1964 yilning oxirgi qor-qirovli kunlaridan biri — yanglishmasam, 29 yoki 30 dekabr. Ustoz G‘ulom Karimov va Subutoy Dolimovlar taklifi, Zarifa opaning roziligiga ko‘ra, Oybekni yangi yil hamda qutlug‘ 60 yoshga to‘lishi bilan oldindan tabriklash niyatida ulug‘ adib xonadoniga tashrif buyuradigan bo‘ldik. Universitetda birga ishlaydigan Oybekning to‘ng‘ich kelini Hulkar orqali bu niyat adib xonadoniga yetkazilganida Oybek ham, Zarifa opa ham uni mamnuniyat bilan qarshi olganliklarini eshitib, boshimiz ko‘kka yetgandek bo‘ldi. Tashrif soat uchga belgilandi. Zarifa opa zarur jamoat ishlari bilan band bo‘lganliklari tufayli o‘sha paytda uyda bo‘la olmasliklari uchun uzr so‘rab, bizni kutib olishni katta o‘g‘li Omonbek bilan Hulkarga topshiribdilar, faqat eski qadrdonlar gapga, hasbi hol izhoriga tushib ketib, Oybekni toliqtirib qo‘ymasinlar, deya hazil qilibdilar. Hulkar buni yotig‘i bilan G‘ulom akaga aytdi. Andisha va ichki madaniyat bobida tengsiz alloma G‘ulom aka: “O‘zim ham shunday fikrdaman, Oybek aka huzurida 15 daqiqadan ortiq o‘tirmaymiz”, dedilar.
Zarifa opaning bu uchrashuvdan biroz “xavotir” olishi bejiz emas. G‘ulom Karimov, Subutoy Dolimovlar Oybek bilan Zarifa opaning bolalik, o‘smirlik qadrdonlari; Subutoy aka Oybek bilan “Namuna” maktabida birga o‘qigan, mamlakat yangi tur maktabi tarixida ilk devoriy gazeta “Tong yulduzi”ni birga chiqarishgan, “Namuna” Navoiy nomli internat maktabiga, so‘ng Toshkentdagi eng nufuzli Narimonov nomidagi ta’lim-tarbiya texnikumiga aylantirilgach, Oybek hamda Zarifa opalar bilan birgalikda shu maskanda o‘qishni davom ettirgan. Keyinroq G‘ulom Karimov ham ayni shu texnikumda ta’lim olgan. Ularni shaxsiy-ijodiy hamkorligi bir umr davom etdi. Buning ustiga bolalik qadrdonlari G‘ulom aka bilan Subutoy akalar ishlagan Milliy universitet ham Oybek uchun nihoyatda qadrdon edi. Bo‘lg‘uvsi adib shu maskanda o‘qib, oliy ta’lim diplomini olgan, 1935 yilga qadar universitetda dars bergan. Uning aziz farzandlari — Gulrang, kenja o‘g‘li Suyunbek shu dargohda o‘qidi; Gulrang sharqshunos olima, fan nomzodi bo‘lib yetishdi, sharq fakultetida ish boshladi, hozirgi kunda Sharqshunoslik institutida faoliyatini davom ettirayotir. Suyunbek kimyo fakultetida ta’lim olib, so‘ng shu yerda fan nomzodi, doktori darajalariga erishdi, vafotiga qadar shu yerda ishladi. Adibning to‘ng‘ich o‘g‘li Omonbek MGUni bitirib qaytgach, umrining oxirigacha tarix fakultetida, umr yo‘ldoshi Hulkar esa filologiya fakultetini tamomlab, shu dargohda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, to nafaqaga chiqquncha shu yerda faoliyat olib bordi. Ulkan biolog olim, akademik Bekjon o‘qishni shu dargohda boshlab, so‘ng MGUda davom ettirdi, uni tugatgach, universitetimizda faoliyatini boshlagan, nomzodlik, doktorlik ilmiy darajalarini egallagan, uzoq yillar biofizika kafedrasini boshqargan, hozirgi kunda ham universitet bilan hamkorligini uzgan emas…
Uchrashuv kutilganidan ham ziyoda, g‘oyat samimiy bir tarzda boshlandi. O‘sha daqiqalarga qadar men Oybekni ko‘cha-ko‘ylarda, adabiy anjuman-marosimlarda ko‘p bor ko‘rganman. 1955 yili universitetda adibning 50 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan adabiy uchrashuvda talabalar nomidan tabrik so‘zi aytayotganimda bu avliyosifat allomaning menga tikilib turgan nurli chehrasini, yonib turgan ko‘zlarini ko‘rib, ajib holatga tushganim, o‘zimni yo‘qotib qo‘yganim hamon esimda…
