Ulug‘bek Dolimov. Adabiyotimiz va san’atimiz jonkuyari

Shunday odamlar bo‘ladiki, ko‘rsang bahridiling ochiladi. Suhbatlashsang suhbatidan bahra olasan. Har doim hammaga ezgulik sog‘inib yuradigan bu toifa kishilar kasb-korlariga ham sidqidil berilib mehnat qiladilar. O‘qishda, ishda tashkiliy, ijodiy tadbirlarda faol bo‘ladilar. Ana shunday fidoyi insonlardan biri adabiyotshunos olim, yozuvchi va dramaturg Shuhrat Rizayev tahsil ko‘rolgan 1975– 1980 yillarda universitetda adabiy hayot qaynar edi. Filologiya fakultetining “O‘zbek mumtoz adabiyoti” kafedrasi qoshidagi “O‘zbek adabiyoti gulshani” to‘garagi va uning “Gulshan” nomli devoriy gazetasiga e’tibor katta edi. To‘garakka yosh iqtidorli adabiyotshunos domlalardan Begali Qosimov rahbarlik qilar, a’lochi talabalardan Hamidulla Boltaboyev yordam berar edi. Talabalikning dastlabki yillaridanoq Shuhrat to‘garakning faollaridan biriga aylandi, e’lon qilinayotgan har bir badiiy, ilmiy asar muhokamasini tashkil qilishda faol ishtirok etar, domlalar, asarlar mualliflari bilan yaqindan muloqotda bo‘lar edi. Bu uning adabiyot deb atalmish go‘zallik olamiga kirib kelishida dastlabki qadamlar bo‘ldi. Shu bilan birga, ustozi Begali Qosimovga bo‘lgan e’tiqodi kun sayin oshib bordi, domla ham unga ishonib, ancha mas’uliyatli ishlarni topshiradigan bo‘ldi. Shu tariqa u domla G‘ulom Karimov e’tiborini ham qozondi. Bu davrda professor G‘ulom Karimov boshchiligida “XIX asr ikkinchi yarmi va XX asr boshlari o‘zbek adabiyotini o‘rganish, tadqiq va targ‘ib etish” ilmiy maktabi yosh tadqiqotchilarni o‘z atrofiga birlashtirgan bo‘lib, Shuhrat ham uning faol a’zosiga aylangan edi. Domla yoshlar o‘rtasida “Ilmiy tadqiqot romantikasi” mavzusida tez-tez suhbatlar o‘tkazib turar edi. Albatta, bunday suhbatlar yoshlarda ilmiy-tadqiqot ishiga nisbatan katta rag‘bat uyg‘otar edi.

Shu tariqa adabiyot olamiga yonib kirib kelayotgan Shuhrat Rizayev universitetni tugatgach, mustaqil faoliyatini millatni uyg‘otgan adib (Ozod Sharafiddinov) Oybek uy-muzeyida ilmiy xodim sifatida boshladi. Ammo u universitet bilan aloqasini uzmadi, G‘. Karimovning sirtqi aspiranti sifatida faoliyatini davom ettirdi. Oybek muzeyi ham Shuhrat hayotida dorilfunun vazifasini bajardi. Bu maskanda u uzluksiz davom etib kelayotgan (har yili 10 yanvar Oybekning tavallud kuni, 1 iyul vafot etgan kuni) oybekxonlik kunlarini o‘tkazishda bosh bo‘ldi. Bu yerda u adabiyot va san’atimizning ulkan rahnamolari hamda adabiyot olamiga shiddat bilan kirib kelayotgan Murod Muhammad Do‘st, Xurshid Davron, Xurshid Do‘stmuhammad, Erkin A’zam, Xayriddin Sultonov, Azim Suyunlar bilan yaqindan muloqotda bo‘ldi, hammamiz uchun ulug‘ ustoz Naim Karimov bilan davradosh bo‘ldi, hamkorlik qildi.

