«O‘TKAN KUNLAR» VA QO‘RQUV SALTANATI
XX asr o‘zbek nasrining shoh asari «O‘tkan kunlar» romani ilk bor 1922 yili «Inqilob» jurnali sahifalari orqali dunyo yuzini ko‘ra boshlagan edi. O‘sha daqiqalardan e’tiboran bu asar millatning har bir ziyolisi, kitobxoni ruhiyatiga, ma’naviyatiga, qolaversa, shaxsiy hayoti va taqdiriga qaysidir darajada daxldor.
1952 yilning kech kuzi. Hozirgi Amir Temur xiyoboni yonginasida joylashgan SAGU (bugungi Milliy universitet) binosining ikkinchi qavatidagi katta o‘quv zalida «Adabiyotshunoslikka kirish» fanidan ma’ruza o‘qilmoqda. Ikki yarim oylik paxta terimi hasharidan qaytgan, ma’ruzalarni sog‘inib qolgan biz — filologiya fakultetining birinchi kurs talabalari — 64 ta jon bir tan bo‘lib butun vujudimiz quloqqa aylanib dotsent Zikriyo Mirhojiyev so‘zlarini tinglab o‘tiribmiz. Shu payt birdan bino qasir-qusur, derazalar shaqir-shuqur bo‘lib, zalda qiy-chuv ko‘tarildi. Mirhojiyevning qiziq odati bo‘lardi. Ma’ruza o‘qiyotganida doimo yurib, auditoriyaning u boshidan bu boshiga betinim borib kelardi. Ana shu to‘s-to‘polon onlarida ham domla odatini tark etmay, shitob bilan yurishda davom etdi. Shunda qizlar: «Domla, yer qimirlayapti, zilzila bo‘lyapti!» deb uvvos soldilar. Domla esa parvo qilmay yurib turib: «Oko‘si, nima qilibdi, yer bo‘lgandan keyin qimirlaydi-da!» dedilar. Auditoriyada birdan gurros kulgi ko‘tarildi va shu orada yer silkinishi ham tindi.
Oradan bir hafta o‘tib, yana «Adabiyotshunoslikka kirish» darsi, domlaning o‘sha-o‘sha shitob bilan yurib turib ma’ruza o‘qishlari… Bu galgi dars o‘zgacha tarzda tugadi. Oramizda Samarqandning qaysidir tumanidan kelgan Sarimsoqov degan nihoyatda ko‘p o‘qigan, kitob jinnisi bo‘lardi. Ismi xotiramdan ko‘tarilibdi. Yaqinda kursdoshim Sherali Turdiyevdan surishtirsam, u ham ismini eslolmadi. Har bir darsda u albatta domlalarga qandaydir savol berar, ko‘pincha qaltis savoli bilan manaman degan professorlarni ham dovdiratib qo‘yardi. Bu gal ham shunday bo‘ldi. Dars oxirida: «Julqunboy degan yozuvchining «O‘tkan kunlar» nomli romani bor ekan. Shu haqda ma’lumot bersangiz», deb qolsa bo‘ladimi! Shunda nima bo‘ldi deng? Hamisha, hatto tahlikali zilzila paytida ham betinim yurib turadigan Mirhojiyev domlamiz taqqa to‘xtab, savol bergan talabaga angrayib-bo‘zarib qaradilar. Bir necha daqiqalik sukutdan so‘ng domla: «Oko‘si, komsomolmisan?» deb so‘radilar. Tasdiq javobini olgach: «Komsomol sovet studenti davlat universiteti auditoriyasida bunaqa savolni bermaydi, kommunist sovet dotsenti bunaqa provakatsion savolga javob qaytarmaydi», dedi qat’iy qilib. O‘quv zalida o‘tirgan talabalarning dami ichiga tushib ketdi.
