manzilini bor ovozda jar solib, elni yoppasiga oshga chorlab chiquvchi shaxs. Aytuvchilarni tanlashda ovozining balandligi, tiniq va yoqimliligi, chorlash usulining o‘ziga xosligiga alohida e’tibor qaratilgan. Taniqli adabiyotshunos olim Halim Karimning ta’kidlashicha, Andijon shahrida bunday odamlarni “Baqiroq” deganlar. “Bor, baqiroqni chaqirib kel, to‘yga aytiladigan vaqt bo‘ldi”, deyishgani kechagiday yodimda, degan edi u.
Archma – guruchning objuvozda emas, elektr tegirmonda oqlangani. (Objuvoz yoki kelida tuyilgan guruchning oshi, “kaltak yegan”i uchun, muloyim va shirinroq chiqadi, deydi bilgan odamlar.)
Aspol – asfalt so‘zining mahalliylashgani. Qishloqlarda katta trassa yo‘llarini aspol yo‘l ham deydilar. (Aspol yo‘l.)
Atalaxo‘r – go‘shtga qurbi yetmay, kuni un osh – atalaga qolgan, kambag‘al kishi yoki oilaning ahvoliga beriladigan ta’rif. Qaxatchilik, ocharchilik yillarida atala aholini yoppa qirg‘indan saqlab qolgan taom bo‘lgan. Shu bois, bu taom, kambag‘allik, chorasizlikning taomi sifatida odamlar yodida qolgan. Aslida, masallig‘i joyidi bo‘lsa, atala ham shoxona taomku-ya! (Qo‘ylivoyning qo‘li yuqaligidan, oilasi anchadan buyon atalaxo‘rlikka o‘tib qolgan.)
Axtachi – so‘qimga boqiladigan xayvonlarni bichib beruvchi mutaxassis, qassob. (Abdusattor novvoschasini axtachiga olib borib bichirtirib keldi.)
Ag‘acha – turkcha og‘och – yog‘och so‘ziga “a” qo‘shimchasi qo‘shilib yasalgan atama. Tilanchilikdan voz kechib, o‘troqlashgach, qishloqma-qishloq yurib, mahalliy aholining tol va boshqa daraxtlaridan savatnusxa narsalar to‘qib sotib tirikchilik qiluvchi lo‘li ayollarning nomi. (Xotin, ko‘chamizga ag‘achalar kepti. Sevat–pevat to‘qittirib olsang bo‘lardi.)
Babash – babajish, ya’ni kichik, eng kichkina. (Babash qizim kelin bo‘lib qo‘shnimizga tushgan.)
Babachak – qo‘zichoq. (Bolajonim, qara, qo‘yimiz senga babachak tug‘ib qo‘yibdi!)
Balish – dumli qo‘y. (Kolxoz mayib–majruh, o‘pkasini sovuqqa oldirgan balish qo‘ylarini, kuzgi daromaddan to‘lash sharti bilan, a’zolarga tarqatib berdi. Ko‘pi yo‘talib–so‘talib, odamlarning qo‘rasida o‘ldi.)
Bicha – opa, opacha. (Hafizaxon mening katta bicham bo‘ladi.)
Bog‘ana – endiroqda, haligina, biroz avval, sal ilgari. (Akam dalada ekan, bog‘ana kelib tushlik qilib ketdi.)
Buvak – chaqaloq. (Tojixon kasal buvagini bag‘riga bosib, Orif duxtirga olib ketayotgan ekan.)
Buchok – o‘rischa so‘z. Chekib tashlab ketilgan popiros qoldig‘i. (Popirisga pul topolmay qolsak, asfalt yo‘lga chiqishib, shafyorlar chala chekib irg‘itib ketgan buchoklarni terib xumorbosti qilardik.)
Buramaqand – beodoblik qilgan bolaning qulog‘i yoki tanasining biron yeriga onasi tomonidan burab beriladigan jazo. (Onamiz quyrug‘mizni bir burab qo‘yib yuborsalar,etimiz joyiga kelguncha, o‘zimizni o‘n chaqirim narida ko‘rar edik.)
Bo‘gallatib – kosa yoki idishga o‘ta to‘ldirib, og‘zi-burnidan toshirib quyish yohud solish. (Sho‘rvani bo‘gallatmay, kichikroq kosalarga oz–ozdan quysin!)
Bo‘qlik o‘choq – serfarzand, topganini uchma-uch yetkazib, qiyinchilik bilan arang kun kechirayotgan oila. (Bo‘tashalining farzandlari ko‘payib, bo‘qlik o‘choq bo‘lib qoldi.)
Bo‘qon – semiz, qorni meshday odam. (Shumtakalar Muso bo‘qonning orqasidan, qorinlarini shishirishib, ermaklab borishardi.)
Bo‘qansa – semirib ketgan yosh qiz yoki juvon. (Qumrixonning yolg‘iz, bitta qizi bor –o‘lguday tantiq, buning ustiga, bo‘qansa.)
Va’j – yuk, mol-mulk, boylik, sarmoya, ba’zi o‘rinlarda esa aql va ilm ma’nolarini ham anglatib keladi. (Boshingdagi va’jing qanchayu, hamyoningdagi va’jing qanchaligini, nimalarga qodirligingni axmoqdan so‘rasak ham aytib beradi.)
Gadik – o‘zi kichkina, qilgan ishlari ham mayda va nomunosib, fe’li qusurlarga to‘la kimsa ta’rifi. (Hey, menga qara, qilgan ishlaring bilan Usmon gadikning o‘zginasi bo‘lyapsan, qolyapsan!)
Gajir – tirishqoq, yiqilsa ham qayta qad rostlab maydonga chiqib kelaveradigan, jisman toliqsa-da, ruhan sira tushkunlikka tushmaydigan qaysar, jangari odam. (Xudoyqulning kenja o‘g‘li o‘lguday gajir chiqdi.)
Gardkam – ozgina kam, sal kam, jichcha kam. Bu so‘zni, qimorbozlar oshiq otayotganda omad chaqiruvchi so‘z sifatida, beixtiyor ko‘kragiga kaftlari bilan urib, “Bor, tavakkal” ma’nosida ham qo‘llaydilar. Qimor o‘yini batamom yo‘qolmagan bo‘lsa ham, bugun “gardkam” so‘zi aytarli qo‘llanilmaydi. (Mana, omad, bizga keldi, gardkam!)
Gejga – yelkaning bo‘yin aralash qismi. (Shukur cholning gejgasi qotadigan bo‘lib qoldi.)
Giz – ozor, sitam, qaqshash. (Shunday sovuqda bolani do‘konga jo‘natib gizillatma!)
Giriv – maqsad bilan qasdning o‘rtasidagi ma’noni anglatuvchi so‘z. (U bironnarsaning girivida keldi–yov!)
Girmon – fashistlar mamlakati ma’nosida. (Bu, Girmon degani juda urushqoq dalat ekanda!)
Guppi – paxtani qalin solib qavilgan, beo‘xshovroq chopon yoki nimcha. (Yaxshiyam, shu guppini kiyib olgan ekanman, bo‘lmasa, sovuqda tarrak bo‘lib qotib qolardim.)
Dasturxonchi – to‘y va marosimlarda tovonxona tasarrufi yuklangan ayol yoki erkak. Boshqa o‘rinda, katta izdihomlarda o‘rtaga yozilgan dasturxon ustida bemalol yurib, noz-ne’matlarni joylashtirish va tarqatib berish vakolati berilgan odam. (Yorqinboy dasturxonchi kalishini dahlizga yechib, bir dasta non va qatlama tahlangan patnisni ko‘targancha, bismillo, deya dasturxonni bosib, to‘rga yo‘naldi.)
Dahana – tomorqa yoki ekin maydoniga ochilgan suvning katta ariq bilan tutashgan joyi. 1981 yilgi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “Ekinga suv qo‘yish uchun qilingan joy”, deb noto‘g‘ri izohlangan. (Qulupnay paykali pushtasigacha iyibdi, dahanani berkitsak ham bo‘ladi.)
Duvarak – mevali daraxtning ikkinchi bor gullab, tukkan mevasi. Qariganda ko‘rilgan farzand ma’nosida ham ishlatiladi. (Bu bola O‘smat chol bilan Xosiyat xolaning duvaragi.)
Dudama – ikkala dami ham kesadigan pichoq. Ramziy ma’nosi, ikki yuzlama, bir paytning o‘zida, har ikki tomonga ham xizmat qiladigan kimsa. (Samig‘ dudamadan ehtiyot bo‘lasan. Bir tomoningni hotirjam qilib, ikkinchi tomoningdan chaksa etingni kesib olganini bilmay qolasan.)
Duysanba – narsalarning bir yerga to‘plangan holati. Bir uyum, birdalay, g‘aram, (Kir bo‘lib yechib toshlagan kiyimlarimiz bir chekkada duysanba bo‘lib yotar edi.)
Dusha – o‘rischa “dusha” (ko‘ngil) so‘zining o‘zlashgani bo‘lsa kerak. Ko‘ngli yumshoq, odamoxun odamlarning ismiga qo‘shib aytiladigan laqab. (Erkin dusha bilan gaplashsang, ko‘ngling yayraydi.)
Do‘ltaqo‘zi – lallaygan, lavoq. (Ho‘, do‘ltaqo‘zi, lapashangliging bilan butun sinfni ortga tortayotganingni bilasanmi?)
Do‘xti qursin – afti qursin, basharasi qursin. (Do‘xting qursin! O‘n yil ko‘rmasam, kecha ko‘rgandayman, seni.)
