To‘lqin Tog‘ayev. Bir ibora izidan yoxud «og‘iz juftlamoq» haqida

To‘lqin Tog‘ayev, filologiya fanlari nomzodi, dotsent

To‘lqin Tog‘ayev,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent

Bugungi kunda tilimizda g‘alati mashhurga aylangan, o‘zining to‘g‘ri qo‘llanishidan chekingan bir talay ibora va maqollar uchraydi. Eskidan ma’lum bo‘lgan “g‘alati mashhur” degani, Erkin Vohidov iborasi bilan aytganda, “…mashhur bo‘lgan xato demakdir. Biror so‘z yoki iborani xato ishlatish ommalashib ketsa va u tabiiy qabul qilinadigan bo‘lib qolsa, endi boshqa yo‘l yo‘q, noiloj rozi bo‘lasiz. G‘alati mashhur ana shu”. Masalan: “Otamning o‘lishini bilganimda, bir qop kepakka almashardim” (aslida “Otimning o‘lishini bilganimda, bir qop kepakka almashardim”), “Kampirning dardi g‘o‘zada” (aslida “Kampirning dardi g‘ozada” kabi maqol va matallar, “Ko‘z ochib yumguncha” (aslida “Ko‘z yumib ochguncha”) kabi iboralar, “Texnika xavfsizligi” (aslida “Xavfsizlik texnikasi”) kabi birikmalar shular jumlasidandir.

Tilimizda faol ishlatiladigan “Og‘iz juftlamoq” iborasi ham shular sirasiga kiradi. Bu turg‘un birikmaning ma’nosi lug‘at kitoblarda, xususan, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da (2005) quyidagicha izohlanadi:

“Og‘iz juftlamoq. So‘zlashga shay bo‘lmoq, tayyor bo‘lmoq. Men javob qaytarishga og‘iz juftlagan edim, Shohida og‘zimdagi so‘zimni yulib oldi. M. Jabborov, Sevinch yoshlari.

Og‘iz juftlamoq. Gapirish uchun tayyorlanmoq, harakat qilmoq. Opa bir-ikki marta gapga og‘iz juftladiyu, gapirolmadi.S. Ahmad, Ufq.”.

Mashhur tilshunos Shavkat Rahmatullayevning “O‘zbek tilining izohli frazeologik lug‘ati”da “og‘iz juftlamoq” iborasiga shunday izoh berilgan: “Og‘iz juftlamoqkim. Gapirishga hozirlanmoq. Varianti: og‘z(i)ni juftlamoqkim (o‘zining)”.

Ushbu izoh qismidan keyin quyidagi misollar keltirilgan: “Bu mening ishim, aralashmang”, – demoqchi bo‘lib og‘iz juftlayapsizu, aytishga andisha qilyapsiz, sezib turibman. R.Fayziy, Tosh oyna”.

O‘zbek tiliga oid izohli lug‘atlarga og‘iz juftlamoq iborasining kiritilishi va izohlanishi bejiz emas, chunki bu turg‘un birikmani katta avlod yozuvchilaridan tortib, bugungi kenja vakillarigacha o‘z asarlarida qo‘llaganlar va bu davom etmoqda. G‘afur G‘ulomning 1936 yilda chop etilgan “Dovdirash” asarida (“Shum bola” qissasi dastlab shu nom bilan atalgan) bu ibora ilk bor muallif tomonidan tuzilishi birmuncha o‘zgartirilgan holda ishlatilganini ko‘ramiz: “Men bo‘lsam domlaning nima niyatda ekanligini tushunmasdan, hurkkach kiyikdek oyog‘imni bir yerga g‘uj qilib qochishg‘a hozirlangan, og‘zimni bo‘lsa dodlashga juftlagan edim”.

“Shum bola” nomi bilan chiqqan 1938 yildagi nashrda bu jumladagi hurkkach va juftlagan so‘zlari hurkovich va cho‘tlagan so‘zlariga almashtirilgan: “Men bo‘lsam, domlaning nima niyatda ekanligini tushunmasdan, hurkovich kiyikdek oyog‘imni bir yerga g‘uj qilib qochishg‘a hozirlangan, og‘zimni bo‘lsa dodlashga cho‘tlagan edim.

