Ulug‘bek Hamdam. Adabiyot – oldinda yongan chiroq

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib borayapti. Xuddi shunday evrilishlar maydonida qolgan “adabiyotning qo‘li”dan nima keladi? U olam ravishiga ta’sir qila oladimi? Yoki chirpinib nimalar qilmasin, nimalar demasin, hammasi bekoru bekorchi valaqlash bo‘lib chiqaveradimi, degan og‘riqli savollar o‘qtin-o‘qtin xayolimizni band etadi. Chunki tevarak atrofda gohi-gohida yangrab turgan “bugun adabiyotning jamiyatga ta’siri nolga teng” degan iddaolar yuragimizga zahri sekin-asta ta’sir o‘tkazadigan tig‘dek sanchiladi va vaqt o‘tgan sayin mislsiz iztiroblarga ro‘baro‘ qilaveradi.

Akademik Yuriy Borev dunyoni yo‘naltiruvchi paradigma hozir yo‘q, deya bong urayapti. Buni o‘zbekona aytadigan bo‘lsak, bashariyat yurishi mumkin bo‘lgan tuzukroq yo‘l yo‘q, deganidir. Nega yo‘q? Axir, u bor edi-ku! Bu nimadan dalolat? Atrofni zulmat qoplaganidan emasmi? Dunyo afkor ommasining ichiga kirib borayotgan qorong‘ilikdan emasmi? Faqat zulmatgina mavjud yo‘lni ko‘zdan pinhon tutadi… “Bashar ahlini chulg‘ab olgan bo‘hron ikkita urush va boshqa musibatlarni boshidan kechirgan dunyoning o‘ta xatarli va terrorga moyil bo‘lib qolayotganida o‘zini yaqqol namoyon etmoqda. Sovuq urushdan keyin maydonga kelgan yangi davr insoniyat tarixida ilk bor borliq haqida hech qanaqa formulaga ega bo‘lmay turibdi. Qarshimizda olamshumul qora tuynuk paydo bo‘lgan. Binobarin, hokimiyatlarda strategiya yo‘q, faqatgina pishib kelayotgan muammoni hal qiluvchi amaliy qarorlargina mavjud”, deb yozadi akademik. Sovuq aql bilan qilni qirq yoradigan G‘arbga, o‘z hikmatlari bilan adashgan ruhga yo‘l ko‘rsatguvchi Sharqqa nima bo‘ldi? Nega dunyo tushkunlikka tushmoqda?.. Ehtimol, gap yana o‘sha yo‘lda, unga bo‘lgan ehtiyojning mavjudligiyu biroq ehtiyojni qondirish shaklining hadeganda topilmayotganida emasmikan?.. Chunki dunyo bor ekan, uning yurmog‘i uchun yo‘l kerak. Qulay, foydali va eng muhimi, insonni oldinga, moddiy-ma’naviy jihatdan taraqqiyotga yetaklaydigan yo‘l zarur… Xuddi shu o‘rinda adabiyot o‘zini qanday tutadi? To‘g‘rirog‘i, tutmog‘i kerak? Fahsh, ur-sur, zulm, oldi-qochdi mavzular botqog‘iga botib, o‘z ortidan insoniyatni tortib ketishga urinadimi va yoki do‘ppini olib qo‘yib, yetti o‘lchab bir kesadimi – tegrasini zulmat qoplab borayotgan odamiyzodning ko‘zlariga bir qatim ziyo bag‘ishlaydimi? Axir, yo‘lni ko‘rish uchun ko‘zlarning nurga ehtiyoji bormasmi… Chunki bugungi dunyo avvalgi dunyo emas. Bugungi dunyo – har qachongidan ham himoyaga muhtoj dunyo! Ayni paytda, undan ehtiyot bo‘lishga insonning o‘zi majbur va mahkum bo‘lib turibdi. Boshqacha aytganda, bugun dunyo insondan, inson esa dunyodan muhofazalanmog‘i shart. Umidbaxsh adabiyot, yorug‘ san’at bizga shuning uchun ham lozim.

Gazetada birga ishlaydigan ustoz va shogird o‘rtasida tez-tez bahs munozara bo‘lib turar ekan. Kunlardan bir kun shogird yurak yutib so‘rabdi: “Ustoz, nega siz va men tanlagan materiallar bir-biriga ters keladi, ular go‘yo o‘t bilan suv, doimo o‘zaro jang qiladilar?” Ustoz javob beribdi: “Chunki sendan farq qilib, men beg‘araz yaxshilikka ishonmayman…” Shogird esa tashqariga chiqadi va uyiga kela-kelguncha bir narsa haqida bosh qotiradi: “Nahotki? Axir, ustoz elning katta, hamma taniydigan ijodkori bo‘lsayu “yaxshilikka ishonmayman”, deb tursa! Bu nima degani? Yaxshilikka ishonmaydigan odamning qo‘liga qalam tutishi nechog‘li to‘g‘ri? Uning ikki og‘iz so‘z yozib odamlarga havola qilishga ma’naviy haqqi bormi o‘zi?”

“Inson tabiatiga zid hayot telbalikka olib keladi. Alaloqibat, ular (insonlar) o‘z dunyolarini o‘zlari vayron qiladi. Chunki ma’nosiz hayot alamiga dosh berolmaydi”, deb yozadi Erix Fromm. Agar insoniyat boshi berk ko‘chaga kirib qolayotgan bo‘lsa, demak, u o‘z tabiatiga ters ishlar qilmoqda. “O‘z tabiatingga sodiq bo‘l!” deya sado beradi Shekspir. Lekin tabiatimizning o‘zi nima?..

Bir ajoyib fe’lli do‘stim bor. U hech qachon hech kim haqida yomon gapirmaslikka harakat qiladi. Har holda, men uning birovni keskin tanqid qilganini sira bilmayman. G‘iybat qilganini esa boz ustiga. Bu – yaxshi sifat. Men hamisha uning shu tomonini eslab, alqab yuraman. Lekin, o‘rni kelganda, u bilan tortishgan vaqtlarim bo‘ladi: “Sen oqni oq, qorani qora, deyolmaysan, bu esa qat’iy pozitsiyangning yo‘qligidan dalolat”, deya yaniyman. U esa javoban mayingina jilmayadi: “Bo‘lishi mumkin”. Shunda o‘zimcha unga subutsizlik yorlig‘ini yopishtirmoqqa jahdlanaman, lekin do‘stimni yaxshi bilganimdan, uning bu tavri nekbin qarashlari, mayin jilmayishlari azbaroyi yuragidagi yorug‘likdan ekanini sezaman va o‘zimga o‘zim: “Ulug‘bek, adolatsizlikka yo‘l qo‘ymasdan burun to‘xta!” deyman.

Tog‘dan qulab tushayotgan odamning yordam ilinjida dod solishi, albatta, foydasiz harakat, lekin aslo ma’nisiz emas. Chunki uning faryodi kuchli voqelik zarbasiga tutilgan birdan-bir qalqondir. Inson – mantiq farzandi. Bas, ichimizga azalda joylangan mantiq bizni yorug‘lik, ezgulik, adolat va yaratishga undaydi. Aslo zulmat, yovuzlik, g‘irromlik va buzg‘unchilikka xizmat qilishga chorlamaydi. Demak, dunyoga kelgan bani odam qarshisida ikki yo‘l bor: biri yorug‘likka, boshqasi esa zulmatga eltadi. Bu – bir jaydari mantiq. Lekin aynan shu mantiqda inson tabiati mujassam ko‘rinadi menga. Inson hayotiga ma’ni kiritadigan yoki uni yo‘q qiladigan kuch ham shu yerda gizli, nazarimda. Alalxusus, ana o‘sha sodda mantiqqa ko‘ra do‘stim tutgan hayotiy yo‘l o‘zini to‘la oqlaydi.

Ruhshunoslarning aytishicha, hayotsevar odam yarim piyola suvni ko‘rib, “piyolaning yarmida suv bor” degani holda, tushkun kishi xuddi shu idishga qarab, “uning yarmi bo‘sh” der ekan. Chunki birinchi holda inson piyoladagi suvni, ikkinchisida esa piyolaning bo‘sh joyini ko‘rarkan. Asqad Muxtor “Tundalig”ida derazadan boqib kimdir osmondagi yulduzni, kimdir yerdagi go‘ngni ko‘radi, degan ma’nodagi fikrni yozib qoldirgan edi. Oriy rost, chunki har kim o‘z tabiatidan kelib chiqib olamga nazar soladi. Ijodkor-chi? U qanday bo‘lishi, dunyoni qaysi nuqtadan turib aks ettirishi lozim? Faqat yulduzni ko‘rib, yulduzni alqasinmi?.. Unda haqiqat, hayot haqiqati nima bo‘ladi? Chinakam adabiyot, haqiqiy san’at adolatning yuziga oyoq bosmasligi kerakmasmidi?.. Hayotni qora ranglarda ko‘rish va tasvirlashga moyil yana bir ijodkor do‘stim “Inson balchiqqa botgan maxluq va u shu yerda abadiy qoladi”, deya takrorlab yurishni yoqtirardi. Bu borada u bilan ko‘p tortishganman. Do‘stim har qancha o‘z fikrida qolsa, men ham shuncha bo‘sh kelmasdim: imkon topildi deguncha tinimsiz e’tiroz bildirar, qaysar suhbatdoshim bilan bahslashishdan charchamasdim. To‘g‘ri, chinakam adabiyot o‘zini balchiqni ko‘rmayotgandek tutmasligi kerak. U nafaqat balchiqni ko‘rishi, ayni damda, uning badbo‘y hidini o‘quvchiga hidlatishi, halokatli quchog‘idan badiiy informatsiya berishi darkor. Hatto u bunga mahkum. Lekin, ayni paytda, najot haqida, uning borligi to‘g‘risida ham o‘quvchining qalb qulog‘iga shipshib o‘tmog‘i shart, deb bilaman men. Bas, shuning uchun bir she’rda “Balchiqlarga botsa-da jismim Qorachug‘da yashaydi osmon!..” deyilgan. Deyilgan-u, mening bundayin vaju korsonlarim do‘stimga zarracha ta’sir qilmasdi. Oradan vaqtlar o‘tdi. Do‘stimning bir o‘g‘ilu bir qizi voyaga yetib, uydan ostona hatlab ko‘chaga chiqdi, jamiyat hayotiga aralashdi. Shunda, bilasizmi, nima voqea ro‘y berdi? Do‘stim hayotning yorug‘ ranglarini izlab qoldi! O‘zi uchun topolmagandi o‘sha ranglarni, qarang, endi bolalari uchun, ko‘zining oqu qoralari uchun jazm etdi bu ishga va topdi! Hatto undan nari – dunyo va jamiyatdagi, ko‘cha-ko‘ydagi, odamlar fe’lidagi illat va nuqsonlarni o‘zicha tuzatishga bel bog‘ladi. Nega? Chunki bolalari bor edi u yerda – ro‘yi zamin ustida! Do‘stim hatto shu kungacha yozilgan o‘z ijodini qayta ko‘rib chiqa boshladi – yorug‘lik, yaxshilik, ezgulik, adolat va bunyodkorlik ruhi foydasiga!.. Demak, deyman men o‘zimga-o‘zim, vaziyatga qarab, bitta odam o‘z umri davomida piyoladagi suvgayu deraza ko‘zidan ko‘rinib turgan yulduzu go‘ngga bo‘lgan munosabatini o‘zgartirib turishi mumkin va bu g‘oyat tabiiy ekan-da. Demak, inson hayotdan qanday (musbat yoki manfiy) ta’sirlansa, sekin-asta dunyoqarashi ham shunga moyil bo‘lib shakllanar ekan-da. Ya’ni inson miyasi go‘yo bir fotoapparat: u har kuni atrofidagi voqelik parchalarini chiqillatib rasmga oladi. Miyada yig‘ilgan suratlar esa uning olam haqidagi tasavvurini, tasavvur esa, o‘z navbatida, o‘sha insonning dunyoqarashiyu kayfiyatini, optimist yoki pessimist bo‘lib yetishishini ta’min etarkan-da! Demak, nimani suratga olish o‘sha insonning hayotga munosabatidagi darajani – nekbinlik yoki tushkunlik miqyosini belgilab beradi. Bu daraja va miqyoslar esa o‘z o‘rnida inson hayoti ma’nisini ifodalaydi. Qissadan hissa shuki, adabiyot hayot aksi, voqelik modeli bo‘lgani bois, o‘quvchini yorug‘lik yoki zulmat sari yetaklashi, uning ongu qalbini u yoki bu mazmun-kayfiyat bilan emlab turishi inkor etib bo‘lmas haqiqatdir. Bas, shunday ekan, ijodkorning, umuman, insonning “kurashayotgan bu ikki to‘lqin” (Oybek) – (bu o‘rinda) Yorug‘lik va Zulmatning qay biri tomonida turishini issiq tanasiga yaxshilab o‘ylab ko‘rishi kerak bo‘ladi. Hatto har doim, bir umr o‘ylab yurishi shart buni.

