Fitrat hozirgi zamon o‘zbek adabiyoti, fani va madaniyatining yirik vakilidir. U qomusiy bilimga ega olim, adabiyot nazariyachisi, o‘tkir tilshunos, o‘ziga xos dramaturg va shoir, jangovar siyosiy publitsist, noshir, jurnalist va talantli davlat arbobi edi.
Fitrat o‘z tarjimai holida yozishicha, 1884 yilda Buxoroda tug‘ildi (S. Ayniy uni 1886 yilda tug‘ilgan deydi). Otasi Abdurahimboy savdo ishi bilan shug‘ullanardi. Shuning uchun chet ellarga (Qashqar, Turkiya, Eron) borar, dunyo ahvolidan boxabar edi. Onasining ismi Bibijon edi. Fitrat boshlang‘ich tarbiyani diniy maktabda oldi, keyin «Mirarab» madrasasida tahsil ko‘rdi. Fors, arab tillarini mukammal bilgan Fitrat o‘z davridagi ijtimoiy-siyosiy voqealarga ham qiziqib qaradi. O‘zining aytishicha, avval jadidlar harakatiga qarshilik qildi, keyin uning mohiyatini anglab yetgach, bu harakatga qo‘shildi. Hatto ashaddiy targ‘ibotchilaridan biriga ay-landi. Shu jadidlar maslahati va yordami bilan Istambulga (Turkiyaga) o‘qishga bordi va 1909 — 1913 yillarda shu yerda istiqomat qildi. Turkiyadagi hayoti Fitratning dunyoqarashi, siyosiy ongini keskin o‘zgartirib yubordi. U Turkiston hayotiga Turkiyadagi o‘zgarishlar (bu paytlar «Yosh turklar inqilobi» voqeasi bo‘lgan edi) va ilg‘or mamlakatlar darajasidan chiqib qaray boshladi: diniy xurofotni keskin tanqid qildi, hatto dinni, maktab-maorifni va Turkistondagi idora usulini ham isloh etish g‘oyasi bilan nafas oldi.
Fitratning 1909 yilda Istambulda «Hindistonda bir farangi ila buxoroli bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadida xususida qilgan munozarasi» kitobi bosilib chiqtsi (Fitrat asarini 1908 yilda yozganini aytadi). Asarning Buxoroda bosilishiga amir ruxsat bermagach, Istambulda nashr ettirgan edi. Asar forscha yozilgan, uni Hoji Muin o‘zbekchaga aylantiradi va «Turkiston viloyatining gazetasi»da bostiradi (1911). 1913 yilda alohida kitob holida chiqadi, unga Behbudiy kirish so‘zi ham yozgan edi. «Hibs qilish, o‘ldirish, sangsor qilish kundagi odatlardan edi, — deydi Fitrat — u zamonlarda kitob yozishning o‘zi «kofir»-lik edi. Men shu vaqtlarda birinchi asarni yozdim. Buxoroning idora usulini, ta’lim-tarbiya usulini, bir kuy rasmiy idoralarni tanqid qildim. Bu kitob Buxoroda tarqalar edi. Uning noshirlari bo‘lg‘on Buxoro jadidlarini tahlikaga tushirmaslik uchun amirga qaratib bir so‘zboshi yozdi va shuning bilan, go‘yo, tanqidning unga emas, ma’murlariga oid bo‘lg‘onini ko‘rsatdim. Bu zamondagi Buxoroning ijobi edi. Shuning bilan meni Buxo-ro amirining tarafdori, deyish ham mumkin emas. Mening Buxoro amiriga qarshi har vaqt kurashganim va kurashgan tashkilotlarga rahbarlik qilganimni bilmagan yo‘q».
Fitrat adabiyotning hamma janrlarida qalam tebrata boshladi. U 1910 yilda Istambulda «Sayxa» («Chorlov») degan she’rlar to‘plamini bostirdi. U ham fors tilida edi. «Hind sayyohining qissasi» ham forscha yozilib, 1912 yilda Istambulda nashr etildi. Fitrat Turkiyadan qaytgach, Buxoro, Samarqanddagi qizg‘in adabiy jarayon, madaniy, maorif ishlariga va siyosiy ishlarga aralashib ketdi. Samarqandda 1917 yildan chiqa boshlagan «Hurriyat» gazetasiga (27—87-sonlariga) muharrirlik qildi. Gazetada milliy mustaqillik g‘oyasini targ‘ib etdi. Bolsheviklar harakatini yoklash kerakmi yoki yo‘qmi, unga qarshi turish kerakmi, degan masala kun tartibida turgan paytda Fitrat bolsheviklarni yoqlab, «Hurriyat» gazetasida bosh maqola e’lon qildi. «Maqolada, — deydi Fitrat, — kurashning qaysi tomoniga qo‘shilish kerak?» degan savolni qo‘yib, o‘zim so‘l tomonga qo‘shilishni yoqladim. Bu kurashning «o‘ng» tomonidan bizga xayr yo‘qligini da’vo qildim. Mening bu da’vatim karomat emas, tajriba natijasi edi, chunki Buxoro amiri bilan bo‘lgan janjalimizda muvaqqat hukumatning to‘ppa-to‘g‘ri amir tomonidan turganini, bizning esa, rabochiylar tomonidan, ishchi-dehqon-soldat deputatlari Soveti tomonidan himoya qilinganimizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan edim va kommunistlar firqasining millat masalasini butun dunyodagi siyosiy firqalarga ko‘ra to‘g‘ri hal qilg‘onini yaxshi bilar edim. Mening muharrirligim ostida chiqqan mazkur «Hurriyat» gazetasi Samarqand jadidlarining noshiri afkori edi, so‘ng zamonlarda bir boyning puli bilan chiqar edi. Men shunga qaramasdan gazetamni bolsheviklarga xayrixoh bir nuqtada saqlashga tirishdim, bolsheviklar maqolalariga o‘rin berdim. Samarqanddagi ishchilar tashkiloti bilan «Sho‘roi islom» orasidagi kurashda ishchilar tashkilotining noshiri afkori kabi harakat qildim».
