Tohir Qahhor. Cho‘lpon sozi Qozonda yangradi

2014 yilning avgust oyida atoqli shoirimiz Cho‘lponning tatarchaga tarjima qilingan kitobi Qozonda nashrdan chiqdi[1]. Tatarchaga o‘girilgan bu to‘plamga shoirning “Yana oldim sozimni” kitobidan tanlab olingan 84 she’rining tarjimasi kiritilgan. Demak, yuksak badiiyat bilan yo‘g‘rilgan Cho‘lponning milliy sozi, vatanparvar va xalqparvar ovozi endi Tataristonda ham yangray boshladi.

Ma’lumki, Cho‘lpon she’rlari mazmunan o‘ziga xos bo‘lgani bilan birga shaklan ham muhim xususiyatlarga ega. Ya’ni, barmoqning turli shakllarida va aruzning turkiy tilga uyg‘un ayrim bahrlarida yozilgani bilan ajralib turadi. Shoir she’rlari boshqa tilga, ayniqsa, qardosh turkiy tillarga tarjima etilayotganda ana shu fazilatlar saqlanishi kerak. Masalan, bizningcha, uning aruzdagi she’rlarini qozoq, qirg‘iz, gagauz yoki oltoy turklari tiliga aruzda tarjima qilish qiyin, chunki ularda aruz yo‘q. Ammo uyg‘ur, turkman, ozarbayjon, turk, qozon va qrim tiliga o‘girilarkan, barmoqdagi she’rlarni barmoqning ayni o‘sha turida, vazn va qofiyalash tartibini saqlagan holda, aruzdagi she’rlarni ham o‘z vaznida, undagi san’atlarni imkon qadar asragan tarzda tarjima qilish talab etiladi.

Shu ma’noda, bizningcha, Qozon tatar tiliga Cho‘lpon she’rlari mazmunan va shaklan nisbatan yaxshi o‘girilgan. Shoirning barmoq va aruz vaznidagi she’rlari aynan o‘z vaznida, qofiya va turoqlari saqlangan holda tarjima qilingani, bunga intilingani diqqatga sazovordir. Bu tarjimon Rauf Gatashning yutug‘idir, albatta.

Shu o‘rinda shoirning Qo‘qon muxtoriyatining qonga botirilishi mavzusidagi “Yong‘in” she’rining tarjimasiga bir ko‘z tashlaylik.

O‘zbekchasi:

Nega mening qulog‘imda tun va kun
Boyqushlarning shumli tovshi baqirar?
Nega mening borlig‘imga har o‘yun
Va har kulgi og‘u separ, o‘t qo‘yar?

Qozon tatarchasi:

Nigә әlә kolagыmda kөn vә tөn
Yabalaklarnыn shomlы өne yangыrar?
Nigә minem barlыgыmda hәr uyen
hәm hәr kөlke agu sibep, ut koyar?

Tarjimada mazmun, shakl to‘la saqlangani ko‘rinib turibdi.

Tarjimon “Yangыn” sarlavhasi ostidagi “Talanmagan, yiqilmagan yer yo‘q, go‘daklar nayza boshida” epigrafini “… Talanmagan, taptalmagan jir yuk… Sabыylarnы sөngegә aldыlar…” deya o‘girgan. Tarjima o‘rnida, bir qusuri yo‘q. Ammo… Cho‘lpon juda usta shoir bo‘lgani uchun aynan shu xabarni she’riga epigraf qilib olgan. Buning ma’nosini bugungi o‘zbek o‘quvchilarining barchasi tushuna oladi deya olmaymiz. Tarjimon, bizningcha, shu o‘rinda, masalan, chor mustamlakasi bo‘lgan Turkistonda 17-yilgi bolsheviklar to‘ntarishidan so‘ng ilk mustaqil davlat o‘laroq e’lon qilingan Qo‘qon muxtor respublikasini balsheviklar qabul qilmadi va dashnaqlar bilan birga Qo‘qon va uning atrofidagi o‘nlarcha qishloqlarni yondirdilar, yigirma minglab begunoh halq o‘ldirildi, hatto go‘daklar boshini nayzaga ilib kelgan askarlarga mukofotlar berildi kabi izohni bersaydi, bu she’rning ahamiyati, Cho‘lponday chin shoirning jasorati ochilgan bo‘lardi. Yaxshi fikr takrorlansa, aybi yo‘q deyishgani uchun men ham Abul Faraj Isfaxoniyning mashhur so‘zini eslatmoqchiman: she’r, asar bir kelin bo‘lsa, unga yozilgan munosib izohlar bir ziynatdir.

