Bobur o‘zbek adabiy tilini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan mumtoz shoirdir. U barcha asarlarini sodda, ravon, ixcham tilda bayon etishga intilgan. Shoir, ayniqsa, g‘azallarining tili sodda, tushunarli bo‘lishiga va chuqur mazmunni turli badiiy san’atlar orqali bo‘rttirib ko‘rsatishga harakat qilgan.
Ma’lumki, hikmatli so‘zlar, masal va frazeologik birikmalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri — ularning majoziyligi va purma’noligidadir. Ular ixcham shaklga, hatto kinoyaviy ifoda tiliga ega bo‘lib, asar g‘oyasini obrazli ifodalash imkoniyatini yaratadi. Shuning uchun ularni asl ma’nosida qo‘llash tarjimondan katta mahorat va bilim talab qiladi.
«Kimki, bo‘lg‘ay sen kibi olamda dildori aning» matla’i bilan boshlanuvchi g‘azal tarjimasida xuddi ana shunday mahorat va bilim namoyishini kuzatishimiz mumkin. Ayniqsa, bu g‘azalning maqta’i tarjima bilan solishtirilganda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Asliyat:
Borg‘ay erdim bosh ila ko‘yiga naylay, Boburo,
Har qachon borsam eshigiga, kelur ori aning.
Tarjimasi:
Zachem, v slezax, ya vnov i vnov stuchus v znakomыe vorota?
Ot slez Babura nikogda yee gordыnya ne smyagchalas…
R.D.Moran tarjima qilgan bu g‘azal maqta’ining birinchi misrasida qo‘llangan «bosh ila bormoq» iborasini rus tilida ifoda qilish mushkul, uning muqobili go‘yo yo‘qday. U so‘zma-so‘z tarjima qilinsa, asliyat ma’nosi buziladi, rus o‘quvchisi uchun bu ibora g‘aliz tuyulishi tabiiy. Lekin tarjimon oshiq — lirik qahramonning mahbuba dargohiga ko‘z yoshlarini to‘kib, qayta-qayta kelganligi ma’nosiga alohida urg‘u beradi, uni o‘ta ta’sirchanlikda tasvirlaydi va asliyat bag‘ridagi asl ma’noni rus kitobxoniga butun jozibasi bilan yetkazadi.
Tajribadan ma’lumki, mumtoz adabiyot namunalarini tarjima qilish o‘ta mashaqqatli va murakkab ish bo‘lib, tarjimondan katta mahorat va ijodiy layoqatni talab qiladi. Xususan, so‘z o‘yinlari, shaklning ma’no tovlanishlarini, ayniqsa, she’riy asar tarjimasida aks ettirish muayyan mushkulotlar tug‘dirib, aksar hollarda tarjimondan katta mehnat va quntni taqozo etadi. Masalan, «Boburnoma»da shunday ruboiy bor:
Yuz shukr de, Boburki, karimu g‘affor,
Berdi sanga Sindu Hindu mulki bisyor.
Issiqlig‘ig‘a gar sanga yo‘qtur toqat,
Sovuq yuzini ko‘ray desang, G‘azni bor.
Ruboiy Bobur hayotidagi real voqealar bilan bog‘liq. Ma’lumki, u Hindis-tonni egallagandan so‘ng ko‘p yaqin kishilari, beklar va navkarlar bu yerdagi noqulay iqlim sharoitiga chiday olmay, u yerda qolishga rozi bo‘lmaganlar. Ular orasida Boburga qadrdon bo‘lgan beklardan Xoja Kalon ham bor edi. Ketar chog‘ida u «Agar eson-omon Sind daryosidan o‘tib olsam, Hindistonni yana havas qilsam, yuzim qaro bo‘lsin», degan mazmunda bayt yozib qoldiradi. Bobur garchi Xoja Kalonning ketishiga ruxsat bergan va uni G‘azna hokimi etib tayinlagan bo‘lsa-da, lekin undan qattiq ranjigan, xususan, yuqoridagi bayt ko‘ngliga og‘ir botgan edi.
Mazkur ruboiy ana shu munosabat bilan yozilgan. G‘azni Afg‘onistonning qahraton sovuqlari bilan mashhur viloyat hisoblanadi. Bobur ruboiyda ana shunga ishora qilib, «Hindistonning issig‘iga chiday olmay, sovuq yerni xohlasang G‘azniga bor», deydi. Lekin bu shoirning asosiy maqsadi emas, bu yerda yana bir ma’no, to‘g‘rirog‘i, piching ham bor. Yuqorida aytganimizdek, Bobur Xoja Kalonni G‘azniga hokim qilib yuborgan edi. «Sovuq yuzini ko‘ray desang, G‘azni bor» misrasidagi «sovuq yuzi» iborasi orqali Xoja Kalonga ishora qilinadi. Bobur shu tariqa do‘stidan ranjiganligi, ko‘ngli qolganligini ifodalaydi.
«Boburnoma»ning ruscha tarjima qilgan M.Sale mazkur bayt ma’nosini hatto nasriy tarjimada ham chiqara olmagan. Qarang:
Esli net u tebya sil vыnesti jaru
I yesli zaxochesh uvidet litso xoloda,
To otpravlyaysya v Gaznu.