Engmish – haqiqatni isbotlansang ham tan bermaydigan, qaysar odam. (O‘lguday yengmish, aybiga iqror qilsang ham, meniki ma’qul, deb turaveradi!)
Yolvir – yolvirash, chaqnash, ko‘zning ich-ichidan quvonib, charaqlab boqishi. To‘rtlik:
(To‘riga chiq, yonimga,
Degaysiz yolvir boqib.
Mehringiz daryosida
Ketarman suvday oqib.)
Jiji – buvak, chaqaloq. (O‘ktamxon jijisini uch kundayoq beshikka solib oldi.)
Jippang – hali u, hali bu deb o‘zini u yoqdan bu yoqqa uraveradigan, tuturuqsiz, besabr, behalovat kimsa. (To‘g‘ri gapni aytsa, jippanglaysan. Erkak degani bunaqa yengil bo‘lmaydi, yigit!)
Jichcha – ozgina, salgina. Majoziy ma’noda ishlatilganda esa mutlaqo teskari ma’noni anglatib keladi. (Mas; Erkin dusha tepgan to‘p darvozaga kirishiga jichcha qoldi. Yoki; Sizning bunday davralarda so‘z aytishingizga jichcha ertaroqmikin?!)
Jonimotim – jon kuydirib, g‘ayrat bilan, yurakdan chiqarib. (Bolalar, sal jonimotimroq harakat qilsak, ishni ertaroq tugatib, dam olardik.)
Joni port – biror ish yoki narsaning tashvishida yo‘l, chora izlab, bezovtalanib turgan odam holati. (Saboxon chaqalog‘ini belanchakka solib chiqqan edi. Allaqachon uyg‘onib, big‘illab qoldiyov, degan havotirda, Hidoyatxonning diydiyosi tugashini joni port bo‘lib kutardi.)
Zang‘ar – lug‘atlarimizda bu so‘zga “bachchag‘ar”, “la’nati” singari salbiyroq ma’nolarda izohlar berilgan. Oddiy aholi o‘rtasida esa bu so‘z erkalatish, yengilgina koyish ma’nolarida ham qo‘llanilishi kuzatiladi. Masalan, (Voy, zang‘arey, bir ko‘rib ketay deb kelaveribsan–da? Yoki: Hay, zang‘ar, otangdan xabar olmay qo‘yibsanda, a?)
Zindalak – o‘ldiruvchi yara. Tili zahar, so‘zi achchiq odam. Avlod sha’niga tushgan dog‘, yara, ma’nosida ham ishlatiladi. (Hey zindalak, ko‘ringan odamni chaqib olavermay, tilingni tiygin! Kasringdan elda yomonotlig‘ bo‘lib qolyapmiz!)
Zo‘rim – kuchligim, qo‘rqmasim, qaytmasim, botirim, alpomishim, kuragi yerga tegmasim sifatlarini anglatib keladi. Ana shunday sifatlarga ega yigitlarni odamlar erkalatib, Zo‘rim, deb alqaydilar. (Metrikada ismi Abduhakim deb yozilgan bo‘lsa–da, negadir hamma uni Zo‘rim deb chaqirardi.)
Zo‘pidin – qo‘rs, qo‘pol, zo‘ravon. (Bolamga yana bir marta zo‘pidinchilik qilsang, oyog‘ingni sindiraman!)
Ijjay – bo‘lar-bo‘lmasga iljayadigan, yoki yuzi doim kulib turganday taassurot qoldiradigan kishi nomiga qo‘shib aytiladigan sifat. (Samig‘ aka qachon qarasang, tishini oqartirib, ijjaygani ijjaygan.)
Izaq – uzoq, olis, ko‘p yil ilgarigi yoki keyingi bo‘ladigan voqea-hodisaga nisbatan vaqt tushunchasi. (Ko‘rishmaganimizga ham izog‘ yillar bo‘ldi.)
Iraq – judayam uzoq, haddan tashqari olis, ma’nosida ishlatiladi. (Toshpo‘lat bizdan judayam irag‘lab ketdi.)
Irik – yirik, katta, qo‘pol, dag‘al. Hazrat Navoiy ham istefoda etgan bu so‘zimiz o‘zbek tilining lug‘atlariga kirmay ham qolgan. (Qo‘qon gilozi oddiy gilozlarga qaraganda irikroq bo‘ladi.)
Iroqi do‘ppi – bizning yoshligimizda qiz-juvonlarimiz suyib kiygan guldor do‘ppining nomi. (Kelinga atab bir kiyimlik sakkiz tepki atlas bilan iroqi do‘ppi olishimiz kerak.)
Iroqi sovun – yoqimli hid taratadigan atir sovunlarni odamlar iroqi sovun deb ham atashgan. (Xo‘jayin, bozorga borsangiz, bir ikkita iroqi sovun ham ola keling!)
Itamak – tarbiyasi, xulqi, odobi yomon oilalarning farzandlariga nisbatan ishlatiladigan malomat baho. (To‘yda odamlarni Obloqulning itamaklari toza bezor qildi.)
Itirinji – iprisqi, tartibsiz, saranjom-sarishta emas. (Uzroxonning hovlisi qachon qaramang, itirinjisi chiqib yotadi.)
Ittik – yirik, pesh, g‘olib, ba’zi o‘rinlarda o‘tkir, ravon ma’nolarini ham anglatib keladi. (Ko‘zing ittik, mana bu ignaga ip o‘tkazib bergin.)
Ichagidan qarigan – o‘zini katta odam faxmlab so‘zlovchi, keksaqori bolakay. (Voy g‘irtmag–ey, keksaqorilanishidan ichagidan qarigan ekan!)
Kanda – ariqdan katta, kanaldan kichikroq suv. (Yur, kandaga borib, bir–ikki marta kalla tashlab kelamiz.)
Karanda – kiyinish, yurish-turish, o‘ziga xos muomilasi va tutumlari bilan boshqalardan keskin farqlanib turadigan odam. (Gapga Muzrop karanda qo‘shildi–yu, davradan fayz ketdi.)
Katta – ota yoki onaning otasi, bobo. (Chopib borib, kattangdan xabar olib kel, xursand bo‘ladi.)
Kaski – og‘zi shalaq, so‘kong‘g‘ir kimsa. (O‘zi beg‘ubor odam, faqat, og‘zi sal kaskiroq-da.)
Kelinbu – kelin buvi. Qiz bolaning kelinoyisiga o‘zini yaqin tutib, o‘z onamday, bibimdaysiz, deganday ehtiromli murojaati. (Kelinbu, dam olish kunlari toqqa op chiqib o‘ynatib keling, deb akamga aytaymi?)
Kesak qisgan – bo‘yi o‘smay, rangparlanib yuradigan nimjon bola ta’rifi. (Kesak qisgan bolasini arzanda qilib, bino qo‘yadi–ey!)
Kuzir – zo‘ravon, qo‘rqmas, to‘da yetakchisi. (Kozimjon, nafaqat bizning, balki, qo‘shni qishloqlik bolalarining ham kuziri edi.)
Kulala – bola sunnat qilingach, xayolidan qo‘rquvni haydash, og‘riq hissidan chalg‘itish maqsadida yaqinlari tomonidan aytiladigan so‘z. (Ana endi, o‘g‘limiz ka–atta yigit bo‘ldi. Kulalo‘–o‘!)
Kuskasa – tashvish, dahmaza, bir ishning orqasidan chiqadigan gap-so‘z. (To‘g‘ri, bu masalaning ozgina kuskasasi ham bor.)
Ko‘kayim kesildi – kamsitilish, sazaning o‘lishi, kishining behurmat qilinishi. (Keksayganingda, hadeb ko‘kaying kesilaversa, alam qilarkan!)
Ko‘tagarava – otga qo‘shiladigan to‘rt g‘ildirakli arava. Ko‘tak – ruscha “kotok” so‘zining buzilgani. (Chopiqchi qiz–juvonlar kechqurun Ergashalining ko‘tagaravasida qaytishadi.)
Ko‘taram – qo‘ylarning ochlikdan sillasi qurib, ketini ko‘tarolmay, yotib qolishi. Kasallik. (Kolxoz a’zolariga sotilgan qo‘ylarning o‘pkasi kasal ekan. Jonivorlar, bechora odamlarning qo‘rasida, ko‘taram bo‘lib o‘ldi.)
Ko‘tarimchi – paxta mavsumida ayollar tergan paxtasini toroziga eltib beruvchi kishi. (Baquvvatroq erkaklardan ko‘tarimchilikka qo‘yish kerak.)
Ko‘tarib olgan – juvonning homiladorligini bolalardan sir tutish ma’nosida qo‘llanadigan ibora. (Halimaxonni qayta kuyovga uzatmoqchiydik, yaqinda bilsak, birinchisidan ko‘tarib olgan ekan.)
Ko‘xlik – buvaklar uchun moslab, orasiga suvqog‘oz solib maxsus tikilgan mato, moslama, “pampers”. (Xolisxon go‘dagining bezovtalanishidan ko‘xligini ho‘l qilib qo‘yganini payqadi.)
Lavang – g‘ayratsiz, danggasa. (Tezroq qimirlasangchi, ho‘, lavang!
Lagan – rahbarlar og‘zidan chiqqanini ma’qullab turadigan yaltoqi odam, laganbardor. (Davron buva raisning lagani, qaysi kuyni chalsa, o‘sha maqomga yo‘rg‘alaydi.)