Ertasi kuni qaltis savol bergan kursdoshimiz darsda ko‘rinmadi. To‘rt yil daraksiz ketdi. 1956 yil bahor kunlaridan birida u Chorsudagi yotoqxonamizga egnida fufayka, oyog‘ida kirza etik aftodahol holda kirib keldi. Nima kor-hol bo‘lganini biz ham so‘ramadik, u ham aytmadi. Orada qandaydir hadik, qo‘rquv hukm surardi, gap gapga qovushmadi. Buni sezdi shekilli, xushlamagan mehmonimiz: «Safardan qishloqqa qaytishda sizlarni bir ko‘rib o‘tay dedim», deya tezgina xayrlashib yo‘lga otlandi. O‘tgan to‘rt yil davomida «O‘tkan kunlar», «Julqunboy» so‘zlarini tilga olish tugul, hatto bu nomlarni eslashga ham qo‘rqardik. Garchi tasodifiy uchrashuvda bu nomlar tilga olinmagan bo‘lsa-da, birdaniga ular xayolimizni chulg‘ab oldi. Bu paytga kelib «xalq dushmanlari» sanalmish adiblar, jumladan, Qodiriyga munosabat qisman o‘zgara boshlagan, lekin baribir yurtda qo‘rquv saltanati kezib yurardi.
«QALLIQ O‘YIN» SURURI
«Dilxiroj» filmi, «Qalliq o‘yin» spektakli tomoshasi payti birdan o‘zimning nikoh to‘yim bilan bog‘liq voqealar yodimga tushdi. To‘rt yillik Konibodom pedbilim yurti, besh yillik SAGU ta’limidan so‘ng Farg‘ona viloyatidagi shoir Muqimiy «Kim ko‘rsa hangu mang ekan» deb ta’riflagan ona qishlog‘im Rapqonga, ota-onalarim bag‘riga borib maktabda o‘qituvchilik qila boshladim. Ota-ona orzusi, qolaversa, o‘z maylim oqibati o‘laroq Beshariqdagi mashhur ziyolilardan Isoqov domlaning to‘ng‘ich qiziga uylanadigan bo‘ldim. O‘zimiz «yangicha» bo‘lsak-da, nikoh to‘yimiz «eskicha», qishloq udumlari bo‘yicha o‘tdi. O‘sha kezlari bizda ham «qalliq o‘yin» bo‘lardi, biroq «Dilxiroj» va «Qalliq o‘yin» asarlaridagidan biroz o‘zgacharoq o‘tardi. Kuyovnikidagi bazmdan so‘ng jo‘ralari hamrohligida kuyov kelinnikiga yo‘l olar, u yerda ham qisqa, lekin jo‘shqin bazm-ziyofat bo‘lar, yor-yorlar, o‘lanlar aytilar, so‘ng kuyovjo‘ralar kelin-kuyov uchun palaklar bilan bezatilgan xos xonada kuyovni yolg‘iz qoldirib jo‘nab qolishardi. Nikoh, so‘ng eng hayajonli, «O‘tkan kunlar»da tasvirlanganidek kelin bilan kuyovning ilk visol damlari boshlanar, kuyov uch kungacha kelin xonadonida qolib ketar, undan keyin haftasiga ikki bor to «kelin tushirar» marosimiga qadar oylab kelinnikiga qatnar, bu «qalliq o‘yin» deb atalar, bu kunlar yigit bilan qizning eng totli damlari sanalardi. Shaxsan men o‘sha kunlarni umrimning eng fayzli onlari, deb bilaman.
