Pushkinning hayot sha’mini so‘ndirgan mash’um dueldan so‘ng 166 yil o‘tdi. Duel qatnashchilari haqidagi ma’lumotlar hali-hanuz oxirigacha ochilgan emas. Adabiyotshunoslar bu borada juda qiziqarli ma’lumotlarni e’lon qilmoqdalar.
Pushkin va Dantes — Goncharovlar katta oilasining ikki kuyovi. Natali va Katrin opa-singillar edi. O‘z qarindoshlarining qonini to‘kish — o‘z sha’niga dog‘ tushirish bilan barobar. Lekin janjalli mash’um duel aynan Rossiyada, Peterburgda sodir bo‘ldi.
Frantsuz shaharlarining biriga kiraverishda chog‘roq qabr toshiga oddiy qilib yozib qo‘yilgan: “Baron Jorj Sharl de Gekkern-Dantes, 1812 yil 5 fevralda tug‘ilgan; 1895 yil 2 noyabrda Sultsda vafot etgan”. Bu qabrda quvnoq, man-man, uddaburon Jorj Dantes yotibdi. Dunyoqarashi bo‘yicha — bonapartist, dini bo‘yicha — katolik. Bir vaqtlari poruchik, keyinchalik shahar meri va Frantsiya senatori. Adabiyotda esa u buyuk shoirning qotili sifatida tilga olinadi. Harbiy sud qarori bilan lavozimi va dvoryanlikdan mahrum etilgan, imperiyadan jandarm kuzatuvida quvilgan, deb eslanadi.
Dantes hatto quroldoshlari o‘rtasida ham o‘z qilmishini oqlay olmadi. Bu haqda u 1837 yil 26 fevralda polkovnik Brevernga, jumladan, shunday deb yozdi: “…oddiy xalq o‘ylab o‘tirmay raqibimning uyiga yugurdi, mening qiyofamda ular faqatgina xorijlik qotilni ko‘rardilar…”
Sultsda Dantes ko‘chasi bor, sal narida eski katta uch qavatli minorali uy — Danteslar qasri. Darvoza tepasiga shunday so‘zlar bitilgan: “1605 yil. Uyning egasi Jorj Sharlning otasi Iosif Dantes, irlandiyalik, Frantsiyada xizmat qilib, Napoleondan baronlik unvonini olgan”.
Birinchi marta Dantes familiyasi Sultsda 1720 yili fabrikant Jan-Anri Antes paydo bo‘lganida tilga olingan…
Jorj Sharl Dantes — Sen-Sir harbiy o‘quv yurtining kursanti. Ashaddiy royalist. Royalistlar qo‘zg‘oloni mag‘lubiyatga uchragandan keyin tanish-bilishlarining yordami bilan yosh Dantes Rossiyaga omad izlab keladi. Rus harbiy xizmatiga kirish niyati juda tez va muvaffaqqiyatli amalga oshadi. Dantes odamlarga qanday yoqishni bilardi: gollandiyalik elchi baron Gekkern Dantesni o‘g‘il qilib oladi.
Pushkinning ham Dantesga munosabati yomon emasdi. Natali va Dantes 1834 yil kuzida tanishadilar. Ular tengdosh edilar. Bu mash’um uchrashuv “sevgi”ga aylanadi. Dantes Nataliga ochiqchasiga xushomad qila boshlaydi. Bu qiliq gap-so‘zlarga, shov-shuvlarga sabab bo‘ldi.
Nataliga befarq bo‘lmagan Nikolay Birinchiga ham bu xushomadlar yoqmasdi. 1836 yilning 9 oktyabrida Jorj Dantes imperator huzuridagi otliqlarga boshliq qilib tayinlanadi. Bu lavozimga u bekorga tayinlanmadi. Podsho Dantesni o‘zining ko‘zi oldida saqlab turish niyatida shunday qilgandi.
1837 yilning 10 yanvarida Peterburgda Dantes bilan Yekaterina Goncharova nikohdan o‘tadilar. Pushkin to‘yga kelmaydi; to‘ydan keyin ham ularni tabriklamaydi. Lekin to‘ydan sal ilgariroq Pushkin otasiga shunday deb yozgandi: “Biznikida to‘y. Qayniopam Yekaterina baron Gekkernga turmushga chiqayapti. Kuyov juda chiroyli, qallig‘idan 4 yoshlarcha kichikroq”.
Bir oilaning ikki kuyovi o‘rtasidagi “jimlik”ni Dantes buzdi.
20 qadamlik masofadan o‘tkazilgan qonli duel hech kimni o‘limdan saqlab qololmasligi aniq edi. Ularning ikkisi ham o‘limga mahkum edi.
Dantes birinchi bo‘lib otib, Pushkinni qornidan yaraladi. Pushkin ham bor kuchini yig‘ib otadi. Dantes es-hushini yo‘qotib yiqiladi. Bu fojea 1837 yilning 27 yanvarida sodir bo‘ladi. Pushkin yana 43 soat yashaydi.
1837 yil 29 yanvar kuni 230da Pushkinning yuragi urishdan to‘xtaydi…
Vaqti kelib, buyuk shoir hayotiga nuqta qo‘ygan duelni Dantes “yoshlikdagi bir sarguzasht”, deb eslaydi.
Aytishlaricha, qotilligi uchun ko‘pchilik Dantes bilan teskari bo‘lib qolgan. Dantes avlodlari ham uni bu qilmishi uchun kechira olmaganlar. Hatto Yekaterina bilan Jorjning qizi o‘z otasini buyuk shoirning qotili, deb atagan. U onasining o‘limida ham otasini ayblaydi va uni umrbod kechirmaydi…
Dantes uylangunicha va uylanganidan keyin butunlay boshqa-boshqa odam edi. O‘ttiz uch yoshida beva qolib, to‘rtta farzandni o‘stirish uchun u o‘zida kuch topadi. Lekin rus xotini xotirasiga sodiq qolishni istab ikkinchi bor uylanmaydi.
Aytishlaricha, hayotining so‘nggi kunlarida Yekaterina Natalidan kelgan ikki xatdan sira ajralmagan. U qo‘lida jigarlari (Natali va Aleksandra) sovg‘a qilgan oltin bilakuzukni mahkam ushlaganicha jon bergan. Bu bilakuzuk qayerdan, qaysi pulga olinganini u bilmasdi. Bu sirni bilish uchun bir maktubdan quyidagi satrlarni keltirish kifoya: “Hazrati Oliylari eringiz va Sizni xursand qilish maqsadida opangizning to‘yi munosabati bilan Sizga ushbu pulni shaxsan qo‘lingizga topshirishimni menga yukladi.
X.Benkendorf — N.N.Pushkinaga. 1937, 4 yanvar, Peterburg”.
… Dantes Pushkindan keyin yarim asrdan ko‘proq yashaydi. Boylik va shuhratga ko‘milib, 83 yoshda, 1895 yilning 2 noyabrida hayotdan ko‘z yumadi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2003 yil 25-sonidan olindi.