Shuhrat Rizayev – faoliyat doirasi keng olim. Avvalambor, u adabiyotshunos olimdir. Uning ijodiy faoliyati o‘tgan asrning 80-yillaridan boshlangan. Respublikamiz matbuotida, turli majmualarda ilmiy, adabiy-tanqidiy maqolalari bilan qatnasha boshladi. U adabiyot ilmiga katta ishtiyoq bilan kirib keldi: fanimizning yetakchi namoyandalari G‘ulom Karimov, Ozod Sharafiddinov, Begali Qosimovlarning e’tiboriga tushdi. Dastlab professor G‘ulom Karimov rahbarligida, domla vafotidan keyin jadidshunoslik ilmining asoschilaridan professor Begali Qosimov rahbarligida ilmiy izlanishlar olib bordi.

Adabiyotimizda yaratilayotgan har bir jiddiy asar Shuhrat Rizayev e’tiboridan chetda qolmadi. Ayniqsa, atoqli yozuvchi Shukur Xolmirzayevning 80-yillar o‘rtalarida yaratilgan “Qora kamar” dramasi haqidagi “Shaxslar fojiasi” maqolasi katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Bu maqola adabiyotshunos Hafiz Abdusamadovning “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida e’lon qilingan “Emirilish” maqolasiga javoban yozilgan edi. Shuhrat o‘z maqolasida H. Abdusamadovning o‘z davrini yashab bo‘lgan qarashlarini keskin qoraladi, inkor etdi.

Shuhrat Rizayevning katta jasorat bilan yozilgan ushbu salmoqli maqolasi “Yoshlik” jurnalining 8-sonida e’lon qilinishi bilan martabasi ulug‘ san’at arboblari va rahbar tashkilotchilarning e’tiborini qozondi. Kunlarning birida uzoq yillar akademik teatrga, keyinroq “O‘zbekkino”ga, o‘sha yillari esa “Yosh gvardiya” (keyinroq Abror Hidoyatov nomli) teatriga direktorlik qilgan Abdulahad Abdullayev uni yo‘qlaydi va suhbatda mazkur teatrda adabiy emakdosh sifatida ishlashga taklif etadi. Bu fikrni suhbatda birga bo‘lgan teatr bosh rejissyori Bahodir Yo‘ldoshev ham alohida qo‘llaydi. Bu teatr va kino san’ati arboblarining Shuhrat Rizayev istiqboliga bo‘lgan yuksak ishonchi edi. Shu tariqa yosh olim ijodida yangi, ijodiy yuksalish davri boshlandi. Axir, u Abdulla Qodiriydek buyuk yozuvchining “O‘tkan kunlar” romani kinovariantining yaratilishiga bevosita sababchi bo‘lgan Abdulahad Abdullayevning taklifini yerda qoldirmadi: “Rozi bo‘ldim va men mana, oradan yigirma yil o‘tdiki, o‘sha kungi taqdir in’omiga shukrona aytib yuraman. Chunki bu ikki inson bilan o‘sha kundan e’tiboran yaqin bo‘lib, insoniy rishtalar bilan bog‘lanib ketishim hayotimning eng nurli davrlari, xotiramning eng ardoqli sahifalari bo‘lib qoldi”.

Bu so‘zlar bundan o‘n yil oldin rahmatli Abdulahad aka Abdullayevga bag‘ishlangan “Asilzoda inson” maqolasida aytilgan edi. Umuman, keyinroq Shuhrat Rizayevning “Iskandar”, “Ona”, “Diskoteka” dramalarining yaratilishida uning mazkur teatrdagi emakdoshlik faoliyati muhim ahamiyat kasb etdi.