Qarangki, turmush o‘rtog‘im ham o‘zimga o‘xshash kitob shaydosi ekan, ilk suhbatimiz kitobdan boshlanib, nuqul kitob ustida davom etdi. Bildimki, yaqinginada o‘rta maktabni bitirgan 17 yoshli bu qizning o‘qimagan kitobi qolmagan. Faqat ruschaga, arab yozuvidagi kitoblarga tishi o‘tmas ekan. Mening arabcha yozuvdan xabardorligimni bilgach, xona to‘ridagi taxmonga joylashgan sandiqni ochib, shohi ro‘molga o‘rog‘liq bir kitobni olib, menga tutqazdi. Ochib, ne ko‘z bilan ko‘rayki, ilk muqovasida Kumushbibi surati solingan «O‘tkan kunlar» — uchta alohida kitobdan iborat o‘sha noyob xazina! Veneraxon buni o‘qib berasiz, deb yopishib oldi, men jon deb uning amriga bo‘ysundim. Boshda bir daqiqa qo‘rquv saltanati ko‘ngilga g‘ulg‘ula soldi, biroq roman qa’riga kirib borgan sari qo‘rquvdan asar ham qolmadi. Uch kecha-kunduzlik «qalliq o‘yin»imiz shu tariqa asosan «O‘tkan kunlar» mutolaasi bilan o‘tdi. Shu kunlardan boshlab har ikkimiz ham bir umrga «O‘tkan kunlar» shaydosi va targ‘ibotchisiga aylandik. Men tanqidchi-adabiyotshunos sifatida «O‘tkan kunlar», umuman Qodiriy ijodi bo‘yicha ikkita kitob, ko‘plab maqolalar e’lon etdim. Veneraxon Milliy universitet filologiya fakultetini tugatib, 30 yil maktabda dars bergan bo‘lsa, asosiy darsi «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» tevaragida borgan. Dastur va darslikdagi «Ona» romani, «V.I.Lenin» poemasi, «Yo‘lchi yulduz» singari mavzularni apil-tapil nomigagina o‘tib, ularga ajratilgan soatlarni ham Qodiriy romanlariga bag‘ishlagani uchun necha bor dakki ham eshitgan. Eng sevimli nabiralariga Qodiriy qahramonlariga ehtirom yuzasidan shaxsan o‘zi Otabek, Ra’no ismlarini qo‘ygan.
HAQIQAT NAFSONIYaTDAN ULUG‘
«Qodiriy bog‘i» kitobining bir necha o‘rinlarida ustoz Izzat Sultonov fikrlari bilan keskin munozaralar bor. Menga ko‘p yaxshiliklar qilgan, ham nomzodlik, ham doktorlik dissertatsiyalarimga rasmiy opponent bo‘lib, meni qo‘llab-quvvatlagan ustoz oldida xijolat tortib, bu kitobni domlaga tuhfa etishdan iymanib yurardim. Shu orada ustoz uyimizga telefon qilib, birdan: «Qodiriy bog‘i»ni o‘qidim. Tabriklayman!» dedilar. Dovdirab qolganimni sezdilar shekilli, domla aytdilar: «Bir «do‘stimiz» Qodiriy haqidagi kitobida Umarali Sizni rosa do‘pposlabdi, deb vahima qildi. Hech vahima qiladigan joyi yo‘q. Siz bildirgan e’tirozli o‘rinlarni o‘zim tuzatishim kerak edi. Aslida mening maqolamdagi Qodiriydan zamonaga mos jihatlarni qidirish o‘sha kezlarda ulug‘ adibni himoya qilishning bir yo‘li — usuli bo‘lgan. U davrlar o‘tdi, endi Qodiriy haqidagi bor haqiqatni aytish, yozish imkoni keldi. Shu ishni Siz qilibsiz, muborak bo‘lsin. Qodiriy haqidagi haqiqat Sizu bizning nafsoniyatimizdan yuqori turishi lozim. Qodiriy va haqiqat himoyasi yo‘lida meni har qancha tanqid qilsalar, bundan zarracha xafa bo‘lmayman…»
Bu so‘zlarni eshitib lol bo‘lib qoldim. Chinakam ustozlar qalbi naqadar keng, adolat, haqiqat tuyg‘usi ular uchun har narsadan muqaddas! Afsus, biz hali ular darajasiga yetishimizga bir necha qovun pishig‘i bor.