Bu o‘rinda tarjimon qo‘llagan «litso xoloda» iborasi misraning birinchi ma’nosini ifodalaydi, «sovuq yuzi» iborasining ikkinchi, ya’ni inson yuziga nisbat beruvchi ma’nosi («xolodnoye litso») tarjimada aks etmagan. Natijada ruboiyning butun mazmuni, undagi chiroyli kinoya va muallif mahorati rusiyzabon kitobxonga mavhum bo‘lib qolgan.
Xuddi shunday holni Boburning boshqa bir ruboiysi tarjimasida ham ko‘rish mumkin. Bobur shunday yozadi:
Beqaydmanu xarobi siym ermasmen,
Ham mol yig‘ishtirur laim ermasmen.
Kobulda iqomat etdi Bobur dersiz,
Andoq demangizki, muqim ermasmen.
Tarjimasi:
Brodyagoy stan, no ne rabom domashnego xlamya,
Otdam i etot mir i tot za niщiy ugol ya.
Brodyajnichestvo — ne pozor, i niщenstvo — ne sram,
Uyti kuda glaza gladyat — davno moya mechta.
Tarjimon «Kobul» so‘zini (talmeh san’ati) tushirib qoldirgan. «Muqim» so‘zining bu o‘rindagi ma’nosiga ham to‘liq e’tibor bermagan. Natijada Boburning tarjimai holi bilan bog‘liq ravishda yozilgan, aniq mazmunga ega bo‘lgan ruboiy mazmuni tarjimada mavhumlashib, noaniq bo‘lib qolgan. Gap shundaki, oxirgi misradagi «muqim» so‘zi doimiy degan ma’noni anglatish bilan bir paytda, Kobulda Boburdan avval hokimlik qilgan kishining ismini ham bildiradi.
«Andoq demangizkim, muqim ermasmen» deganda Bobur o‘zining Kobulda muqim emasligi (doimiy yashab qolmasligi)ni ta’kidlash bilan birga, Kobulning avvalgi hokimiga o‘xshamasligi, o‘z oldiga buyuk orzu va ezgu maqsadlar qo‘yganligiga ham ishora qiladi. Bunga o‘xshagan nozik ma’nolar, so‘z tovlanishlari faqat Bobur ijodida emas, umuman, mumtoz san’atkorlar ijodida ko‘p uchraydi va ularni tarjimada aks ettirishning hammavaqt ham iloji bo‘lavermaydi.
Fikrimizcha, bunday o‘rinlarda tarjimonlar batafsil izohlar berish tajribasidan kengroq foydalanishlari lozim. Yuqoridagi ikki ruboiy tarjimonlari ham ularda nozik so‘z o‘yinlari mavjudligini ko‘rsatishlari va buni tarjimada to‘laligicha aks ettirish qiyinligini aytib, izoh berishlari zarur edi.
Umuman olganda, Bobur lirikasi tarjimalarida she’riy san’atlarni qayta yaratish borasida bir qadar to‘g‘ri yo‘l tutilgani ko‘zga tashlanadi.
Masalan:
Ul ahd ila paymon qani, ey yor, ne bo‘ldi,
Ul lutf ila ehson qani, ey yor, ne bo‘ldi.
Klyatvы tvoi, tvoi obetы — gde eto vsyo,
Laski tvoi, lyubvi primetы — gde eto vsyo.
Mazkur tarjimani L.M.Penkovskiy amalga oshirgan.
Asliyatda qo‘llangan tarse’ san’atini Bobur oxirigacha davom ettirmaydi. Shu boisdan ruscha tarjimada ham mazkur talqin izchillikni talab etmaydi. E’tiborli tomoni, baytdagi barcha so‘zlarning uyg‘unlashuvi rus tilida ham saqlangan. Bu holat mutarjimning Sharq mumtoz she’riyatidagi o‘ziga xosliklarni yaxshi egallaganidan dalolat beradi. U g‘azalda qo‘llangan takror san’atining turli ko‘rinishlarini ham muvaffaqiyatli qayta yaratgan.
Quyidagi misolda esa buning aksini ko‘ramiz. Tarjimon asliyat matnini yaxshi o‘zlashtirmaganligi sababli ayrim qusurlarga yo‘l qo‘ygan:
Do‘stluqni gar tilarsan, aylasang isbot qil,
Suhbatingg‘a asru ko‘p mushtoqdurman bot qil…
Tы xochesh drujbы — dokaji: skorey pridi ko mne,
Ya pobesedovat s toboy xochu nayedine.
Bu fard tarjimasi N.I.Grebnev qalamiga mansub. Unda ba’zi xatolarga ham yo‘l qo‘yilganligi ko‘rinib turibdi. Asliyatdagi mubolag‘a (asru ko‘p) tarjimada, birinchidan, o‘z ifodasini topmagan, ikkinchidan, mazmun mutlaqo o‘zgargan. Bu jihat asosiy matnning nozik sir-asrorlariga e’tiborsizlik bilan qarash oqibatida yuzaga kelgan.