Bu galgisi o‘zgacha: Oybekdek milliy adabiyotimizning tirik klassigini uning o‘z xonadonida bolalik qadrdonlari G‘ulom aka, Subutoy akadek ustozlar davrasida ko‘rish hayotimdagi eng aziz, g‘oyat baxtli damlardan deb bilaman. G‘ulom aka, avvalo, bizlarni Oybek aka bilan tanishtirdi, so‘ng hammamiz, qolaversa, universitet jamoasi nomidan uni kirib kelayotgan yangi yil, qutlug‘ 60 yoshi bilan qutladi. Oybek o‘zida yo‘q shod, qo‘li ko‘ksida xiyol bosh egib tashrif va qutlov uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘sha topda adibning kosasiga sig‘may turgan sehrli ko‘zlarida cheksiz quvonch va qandaydir o‘kinch yoshlari qalqidi; adib davradagilarga buni sezdirmaslik uchun kaftlari bilan dam-badam ko‘z yoshlarini artar edi.
Oybekning nigohi birdan Subutoy akaga tushdi. Hayajon bilan gapga kirishdi. Biroz tutilib, qiynalib aytgan gaplaridagi “Subut, Subu-toy, Usmon-bek, “Namuna”, “Tong yulduzi”, dutor, ushshoq” degan jumlalardan gap nima ustida borayotganligi o‘tirganlarga ma’lum edi. Subutoy aka esa odob bilan sekingina bosh siltab, takror-takror ham quvonch, ham hazil bir ohangda: “Eh Oybek aka, u kunlar o‘tdi-ketdi”, deb qo‘yar edilar.
O‘sha topda Subutoy aka bizga ko‘p bor so‘zlab bergan Oybek bilan bog‘liq xotiralari xayolimdan o‘ta boshladi. Domlaning aytishlaricha, asl ismi shariflari Usmonbek Dolimov bo‘lgan, avval maktabda, so‘ng texnikumda o‘qib yurgan kezlari “Usmonbek” taxallusi bilan she’r, hikoyalar bitgan, ilk bor iste’dodli yosh shoir Oybekning nazariga tushgan, Oybek taklifi bilan “Tong yulduzi” gazetasi hay’atiga jalb etilgan, shu tariqa ularning shaxsiy qadrdonligi, ijodiy hamkorligi boshlangan. Usmonbekning “Subutoy” taxallusini olish tarixi ham qiziq. Gap shundaki, bu hol uzoq vaqt sir saqlanib keldi. O‘sha kezlari texnikum mudiri Shohid Eson afandi va u bilan birga Turkiyadan kelgan Ibrohim afandi ma’rifatli ziyolilardan bo‘lgan. Eson afandi asli mantiq fanidan dars bersa-da, tarix, adabiyotga nihoyatda qiziqqan, jahon va turkiy xalqlar tarixi, adabiyotidan chuqur xabardor bo‘lgan, ayniqsa, yosh iste’dod egalariga ayricha ahamiyat bergan, ularni milliy iftixori, jasur vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga intilgan, jangovor sharqiya – marsh she’rlarni yod oldirgan, ayni paytda Yahyo Kamol, Rizo Tavfiq, Abdulhaq Homid, Xolid Faxriy, O‘rxon Sayfiy, Nomiq Kamol, Ziyo Ko‘kalp kabi yangi turk she’riyati namoyandalari ijodi bilan tanishtirgan, ular asarlarini mustaqil mutolaa qilishni maslahat bergan. Bugina emas, iste’dodli yoshlarga qadim turkiy shavkatli siymolar nomlarini, chunonchi, Muso Toshmuhammad o‘g‘liga “Oybek”,Usmonbek Dolimovga “Subutoy”, Zuhuriddin Salohiddinovga “Oltoy” ismlarini adabiy taxallus sifatida tavsiya etgan, ular ham o‘z navbatida bu tabarruk ismlarni mamnuniyat bilan qabul qilganlar. Usmonbekka hayotda ilk bor “Subut”, “Subutoy” deb murojaat etgan, devoriy gazetadagi she’rini “Subutoy” taxallusi bilan chiqargan ayni o‘sha bolalik do‘sti – Oybek bo‘lgan… Domla shu haqda so‘zlar ekan, har gal: “Bu gaplarni hech kimga ayta ko‘rma, “nozik joy” odamlarining qulog‘iga borib yetsa, aytgan men ham, eshitgan sen ham baloga qolamiz, panturkchilar dumi deb avaxtaga jo‘natishlari hech gap emas”, deya ogohlantirar edilar.