Abdulahad aka Abdullayevning adabiyot va san’atimizning Oybek, G‘afur G‘ulom, Abdulla Qahhor, Shayxzoda, Yo‘ldosh A’zamov, Malik Qayumov, Sobir Muhamedov kabi buyuk chinorlari haqidagi suhbatlari adabiyot va san’at oshig‘i Shuhratni tom ma’noda san’atkor va san’atshunos, chin inson sifatida tarbiyalagan bo‘lsa, ajab emas.

Shuhrat Rizayev badiiy so‘zni nozik his qiluvchi adabiyotshunos olim bo‘lish bilan barobar sahna, musiqa san’atining o‘ziga xos jihatlarini egallagan yetuk san’atshunos olim sifatida ham katta e’tibor qozondi. Bu jihatdan uning sahna san’atiga bag‘ishlangan maqolalarini o‘z ichiga olgan “Sahna ma’naviyati”, “Surat va siyrat chizgilari” to‘plamlari san’atimiz istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega. Har qanday teatrda rejissyor san’atkorlar jamoasi uchun yetakchi shaxs hisoblanadi. Davrimizning yetakchi rejissyorlari Bahodir Yo‘ldoshev va Olimjon Salimov haqidagi Shuhrat Rizayevning maqolalari alohida e’tiborga loyiq. Hatto Bahodir Yo‘ldoshev haqida alohida “Bahodir Yo‘ldoshev teatri” nomli kitob ham yaratdi. (Aslida bu kitob 2000 yilda nashrdan chiqqan “Sahna ma’naviyati”ning qayta tahrirdan chiqqan va to‘ldirilgan ko‘rinishidir).

Darhaqiqat, haqiqiy rejissyorlik kamdan-kam san’atkorga nasib etadi. Nazarimda, bu kamyoblik Shuhratning “Iskandar” (Alisher Navoiyning “Xamsa” asari ohanglarida) dramasini sahnalashtirishda, ayniqsa, frantsuz aktyori Fransua Shato bilan hamkorlikda Alisher Navoiy timsolining yaratilishida namoyon bo‘lgan edi. Hatto Otello timsolini jahon miqyosiga ko‘tara olgan Abror Hidoyatov ham, tug‘ma qobiliyat sohibi Obid Jalilov ham rejissyor Mannon Uyg‘ur (Nodir)ning talablariga bo‘ysunishar edi. Buning uchun esa rejissyor nihoyatda katta bilim sohibi, ulug‘ san’atkor bo‘lishi ham kerak edi. Bu haqda Abror Hidoyatov so‘zlariga e’tibor bering: “G‘afur, qilni qirq yoradigan Og‘a ne-ne manbalarni titkilab, Otello habash musulmonlaridan bo‘lib, ota-onasi unga qo‘ygan haqiqiy ismi Atoullo ekanini, g‘arbliklar o‘z til xususiyatlariga moslashtirib uni Otello deya ataganliklarini va spektaklda bu qora habash taqdir taqozosi bilan xristianlar orasida umrguzaronlik qilishiga qaramay, musulmonligicha qolganini sahnada qandaydir vosita orqali ko‘rsatish kerakligini hammamizga uqtirgan edi”.