ADIBNING TUG‘ILGAN OY-KUNI
Abdulla Qodiriy tarjimai holida: «yaqinlarimning so‘zlariga qaraganda, mustabid Nikolayning taxtga o‘tirgan yilida tug‘ilg‘onman», deb yozadi. Tarixdan ma’lumki, Nikolay II — Rossiyaning oxirgi imperatori 1894 yili taxtga o‘tirgan; demak, Qodiriy ayni o‘sha yili dunyoga kelgan. Adib tug‘ilgan yilning oy-kuni xususida yozuvchining katta o‘g‘li Habibulla Qodiriy «Otam haqida» kitobida «Qaybir vaqt dadamdan: «Qaysi oy-kunda tug‘ilgansiz?» deb so‘raganimda, u kishi kulib, «O‘rik gulida tug‘ilganman. Taxminan o‘ninchi aprelda bo‘lsa kerak», deganlari yodimda…» Habibulla akaga shu xususda e’tiroz bildirib, o‘ttiz yildan beri Toshkentda yashab, biror marta aprel boshlarida o‘rik gullaganini bilmayman, odatda o‘rik mart oyida gullab 10 aprel atrofida dovuchcha tugib bo‘ladi. Bu paytda esa olma, aniqrog‘i behi qiyg‘os gulga kiradi. Dadangiz «behi gulida» deb aytmaganmikanlar, deganimda, u kishi: «Darvoqe, gapingizda jon bor, ehtimol, dadamning so‘zlarini yanglish eshitgandirman, shu jumlani tuzatib qo‘yish kerak ekan», deya javob qaytargan edilar.
«O‘TKAN KUNLAR» QAChON YoZIB TUGALLANGAN?
«O‘tkan kunlar» ilk bor «Inqilob» jurnali orqali dunyo yuzini ko‘ra boshlagan bo‘lsa-da, asar oldinroq — 1920 yili yozib tugatilgan. Buni tasdiqlovchi hujjatlar bor.
Birinchisi: «Inqilob» jurnalining 1922 yil 9-10-qo‘shma sonida e’lon etilgan «O‘tkan kunlar»dan boblar avvalida «Yozg‘uvchidan» deb nomlangan so‘z boshi — izohnoma keltiriladi. Unda: «Toshkand, dekabr, 1920 nchi yil» degan ma’lumot bor. Keyinchalik «O‘tkan kunlar»ning kitob holidagi nashrida ham o‘sha so‘z boshi — izohnoma bir oz tahrirlar bilan berilgan. Biroq oxiridagi makon va sanaga oid ma’lumot negadir tushirib qoldirilgan.
Adabiy tajribadan bilamizki, bu xildagi so‘z boshi — izohnoma odatda asar yozib tugatilgandan keyin bitiladi. «Mehrobdan chayon»da ham ayni shunday.
Ikkinchisi: «O‘tkan kunlar»ning 1925 yilgi alohida kitob holida chiqqan birinchi bo‘limiga so‘ngso‘z tariqasida yozilgan «Uzr» sarlavhali izohnomada «Ro‘mon deb sizga taqdim qiling‘an bu narsa dunyog‘a kelishi bilanoq baxtsizlikka uchray boshlag‘an edi: besh yillab bosila olmay yotdi» deyiladi.
Uchinchisi: «O‘tkan kunlar» oxirida «Yozg‘uvchidan» degan muxtasargina so‘ngso‘z mavjud. Unda shunday deyiladi:
«Keyingi Marg‘ilon borishimda yaqin o‘rtoqlardan Yodgorbek to‘g‘risida surishtirib bildim: Yodgorbek ushbu asrning o‘n to‘qqiz va yigirmanchi ochliq yillari miyonasida vafot qilib, undan ikki o‘g‘ul qolibdir. O‘g‘ullaridan bittasi bu kunda Marg‘ilonning mas’ul ishchilaridan bo‘lib, ikkinchisi Farg‘ona bosmachilari orasida ekan. Bu kunda nomu nishonsiz, o‘luk-tirigi ma’lum emas, deydilar».