Domlada bolalikdan she’riy iste’dod bilan barobar bir hofizga loyiq shirali ovoz, bir mohir sozandaga munosib sozandalik iqtidori ham bo‘lgan. O‘zi dutor jo‘rligida kuylagan maqom navolari bilan Mulla To‘ychi hofizdek buyuk san’atkor, V.A.Uspenskiy kabi san’atshunoslar e’tiborini qozongan. Oybek do‘sti Subutoydan dutor mashqlari, xususan, dutor jo‘rligida ushshoq tinglashni nihoyatda xush ko‘rgan. Maktabdosh do‘sti Murod Shamsning Chaqardagi bog‘ hovlisida, hovuz bo‘yidagi so‘lim supada ushshoqning eng avjida – o‘ninchi pardadan boshlab zavq-shavq bilan to‘lib-toshib aytganini, Oybek kuydan cheksiz yayrab mast bo‘lganini ko‘p bor eslar edilar. “Umrim bo‘yi men kuylagan ushshoq avjining cho‘qqisi o‘sha bo‘ldi, bundan keyin bu pardaga hech qachon ko‘tarila olgan emasman. Sizlar tinglayotgan ushshoqni arang to‘rtinchi pardadan boshladim” deya ilova qilib qo‘yar edilar.
O‘sha ushshoq yangragan bog‘, hovuz bo‘yidagi mashhur supa 50-yillarda ham so‘lim va obod edi. Taniqli tilshunos olim Murod Shamsning o‘g‘li Erkin bilan universitetda birga o‘qirdik. Erkinning taklifi bilan ular xonadoniga borib turardik. Yoz kunlari borganimizda, domla bizlarni xush qabul qilib, hovuz bo‘yiga taklif etar, «Bu tabarruk joy, bu supada Oybek, Subutoylar bazmi jamshid qurishgan, mana shu hovuzda miriqib cho‘milishgan, sizlar ham ularga o‘xshab yayrab o‘tiringlar», deya bizlarni yolg‘iz qoldirardi.
Subutoy aka faqat mumtoz kuylar ijrochisigina bo‘lib qolmay, zamonaviy shoirlar, jumladan, Cho‘lpon, Oybeklarning yangicha yo‘nalishdagi she’rlariga kuylar bastalagan, ularni o‘zi jo‘shib kuylagan. Ulardan esda qolgan ayrim namunalarni ulfatchilik davralarimizda kuylab berardilar.
Subutoy aka hayotda asosan pedagog-murabbiylik, adabiyotshunoslik yo‘lidan ketgan bo‘lsa-da, bir umr maqom va she’riyat shaydosi, alomat sozanda, xonanda, qalban esa shoir bo‘lib qoldi. Subutoy akaning ilk ijodi bilan tanishib “Domla, nega she’riyatni davom ettirmadingiz, she’rlaringizni kitob holida chiqarmadingiz?” deb so‘raganimda, “Mening mashqlarim Oybek lirikasi qarshisida ojiz ekanini sezdim, Oybek oldida shoirlikka da’vo qilishga uyaldim”, deya javob qilgan edilar.
Aslida she’riy iste’dod bobida Subutoy aka ko‘pgina tengdosh zamondoshlaridan qolishmas edilar. Oybek vafoti munosabati bilan 1968 yili saratonida bitilgan ustozimning mana bu satrlarini ko‘ring-a:
Oydin kecha sokin yotgan qabringni
Ziyorat qilay deb ko‘rgali keldim.
Hijronli turbating xokiga men ham
Hasrat-la yuzimni surgali keldim.
Kecha “Tuyg‘ular”la “Ko‘ngil naylari”n
Dardu alam bilan chalgali keldim.
Chaman gullar bilan to‘lgan qabringdan
Ko‘z yoshlarim bilan o‘pgali keldim.
