Yaqin tarixdan ma’lumki, XX asr rus adabiyoti haqida so‘z ketsa, uning eng ulkan darg‘alari ro‘yxatining boshida Vladimir Vladimirovich Mayakovskiy nomi zikr etilar edi. Unga Sho‘ro hokimiyati va mash’um qismatlarga sabab bo‘lgan Ulug‘ Oktyabrning tolmas kuychisi va solnomachisi sifatida ta’rif berilar edi.
Hozirda Ulug‘ Oktyabr tushunchasining butun mohiyati ma’lum bo‘lib, xalqlarning porloq kelajagi haqidagi tushunchalar tumtaroq bo‘lgan bir davrda Mayakovskiyni “zamon aravasidan” tushirib qoldirish, hatto uni umuman unutish kayfiyati paydo bo‘ldi. Xuddi uning o‘zi bir paytlar rus futuristlarining Manifestida “Pushkin, Dostoyevskiy, Tolstoylarni Zamona paroxodidan itqitib yuborish kerak. O‘tmish nihoyatda chirkin”, deb yozganidek, oradan yetmish yillar o‘tib, o‘zi ham shunday qismatga duchor bo‘lishi mumkinligini xayoliga keltirganmikin? Garchi V.V.Mayakovskiy yoshligi va zamonasining yovqurligi havosiga berilib, o‘zigacha bo‘lgan buyuk she’riyatni inkor etgan bo‘lsa-da, bugun uning she’riyatiga ham o‘zi kabi shunday munosabatda bo‘lish o‘ta kaltabinlikdir. U har qanday vaziyatda ham, haqiqiy she’r ixlosmandlari uchun she’riyatda burilishlar yasagan, tajribalar qilgan, yangi so‘z aytib, o‘z ovozi bilan jahon she’riyatining atoqli namoyandasiga aylangan san’atkor sifatida baholanadi va qadrlanadi. Qolaversa, u vaqti bilan o‘zining dastlabki bodinamo sarkash shiorlaridan voz kechib ham ulgurgan edi…
Vladimir Mayakovskiy 1893 yilning 7 iyulida Gruziyaning Kutaisi shahri yaqinidagi Bag‘dodiy qishlog‘ida o‘rmonchi Vladimir Mayakovskiyning xonadonida ikki qizdan keyingi orziqib kutilgan o‘g‘il bo‘lib dunyoga keldi. Uning opalari Lyudmila va Olgadan keyin xonadonda ikki o‘g‘il tug‘ilgan, biroq ular hali go‘dakligidayoq nobud bo‘lgan edi. Shuning uchun ham orziqib kutilgani va aynan otasining 36 yoshga to‘lgan kunida tug‘ilgani uchun ham o‘g‘ilga ota nomi bilan Vladimir deya ism qo‘yishadi.
O‘g‘ilning tarbiyasi bilan oilada asosan ona shug‘ullanadi. Shoirning onasi Aleksandra Alekseevna uzoq yashab, 87 yoshida o‘g‘lining ham o‘limini ko‘rib vafot etdi. Nafaqat o‘limini, farzandining shoir sifatida mislsiz shonu shuhratga ko‘milib ulug‘langanligini ham ko‘rdi va u haqida “Vladimir Mayakovskiyning bolaligi va o‘smirligi” nomli kitob yozib qoldirdi.
Volodya 9 yoshida Kutaisidagi gimnaziyaga o‘qishga kiradi, shu yerda to‘rt yil o‘qib, turli inqilobiy g‘oyalar, taqiqlangan har xil adabiyotlar ta’siriga beriladi, gimnazistlarning turli siyosiy harakatlarida qatnashadi.
1906 yilining fevralida Mayakovskiyning otasi to‘satdan, oddiy tasodif tufayli qo‘lini shikastlab, qon buzilishidan azoblanib vafot etadi.
Shu voqeadan keyin Mayakovskiylar Kutaisidan ko‘chib ketib, Moskvada joylashadilar. Moskvada Vladimirning opalari turli bayram qutilari, hayitlik tuxumlarini bo‘yash bilan shug‘ullanar, bo‘lg‘usi shoirning o‘zi esa ularni olib chiqib sotar, oila tirikchiligini yuritar edi.
U 1908 yili 15 yoshida bolsheviklar partiyasiga a’zolikka o‘tib, targ‘ibot-tashviqot ishlari bilan shug‘ullanadi. Uch marta qo‘lga olinadi. 1909 yili o‘n bir oy Butir qamoqxonasida bir kishilik kamerada saqlanadi va balog‘at yoshiga yetmaganligi uchun qo‘yib yuboriladi. Ana shu davrlarini eslab shoir yozgan edi: “O‘n bir oylik qamoq davri men uchun nihoyatda muhim bo‘ldi. Avvalgi o‘qiganim nazariy adabiyotlardan so‘ng qiziqarli bellitristikaga sho‘ng‘idim, barcha yangi narsalarni o‘qib tugatdim. Xususan, Beliy, Balmont kabi simvolistlarni… O‘zim ham yaxshilab yozishga harakat qildim, ammo bu yozganlarim ko‘ngildagidek chiqqan deb aytolmayman… Shu tarzda butun bir daftarni to‘ldirdim. Qamoqdan chiqayotganimda o‘sha daftarni olib qo‘yishdi. Zamonaviy asarlarni o‘qib tugatgach, klassikaga o‘tdim. Bayron, Shekspir, Tolstoy. Eng so‘nggi o‘qigan kitobim “Anna Karenina” bo‘ldi. Ammo uni o‘qib tugatolmadim. Tunda chaqirib, chiqarib yuborishdi.” Mayakovskiy ana o‘sha qamoq daftaridagi she’rlarini o‘z ijodining boshlang‘ich davri deb hisoblagan edi.
