Tipologik tadqiqotlar zamirida ham son mavjud. Zotan, qiyoslash natijasida yuzaga chiqadigan o‘xshash va mushtarak jihatlar asosan ikki hodisa o‘rtasida kechadigan jarayonlardan aniqlanadi. Shu sabab “2” qiyosning ilk soni deyish mumkin. Zero, ikki soni tipologik tadqiqotlarda yetakchilik qiladi. Bu adabiyotshunoslikda binar tipologiya deyiladi. Bunda jiddiy mantiq ham bor. Negaki, agar ikkidan ortiq hodisa solishtiriladigan bo‘lsa qiyosdagi ma’no ipini qat’iy tizginda tutib turish ancha qiyin kechadi. Lekin agar ushbu muqarrar qiyinchilik yengib o‘tilsa, ikkidan ortiq hodisa o‘rtasidagi tipologik mushtaraklikni o‘rganish ham muayyan afzallikka, ilmiy qimmatga ega ekanligi ma’lum bo‘ladi. Biz ushbu maqolada uchlik tipologiyani olamiz hamda qiyoslanayotgan ikkilik yoniga uchinchi hodisaning qo‘shilishi ikki hodisa qiyosida mavjud bo‘lmagan, faqat uchlik qiyosi natijasida tug‘iladigan ma’no va qonuniyatlarga guvoh bo‘lamiz.
Qadimgi yunon mutafakkiri, buyuk faylasuf Aflotunning «Asterga» nomli mashhur qo‘shmisrasi bor:
Yulduzlarga boqasan yulduzim. Osmon bo‘lgim kelar, Lak-lak ko‘z ila boqmoq uchun senga mahliyo.(Rus tilidan tarjima bizniki — S.M.)
Gap shundaki, «aster» so‘zi yunoncha «yulduz» degani va ushbu lisoniy faktga tayanib she’r, badiiy asar yaratilgan. Biz buni bilganimizdan keyin «yulduzlarga boqasan, yulduzim…» so‘zlarining ma’nosi yanada aniqlashadi. Sirtdan qaraganda, oddiy manzara, shunchaki bir xitobdek tuyuladigan qo‘shmisra aslida murakkab arxitektonikaga ega badiiy asar ekani ma’lum bo‘ladi. She’r bir kema, aniqrog‘i, to‘rt holatning birikuvidan yoki boshqacha aytganda to‘rt tarkibiy qismdan iborat.
1-holat. Aster, ya’ni yulduz yulduzlarga boqmoqda. Ma’shuqaning nigohi yuqoriga, osmonga yo‘nalgan.
2-holat. Buni kuzatayotgan lirik «men»(oshiq)ning nigohi ham osmonga yo‘nalib, osmonga rashk qilib, osmon bo‘lgisi kelmoqda. Negaki…
3-holat. Bu holat bevosita matnda yo‘q, lekin poetik xayolot yo‘qni bor qiladi. Osmon yulduzlarga to‘la, ma’shuqa unga tikilmoqda; lekin yulduzlar osmonning ko‘zlari, ular ham o‘z navbatida yerga, ma’shuqaga boqmoqda.
4-holat. «Osmon bo‘lgim kelar…» Poetik xayolning yashin tezligidagi harakati bilan «men» (oshiq) osmonga ko‘tarilib va osmonga evrilib, uning lak-lak ko‘zi, yulduzlar bilan zaminga, undagi ma’shuqaga mahliyo bo‘lib boqadi.
Aflotun she’rining badiiy jozibasi, falsafasi shundaki, yer, osmon va butun koinotni o‘z qamroviga oladi, insoniy sevgi umumkoinot miqyos kasb etadi.
Aleksandr Pushkinning «Siklop» nomli she’ri bor:
Yazыk i um teryaya razom, Glyaju na vas yedinom glazom: Edinыy glaz v glave moyey. Kogda b sudbы togo xoteli. Kogda b imel sto ochey, To vse bы sto na vas glyadeli.Agar Aflotun uchun she’rning yozilishiga ilk turtki ma’shuqaning ismi Aster, ya’ni yulduz bo‘lgani bo‘lsa, Pushkinda bunday turtki Siklopdir. Sikloplar qadimgi yunon mifologiyasida bir ko‘zli maxluqlar, Uran va Geyaning o‘g‘illari; ular Zevs titanlarni o‘ziga bo‘ysundirishi uchun unga yashin-o‘qlar tayyorlab berishadi. Ularning ayricha belgisi — bir ko‘zlilik.