Bu ma’lumotlar ayni 1920 yil oxiridagi vaziyat, ruh-kayfiyatni ifodalaydi, ular ayni o‘sha paytning gaplari.
Demak, adibning o‘zi aytgan iqrorlari, ma’lumotlari «O‘tkan kunlar» romani 1920 yil oxirida yozib tugallangan, deb uzil-kesil hukm-xulosa chiqarish uchun to‘la asos beradi. To‘g‘ri, asar matni ustidagi ishlar keyin ham davom etgan. Lekin roman ayni o‘sha sanada nihoyasiga yetgan.
«O‘TKAN KUNLAR»NING ASL MATNI MUAMMOSI
Abdulla Qodiriy olti jildlik «To‘la asarlar to‘plami»ning I jildi 1995 yili chop etildi-yu, afsus, bu xayrli ish moliyaviy sabablarga ko‘ra to‘xtab qoldi. Adibning «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon» romanlarini o‘z ichiga olgan 1992 yili nashr etilgan kitob hozircha Qodiriy romanlarining asl nusxasi sifatida qabul qilinmoqda. Bu xususda o‘ylab ko‘radigan bir qator jumboqlar bor. To‘plamda negadir «O‘tkan kunlar»ning yozuvchi hayotlik chog‘ida bosilgan so‘nggi 1933 yilgi lotin alifbosiga asoslangan yangi o‘zbek yozuvidagi nashri emas, 1926 yilgi nashri asos qilib olingan. Holbuki, bu nashrdan muallifning mutlaqo ko‘ngli to‘lmagan.
Qodiriy yuqorida eslatilgan, «Uzr» sarlavhali izohnomasida afsus-nadomatlar bilan roman «bu kun bosilishi muyassar bo‘lg‘anida ham turlik zarbalarga uchradi; imlosi uch-to‘rtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib (!) ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari (beparvoligi) orqasida texnika jihati ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bir yo‘sunda chiqdi», deb yozadi. Yozuvchi asarning keyingi nashrida imkon qadar yo‘l qo‘yilgan xatolarni tuzatishga urinajagini aytadi va ayni paytda «bunday xatolardan sof bo‘la olishig‘a va’da bera olmasligi»ni ham pisanda qilib o‘tadi.
«O‘tkan kunlar» nashrlarini qiyosiy o‘rganish, kuzatishlarning dastlabki natijalari shundan dalolat berayotirki, romanning 1926 yilgi nashri matni yozuvchi ko‘nglidagidek amalga oshmagan. Romanning to‘liq va asl nusxasi deb taqdim qilingan 92-yilgi nashrini 33-yilgi nashri bilan solishtirib ko‘rganimizda, har bir sahifada o‘nlab, hatto yuzlab o‘zgartirish, tuzatishlar borligi aniqlandi. O‘zgartirish-tuzatishlar faqat matn imlosigagina oid bo‘lmay, ayrim sahifalarda matn strukturasi, kompozitsiyasi ham qayta ishlangan. 92-yilgi kitob oxirida berilgan «O‘tkan kunlar» ro‘monining 1926 va 1933 yillar nashrlaridagi tafovutlar» deb atalgan izohda bunday o‘zgartirish-tuzatishlarning yuzdan biri ham qayd etilgan emas. Shunisi muhimki, 1933 yil nashridagi o‘zgartirish-tuzatishlarning aksariyati roman matni badiiyatini mukammallashtirishga qaratilgan. To‘g‘ri, 33-yilgi nashri ham xato-qusurlardan xoli emas. Bir sahifaning o‘zida bir so‘z (masalan, «bilan» so‘zi goh «bilan», goh «blan» tarzida) turli shaklda berilgan. Siyosatga daxldor ayrim keskin iboralarni biroz yumshatish hollari ham uchraydi. Chunonchi, Yusufbek hojining o‘g‘li Otabek bilan uchrashuvda aytgan hayajonli nutqidagi «to‘ng‘izxona» so‘zi «oyoq osti» deb o‘zgartirilgan…
Bu gaplar «Mehrobdan chayon» romani nashrlariga ham tegishli. Xullas, Qodiriy romanlarining ishonchli asl matnini tiklash borasida adabiyotshunos-matnshunoslar oldida jiddiy vazifalar turibdi.