Hamma-hamma davrlarda odamlarga “Yaxshi bo‘l!” degan gap uqtiriladi. Yaxshi bo‘lish insonlikning sharti ekanligi, aks holda, bu dunyoyu u dunyoda farog‘at topmasligi bot-bot uning zehniyatiga singdiriladi. Lekin ba’zan “ezgulikka shuncha tashviqot bo‘lgani holda, odamlarning yaxshiligi to‘piqqa ham chiqmaydi-ya. Agar yaxshilik o‘rnida yomonlik targ‘ib etilganda bormi, bilmadim, atrofimiz qanaqa maxluqlarga to‘lib ketgan bo‘lardi…” deya o‘ylab qolaman.

Inson tug‘ilibdiki, ziyoga intiladi. Hayotning ibtidosi quyosh nuri bag‘rida ona sayyoramizga ingan yorug‘lik va iliqlikda yashirin. Boshqacha aytganda, Yaratgan Egamiz quyoshni bir vosita aylab, zamin uzra hayotni bor etdi. Zamonaviy ilm ham qadam-baqadam buni isbot qilib kelayapti. Demak, yorug‘likka intilish maxluqotning javhariga joylashtirilgan eng kuchli Ehtiyojdir. Adabiyotning oydinlikka talpinishi ham, aslida, ana shu ildizdan suv ichayapti. Binobarin, zulmat, yovuzlik, buzg‘unchilikka mag‘lub bo‘lish va pirovardida ularni targ‘ibu tashviq qilish asllikka, sog‘lomlikka, mohiyatga, javharning tabiatiga ziddir. Zero, nur o‘z yo‘lida uchragan zulmatni yengish uchun bor etilgan. Aslida, olam ham cheksiz koinot zulmatiga basma-bas yaratilmadimi? Zulmatning bag‘ri chok-chokidan so‘kilib, ichidan nur oqib chiqmadimi! Xuddi shunday, adabiyot ham alal-oqibatda yorug‘likka, hayotga ovoz bermog‘i, bashar ahliga, yiqilganda yuzini yerga urib olishidan saqlaydigan tirgak – qo‘l, turganda esa olg‘a ketishini ta’minlaydigan oyoq bo‘lmog‘i shart emasmi! Bas, shunday ekan, bu zahmatli, ammo sharafli Vazifani faqat Yorug‘, Hayotparast, Nekbin va Kuchli Adabiyotgina uddalay oladi! Va insoniyatning mana shunday adabiyotga bugun har doimgidan-da ko‘proq ehtiyoji bor!

Gazeta, jurnal va kitoblar chop ettirish, aslida, adabiyot haqidagi o‘ziga xos suhbatlardir. Lekin bu vositali suhbatlar hisoblanadi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri suhbatlar ham bor. Bu ikki yoki undan ortiq muhiblarning o‘zaro muloqotlari bo‘lib, aynan shunday suhbatlar quchog‘ida kishining qalbi yorug‘ va issiq tuyg‘ularga, ayniqsa, ko‘proq to‘yinadi. Chunki sevimli mashg‘uloting haqida tirik inson bilan dildan gurunglashishning zavqiga nima yetsin! O‘zini Alman deb tanishtirgan, yoshi yetmishni qoralagan shunday bir hamsuhbatim bor mening ham. “Nega ismingiz Alman?” desam, “Alman-da, gaplashganda al bo‘p ketaman”, deydi yoqimli viloyat shevasida u. Men o‘zimcha buni “El bo‘p ketaman, Elman” deb tushunaman. Chindan-da Elman aka adabiyotning tom ma’nodagi shinavandasi… Shunday deb yozdim-u, Elman akaning haqiga xiyonat qilgandek sezdim o‘zimni. Chunki u yod aytib yuradigan she’rlar mag‘zini chaqish uchun shunchaki shinavandalikning o‘zi yetmaydi. Buning uchun insonda haqiqiy san’at mazmun-mohiyatini ich-ichdan his qiladigan tafakkur va qalb bo‘lishi shart. Buni o‘qib-o‘rganish orqali qo‘lga kiritmoqchi bo‘lgan kas chuchvarani xom sanabdi. U ATO ETILADI. Binobarin, ba’zan ilmiy darajaga ega basavlat mutaxassisning adabiyot to‘g‘risida yozganlariniyu aytganlarini o‘qib-eshitib turib hafsalasi pir bo‘lib ketadi kishining: zohiran binoyidek, lekin botiniy mundarijasiga nazar tashlasang, maza-matra topmaysan! Tavba, deyman, bu kishim sanoq komissiyasida ishlaydimi o‘zi? Unga asarda nechta erkak va nechta ayol qahramon, qancha qush va hayvon turi, qancha daraxt va gullar xili tilga olinganini sanab chiqish bilan haqiqiy badiiy tahlil o‘rtasida yer bilan osmoncha farq borligini qanday qilib tushuntirish mumkin?.. Ayniqsa, ilmiy darajasi ham, yoshi ham senikidan ancha katta bo‘lsa. Nazarimda, o‘sha sanoq asar mohiyatiga tushishga imkon yaratsagina o‘zini oqlaydi. Masalan, Simurg‘ – o‘ttiz qush haqidagi ulug‘larimizning asarlaridagi kabi. Boshqa paytlar bunday tutumning adabiyot ilmiga aloqasi yo‘qligini anglaydigan vaqtlar allaqachon kelgan, axir!

Elman aka o‘nlab she’rlarni yoddan, o‘zigagina xos uslubda ifodali o‘qiydi, yana she’rning qoq o‘rtasida andak to‘xtab, misralar mazmuniga sharh ham berib qo‘yadi va davom etadi. Uni kuzatib turib, o‘z-o‘zimga deyman: Elman akaga o‘xshagan insonlarga adabiyot zavqi Yaratgan tomonidan beriladi. Bas, aslida, eng muhimi va keraklisi ham shu. Demak, adabiyot ilmi shu poydevorning ustiga qurilsagina, biron naf chiqishi mumkin. Aksi taqdirda, sohaga yetti yot begona “mutaxassis” aralashib, “har go‘shada yig‘lab” boshingizni qotirgandan-qotirib o‘taveradi.

Uchinchimi suhbatimizda Elman aka yoddan o‘qib berayotgan she’rlar mohiyati hayotdagi juda chuqur kontrastlar bag‘ridan otilib chiqqanligini ilg‘ab qoldim. Yana u kishim bilan har safargi muloqotdan so‘ng ko‘nglimda ajib bir oydinlik kezib yurishini ham sezdim. Keyin buning sababini o‘zimcha qidirib ko‘rsam, gaplashgan gaplarimiz va o‘qiganu eshitgan she’rlarimizning ta’siridan ekanini angladim. Adabiyot turfa bo‘ladi va shunday bo‘lishi kerak ham. Lekin ana o‘sha turfa adabiyotning jon tomirlarida oqayotgan qon tarkibida bitta, mening fikrimcha, ishtiroki shart hisoblangan unsur bor bo‘lib, ismi UMIDBAXShLIKDIR! Men, bizning nazarimizda savodsiz bo‘lgan (“maktabni to‘liq bitirmaganman” deydi uning o‘zi) Elman aka bilan bo‘lgan mubohasalarda ana shu adabiyotni his qilaman desam, sira haqim ketmaydi. Axir, adabiyot bu yozilgan va chop etilgan matnlardangina, kitoblardangina iborat emas-ku! Eng katta va eng asl adabiyot bu bizning yuraklarimizdagi, botinimizdagi adabiyot bo‘lsa, ne tong! Axir, u har doim biz bilan birga-da! Eng omadli ijodkor ham ana o‘sha yuragidagi adabiyotning yuzdan birini qog‘ozga tushira olsa, o‘zini baxtli hisoblayversin! Zero, bu adabiyot uyg‘oq paytimizda o‘ngimizda, uxlayotgan vaqtimizda tushlarimizda o‘zini namoyon etaveradi. Inson bor ekan, fikrlar va his qilar ekan, uning adabiyoti hamisha u bilan birgadir, tirikdir! Elman aka o‘zi bilan birga ana shunday kattakon va umidbaxsh adabiyotini olib yuradi.

