Avvalo menga – adabiy markazdan chetda yashab, baholi qudrat ijod qilayotgan bir adibga e’tibor berib, adabiyotning jo‘shqin oqimiga tortishga intilgani uchun tahririyat xodimlariga chuqur minnatdorchilik bildiraman.
Adabiyotga ilk havas menda, nazarimda, maktabga bormasimdan ilgariroq uyg‘ongan bo‘lsa kerak. Maktab bolalari oldimda o‘qigan she’rlarni o‘sha ondayoq “ilib” olardim va yotganimda ham, turganimda ham, yurganimda ham tinimsiz takrorlab aytaverardim. Buni eshitganlar: “Bu bola baxshi bo‘ladiyov”, – deyishardi kulib. Baxshi-ku bo‘lolmadim, lekin beshinchi-oltinchi sinfdaligimdayoq ilk she’rlarimni yoza boshlaganim esimda. Keyinroq she’rlarim tuman gazetalarida bosila boshladi. Mendan nari borsa o‘rtamiyonaroq shoir chiqishi mumkinligini ToshDUda o‘qib yurganimda angladim va kuchimni nasrda sinab ko‘rishga o‘tdim. Dastlabki hikoyalarim matbuotda o‘sha davrlarda e’lon qilina boshladi.
Til-adabiyot o‘qituvchilarining nasr bilan shug‘ullanishi oson emas: dasta-dasta insholar, bayonlar, diktantlar, ishchi daftarlarni tekshirish, yangi darslarga tayyorlanish, reja, konspekt deganday… Eh-he-e! Shu tufayli birinchi qissam ancha kech, shundayam pati yulingan tovuqday bo‘lib “Sharq yulduzi”da chiqdi va haqli ravishda tanqidchilarning “kaltagi”ga ro‘para bo‘ldi. Shu tufayli qissaning u yer-bu yeriga qo‘rqa-pusa qalam tekkizib, kitob shaklida e’lon qildirdim. Ammo bu gal hech kim hech narsa demadi. Shunda yana bir narsani angladim: tanqidchilarning indamaganidan ko‘ra savalab turishgani ham ma’qul ekan. Bu asarning qaysidir darajada e’tiborga molikligini bildirardi menimcha.
Ikkinchi qissam (“Yulduz ko‘kda so‘nadi”) “Sharq yulduzi” jurnalida e’lon qilinganida o‘rta yoshlarga borib qolgan edim. Kelishib olishganday bu qissani ham bir ovozdan urkaltak qila boshlashdi. Xayriyatki, o‘sha yilgi hisobot yig‘ilishida rahmatli ustozimiz Ozod Sharafiddinov ham qatnashadi. Yerga urilayotgan qissani o‘zi ham o‘qigani, asarda tanqidchilar aytayotgan kamchiliklar bilan birga ko‘pgina yorug‘ va yorqin jihatlar ham mavjudligi, tanqidchining vazifasi muallifni do‘pposlash emas, kamchiliklarini tuzatishga yo‘llash ekanligini aytib, ularning hovrini bosib qo‘ydi. Keyinroq Umrzoq O‘ljaboyevning asar haqida muallifga yozgan ochiq xati “Sharq yulduzi”da e’lon qilindi-yu, undagi iliq gaplar menga go‘yo qanot berdi.
Ilk qissalarim e’lon qilinganidan buyon oradan qariyb qirq yil o‘tdi. Ularni qayta nashr etdirishga imkonim bo‘lmagani sababli muxlislarim turli internet saytlarida (albatta qayta ishlanib, asl holiga keltirilganlarini) e’lon qilishga ham ulgurishdi. Ular haqida matbuotda, internet saytlarida, turli uchrashuvlarda endi-endi iliq gaplar o‘qiyapman, eshityapman. Kamtarona ijodimga iliq munosabat bildirib qo‘llab-quvvatlayotgan munaqqidlarga, muxlislarimga chin dildan minnatdorligimni bildiraman.