Afsuski, «O‘tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon»dan biror sahifa ham qo‘lyozma — avtograf saqlanib qolmagan, agar u topilsa, bu boradagi ko‘p chalkashliklarga o‘z-o‘zidan aniqlik kiritilgan bo‘lardi. Umidli dunyo deydilar. Izlanishda davom etaylik. Zora, mo‘jiza yuz berib, asl matn topilib qolsa…
MOSKVA TA’LIMI SAMARALARI
Qodiriy o‘zgalarga ham, o‘ziga ham nihoyatda talabchan, hamisha yangi zamon darajasida fikrlashga moyil zot bo‘lgan. Adib tarjimai holida yangi zamon o‘zgarishlari «barobarida madaniy, ilmiy ehtiyojlar ham o‘sgani»ni aytib, so‘ng bunday yozadi: «Men tartiblik maktab ko‘rmagan nodon bir yigit edim. Uncha-muncha bilgan narsalarim ham o‘z tirishuvim orqasida zamon sharoiti va majburiyati ostidag‘i chala-chulpi gaplar edi. Keyingi kunlarda nodonlig‘im o‘zimga qattiq his etila boshlab, bu hol bilan uzoqqa keta olmasimni sezdim. Va 1924 yilda xizmatimdan javob olib, Moskvaga o‘qishga ketdim».
Xo‘sh, Qodiriy Moskvada qaysi o‘quv dargohida o‘qigan? Keyingi 30-40 yil davomida chiqqan Qodiriy tarjimai holiga oid ko‘p ishlarda u Valeriy Bryusov nomidagi jurnalistlar institutida o‘qigani aytiladi. «O‘zbek sovet entsiklopediyasi»dagi (1971) «Abdulla Qodiriy» maqolasida esa Qodiriy «Moskvada Valeriy Bryusov nomli Adabiyot institutida o‘qidi» deyiladi. Bu ma’lumot haqiqatga yaqin, deb o‘ylayman. Tarixdan ma’lumki, V.Bryusov 1921 yili Moskvada Oliy adabiy-badiiy institutni tashkil etgan, keyinchalik u Butunittifoq adabiy-badiiy instituti (VLXI) deb atalgan. O‘sha yillari bu institut jahon adabiy-badiiy tafakkuri markazlaridan biri, zamonaviy jahon adabiyoti, san’ati, falsafasiga doir qarashlar, jo‘shqin bahs-munozaralar maskani sanalgan. V.Bryusovning o‘zi ham bu dargohda ma’ruzalar o‘qigan. Qodiriy uni ko‘rganmi, ma’ruzalarini tinglaganmi, bu xususda bir narsa deyish qiyin, chunki Qodiriy institutga kirgan o‘quv yili boshlarida — 1924 yil 9 oktyabrda bu kishi olamdan o‘tgan. Lekin, aniqki, V.Bryusovga xos tafakkur, bahs-munozaralar ruhi bu dargohda davom etgan. M.Gorkiy uni «Rossiyadagi eng madaniyatli yozuvchi» deb atagan. O‘z davrida u «modernistik adabiyotning lideri», «rus simvolizmining dohiysi» sanalgan. Yangi o‘zbek she’riyati namoyandalari, jumladan, Oybek V.Bryusovdan ta’sirlanib, 20-yillari maroqli izlanishlar olib borgan.