Hammamizga ma’lum va mashhur professor Sharif Yusupov bundan 21 yil muqaddam e’lon qilgan “San’at va hayrat” asaridagi hayratomuz fikrlariga ko‘zim tushdi. Qarangki, o‘zbek sahna san’atining faxri, tom ma’nodagi birinchi o‘zbek rejissyori Mannon Uyg‘ur bilan buyuk aktyor Abror Hidoyatov to‘g‘risida ikki maqolani ulug‘ Oybek bilan G‘afur G‘ulom, atoqli aktyor Shukur Burhonov haqida Maqsud Shayxzoda maxsus maqola bitgan edi. Buyuklikka daxldor Olim Xo‘jayev haqida esa olim va dramaturg Izzat Sulton juda go‘zal maqola yaratgan. Bu ulug‘larning do‘stligi va hamkorligi ham kishilarni hayratga soladigan darajada samimiy va boqiy bo‘lgan. Bu an’ana davom etmoqda: yozuvchi va olim Shuhrat Rizayev o‘ziga xos ijod uslubiga ega bo‘lgan yetakchi rejissyorlar Bahodir Yo‘ldoshev va Olimjon Salimovlar haqida betakror maqolalar, ijodiy portretlar yaratdi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida istiqlol, mustaqillik uchun kurashgan mutafakkirlar – jadid yozuvchi va shoirlar faoliyatini har jihatdan o‘rganish, asarlarini to‘plash, tadqiq etish davr talabi edi. Buning uchun esa yetakchi universitet o‘zbek filologiyasi fakulteti qoshida maxsus kafedra tashkil etish nihoyatda zarur edi. Bu taklif professor Begali Qosimovdan chiqqan bo‘lsa ham bu ishga bosh-qosh bo‘lish Begali uchun ancha noqulay vaziyatni vujudga keltirar edi. Chunki ochilajak kafedra mudiri Qosimov universitet gumanitar fakultetlar prorektori edi. 90-yillar boshida ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor akademik To‘rabek Dolimov oldida Begali Qosimovning olim sifatidagi e’tibori juda baland bo‘lib, uni jadidshunoslik ilmining asoschisi deb bilar, To‘rabek akaning o‘zi ham jadid tiynatidagi olim edi. Alohida ta’kidlash kerakki, maxsus kafedra tashkil etishga fakultetimizning hamma yetakchi adabiyotshunos domlalari ham xayrixoh emas edilar. Agar yangi “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” kafedrasi ochilsa, davrning Avloniy, Hamza, Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon kabi eng e’tiborli yozuvchi va shoirlari “Hozirgi o‘zbek adabiyoti” (sobiq “Sovet adabiyoti”) kafedrasidan yangi kafedraga olinishi kerak edi. Bu, albatta, eski kafedra a’zolariga ma’qul tushmas edi. Shuning uchun ham kurashlar ancha shiddatli kechdi. Ushbu masalaga bag‘ishlangan so‘nggi yig‘inda prorektor T. Dolimov ham qatnashib, shunday fikrni aytgani yodimda: “Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjonlar haqida yirik monografiyalar yaratilgan vaqtda ular Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, O‘tkir Hoshimov, Rauf Parfilar yoshida edilar. Hozirda esa ular haqida birorta yirikroq ilmiy-tanqidiy asar yaratilganicha yo‘q. Ishlayman desangiz, hozirgi zamon adabiyoti bo‘yicha qilinishi zarur bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Faqat tezlik bilan ishga kirishish kerak”.

Shu gapdan keyin “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” kafedrasini tashkil qilish masalasi deyarli hal bo‘lgan edi. Bu ishda jadidshunoslar – professor Sharif Yusupov, dotsentlar – kamina Ulug‘bek Dolimov, Sunnatilla Ahmedovlar Shuhrat Rizayev bilan yonma-yon turib faoliyat ko‘rsatgan edilar. Aytish kerakki, bu ishda asosiy yuk baribir Shuhrat zimmasiga tushgan, ta’na-dashnom toshlari uning boshida singan edi. Bu ishda To‘rabek aka Shuhrat Rizayevga qimmatli maslahatlar berdi. Alohida ta’kidlash kerakki, yirik geolog-olim To‘rabek Dolimov fakultetimizdagi yosh o‘qituvchilardan Shuhrat Rizayev hamda Rahmon Qo‘chqorovlarni o‘zining tug‘ishgan ukalaridek yaxshi ko‘rar, hurmat qilar, nihoyatda iqtidorli insonlar sifatida qadrlar, nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini ancha kechiktirib yuborayotganliklaridan qattiq ranjir edi. Shuhratning biror ish bilan rektor T. Dolimov huzuriga kirib, ko‘ngli ranjib chiqqanini bilmayman. Bo‘lmasa, To‘rabek aka u darajada yumshoq tabiatli emas, aksincha, o‘ta jiddiy, qattiqqo‘l odam edi.