Qisqasi, “Yong‘in” she’ri yaxshi o‘girilgan, faqat undagi so‘nggi:

Keng yaylovga o‘tmi ketdi, yondimi?
“Madaniyat” istagiga qondimi?

Tatarchasi:

Il-jәylәүgә utlar үtep yandыmы?
“Mәdәniyat” telәgenә kandыmы?! –

misralaridagi “Madaniyat” so‘ziga o‘zbekchada “fotih Ovrupo”, ya’ni bosqinchi Ovrupo deya izoh berilgan. Ammo tarjimon buni o‘zicha tushungan holda, “bu o‘rinda revolyutsiya, to‘ntarish yillari ko‘zda tutiladi” (28 b.) deya izohlaydiki, bu fikr matndagi asl ma’no-maqsadni anglashda o‘quvchini chalkashtirishi mumkin. Chunki shoir bu she’rda fotih so‘zining tilimizdagi bosqinchi anglamiga alohida yuk qo‘ygan, bosqinchilarga ishora qilmoqda.

Cho‘lponning aruzdagi she’rlarini ham tarjimon tatarchaga aruzda o‘girishga intilgan va maqtovli natijalarga erishgan. Misol: “Qizlarning daftariga” she’ridagi aruz ohangi (v – – – / v – – – / v – – – / v – – – /) Qozon tatarchasida ham saqlangan, ma’no ham yaxshi o‘girilgan, qisqasi, parchadan Cho‘lpon ruhi ufurib turibdi:

Ko‘ngil, tinmas ko‘ngil, endi yetar, ko‘z tikma gullarga,
Go‘zaldir, yoshdir ul gullar, faqat aldanma unlarga,
Ki, qizg‘onmas, ko‘ngil qo‘ymas seningdek oq ko‘ngillarga.

Kыzlarnыn dәftәrenә

Kүnel, tыnmas kүnel, indә jitәr, kүz tekmә gөllәrgә.
Gүzәlder, yashter ul gөllәr – tik aldanma gүzәllәrgә:
Kaysыlar, kem, kүnel kuymas cinen kүk ak kүnellәrgә… (91 b.)

Cho‘lpon she’riyatining o‘ziga xosligini, yuksakligini belgilovchi she’rlaridan hisoblangan “Yong‘in” (27 b.), “Men va boshqalar” (31 b.), “Xalq” (33 b.) “Ko‘ngil” (49 b.), “ Bas endi” (77 b.) she’rlari ham juda yaxshi o‘girilgan.

Biroq har ishda bo‘lgani kabi bu to‘plamdagi tarjimalar orasida ham hali yana biroz ishlab, jilo bersa bo‘ladigan she’rlar, misralar bor. Masalan, “Amalning o‘limi” she’ridagi “Mangu tutqunlikka kirdimi o‘lka?” satri tatarchaga “Mәnge totkыnlыkka ducharmы Il-өlkә” (34 b.) deya bir bo‘g‘in oshirib tarjima qilingan. Tarjimon shaftoli so‘zini tatarcha matnda qo‘llab, “persik” deya tushuntirish bergani ma’qul, ammo “tanbur – barabanning bir turi” (57 b.) deya izoh berishi mantiqli emas, albatta. Bugungi kunda butun dunyo internet bog‘lantisiga tayanib ish ko‘rmoqda, lahzada xabar olish va yuborish mumkin. Agar tatarcha tarjima biror o‘zbek muharririga yuborilsaydi, to‘plam bundayin juz’iy nuqsonlardan ham xoli bo‘lardi. Bizningcha, kelajakda tarjimonlarimiz adabiy aloqalarni yanada mustahkamlashlari, eng yaxshi asarlarni o‘z o‘lkalari adabiyoti xazinasiga qo‘shishlari shubhasizdir.