Bu dargohdagi ta’lim Qodiriy qarashlarida, ijodiy taqdirida chuqur iz qoldirgan. H.Qodiriy «Otam haqida» kitobida Qodiriyning institutda tinglagan lektsiyalaridan yozib olgan konspekt daftarlarini necha bor qiziqib o‘qib chiqqani va ularni 1945 yilgacha avaylab saqlagani haqida gapirib, so‘ng bunday yozadi: «Ruscha yozilgan konspektda dunyo adabiyotidagi ba’zi oqimlar haqida bahs boradi. Masalan, realizm, idealizm, romantizm, futurizm kabi oqimlar; ularning kuzatgan g‘oyalari, qonuniyatlari va bu oqimlarga mansub ko‘zga ko‘ringan yozuvchilar qisqa-qisqa bayon qilib o‘tiladi…»
Bunday o‘qish-o‘rganish samarasi adib faoliyatida yaqqol ko‘rinadi. Qodiriyning 1925 yildan keyin yozgan adabiy-tanqidiy maqolalari, xususan, uning realizm, yangicha adabiy-badiiy oqimlar haqidagi qarashlari o‘sha davr zamonaviy adabiy-tanqidiy tafakkuri darajasida ekani tasodifiy emas.
QOZON SAFARI VOQEASI
Qodiriyning 1936 yil yozida Qozon safari chog‘i Amina ismli tatar qiziga uylanib qaytgani haqida eshitgan, biroq uning tafsilotlaridan bexabar edim. 1976 yil iyunida bod kasaliga yo‘liqib, Xotinko‘prikdagi kasalxonada yigirma kuncha davolanishimga to‘g‘ri keldi. Habibulla aka o‘sha kezlari bu yerda ishlar, haftasiga ikki kun tunda navbatchi bo‘lib qolar, qo‘li bo‘shadi deguncha xonamga kelar, tun bo‘yi suhbatlashib o‘tirardik. Kunlarning birida Qozon voqeasini so‘radim. U kishi xushlamayroq bo‘lsa-da, bo‘lgan voqeani batafsil so‘zlab berdilar. Sh.Turdiyev «Ma’rifat» gazetasining 2004 yil 31 mart sonidagi «Do‘stlar qalbida» sarlavhali maqolasida Qodiriy-Amina voqeasiga doir 1936 yilgi Qozon safarida Qodiriyga hamroh bo‘lgan Shokir Sulaymonning turmush o‘rtog‘i — tatar ayoli Zaynab opadan yozib olgan xotiralarini keltirgan. Habibulla aka so‘zlab bergan voqea mohiyatan Sh.Turdiyev keltirgan xotirani tasdiqlasa-da, bu hodisaning talqini, tafsilotlari o‘zgacharoq. Habibulla akaning aytishicha, Aminaning otasi Qozon yaqinidagi Archa rayoniga qarashli Kachi ovulida yashagan, ma’rifatli kishi bo‘lgan. Bu oila a’zolari Qodiriy romanlarini o‘zbek tilida qo‘lma-qo‘l o‘qishgan, ayniqsa, oilaning erkatoy, romantik tabiat qizi Amina «O‘tkan kunlar» qahramoni Otabekka, roman muallifiga g‘oyibona oshiq bo‘lib qolgan. Ota Qodiriyning Qozonga kelganini eshitib, uni ovulga taklif etgan. Amina «O‘tkan kunlar» muallifini ko‘rib, o‘zini qo‘yarga joy topolmay qoladi… Qisqasi, bu ish nikoh bilan yakunlanadi. Qodiriy Kachida ikki hafta mehmon bo‘ladi. Keyinroq Kachi taassurotlari haqida ajoyib bir maqola yozadi. Amina Qodiriy bilan Toshkentga kelgach, tez orada Qodiriylar xonadonining chin a’zosiga aylanadi. Nihoyatda shirinso‘z, chaqqon, ozoda, saranjom-sarishtaligi, pazandaligi bilan obro‘-e’tibor topadi. Afsus, bu totli damlar uzoqqa bormaydi. Qodiriy xastalikka uchraydi, adib ustida g‘iybat, g‘alvalar, ta’qibu tahdidlar avjiga chiqadi. Adib hibsga olinib, bedarak ketgach, Amina Qozondagi qarindosh-urug‘larini bundan xabardor qiladi. Aminaning akalari Toshkentga kelib, uni yurtiga olib ketadilar.