Xayolim parishon, ko‘zlarim giryon,
Qalbimda saqlanur alamli hijron,
Faryodim, fig‘onim butun bir jahon,
Ey muhtaram shoir, izladim, keldim…
Bunaqa olovli, dardli satrlarni faqat sadoqatli do‘st-shoirgina bitishi mumkin…
Oybek birmuncha fursat Subutoy aka bilan diydorlashgach, G‘ulom Karimovga yuzlandilar, sog‘liqlarini, ishlarini surishtirdilar, so‘ng kechmish xotiralarini, yaqin o‘tmishning malomatli kunlarini yodga oldilar. “Darslik… jaholat, jaholat… dahshat…” degan so‘zlarini eshitib, bu gal ham gap nima ustida ketayotganligini anglab turardik.
G‘ulom Karimov Navoiy ijodi, XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asrning boshlaridagi adabiy muhit ustida tadqiqot olib borgan kezlari akademik Oybekdan ko‘p bor maslahatlar olgan; Pedagogika fanlari ilmiy-tekshirish institutining direktori vazifasida ishlagan kezlari o‘zbek adabiyotidan darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratishda adib bilan hamkorlik qilgan, chunonchi, 1950 yili chop etilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligining G‘ulom Karimov qalamiga mansub “XIX asrning ikkinchi yarmi va XX asr boshlarida o‘zbek adabiyoti” sarlavhali bo‘limini Oybek tahrir qilgan edi. 1952 yil 21-22 fevralda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Kompartiyasi markaziy qo‘mitasining “Respublikada mafkura ishining ahvoli va uni yaxshilash choralari to‘g‘risida”gi masalaga bag‘ishlangan mash’um X plenumida qator atoqli ijodiy ziyolilar, ilmiy, badiiy asarlar, o‘quv darsliklari, qo‘llanmalari keskin tanqidga uchradi. “O‘zbekistonning yangi tarixi”da ta’kidlanganidek, bu plenum mustabid tuzum 40-yillar oxiri – 50-yillar boshlarida respublikada ijodiy va ilmiy muassasalardagi “millatchilar”, “panturkchilar”, kosmopolitlarni “fosh qilish”, O‘zbekiston yozuvchilari, shoirlari, olimlarini badnom qilish yuzasidan keng sur’atda o‘tkazilgan siyosiy kampaniyaning cho‘qqisi bo‘ldi (O‘zbekistonning yangi tarixi, Ikkinchi kitob. T., Sharq, 2000, 513-bet). G‘.Karimov boshchiligida yaratilgan “O‘zbek adabiyoti tarixi” darsligi ham ana shu kampaniyaning qahriga uchradi, feodal o‘tmish adabiyotini ideallashtirish, millatchilik kayfiyatlariga yo‘l qo‘yishda ayblandi. Bunday keskin ayblovlarning bir uchi, tabiiyki, darslik muharriri Oybekka ham borib taqalar edi. Plenumda Oybekday buyuk alloma “jiddiy mafkuraviy aynish”likda badnom etildi. Oradan ko‘p o‘tmay darslik bosh muallifi G‘.Karimov institut direktorligi, darslikni nashrga tayyorlagan S.Dolimov sektor mudirligi vazifasidan bo‘shatildi…
Falokatning sharofati deganlaridek, har ikki ustoz ham milliy universitetimizdan panoh topdilar, shaxsan Oybekning aralashuvi, iltimosi bilan universitetning o‘sha yillardagi olijanob rahbariyati, T.Zohidov, O.Sodiqov, T.Sarimsoqov kabi akademiklar bu tabarruk zotlarning boshini siladi. Har ikki ustoz bu dargohda Oybek ishonchini to‘la oqladi, 50-yillarning o‘rtalaridan umrlarining to oxiriga qadar shu qutlug‘ dargohda fidokorona xizmat qildilar. Ustoz G‘.Karimov o‘ttiz yil davomida “O‘zbek adabiyoti tarixi” kafedrasini boshqardi, o‘zbek adabiyoti tarixining butun bir davrini ilmiy inkishof etib berdi, Milliy universitetimizning respublika va jahon adabiy-ilmiy jamoatchiligi tan olgan ilmiy-adabiy markazlardan biriga aylanishida bu zotning xizmatlari beqiyosdir. Oybek G‘.Karimovning bu yo‘ldagi sa’yi harakatlarini hamisha qadrlagan, jumladan, Muqimiy va uning adabiy muhiti mavzuidagi doktorlik dissertatsiyasiga yozgan taqrizida ustozning ilmiy ixtirosini nihoyatda yuksak baholagan edi…
G‘ulom aka o‘sha topda adib ko‘nglidan kechgan iztiroblarini yumshatish niyatida bo‘lsa kerak, “Oybek aka, o‘sha dahshatli kunlar o‘tmish bo‘lib qolgan bo‘lsin, aslo qaytmasin. O‘z boshingizda shunchalar tashvish bo‘la turib, o‘sha kunlari Subutoy aka bilan men jonimizga ora kirganingiz uchun bir umr sizdan qarzdormiz…” dedilar. Oybekning chehrasi birdan yorishib ketdi, “Hammasi yaxshi, yaxshi bo‘ldi… Endi u kunlar qayt-may-di” dedi qat’iy qilib.