Qo‘qon Muxtoriyati tuzilganda (1917 yil noyabr) Fitrat Samarqandda edi. Shu yerdan unga a’zo qilib saylanadi. «Qo‘qonga bormadim. Muxtoriyatning hech bir ishiga ishtirok qilmadim» deydi Fitrat. Ammo o‘zining «Hurriyat» gazetasida bu voqeani yurakdan quvvatlab maqola e’lon qiladi: «Ellik yildan beri ezildik, tahqir etildik. Qo‘limiz bog‘landi, tilimiz kesildi. Og‘zimiz qop-landi. Yerimiz bosildi. Molimiz talandi, sharafimiz yemuruldi. Nomusimiz g‘asb qilindi, insonligimiz oyoqlar ostiga olindi. To‘zimli turdik. Sabr etdik. Kuchga tayangan har buyrug‘ga bo‘yin sunduk. Butun borlig‘imizni qo‘ldan berdik. Yolg‘iz bir fikrni bermaduk, yoshunturduk, imonlarimizga o‘rab saqladuk. Bu — Turkiston muxtoriyati.
Mahkama eshiklaridan yig‘lab ketganda, yoruqsiz turmalarda yotganida, yirtqich jandarmaning tepkusi bilan yiqilg‘onda, yurtlarimiz yondurulg‘onda, dindoshlarimiz osulg‘onda ongimiz yo‘qoldi. Miyamiz buzildi. Ko‘zimiz yog‘dusiz qoldi. Biror narsani ko‘rolmadik. Shul chog‘da tushkun ruhimizni ko‘tarmak uchun, shul qop-qora dunyoning uzoq bir yerinda oydin bir yulduz yalqillab turar edi. Biror narsaga o‘tmagan ko‘zimiz shuni ko‘rar edi. Ul nima edi? Turkiston muxtoriyati» («Hurriyat», 1917, 5 dekabr).
Fitrat Buxoroga borib Kolesov voqeasiga (Turkiston xalq Komissarlar Kengashining raisi F.I. Kolesov otryadi bilan yosh buxoroliklarning birgalikda amirlikni ag‘darib tashlash uchun qilgan qurolli qo‘zg‘oloni) aralashadi. Qo‘zg‘olonchilar tomonidan Buxoro amiriga topshirilgan ultimatum Fitrat tomonidan yozilgan edi (1918). Bu payt Fitrat Buxoro kompartiyasining a’zosi edi, 1919 yilda esa Markaziy Komitet va keyincha Siyosiy Byuro a’zosi bo‘lgan. Kolesov mag‘lubiyatidan keyin u Toshkentga keladi va Afg‘onistonning Toshkentdagi elchixonasida tarjimonlik qiladi (1919 — 1920), Buxoro bolsheviklarining «Tong» jurnaliga muharrirlik qiladi (u Toshkentda nashr etilar edi, 1920).
1918 yil oxirida «Chig‘atoy gurungi» tashkil etiladi. Fitrat uning rahbarlaridan va faol a’zolaridan biri edi. Bu harakatning vujudga kelishiga zarur sabablar bor edi: maktablarda usmonli til va usmonli adabiyot ona tili o‘rnida o‘qitila boshlanadi, o‘zbek tiliningmavqei tushib ketadi. Fitratning ta’kidlashicha, «Chig‘atoy gurungi» o‘zbek millatchiligi: o‘zbek tili, o‘zbek adabiyoti shiorlari ostida panturkist to‘dalarga va shunga berilgan jadidlarga qarshi kurashdi… «Chig‘atoy gurungi» o‘z zamonida panturkizm, panislomizm harakatlariga qarshi kurashmoqda edi.
Fitrat 1921 yilda Buxoro hukumatida Xalq maorifi noziri, keyin Xorijiya noziri, xalq xo‘jaligi Kengashining raisi, jumhuriyat Markaziy ijroiya qo‘mitasining o‘rinbosari, xalq nozirlari Sho‘rosining muovini, hukumat reja va xarj-sarf tashkiliy hay’atining raisi kabi mas’uliyatli vazifalarda ishlab, Buxoroning ravnaqi uchun qo‘lidan kelgan yordamini ayamadi. Ayni paytda F. Xo‘jayev boshchiligidagi Buxoro hukumati rahbarlarining millatning taraqqiyoti uchun olib borilayotgan keng ko‘lamdagi yaxshi ishlari Moskvaga yoqmadi. Moskva Buxoro hukumati tarkibi boy, savdogarlardan iborat bo‘lib qolgan, degan aybni qo‘yib, hukumat a’zoligidan besh kishini, jumladan Fitratni ham chaqiradi (1923 yil iyundagi Plenumda). Fitrat Moskvaga ketishga majbur bo‘ladi. U yerda Sharq tillari institutida ilmiy xodim bo‘lib ishladi (1923 — 1924). Shu yillari unga professorlik unvoni berildi.