«NAVO KUYI» GURUNGLARI
O‘tgan asrning 60-80-yillari G‘ulom Karimov boshchiligida 8-10 kishidan iborat gap-ulfatchiligimiz bo‘lardi. S.Dolimov, O.Sharafiddinov, H.Yoqubov, A.Aliyev, S.Fuzailovdek ustozlardan iborat bu davraga men va menga tengdosh ikki-uch yosh domlalar ham taklif etilgan edik. Oyda bir bor ulfatlardan birining xonadonida o‘tadigan gurunglar g‘oyat maroqli kechardi. Davrada albatta san’atkor — sozanda va xonandalar ishtirok etardi. Mashhur sozanda Turg‘un Alimatov ishtirok etgan gurunglarni eslasam, hamon ko‘nglim charog‘on bo‘lib ketadi. Turg‘un akadek san’atkor Subutoy domlani mumtoz kuy, maqom bobida o‘ziga ustoz deb atardilar. Subutoy aka dutorda, Turg‘un aka tanbur yoki satoda ijro etgan kuylardan sel bo‘lib to‘lg‘onardik.
Turg‘un aka har gal «O‘tkan kunlar»dagi «Navo kuyi» bobi ustida so‘z ochar, bu bobni yod aytib, mumtoz kuyning so‘z orqali bu qadar nafis, tiniq, jonli ifodasidan hayratini to‘kib solardi. Subutoy aka «O‘tkan kunlar»da tasvir etilgan dutorda chalingan kuyni yoshligida tinglaganini so‘zlar, Turg‘un akadan uni tiklashni qayta-qayta iltimos qilardi. Turg‘un aka ustoz iltimosini yerda qoldirmay, bu yo‘lda uzoq izlandilar. Nihoyat, ulug‘ sozanda bir gal: «Ustoz, dutor navosini topdim, «O‘tkan kunlar»ning o‘zidan olib tikladim», dedilar. So‘ng dutorni qo‘lga olib, odatdagidek uni uzoq sozlab, Qodiriy yozganidek, dutorni sozlash uchun reza kuylardangina olib turgan mashshoq biz kutmagan joyda «Navo»dan boshlab yubordilar. Kuy boshlanishi bilanoq davradagilarning vujudi «zirr» etib ketgandek bo‘ldi. Nihoyat, eshilib, to‘lg‘anib tevarak-atrofga ilohiy bir sirli-sehrli sadolar taratgan dutor pardalari tindi. Subutoy aka «Ayni o‘zi, qoyil! Balli!» deb yubordilar.
Suhbat ulanib, zamonaviy adabiyotga kelib taqaldi. Turg‘un aka: «Hozirgi yozuvchi-shoirlar asarlarida mumtoz kuyning shunaqa tasviri bormi?» deb so‘rab qoldilar. Men: «Bor! — dedim, kitob javonidan Abdulla Oripov to‘plamini olib «Munojot»ni tinglab» she’rini o‘qiy boshladim:
Eshilib, to‘lg‘anib ingranadi kuy,
Asrlar g‘amini so‘ylar «Munojot».
Kuyi shunday bo‘lsa, g‘amning o‘ziga
Qanday chiday olgan ekan odamzod!»
Ana shu so‘nggi satrlarga kelganda ulug‘ sozanda: «Ha, bu she’rdagi «Munojot» tasviri «O‘tkan kunlar»dagi «Navo» kuyi tasviridan qolishmas ekan», dedilar o‘zlariga xos bosiqlik bilan.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 21-sonidan olindi.