G‘ulom aka avval soatlariga, so‘ng hamrohlariga bir qur ko‘z yugurtirib: “Endi qo‘zg‘alsak bo‘lar” degandek ishora qildilar. Hammamiz sekingina bosh siltab, bu taklifni ma’qulladik. So‘ng u kishi mezbondan ketishga ijozat so‘radilar. Mezbon esa “Subut, Subu-toy, osh-palov, dutor, ushshoq” so‘zlarini takror-takror aytdilar. Boyadan beri Oybek yonida uning tutilib, qiynalib aytgan jumlalarini sharhlab o‘tirgan Omonbek, “Adam, o‘tiringlar, osh-palovxo‘rlik qilaylik, Subutoydan dutor, ushshoq eshitaylik deyaptilar”, dedi. G‘ulom aka esa bunday samimiy taklif uchun Oybekka tashakkur bildirib, unga taskin berish niyatida so‘zini davom ettirdi: “Bahor, yoz kelsin, bog‘ hovlingizga borib miriqib gurunglashamiz, oshxo‘rlik qilamiz, Subutoy akadan dutorda kuylar, dutor jo‘rligida ushshoq eshitamiz…”
Oybekning bolalik do‘stlaridan aslo ayrilgisi kelmayotgani shundoq ko‘rinib turardi. Adib chor-nochor mehmonlar bilan birma-bir qo‘l olishib xayrlashdi. Tabarruk xonadon ostonasidan chiqayotganimizda soatga qarasam 3 dan 19 daqiqa o‘tibdi. Oybek huzurida 19 daqiqalik gurungda buyuk adib va uning bolalik qadrdonlari umrining qirq besh yillik ham quvonchu sururga, ham tashvishu armonlarga to‘la lavhalari ko‘z oldimizda qayta gavdalanganday bo‘ldi.
* * *
Oradan qirq yil o‘tib, o‘sha adib huzuridagi 19 daqiqalik uchrashuv tafsilotlarini eslar ekanman, biz adabiyotshunos-munaqqidlar, Milliy universitet professor-o‘qituvchilari bu tabarruk zot oldidagi burchimizni o‘tay oldikmi, degan o‘y xayolimdan kechdi. Sarhisob qilinadigan bo‘lsa, ko‘ngilga taskin beradigan xayrli ishlar ado etilganligiga iqror bo‘lasan kishi.
Avvalo ulug‘ adib suv ichgan shu qutlug‘ dargohda ta’lim olgan M.Qo‘shjonov, N.Karimovlar oybekshunoslikning chinakam tamal toshini qo‘ydilar. M.Qo‘shjonovning “Oybek mahorati” nomli fundamental asari shu yerda intihosiga yetdi. Yosh iste’dodli munaqqid U.Hamdam bir vaqtlar Oybekning tanqidchilikda mensimay qaralgan, salbiy baholangan “sof lirika”si, “ko‘ngil she’riyati”ning asl mohiyati, benazir nafosatini ochib beruvchi go‘zal bir tadqiqot yaratdi. Ustoz O.Sharafiddinov Oybek tug‘ilgan kunning 100 yilligi arafasida “Millatni uyg‘otgan adib” sarlavhali yoniq bir maqola yozib, Oybek dahosiga keng jamoatchilik e’tiborini jalb etdi.
