Bugun dunyo globalizm sharoitida nafas olyapti. Bu degani shuki, undagi jamiki jamiyatlar, ularning madaniyatlari, dunyoqarashlari bir-biriga ta’sir qilib, integratsiyalashib boryapti. Jarayonning juda katta ijobiy va salbiy tomonlari bor. Yer yuzidagi odamlarning bir-birlaridan xabardor bo‘lishi, buning natijasida bir-birlaridan ko‘rib-o‘rganishi ijobiy hodisa bo‘lsa, kuchli jamiyatlar madaniyatiyu urf-odatlarining kuchsiz jamiyatlarning xuddi shunday xususiyatlarini o‘ziga singdirib yuborishi oqibatida ne-ne jamiyatlar, madaniyatlar, tillaru qadriyatlarning yer yuzidan supurilib, uning o‘rnida ommaviy madaniyatning vujudga kelishi va urchishi kabi hodisalar o‘ta salbiy voqeliklardir.
Uchoqlar, tezyurar poyezdlar, mashinalar, telefon, internet singari texnika vositalari odamlarning o‘zaro muloqotlarini tezlashtirdi, albatta. Ayni damda, ushbu vositalar odamlar o‘rtasida juda katta muammolarni ham keltirib chiqardi, chiqarmoqda. XX asrgacha juda keng, hatto cheksiz deb bilingan dunyo XXI asrga kelganda go‘yo kattakon bir uydek bo‘lib qoldi. Bir paytning o‘zida “bir necha mamlakatning vatandoshi” va hatto “dunyo grajdani” degan tushunchalar paydo bo‘ldi. Lekin odamlar o‘rtasidagi muloqot, ularning bir-birlariga, madaniyatlariga, qadriyatlariga bo‘lgan munosabati hali-haligacha ijobiy asosda to‘liq hal qilingan emas. Xuddi mana shu yerda irqlaru dinlar, madaniyatlaru tillar, dunyoqarashu urf-odatlar qoliplaridan baland parvoz qila olgan mavlono Jaloliddin Rumiy kabi daho shoirlarning borligi, ularning meroslari bashariyat uchun xuddi yo‘lchi yulduz kabi ta’sir qiladi, yo‘l ko‘rsatadi, xaloskorlik vazifasini o‘taydi, menimcha.
Mavlono Rumiydan beshta yirik asar qolgan:
“Ma’naviy masnaviy”, “Katta devon” (“Devoni Kabir”), “Ichindagi ichindadir” (“Fiyxi mo fixi”), “Etti majlis” (“Majolisi sab’a”), “Maktubot”.
Shulardan “Ma’naviy masnaviy” hajm va ma’no jihatidan eng salmoqlisi – olti daftar(kitob)dan iborat muhtasham asardir. Sharqning yana bir ulug‘ mutasavvuf shoiri Abdurahmon Jomiy mavlono haqida shunday lutf qiladi: “Kitobi bor, vale payg‘ambar emas”.
Jaloliddin Rumiy va uning “Masnaviy”si haqida Jomiydan o‘tkazibroq biron so‘z aytish maholligini e’tirof etganimiz holda, uning mazkur asarining o‘zbekcha amalga oshirilgan yangi, bebaho tarjimasi atrofida imkonimiz doirasida so‘z yuritishga harakat qilamiz.