Bu yozuvchi qalamiga mansubmi yoki muharrirlarning “ijodi”mi, bu haqda bir nima deya olmaymiz. “Shum bola”ning keyingi barcha nashrlarida yuqorida misol keltirilgan jumla “Dovdirash”dagi bilan aynan bo‘lib, faqat hurkkach so‘zi o‘rniga“hurkovuch” qo‘llangan.

Bu iborani qo‘llagan boshqa yozuvchilarimiz asarlariga murojaat qilaylik:“U bir nima demoqchi bo‘lib og‘iz juftladi, biroq shu payt yana ko‘shk og‘asi kirib ta’zim qildi” (O.Yoqubov. “Ko‘hna dunyo”).

Mana bu misol Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romanidan olindi: “Mohim Boburni: “Ko‘z ochib ko‘rgan tanho yorimsiz, jismimdagi jonsiz!” demoqchi bo‘lib og‘iz juftlab ko‘rdiyu, lekin atrofidagilardan uyaldi”.

Ko‘ramizki, og‘iz juftlamoq iborasi badiiy adabiyotda sakson yildan oshibdiki, faol qo‘llanib kelmoqda. Bu iborani nega g‘alati mashhur deganimizni isbotlashga o‘tamiz.

Bu ibora aslida “og‘iz jo‘blamoq” bo‘lgan. Birinchi o‘zbek romani “O‘tkan kunlar”da Abdulla Qodiriy shu shaklda to‘g‘ri qo‘llagan: “Qutidor nimanidir Otabekdan so‘ramoqqa og‘zini jo‘plab tursa ham Akram hoji bilan Ziyo shohichining allanarsa to‘g‘risidagi gaplari keti uzilmay davom etar edi”.

Asarda bunga bir necha misollar uchraydi: “Man, – dedi Otabek va o‘zining mantiqsiz javobidan o‘ng­g‘aysizlanib, tuzik javob berishka og‘zini jo‘blag‘an ham edi, chiqg‘uchi “siz kimsiz?” degan savol bilan uni to‘xtatib qoldi”.

O‘tgan asrning yigirmanchi yillarida o‘zbek imlosining fonetik tamoyiliga, ya’ni so‘zlar qanday talaffuz qilinsa, shunday yozilishiga ko‘ra jo‘b so‘zi jo‘p shaklida ham qo‘llangan.

Yozuvchi boshqa o‘rinda “jo‘blangan til” birikmasini ishlatadiki, bu ham jo‘b o‘rnini egallab olgan juft so‘zi aslida “begona” ekanini ko‘rsatadi, chunki “juftlangan til” mantiqdan xorij­dir: “Bu so‘z Azizbekga sihr kabi ta’sir qildi, dahlizda turg‘uchi yigit orqaliq jallod chaqirishg‘a jo‘blangan tili o‘z zarariga harakatlandi…”.

Jo‘blamoq fe’lining yasalishiga asos bo‘lgan jo‘b so‘zining ma’nosini bilib olishimizga to‘g‘ri keladi. Umuman, bu o‘zbekcha so‘z mumtoz adabiyotimizda, xalq og‘zaki ijodida qo‘llangan. Xususan, jo‘b so‘zi Navoiy hazratlari tomonidan birmuncha faol ishlatilgan. “Navoiy asarlari lug‘atida” (1972) bu so‘z “teng, mos, bop, munosib” kabi ma’nolarga ega ekani qayd etilgan.

“Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati”da (1983) jo‘b so‘zining bir necha ma’nosi berilgan va ularga shoir asarlaridan misollar keltirilgan. Biz ham unga tayanib va qo‘limizdagi natijalarga asos­lanib mazkur so‘z anglatgan yana ko‘pgina ma’nolarni aniqladik:

1) mos, munosib, loyiq, to‘g‘ri:

Ki, ul bo‘lg‘ay oyini hikmatqa jo‘b,
Ne andin kerak bo‘lg‘ay ozu, ne ko‘p
(“Saddi Iskandariy”).