Elman akaga o‘xshagan yana bir do‘stim aytadiki, haqiqiy, baland iste’dodning qalbi toza bo‘ladi. Aslida, u qanchalik toza bo‘lsa, shuncha iste’dodlidir. Men dalillarga suyanib, uni inkor etmoqchi bo‘laman: falon shoir (yoki piston nosir) g‘oyat iste’dodli, yozganlarini ko‘zingga surtib o‘qiysan, lekin inson sifatida yaqiniga yo‘lab bo‘lmaydi – yo tishlaydi, yo tepadi. Shayton alayhila’nani ol, u ham iste’dodli, qilmishi-chi?.. Bas, shunday ekan, o‘zimcha, har bir inson botinida nur va zulmat kurashi kechadi, ayrim iste’dodlar yorug‘likni qancha ko‘p tashqariga chiqarsa (yozsa), uning ichida shuncha ko‘p zulmat qolarmikan, degan adoqsiz o‘ylarga cho‘maman. Lekin, baribir, do‘stimning gapi o‘zimnikidan ko‘ra menga ko‘proq ma’qul tushganini tan olaman. Mazkur iqror iste’dodli kishining shaxsi ham xuddi asarlari yanglig‘ beg‘ubor va baland bo‘lishini istaganimdan tug‘iladi.

Bir vaqtlar tengdoshlarim qatori men ham F.M.Dostoyevskiyning “Dun­yoni go‘zallik qutqaradi” degan chiroyli gapini aytib yurgich edim. Hozir o‘ylab qarasam, gapning ma’nosiyu kuchi bilan unchalik ishim bo‘lmagan ekan o‘sha yoshlik yillari. Uning mavjud haqiqatga qanchalar yaqin kelib-kelmasligini esa o‘tgan qator o‘n yilliklar ko‘rsatib berdi, chamasi. Bugun men dunyoni qutqarish yolg‘iz go‘zallikning qo‘lidan kelmasligiga aminman. Yana yetib kelgan haqiqatim shu bo‘ldiki, asosiy gap go‘zallik (va xunuklik, ezgulik va yovuzlik, yuksaklik va tubanlik…) qarshisidagi insonning munosabati, ya’ni tanlovi dunyo taqdirini (uning inson faoliyatiga bog‘liq qismini, albatta. Yo‘qsa, odamiyzodga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan, uning ta’siridan xoli tomonlari ham son-sanoqsiz) ko‘p jihatdan hal qilib berar ekan. Tanlov esa shu inson qanday muhitda, qanaqa qadriyat asosida yashaganligi, kimning qo‘lida va nimani o‘qib-o‘rganganligiga bog‘liq bo‘larkan. Agar go‘zallik o‘z holicha dunyoni qutqaradigan bo‘lsa, unda nima uchun go‘zal Yelena (Homerning “Iliada” asari qahramonlaridan biri)ning husnu jamoli yoki Amir Umarxon kanizagining tillarda doston chiroyi butun boshli mamlakatlarning qon ichida suzishiga sabab bo‘ldi? Nega bu misollarda go‘zallik xaloskorlikka emas, halokatga sudradi?.. Sababi, nazarimda, besh qo‘ldek ayon: agar, bu o‘rinda go‘zallikka munosabat xudbinona tus olmaganda qirg‘inbarot urushlarning yuz bermasligi hamda ming-minglab odamlar yostig‘ining qurimasligini anglash unchalik qiyin emas. Dostoyevskiy yuqoridagi mulohazani yuz yillar muqaddam o‘rtaga tashlagan edi. Ehtimol, ulug‘ yozuvchi yashagan davr uchun go‘zallikni tushunish, uning qadriga yetishning o‘zi chindan ham dunyoga, uning avzoyiga jiddiy ta’sir qilgandir (yoki shunday bo‘lishiga asoslar mavjud bo‘lgandir). Hozir ham alohida vaziyatlar uchun “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” deya aytish joizdir, balki. Lekin butun boshli kurrai zamindagi hayotning, avvalo, ma’naviy, so‘ngra esa jismoniy halokatdan qutulib qolishi uchun ushbu shiorgagina rioya qilib yashash kutilgan natijalarga olib bormasligi bugun kundek ravshan haqiqat. Gap shundaki, oradan talay suvlar oqib o‘tdi. Dunyo bir emas, bir necha o‘n marta dumaladi, turlandi, murakkablashdi. Nihoyat, zamonamizga kelib, u tamomila boshqa kayfiyat quchog‘ida nafas olyapti. Bilanihoya, dunyo bugun butunlay boshqa qutqaruv halqasiga ehtiyojmand bo‘lib turibdi.

Boshqa jihatdan, dunyodagi jamiki odamlar Dostoyevskiy kabi olam go‘zalligini nozik tushunib, “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” deya hayqirganda ham boshqa gap edi. Lekin, shu bilan birga, muddaoning hosil bo‘lishi uchun o‘sha hamma, shu jumladan, Dostoyevskiy ham, go‘zallikka daxl qilmay, aksincha, asrab-avaylash lozim degan xulosaga kelishi shart bo‘ladi. Axir, go‘zallikni o‘ta nozik tushunish ham rusning benazir yozuvchisini “Rossiyaning zimmasida umumjahoniy vazifa turibdi. U Osiyoni bo‘ysundirishi va madaniylashtirishi kerak” degan istilochi va yovuz istakdan qutqarolmagan-da! Axir, bu niyat ortida (albatta, Rossiya siyosatining o‘zi shu tomonga sirpanayotgan edi) tarix necha bor aylanib, qancha-qancha dahshatli urushlar yuz berib, ne-ne begunoh odamlarning qonlari to‘kilmadi, deysiz. Bu ham go‘zallikka xizmatmi yoki uni mahv etishmi?.. Demak, go‘zallikni ko‘rish va uni nozik his qilish bilan unga qanday munosabatda bo‘lish boshqa-boshqa narsalar ekan. Zero, go‘zallikni ko‘rib, his qilish ortidan unga egalik qilish xurujiga mubtalo bo‘lish hech qachon o‘zini oqlamaydi. Axir, dunyoda go‘zallik (estetika kategoriyasi)dan boshqa ezgulik, adolat, haqiqat (etika kategoriyalari) degan tushunchalar ham bor. Va u ham inson ehtiyojlari hosilasidir. Go‘zallikka munosabatda inson axloq normalarini chetlab yoki buzib o‘tdimi, demak, qalbda ego zulmatidan oziqlangan yovuzlik tug‘ilib kelayapti, deyavering. Bunday vaqtlarda hatto go‘zallik shaydosidan ham himoyalanish, kerak bo‘lsa, uni to‘xtatish kerak bo‘ladi.

Yana bir gap shuki, “Dunyoni go‘zallik qutqaradi” degan fikrni Dostoyevs­kiy asar qahramoni tilidan aytgan. Demak, asar qahramoni ma’lum bir kayfiyatga, vaziyatga, o‘zigagina xos dunyoqarashga suyanib aytgan bu gapni. Bas, shunday ekan, ushbu fikrni ulug‘ yozuvchi dunyoni xalos etish yo‘lidagi birdan-bir eng oliy chora, deb ilgari surganligiga hech kim kafolat berolmaydi. Bizning ayni masala yuzasidan batafsil mulohaza yuritganimizning boisi shuki, gap hayot va uni qo‘rish haqida borar ekan, hashamdor fikrlar, chiroyli shiorlar, serjilva mulohazalar, esda qoladigan nutqlar har doim ham ko‘ringanidek, tuyilganidek kuchu qudratga ega bo‘lavermasligiga iqror bo‘lib olishdir. Yo‘qsa, yangi yo‘llar, dunyoni chindan-da xalos etuvchi o‘zga choralar ko‘zlanmay, izlanmay qo‘yiladi. Illo, bugun dunyo yangi yo‘lga muhtojdir. Bu yo‘l uni muqarrar halokatdan qutqarmog‘i kerak.