* * *
Alloh meni yaxshi ustozlarga ro‘para qildi: Mirmuhsin, Asqad Muxtor, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayev, shoir Anvar Isroilovlarning beminnat yordamlarini aslo unutolmayman. Universitetda Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Abdug‘afur Rasulov kabi davrimizning yetuk adabiyotshunoslaridan saboq olganman. Dastlabki nasriy mashqlarimning tahlilchi va tanqidchilari ham shu kishilar bo‘lgan. Domla Laziz Qayumovdan ham ko‘p narsalarni o‘rganganman. Diplom ishimni (Rasul Hamzatovning “Dog‘istonim” asari bo‘yicha) shu kishidan olganman. Ishim Laziz akaga juda yoqqan shekilli, aspiranturada olib qolishga harchand urindilar-u, men rozi bo‘lmadim. Laziz aka hech kimga bunday taklif qilmagani, diplom ishimning u yer-bu yeriga ishlov berib, nari borsa ikki yilda nomzodlik dissertatsiyasini yoqlash imkoniyatini boy berganim haqida ochiq ta’na qilganlar ham bo‘ldi. Lekin na chora, ayni o‘sha paytlarda otam ham, onam ham tuman kasalxonasiga tushib qolishdi. Uka-singillarim yosh edi. Oilaning to‘ng‘ich farzandi sifatida qishloqqa qaytishim shart bo‘lib qolgandi.
Keyinroq Qozoqboy Yo‘ldosh bilan tanishuvim badiiy tafakkurimda sezilarli o‘zgarish yasadi. U kishining amaliy maslahatlaridan tashqari, “Yoniq so‘z” kitobini o‘qib chiqqanimdan keyin shunday bo‘ldi. Kursdoshlarim Toxir Malik bilan Shoir Usmonxo‘jayevlar adib sifatida shakllanishimda muhim o‘ringa ega. Ayniqsa Tohir Malik talabalik davrimizdayoq boshqalardan faolligi bilan ajralib turardi: o‘zi bosh bo‘lib kursimizda yosh ijodkorlar to‘garagini tashkil qilgan. Unda ijodiy mahorat masalasida qiziqarli suhbatlar, bahs-munozaralar, mushoiralar o‘tkazib turardik. Keyinroq to‘garak a’zolari kamayib, o‘z-o‘zidan ishi ham to‘xtab qoldi. Sababi safimizga badiiy ijodga yot, anchayin shoirlik havasida yurganlarning ham qo‘shilib qolganligida edi.
Maktabda o‘qib yurganimada Bakir Akramov, Lutfiya Umarovalar adabiyot nazariyasini puxta o‘rgatishgan. Latif aka degan o‘qituvchimiz she’rlarimni qo‘ltiqlatib Toshkentga, Yozuvchilar uyushmasiga ham olib borganlar. Yaxshiyamki o‘shanda bolalar she’riyati bilan shug‘ullanuvchi xodim xizmat safarida ekan. “Bir haftadan keyin kelinglar”, – dedi Po‘lat Mo‘min. Men qaytib bormadim. Ehtimol, she’rlarimning zo‘rligiga ishonmaganim tufayli bormagandirman. O‘qituvchilik sohasida 25-maktab direktori Normo‘min Shariyev, 48-maktab direktori Abdusalom Aliqulovlardan ko‘p narsalarni o‘rgandim. Tuman maorifining rahbari Toshpo‘lat aka Ergashev ish bilan birga, ijod qilishimga ham imkon qadar sharoit yaratib berishga harakat qilganlar.
* * *
Shu paytgacha chop etilgan qissa va romanlarimning umumiy adadi oltmish besh mingtaga borib qolar. Gazeta-jurnallarda chop etilgan hikoyalarim va boshqa asarlarim, internet saytlarida e’lon qilinayotgan qissa va romanlarim bu hisobga kirmaydi. Shuni dangal aytishim kerakki, ilgari yozgan hikoyalarimni qayta o‘qiganimda, aksariyatidan ko‘nglim to‘lmagan. Shu tufayli ularni to‘plab, kitob holiga keltirmaganman.