Mazmuni: u (ziyofat va mehmon kutishning yo‘l-yo‘rig‘i) hikmat qoidalariga mos, munosib bo‘lsin, me’yoridan oz ham, ko‘p ham bo‘lmasin.

Ish azimu yo‘l yiroqu xavf ko‘b,
Nechuk o‘lg‘ay azmimiz bu yo‘lg‘a jo‘b
(“Lison ut-tayr”).

Qushlar safari kayfiyatida aytilgan bu misralarni “ish og‘ir, yo‘l uzoq, xavf ko‘p bo‘lsa, nima uchun bizning bu ahdimiz bu yo‘lga munosib, loyiq bo‘lsin”, deb tushuntirish mumkin.

2) teng; muvofiq:

Uyi sahro qumi hisobig‘a jo‘b,
Eli xud necha onchadin ham ko‘p
(“Sab’ai sayyor”).

Mazmuni: uyining soni sahro qumi hisobiga teng, ya’ni sahro qumicha keladi. Eli esa undan ham ko‘p.

Ishekim zarar naf’idin bo‘lsa ko‘p,
Emas qilmog‘i aql ollinda jo‘b
(“Saddi Iskandariy”).

Agar bir ishning zarari foydasidan ko‘p bo‘lsa, bu narsa aqlga muvofiq emas, aqlga to‘g‘ri kelmaydi.

3) ma’qul:

“To suhbatda ne’mat ko‘p, alarg‘a barcha amru nahying jo‘b” (“Mahbub ul-qulub”dan).

Mutrib va mug‘anniylar zikrida aytilgan bu jumlani shunday izohlash mumkin: to suhbatda, majlisda cholg‘uchi va ashulachilar o‘z ijrolari uchun oladigan ne’matlari ko‘p ekan, ularga sening barcha amru nahying, ya’ni yaxshi ishga buyurish va yomon ishdan qaytarish o‘gitlaring ma’qul.

Abdulla Qodiriy badiiy so‘z san’atining mohir ustasi o‘laroq eski o‘zbek, xalq jonli tilining bitmas-tuganmas, g‘oyat serjilo lug‘at boyligidan samarali foydalangan. Adib ijodi orqali bu o‘zbekcha so‘zning “mo‘ljallamoq”, “ko‘zlamoq” kabi ma’nolari ham borligi ang­la­shiladi: “O‘zini ulardan yashirish uchun qutidorning yo‘lagini jo‘blag‘an edi, yigitlardan bittasi: “Bu yerda Sodiq nima qilib yuribdir” deb yubordi…”.

O‘zbek tilining izohli lug‘atida (2005) jo‘plamoq so‘zi mo‘ljallamoq, chog‘lamoq, muvofiq ko‘rmoq ma’nolariga egaligi to‘g‘ri ko‘rsatilgan. Bu so‘zning izohi uchun Abdulla Qodiriyning“Mehrobdan chayon” asaridan misol keltirilgan: “Xufton asnosida Safar bo‘zchi yetib keldi, voqeani eshitib, daf’atan Mirzoni yashirish uchun shaharning chetrog‘ida bo‘lgan yaznasining uyini jo‘pladi”.

Muxtor Avezovning to‘rt kitobdan iborat “Abay yo‘li” romani 1950–1960 yillarda Zumrad (Orifjonova) tomonidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan. Mana shu tetralogiyaning uchinchi kitobi 1957 yilda o‘zbek tilida nashr etilgan. Tarjimon ayrim eski qozoqcha so‘zlarni o‘girar ekan, ular o‘rniga bu vaqtda hali batamom unutilib ketmagan, xalq jonli tilida iste’molda bo‘lgan o‘zbekcha so‘zlarni qo‘llaydi. Xususan, qardosh tildagi “biron narsani xayolida hal qilish, tasavvurida mo‘ljallab ko‘rish” ma’nolarini anglatgan ұyg‘aru so‘zini mana shu o‘zimizning jo‘b so‘zimiz yordamida tarjima qiladiki, bu g‘oyat mos tushgan: “Ovuldagi maydagap kampirlar, ba’zi bir ivir-shivirlarni yaxshi ko‘radigan ovsinlar Usponning beva qolgan xotinlarini gap qilishayotir. Orqavarotdan o‘zicha jo‘plab qo‘yishlar, soyaga qarab to‘n bichishlar har kimda ham bor-da… Shunday paytlarda o‘zlarining jo‘plab ko‘rishlariga ko‘ra: “Usponning uch xotini qolgan bo‘lsa, unga yarasha uch og‘asi ham qoldi”.