1911 yili Mayakovskiy Tasviriy san’at, o‘ymakorlik va me’morchilik o‘quv yurtiga kirib o‘qiy boshlaydi. Shu yerda u rus futurizm yo‘nalishining asoschilaridan biri shoir va rassom David Burlyuk bilan tanishadi. Ana shu shaxs Mayakovskiyning insoniy va ijodiy taqdirida nihoyatda katta rol o‘ynaydi. U Burlyukning qistovi va ta’sirida o‘zining birinchi nashr uchun mo‘ljallangan professional asari “Arg‘uvon va oq” (“Bagrovыy i belыy”)ni yaratadi. Burlyuk Mayakovskiyni Velemir Xlebnikov, Aleksey Kruchennix kabi boshqa rus futuristlari bilan tanishtiradi. 1912 yilning 17 noyabrida “Sayoq it” (“Brodyachaya sobaka”) nomli mo‘jazgina kafeda Mayakovskiyning dastlabki ommaviy chiqishi uyushtiriladi. Shu yilning dekabrida shoir “Ijtimoiy didga tarsaki” nomli almanaxda ilk bor “Tun” hamda “Tong” she’rlarini chop ettiradi. Aynan shu almanaxda rus futuristlarining manifesti ham e’lon qilingan edi. Oradan bir necha oy o‘tib, Mayakovskiyni ijodiy doiralarda mashhur qilgan “Men” nomli birinchi she’rlar to‘plami nashr etiladi. To‘plamdagi she’rlar mutolaadan ko‘ra ko‘proq estradadagi chiqishlarga mo‘ljallangan edi. She’rlar go‘yo parchalangan, maxsus zinapoya shaklidagi intonatsiyalar asosiga qurilgan edi. Shu kezlarda shoirning “Vladimir Mayakovskiy” nomli dasturiy tragediyasi ham yaratiladi va unda shoir kelgusida o‘z joniga suiqasd qilishini bashorat qilgandek edi. Bu pesa Peterburg shahrida “Luna-park” teatrida sahnalashtiriladi. Premera hushtakvozlik va shovqin-suron bilan o‘tadi.
1912 yildan Mayakovskiy doimiy ravishda yangi san’at masalalariga bag‘ishlangan bahslarda, turli ko‘rgazma va badiiy kechalarda, avangardchi shoir va rassomlarning yig‘ilishlarida chiqishlar qiladi. Uning she’riyati ko‘proq tasviriy san’at bilan bog‘liq bo‘lib, turlicha avangard shakllar, avvalo ko‘z uchun mo‘ljallangan ifodalardan iborat edi. Shoirning chiqishlari, turli davralardagi nutq va ma’ruzalaridan kelib chiqqan janjallar bilan, hatto mushtlashishlar bilan o‘tardi. Shu sababli Mayakovskiy va Burlyuk 1914 yili o‘quv yurtidan haydaladilar. O‘sha yili Birinchi jahon urushining boshlanishi shoir hayotida ham muayyan o‘zgarishlar yuz berishiga sabab bo‘ldi. U urushning mohiyatida nima yotganini anglab yetdi va unga nisbatan o‘z nafratini yashirmay, shunday izhor qildi: “Urush qabohatdir, urush orti esa undan ham battarroq.” Shoirning bu so‘zlarida urushdan foydalanib, uning ortidan manfaat qidirayotgan, boylik orttirayotgan qalloblarga nafrati ham ifodalangan edi.
1915 yilning mayida Mayakovskiy Sankt-Peterburg yaqinidagi ijodkor ziyolilarning dala-hovlilari joylashgan Kuokkala shaharchasiga safar qiladi. Shu yerda u Maksim Gorkiy, Korney Chukovskiy kabi ijodkorlar bilan tanishadi. Uning “Ishtondagi bulutlar” nomli mashhur poemasi shu yerda yaratiladi. Shoir bu poemasini inqilobgacha yozgan eng yaxshi asari deb e’tirof etgan edi.
1915 yilning iyulida Mayakovskiy er-xotin Osip va Lilya Briklar bilan tanishadi. Tanishuv va so‘ngra yaqinlashuv asnosida Lilya Brikka ko‘ngil qo‘yadi. Lilya Brik ham Mayakovskiyga befarq emasligini yashirmagani holda shoir bilan ham, o‘z eri Osip Brik bilan ham ishqiy munosabatlarini to ular vafot etguniga qadar saqlab qoladi.