Daraxt hali navnihol ko‘chat ekan, uning o‘zagi hatto kichkintoy bolani ham ko‘tarolmaydi. Ulg‘ayib, bo‘y-bastini baralla kerganda esa, har bitta shoxiga bir nechtadan voyaga yetgan odamni “chiqarib olishi” mumkin. Xos odamlar uchun mo‘ljallangan, faqat shulargina hazm qilishi mumkin bo‘lgan “yukli” asarlarni keng omma uchun nashr etish qanchalik o‘zini oqlaydi? Demokratiya, plyurealizm kabi tushunchalar ta’siri ostida har doim ham to‘g‘ri ish qilayapmizmi? Men “Uliss” (Jeyms Joys) kabi kitoblarni, uning, ayniqsa, 18-qo‘shig‘ini o‘qigach, shunday o‘ylarga bordim. Albatta, Joysning tasvirda ong oqimi degan kashfiyoti badiiy tafakkur tadrijida alohida bosqich sifatida qaraladi. Lekin bu kashfiyotni o‘ta behayo tasvirlarsiz ham bemalol amalga oshirish mumkin edi. Chunki axloqsiz holatlarning asar taqozosiga ko‘ra fragmentar tarzda berilishi boshqa, ularning erinmasdan uzoq va batafsil tasvirlanishi tamomila boshqa ta’sir kuchiga egaligiga e’tibor qaratmoqchiman. Ayniqsa, keyingisining qarshisidan chiqib qolgan yosh avlod vakili holatini tasavvur qilib olavering. Mulohazalarimga “Nima bo‘pti shunga? Ana, internetni ochib, bitta buyruq bersang, bas, istagancha porno tomosha qilasan. Internetdagi sharmandaliklarning oldida “Uliss”dagi epizodlar arzimas narsa”, deya e’tiroz bildirsa bo‘ladi, buni bilaman. Lekin adabiyot nima o‘zi? Uning ildizi qayerdan suv ichadi? Inson ko‘nglidan emasmi? Ruhga payvastalanib ketmaydimi adabiyotning teran tomirlari? Va aynan shu narsa insonni hayvondan ajratib turmaydimi? Adabiyot, bo‘lganda ham jiddiy adabiyot bilan shug‘ullanuvchi kishilar bashar ahlining ma’naviy rahnamolaridan emasmi? Yo‘lboshlovchilarning o‘zi ruhga emas, jismga, uning istaklariga sajda qilib turgandan keyin, qolganlardan nima kutish mumkin? Badiiy asar bani odamning insonlik tarafiga emas, balki hayvonligiga xizmat qilar ekan, u holda “umuman adabiyot kerakmi-yo‘qmi o‘zi?” degan savolning qarshisidan chiqib qolmaymizmi? Axir, kishilik jamiyatining har doim, hamma davrlarda adabiyotu san’at yanglig‘ insonni tubanlikka emas, yuksaklikka, zulmga emas, adolatga, fahshga emas, poklikka yetaklovchi olamga ehtiyoji bor emasmi? Inson tabiati faqat hayvoniy mayllar yig‘indisidan iborat emas-ku, axir! Qani uning ruhoniy-ma’naviy tarafi?! Yo‘q, gap bu yerda “Uliss” kabi asarlarni man etish haqida emas, balki keng ommaning hukmiga to‘laligicha havola qilish haqida ketayapti. Talaba chog‘imda yoshi o‘zimdan ancha katta do‘stimdan markiz de Sad kitobini o‘qish uchun so‘raganimda, u o‘rtadagi samimiyatimizga qaramay, kitobni menga berib turishdan bosh tortgandi. O‘shanda undan xafa bo‘lgandim, endi esa men uni tushunaman. Ayniqsa, ancha yillar keyin, de Sad asarlari bilan tanishganimdan so‘ng do‘stimga hatto hurmatim oshgan. Oradan 20-25 yillar o‘tib esa o‘sha do‘stim og‘ir xastalik vaqtida bir roman yozib qo‘limga tutqazdi. Men uning yigirma sahifasini ma’qul deya, qolgan 280 betini mutlaqo qayta yozib chiqishi kerakligini aytganimda, endi u mendan xafa bo‘ldi. Lekin yillar o‘tib, do‘stim sog‘ayib ketdi, jamiyat va tabiat bag‘riga qaytdi hamda romanning o‘sha men aytgan qismlarini qayta tahrir qilayotganini aytdi. Faqat do‘stim emas, yaqinda mening o‘zim ham ilgari chop qilingan asarlarimni tahrir ko‘zi bilan qayta ko‘rib chiqdim: natijada juda tor davralarda, shu sohaning odamlarigagina aytilishi mumkin bo‘lgan tuyg‘ularimni ham farqiga bormay bir vaqtlar elga doston qilganimni anglab, xijolat tortdim, ayamay tahrir qildim (Sobiq Sho‘ro davrida jamiyat anchagina cheklovlar ichida yashagan va adabiyotu san’atning gohi-gohida erkinlikka talpinib turishi tabiiy zarurat edi. Tafakkur kishanlarini parchalash haqiqiy adabiyotning vazifasidek tuyilardi o‘shanda. Endi-chi? Endi hamma narsa mumkin va bu hol muqaddas deb bilganimiz adabiyotni ayrim o‘rinlarda oyoqlar ostiga otib yubormoqda! Endi adabiyot aksincha ish tutmog‘i (vaziyatga qarab ish tutishni aslo subutsizlik deb tushunmaslik kerak) va insonga hamma narsaning mumkinligi halokatga olib borishi haqida bong urmog‘i shart! Dostoyevskiy qahramonlaridan biri “Agar Xudo o‘lgan bo‘lsa, demak, hamma narsa mumkin” degan fikrni aytgan edi. Hamma narsaning mumkinligi esa insonning biz bilgan tabarruk zot sifatida barham topganligini anglatadi. Boshqacha aytganda, Xudoga e’tiqodning o‘lishi bilan insonning o‘zi ham o‘ladi). Shunda quyidagicha xulosalarga keldim: ijodkorning (garchi mumkin bo‘lmasa-da) hamma narsani bilishi yaxshi ekan-u, hamma narsani yozishi joiz emas ekan! Bu borada ham ulug‘ Navoiydan dars olsak arziydi:

Xiradmand chin so‘zdin o‘zga demas,
Vale bari chin ham degulik emas.

Chunki “har chin so‘z” ham uni hazm qila oladiganga, botini yorug‘lik ila yetarlicha to‘yingan oydinlargagina aytilmog‘i joiz. Yo‘qsa, u har qancha chin so‘z bo‘lsin, alal-oqibatda zulmatga xizmat qilishi mumkinligini e’tibordan soqit qilib bo‘lmaydi.

Chanqab turgan odam qo‘liga qalam olmasin, yo‘qsa, uning yozganlari suv borasidagi ta’maga aylanib ketadi, deya yozgan edim qaydadir, qachondir. Xuddi shunday, dardman odam yozganlarini o‘sha darddan forig‘ bo‘lgandan keyin yaxshilab ko‘zdan, ya’ni sog‘lom nazardan o‘tkazib olishi kerak. Toki, bu darddan to‘ragan matn insonni inson o‘laroq tutib turgan gumanizm ustunlariga raxna solmasin. Chunki kasal kishi, odatda, o‘z dardi iskanjasida qolib, xastalikning xarxashalarini o‘zining asl istaklari deb biladi. Axir, inson faqat kasal holininggina mahsuli emas-ku! U o‘z umri davomida necha-necha bir-biridan farqli hollarga tushmaydi, deysiz. Lekin u shularning birini mutlaqlashtirib, jamiyat a’zolari e’tiboriga “Birdan-bir haq gap shu!” deya sunsa, bu qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?..

Hamma narsani hurfikrlilik bilan xaspo‘shlab bo‘lmaydi. Agar hurfikrlilikda insoniyatga, uning hayotiga qarshi nimadir, hatto eng kichik unsur bor bo‘lsa ham, demak, bunday plyuralizm alal-oqibatda qora kuchlarga xizmat qiladigan hol sifatida baholanmog‘i kerak. Bunday hurfikrlik ortidan chiqib keladigan yovuzlik, fahsh, zo‘ravonlik kabi illatlar borib-borib dunyodagi har qanday yaxshiligu ezgulikning, yorug‘ligu adolatning urug‘ini kuydirishi mumkin. Shuning uchun ham plyuralizm haqida baland pafos bilan nutq irod qilayotgan paytimizda bilmog‘imiz kerakki, plyuralizmdan plyuralizmning farqi bor. Bashar manfaatiga to‘la xizmat qiladigan hurfikrlilik bilan shu niqob ostida uning oyog‘iga bolta uradigan “hurfikrlilik” o‘rtasida juda nozik, lekin o‘ta muhim chegara chizig‘i mavjud.

Kunlardan bir kun talaba yoshlarimizning uch-to‘rt vakili eshik qoqib kelishdi-da: “Dunyoda adolat yo‘q, hayot bema’ni, nima gunoh qilsang qil-u, gunohkor sen emassan, bu yorug‘ olamda nima karomat ko‘rsatsang ko‘rsat-u, oqibati bir pul”, degan gaplarni dasturxon qilishdi. Shunda men ular bilan ochiqchasiga bahsga kirishmay, sekin ko‘ngillariga qo‘l solib ko‘rdim. Natijada, ular o‘zlari “ko‘tarolmagan”, “hazm qilolmagan” yozuvchiyu shoirlar asarlarini o‘qib yurishganini, hatto ularning ta’sirida ekanliklarini bilib qoldim. Bular – Umar Xayyom, Dostoyevskiy, Joys, Kafka, Kamyu va hokazo jahon tan olgan ulug‘ ijodkorlarbo‘lib chiqdi…

Yoshlarni obdan tinglab bo‘lgach, muddaoga ko‘chdim. Hayotlarining shu pallasida boshqa adabiyotlarni, xususan, botinida nur balqib turgan asarlarni ko‘proq mutolaa qilishlari zarurligini uqtirishga urindim. Keyinroq, masalan, ma’naviy immunitetlari kuchga kirib to‘lishganda boshqa har turli adabiyotlarni o‘qish zarar qilmasligini uqtirdim. Shunda ulardan biri jiddiy turib e’tiroz bildirdi: “Nega endi, masalan, Dostoyevskiyni emas-da, Tolstoyni aytyapsiz? Axir, Dostoyevskiy dunyoda eng katta yozuvchi deb tan olinadi?” dedi. Men, avvalo, hech qaysi yozuvchi “eng katta” bo‘lolmasligi sabablarini tushuntirishga harakat qildim, so‘ngra, asosiy masalaga kelib, tavsiya qilinayotgan asarlarda zig‘irdek bo‘lsa-da yorug‘likka ishonch borligi haqida gapirdim. Ular esa yana bahslashishdi. Chunki o‘sha tobda ichlaridagi zulmatning hissasi yorug‘liknikidan ko‘proq edi, nazarimda. Zulmat, odatda, yorug‘lik bilan o‘t bilan suvdek gap. Yorug‘lik haqidagi kaminaning gaplari shuning uchun ham ularning botinlaridagi “borliq” bilan hamohang jaranglamasdi. Natijada e’tiroz bildirib, qarshi fikr aytishaverdi… Eslayman, 2005 yilda og‘ir bir xastalikka chalingan edim. Bir necha oylar chamasi to‘shakdan turolmaganman. Butun borlig‘imni allaqanday zulmat qoplab olgandi. Najotim – yorug‘lik edi. Hatto o‘sha yillari quyosh tushib turadigan boshqa uy qidirib, uni eng oxirgi qavatdan topib, o‘shanga ko‘chib ham o‘tganman. Iztiroblar iskanjasida qolib, Yaratganga qilgan iltijolarimdan biri quyidagi shaklda qog‘ozga ham tushgan edi: “Quyosh bilan kaltakla meni, Chiqib ketsin ichimdan zulmat!”

Muhtaram o‘quvchi! Mening bu gaplarimni kontekstdan uzib olib, Umar Xayyom, Dostoyevskiy, Joys, Kafka yoki Kamyu singari ulug‘ shoiru yozuvchilarga e’tiroz deb tushunmasligingizni o‘tinib so‘rardim. Chunki ularning inson badiiy tafakkur tadrijiga qo‘shgan olamshumul hissasini inkor qilgulik niyatim ham, holim ham yo‘q, aksincha, bu haqda baholi qudrat“nimalardir” qoralab kelaman. Lekin ular ma’lum ma’naviy immunitetga ega bo‘lgan, ruhiy jihatdan baquvvat kishilarning badiiy tafakkur tarzigagina ijobiy ta’sir o‘tkazishi mumkinligini baralla aytgim keladi. Dunyoqarashi hali yetarlicha shakllanmagan yoshlarni, uzoq yillar yo‘lini topolmay gandiraklab yuradigan bo‘sh-bayov o‘quvchilar ma’naviyatini esa bir umrga mayib qilib qo‘yishi hech gapmas, deb bilaman. Eslayman: taxminan yigirma-yigirma bir yoshlarimda Kafka asarlariga oshno bo‘lib, so‘ng ular ta’siriga tushib, yillab tuzukroq uxlay olmay iztiroblar chekkanman. Xullas, yana o‘sha gap: daraxt navnihol ekan, egiluvchan, mo‘rt keladi, ulg‘aygach, uning birgina shoxi ham necha-necha insonni “bag‘riga olishi”mumkin.