Laylim – uydagi ish va yumishlarni unutib, ko‘cha-ko‘y, tevarak atrofda laylib yuraveradigan qiz yoki juvon. (Anor laylimga, hovli–hayatni supurib qo‘ygin, devdim, ovozi Oyimxonnikidan kelyapti. Qachon chiqib ketaqoldiykin?)
Lovaq – lavoq, bo‘shang, xom semiz. (Sen lovaqni deb, bu gal ham arqon tortishda yengildik.)
Lo‘m–lo‘m – o‘ta semiz, bilqillab yog‘ bosib, yurganda halpilab, xansirab qoladigan odam. (Jo‘ra lo‘m–lo‘m o‘tib ketyapti, to‘xtab turing, deb aytaymi, dadasi?)
Lo‘g‘it – suyaksiz, laxm go‘sht. (Chuchvara, manti uchun lo‘g‘it go‘sht yaxshi.)
Majik – rivojlanmay, o‘smay qolgan. (Govmushning bu yilgi buzog‘i sutga to‘ymaganidanmi, majikroq bo‘pqoldi.)
Maylam – xayrihohlik, moyillik, o‘zini kimgadir yaqin tutish. (Garchi, tilida uni deb tursa–da, dilida menga maylamligi bilinib turardi.)
Makkillash – jag‘i tinmay kavshanish, to‘xtamay yemish yemoq. (Qachon qaramang, qo‘yday, makkillaydi.)
Mallash – yuz rangi, sochlari oq sariqdan kelgan bola. (Otam ukamiz Abdug‘apporni erkalatib, Mallash, deb chaqirar edi.)
Mashshaq – cholg‘uvchi. To‘ylarda xizmat ko‘rsatadigan sozanda. Bir paytlar, to‘ylarga mashshoqlarni taklif etish ham martaba hisoblangan. Bunga qurbi yetganlar haqida“Falonchi, mashshaq solib to‘y qildi” degan ovozalar tarqalgan.
Mijiqi – maydagap, so‘zining tuturug‘i yo‘q, har baloni aljirayveradigan kimsa. (Odam degani, shunaqayam mijiqi bo‘ladimi, a?)
Minqi – ovozi dimog‘iga tiqilib, ping‘lanib gapiradigan odam. (Televizorda minqi ovozlar ko‘payib ketdi.)
Mirob – ariq suvini rasamadi bilan adolatli taqsimlanishini nazorat qiluvchi boshliq. Har bir dahaning o‘z mirobi bo‘lgan. (Jonobod xalqi mirobni ur kaltak, sur kaltak qilib tashlashibdi.)
Miyang‘i – ming‘irlab odamning g‘ashiga tegadigan, befarosat, behosiyat kimsa. (Hasharga Umar miyang‘ini aytmanglar, ming‘ir–ming‘ir qilib, hammani ishdan qo‘yadi.)
Megajin – urg‘ochi cho‘chqa. El tasavvurida, ko‘ringan erkakni o‘z quchog‘iga mengzaydigan, erdan chiqib, erga tegishni or bilmaydigan, birovlarning men bilan necha pullik ishi bor, degan aqidada axloqsiz hayot kechiradigan, yengil tabiat ayol. (Zahro megajin o‘ralashib qoldi, qay bir mushtiparning uyi kuydi ekan–a?)
Modalib – taqalib, qadalib, tirg‘alib turib olish. (Ikkita odamning ovozi chiqqan joyga qulog‘ini ding qilib, modalib kelib olishi yomon–da, bu sulloxning.)
Mosovsirab – dovdirab, uyqusirab, kalavlanib, yo‘lni zo‘rg‘a topib yurish. (Qulmat ko‘r, to‘yga chaqirishmasa ham, mosovsirab kelaveradi.)
Nagonda – ahyonda, ba’zi-ba’zida, nogahonda. (Eshmonqul urug‘larini izlab, nagonda bir kelib qoladi.)
Nafsi chukkillash – odamning biron yemak yoki taomni ko‘rganda, chidab bo‘lmas darajada iste’mol qilgisi kelishi. (Qo‘shni stolda muzqaymoq yeb o‘tirgan odamlarni ko‘rib uning ham nafsi chukkillab ketdi.)
Nushqut – nishxo‘rd. Xayvon yemay qoldirgan o‘t, hashak, chiqindi. (O‘tgan bozor sotib olgan sigirimiz xo‘ra chiqdi. Oxuriga nima solsang nushqut chiqarmaydi.)
Oziqti – tunda odamni adashtirib ketadigan ajinaning yana bir nomi. (Qorong‘iga qolsang, Boymirza buvaning tutzoridan yurmagin, oziqtilari bor.)
Oypab – ovqatni shoshilib, oshalab yeyish. (Matkarim oldiga qo‘yilgan oshni, manzirat qilishlarini ham kutmay, oypab qoldi–ya!)
Olashaqshaq – hayoliga kelganini shang‘ilaydigan ayol. (Og‘zinga kelganini olashaqshaqday shaqqillading, mana natijasi! Endi chidaysan.)
Ontib – dovdirab, tentirab, adashib, uloqib (Kenjatosh opa, har zamonda, onamizni qora tortib, ontib kelib qolardi.)
Ontixo‘r – qasamxo‘r, qasam ichishdan qo‘rqmaydigan kimsa. Qasamga qaraganda ont so‘zining salbiy ma’nosi kuchliroq. Qasamxo‘rning yomon odatini yanada bo‘rttirish kerak bo‘lsa, qasamxo‘r, deyish o‘rniga ontxo‘r deb yaniydilar. (Bu xunasaning, ontxo‘rlik qilmagan kuni xotini taloq bo‘ladi!)
Orashon – ovqatning sharaqlab qaynashi. (Sho‘rvaning olovini balandlatib yubor, bir orashon qaynab ketsin.)
Otkeldisiga olib – biron ishni alam-achchiq ustida, zarda bilan, orqa-oldiga qaramay, chang-to‘zolon bilan bashlab yuborish. (Odamlarning g‘ayratsizligidan zardasi qanagan Odil tabelchi shudgorni otkeldisiga olib, chopa ketdi.)
Otoyoq – mehmon kuzar asnosida, otiga minib olgandan keyin ham, zo‘rlab biron narsa yedirish yoki ichirish. Hozir bu odat zamonaviylashib, “kapot ustida”ga aylandi. (Madaniyatga mehmonga borgan edik, toza mehmon qilishdi. Kamiga otayoq qilib ichibmiz. Uyga, zo‘rg‘a yetib keldik.)
Otxona – otxona, molxona, qo‘yxona, tovuqxona alohida-alohida tushunchalardir. Bu xayvonlar hech qachon aralash saqlanmagan. Hozir otlar kamayib ketdi. (Otxona tushunchasidan, faqat, atama saqlanib qoldi, desa ham bo‘laveradi.)
Pakash – pakana, bo‘yi past, o‘smay qolgan bola. (Yaxshilab ovqatlanib yurmasangiz, Zuhur gadikka o‘xshab pakash bo‘p qolasiz.)
Pang‘vosh – aqli g‘ovlagan, miyasi po‘la, qovoqbosh (Pangvosh bo‘lmasang, shu ishing yaxshimas, deganda, tushungan bo‘larding!)
Parang – kiyinish, yurish-turish va boshqa sifatlari bilan keskin ajralib turadigan odam. (Qandil parang egnidagi kiyimlari, qishloqning bironta odamida yo‘qligidan ich–ichidan g‘ururlanib borardi.)
Pinna – qizg‘anchiq, xasis, ichi qora, fitna. (U bolalariga, uydagi narsa chirisa chirib ketsin, zinhor birovga bermanglar, deb uqtirardi.)
Ping‘ – dimog‘ida ping‘illab, qiynalib gapiradigan odam ismiga qo‘shimcha sifat. (Asad ping‘ kirib kelganini ko‘rib ayollar o‘zlarini ichkariga olishdi.)
Piramon – shift, tomning xarisiga ikki tomondan tashlangan to‘sinlarning tutashgan baland qismi. (Tojixon, bandida novdasi bilan kesib olingan anor va behilardan bir necha tog‘orasini shingil qilib bog‘lab, piramonga qoqilgan mixlarga ilib chiqdi.)
Piska – uzoq sharq xalqlariniki singari qisiq ko‘zli kishilarga nisbatan ishlatiladigan sifat. (Akbar buvaning ko‘zlari piska bo‘lsa ham, tikilsa o‘zingni yo‘qotib qo‘yasan.)
Pechdasturxon – kuzayotgan mehmonning izzati uchun chorsi yoki qiyiqchaga tugib beriladigan nasiba. (Hushyor turinglar, sovg‘a–salomi bilan kelganlar pechdasturxonsiz ketmasin!)
Pozmon –aftodahol, xafahol, tushkun, parishonhol. (Pozmonsan, nimadan xafasan?)
Polpis – ivirsiq, ta’bi xira, befarosatroq ayol. (Huy polpis, tur o‘rningdan, yalpayib o‘tirishingni qara, uyalmay!)
Posat – fasod, ichi qora, doim yomon o‘ylarni o‘ylab yuradigan kimsa. (Mo‘ydin posat bor ekan, intipog‘lik haqida gapirib ovora bo‘lma.)
Prcha – Pircha so‘zining buzilgan formasi. Kichik pir, dohiycha ma’nosida. Gapi katta, gavdasi kichkina, o‘zini hammadan yuqori qo‘yuvchi, hamma narsani bilaman deb o‘ylovchi, izzattalab kimsa ismiga tirkaladigan laqab. (Abdunazar prcha bor joyda har qanday ulamo og‘ziga talqon solib turadi.)