Fitrat Moskvadan qaytib kelgach, Buxoro, Samarqand, Toshkent universitetlarida dars berdi. O‘zbekiston Davlat ilmiy-tadqiqot institutida, Til va adabiyot. institutida, O‘zbekiston Fanlar komitetida ishladi. Bu yillari qator badiiy asarlar bilan birga juda ko‘p ilmiy asarlar yaratdi. Ammo Fitratning millatparvarligi bolsheviklar va sho‘ro hukumati rahbarlariga yoqmas edi. Uni Cho‘lpon, A. Qodiriy, U. Nosirlar bilan birga millatchilikda ayblash tobora kuchaydi.
Fitrat Buxoroda ishlaganda u yerda Yosh buxorolik inqilobchilar firqasi va Buxoro kommunistlar firqasi bor edi, u kommunistlar firqasi tomonida turdi, keyin ham, Toshkentda bo‘lgan vaqtida ham shu yo‘nalishda ishladi. Fitratning o‘zi «Men o‘zbek millatchisi bo‘lgan zamonlarda (millatparvari demoqchi ) har vaqt Sho‘ro hukumatiga va kommunistlar firqasiga xayrixoh bo‘lib turdim», deydi. Afsuski, kommunistik ideal uchun, haqiqat, adolat, maorif, fan, madaniyat va millat taqdiri uchun tunu kun mehnat qilgan bunday ulug‘ zotni shu partiya, shu sho‘rolar hukumati qamoqqa oldi, u 1938 yil 4 oktyabrda A. Qodiriy, Cho‘lponlar bilan birga vahshiylarcha otib tashlandi.
Fitrat ko‘p qirrali ijodkordir. Bu — uning lirikasi, dramaturgiyasi, publitsistik va ilmiy maqolalaridir. Ammo shuni aytish kerakki, Fitrat hamma janrlarda ham bitta, yagona qalbi bilan namoyon bo‘ladi: u badiiy ijodda ham, ilmda ham, ijtimoiy faoliyatida — davlat va jamoat arbobi sifatidagi xatti-harakatida ham bir maqsad, bir orzu-armon bilan nafas oldi. Bu — xalqni jaholat, turg‘unlik, g‘aflatdan uyg‘otish, ilm-ma’rifatga chorlash, erkin, ozod, baxt-saodatli hayotga, birinchi navbatda, milliy mustaqillikka erishishga chorlashdir. U o‘zbekning o‘zligini tanishi, ota-bobolari kabi ulug‘vor kashfiyotlar qilishga, birlashgan, kuchli, qudratli davlat tuzishga va dunyoning ilg‘or madaniyatli mamlakatlariga yetib olishga chaqirdi. Butun ijodi xalqning qalb ko‘zini ochishga va mehnat, o‘qish, yaratish, kurashga — inqilobga da’vatdan iboratdir.
Fitratning ilk to‘plami «Sayxa»ning fazilati, Fayzullo Xo‘jayev ta’kidlaganidek, «Buxoro mustaqilligi g‘oyasi yorqin milliy shaklda birinchi bor ifodalab berilishi edi». Shu tufayli bu to‘plamning Buxoroda bosilishiga amir Olimxon qarshilik qiladi. Shunga qaramay «Sayxa»ni 1910 yilda Turkiyada (Istambulda) o‘z hisobidan nashr ettiradi. To‘plamdagi she’rlar fors tilida, undan 15 tachasi o‘sha vaqtlarda (1914 yil) «Sadoi Turkiston» gazetasida o‘zbekcha izohi bilan bosiladi. To‘plam Vatanga muhabbat, xalq g‘am-g‘ussasiga achinish va zulmdan qutulishga undash tuyg‘usi bilan yo‘g‘rilgan.
Ham mohi mangu osoyishi, izzu sharafi man,
Ham ka’bai man, qiblai man, chamani man.
(U — mening osmondagi osoyishta oyim, izzatim, sharafim. U — mening sajdagohim, jonu tanimdir).
Fitratning «Uchqun» degan to‘plami chiqqanligi to‘g‘ri-sidagi xabar ham matbuotda bosilgan (1923), ammo u topilmagan. Respublika matbuotida, «O‘zbek yosh shoirlari» to‘plamida (1922) qator she’rlari bosilgan. Garchand Fitrat fors, arab tillarini yaxshi bilsada, o‘z she’rlarida iloji boricha ularni ishlatmaslikka va sodda o‘zbek tilida yozishga intildi. Uning ustiga Fitrat o‘z badiiy ijodi va ilmiy maqolalari orqali barmoq vaznining qulayligi va keng imkoniyatlarini targ‘ib qiladi. «Bir oz kul», «Ishqimning tarixi», «Yana yondim», «O‘qituvchilar yurtiga», «Qora» kabi she’rlari soddaligi va ichki tuyg‘u va kechinmalarni haqqoniy ifodalab berishi bilan jozibalidir. «O‘qituvchilar yurtiga» she’rida elni ma’rifat, haqiqat yo‘liga yo‘naltirish, jaholatga qarshi kurashishga da’vat etadi:
Orqadoshlar jangli o‘yin yiqqali,
El ko‘zini olg‘on qorong‘u pardalarni yiqqali,
Biz erurmiz ma’rifat arslonlari, ilm erlari,
To‘planaylik, turing, elga to‘g‘ri yo‘llar ochg‘ali.