Dostoyevkiy hayoti va ijodiga diqqat bilan razm solsangiz, ulug‘ yozuvchining botinida ham juda katta zulmat yashaganligini ilg‘aysiz. U o‘sha zulmatga qarshi butun umri davomida kurashib o‘tgan. Lekin har doim ham yozuvchining qo‘li baland kelavermagan. Yuqorida eslanganidek, yozuvchi ana shunday damlarda imperialistik kayfiyatidagi niyatlarni yozib qoldirgan (“Dnevnik pisatelya”). Shunday ulug‘ yozuvchi merosida shu kabi bitiklar ham borligiga afsuslar qilasan, kishi. Bunday taassufni yozuvchining zabardast tarjimoni Ibrohim G‘afurov ham “Dostoyevskiy bilan tungi suhbat” maqolasida o‘rinli ravishda bildirib o‘tadi. Xo‘sh, nega yozdi ekan rusning betakror adibi ushbu so‘zlarni?.. Yengilish sodir bo‘ldimikan! O‘z davrining umumruhiga, chor davlati siyosati kayfiyatiga tushib qoldimikan yozuvchi… Axir, kishi ichkarida – botinda g‘olib kelsa, hech qachon o‘ziga ravo ko‘rmagan ko‘rgilikni o‘zgaga tilamaydi-da! Tilamasligi joiz! Iso alayhissalom o‘gitini eslang. Hatto u zulmning har qanday xiliga qarshi chiqqan. O‘ng yuzingga ursalar, chap yuzingni tut, deya o‘git bergan. Bu o‘gitni yuzaki tushunganlargina payg‘ambarni ojizlik va mutelikda ayblaydi. Aslida, bu so‘zlar zulmga qarshi yuksak martabadan turib mardona aytilgandir. Dostoyevskiyning nasroniylikka chuqur e’tiqodi bo‘lganligini hisobga olsak, u yuqoridagi kabi mulohazalarida muqaddas o‘gitlardan ham naqadar uzoqlab ketganiga guvoh bo‘lamiz. Albatta, har qanday millatparvar ijodkor o‘z xalqini sevishi, uni ulug‘lashi, o‘zi mansub jamiyatni buyuk maqsadlarga undashini tushunamiz va qabul qilamiz, lekin bu narsalar o‘zga xalqlarning ko‘z yoshi va qoni evaziga bo‘lmasligini ham mudom yodda tutamiz. Shularni o‘ylaganda, xayolga beixtiyor quyidagi o‘ylar keladi: har bir davr tafakkuri o‘zigacha bo‘lgan va ulug‘ deb hisoblanib kelingan hamma daholar va ularning barcha xizmatlarini yuksak etik va estetik tafakkur chig‘irig‘idan o‘tkazib, gumanizm mezonlari bilan obdan o‘lchab olishi shart (Adabiyot ham o‘z davrining kayfiyatidan kelib chiqib, unga ruhiy-ma’naviy ko‘mak berish ma’nosida o‘z tavrini belgilab olishi kerak). O‘tmishning xayollarimizdagina mavjud poydevoriga bugunning haqiqiy imoratini qurib bo‘lmaydi. Yoki kechagi kunning soyasida bugunning jazirasidan saqlanish mumkin emasligini teran anglamog‘imiz kerak. Ba’zan ta’lim-tarbiya haqida gap borganda, jahonning mashhur asarlari tilga olinib, hatto o‘qib-o‘rganish tavsiyasi beriladi. Bu, umumiy ma’noda, to‘g‘ri albatta. Lekin masalaning xususiy tomonlari ham bor. U ham bo‘lsa, tarix va bugungi jamiyatlar, ularning dunyoqarashlari va qadriyatlari o‘rtasidagi tafovut. Shu ma’noda tarixiy-madaniy merosni qanday bo‘lsa, shundayligicha bugungi kunga ko‘chirishga urinish o‘zini to‘la oqlamaydi. Kerak bo‘lsa, har qanday ma’lumu mashhur meros ham tanqidiy o‘rganilishi foydadan xoli emas. Chunonchi, “Panchatantra” degan mashhur hind adabiyoti namunasini o‘qib qolgan yaqin do‘stim asardagi ochiq sahnalarni, ko‘plashib yashash epizodlarini, eridan zerikkan xotinning osongina boshqasi bilan bo‘lib, so‘ng erini o‘ldirish choralarini qidirib qolganini gapirib, tushuniksiz ko‘ylarga tushdi. Nega, desangiz, torozining bir tomonida, butun dunyo shu kungacha ko‘kka ko‘tarib kelgan asar haqidagi tasavvur, hurmat tursa, ikkinchi tarafida manavindaqa epizodlar namoyishi…

Xo‘sh, “Panchatantra” qachon bitilgan? “Debocha o‘rnida” sunilgan, ustoz tarjimon Ibrohim G‘afurov tomonidan bitilgan so‘zda eramizning uchinchi-to‘rtinchi asrlarida deyiladi. U paytda insonlar jamiyati, odamlarning o‘zaro munosabatlari qay daraja va ahvolda edi?.. Nega bu savolni berayapman? Chunki asarda axloqsiz munosabatlar anchagina tasvirlanganki, ularning bugungi kun ilg‘or jamiyatlarining axloq tushunchalariga tamomila zid ekanligini ta’kidlab aytmoq kerak. Hoziram Afrikada, janubiy Amerikada yarim yovvoyi qabilalar yashaydi, ularda oila, axloq tushunchalarida zamonaviy, ilg‘or jamiyatlardagiga mutlaqo muvofiq tushmaydigan holatlar bor (Kunimizda Ovrupaning ayrim joylaridagi axloqsizliklarni ana o‘sha yetib kelingan baland maromdan chetlanish deb qarash kerak). “Panchatantra” bitilgan davrlarda ham odamzod rivojlanishning ancha quyi bosqichida bo‘lganligini nazarda tutsak, biz, bashar ahli, shuncha yo‘l bosib, qancha qonlar yutib qo‘lga kiritgan hayot tarzimizdan, uning qonun-qoidalaridan, axloq normalaridan voz kechishimiz aql ishi emasligini ayon bo‘ladi. Uzun gapning qisqasi shuki, nimaiki hayotda o‘zining sog‘lom qirrasi bilan namoyon bo‘lsa, o‘shani olish, kamol toptirish zarur bo‘lganidek, nimaiki, sog‘lom hayot tarzi va mantiqqa zid bo‘lsa, u eng ulug‘ asarlarda bitilgan bo‘lishiga qaramay, hech ikkilanmasdan tanqidiy yondashmoq, saragini avaylab olib, puchagini puflamoq lozimdir! Yanada keskinroq aytay: nimaiki, insonning hayvoniy tarafiga ozuqa bo‘lsa, ayovsiz tanqid qilmoq, nimaiki uning insoniy tomonini quvvatlasa, dastaklamoq zarur. Gap olovga tashlash haqida emas, balki jamiyatning kattayu kichik a’zolarida mavjud merosga nisbatan sog‘lom nuqtai nazarni shakllantirish, to‘g‘ri munosabat borasida ketayapti. Axir, necha vaqtdan beri bashariyat o‘zining oliy maqsadi – ideal olam, ideal jamiyat sari intilib kelmoqda. Buni utopiya, cho‘pchak hisoblaydiganlar ham bor. Lekin o‘sha orzuning o‘zi insoniyatni insonlik maqomida tutib turguvchi ma’naviy kuchlardan biri ekanligini inkor qilib bo‘lmaydi! Shunday paytda ortga qaytib, o‘tmish zamonlarda urf bo‘lgan ibtidoiy odatlarga rioya qilish inson ma’naviyatiga ham, uning orzusiga ham, maqsad-muddaosiga ham ters harakatdir. Albatta, ma’naviy merosning bugungi kun uchun ham ahamiyatini yo‘qotmagan qirralari o‘qib-o‘rganiladi, bundan tonish yo‘q. Lekin ularni oldimizda turgan zulmatni yoritguvchi qo‘limizdagi birdan-bir mash’ala maqomiga ko‘tarmasligimiz judayam muhim. Zero, hayot deganimiz, aslida, kuydirguvchi bir olovdir. Inson mana shu olovda yonib poklanadi, poklanayapti, poklanmog‘i zarur ham! Uning shu gulxanda yonib, o‘zining eng tuban, eng jirkanch, eng qabih sifatlaridan tozalanib borishi lozimligiga ishonmog‘imiz esa yanada muhim.