Po‘ssiq – jon koyitmaydigan yalqov ayol yoki qiz ta’rifi. (Munira po‘ssiq ketini ko‘targuncha, kun botadi.)
Rov – jadal, birrov, ostonadan xatlamay ko‘rib o‘tish. (Ustozni ostonasidan bo‘lsa ham, rov ko‘rib o‘tmasak bo‘lmaydi.)
Sarig‘ mashak – sarig‘dan kelgan, jahli burnining uchida turadigan, sal narsaga achchig‘lanadigan odam. (Absattorni bekorga sariq mashak demaydilar. Sal gap uchirsang, yoqangdan oladi.)
Siydigi sirqiragan – kuchli istak, talpinish, yurak-yurakdan xohlash, sog‘inish. (Shu bola desa, siydiging sirqiradi! Ana endi, “huzurini” ko‘raver!)
Siniqchi – singan suyak, chiqqan bo‘g‘im, lat yegan a’zolarni xalqona usulda davolaydigan mahalliy tabib. (Habibulloning qo‘li bilagidan cho‘rt sinib, osilib qoluvdi. Siniqchiga olib borib, taxtakachlatib keldik.)
Sirqov – odamni sil qiladigan darajada injiq, ichi tor, ko‘ngli qora kimsa. (Do‘sting sirqov bo‘lsa, do‘zax yoningda.)
Somtirab – tentirab, dovdirab, adashib. (Bu yoqlarda somtirab, nima qilib yuribdiykin?)
Sorvozori – amali, mavqeyidan foydalanib, qadrini o‘tkazuvchi, kattazang kimsa. (Voy, sorvozori–ey, yalindim–yolvordim, o‘zini toroziga solib, miq etmaydi–ya!)
Suvolg‘ich – yaqin-yaqinlargacha aholi ariqlardan suv ichgan. Binolarni ham suv yoqalatib qurishgan. Chiqaverishga, chelakni botirib suv olish uchun moslab, “suvolg‘ich”lar qurganlar. Zinalarini yog‘och yoki tolxodalar bilan mustahkamlashgan. Ayrimlar suvga chiqqan zaifalarni nomahramlardan ixotalash ma’nosida mato bilan o‘rab ham qo‘yganlar. (Temirvoy suvolg‘ichini juda qulay qilib quribdi!)
Suq – birov nima yesa, og‘zidan suvi kelib, tamshanib, suqlanib tikilib kasal qilib qo‘yadigan kimsa. (Oldida axlat yesang ham suqi kiradi.)
So‘kir – ayollik nazokatini yo‘qotgan, erkakshodalashib ketgan ayol. (Qayerda majlis desa, Mayram so‘kir birinchi bo‘lib yetib boradi.)
So‘ltamat – gavdasi katta lekin o‘larday yalqov, g‘ayratsiz, odamlarga zig‘ircha nafi tegmaydigan, ishyoqmas kimsa. (Ho‘, so‘ltamat, ishlamaganinga yarasha, qolganlarga xalaqit bermay tur, yaramas!)
So‘m – xayoli parishonlik, kayfiyatsizlik, tushkun holat. (Senga nima bo‘ldi? So‘m bo‘lib qolding?)
So‘m – suyaksiz, lo‘g‘it go‘sht. Ko‘chma ma’noda esa, insonning bo‘shashib, shalvirab qolgan holati. (So‘m go‘shtga o‘xshab, muncha shalvirading–a?)
So‘mray – xomush, bo‘shashgan, bir ahvol. (Hakim so‘mray alla mahalda qaytib keldi.)
So‘ppay – quruq, bo‘sh qo‘l, hech narsasiz. (Qachon qarasang, so‘ppayib kirib keladi.)
So‘qim – hech ish qilmay, xo‘kizday yeb-ichib yotaveradigan, o‘larday dangasa, odamning sifati. (Sen bolani so‘qim desam haqim ketadi. So‘qimning hech bo‘lmasa, tezagini yoqamiz. Sendan o‘sha so‘qimchalik foyda yo‘q!)
Tavirka qilib – bo‘lar-bo‘lmas gapni martaba qilib ko‘tarib yurish. (Hamma gapni tavirka qilib, enangiznikiga ko‘tarib boravermang, qizim!)
Tayg‘oq – loy-botqoqlikdan iborat, sirpanchiq, chakalakzor joy. Rahmatli shoir Muhammad Yusuf bir gal menga “tayga” ham, aslida, turkcha tushuncha, rus tiliga toyg‘oq so‘zidan o‘zlashib o‘tgan, degani yodimda.
Taltay – siylab, izzat-xurmatini joyiga qo‘ysang, taltayib, o‘zini sendan yuqori fahmlab yuradigan kimsa. (Hasan taltay bilan quchoqlashib ko‘rishay, desang, o‘mganida o‘dalantiradi.)
Tarrak – bodringning uzun, beo‘xshov, bemaza turi. Hozir, deyarli ekilmay qo‘ygan. Shu bois, odamlar uning tusi va tuzilishini ham eslaridan chiqarishgan. Yomonotlig‘ bo‘lib, nomigina qolgan. (Nuriltoyning gapi–so‘zida tarrakcha maza yo‘q.)
Tasrayib – bezrayib, baqrayib turib olish. (Betini qalin qilib, tasrayib turishidan, hiylacha bor, bu megajin!)
Tashlash – andijonliklar biron o‘quv yurtiga hujjat topshirishni shu so‘z bilan ifodalaydilar. (Bu yil, pedinstitutga tashlab ko‘raman.)
Tashlama – ekin-tikinlarni sug‘orish uchun taralgan suvlarning oshiqchasi borib tushadigan ariq. (Ko‘tarmaning tashlamasi tortmayapti, tozalash kerakka o‘xshaydi.)
Tepdi – sirli qilib, “qog‘ozga o‘rab aytilgan gap”ni dabdurustdan tushunmagan kishining ustidan kulish uchun ishlatiladigan ibora. (Bunaqa gaplarning uning miyasiga tepishiga besh–olti qovun pishig‘i bor.)
Tovoq –ish buyursang malollanib qo‘zg‘aladigan erka, yalqov, tantiq qiz yoki juvon nomiga qo‘shimcha sifat. (Bu qiz – otasining tovog‘i–da!)
Tontiq – tantiq, valaqlagan. (Gap deb, har baloni tontiyverma!)
Tumshay – doim qovog‘i soliq, o‘zicha hammadan xafalanib, gina qilib yuradigan odam. (Nasib tumshayni ham to‘yga aytib qo‘y, bo‘lmasa, to‘qimi ovib qoladi.)
Tutantiriq – o‘t oldirish uchun ingichkalab yorilgan o‘tin – payraha, xas-hashak yoki qog‘oz. (Hakim tanti kulda yiltiragan cho‘g‘ ustiga tutantiriq tashlab, o‘t oldirdi.)
Tutimsaq – o‘z holicha, turli o‘yin va yumushlarni o‘ylab topib, kuymanib yuradigan bola. (Shu bolangiz, biram tutumsaq chiqipti–ey!)
To‘ng‘ – qo‘pol, qo‘rs, fe’li og‘ir, ochiq yuz bilan gaplashmaydigan, so‘zini yotig‘i bilan tushuntirishni bilmaydigan kimsa. (No‘mon to‘ng‘ning og‘zidan binoyiday gap ham zilday og‘ir botadigan bo‘lib chiqadi.)
To‘g‘atmay – mensimay, nazarga ilmay, e’tibor bermay, go‘yo ko‘rmaganday, sezmaganday, bepisandlik bilan ma’nolarini anglatib keladi. (Bu bola amaldor bo‘ldi-yu, hech kimni to‘g‘atmay qo‘ydi.)
Ummay-jummay – g‘ayrat-shijoat bilan, uyushib. (Ummay–jummay harakat qilsak, o‘rimni shomgacha tugatamiz.)
Upchik – chaqaloq so‘rg‘ichi. (Xamir qorib olgunimcha, ukangning og‘ziga upchik solib ovuntirib tur, qizim.)
Ushug – qahraton sovug‘i. (Ahmadali qulog‘ini ushukka oldiribdi.)
Xarjeychilik – jiddiy gapning hazil-mazakka aylantirilishi. (Bilib qo‘y, bu jiddiy masala. Hazil–mazak qiladigan ish emas!)
Xilma–xitey – bo‘lar-bo‘lmas, arzimas, yaroqsiz, sifatsiz narsa, degan ma’noni anglatadigan ibora. Xitey so‘zini “xitoy” deb oladigan bo‘lsak, gap xitoyda ishlab chiqarilgan arzon va sifatsiz mollar haqida ketayotgani oydinlashadi. (Bir xafta kiyib–kiyilmay titilib ketadigan, xilma–xitey kiyimlar ko‘payib ketdi,.)
Xonasalat – “xonasallot” ning buzilgani. Uying kuygur, yashshamagur, adoyi tamom bo‘lgur, badbaxt, baxti qaro ma’nolarini tashiydi. (Voy xonasalatey, yedirib–ichirib, katta qilib qo‘yganimning jazzasimi bu!)
Xopitish – cho‘milish. (Yuringlar, bolalar, kandada xopitib kelamiz.)
Xudobezori – qilmishlari bilan hammani bezor qilgan kimsa. (Abdusamining o‘rtancha o‘g‘li juda behosiyat, xudobezori bola bo‘ldi.)
Chaynamashiming – xo‘rozqant, shimiladigan shirinlik. (Eslik bo‘lib yursang, bozordan chaynamashiming opkebberaman.)
Chaksa – taxminiy kichik o‘lchov, bir hovuch, bir siqim. (Og‘zingdan gap chiqmay, chaksa etingni uzib oladi.)