Kuzatishlarimiz shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek xalq og‘zaki ijodida, xususan, topishmoq-jumboqlarda jo‘b so‘zi avvaldan qo‘llanib kelgan. Folklorshunos Shomirza Turdimovning “Hikmatlar xazinasi” (2016) kitobchasida bu qayd etilgan:

Jummoq quydim, jubini top,
Jumaloq biyning uyini top.

Ya’ni jumboq qo‘ydim, jo‘bini top – topishmoq aytdim, mosini top deyilmoqda. No‘xat borasida aytilgan bu topishmoq xalq donishmandligini namoyish qilishi bilan birga o‘zbek tili bisotidagi ajoyib bir so‘zni o‘z bag‘rida saqlab kelmoqda. Qayd etish kerakki, keltirilgan manbada bu so‘z jo‘b shaklida bo‘lmog‘i to‘g‘ri.

Atoqli filolog olimlar Bosim To‘ychiboyev va Qozoqboy Qashqarli tomonidan tayyorlanib, o‘n yilcha burun nashr etilgan, tilimizning qipchoq lahjasi lug‘at boyligini o‘zida namoyon etgan “Zominning til qomusi” (2012) kitobida ham jo‘b so‘zini jumboq-topishmoqlarda uchratamiz:

Jummag‘ыmdың jubыnы tav,
Qozыbaydың ұyini tav.

Yana:

Jummaq qoydыm, jubыnы tav,
Jora bavaң ұyini tav.

Topishmoqda keltirilgan jub aslida jo‘b so‘zining aynan o‘zidir.

S.G‘aybullayevning “Qorako‘l shevasining tarovati” (2017) nomli lug‘at kitobda “jo‘b” so‘zi qayd etilgani e’tiborga loyiq. So‘zga shunday izoh mavjud: Jo‘b – mos ish, o‘rin, maqom. Jo‘bingni bilib yur – O‘rningni bilib yur.

Abdulla Qodiriyga zamondosh yozuvchilar, adibdan so‘ng izma-iz yetishib chiqqan o‘zbek ijodkorlari asarlarida jo‘b yoki undan yasalgan so‘zlarni hozircha uchratmadik. Cho‘lpon asarlarini ko‘zdan kechirdik, biroq bu ibora ishlatilganini topa olmadik. Oybek, Abdulla Qahhor kabi yozuvchilar ijodida bu iboraga duch kelmadik. Fikrimizcha, og‘iz jo‘blamoq iborasining og‘iz juftlamoqqa aylangani G‘afur G‘ulomdan boshlangan. Alloma adibdan keyin Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, Said Ahmad singari atoqli yozuvchilarimiz asarlarida og‘iz juftlamoq iborasi bo‘y ko‘rsata boshladi va keyingi avlod qalamkashlari tomonidan shu tarzda qo‘llanib kelmoqda. O‘tgan asrning 70 – 80 yillarida nashr etilgan izohli lug‘atlarda iboraning aynan shu shakli kiritilib, unga izoh berildi.

Biz ishlatmay, uni noto‘g‘ri qo‘llab shunday ajoyib so‘zimizdan ayrildik. Eski o‘zbek tilida bir qadar faol bo‘lgan, hozirda esa unutilishga yuz tutgan bu so‘zni mumtoz asarlarimiz, bular uchun tuzilgan lug‘at kitoblarda, xalq og‘zaki ijodi namunalaridagina topish mumkin. “Jo‘b” so‘zi va “og‘iz jo‘blamoq” iborasini zamonaviy o‘zbek ­badiiy adabiyotida eng oxirgi qo‘llagan ijodkor, aniqlashimizcha, Abdulla Qodiriydir.

To‘lqin Tog‘ayev,
filologiya fanlari nomzodi, dotsent

“O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi, 2023 yil 10-con