Mulohazamiz quruq bo‘lmasligi uchun “Panchatantra”dan joy olgan uch siynali qiz, ko‘r va bukri haqidagi hikoyaga qisman to‘xtalsak. Shoh nuqsonli tug‘ilgani uchun uch siynali qizini ko‘rga xotinlikka berib, siylovlar evaziga o‘zga yurtga ketishini istaydi. Shunday bo‘ladi ham. Ammo nogiron qiz kunlardan birida ko‘r eriga xiyonat qilib, bukri bilan o‘ynashadi. So‘ng xiyonatkor xotin va do‘st ko‘rdan xalos bo‘lmoq niyatida qora ilon o‘ligini keltirib, sho‘rva tayyorlashadi. Sho‘rvaning hovuridan esa ko‘rning ko‘zi ochiladi. Bundan bexabar xiyonatkorlar yana ishratga berilishadi. Hammasini ko‘rib turgan er g‘azab otiga minib, bukrining oyog‘idan ushlab aylantiradi-da, xotiniga uradi. Natija qanday bo‘ldi, deb o‘ylaysiz?.. Sira kutilmagan! Ya’ni kuchli zarbadan xiyonatkor do‘stning bukrisi va vafosiz xotinning siynasi tuzaladi. Hikoya shu yerda tugaydi. Xo‘sh, Sharq didaktik adabiyoti, falsafasi, va’zu nasihatlari, asosan, qissadan hissa chiqarish asosiga qurilar edi-ku! Bu yog‘i qanchadan tushdi endi?.. Bevafolik (ayolning tutumi), xiyonat (do‘stning tutumi), qotillik niyati (xotin va do‘stning tutumi) natijasida uchovi qosirning ham nuqsoni tuzalib ketayapti! Boshqacha aytganda, “marhamat, razil ishni qilavering, natijasi yaxshi bo‘ladi” deganimi bu?.. Mazkur “qissadan hissa”ni bugungi inson, uning qalbi va tafakkuri, axloqiy qarashlari, iymonu e’tiqodi qabul qiladimi? Uni kecha ham qabul qilishmagan edi. Axir, arablar “Panchatantra” asosida “Kalila va Dimna” degan asar barpo qilishgan. Solishtirib o‘qing-a! Orada ancha farq bor. Arablar o‘z jamiyatlari, bu jamiyatdagi odob-axloq normalari negizida asarni asrlar mobaynida mudom qayta ishlaganlar. Shunga ehtiyoj sezganlar. Chunki hind variantidagi ko‘pgina munosabatlarning mazmun-mohiyati ularning dunyoqarashlariga to‘g‘ri kelmagan ko‘rinadi. Shuning uchun ham zamonaviy olimning tafakkuri ulkan projektor kabi ishlamog‘i kerak deb o‘ylayman:u har bir qarich yerni, har puchmoqni yoritmog‘i va u yerda bashar qismatiga daxldor borliq haqiqatni ko‘rmog‘i, uni o‘z nomi bilan atamog‘i lozim. Mabodo, dog‘ bo‘lib tushadigan zarracha kirni ko‘rsa ham, u kimga, qaysi xalqqa va qaysi ulug‘ zotga tegishli bo‘lmasin, bundan tafakkur ahlini xabardor etmog‘i joiz. Bu uning eng oliy va muqaddas burchi, vazifasidir.

Bas, shunday ekan, tashqaridan qaraganda, bir chetda kitobga jo bo‘lib turadigan beozor adabiyotning qandayligi aql va qalblarga ko‘chganda, u olamshumul kuchga aylanadi. Binobarin, kitobga, adabiyotga bepisand qarab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham ayrim buyuk ijodkorlar asarlarini mutolaa qilayotganingizda ko‘zingiz orqali qalbingizga bo‘ron yanglig‘ qop-qora zulmat bostirib kirmoqchi bo‘layotganini his qilasiz. Agar botiningizda yetarli darajada yorug‘lik bo‘lmasa, siz yozuvchi zulmati quyunida qolishingiz hech gap emas. Axir, ulug‘ yozuvchi demak, ayni damda, buyuk iste’dod, hatto daho demak. Qaysi o‘quvchi (ayniqsa, yosh kitobxon)daho san’atkor bilan bellasha oladi? Kimning unga kuchi yetadi?.. Jiddiy o‘ylab ko‘riladigan mavzu bu!

Bovujud, UMID beruvchi asarlarga bo‘lgan ehtiyoj bugun har doimgidan-da katta (Ertaga kashfiyotchilik adabiyotiga shunday ehtiyoj sezishimiz mumkin. Xuddi bir vaqtlar sarguzasht asarlarga talpinganimiz kabi). Turmush va uning adoqsiz tashvishlari buramasi, “ommaviy madaniyat” girdobi, yengil hayot tarzining targ‘ib etilishi, e’tiqodning, burdning zaiflashuvi va hokazo sabablar natijasida inson ruhiy ildizdan uzoq tushib bormoqda. Uning hayvonligi hakalak otmoqda. OAV butun mohiyati iste’molchilikdan iborat Yangi Insonning paydo bo‘layotgani haqida ovoza qilmoqda. Shuning uchun ham bugun insonning insonlik tarafini kuchaytiradigan yorug‘ va umidbaxsh asarlarga suv va havodek ehtiyojimiz bor, deb o‘ylayman. Yaqinda real hayotiy voqeaga asoslangan kino ko‘rdim va bir necha kun shu asar ta’sirida yurdim. So‘ng internet orqali asarni topdirdim. U frantsuz dramaturgi Jan Dominik Bobbining “Skafandr va kapalak” nomli asari bo‘lib, yozilish tarixi meni o‘ziga jalb qildi. Ya’ni rosa kuchga to‘lgan, hayot va ijodda muvaffaqiyat qozonib kelayotgan dramaturg sira kutilmaganda insultga chalinadi-da, bir umr to‘shakka mixlanib qoladi. Lekin u taslim bo‘lmaydi. Sog‘lom miya va bittagina ko‘z bilan, ularning yordamida hayot uchun kurashadi. Chunki qolgan hamma a’zolar falaj holda edi: na qimir etadi, na gapiradi va na ovqat yeya oladi. Ishga yaroqli bittagina ko‘zi bilan logoped yordamida asar yozadi. Buning uchun alfavitdan foydalanishadi. Logoped bir chekkadan harflarni o‘qib chiqadi, falaj dramaturg kerakli harfga kelganda yagona sog‘ ko‘zini yumadi va shu tarzda bir necha daqiqada birgina so‘z yoziladi. Endi butun boshli asarni yozish uchun ketgan jasorat, sabr, vaqtni o‘zingiz tasavvur qilib olavering. Asar “Skafandr va kapalak” deb nomlanadi. Skafandr bu – suv ostiga tushish uchun kiyiladigan maxsus kiyim, lekin bu yerda ramziy ma’no kasb etib, inson tanasini, kapalak esa ruhni anglatadi. Dramaturg uzoq yashamaydi – o‘ladi. Lekin odamlarga umid qoldirib ketishni uddalab o‘ladi. Yozilishi buyuk jasorat va insonlikning oliy ko‘rinishi bo‘lgan asarda mujassam edi bu UMID. Ehtimol, asarning o‘zida ham emasdir bu umid (Chunki unda G‘arb kishisining dunyoqarashiga singib ketgan shunday nuqtai nazarlar borki, bahslashish mumkin). U shu asarni yozishga bo‘lgan ishtiyoq zamirida yashirin hayotparastlikdadir! Yana bir frantsuz adibi va faylasufi Alber Kamyu avtohalokatga uchrab o‘lganda o‘zining bosh – “Urush va tinchlik”dek asarini yozaman deb yashayotgan edi. Nazarimda, uning ana shu yaratuvchanlik ishtiyoqi yozilmay qolgan asaridan-da balandroq turadi.

Xullas, yana o‘sha – derazadan boqib kimdir yulduzni, kimdir go‘ngni ko‘radi, degan fikrga qaytib keldik. Darvoqe, Deyl Karnegining otasi ham shunga yaqin gapni aytganini o‘qigan edim. Yaqinda sira kutilmaganda Umar Xayyomga nisbat berilgan quyidagicha fikrga duch kep qoldim: ikki kishi bitta derazadan boqib, biri yomg‘ir va loyni, ikkinchisi esa bahor va lojuvard osmonni ko‘ribdi… Xullas, adabiyot ko‘ngil oynasi deymiz. Bu oynadan boqqan o‘quvchiga biz nimalarni taklif qilayapmiz?.. Albatta, haqiqiy adabiyot hamma narsa haqida bilishi va yozishi kerak. Lekin bu degani xulosani go‘ng va balchiqqa olib kelib taqash mumkin degani emas-da! Nega insonga umid berish mumkin emas? Bir qatim nur ilinish shunchalar qiyinmi unga? Dunyoni zulmat bosganda yorug‘lik haqida yozmaslik, ziyoni tarannum etmaslik insoniyat oldida jinoyat sodir qilish bilan barobardek tuyilmayaptimi sizga?.. Aytadilarki, “Iblis Odamga sajda qilmay, Ollohning amriga qarshi chiqib: “Meni olovdan, uni esa balchiqdan yaratding”, dedi. Ya’ni mening zotim olovdan, uniki tuproqdandir. Yuksak bo‘lganning tuban bo‘lganga sajda qilishi to‘g‘rimi? Iblis Olloh bilan shu tarzda mujodala etdi va Uning la’natiga uchradi, huzuridan quvildi. Va: “Oh, Ollohim! Hammasini Sen qilding. Bular Sening buzg‘unchiligingdir. Ustiga-ustak, meni la’natlab huzuringdan badarg‘a qilmoqdasan”, dedi. Odam ham gunoh qildi. Olloh: “Ey, Odam, gunohing uchun seni jazoladim. Hammasini O‘zim qilganim holda seni qildi, dedim. Sen esa Men bilan tortishmading. Yoki daliling yo‘qmidi? Axir, sen ham: “Hammasi Sendan, Sen qilding, chunki dunyoda Sen istagan narsa bo‘ladi, istamaganing bo‘lmaydi”, deyishing mumkin edi. Shu qadar aniq daliling bo‘lgani holda Menga qarshi lom-mim demading, nechun?” deya buyurdi. Odam: “Ey, Tangrim, bilaman. Biroq Sening huzuringda tarbiyamni qo‘ldan chiqarmoqni istamadim. Chunki Senga bo‘lgan ishqim meni qo‘yib yubormadi, qarshi chiqsam”, dedi”. Inson ham masalaga xuddi shayton kabi qarashi mumkin edi, lekin nafsini, tilini tiydi va yarlaqandi. Adabiyot didaktika bilan bir narsa emas, deymiz. To‘g‘ri. Adabiyot insonni har tomonlama kashf qiladi, uning siru sinoatga, ziddiyatga to‘la qalbinibadiiy tadqiq etadi. Chunonchi, F. Dostoyevskiy inson shuuri yerto‘lasiga tushib, inson xatti-harakatlarining asl manbaiga qo‘l uzatdi, ongosti qo‘riqxonasiga kirib bordi. Dostoyevskiyning mana shu kashfiga tayangan holda jahon adabiyoti inson botinida kechadigan xilma-xil va g‘oyat murakkab qirralarni shundoq kaftimizga qo‘ydiki, natijada Odam haqidagi tushunchalarimiz, sezimlarimiz kengayganini angladik. Mavridi kelganda aytish kerakki, bu xil kashflar Sharq mumtoz adabiyotida avvaldan bo‘lgan. Faqat ular tizimli tarzda emas-da, fragmentar shaklda asarlar qatiga yashirilgan. Chunonchi, Z.Freydning (XX asr) inson jinsiy quvvatining hayotni belgilaydigan yetakchi faktorligiga doir qarashlarini eslang. Endi Sharqning “Qaysga tahammulidan ortiq ehtiros berilgani uchun u majnun (jinni)ga aylandi”degan fikrini mushohada qiling. Sharqda bir jumlada aytilgan fikr G‘arbda butun boshli fan tizimiga aylantirilayapti. G‘arb inson xatti-harakatlari zimnida faqat biologik asosni ko‘rgan bo‘lsa, Sharq ruhiy o‘zakni mudom yodida tutgan. Bas, shuning uchun ham biologik faktorlar ta’sirini bo‘rttirmagan. Insonda bir vaqtning o‘zida ham hayvonlik, ham malaklik sifatlari yashashini uqtirgani holda, keyingisining g‘alabasiga umid bilan ko‘z tutgan. Sharq insonning ruhiy ma’naviy javharini ulug‘lab, farishtalardan yuksak maqomga eltib qo‘ygani holda, G‘arb xuddi shu insonning hayvoniy tarafini ideallashtirib, biologik maxluq darajasiga tushirdi. Lekin bu, Freyd ta’limoti yolg‘onu bo‘htonlardan iborat, inchunin, u o‘rganilmasligi kerak, degani emas. Insonning biologik jihati inkor etilmaydi. Gap bu yerda mutlaqlashtirmaslik haqida, ayni damda, insonni ulug‘laydigan sifatiga urg‘u berib, zulmatdan chiqish tirqishiga yo‘naltirish haqida borayapti. Bas, shunday ekan, urg‘uni to‘g‘ri qo‘yib olishimiz lozim va u, eng avvalo, insonning hayvonligi ustiga qo‘yilmasligi shart bo‘lib tuyiladi menga. Dunyoni o‘zgartirish da’vosi bilan chiqqan yana bir olim K.Marks o‘z asrida insonning ijtimoiy jihatini ideallashtirishga urindi. Demak, insonni ruhiy, biologik va ijtimoiy asoslar harakatlantiradi. Sharq esa insonda bir vaqtning o‘zida ham malaklik, ham hayvonlik yashaydi. Malaklik uni yuqoriga tortsa, hayvonlik pastga yetaklaydi, deydi. Xullas, yaxshilab surishtirib chiqsak, o‘zimizning mumtoz adabiyotimiz zamirida hammasi bor edi, hammasi bor. Lekin o‘sha hammasi pardaga o‘rab, ayni paytda yuksak san’at bilan aytilgan edi. Shunday qilib, adabiyot didaktika bilan bir narsa ham, undan tamomila xoli ham emas! Uning bag‘rida pand-nasihat (albatta, yuksak san’at vositasida) unsuri doimo saqlanib qoladi. Insonga kerakli adabiyot doimo shunday bo‘lgan va u shunday bo‘lib qolishi kerakka o‘xshaydi. O‘quvchi ko‘ngliga bir qatim nur olib kirolmagan, yaxshilik, ezgulik, balandlik urug‘ini sepolmagan kalomdan qo‘l tortmoq kerakmi, deyman.