Shu tariqa “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” kafedrasi 1993 yildan professor Begali Qosimov rahbarligida ish boshladi. Shu yili kafedraning birinchi mahsuli “Milliy uyg‘onish va o‘zbek filologiyasi masalalari” nomli ilmiy maqolalar va matnlar to‘plami nashrdan chiqdi. Begali universitet prorektori bo‘lgani sababli kafedraning o‘quv, ilmiy-tashkiliy ishlari asosan Shuhrat Rizayev zimmasida edi. U bu davrga kelib o‘qituvchilik mahoratini mukammal egallagan yetakchi dotsent hurmatini qozondi. Men fakultet dekan muovini, sifat komissiyasi raisi sifatida uning darslarida bir necha marta bo‘lganman, hatto qo‘shni jurnalistika, tarix fakultetlari talabalarining Shuhrat ma’ruzalariga oqib kelayotganining guvohi bo‘lganman, ularning taassurotlarini eshitganman.

Ishdan tashqari vaqtlarda kafedramiz domlalari Begali Qosimov, Sharif Yusupov, Shuhrat Rizayev, kamina hamda qo‘shni kafedradan Rahmon Qo‘chqorovlar ishtirokida oyda bir “oshxo‘rlik” yig‘inimiz bo‘lar edi. Bu yig‘in ko‘proq Chimboydagi, keyinroq Taxtapuldagi Shuhratning uyiga yaqin kichikroq choyxonada bo‘lardi. Bunday yig‘inlarda birortamizning hayotimizda biror muvaffaqiyat sodir bo‘lsa yoki birortamizning kitobimiz nashr etilsa, uni “yuvar edik”. Yig‘inlarning tashkilotchilari hammamizdan yoshroq Shuhrat va Rahmon bo‘lar edi. Ko‘p hollarda hammamiz uchun qadrli ustoz, bag‘rikeng inson Ozod Sharafiddinovni taklif qilardik va ko‘p hollarda domlaning maslahatlariga suyanar edik. Bunday o‘ltirishlar faqat yeb-ichib ketish, dam olish bilangina cheklanmas edi. Yangi kafedraning yumushlari, kelajakda qilinadigan ishlar muhokama qilinar edi. Shunday yig‘inlarning birida Respublika oliy o‘quv yurtlari o‘zbek filologiyasi fakultetlari talabalari uchun yaratilajak “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” darsligining to‘laligicha prospekti, har bir muallif yozishi kerak bo‘lgan boblar taqsimlab chiqilgan edi. Albatta, bunday rejalar Begali Qosimov bilan Shuhrat Rizayev tomonidan oldindan ishlab chiqilar va muhokamaga qo‘yilar edi. U 90-yillarda dissertatsiyasi ustida ham jiddiy ish olib bordi va 1995 yilda “Jadid dramasi. Shakllanish davri va manbalari” mavzusidagi nomzodlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi va 1997 yili “Jadid dramasi” monografiyasini e’lon qildi. Kitobda Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Padarkush yoxud o‘qimagan bolaning holi” hamda ushbu drama ta’sirida yaratilgan Nusratulla Qudratulla va Hoji Muinning “To‘y”, Abdulla Qodiriyning “Baxtsiz kuyov”, Abdulla Badriyning “Juvonmarg” va “Ahmoq”, Hoji Muinning “Eski maktab, yangi maktab”, “Ko‘knori”, “Mazluma xotun” dramalarini 83 yildan keyin birinchi marta joriy alifboda e’lon qildi. Shuhrat Rizayevning ushbu kitobi ilmiy jamoatchilik tomonidan katta mamnuniyat bilan kutib olingan va matbuotda jadidshunos olimlarning taqrizlari e’lon qilingan edi.