1917 yilgi fevral inqilobi va undan biroz o‘tib sodir bo‘lgan Oktyabr inqilobi Mayakovskiyning insoniy va ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirdi. U Oktyabr to‘ntarishi paytida Smolniyda edi. “Qabul qilamanmi yoki yo‘q? Mening uchun bunday savolning o‘zi yo‘q edi. Mening inqilobim. Smolniyga bordim. Ishladim. Nima to‘g‘ri kelsa shuni qildim.” Ta’kidlash joizki, inqilobda shoir o‘tmishdagi barcha xo‘rlik va haqoratlar uchun qasos imkoniyatini ko‘rgan edi. Shundan keyingi yillarda Mayakovskiyning iste’dodi bor bo‘yi bilan namoyon bo‘ldi. “Hayqiriq”, “So‘l marsh”, “Misteriya Buf”, “150 000 000”, “Vladimir Ilich Lenin”, “Juda soz”, “Sevaman” kabi asarlari o‘sha yillar mahsuli hisoblanadi.
Mayakovskiy 1918 yildan kinematografiya sohasiga ham qiziqib qoladi. U kino uchun Jek Londonning “Martin Iden” romani asosida “Pul uchun tug‘ilmagan” hamda “Begoyim va bezori”, “Film jodusi” kabi kinostsenariylar yaratdi va ular asosida suratga olingan filmlarda aktyor sifatida ishtirok etdi. 1919 yildan shoir ROSTA – Rossiya Telegraf Agentligida faol hamkorlik qila boshladi. “ROSTA oynasi” nomli mashhur hajviy-tashviqiy plakatlarni shoir va rassom sifatida bezab boradi.
Mayakovskiy sho‘rolar davrida ham futurist, aniqrog‘i, kommunistik futurist bo‘lib qoldi. 1922 – 28 yillarda “LEF” – san’atning chap qanoti uyushmasiga rahbarlik qildi. Shu yillarda mamlakat bo‘ylab va xorijga safarlarga chiqdi. Latviya, Frantsiya, Germaniya, Ispaniya, Kuba, Meksika va Amerika Qo‘shma Shtatlarida bo‘ldi. Hayotining so‘nggi yillarida dramaturgiyaga ko‘proq qiziqdi. 1928 yili “Suvarak”, 1929 yili “Hammom” nomli satirik pesalarini yaratdi. Ular mashhur teatr islohotchisi V.Meyerxold tomonidan sahnalashtirildi.
Ana shu o‘tgan yillar davomida Mayakovskiy Lilya Brik bilan yaqin munosabatlarini davom ettirdi. Garchi orada yana uchta ayol bilan ishqiy sarguzashtlarni boshidan kechirgan bo‘lsa-da, uning yagona muhabbati Lilya Brik bo‘lib qoldi.
1930 yil fevralda Mayakovskiy Rossiya proletar yozuvchilari assotsiatsiyasiga (RAPP) qabul qilinadi. Shu harakati bois uning ko‘pgina sobiq adabiy safdoshlari undan yuz o‘giradilar. O‘sha kunlari “Mayakovskiyning 20 yillik ishlari” ko‘rgazmasi ochiladi. Ammo ko‘rgazma muvaffaqiyat qozonmaydi. Shoirning shaxsiy hayotida ham L.Brikning betayin fe’l-atvori tufayli tushkun kayfiyatga yetaklovchi holatlar yuz berayotgan palla edi. U shu kezlari alam ustida Moskva Badiiy teatri aktrisasi Veronika Polonskaya bilan turmush qurmoqchi bo‘ladi. 1930 yilning 14 aprel kuni shoir Polonskaya bilan uchrashib, undan teatrdan bo‘shashni hamda yashab turgan oilasini tark etishni talab qiladi. Polonskaya rozilik bermaydi va u Mayakovskiy huzuridan chiqib ketar ekan, ortidan o‘q ovozini eshitadi. Sarosimada xonaga qaytib kirganida buyuk shoirning gilam uzra qonga belanib yotganini ko‘radi. U o‘z joniga qasd qilgan edi. Garchi shoirning o‘limi haqida keyinchalik “maxsus uyushtirilgan”, “tashkil etilgan” degan rivoyatnamo gaplar tarqatilgan bo‘lsa-da, aslida uning o‘limi shu taxlit oddiygina sodir bo‘lgan edi.
Hayotini yonib, yoqib o‘tqazgan Vladimir Mayakovskiyning tarjimai holi, ijodiy yo‘li qanchalar murakkab bo‘lmasin, u san’atkor shoir sifatida rus she’riyatini yangilab, boyitib, yuksaltirib o‘tdi, buyuk shoir sifatida jahon adabiyoti tarixidan mustahkam o‘rin oldi.
Sh. Tursun o‘g‘li tayyorladi
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 7-son