Tahririyatga yozuvchilarimizdan biri uch yil mobaynida uchta hikoya olib keldi. Lekin hech biri chop etilmadi. Chunki hammasi fahshiy epizodlar bilan to‘la edi. Buni yozuvchining o‘ziga aytdik. U esa “hayotda bor-ku, men hayot haqiqatini aks ettirayapman”, deya norozi bo‘ldi. Bir (yuzaki) qarashda, yozuvchi akamizning gapida jon bordek. U yog‘ini so‘rasangiz, xuddi shunday qarash talaygina ijodkorlarga xos ham. Lekin chuqurroq mushohada qilib ko‘rsak, bu qarashning tagi puch ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Avvalo, adabiyot hayotdan ko‘chirilgan nusxa emas. Nusxa bo‘lsa, adabiyotning bir tiyinlik qiymati qolmasdi. Chunki hayot o‘zidan aynan ko‘chirilgan har qanday nusxadan cheksiz karra rango-rang va boydir. Chinakam adabiyotni Gegel hatto tabiatdan ustun ko‘radi. Chunki adabiyotga inson ruhi ishtirok etadi, deydi. Ha, qarang, gap qayerga borayapti? Munosabatga! Ijodkor tomonidan tanlab olingan hayot materialiga bo‘lgan munosabat adabiyotning yaroqli yoki yaroqsiz ekanligini belgilab berar ekan. Yozuvchiki, fahsh haqida yozarkan, o‘quvchi ko‘nglida ham o‘sha “daryodan suv ichish” istagini paydo qilsa, bilingki, bunday adabiyot alal-oqibatda yovuzlikka, buhronga, hayvonlikka xizmat qiladi. Haqiqiy adabiyot o‘quvchi ko‘nglida har qanday mavzuga nisbatan shunday bir munosabat yoki hol paydo qilishi kerakki, pirovard-natijada, bu tuyg‘u turmushga emas, hayotga, tirikchilikka emas, tiriklikka, buzishga emas, tuzishga, tubanlikka emas, yuksalishga, parvozga ovoz bersin!

Esimda, talabalik yillarimda dunyo va o‘zbek adabiyotining ayrim namunalarini o‘qib yurgan chog‘larimda, birdan qalbimning ich-ichida shunday bir tuyg‘uga duch keldimki, uning otini masalan, “Yorug‘likka tashnalik” deb atasa bo‘lardi. Gap nima haqda? Men boshim bilan mukkasiga sho‘ng‘igan o‘sha asarlarning qat-qatida ulkan bir zulmat bor edi va men nursizlikdan, havosizlikdan bo‘g‘ilgan, dimiqib qolgan edim. Shuning uchun ham sal keyinroq quyidagi she’r tug‘ilgan bo‘lsa, ajabmas:

Olislarda bo‘lsa ham,
Hech qachon yetmasam-da,
Mayli,
                   faqat oldinda
Bir chiroq yonsa deyman…

Aytilganlardan muallif “hayot go‘zal, hayot soz” degan jo‘n tezisni adabiyotga tiqishtiryapti, deya yuzaki xulosa chiqarmaslikni so‘ragan bo‘lardim. Hayot har doim ham bayram emas. Balki, katta miqyosda olib qaraganda, umuman bayram emasdir. Oshini oshab, yoshini yashab o‘tayotgan inson umri davomida, Navoiy bobomiz aytganidek, to‘rt faslni boshidan kechiradi. Turmushning o‘zga muammolarini qo‘ya turaylik, shu to‘rt faslning o‘zida, fasllar almashinuvi bag‘rida qanchadan-qancha quvonchli va qayg‘uli damlar yashalmaydi, deysiz! To‘rtinchi fasldan u yog‘i yana ma’lum… U yog‘i (ruh) haqida esa bani odamga juda kam ilm berilgan deyiladi muqaddas kitobda. Shuning uchun ham ana shu o‘gitlaru ko‘nglimiz sezgisiga tayangan holda faqat o‘z ichimizdangina o‘tsa yarashadigan xayol va tasavvurlar yupanchiga duch kelamiz hammasidan narida. Yupanchi bo‘lmaganlar esa, inson bu dunyoga tashlab ketilgan tashlandiq, uning yolg‘iz hukmronligi faqat va faqat bu dunyodadir (Ekzistentsializm falsafasi), deya badbin o‘ylarga yengiladi. Va bundaylarni biz negadir faqat g‘arbliklar deb o‘ylaymiz. Aslida-chi? Yanglishamiz. Yozgan asarlarida mohiyat-e’tibori bilan yaxshilikka, ezgulikka, yorug‘likka ishonchi bo‘lmaganlar, aksincha, faqat va faqat zulmni, ma’nisizlikni, ishonchsizligu buzuqlikni targ‘ibu tashviq etuvchilar Sharqning qoq markazida va hatto Makkayu Madinada yashasalar ham, farqi yo‘q, baribir ZULMATGA XIZMAT QILUVChILAR bo‘lib qolaveradi!

Kunlardan bir kun professor Qozoqboy Yo‘ldoshev telefonda bir hikoyaning yorug‘ xotimasi haqida qoniqish bilan gapirib qoldi. Hikoya “Ertaga quyosh chiqsa kerak” degan jumla bilan yakunlanardi. Go‘shakni qo‘ygandan so‘ng mushohada qilsam, sermahsul va sinchkov olim o‘sha suhbatimizda asosan xotima haqida gapirgan ekan. Qozoqboy akani ko‘pchilik turfa eksperimentlarga boy avangard adabiyot namunalarining ashaddiy targ‘ibotchisi deb biladi. Lekin uning yuragining juda chuqur joyida azaliy yaxshiligu yorug‘likka bo‘lgan ulkan muhabbat borligini men o‘shanda aniq his qilganman. Aslida, bunday muhabbat hammamizda bor. Faqat zamonaning shovqinlari bosib ketayotganidan, ko‘pincha,uning ichkaridan taralayotgan sasini eshitmaymiz.

Gogol va Kafka nima uchun o‘z qo‘lyozmalarini yoqib yo‘q qilishlarini do‘stlaridan iltimos qilgan ekan, deb ko‘p o‘ylanaman. Ehtimol, deyman o‘zimga-o‘zim, o‘sha yozuvlari qatlarida zulmatni his qilishgandir va bu hol ularning ruhiyatidagi, juda ichkarida yashirin yorug‘ mohiyatga teskari kelib qolgandir, a? Nima deb o‘ylaysiz, siz?.. O‘spirinlik chog‘larimda A.Dyumaning “Graf Monte Kristo” asari menga juda yoqardi. Chunki u yerda yomon odamlardan boplab qasd olish bor edi-da. Talay hind kinolarida ham shu motiv eniga va bo‘yiga rosa ishlangan. Ular kulgingni qistatadigan darajada sodda edi, lekin negadir vaqti-vaqti bilan tomosha qilishga ehtiyoj sezardim. Nega? Talabalik yillarimda buning mag‘zini chaqqandek bo‘ldim: o‘shanday asarlar mening botinimdagi adolatning tiklanishiga ko‘maklashar ekan. Chunki men ham hali yosh bo‘lishimga qaramay, atrofimda ro‘y berayotgan o‘ziga yarasha adolatsizliklarga duch kelib turardim-da. Naz­dimdagi adolatni tiklashga esa, berkitib nima qildim, ojizlik qilar edim: jismoniy, aqliy va yurak quvvatim yetmasdi. Shunda, masalan, Monte Kristoning sarguzashtlari orqali men ichimdagi ana o‘sha orzuimga erishgandek his qilganman o‘zimni. Hozir esa, men qasd olishdan ko‘ra afv etish balandroq va inson sha’niga munosibroq a’mol ekanligini oz-moz fahmlab qoldim desam, aybga buyurmaysiz.