Chalib chiqish – biron joyni zudlik bilan supurib qo‘yish. (Tabassum, akangning o‘rtoqlari kelayotgan ekan, xovlini tezda chalib chiq, qizim?!)
Chiymoq – ko‘proq, bolalarning yong‘oq o‘yini paytida raqib soqqasini mo‘ljalga olib aniq urish musobaqasida mohir ekanligini eslatib qo‘yish, shu bilan birga, o‘zining ruhini ko‘tarib olish maqsadida maqtanchoqlik bilan aytadigan so‘zi. (Mana, qarab tur, yong‘og‘ingni chiyib qo‘yaman!) Ba’zi holatlarda katta odamlar tilida ham ishlatiladi. Mas., (Falonchi mo‘ljalni yomon aniq olar ekan. Falonchining falon narsasini o‘n besh metrdan chiyib tashladi.)
Chinoqchi – terimchilar ortidan paxtani chanoqda qoldirmay, toza terilishini nazorat qiladigan shaxs. (Chinoqchilikka Mahmud buvadan boshqa odam yaramaydi.)
Chittak – qat’iy fikri yo‘q, u shoxdan bu shoxga sakrab, kim nima desa ma’qullab ketaveradigan, tuturuqsiz kimsa. (Hasan chittakka o‘xshashdan, chittak ham or qiladi.)
Chippay – idishga biron narsaning to‘ldirib solingan holati. (Bu yilgi sholini qanor qoplarga chippay qilib, omborxonaga saranjomladik.)
Chichang – gap ko‘tarmaydigan, salgina hazilga irg‘ishlab, achchig‘i chiqib ketadigan odam. (Usubaliga hazil qilsang, chichanglab ketadi!)
Chichchay – o‘z martabasini baland ko‘rsatish uchun harkat qiladigan kimsa sifati. (Izdihom ahlining ensasini qotirib Azim chichchay kirib keldi.)
Chovalanish – jahl yoki zarda bilan, o‘z-o‘zicha nimalarnidir javrash. (Oqoyim xola chovalanib Olamaydon tomonga ketayotgan ekan, tinchlikmikin ishqilib?)
Chuldirvaqa – tili chiqmagan, bir narsalarni chuldirayveradigan bola. (Qishlog‘imizdagi har bir xonadonning bir nechtadan chuldirvaqasi bor.)
Cho‘kar – daraxt yoki o‘simlikning kesib yohud o‘rib olinganidan keyin yerda qolgan, poyafzalni teshib, oyoqqa sanchilishi mumkin bo‘lgan qismi. (Kombayndan to‘kilgan so‘talarni teraman deb makkapoyaga boruvdim, cho‘kar kirib, kovushimni teshdi. Oyog‘imni xudo saqladi.)
Cho‘chchay – labi cho‘chchaygan yoki labini atayin cho‘chchaytirib gapirishga ishqiboz qiz yohud juvon. (Robi cho‘chchayga ayt, irshanglab, mehmonlarning oldida o‘ralashmasin!)
Shatir – qo‘rqmay, dadil. (Jabbor polvon zarur paytda oriyat uchun, shatir maydonga tushadigan dov yigitlarning boshini qovushtira oladigan sardor ham edi.)
Shilg‘ib – shuvillab, shung‘ib, shitob, silliq singari ma’nolarni ham anglatib keladi. (Jasad qabrga bu lahzani ko‘pdan buyon kutganday, shilg‘ib kirib ketdi.)
Shingil – nasha chekib yoki ko‘knori ichib doim shirakayf bo‘lib yuradigan, beozor bangi odamning nomiga qo‘shib aytiladigan laqab. (A’bar (Akbar) shingil ulfat izlab, Olamaydon tomonlarga qarab o‘tib ketdi.)
Shippak – laqab. Chaqirilsa-chaqirilmasa shippillab boraveradigan hamiyatsizroq odam. (Maham shippak kelibdi, biron joyga o‘tqazinglar, osh eb olsin.)
Shixmola – shudgorni tekislab, kesaklarni uchun traktorga tirkaladigan maxsus moslama. (Shudgorga shixmola solib yana bir tekislavormasak, sug‘organda ko‘llab qoladi.)
Shixt – aft, angor, bashara. (Shixtingga qara, olabo‘ji bo‘p qopsan!)
Shamol – topshirilgan ish, yuklangan vazifani juda tez harakat qilib uddalaydigan, o‘ta chaqqon, g‘ayratli odam sifati. (Abdushga ish buyursang, qachon bajarganini bilmay qolasan. Shamol, shamol deysan!)
Shol –yupqa ro‘mol yoki oddiy ipdan to‘qilgan sholcha gilam. (Uch og‘ayni ariqning bo‘yiga shol tashlab, xuftongacha suhbatlashib o‘tirishdi.)
Shumtirab – biron azob yohud voqea-hodisa ta’sirida o‘zini yo‘qotib, nochor ahvolga tushib qolgan odamning holati. (Sovuqdan–a’zoyi badani titrab qaqshayotgan devona, sadaqa qilarmikin, degan o‘yda, o‘tgan har bir odamga jovdirab boqardi.)
Sho‘qatoy – tinchimaydigan sho‘x, tutimsaq bola. (Bolangiz sho‘qatoygina ekan. Qo‘lidan ushlang, kor hol chiqarib o‘tirmasin, tag‘in!)
Egov – tergab, asabga tegib, bezor qiladigan kimsa. Ayrimlar bu so‘zni ayollarga nisbatan ishlatadilar. (Uyda xotin, ishxonada boshliq egov.)
Etak – xovli tomon, tomorqaning oxiri. (Uyning etagi sholipoya.)
Emacha(g)k – qadr-qimmat, o‘mgan, ko‘qrak va yana bir qancha so‘zlar ma’nosini ifodalab keladigan tushuncha. (Emachagi uzilib, ukalarining oldiga ko‘p bordi.)
Eshma – bo‘lar-bo‘lmasga nozlanaveradigan qiz yoki ayol. (Anavi, eshma opang eshilib, hozirgina kelib ketdi.)
Yukli – xomilador juvonni yukli ham deyishgan. (Munisxon o‘g‘lini uylaganiga besh oygina bo‘luvdi, kelini yukli ekan.)
Yalatma – ekinning tomiriga yetkizib-etkizmay, yugurtirib sug‘orish. (Ko‘tarmaga yana bir marta yalatma suv tarab, sergigach, terimga tushilsa ham bo‘ladi.)
Yalaq – nopok kimsalar xizmatini qiladigan, beor, hamiyatsiz kimsa. (Anovi so‘ltamat, Pirimboyning yalog‘iga aylanib qoldi.)
Yalli – ko‘chama-ko‘cha, mahallama-mahalla, bozor va guzarlarda matal, hikmatli so‘z, g‘azal va qo‘shiqlar aytib yuradigan hislatli insonlar ismiga tirkaladigan qo‘shimcha nom (Astag‘furullo! Usmon yalli kecha o‘zining janozasiga o‘zi odam aytib yuruvdi. Bugun tong saharda qazo qilibdi!)
O‘malab – o‘rmalab, emaklab, yerbag‘irlab, sudralib, yotib yurish. (U o‘malab, qirga chiqib oldi.)
O‘tirish – ko‘ngli yaqinlar, jigarlarning yig‘ilishi, gap-gashtak. (Kelayotgan shu shanbada, do‘stlar bilan o‘tirishimiz bor.)
O‘g‘iz – sigir tuqqach, ilk sog‘ib olinadigan sut. To‘g‘risi, “og‘iz suti”. Uni, odatda, gavmushimiz tug‘di, endi sizlar ham oqliqqa zor bo‘lmaysizlar, degan ma’noda, qo‘ni-qo‘shnilarga ham tarqatishadi. (Qo‘shnimiz o‘g‘iz suti chiqaribdi, duo qilib ichib olinglar.)
O‘yan – har bir gapdan qing‘irlik, qilingan ishdan kamchilik, qusur topish. (U pirmamatining ishidan ham o‘yan topadi.)
Qadaqchi – chegachi. Ilgari idish-tovoq kam bo‘lgan. Sinsa, uchsa, hozirgiday, axlatga tashlanmas, chegachiga eltib, qodoqlatib ishlatilaverardi. (Bugun qadaqchi ham, idishini chegalatadiganlar ham qolmadi.)
Qayraqi – qiyinchilik ko‘raverib pishib ketgan, mushtlashaverib kaltak ta’sir qilmaydigan bo‘lib qolgan odam yohud jonivor. Ko‘milmasa ham sovuq urmaydigan mevali daraxt, o‘simlik. (Bizda toklar qishda ko‘milmaydi, qayraqi bo‘lib ketgan.)
Qahvosh – o‘z bilganidan qolmaydigan, qaqajon, qaysar qiz. (Voy, qahvosh–ey, o‘z bilganicha ish tutibdi–da!)
Qora tortish – yaqin olish, yo‘qlash, madad so‘rash, qarindoshlik, ko‘ngilyaqinlik tuyg‘ularini anglatadigan ibora.
(Nafing tegib tursa
Jonsan, jigarsan,
Har kasga g‘oyibdan yetgan atosan.
Nafing tegmay qolsa, yuzing qarodir.
Qatordan xatosan – hassan, gadosan!
Qora tortib borsang o‘zin tortarlar,
Qora tortganlaring motamsarodir.
Yo, Xudo,
Bunchalar bebaqo, oqibatlaring!)