* * *
Do‘stimga dedimki, Rumiy va Tolstoy uchrashuvini, suhbatini tasavvur qilib ko‘r!” U javob berdi: “Tasavvur qildim. Tolstoy savol beradi, Rumiy esa javob”. To‘g‘ri, Sharqning hamma savollarga javobi bo‘lgan o‘sha vaqtda. Keyin esa o‘ylab ketdim: agar Tolstoyning zamonida yashaganida, Rumiy ham savollardan iborat bo‘lishi mumkinmidi?.. Ha, mumkin edi. Chunki bu zamonga kelib, ilm, aniq fanlar ancha taraqqiy topgan bo‘lib, ilgarigi tayyor javoblarni savollarga aylantirib ulgurgan edi. Shuning uchun ham Tolstoydek daho inson dinlarni ham, ilm-fanni ham uzoq mushohada qilib, talay savollarni ko‘ndalang qo‘ygan edi. O‘ylaymanki, bugun dunyo Tolstoy bobo zamonidan yanada o‘zgarib, murakkablashib ketdi va hozirda tug‘ilayotgan savollarning nishi ham ancha o‘tkir bo‘lib qoldi. Bu yerda savol qo‘ygan ham, javob bergan ham tengdir. Chunki yangi savol qo‘yish uchun eski javobning qoniqarsiz bo‘lib qolganini isbot qilish kerak bo‘ladi-da. Bu esa, javobdan kam hodisa emas. Ko‘rinadiki, hamma davrlarning o‘z rumiyu tolstoylariga ehtiyoji bo‘ladi. Demak, Rumiy dahosi yaratgan ma’naviy meros o‘z davri uchun yechim bo‘lgan, shu bilan birga, chuqurroq mushohada qilinsa, dunyo bugun ham o‘sha yechimlarga juda ko‘p masalalarda ehtiyoj tuymoqda. Nega? Chunki inson dunyo bilan besh asosiy sezgisi orqali munosabatga kirishar ekan, ya’ni bashar ahli tubdan mutatsiyaga uchrab, uning jismi, o‘y-xayoli, ehtiyojlari butunlay evrilib-o‘zgarib ketmas ekan, Rumiy kabi daholar qoldirgan meros o‘z ahamiyatini saqlab qolaveradi.
* * *
O‘tgan ming yilliklar davomida bashariyatning sara xayolparast farzandlari ideal davlat, ideal jamiyat, komil inson haqida xayol surishgan, fikr yuritishgan, bu boradagi g‘oyalarini o‘rtaga tashlashgan. “Bilgamish”dan tortib “Kalila va Dimna”yu ko‘pdan-ko‘p boshqa xalq eposlariga o‘xshash asarlarning noma’lum mualliflari, Homer, Suqrot, Aflotun, Arastu, Forobiy, Beruniy, Ibn Sino, Rumiy, Attor, Nizomiy, Navoiy, Dante, Shekspir, Tomas Mur, Tolstoy kabi daholar shular haqida bosh qotirishgan, o‘z takliflarini asarlarida darj etib ketishgan. Amaliyotchilari ideal davlat, ideal jamiyat qurish haqidagi orzu-xayolni amalga oshirishga urinib ko‘rishgan, qayerdadir, qanchadir muddat bu ishni qisman uddalashgan ham. Biroq bashariyatning o‘y-xayoli maishiy botqoqqa botib qolganlari, ya’ni iste’molchilari esa, xayolparastu amaliyotchilar bunyod etganni buzganlar, buzmoqdalar… Mana shu uchlikda Rumiy va u singari daholar kashf qiluvchiyu bunyod etuvchilardir. Shuning uchun ham ularga hamisha, hamma zamonlarda ehtiyoj bor, bo‘ladi.
* * *
XIX va, ayniqsa, XX asrga kelib faqat shoir yoki yozuvchi bo‘lishning o‘zi yetmay qoldi. Chunki ilm-fan rivojlanib, ularning yutuqlari adabiyotning bitta qanotiga aylandi. Ilm-fan yutuqlarini hisobga olmaslik esa, ijodkor qo‘lini kalta qilib qo‘ydi. E’tibor bering, bu hol, ayniqsa, XX asrga kelganda yanada kuchaydi. Lekin Rumiy va u singari ayrim Sharq daholari bu ishga O‘rta asrlardayoq qo‘l urgani kishini hayratlantiradi. Juda erta, shunday emasmi? Chunki ular hayotni, insonni zohirinigina tasvirlash bilan cheklanmaganlar, balki chuqur bilim, kuzatish natijasida uning botiniy olamini ham teran badiiy tadqiq etganlar. Shuning uchun ham Gegel, Erix Fromm, Zigmund Freyd kabi dunyo tan olgan olimlarning ishlarida rumiylar aytib o‘tib ketgan ko‘pdan-ko‘p fikrlar, g‘oyalar, qarashlar o‘z tasdig‘ini topgan. Gegelning ruh birlamchi bo‘lib, ko‘rinib turgan moddiy dunyo ruhlar olamining soyasi ekanligi haqidagi qarashlari Rumiy asarlarida mavjud. Erix Fromm “Sevgi san’ati” degan tadqiqotida erkak va ayol, tun va kun, zamin va osmon kabi qarama-qarshiliklar, aslida, bitta maqsadga xizmat qilishi haqidagi o‘z fikrini quvvatlantirish uchun Rumiydan kattagina iqtibos keltiradi.