Ayni shu nuqtada bu she’r Aflotunning yigirma besh asrdan buyon yashab kelayotgan qo‘shmisrasi bilan «topishadi». Ular orasidagi tipologik kavshar ko‘z va qaramoq. Lekin o‘rtadagi farq nimada? Farq bo‘lishi muqarrar, zero, ular mustaqil badiiy asarlardir. Farq — Aflotunda «lak-lak ko‘z», Pushkinda — «yagona» ko‘z. Aflotun «men»i yerda turgani holda osmondan sevgilisi, ma’shuqaga qaraydi, Pushkin «men»i esa yerda, odamlar orasida. Aytilganidek, mushtarak jihat — har ikkisi ham ma’shuqaga boqadi, biri lak-lak, biri yagona ko‘z bilan.
Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: Aflotun she’ri bilan Pushkin tanish bo‘lganmi? Bizningcha tanish bo‘lgan. Asar o‘sha davrda adabiy va ilmiy doirada juda mashhur edi. Masalan, Gegel o‘z asarlarida bu she’rni (biz bilganimiz) ikki bor («Estetika» va «Falsafa tarixidan ma’ruzalar» asarlarida) keltiradi va keyingi o‘rinda qo‘shib qo‘yadi: «Shunday go‘zal fikrlarni biz Shekspirning «Romeo va Juletta» asarida ham uchratamiz». Lekin biz uchun Pushkin Aflotun asaridan ta’sirlangan yoki ta’sirlanmagani uncha ahamiyatli emas. Muhimi, bizning ixtiyorimizda ikki tipologik mushtarak asar mavjud, vassalom.
Endi Pushkin she’rining Hamid Olimjon ona tilimizga san’atkorona o‘girgan tarjimasiga yuz bursak. Shu yerda: maqoladagi uchinchi misol tarjima-ku, degan savol tug‘ilishi mumkin. Tarjima ham tipologik qiyosga ob’ekt bo‘lishi mumkinmi? Mumkin. Agar tarjima ijodiy bo‘lsa, o‘sha mutarjimning qalb qo‘ri aralashgan bo‘lsa. Atoqli shoirimiz tarjimasi aynan shunday:
Tikilaman ko‘rganda darhol Idrokimni yo‘qotib va lol: Yagona ko‘z mening boshimda, Oy yuzingiz yonar qoshimda, Agar taqdir ko‘rmasa malol, Ega bo‘lsa edim yuz ko‘zga, Bari bilan qarardim sizga.Ushbu tarjimaning tadqiqotimiz uchun birinchi xizmati — Aflotun va Pushkin she’rlarining tipologik qiyosini o‘zbek badiiy tafakkur maydoniga olib o‘tadi va shunday tadqiqot uchun ilmiy-lisoniy makon yaratadi. Ikkinchidan, avval aytilganidek, tarjima ijodiy va yurak qo‘ri bilan qilingan. O‘zbekcha matn asliyat bilan solishtiriladigan bo‘lsa, u asliyatdan bir misraga ortiq ekani ayon bo‘ladi. Bu ortiq misra «Oy yuzingiz yonar qoshimda». Ayricha ahamiyati bois ushbu misraga butun diqqatni qaratamiz. Shu ma’nodagi misra Pushkin she’rining sirtida, matnda bo‘lmasa-da, lekin ruhiyatida, botinida bor. Hatto sal mubolag‘a bo‘lsa-da aytish mumkinki, tarjima ayrim jihatlari bilan asliyatdan kuchliroq chiqqan.
Tarjimada she’rning sarlavhasi tushirib qoldirilgan. Shu bois uchinchi misra — «yagona ko‘z mening boshimda» o‘zbek she’rxonida: nega yagona ko‘z, degan savol tug‘ilishi tayin. Sarlavha o‘rnida ayrim nashrlarda «Pushkindan» degan so‘z qo‘yilgan, biz olgan manbada bu ham yo‘q. Hamid Olimjon buni atay qilgan bo‘lishi ham mumkin. Savol tug‘ilsa tug‘ilar, she’r yaralishiga oid tafsilotlarning keragi yo‘q. Ular asar sezimiga xalal beradi, qabilida fikr yuritgan bo‘lishi ham mumkin hassos shoir va tarjimon.
Aflotun lirik qahramoni ma’shuqaga avval yerdan osmonga, so‘ng osmondan yerga mahliyo boqqanida Pushkin «men»i ham es-hushini yo‘qotgan holda mahbubasiga qarata o‘z sevgi shijoatini namoyish etadi. Siklop, niqob haqidagi taklif muqarrar shoirga she’r yaratishda turtki bergan, shunday taklif bo‘lmasa balki she’r umuman yozilmagan bo‘lardi. Lekin boshqa tarafdan shoirni cheklagan ham.