Ellari maxvdan qutqaron ilm erur,
Bizlarni ham bu kundan o‘zi qutqarur.
Biz erurmiz elning insonlik qonii qaynatuvchi,
Turk arslonin o‘rinsiz uyqudan uyg‘atuchi,
Fitratning eng mashhur she’rlaridan biri «Mirrix yulduzi»ga deb nomlanadi. Bu she’r uning boshiga ko‘p kul-fatlar soladi, uni millatchi deb ayblashda yana bir qo‘shimcha dastak bo‘lib xizmat qildi. She’rda Fitrat yulduz bahonasida Ollohga murojaat etib, bolsheviklarning, bosqinchi rus askarlarining vahshiyliklarini fosh etadi va yurtdoshlarini ularga qarshi qayraydi:
Bormi senda bizim kabi insonlar,
Ikki yuzli ishbuzarlar, shaytonlar.
O‘rtoq qonini qonmay ichgan zuluklar,
Qardosh etin to‘ymay yegan qoplonlar?
Bormi senda o‘ksus, yo‘qsulning qonin —
Gurunglashib — chog‘ir kabi ichganlar?
Bormi senda butun dunyo tuzugin
O‘z qopchig‘in to‘ldirgani buzganlar?
Bormi senda bir o‘lkani yondirib,
O‘z qozonin qaynatguvchi hoqonlar?
Bormi senda qorin, qursoq yo‘lida,
Elin, yurtin, borin-yo‘g‘in sotganlar?
Mana shu misralarning o‘ziyoq Fitrat she’rlarining milliy uyg‘onish va inqilobiy ruhda ekanligidan dalolat beradi.
Fitratning «Sayyoh hindi» («Hind sayyohining qissasi») nasriy asari 1912 yilda bosildi. Bu asarning ahamiyati uning she’riyati va dramaturgiyasidan qolishmaydi. Asarda jahon xalqlari, ilg‘or mamlakatlar fuqarosi ko‘zi bilan Buxoro, umuman Turkistonning davlat tuzumiga, tartib qoidasiga, xalqning turmush tarziga, iqtisodiga, siyosatiga, mafkurasi, madaniyatiga, maorifiga nazar tashlab, ulardagi ibratli jihatlarni qo‘llab-quvvatlab, illatlarini beayov fosh etgan. Fitrat asarda Buxoro hayotini besh qo‘lday bilishi, uning rivojiga g‘ov bo‘lgan barcha illatlarni bartaraf etish choralarini ko‘rsatib bera olishini namoyish qiladi.
Asardagi sayyoh nomidagi shaxs («Men») Fitratning o‘zidir, u biror shaxs bilan — mezbon bilan suhbat qilish, munozara etish jarayonida o‘zining ezgu fikr, tilak-armonlarini aytadi. Asarni Buxoroni, umuman Turkistonni taraqqiyot yo‘liga olib chiqish dasturi deyish mumkin. «Ulamo» bobida Buxoroning ilm markazi bo‘lganligini ta’kidlagani holda endi ortda — jaholat botqog‘ida botib qolganligini aytib, shu buxoroliklarga boshqalar ham «Jaholat va g‘aflat botqog‘iga botdilar», «bugungi haqiqiy ilmdan mutlaqo xabarsizlar», deydi. «Umaro» bobida esa amaldorlar «hukmronlik otiga minib, bechorayu badbaxt xalqning mol, jon, arz, nomus va sharafini shafqatsizlarcha poymol etadilar», deydi.
Fitrat illatlarni juda asosli, shafqatsiz tahlil qiladi: hovuzlardagi iflos suvlardan ichish — kasalliklarni ichishdir, soxta mozorlarga emas, faqat Ollohga sig‘inish lozim deydi. Mutaassib ruhoniylarning hadislarda yo‘q gaplarni tashviq qilishlarini tanqid qilib, o‘zining Qur’on, hadislarni, Imom Ismoil Buxoriyni chuqur bilishini namoyish qiladi: Buxoroda nechta madrasa borligi, ularning nomlari va «olamga to‘rt yuz olimni hadya etgani»gacha, hozir esa cho‘kib qolganini gapiradi.
«Ey bechora millat. Bularning barchasi majburan sha’riylashtirilgan huquqlar bo‘lib, sen ana shu zo‘ravonlar — qoningni so‘ruvchi, xonumoningni ko‘kka sovuruvchi, sharaf va nomusning bunyodiga o‘t qo‘yuvchi kishilar tarafdorisanki, hali ham buni tushunmaysan! — deydi. Yana bir joyda «Hammaga ma’lumki, har bir millatning taraqqiyoti uchun ilm asosiy sababdir. Sizning ilmingiz yo‘q», deydi.