Freydning jinsiy ehtiyojning inson hayotidagi ulkan roli to‘g‘risidagi butun boshli nazariyasi Rumiyning birgina “Qaysga tahammulidan ortiq ehtiros berilgani uchun u Majnunga aylandi” (“Ichindagi ichindadir”) jumlasidagi fikri bilan hamohang… Bunga o‘xshash ko‘plab misollar mavlono Rumiyning odam va olamni o‘rganishda o‘z davridan nihoyat darajada ilgarilab ketganini anglatadi.
* * *
Biz Rumiy asarlari, ayniqsa, bugun – globallashuv davrida juda katta ahamiyatga ega, dedik. Chindan, ulug‘ mutasavvif o‘z asarlarida ilgari surgan g‘oyalarda zamonaviy dunyo, zamondosh inson duch kelib turgan ko‘plab muammolarning tayyor yechimlari yashirin. Faqat buni ko‘ra bilish kerak. Ko‘rish uchun esa, chin dildan istash, o‘z egomiz xarxashalaridan baland ko‘tarila bilishimiz shart. Shu ma’noda, keling, uning ma’no javohirlari ummonlarga qiyos etgulik “Masnaviy” asarining ikkinchi daftariga kiritilgan birgina hikoyatini tushunishga va zamondosh inson hayotiga shu hikmat rakursidan turib boqishga urinib ko‘raylik. “Muso alayhissalomning cho‘pon munojotini inkor etgani” degan bo‘lim shunday boshlanadi:
Yo‘lda bir cho‘ponni uchratdi Muso,
Derdi tinmay: “Ey Xudoyim! Ey Xudo!
Qaydasan, to Senga bo‘lsam bir malay,
Chorig‘ing chokin tikib, soching taray.
O‘ldirib bit, to yuvay to‘ningni ham,
Keltiray oldingga sut, ey Muhtasham!
Kel, oyog‘ingni silab, qo‘ldan o‘pay,
Kelsa uyqu vaqti, Senga joy to‘shay.
Senga bor echkimni qurbon aylagum!
Seni deb oh-zoru tug‘yon aylagum!”
Demak, cho‘pon o‘z darajasiyu tushunchasidan kelib chiqib Allohga munojot qilyapti: “Ey, Xudoyim, qayerdasan, kel, men sening malaying bo‘lib, chorig‘ingni tikib, sochingni taray, to‘ningni yuvib, oyog‘ingni uqalab, Senga sut tutay, uyqung kelib qolsa, joy to‘shab beray!..” deyapti. Buni eshitib qolgan Muso alayhissalom esa norozi bo‘lyapti:
Shul yo‘sin so‘ylardi cho‘pon noravo,
“Kim bilan suhbat bu?” – deb so‘rdi Muso.
Dedi: “Ulki, bizni paydo aylamish,
Er bilan osmonni barpo aylamish”.
Dedi: “Hay-hay, sen gunoh qilding azim,
Muslim o‘lmay, kofir o‘lding, ey laim!..
(O.Ikrom tarjimasi.)
Kimsan – Muso payg‘ambar cho‘pon bilan muloqotda xatoga yo‘l qo‘ymoqda: “Haq taologa unday munojot qilinmaydi, u senga o‘xshagan odam emas”, demoqda. Natijada Cho‘pon xafa bo‘lib, o‘zi bilgan, tanigan Haq taolodan uzoqlashib, biyobonga chiqib ketmoqda…
Ushbu hikoyatni hozirgi davr tiliga ko‘chirsak, ya’ni zamonaviy tushunchalarga tarjima qilsak, qanday bo‘ladi?.. Axir, hozir ham odamlar bir-birlarini boshqacharoq bo‘lgani uchun, o‘zlariga o‘xshamagani, o‘zga tilda so‘zlashgani, boshqa dinga e’tiqod qilgani va shu kabi “begonalik”lar uchun yomon ko‘rishadi, dushmanlik qilishadi-da. Hatto bitta dinlar o‘rtasida ham turli-tuman mazhablar, sektalar, yo‘nalishlar mavjud. Ular ham o‘zaro raqibdek harakatlanishadi: bir-birlarini aynan ana shunday shakllardagi tafovutlar uchun ayblashadi, fitnalar uyushtirishadi, urushlar qilishadi. Chunonchi, keyingi o‘ttiz yil ichida Iroq, Suriya, Isroil, Falastin, Afg‘oniston, Ukraina, Afrika, Bosniya, Kavkaz kabi mamalakat va mintaqalarda ro‘y bergan qonli to‘qnashuvlar zamirida siyosiy, iqtisodiy, hududiy, diniy manfaatlardan tashqari bir-birlarini aynan boshqacha bo‘lgani uchun ham o‘ldirish hollari yuz berdi. Ne yoziqki, hanuz yuz bermoqda.