Hikoya – nasrning muhim va tezkor janri. Shunday hikoyalar bor-ki, hajman kichik bo‘lsa-da, qissa, hatto roman yukini ko‘taradi: o‘quvchilarga estetik zavq berishdan tashqari, umuminsoniy qadriyatlar haqida, o‘tmishimiz, bugunimiz va kelajagimiz haqida o‘yga toldiradi. Vaqtida inqilob jarchisi sanalgan M. Gorkiyning yirik janrdagi asarlarini o‘sha paytlarda ham yoqtirmasdim. Ammo hikoyalarini sevib o‘qirdim. Abdulla Qahhor, O‘tkir Hoshimov, Shukur Xolmirzayevlarning hikoyalari menga o‘zgacha zavq beradi. Bugun ham shu janrda qalam surayotgan Erkin A’zamov, Abdusaid Ko‘chimov, Sobir O‘nar va boshqalarning hikoyalarini zavqlanib o‘qiyman. O‘zim ham hikoyani shularga yetkazib yozishga intilaman.
* * *
Adabiyotning jamiyatda tutgan o‘rni haqidagi tasavvurimni soddagina bayon qilib ko‘raman. Nazarimda san’at, jumladan uning uzviy qismi bo‘lgan so‘z san’ati – adabiyot ham jamiyat a’zolarining fikriy va ruhiy o‘sishida o‘ziga xos vaeifani bajaradi. Tuzi me’yoriga keltirilgan ovqat yeyishli va iste’molchining tanasiga yengil singishi barobarida unga kuch-quvvat berganidek, “tuzi” me’yoriga keltirib aytilgan so‘z – nazmiy yoki nasriy asar ham iste’molchi – o‘quvchi ongiga tez va yengil o‘rnashib, uni ulug‘ va ezgu ishlarga undashi bor gap.
Bizga uzoq yillar adabiyotning asosiy va eng to‘g‘ri metodi sotsialistik realizmdir deb o‘rgatishdi va shunga og‘ishmay amal qilishni talab etishdi. Biz ham ularga ishondik va qattiq adashdik. Bugun, mustaqilligimiz sharofati bilan ongimizni peshlab qarasakki, bu metod ijod ahlini hukmron mafkuraga bo‘ysindirish, uning (yumshoq qilib aytganda) quliga aylantirish vositasi ekan. Ijodkor qaysi metodda ijod qilmasin, uning tasvir ob’ekti konkret inson, uning kechinmalari, tuyg‘ularini, inson sifatida komillikka intilishini haqqoniy tasvirlab berishdir. Qisqa qilib aytganda, ijodkorning jamiyatda tutgan o‘rni uning insonni haqqoniy tasvirlashi, yaxshi va yomon tomonlarini kashf etishi va shu orqali bani basharning kamolotga erishuviga imkon qadar ko‘maklashishi bilan belgilanadi, deb o‘ylayman.
* * *
Adabiyotimizda ustoz-shogirdlik an’anasi qadimdan davom etib keladi va ularning katta-kichigi bo‘lmaydi. Yuqorida nomlarini hurmat bilan tilga olganim Asqad Muxtor va Mirmuhsin akalar yoshlari jihatidan ham, lavozimlariga ko‘ra ham mendan ancha yuqorida edilar. Shunga qaramay, qo‘llariga bergan narsalarimni erinmay, nuqta-vergullarigacha qoldirmay sinchiklab o‘qib chiqishar, zarur maslahatlarini sira ayashmasdi. O‘tkir Hoshimov bilan Shukur Xolmirzayevlar qariyb tengdoshlarim, Tohir Malik va Qozoqboy Yo‘ldoshevlar yoshiga ko‘ra kichikroq bo‘lsa-da ustoz maqomidalar. Ulardan ko‘p narsalarni o‘rgandim va o‘rganyapman.
O‘tgan asrning 50-60 yillarida oilalarda ajoyib bir an’ana bo‘lardi: butun oila, qo‘ni-qo‘shnilar bir uyga yig‘ilib, biror baxshi tabiatga xalq dostonlarini o‘qitib tinglardik. Bizning oilamizda Muxtor akamning ovozi qo‘ng‘iroqday vazmin, mayin va jarangdor edi. “Go‘ro‘g‘li” turkumidagi dostonlar, “Shirin bilan Shakar”, “Kuntug‘mish” va boshqa dostonlarni o‘qiganida sel bo‘lib tinglardik.