Fitrat tijorat va boy bo‘lishni targ‘ib etadi, ammo boylikka sajda qilish, imon-e’tiqodni, insofni yo‘qotishni qoralaydi. Shariat peshvolari tijoratni, boylikni qoralaydi, deyishadi. Fitrat payg‘ambarimiz «kambag‘allik kofirlikka yaqindir» degan edi deydi va faqat nafsni tiyish kerakligini uqtiradi («Tijorat masalasi bashariyatning hayot-mamot masalasidir» deydi Fitrat). Asarda xalqni birlashishga, zavod-fabrikalar qurishga, tijoratni rivojlantirishga chaqiradi.
Fitrat yaxshigina iqtisodchi va dono siyosatchi edi. «Sharq siyosati» (1920) kitobida «Musulmon dunyosi oyoklari ostida yiqilg‘on, tebranib, talpinib turadir» deyar ekan, Turkistonning inglizlar qo‘liga tushmaslik va taraqqiy qilishi uchun Rossiya bilan yaqinlashishi kerakligini aytadi: «Musulmon dunyosini Ovrupo jahongirlaridan qutqarmoq kerak. Lekin musulmon dunyosi bilimsiz, ongsiz, hunarsiz qolg‘on: birligi yo‘q, ish yo‘lla-rini bilmaydir, urush yarog‘i yo‘qdur, shuning uchun Ovrupodagi kuchlarning birisi bilan qo‘shulardan boshqa chora yo‘q», shuning uchun «Rusiya Sho‘rolar hukumati bilan kelishmak, birlashmak kerak» deydi.
Bu ko‘chirmani keltirishimizning boisi yana shundaki, 1920 yilda «Chin sevish» va undan uch yil keyin 1923 yilda «Hind ixtilolchilari» fojiasini yozadi. Bunda ingliz bosqinchilaridan Hindistonni ozod qilishga kirishgan yoshlarning kurashi, jasoratini ko‘rsatadi. Bu g‘oya «Chin sevish» pesasida ham olg‘a suriladi. «Chin sevish» Fitratning siyosiy-falsafiy yo‘nalishdagi kuchli asaridir. Fitrat tasavvuf, naqshbandlik, yassaviychilik to‘g‘risida teran risola, maqolalar yozgan. «Chin sevish»da bularning ta’siri seziladi. Asarda ingliz bosqinchilariga nisbatan, kapitalizmning axloq bobidagi qusurlariga, Ovruponing musulmon dunyosiga bo‘lgan dushmanlik siyosatiga nisbatan nafratini ifodalaydi.
Fitrat Ovrupodan davlat tuzumi, fan-texnika sohasidagi barcha yutuqlarni o‘rganish, o‘zlashtirish tarafdori. Ammo u yerda mehr-shafqatlilikni bir chekkaga surib butun choralar bilan foyda ketidan quvishni, pulga, oltinga sajda qilishni qattiq tanqid qiladi. Asar qahramoni Karimbaxsh «Ovrupoda bilim bor, lekin inson yo‘q. Ovruponing bilimi qoplonning tishi, tirnog‘i kabi bir narsadir. Kuchsizlarni yirtib yemak to‘g‘risida ko‘p ish ko‘rmishdir», deydi. Asardagi Vatani ozodligi uchun jonini tikkan yigit Nuriddinning Zulayxoga bo‘lgan ishqi so‘fiyona ishq —chin sevishdir. Majnunlar ishqi singaridir. U sevgilisiga jismonan yetishishdan ko‘ra yuqoriroq tilakni — ruhiy birlashishni orzu qiladi. «Ovrupoda ruh yo‘qdir. Ular ruhoniy lazzatdan bir narsa anglayolmaydilar. Chin sevish va haqiqiy ishqning tub yeri Sharqdir. Majnun, Farhodlar kabi ishq payg‘ambarlari Sharqda yetishdilar. Butun Ovrupodagi ishq otini olgan hollar hayvonliq havaslardan boshqa narsa emasdir», deydi. Albatta, Fitrat bu yerda Ovrupodagi besharm, yalang‘och, ibosiz sevgini, aysh-ishrat va boyish manbaiga aylangan soxta muhabbatni, hayvoniy hirsni nazarda tutmoqda.
20-yillar oxiri va 30-yillar boshida Fitratni millatchiliqda ayblash harakati avj olgan paytda pesalaridan ham dastak sifatida foydalanganlar. Ayniqsa H. Olimjonning Fitrat to‘g‘risidagi kattagina maqolasida «Chin sevish», «Hind ixtilolchilari», «Temur sog‘anasi» (bundan bir parcha qolgan xolos) pesalaridagi barcha fikr-g‘oyani sho‘rolarga qarshi aytilgan, deb da’vo qilgan. Aslida ham Hindiston va inglizlar masalasi o‘sha davrning kun tartibida turgan masala edi.