Umuman olganda, asar o‘z holicha, ya’ni badiiy, falsafiy va boshqa jihatlariga ko‘ra baland bo‘lishi mumkin. O‘qishing bilan buni tushunib yetasan, kishi. Faqat hamma gap shundaki, har qanday ulug‘ asarning ham jamiyatga maksimal ta’sir qiladigan o‘z vaqti, davri bo‘ladi. Tushunganingizdek, men ijobiy ta’sirni nazarda tutyapman. Shu bilan birga, uning salbiy ta’sir fazasi ham bor. Qiziq-a? Asar genial maqomda bo‘lsayu o‘quvchiga ikki xil ta’sir qilsa!.. Chunki o‘rtada o‘quvchi mansub bo‘lgan zamon va uning muammolari masalasi bor. Ana o‘sha zo‘r asar deganimiz davr va uning dardlari bilan qaysidir nuqtalarda yo kesishadi va yoxud yo‘q. Birinchi vaziyatda kutubxonalarda chang bosib yotgan asarga qaytadan jon kiradi, ikkinchi holatda esa aks ta’sir etadi. Misol uchun ikkinchi jahon urushi vaqtida Umar Xayyom ruboiylarining front va front ortidagi odamlarga ko‘rsatgan ta’sirini eslab ko‘ring. Yaqinda “Literaturnaya gazeta”da “Umidlar so‘nmaydi” degan suhbatga ko‘zim tushdi. Unda “XXI asrda sizga katta ta’sir qilgan film nomini ayta olasizmi?” degan savolga RosFA bosh ilmiy xodimi, MDU professori Sergey Kara Murza shunday dedi: “Javobim kulgili tuyilishi mumkin, lekin bu “Siniq chiroqli ko‘chalar”.Har bir seriya ezgulikning yovuzlik ustidan yengilgina g‘alabasi bilan yakunlanadi… Seriallar terapevtlik funktsiyasini bajarishmoqda. 1990 yillar avvalida jamiyatimiz olgan jarohat hali bitib ketgani yo‘q. Hozir yaraga tuz sepadigan kartinalar kerak emas”. Albatta, bu yerda olim biron-bir asar peshonasini silab, ikkinchisining ko‘kragidan astoydil itarishni maqsad qilganda edi, biz ham ushbu maqolamizda e’tirozlarimizni bayon qilardik, u bilan bahslashardik. Lekin kontekstdan kelib chiqadigan bo‘lsak, professor buni ko‘zga olmaganini uqamiz. Shunga qaramay, nega u o‘rtamiyonaroq kino asarini yoqlab chiqmoqda? Bunday deyayotganimning sababi, serialning bir necha qismini men ham tomosha qilganman. Aktyorlik mahorati, ko‘tarilayotgan muammoning yangiligi, maxsus effekt va boshqa ko‘plab jihatlariga ko‘ra, chindanam miyonaroq film. Professorning o‘zi ham bejiz “javobim kulgili tuyilishi mumkin”, demayapti. Faqat davr va uning kayfiyatidan kelib chiqqan holda ushbu asarni tilga olmoqdaki, bu bilan “hozir odamlarga ezgulik tantanasiga bo‘lgan ishonch har qachongidan-da zarurroq” demoqchi. Ha, san’at asari, adabiyot o‘rni kelganda, tarbiya vositasiga aylangan, aylanishi zarur. “Men shunga ishonamanki, inson nafaqat bardosh beradi – u yengadi. Uning o‘lmasligi tirik mavjudotlar orasida aql-idrokka egaligida emas, balki qalbi, ruhi, iztirob chekishga qobilligi, o‘zini qurbon qila olishi va sabr-toqatli ekani-da. Shoirning, yozuvchining burchi shu haqda yozishi zarurligidadir… Shoir shunchaki inson hayotining solnomasini yozmasligi kerak; uning asari insonni qo‘llab-quvvatlaydigan, uning bardoshiga kuch beradigan va yengishiga ko‘maklashadigan tayanch, ustun bo‘lishi lozim”, deb yozganda Uilyam Folkner adabiyotning tarbiyaviy tomonini ham nazarda tutganligiga shubha qilmasak kerak?.. Ha, umumga mo‘ljallangan adabiyotdan ayni shu narsa kutiladi. San’atu adabiyotning faqat idrok va his sari yo‘nalgan boshqa, teranroqdagi qirrasi esa alohida suhbat mavzusi. Xos suhbat mavzusi.

Bas, shunday ekan, vaqti-vaqti bilan davr va uning ehtiyojidan kelib chiqqan holda, qanday badiiy asarlarga ko‘proq ehtiyoj borligini munaqqidlaru ziyolilar tadqiq etib topishlari, topganlarini bildirishlari, o‘z navbatida, jamoatchilik ham aytilganlarni e’tiborga olishi, masalan, ko‘proq nashr etishi, darsliklarga kiritishi, targ‘ibu tashviq qilishi maqsadga muvofiqdir. Zero, mamlakat va jamiyatlar rivoji o‘qilgan asarlarning sifat va saviyasidan tashqari o‘sha vaqtdagi ruhiy-ma’naviy ehtiyojga keraklilik darajasiga ham bog‘liq.

Xullasi kalom, adabiyot hayotimiz tarkibiga kirib, singishib ketgan ekan, uning kamoli, inson va jamiyat hayotidagi roli ustida doimiy ravishda qayg‘urmoq lozim bo‘ladi. Zero, adabiyot har birimizning botinimizda. Eng katta adabiyot, aslida, yuragimizda yashaydi. A.Kamyu “Isyon va san’at” maqolasida antik davrdan to o‘z davrigacha – barcha buyuklarning san’atga bo‘lgan turlicha munosabatlariga to‘xtaladi. So‘ng san’atga hukm va tazyiq qilmaslik kerak, degan tezisni o‘quvchiga yuqtiradi. Rost. Fikrlar turlicha bo‘laverishi mumkin va bu alal-oqibatda to‘g‘ri ham. Chunki san’at (adabiyot)ning o‘zi xilma-xildir. Didlar, dunyoqarashlar xilma xil. Shu bilan birga, ular har qancha rang-barang bo‘lishmasin, pirovardida bir nuqtada kesishadilar, kesishmoqlari kerak. U ham bo‘lsa, ana o‘sha ko‘p tafovutli san’at va adabiyot insonga, uning ma’naviyatiga xizmat qilib, odamning Inson o‘laroq yashab o‘tishiga ko‘maklashmog‘i judayam zarur. Yo‘qsa, san’atu adabiyotning erkinligidan odamlarga nima naf? Mario Vargas Losa bejiz quyidagilarni aytmagan ko‘rinadi: “Adabiyot tufayli, adabiyot uyg‘otgan tafakkur, intilish va istaklar tufayli, xayolot saltanatiga safar chog‘i ko‘ngilda bosh ko‘targan kechinmalar tufayli bugungi tsivilizatsiya odamiylashdi, najot topdi. Adabiyot ahli o‘ylab topgan badiiy to‘qima qumga singigan suvdek izsiz ketmadi, bil’aks, toshga aylangan yuraklarni mumdek eritdi. Yaxshi kitob­lar bo‘lmaganida edi, insoniyatning bugungi holiga maymunlar yig‘lagan bo‘lardi, mustaqil fikrdan mahrum labbaychilar urchib ketardi, ko‘ngil birligi yo‘qolardi, mutelik kayfiyati keng tarqalib, o‘z-o‘zini anglash tuyg‘usi – taraqqiyotning yetakchi omili yo‘qolardi”. Aytilganlardan kelib chiqib, inson va jamiyatning holi ruhiyasiga qarab turib, adabiyot ham aytar so‘zi va uning ifoda tarzini ohorlab borishi maqsadga muvofiq keladi, deyish mumkin.

Biz – insonlarning botinida rahmoniy va shaytoniy kuchlar yashaydi. Muqaddas bitiklar bunga shohidlik beradi. Tomonlar har doim kurashib keladi. Hamma gap – bizning ana shu tomonlarning qaysi birining yonini olishimizda. Farididdin Attorning “Ilohiynoma”sida keltirilgan rivoyatga ko‘ra, zo‘r berib ishlayotgan haqir chumoliga Sulaymon alayhissalom: “Agar senga Nuhning umriyu Ayyubning sabrini ato etsa ham bu tepani yo‘lingdan olib tashlash qo‘lingdan kelmaydi, joningni jabborga berib kurashmog‘ingdan maqsad ne?” desa, u javoban: “Tuproqni olib, do‘ngni yer bilan bir etsam, uning ortida meni kutayotgan yorimga qovushaman”, deydi. E’tibor bering, umri bir chimdim bo‘lgan chumoli qarshisida turgan va o‘zini yordan to‘sib qo‘ygan ulkan tuproq uyumini hech qachon olib tashlay olmasligini bilmaydi, deysizmi? Biladi. Juda yaxshi biladi. Lekin yorga eltuvchi bu yo‘ldan o‘zgasini harom deb hisoblaydi. Bas, umrini yor yo‘liga tikadi, shu yo‘lda qurbon bo‘lishni o‘zi uchun sharaf, hayotining eng oliy a’moli, mazmun-mohiyati deb ishonadi. Bu bilan chumoli Nur va Zulmat, Ezgulik va Yovuzlik, Yuksaklik va Tubanlik… kurashida safini ma’lum qilmoqda. Hech qachon yetolmasa-da, yorug‘ murod – yorning yo‘llariga umrini baxshida aylamoqda. Chumolidan murod – inson. Yordan murod esa insonning kim ekanligini uning o‘ziga anglatadigan, sezdiradigan Borliq – Tilsimdir! Yuqorida “Adabiyot oldinda yongan chiroq” dedik. Lekin qanday adabiyot? “Faqat va faqat umidbaxsh adabiyot!” deb hayqiradi ichkaridagi ovoz! Insonlik juda-juda yuksak martaba. Shu bilan birga, o‘ta tuban ham. Yuksak yoki tuban bo‘lishimiz, yorni tanlash yoki undan voz kechishimiz esa, butun maqola davomida ta’kidlanganidek, o‘zimizga bog‘liq bo‘ladi. “O‘ldir, ichingdagi xoinni o‘ldir!” deya xitobiy ishora beradi otashin o‘zbek shoiri Shavkat Rahmon. Aslida, dunyoning, dunyomizning taqdiri har birimiz uchun ana shu tanlovda hal etiladi. Darvoqe, uhroning, uhromizning ham…

2013–2014 yillar.

Jahon adabiyoti, 2015 yil, 1-son