Bilamizki, Oybekning yangi o‘zbek adabiyotining ikki zabardast namoyandasi, asoschilari – Cho‘lpon bilan Qodiriyga ehtiromi nihoyatda baland bo‘lgan, ijodda ular yo‘lidan borgan. Johil tanqid Cho‘lpon she’riyati mafkuraviy jihatdan zararli deya rad etib, ulug‘ shoirga tashlanib turgan bir paytda, qat’iy turib uni himoya etgan, “Cho‘lponning mafkurasi emas, balki yaratgan badiiy namunalari o‘qiladi, voz kechilmaydi” deb yozgan. Mash’um 37-yil arafasida Qodiriyni badnom etish eng oliy nuqtasiga ko‘tarilgan bir paytda adib “Abdulla Qodiriyning ijodiy yo‘li” degan risola yozib, ulkan yozuvchining benazir mahorati, san’ati haqida so‘zlashga jur’at etgan.
Dorilfununimizda keyingi yarim asr mobaynida Oybekning ana shu savob ishi izchillik bilan davom ettirildi. O.Sharafiddinov ta’qibu tahdidlarga qaramay, 60-80 yillar davomida Cho‘lpon lirikasining otashin himoyachisi va targ‘ibotchisi sifatida maydonga chiqdi, oshkoralik va mustaqillik yillarida uning tashabbusi va tahriri ostida Cho‘lponning avval bir jildlik, so‘ng uch jildlik asarlari nashrga tayyorlandi. “Adabiyot nadur” degan Cho‘lpon maqolalari hamda Cho‘lpon haqidagi zamondoshlari xotiralaridan iborat kitob chop etildi. Cho‘lpon ijodi tadqiqiga oid ilk doktorlik, nomzodlik dissertatsiyalari shu dargohda amalga oshirildi… Qodiriy haqidagi ilk nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan A.Aliyev shu dargoh muallimi edi. “Mehrobdan chayon” poetikasi”, “Abdulla Qodiriyning adabiy estetik qarashlari” mavzuidagi nomzodlik dissertatsiyalari, “Abdulla Qodiriyning tasvirlash san’ati”, “Abdulla Qodiriyning badiiy dunyosi”, “Qodiriy bog‘i”, “O‘tgan kunlar hayrati”, “Qodiriy qadri” kabi kitoblar, nihoyat, B.Karimovning qodiriyshunoslik tarixiga bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyasi mana shu dargohda yaratildi…
Yana bir quvonchli hodisa – Oybek ta’lim olgan, ta’lim bergan dargohning keyingi ijodkor avlod – farzandlari O. Yoqubov, P.Qodirovlar ustoz adibning tarixiy romanchilikdagi noyob tajribalarini davom ettirib, yangi bosqichga olib chiqdilar. “Ulug‘bek xazinasi”, “Yulduzli tunlar” xuddi “Navoiy” romani kabi jahonshumul obro‘-shuhrat qozondi. Oybekning jahon modern she’riyatiga hamohang dilbar lirikasi tajribalarini Rauf Parfi, Xurshid Davron, Usmon Azim kabi yorqin iste’dodlar aynan universitetimiz auditoriyalarida o‘tirib bitgan satrlarida ijodiy davom ettirdilar, xususan, Rauf Parfi Oybek asos solgan modern she’riyatini yuksaklarga ko‘tardi; qolaversa, Oybekona nafis ohanglar, g‘aroyib sehrli ramzlar bilan yo‘g‘rilgan “Oybek xotirasi” she’ri orqali buyuk ustoz shoirga benazir poetik haykal qo‘ydi.
Mana, o‘sha she’r:
Tog‘lar aro bir oydin buloq.
Atrofida shivirlar o‘tloq.
Buloqda sha’n va sobit chiroy.
Nur yo‘lidek o‘ylari yiroq
Suvda mangulikdek suzar oy…
Biroq, hayhot, bir quyun keldi…
Oydin buloq qayga berkindi?!
Qaydadir sha’n va sobit chiroy?
Falaklarga qarayman endi.
Falaklarda suzib yurar oy…
Aminmanki, bu qutlug‘ dargohda ta’lim olgan, mehnat qilish nasib etgan har bir ziyoli, murabbiy, ijodkor, olim o‘zini Oybekdek ruhi mangu barhayot ustozning shogirdi, an’analarining davomchisi sanaydi; mana shunday martabaga muyassar bo‘lgani uchun yaratganga shukronalar aytadi.
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2005 yil, 5-son