Fitrat shu holatdan foydalanib turib, bosqinchilarga, ayniqsa, bosmachilik harakati, ya’ni xalq ozodligi kurashi avj olgan paytni, o‘sha davrdagi qirg‘in, adolatsizlikni nazarda tutib, xalqni milliy mustaqillik, ozodlik kurashiga chaqiradi. Fitrat pesalarida shu ramziylik, imo-ishora usuli keng qo‘llanilgan. «Hind ixtilolchilari»da Raxibaxsh va uning sevgilisi Dilnavoz, qalandar Lola xardiyol kabi fidoyilarning vatanparvarligini ko‘rsatib beradi. Asardagi juda ko‘p gaplar so‘zsiz «qizil imperiya»ga ham qarshi qaratilgan edi: «Inglizni Hindistondan quvmoq ezgu ishlarning birinchisidir», «Qur’onni hayvon tepkisidan qutqarishdek buyuk», «…cho‘chqani masjiddan haydash kabi ezgu» ish lozim, «ular talovidan qutulmoq uchun birlashmoq» kerak, «Bu kun o‘lkada qo‘ydan ortiq odam kesiladir», «Masjidda nomoz uchun yig‘ilganlar — siyosiy yig‘in yasog‘on bo‘lib, to‘pg‘o bog‘lanar edi, er bilan xotin o‘zaro ko‘proq gapirganda hukumatga qarshi bo‘lib, dorg‘a osilar. Bu kun ustidagina shu o‘lkaga qarag‘anda, yiqilg‘on shaharlar, yondirilgan qishloqlar, talang‘on uylar, kesilg‘on boshlar, osilg‘on gavdalar, to‘kilg‘on qonlardan boshqa bir narsa ko‘rmaymiz…»
Pesa yurtdoshlari uchun bir saboq, dastur, chorlash, undov edi. Asarning «Yirtqichlardan elimizni qutqaramiz», deb tugatilishi ham bejiz emasdir.
Fitratning «Abulfayzxon» tragediyasi 1924 yilda Moskvada nashr etiladi. Tragediya garchand XVIII asrda yashagan ashtarxoniylar sulolasining so‘nggi vakili Abulfayzxon hayoti haqida hikoya qilsada, aslida bosmachilik davri ruhiyatiga hamohang edi. Dramaturg toj-taxt va shoh, toj-taxt va adolat, toj-taxt va xalq taqdiri, mamlakat taqdiri masalalarini qo‘yadi. Zulm, adolatsizlik, zo‘ravonlik mamlakat va xalqni xarob qilishini ko‘rsatib beradi: zolim shoh, zolim amaldorning taqdiri fojiali yakunlanishi va faqat adolatli hukmdorgina xalq, yurtga tinchlik, baxt-saodat berishi mumkin, degan g‘oya olg‘a suriladi. Shu jihati bilan asar 20-yillardagi yurtdagi qirg‘in, zo‘ravonlik va uni keltirib chiqargan tuzum bilan jips bog‘langandir. Abulfayzxon faqat qon, zulm evaziga taxtga chiqadi va shu yo‘l bilan hukmronlik qiladi. U akasini, ota o‘rnidagi Farhod otaliqni, do‘stlarini o‘ldirib, taxtni egallaydi, bu qilmishi tufayli bemalol uxlay olmaydi, doim qo‘rquv, taxlikada yashaydi. Bu haqda shunday deydi:
«Ortuq hech kimning menga ishonchi qolmadi… Bularning o‘zi yo‘lga kelib, menga dushmanliq qilmoqni tashlasa, nima bo‘lur? Yo‘q… Yo‘q… Bularning o‘zi yo‘lga kelmaydir. O‘ldiraman, o‘ldiraman. Dunyoda bitta dushmanim qolmag‘oncha, qon to‘kaman. Ulfatning so‘zi to‘g‘ri. Podsholik qon bilan sug‘orilaturg‘on bir yog‘ochdir».
Saroy ahli Hakimbiy boshchiligida Abulfayzxonga qarshi turadi. Eron shohi Nodirshoh Buxoroni olish uchun yo‘lga chiqadi. Suyanchig‘i yo‘q Abulfayzxon unga qarshi kurashmoqchi bo‘ladi. Hakimbiylar kuchi, quroli yo‘q, noittifoq xonning bu yo‘lini quvvatlamaydi. Nodirshoh bilan muzokara olib borib, tinch yo‘l bilan taslim bo‘lish foydali ekanligini aytishadi va shunga qaror qilishadi. Nodirshoh g‘oyat usta hukmdor bo‘lganligi uchun Buxoroni olishga emas, balki u yerga mehmon bo‘lib kelayotganligi va Abulfayzxonni o‘z o‘rnida qoldirajagini aytadi, sovg‘alar keltiradi. Lekin Hakimbiylar bu hiylani bilishib, Abulfayzxonni o‘ldiradi, farzandlarini hibsga oladi. Uning o‘rniga Abulfayzxonning 15 yashar o‘g‘li Abdulmo‘minni xon qiladilar. Rahimbiy unga zahar be-rib o‘ldirib, o‘zi taxtni egallaydi, u ham qirg‘in boshlaydi.