Vaholanki, Xudoning istagi boshqa edi, demoqchi bo‘ladi Rumiy, shuning uchun ham Haq taolo Musoga tanbeh beradi:
So‘ng vahiy kelmish Xudodan: “Ey Muso!
Bandamizni aylading bizdan judo.
Bandani qo‘shmoq uchun kelganmisan
Yo uni to‘smoq uchun kelganmisan?
Toki borsan, o‘rtaga solma firoq,
“Abg‘azu-l-ashyoi indi at-taloq”.
Ayladim har kimga o‘z tarzin ato,
Ayladim har kimga o‘z arzin ato.
Ya’ni har kimning o‘z tarzi va arzi bor, to‘sqinlik qilma, demoqda. Endi bir o‘ylab ko‘raylik: siz bilan biz yashayotgan zamonaviy dunyo har kimning o‘z “tarziyu arzi”ga nechog‘li bag‘rikeng bo‘la olyapti?.. Javobimiz nafaqat qoniqarsiz, ayni paytda, g‘oyat achinarli bo‘ladi, deya qo‘rqaman. Bugun dunyo xalqlari har qachongidan-da tolerant munosabatga muhtoj. Chunki u har qachongidan-da bir-biriga har jihatdan juda-juda yaqin kelib turibdi. Bas, Rumiy kabi bag‘rikeng daholar meroslariga “qaytib ish ko‘rmoq” ayni muddaodir.
Yoki bo‘lmasam, Rumiyning o‘sha mashhur hikoyatini esga olaylik: odamlar Ka’baga qarab yo‘l olar ekan, kim Marg‘ibdan, kim Mashriqdan, yana kim otdayu kim piyoda harakatlanadi. Mag‘riblik mashriqlik bilan, otdagi piyoda bilan kela-kelguncha “mening yo‘lim to‘g‘ri, seniki egri” deya talashib-tortishadi. Lekin Ka’baga, Yaratganning uyiga kelgach esa tortishuvlar barham topadi. Chunki ular hammalarining istaklari bir, yagona ekanliklarini tushunib qoladilar. Xuddi shunday, bugungi zamondagi ko‘pgina diniy, siyosiy, iqtisodiy ixtiloflarning sababi ham aynan mana shunday zohiriy shakllarda, xolos. Ichkarida – mohiyatda esa, odamlar akcar holda bir narsani xohlashadi.
Ha, tolerantlik, ya’ni bag‘rikenglik bugun dunyoga suv bilan havodek zarur. Hazrati Rumiy asarlari o‘quvchini ana shunday bag‘rikeng bo‘lishga undaydi, o‘rgatadi.
Rumiy qo‘shnilarning har biri bilan til topishish kerakligini uqtiradi. Nima uchun shunday qilish kerakligini ham tushuntiradi, quruq pand-nasihatlar bilan emas, balki yorqin hikoyatlar, ramzlar, majozlar, badiiy obrazlar yordamida amalga oshiradi bu ishni. Takror aytaman: Rumiy talqinidagi islomning bag‘ri nihoyatda keng. Islom dinini, uning muqaddas kalomini tarjimayu tafsir qilayotgan zamondosh dunyo olimlari Rumiy singari parvozi nihoyatda yuksak zotlardan, avvalo, ana shu bag‘rikenglikni o‘rganishlari juda-juda muhim, deb o‘ylayman. “Er shari” deb atalgan bitta uyda kelishib yashashning boshqa sharti yo‘q. Bo‘lsa ham bunchalar muhim emas.
Shu ma’noda, Rumiy asarlari o‘quvchilarni shakllaru mahdud qarashlar to‘riga ilinib qolmasdan, umumzamoniy va umuminsoniy qadriyatlarni tushunish darajasiga ko‘tarilishga, zero, bani bashar bir ota-onadan – Odam Atoyu Momo Havodan tarqaganini uqib anglashga va shu anglam asosida yashashga chaqiradi.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2023 yil 29-son