Qoqas – ko‘zdan pana, nazardan nari. (Komiljon donning bir qismini urug‘likka deb og‘ilxonaning ko‘zdan qoqasroq joyiga yashirib tashladi.)
Qoqitma – kesatiq gap. Bir gapni bir odamga yoki ko‘pchilikka aytib, bir odamni yanish. (Bir odamlar qachonlardir tiklagan bayroqlarim hamon hilpirab turibdi, deb o‘ylaydi.)
Quyqi – qayg‘urgan, kuyingan odam bo‘lib, uni unga, buni bunga chaqimchilab yuruvchi ayol. (Xolnisaning quyqiligi, aka–ukalarni yuz ko‘rmas, begona qilib tashladi.)
Qumortqi – o‘ta achchiq qilib damlangan choy. Chidab bo‘lmaydigan darajada ko‘p qalampir solingan ovqat. (Kechagi sho‘rva qumortqi bo‘lib ketibdi. Qalampirni kamroq soling, kelin!)
Qumturpoq bo‘lib – to‘g‘risi, qum-tuproq bo‘lib. Biron ishni, qimirlaganki jon bor, barcha bir yoqadan bosh chiqarib bajarishi. (Qum turpoq yopishsak, bu ishni ikki soatga qolmay bajarib qo‘yamiz.)
Qo‘li yu(p)qa – kambag‘al, tirikchiligi zo‘rg‘a o‘tadigan shaxs. (Qishloqning aksariyat oilalari qo‘li yu(p)qaligidan go‘sht yemay qo‘ydi.)
Qo‘nqavoy – odamlar bilan chiqishib, el bo‘lib ketmaydigan, ajabtavur qiliq va qarashlari bilan eldan ajralib qolgan kimsa. (Anavi, qo‘nqavoyga ham ish–pish buyuringlar, zora odamoxun bo‘lib ketsa.)
G‘irtmak – katta odamday, yoshiga mos tushmaydigan gap va harakatlar qiladigan bola. (He, tur–e, g‘irtmak! Menga aql bo‘lmagan sen qoluvding!)
G‘o‘ragil – nochor, yupun, abgor. (Soyibjon sefarzand. Yemoq–ichmog‘i ham juda g‘o‘ragil–da!)
Hayparanji – paranjisini boshiga tashlab uyma-uy, ko‘chama-ko‘cha kezib yurishga odatlangan besaranjom ayol ta’rifi. (Hayrinisoning bir kunda hayparanji bo‘lib bormagan joyi qolmaydi.)
Hejim (kash) – bo‘lar-bo‘lmasga hiringlayveradigan yigit yoki erkak. (Hejimlarga o‘xshab hiringlayvema!)
Huy – ayollarning xojasi yoki biron kishining ismini atab chaqirishga shariat yoki sharoit yo‘l qo‘ymaydigan holatdagi murojaati. (Huy, ko‘ylagingiz kir bo‘libdi, yechib bering, yuvib qo‘yaman.)
ShO‘RO TUZUMI BILAN KIRIB KELGAN, AYNI KUNLARDA ISTE’MOLDAN TUShIB QOLAYoTGAN SO‘ZLAR, URF–ODATLAR
Agarat – ruscha “ogorod” ya’ni “tomorqa” so‘zidan olingan tushuncha. (Kalxozchilarning agaratlarini ham sug‘orib olishlariga imkon berish kerak.)
Agitator – Sho‘roning yutuq va afzalliklarini tashviq qiluvchi ijtimoiy faol kishi. (Komsomollar orasidan tashviqotchilikka qobiliyati borlarini aniqlab, ro‘yxat tuzib olinglar.)
Agitpoyezd – targ‘ibot-tashviqot maqsadida ilm, fan, madaniyat va san’at axlidan tuzilgan guruxni xududma-xudud olib yurish uchun tashkil etiladigan maxsus poyezd. (Agitpoyezdda Vodhani kezib, kuni kecha qaytdik.)
Astanopka – bekat. (Biz uni astanopkada rosa kutibmiz.)
Ahtip – ruscha “aktiv” so‘zining o‘zbekchalashgani. Sho‘ro siyosatini qo‘llovchi ijtimoiy faol odam, rahbar. (Mo‘min salla, odam tanimaydigan darajada ahtiplashib ketdi.)
Aptalapka – o‘rischa “avto lavka” so‘zining buzilgani. Olis qishloqlar, cho‘l va sahro, tog‘u toshlarda ishlab, istiqomat qiladiganlar uchun kundalik istemol tovarlarini eltib sotadigan avto do‘kon. (Aptalapkada ro‘zg‘or uchun kerak bo‘ladigan hamma narsa keladi.)
Barishna – rusiyzabon qiz-juvonlarning yerlik aholi o‘rtasida urf bo‘lgan umumiy nomi. Barishnya. (Sovxoz idorasidagi barcha ishlarda, asosan, barishnalar ishlasharkan.)
Baxcha – kolxozchi ayollarining go‘daklari uchun, arqon belanchaklar tortib tashkil etiladigan vaqtinchalik bog‘cha. Uquvli, bir-ikki juvon “baxcha opa” qilib tayinlangan. Ular go‘daklarga qarash bilan birga, navbati bilan, paxtazorda ishlayotgan onalariga olib borib, emizdirib kelishgan. (Baxcha opalikka O‘ktamxon bilan Zavraxon durust. Barchaga barobar munosabatda bo‘lishadi.)
Baxchopa – demak, dalada tashkil etilgan bolalar bog‘chasiga javobgar ayol. (Baxchopalikni hamma ayollar ham eplayvermaydi.)
Belat – chipta. (Adhamjon shahardagi katta teatrda qo‘yiladigan kinoga belat opkepti.)
Bonka – omonat mablag‘lari saqlanadigan banklarning xalq tilidagi atalishi. (Puling ko‘payib ketgan bo‘lsa bonkada saqla.)
Bo‘g‘altir – buxgalter so‘zining buzilgan talaffuzi. (Ilgarigi bosh bo‘g‘altirlar bugun bosh hisobchilar, deb aytilyapti.)
Vodovoz – dalada ishlayotganlarga suv eltib, chanqog‘ini qondirish uchun ajratilgan shaxs. Olis yaylovlardagi chorva va chorvadorlar uchun mashinada suv yetkazib beruvchi haydovchilarga nisbatan ham shu atama qo‘llangan. (Dashtdagi chorvaga bu yil Matashboy buva bilan Pavlik amaki vodovozlik qilisharkan.)
Vorox – voroxo ochistitel (ko‘sak chuvuvchi) mashinaning qisqartirilgan nomi. (Hasharchilar tergan ko‘saklar peshma-pesh voroxdan chiqarilib, punktga topshirilyapti.)
Groy – ruscha “geroy” (qahramon) so‘zining o‘zbecha talaffuzi. (Raisimiz Abdusamad buva shu yil kuzda groy bo‘ladi.)
Damba – daryo yoki ariqlar to‘silib, suvning turli tomonlarga tarqatiladigan joyi. (Asli bu, o‘zimizning sof turkcha “dam” so‘zining o‘zga tillarga o‘zlashib ketib o‘zimizga qaytib kelgan ko‘rinishidir.)
Dorixona – kolxoz-sovxozlarda mineral o‘g‘itlar saqlanadigan bino. (Borib, dorixonadan ammafos olib kelinglar.)
Duxtir – shifokor, doktor so‘zlarining mahalliylashgan ko‘rinishi. (Bolaning istimasi tushmayapti, duxtirga olib chiqmasak bo‘lmaydi shekilli.)
Jomo – “jamoa” so‘zining jaydari talaffuzi. Qishloq kengashi raisi ma’nosini beradi. (Toshxon jomo aytsa, kolxoz raisi ham yo‘q demaydi.)
Zang – shiypondan turib kolxozchilarni tushlikka chorlash uchun daraxt yo biron moslamaga ilib qo‘yiladigan temir. Temirni temirga urilsa, sadosi olislarga ketadi. (Turg‘unboy buva chopiqchilarni tushlikka chorlab, zang urdi.)
Zvenavoy – zveno boshlig‘i. G‘o‘zaga suv tarovchilar ustidan tayinlangan, nomi boru o‘rni yo‘q lavozim. (Karimberdining vazifasi kolxozning temir daftarida zvenavoy deb yoziladi.)
Istansa – poyezdlar to‘xtashi yoki vogonlardan yuk tushirish-ortish uchun moslab qurilgan maxsus joy. (Istansaga yog‘och kepti, deb eshitdim. Uch–to‘rt kuba op kelay.)
Kalxoz – ruscha “kollektivoye xozyaystva” (jamoa xo‘jaligi) ning qisqartirilgani. (Rais kalxozni shaxsiy agaratim deb o‘ylaydi, chog‘i.)
Kamsamo‘l – komsamol so‘zining o‘zbekchalashtirilgani. Kommunistik yoshlar tashkilotining a’zosi. Sho‘ro siyosatiga fidoyi yosh yigit yoki qiz. (Omanboyning o‘g‘li kecha kamsamo‘lga kirib kelibdi.)
Kaparatip – do‘kon ma’nosida. “kooperativ” so‘zining o‘zlashtirilgan formasi. (Bolam, chop, kaparatipga chiqib, yarim kilo pechak qant olib kel.)
Karnay – kolxoz idorasi yoki markazdan turib eshittirishlar olib boradigan, asosan, tegishli xududning kundalik yangiliklari e’lon qilib boriladigan mahalliy radio tarmog‘i. “Uzel” ham deyilgan. Xonadonlarga, brigada shiyponlariga karnaylari o‘rnatilgan. Mahalliy axborotlardan tashqari vaqtlarda poytaxt radiodasturlariga ulab qo‘yilgan. (E’lon! Hozir, xo‘jaligimiz raisi, hammamiz uchun hurmatli falonchi pistonchiyevichning kolxozchilarga murojaatini tinglaysiz!)