Fitrat ijodida diniy mavzuda yozilgan qator risola, maqola, hikoya va pesalar bor. «Qiyomat» (1924), «Me’roj», «Zaynabning iymoni», «Oq mozor», «Qiyshiq eshon», «Zayd va Zaynab» kabi fantastik hikoyalar (1928— 1932), «Shaytonning tangriga isyoni» (1924) va «Ro‘zalar» (1930) pesalari shular jumlasidandir. Adabiyotshunos B. Qosimov «Shaytonning tangriga isyoni» asari to‘g‘risida to‘xtalib, «Ayrim tadqiqotchilar unda ateistik ohanglar ko‘radilar. Bu, bizningcha, to‘g‘ri emas. Uning hayoti ham, faoliyati ham bunday deyishga imkon bermaydi. U dinga emas, aksincha dinsizlikka, imonsizlikka, e’tiqodsizlikka qarshi. Ayni paytda mutaassiblikning ham dushmani», deydi. Bu olim hatto mazkur asarda yozuvchining Oktyabr inqilobiga munosabati aks etgan fikrni ham o‘rtaga tashlaydi. Bu olimning «Ayni paytda mutaassiblikning ham dushmani» degan gapida jon bor. Fitrat islomga e’tiqod qo‘ygan, uning tarixini chuqur bilgan shaxs edi. Madrasada islom tarixidan dars ham bergan va «Muxtasar islom tarixi» (forschadan o‘zbekchaga qilingan tarjimasi 1915 yilda nashr etilgan) risolasi buning isbotidir. Risolada na islom va na payg‘am-barimiz sha’niga biror og‘iz tanqidiy gap yo‘q, aksincha payg‘ambarimiz sifatlarini maxsus ta’riflab, ibrat qilib ko‘rsatadi:
«Hazratning axloq va odoblari bisyor maqbul va komil bo‘lg‘on, hech vaqt yolg‘on gapirmaganlar, hech kimga xiyonat qilmaganlar, noinsoflik, muruvvatsizlik va behayolikdan yiroq edilar», u «eng oliy xulq va rahimli sifatlarga ega bo‘lg‘onlar. Rahim va shafqat, karam va saxovat, madad va ilm boblarida olamga mashhur bo‘lg‘onlar, behuda g‘azabga kelmas edilar. Din ishlaridan boshqa masalalarda juz’iy kamchiliklarni kechirar edilar. Insof doirasidan bir qadam ham tashqariga chiqmas edilar, har kasning bilimi va imkoniyatiga qarab ish buyurardilar. Hech kasdan hech narsada tamagir bo‘lmog‘onlar va sadaqa ham olmag‘onlar», deydi.
Fitrat «Hind sayyohining qissasi» asarida Buxoroda ikki yuzga yaqin madrasa borligi, uning uch toifaga ro‘linishi va barcha madrasalarning nomini birma-bir rnaydi. U bu madrasalar endi «razolat uyiga» aylanib qolganini, bu yerdagi ulamolar «mazlum xalqlarning qonini ichib kelayotganini» qahr va alam bilan yozadi. «Ro‘zalar» pesasida soxta eshon va qozilarni odamlarni sog‘mi-kasalmi, bundan qat’i nazar, majburan ro‘za tuttirishlari, o‘zlari esa yashirincha ovqatlanib, ko‘knori yeb yurishlarini fosh etadi. «Oq mozor» hikoyasida ham inniqobidagi yulg‘ich, tovlamachi hojini ko‘rsatadi. Yetti bor haj qilgan bu odam eshagi o‘lgach, uni ko‘mib, avliyoning mozori deb gap tarqatadi. G‘azablangan xalq uni qoziga olib boradi. Qozi g‘azab bilan uni so‘roq qiladi. Shunda hoji o‘ttiz so‘m pora berib, «buni eshagim «Qozi bobomga ber», degan» deydi. Qozi «Rahmatlikning boshqa vasiyatlari yo‘qmi?» deydi va hojini himoya qiladi. Ko‘rinadiki, bu hikoyada ham din emas, balki uni sotib yeyuvchilarni qoralaydi. «Qiyshiq eshon» hikoyasida ham «zarani din bilan qurollangan xoinlar»ga qaratadi.
«Shaytonning tangriga isyoni» asari yuzaki qaraganda amona bilan jips bog‘lanmaganday va undagi shayton obrazi islom adabiyotida, ayniqsa, Qur’on, hadislar, xalq ijodidagi talqinga hamohangdek tuyuladi. Chuqurroq e’tibor berilsa, zamona bilan yaqindan bog‘langani va shayton obrazini, an’anaviy yo‘ldan bormay, yangicha talqin qilganini sezish mumkin. Fitrat «Shaytonning tangriga isyoni»da o‘sha og‘ir vaziyatdan kelib chiqib, doim salbiy ma’no ko‘tarib yurgan Shayton obraziga ijobiy mazmun yuklaydi. Shayton odamga qarab turib, «Sen eslik bo‘l, tusha qolma tuzoqqa», deydi. Xudoga qarab:
Uzoq bo‘lsin, men yuraman bu kun shod,
Tutqunlikdan, qullikdan-da ozod.
Rahbarim fan, payg‘ambarim bilimdir.
Toping‘umdir yolg‘izgina o‘ziga,
Yolg‘iz o‘zim qutildim deb yurmayman,
Boshqalardan xabar olmay yurmayman
(Odamni ko‘rsatib)
Buni daxi qutqarg‘umdir qo‘lingdan,
Chiqarg‘umdir sening yanglish yo‘lingdan.
O‘zini erkin his qilgan Shaytonning ozodlikka, ilm-fanga chorlashi, hayotga ochiq ko‘z bilan qarab, o‘z kuchiga suyanib ish tutishga undashi, albatta, Fitratning bilvosita, kinoya, qochirim yo‘li bilan aytgan fikrlaridir, dardidir.