O‘zbek tarjimoni esa bunday «qo‘li bog‘liqlik»dan ozod, ijodiy erkin. Asliyatda yo‘q qo‘shimcha misraning she’rning o‘zbekcha variantida paydo bo‘lishi ushbu erkinlik mevasi, shoirona ilhom tuhfasi. Pushkin o‘zbek tarjimoni qo‘shgan misra ma’nosidagi gapni ayta olmasdi, «Oy yuzingiz yonar qoshimda» deyish kibor odobiga to‘g‘ri kelmasdi. Yuqorida aytilgan «sipoyi shafqatsizlik»ka avval boshdan majbur edi Pushkin. O‘zbekcha tarjimada, bitta qo‘shimcha misra tufayli she’rga samimiy (sipoyi emas) shavq go‘yo qayta kirgandek bo‘ladi. Biz uchun masalaning muhim tomoni shundaki, hozir aytilganlarga tayansak, ayni shu misra she’rning, aniqrog‘i, uning o‘zbek tilidagi variantining (muayyan asarning boshqa tildagi to‘la-to‘kis tarjimasi mustaqil asar, mustaqil hodisa deyilishga loyiq) Aflotun asari bilan yanada jipsroq tipologik aloqaga kirishuviga imkon yaratadi.
Ya’ni Quyoshdan nur olib yog‘du sochuvchi samoviy jism — Oy she’r maydoniga kiradi. To‘g‘ri, «oy yuzingiz» iborasida aniq-tiniq samoviy jism yo‘q, lekin she’riy nutq qonuniyatiga ko‘ra muayyan holatlarda ko‘chimdagi so‘z o‘rnida turgani holda mustaqil harakatga ham ega bo‘la oladi. Yonayotgan faqat «oy yuzingiz» emas, balki yog‘du sochib yonayotgan Oy ham. Ayni shu Oy ma’shuqa yuzini nurlantiradi, go‘zallashtiradi. «Qoshimda» misrada (va she’rda) makon, o‘rin munosabatini anglatib, boz ustiga ma’shuqa shundoqqina uning yonidaligini, hatto jon tarkibidaligini hissiy sezgi bilan anglatadi.
Ushbu omillar birlashib tarjimani va Pushkin she’rini Aflotun asariga qondoshlik darajasini orttiradi, ko‘shmisradagi samoviy miqyos she’rga, Pushkinning o‘zbek tilidagi she’riga ko‘chib o‘tgandek bo‘ladi. Ikki: asardagi «lak-lak ko‘z» — yagona ko‘z munosabati yoniga osmon — yulduz — oy, ya’ni samoviy bog‘liqlik qo‘shiladi. Pushkin she’rini tutib turgan ustun yagona ko‘z — yuz ko‘z qarama-qarshiligidir. She’r xotimasida ular birikadi va shunda Aflotun — Pushkin — Hamid Olimjon qatorida lak-lak ko‘z — yagona ko‘z + yuz ko‘z munosabati vujudga keladi. Hamda «Lak-lak ko‘z ila boqmoq uchun senga» mahliyo» bilan “Ega bo‘lsam edim yuz ko‘zga, bari bilan qarardim sizga» o‘rtasida tipologik qondoshlik kuzatilib, ushbu misralar ikki she’r va bir tarjima — uch she’r birlashib yaxlit holda hamisha g‘olib sevgi qo‘shig‘i kabi jaranglaydi.
Xulosalarimiz quyidagicha: birinchidan, trinar (uchlik) tipologiyada binar tipologiyada ko‘rilmagan jihatlar, mushtarakliklar ochilishi, hatto paydo bo‘lishi mumkin. Bu uning maqsadga muvofiq ilmiy usul ekanini belgilaydi; ikkinchidan, uch sonining sehrli quvvati bejiz ta’kidlanmaydi (“Uch, uchdan keyin puch”) va bu qiyosdagi uchinchi hodisaning yakunlovchi xossasini tayin etadi. Zero, «Hissiy narsalar mohiyati uchburchakdir» (Aflotun); uchinchidan, tarjima materiali ayrim holatlarda tipologik qiyosda mustaqil had bo‘la oladi; to‘rtinchidan, Aflotun — Pushkin — Hamid Olimjon nomlari yonma-yon qo‘yilishining o‘ziyoq o‘zbek milliy badiiy tafakkur maydoniga o‘zga bir ifor olib kiradi, deb o‘ylaymiz.
«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasi, 2014 yil 16-son