Shuhrat Rizayev mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida, keyinroq Madaniyat va sport vazirligida mas’ul lavozimlarda mehnat qildi. 1997 yildan O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasida kafedra mudiri, 2012 yildan esa “Jahon adabiyoti” jurnalida bosh muharrir lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.

Keyingi yillarda Shuhrat Rizayev milliy kinomiz va uning istiqboliga alohida ahamiyat berayotgani ko‘zga tashlanadi. Kino – zamonga eng hamnafas, nihoyatda tezkor san’at. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida G‘arbda turli millatlar an’analariga, ma’naviyatiga bepisandlik avjiga chiqqan bir paytda kino san’ati orqali ma’naviy tubanlik, e’tiqodsizlik, fahsh hayot yoshlar ongiga singdirilmoqda. Mana shunday jiddiy masalalar munosabati bilan 2009–2010 yillarda “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan yaratilgan badiiy filmlar tahlil qilingan “Ma’naviy tarbiya jarayonlari va zamonaviy kino”, “Milliy kino: muammolar, mulohazalar…” maqolalarini e’lon qildi. 2018 e’tiboran “O‘zbekkino” Milliy agentligi mas’ul rahbarlik vazifasiga olindi.

Keyingi yillarda adabiyotimiz va san’atimizning eng noyob va go‘zal asarlarini televideniye orqali targ‘ib va tashviq qilishda, ular mohiyatini xalqqa yetkazishda Shuhrat Rizayev “Go‘zal majlislar” (“Majolis un-nafois”) ruknini tashkil qilgan edi. Bunday ko‘rsatuvlarga o‘sha mavzuni mukammal biladigan adabiyotshunos va san’atkor olimlarni, yozuvchi va bastakorlarni taklif qilar edi. San’atsevar tinglovchi – tomoshabin bunday ko‘rsatuvlarga befarq qaramas, aksincha, bir necha kun shu ko‘rsatuv og‘ushida yurar edi. Bir misol: shunday ko‘rsatuvlarning biri asr bastakori Mutal (Mutavakkil) Burxonov faoliyatiga bag‘ishlangan bo‘lib, ko‘rsatuvda atoqli bastakor Mustafo Bafoyevni hamda o‘zbek musiqasi tarixini mukammal biluvchi, “Shashmaqom”ni “Tanbur chizig‘i” nomi bilan notalashtirgan Komil Xorazmiy va o‘g‘li Rasul Mirzo asarini nashrga tayyorlagan san’at arbobi Matnazar Otanazarovni taklif qilgan va uch ishtirokchining bu chiqishi san’atsevarlarda katta taassurot qoldirgan edi. Rizayevning bu sohadagi faoliyatidan bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin.

Yirik olim va yozuvchi Shuhrat Rizayev o‘z faoliyati davomida yigirmaga yaqin kitob, adabiyotshunosligimiz, san’atshunosligimiz muammolariga bag‘ishlangan to‘rt yuzga yaqin maqolalar e’lon qildi. Bugungi shiddatli o‘zgarishlar davrida taniqli olim va ijodkor uchun hali qilinishi zarur bo‘lgan katta ishlar oldinda.

«Sharq yulduzi» jurnali, 2018 yil, 9-son

____________________________
Ulug‘bek Dolimov – Pedagogika fanlari doktori, professor. 1939 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining (hozirgi O‘zMU) filologiya fakultetini tamomlagan. U ikki yuzdan ortiq ilmiy maqolalar, “Ma’rifat darg‘alari” (prof. B. Qosimov bilan hamkorlikda), “Milliy uyg‘onish davri o‘zbek adabiyoti” (universitetlar va institutlar filologiya fakultetlari uchun darslik – hammualliflikda), “Ishoqxon Ibrat”, “Turkistonda jadid maktablari”, “Milliy uyg‘onish pedagogikasi” kabi o‘ndan ortiq kitoblar muallifi.