Fitrat ijodining yana bir asosiy yo‘nalishi uning ilmiy asarlaridir. U ham talantli adabiyotshunos, ham kuchli tilshunos edi. «O‘zbektili grammatikasi» («Sarf», «Naxv», 1924 — 1930 yillarda olti marta nashr etildi), «Tojik tili grammatikasi» (1930) va «Tilimiz» kabi til haqidagi o‘nlab maqolalari uning zo‘r tilshunos bo‘lganligini ko‘rsatadi. Adabiyot sohasidagi faoliyatiga nazar tashlasak, uning o‘zbek va fors adabiyotlarini, adabiyot nazariyasining chuqur bilimdoni ekaniga ishonamiz.
«Eski o‘zbek adabiyoti namunalari», «XVI asrdagi so‘nggi o‘zbek adabiyotiga umumiy bir qarash», «Chig‘atoy adabiyoti» va Yassaviy, Navoiy, Muhammad Solih, Mashrab, Turdi, Furqat, Muqimiy, Nodira, Umar Hayyom, Firdavsiy, Bedil haqidagi va nazariyaga doir, «Adabiyot qoidalari», «Aruz haqida», san’atning kelib chiqishi va she’riyat, o‘zbek musiqasi to‘g‘risidagi asarlari uning ilmiy kuch-qudratining zo‘rligini tasdiqlaydi. Mashrab to‘g‘risidagi maqolasida «qalandar» deb kimlarning ishi-ni, ularning maqsadi, yashash tarzi, kiyim-kechagi, soch-soqoli, xullas, teatr rejissyori, rassomi uchun qalandarning qiyofasini yaratishda tayyor namunani ko‘rsatib, ta’riflab beradi.
Yoki «Tilimiz» maqolasida o‘zbek tilining ashaddiy targ‘ibotchisi va himoyachisi sifatida ko‘rinadi. Bitta «bil» o‘zagidan 98 ta so‘z yasash mumkinligini va turkiy tilning so‘z boyligi fors, arab tillariga nisbatan ko‘proq ekanligini ta’kidlab bunday deydi: «Arab, fors, rus, nemis, frantsuz tillaridan qay birining sarf (morfologiya demoqchi) kitoblarini olib qarasak, ko‘ramizki, bir so‘zni yasamoq uchun bir qancha yozilg‘on, undan so‘ng shul qoidadan tashqari qolg‘on (mustasno) so‘zlar deb to‘rt-besh so‘z ko‘rsatilgan. Turk so‘zlarida esa bunday so‘z topilmaydir… Tilimizning avjy to‘g‘risida ham boyligi, tugalligi bilindimi? Endi so‘zni turkchaning baxtsizligiga ko‘chiraman. Turk tili shuncha boyligi, shuncha tugalligi bilan baxtsizlikdan qutula olmamishdir. Turk tili dunyoning eng baxtsiz tilidir», deb arablar, forslar hukmronligi davrida bu tilning qisilganligini aytib, sho‘rolar davrida ham erkin rivojlanmayotganiga ochiq ishora qiladi.
Yoki Fitrat yashagan davrda Mashrabning tarixiy shaxs ekanligiga shubha bilan qaralar edi. Fitrat aniq dalillar asosida uning afsonaviy shaxs emas, balki yashab ijod qilib o‘tgan ulkan o‘zbek shoiri ekanligini isbotlab beradi. Fitrat adabiy hodisalar ildizini aniq topadi. Somoniylar, g‘aznaviylar, saljuqiylar va xorazmshohlar davrida fors adabiyotining «ko‘tarilgan qismi qasidachilik edi», der ekan, bu qasidalarni hukmron doira, «o‘z foydalariga tashviqot uchun ishlatish» tufayli ommaviy tus olganiga e’tiborni tortadi.
Fitrat musiqani yaxshi tushungan, o‘zi xam sozanda zot edi. U o‘zbek klassik musiqasini shu qadar yaxshi bilganki, qaysi kuy qay paytda — holatda chali-nishinigina emas (maqomlar yoki taronalar), ayni choqda qaysi asbob qaysi asbob bilan birga chalinganda kuy aniq, go‘zal chiqishini ham aytadi: «Bir g‘ijjak tovushi ikki tanbur tovushini yeb qo‘yadi», deydi va sxemasini beradi: uch tanbur, bir rubob, bir dutor, bir g‘ijjak, bir boloton, bir qo‘shnay, bir chang, bir doira bir an-samblni tashkil etadi va h.k. Fitrat «Halima» operasiga suyanib turib ajoyib milliy opera yaratish mumkin ekan, degan g‘oyani targ‘ib etadi. «Sharq cholg‘ularidagi «mung» Yevropa muzikasinda yo‘qdir. Shuning uchun Sharq muzikasida ruhga ta’sir Yevropa muzikasinda ruhga ta’siridan buyukdir», deydi u.
Ko‘rinadiki, Fitrat adabiyot va san’atning barcha tu-rini nozik tushungan va ular to‘g‘risida shu sohaning yetuk mutaxassisi sifatida fikr yuritgan.
Fitrat adabiy ijodi, ilmiy asarlari va ijtimoiy faoliyati bilan o‘zbek adabiyoti, san’ati, fani va madaniyatiga katta hissa qo‘shgan ulug‘ zotdir.