Kassa – maosh yoki pul tarqatiladigan yoki qabul qilib olinadigan tuynukchali xona. (Hozir unday joylarga “g‘azinaxona” deb yozib qo‘yilyapti. Bu “kassa” so‘zi ma’nosini to‘la anglatmaydi.)
Kastir – kassir so‘zining bo‘zilgani. (Kastir oylik tarqatyapti, pulinglarni olinglar!)
Kinochi – mahsus moslashtirilgan mashinalarda yurib filmlar namoyish etadigan kino mexaniklarning aholi o‘rtasidagi nomi. (Kinochi yangi shekilli, lentaning uzilgan joylari ko‘payib ketibdi.)
Komsomol to‘y – o‘tgan asrning 30-40 yillarida xotin-qizlarning yuzini ochish jarayonini tezlashtirish maqsadida nikoh to‘ylarida kelin-kuyovlarni stolga chiqarish taomilga kiritilgan. Bunday to‘ylar “komsomolcha to‘y” deb atalgan. (Eson maxsum buvaday imon–e’tiqodli odam ham, ikkita o‘g‘liga komsomol to‘y qilib, kelin–kuyovlarni istolga chiqardi.)
Krasinchi – bochkali aravada aholiga kerosin moyini tarqatib yoki sotib yuruvchi odam.(Qo‘shni, krasinchi o‘tsa, bizning idishimizga ham quydirib qoling!)
Lo‘zinka – ko‘rinarli joylarga ilinadigan shior. (Shaharning qaysi tomoniga qaramang alvon lo‘zinkaga ko‘zingiz tushadi.)
Maxinaysa – maqsadga turli xil qing‘ir yo‘llar bilan erishish yo‘li. (Paxta zavodlarining juda katta maxinaysasi bor ekan.)
Mixaylik – ruscha “mexanik” so‘zining o‘zlashgani. (Imomnazar aka uchastka traktorchilariga mixaylik bo‘pti.)
Nacheylik – boshliq. Ruscha, nachalnik so‘zidan olingan tushuncha. (Kecha sovxoz direktori kelib, bo‘limimiz nacheyligini ishdan bo‘shatdi.)
Omborchi – xo‘jalikning ignadan tortib don-dunigacha saqlanadigan ombori mutasaddisi. (Omonboy omborchi bo‘lganidan ko‘pchilik xursand. Har holda, insofli odam.)
Padborchi – ko‘chalarda to‘kilib qolgan paxtalarni terib, yuruvchi odam. (Oq–oltinning bir misqolini ham yerda qoldirmay, yig‘ishtirib, davlatga topshiramiz!)
Pastajir – avtobus. (Ayrim qishloqlar aholisi vtobusda ketayotgan yo‘lovchini ham pastajir deb atagan.)
Perma – ferma mudiri ma’nosida. (Abdusattor kolxoz permaligini orzu qilib olamdan o‘tib ketdi.)
Partkom – kolxoz, sovxoz, turli muassasa va tashkilotlarda rahbar va uning o‘ribosaridan keyingi lavozim. G‘oyaviy-ciyosiy masalalar muhokamasi paytida hal qiluvchi ovozga ega “figura”, desa ham bo‘lardi. (Ra’noxonimiz kolxoz partkomligiga saylanibdi.)
Pilon – plan, ya’ni, reja. (Bu ishda, pilonlashtirish paytidayoq xatoga yo‘l qo‘ygan edik.)
Pluk – plug, yer haydovchi traktor moslamasiga o‘rnatiladigan keskir qism. (Sobirjon, kultivator pluklarini bir charxlatib kelsangiz yaxshi bo‘lardi.)
Polovoy stan – dala shiyponi, qo‘nalg‘a ma’nosida. (Sovxozning pilla brigadirlari bugun Yoqub nacheylikning polevoy stanida yig‘ilishadi.)
Polovot – o‘rischa “polevod” (mirob) atamasining mahalliy tildagi ko‘rinishi. (Suvni tejab–tergab taramasang, Yormat polovotdan baloga qolamiz.)
Polasagupsi – ruscha “ploskoguptsi”, ya’ni, o‘zimizning yassi og‘iz ombur. (Ayrim viloyatlarda yassi ombur kampirog‘iz ham deyiladi.)
Polotirka – ikkinchi jahon urushidan ilgari chiqqan, “polotyorka” nomi bilan xalq xo‘jaligida keng qo‘llanilgan yuk mashinasining aholi o‘rtasidagi nomi. (Raisimiz, xo‘jalikni, har kuni bir marta, polotirkada aylanib chiqadi.)
Poson – ruscha “fason” so‘zining buzilgani. Yasan-tusansiz ko‘chaga chiqmaydigan, doim o‘ziga oro berib, hushbo‘y narsalar sepib yuruvchi erkak. (Ko‘chadan Qandil poson o‘tsa, hamma yoqni atir hidi tutib ketadi.)
Pot–pot(chi) – 20 asrning birinchi yarmida ishlab chiqarilgan, pot-potlab ovoz chiqaradigan, ixcham traktorning haydochisi. Ovoziga qarab, o‘zini “pot-pot”, haydovchisini “pot-potchi” deb atashgan. (Erali ko‘tagaravasini, qayerdandir, buzuq pot–potga almashtirib kelibdi. Tuzatib ololsa, o‘zi haydar ekan.)
Propogandis – targ‘ibotchi. (Toshkentdan xotin–qizlari faolligini oshirish bo‘yicha siyosiy targ‘ibot guruxi kelar ekan.)
Salti suvoy – turmushga chiqmagan, chiqqan bo‘lsa ham, hali farzand ko‘rmagan kolxozchi qiz yoki juvon – ya’ni “salt” ma’nosida. Ularni dalada emizikli ayollarga nisbatan ko‘proq, shom qorong‘usigacha olib qolib ishlatish mumkin bo‘lgan. Shuning uchun kolxoz rahbarlari ularni “svoy” (o‘rischa so‘z), ya’ni “o‘zimizniki” deb atashgan. (Salti suvoylarni olib ketish uchun shomga yaqin mashina keladi.)
Sassalizm – sotsializm. (Rahmatilla, sossalizm desa, jannat bog‘larini tasavvur qilardi.)
Simpilis – ko‘sakni yorib, sitib olingan xo‘l paxtani quritadigan tsex. O‘tgan asrning 30-40 yillarida qishloqlarimizda paydo bo‘lgan bunday qurilmalarni odamlar, “simpilis” deb atashardi. (Odil tabelchi, tong saharda, odamlar kechasi bilan chuvigan jiqqa xo‘l paxtani uyma–uy yurib, tortib olib, pritsepga joylab, simpilisga topshirar edi.)
Sapxo‘z – “sovxoz” (sovet xo‘jaligi) so‘zining qisqargani. Sovxozlar mehnatga munosabat, haq to‘lash va boshqa ko‘p masalalarda nisbatan yangicha, ilg‘orroq xo‘jalik yuritish usuli edi, desa ham bo‘ladi. Bunday xo‘jaliklar odatda, rusiyzabonlar ko‘proq joylashgan xududlarda tashkil etilardi. Sovxozning kolxozlarga nisbatan ayrim imtiyoz va erkinliklarga egaligi yaqqol sezilib turardi. (Bilasan–ku, 8–sovxoz pilonini bajarmaguncha, bironta kolxoz g‘alaba raportini berishga botinolmaydi.)
Tabilchi – to‘g‘risi, tabelchi. Kolxozlar bajargan dala ishlarining hisob-kitobini olib boruvchi kichik amaldor. (Adhamjonning bichimi kichik bo‘lgani bilan hisob–kitobi ancha puxta ekan.)
Uzel – aholini kundalik yangiliklardan xabardor qilib turish uchun sim orqali tortilgan mahalliy radio tarmog‘i. (Normani bajarmasak, kechqurun yalqov terimchilar qatorida otimizni uzeldan ovoza qilishadi.)
Uchaska – bino qurish uchun davlat tomonidan ajratiladigan tomorqa. (Bir umr kolxoz dalasida ishlab, bir tanob yerga ega bo‘lmay o‘tib ketdi.)
Xashak o‘rdi – chorvaga yem-xashak g‘amlash uchun xashar yo‘li bilan uyushtiriladigan kampaniya. (Brigadamizdan beshta yigit xashak o‘rimiga borishi kerak. Ixtiyori bilan otilib chiqadiganlar bormi?)
Xiytr – ruscha “xitriy” so‘zining o‘zbekcha talaffuzi. (Ha, xiytr, ko‘zimni shomg‘alat qilib aldab ketmoqchisan–a?!)
Xosilat – xosilot – agronom. (Xosilotlikka Hafizqorini tavsiya qildik, nima deysizlar?)
Chayka – tarmoqdan simga ulab ishlatiladigan radiokarnay. (Bu, chayka degani, ertalab beshdan, tungi uchgacha tinmay gapirarkan.)
Shapka – sho‘roning ilk arboblari orasida shapka kiyib yurish urfga kirgan edi. Keyinchalik, ularga taassub qilib mahalliy rahbarlar ham shapka kiyib yurishni odat qilgan. Bora-bora sho‘roparastligini namoyish qilish uchun shapka kiyib yuradigan odamlar ham paydo bo‘lgan. Ularning otiga xalq “shapka” so‘zini qo‘shib eslagan. (Birinchi shapka kiyganlardan bo‘lamiz, deb ashaddiy qizillardan ekanini pisanda qiluvchilar ham uchrab turgan.)