O‘lum uyqusiga borib jahondin bo‘ldim osuda,
Meni istasangiz, ey do‘stlar, ko‘rgaysiz uyquda.
Izbavilsya ot mira ya: mne smertnыy son poslal tvorets
Kogda soskuchites, druzya, ya vam prisnyus, vash drug — pevets.
Asliyatda iyhom (arabcha gumonsirash) san’ati qo‘llangan. R.D.Moran tarjimasida esa mumtoz adabiyot an’anasiga rioya etmaganligi ochiq ko‘zga tashlanmoqda. Tarjimon «uyqu» so‘ziga singdirilgan majoziy ma’noni deyarli rus kitobxoniga yetkazib berolmagan.
Bundan tashqari, ushbu tarjimada mazmunga ham biroz putur yetkazilgan. Asliyatda «meni istasangiz (sog‘insangiz)» deyiladi. Tarjimada esa u «zeriksangiz» («kogda soskuchites»)ga aylanib ketgan. Holbuki, «sog‘inish» bilan «zerikish» o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor.
Quyidagi bayt tarjimasida esa o‘sha tarjimonning o‘zi asliyat jozibasini ifodalashga muvaffaq bo‘lganligini kuzatamiz:
Ulki davronning ayog‘idan damo-dam qon yutar,
Nash’a topmas gar ichar har davr jomi Jam bila.
Kogda tы vыnujden iz chashi sudbы lish krov glotat,
Xot osushi Djamshida chashu — usladы ne vernut.
Bu o‘rinda R.D.Moran talqinda talmeh san’atini qayta tiklash (Jomi jam — Djamshida chashu) bilan kifoyalanmay, so‘zning shakliy tovlanishlaridan (chasha sudbы — Djamshida chasha) ham ijodiy foydalangani ifoda badiiy talqinining to‘laligini ta’minlagan.
Yoz bo‘ldiyu bo‘ldi yana jannat kibi yozi,
Xush ul kishikim, aysh ila o‘tgay qishu yozi.
Prishla vesna — i snova step, kak rayskiy sad, tsvetet,
Kto naslajdalsya i zimoy i letom, schastliv tot.
Bobur ijodining mag‘zini tashkil etadigan misralar mutarjim talqinida bir qadar erkin ifodalangan. Yoz — tajnisi (fasl — dasht) to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushunchalar (vesna — step) vositasida dalillangan. «Jannat kibi» (tashbeh) tarjima talqinida ham «kak rayskiy sad» (o‘xshatish) asliyatdagi mazmunni to‘la ochib bermoqda. Asliyatdagi ikkinchi misra boshida kelgan «xush ul kishikim» so‘zlari ham rus tilida «schastliv tot» tarzida o‘zining yaxshi ifodasini topgan. Natijada tarjimon asliyat mazmuni bilan birga unda qo‘llanilgan san’atlarni ham o‘ziga xos usulda qayta yaratishga erishgan va syujetning mazmundorligi bilan bir qatorda go‘zal kompozitsiya yarata olgan.
Bobur she’riyatida eng ko‘p qo‘llaniladigan badiiy san’atlardan biri tashbehdir. Mazkur tasvir vositasining asosiy o‘ziga xosligi esa she’r mazmunining salmog‘i oshib, ilgari surilgan asosiy g‘oya talqinining o‘ziga xos go‘zalligi birlamchi o‘ringa chiqishida aks etadi.
Qiyoslang:
Bobur ul gul ko‘yida bulbul kibi topting maqom,
Bir navoyi rost qil mundoq maqoming borida.
Babur tы, slovno solovey, nashel priyut u etoy rozы,
Tak poy je, yesli tы izbral sebe pristaniщe takoye.
R.D.Moran tarjimasida qo‘llanilgan mazkur san’at asliyat mohiyatini to‘la ochib bergan. Mutarjim shoir talqinidagi ishorani to‘g‘ri ilg‘ab, «bulbul kibi» so‘zidagi tashbehni «kak solovey» deb aynan qo‘llagan va bu tashbeh tufayli tarjima to‘laqonli chiqqan.
Bobur she’rlarining rus tiliga qilingan tarjimalari tahlili shuni ko‘rsatadiki, tarjima sohasida katta tajriba orttirgan iste’dodli shoirlar ham tarjima nazariyasining asosiy qonuniyatlariga befarq qarasa, asliyatni ifodalashda katta xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin. Tarjimon tilni qanchalik yaxshi bilsa, asliyatni qanchalik chuqur o‘zlashtirsa, tarjima jarayonining tabiiy qonuniyatlariga qanchalik rioya qilsa, shunchalik yaxshi natijalarga erishadi. O‘z navbatida bu yuksak tarjimalar o‘zbek adabiyotini targ‘ib etishga xizmat qilishi bilan birga rus kitobxonini Boburdek jahon madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan ijodkorning badiiy merosi bilan yaqindan tanishtirish imkoniyatini beradi.
To‘lqin Saydaliyev, filologiya fanlari nomzodi
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2008 yil, 2-son