2014 yilda Qozon shahrining turkiy madaniyatlar poytaxti deb e’lon qilinishidagi umumiy tadbirlar orasida turkiy adabiyotlardan ikki kitob tatarchaga tarjima qilib nashr etildi. Cho‘lponning tatarchadagi bu to‘plami ana shu ikki kitobning biri bo‘lishi jihatidan ham qadrlidir. Cho‘lpon ijodining bosh yo‘nalishlari Turkiston va uning istiqloli, Turkiy dunyo va uning Ovrupo “fotih”lariga, ya’ni bosqinchilariga qarshi kurash kabi jahoniy nuqtalar bilan bog‘lanishi jihatidan boshqalardan ajralib turadi. Bizningcha, o‘sha 1910-1920 yillarda ko‘plab shoirlarimiz ijodida bo‘lganidek, birdamlik ruhi, turkiy tillardagi adabiyot va ularning boy tilidan ta’sirlanish, usmonlicha, ozarbayjoncha she’rlar bitish an’anasi (bu ilg‘or yo‘nalish Umarxon davri va Qo‘qon adabiy muhiti qaynagan yillardan boshlanganini ta’kidlashimiz o‘rinlidir) Cho‘lponga ham xosdir. Cho‘lponning o‘nga yaqin ana shunday she’r yozgani ma’lum. Ammo uning Qozon va Boshqird tatar adabiyotidan ta’sirlanishi, u o‘lkalarda yashagani yanada chuqurroq tadqiqotlarni talab etadi. U she’rlarida qo‘llagan tatarcha so‘zlar keyingi davrdagi o‘zbek tilida o‘zlashib ketmagan bo‘lsa-da, o‘tmish adabiyotimizni o‘rganishda kerakli nuqtalardan biridir. Masalan, Cho‘lpon she’rlarida va tarjimalarida foydalangan kishan ma’nosidagi bo‘g‘ov o‘sha yillardagi ijodkorlar asarlarida ham qo‘llanilgan, ammo hozirda kamdan-kam ishlatiladi; kambag‘al anglamidagi yorli so‘zi esa 20-yillarda qolib ketdi, lug‘atga ham olinmagan. Cho‘lponning Qozonda bosilgan kitobi bilan tanisharkanman, bu mavzularni ham o‘rganishimiz kerak ekan, degan fikr ko‘nglimdan o‘tdi.

Turkiyalik olim va tarjimon Husayn O‘zboy 1993 yil nashr ettirgan “Cho‘lpon she’rlari” kitobi she’rlarning arab yozuvidagi nusxalariga suyangani, o‘zbekcha va turkcha ma’no tarjimasi, katta tadqiqot bilan birga bosilgani jihatidan o‘ziga xosdir. Radif Gatash tayyorlagan bu to‘plam esa, turkiy adabiyotlar ichida, bizningcha, Cho‘lpon she’rlarini she’r sifatida tarjima etilgani bilan alohida ajralib turadi. Chunki she’r – san’at, ma’no tarjima yo qora so‘zdagi tarjima (podstrochnik) tog‘ yo‘lidagi bir tepadir, undan she’r cho‘qqisidagi go‘zalliklar, mushohada zavqi, ma’naviy ne’matlar ko‘rinmaydi. Ya’ni she’rdagi barcha badiiy xususiyatlarni saqlagan holda boshqa tilda yaratish bir ma’naviy ne’matdir.

Cho‘lpon she’rlari avval ham she’r o‘laroq turkiy tillarga o‘girilgan. Masalan, uning bir qator she’rlarini 1990 yillarda atoqli shoir Halil Rizo ozarbayjonchaga katta mahorat bilan o‘girgan, ular mabuotda va shoirning “Turon chalangi” nomli kitobida bosilgan edi. Shimoliy Qibrisda nashr etiladigan “Turnalar” jurnalida ham Cho‘lponning bir necha she’ri o‘zbekcha, inglizcha (A. Obid tarjimasi) va turkcha she’riy tarjima holida bosilib chiqqani ma’lum.

Xullas, Cho‘lpon – XX asr o‘zbek adabiyotining klassigi, ulkan san’atkor shoir, uning asarlari san’atkor shoir-tarjimonlar mehnati bilangina o‘z badiiyatini, qadrini saqlagan tarzda boshqa tilda jaranglashi mumkin. Tatariston xalq shoiri Radif Gadash tarjimasidagi Cho‘lponning bu to‘plami ana shu yo‘ldagi ilk jiddiy odimdir, albatta, bu barcha adabiyot muxlislarini quvontiradi.

“Jahon adabiyoti”, 2014 yil, 11-son

[1] Chүlpan. Үynыy sazыm. Shigыrlәr – Үzbәkchәdәn Radif Gatash tәrjәmәsә, Kazan Tatarstan kitap nәshriyatы 2014.