Shomg‘alat – ko‘z ilg‘amaydigan, g‘ira-shira payt ma’nosida. (Ehtiyot bo‘lasan, ko‘zing shomg‘alat bo‘ldi deguncha, g‘allaning yarmi yo‘q deyaver.)
Shpindl – ruscha “shpindel” so‘zining o‘zlashgani. Bo‘yi past, biron narsa qisganday o‘smay qolgan odam.(Nazar shpindelni ham ro‘yxatga tirkab qo‘yaveringlar, asqotib qolishi mumkin.)
Qizil karvon – kolxoz-sovxozlar yetishtirilgan, ishlab chiqarilgan qishloq xo‘jalik va sanoat maxsulotlarini transport vositalariga ortib, tantanavor olib o‘tish yoki ana shu maxsulotlarga ehtiyoji kuchli regionlarga sovg‘a sifatida yuborish. (Rossiyaning Kaliningrad viloyatiga tumanimiz meva–chevalaridan qizil karvon jo‘natishimiz kerak ekan.)
Qimizatr – o‘simliklarni hashoratlardan himoya qiluvchi laboratoriya mudiri. Agronom-ximizator atamasining mahalliylashtirilgan formasi. (Abdullajonni institutni bitirib kelishi bilan, kolxozga qimizator qilib tayinlashdi.)
Qulip – klub so‘zining buzilgan formasi. (Bir paytlar dovrug‘i dovon oshgan kolxozning qulupi bugun xuvillab yotibdi.)
Kultivassa – o‘rischa “kultivatsiya” so‘zining mahalliylashgani. G‘o‘zaga maxsus ishlov beruvchi moslama. (Qumning yeri yetilibdi, kultivassa solmasak, qotib qoladi.)
Qurtxona – ipak qurti urug‘ini ochiradigan maxsus labarotoriya. Ipak qurti markazlashgan holda boqiladigan joy ham qurtxona deyilgan. (Harorat bir me’yorda ushlanmasa, qurtxonada ish pachava, deyavering!)
Quruxcho‘p – quruq cho‘p ma’nosida. Sobiq ittifoq kompartiyasi markazkomi rahbari N. S. Xrushchevning laqabi. (Quruxcho‘pning gapi bilan makkaga zo‘r berib, mamlakatning kuni zog‘oraga qoldi.)
Qo‘tir – ruscha, “xutor” so‘zining tilimizga moslashgan ko‘rinishi. Sharoiti nochor aholi punkti, desa ham bo‘ladi. Shundanmi, odamlar og‘zida “Dunyoyi qo‘tir, chidasang o‘tir. Chidamasang, ko‘tar ko‘rpani, bo‘shat kapani!”, degan matalnamo gaplar ham yurgan.
Qayraqi – don yoki o‘simliklarning mahalliy sharoitda sinovdan o‘tgan navlari. (Horijdan kelgan bug‘doy urug‘i issig‘imizga dosh bermadi. Qayraqi navlardan sepaveraylik.)
Qizil burchak – dala shiyponi, choyxona va boshqa joylarda sho‘ro siyosatini tashviq qiluvchi surat va lavhalar bilan jihozlangan alohida joy. (Raykom buva kecha majlisda, qizil burchak tashkil qilinmagan bironta joy topsam, partiyadan o‘chiraman, deb raislarni toza g‘adavladi.)
O‘ZGA TILLARDAN O‘ZLAShGAN MAYMOQ SO‘ZLAR
Lemux – o‘rischa “lemex”. Yer haydovchi moslamaning o‘tkir tishi.
Pirsep – avtoulov yoki traktorga tirkaladigan arava, tirkama (pritsep).
Mantor – mantyor.
Suvorka – kavsharlash.
Suvorchik – kavsharlash ustasi.
Patinka – “botinka”.
Sho‘rtik – kalta ishton.
To‘pli – tufli.
Semichka – pista, kungaboqar mevasi.
Obixes – maxsus tergovchi, tergov idorasi.
Pravirka – tekshiruv.
Ro‘l – transport ruli.
Ro‘l – teatr, kinoga mansub termin.
Lupti – lyuft, avtoulov rulidagi salt holat.
Mupti – mufta, avtoulovning qo‘shib beruvchi moslamasiga oid qismi.
Pidol – avtoulovni to‘tatish uchun bosiladigan moslama.
Karopka peredachi – avtoulovning qo‘shib beruvchi qismi
Otverka – boltlarni burash uchun moslab ishlangan o‘tkir uchli asbob.
Bagaj – bogaj, yukxona.
Tormiz – tormoz, to‘xtatish moslamasi.
Zajiganya – avtoulovlarning o‘t oldirish moslamasi.
Pipilnisa – “pepelnitsa”, kuldon.
Sidina – “sidenya”, o‘rindiq.
Kapot – avtoulov motorining ustidagi qopqoq.
Labavoy – avtoulovning old oynasi.
Karburatr – “karbyurator”, avtoulovning yonilg‘i taqsimlagichi.
Dinamik – avtoulovning tok ishlab chiqaruvchi moslamasi.
Akumlatr – “akkumulyatr”, avtoulovning o‘t oldirish uchun tok yetkazib beradigan qismi.
Zaprapka – avtomobillarga yonilg‘i quyish shahobchasi.
Remut – “remont”, ta’mirlash.
Abgon – quvib o‘tish.
No‘mir – “nomer”, avtomobilning raqam belgisi.
Povorot – ko‘chaning burilishi.
Dalni–blijni – chiroqlarning uzoq-yaqinga moslanishi.
Para – avtoulov chiroqlari.
Kamir – “kamer”, avtomobil shinasi ichidagi havo saqlovchi rezina.
Pokrishka – avtomobil g‘ildiragiga kiydiriladigan rezina moslama.
Diska – avtomobilning temir g‘ildiragi.
Balansiropka – avtomobil g‘ildiraklari xolatining sozlanishi.
Zadnimos – avtomobilning orqa tomonga harakatini moslovchi qism.
Iskoros – “skorost”, tezlik.
Ispidometr – “spidometr”, avtomobil tezligini ko‘rsatuvchi moslama.
Prkluchatl – avtomobil tezligi yoki chirog‘ini bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishini ta’minlo vchi moslama.
Buper – avtomobilning old qismini ehtiyotlab turuvchi moslama.
Masla – avtomobil qismlariga quyiluvchi moy.
Jitkos – avtomobil qismlari sozligini ta’mnlovchi suyuq moy.
Nasos – avtaulovlar ballonlariga yel beruvchi moslama.
Nepl – avtoulovlar kamerasiga yel kiradigan qismiga kiydiriladigan rezina naycha.
Abada – “oboda”, avto-motoulovlarning temir g‘ildiragi.
Otrajatl – avtoulovlarning nur qaytargichi.
Dangkrat – “domkrat”, avtoulovni sozlashda ko‘taruvchi momlama.
Bacho‘k – “bachyok”, avtoulovlarning suv yoki suyuqlik saqlashga moslashgan idishi.
Spisa – “spitsa”, velosiped yoki mototsikllarning g‘ildirak simlari.
Znak – yo‘l belgisi.
G‘ish – avtomobil harakatini ta’qiqlovchi yo‘l belgisi.
Zapretni – harakatni ta’qiqlovchi yo‘l belgisi.
Trassa – katta mogistral yo‘l.
Mos – “most”, ko‘prik.
Torpeda – avtomobil solonining old oynaga tutashgan qismi.
Obshipka – ihota uchun maxsus qolama.
Shumoizolassa – ovozdan ihotalash uchun qo‘llanadigan maxsus ishlov.
Moyka – avtomobillar yuviladigan joy.
Bokovoy – avtomobilning yonbosh tomonlariga tegishli qismlar.
Osvejitl – avtomobil salonining havosini muattar qiluvchi buyum.
Parkopka – avtomobillarning to‘xtab turishi uchun ajratilgan joy.
Stayanka – avtomobillar saqlanishi uchun moslangan bino yoki joy.
Kalonka – avtomobil radiosining karnayi.
Xolastoy xod – avtomobilning salt holatdagi harakati.
Zadnixod – avtomobilning orqaga harakati.
Bo‘xsr – “buksir”, bir avtomobilning ikkinchisiga tirkalishi.
Polasa – yo‘l chizig‘i.
Prava – avtomobil haydash uchun xuquq beruvchi hujjat.
Padyom – yo‘lning ko‘tarilish qismi.
Spusk – yo‘lning quyi tomon og‘ish qismi.
Kastaprap – avtomobilning ustki qoplama qismlarini sozlovchi usta.
Ilixtirik – “elektrik”, avtoulovlarning elektr qismlarini sozlovchi usta.
Xodovo‘ychi – avtoulovlarning tashqi harakatlantiruvchi qismlari nosozliklarini tuzatuvchi usta.
Vulkanizatr – avtoulov g‘ildirklari bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etuvchi joy ustasi.
Kemping –metallarni nozik kavsharlash turi.
Argon suvarka – mo‘rt, rangli metallarni kavsharlash apparati.
Garaj – avtoulovlar saqlanadigan yopiq joy.
Mastirskoy – ustaxona.
Dalnires – avtotransport vositalarining olis manzillarga qatnovini anglatuvchi tushuncha.
Sho‘pr – “shafyor”, avtomobil haydovchisi.
Abdunabi Boyqo‘ziyevning “So‘zim mening, o‘zim mening!” kitobidan