Huroyimning dor ostidagi nolalaridan ta’sirlanib, ko‘zlarimizdan milt-milt yosh oqardi, Go‘rkiboy bilan Mohiboyning bo‘za ichib olib, bolalarcha qilgan qiliqlaridan zavqlanib, qah-qah urib kulardik. Endi unday dostonxonliklar yo‘q. Ko‘plar televizorga termulib, soatlab zavqli-zavqsiz ashulalarni tinglaydi yoki maza-bemaza chet el filmlarini tomosha qiladi. Doston o‘qigisi kelganlar uyga qamalib, yakka o‘zi o‘qiydi. Shunisigayam shukur!
Dostonlar va baxshilarning termalari ijodkor uchun ham tuganmas ma’naviy xazinadir. Ulardan xalq tilining kamalakday tovlanishini, obraz yaratishning eng sodda, eng qulay yo‘llarini, qahramonning ruhiy holatini, his-tuyg‘ularini, orzu-o‘ylarini aks ettirish usullarini o‘rganish mumkin.
Muxtor akamning aytishicha, bobokalonlarimizdan biri – Farmon devona yaxshigina baxshi shoir bo‘lgan. Mashrabona devonaligi va haqgo‘yligi uchun odamlar unga ham “Devona” laqabini tirkashgan. Akam syujetli “Ko‘k sigir”, “Kovushim” (“Kovushim” sirasidagi termalar boshqa baxshilarda ham uchraydi, ammo mazmun va ifoda usullariga ko‘ra ular bir-biridan keskin farqlanadi) va boshqa termalarni zavqlanib aytib yurardi. Bu termalarning hech biri xotiramda qolmagan. Biroq “Ko‘k sigir”ning ikki misrasi yuragimga (ongimga yoki xotiramga emas, aynan yuragimga ) muhrlanib qolgan. Nimasi bilan? Menimcha aytimining originalligi, qisqaligi, soddaligi, oz so‘zlarda ajoyib holat yaratganligi bilan muhrlangan bo‘lsa kerak.
Terma mazmuni shunday: qahatchilik yillarida bir qashshoq bolalariga yedirishga hech narsa topolmay, kichkina kadisini ko‘targanicha kimsasiz qir-adirlarga chiqib ketadi. Maqsadi ovloqda yurgan biror molni topib, sutidan ozroq sog‘ib olish bo‘lgan. Yolg‘iz o‘tlab yurgan va yelini tirsillab turgan ko‘k sigirga duch keladi. Uni tutib, qashlab, o‘ziga eliktirib sog‘moqchi bo‘layotganida bir tepib kadisini sindiradi-yu, qochib boraturib:
Jomonlag‘ur ko‘k siyir
Quyrug‘ini ko‘tardi…
Ko‘k sigirning egasi, egasining bolalari va o‘zining ham bolasi bor. Ularni to‘ydirish uchun mehnat tortib sut yig‘yapti. Uni begonaga bergisi yo‘q. Qochayotib kadisini sindirgani kamlik qilganday, o‘g‘rini mazaxlab ketadi. Baxshining mahorati shunda-ki, yengil yumorga yo‘g‘rilgan bu quyma satrlarda u bironta ortiqcha yoki uyatli so‘z ishlatmaydi. “Quyrug‘ini ko‘tardi” – tamom-vassalom. Qolganini ziyrak tinglovchining o‘zi tushunib olaveradi.
An’ana – keng ma’noli tushuncha. Qaniydi Navoiy bobomizdek falsafiylik va lirizmni o‘xshatib bugungi nasrimizga olib kirolsak. Bu ham ko‘hna an’analarimizni davom ettirishning bir yo‘sini bo‘lardi.
Bir zamonlarda Yozuvchilar uyushmasining katta zalida tez-tez turli anjumanlar – adabiyotning dolzarb masalalari yuzasidan muhokamalar, munozaralar, mushoiralar o‘tkazib turilardi. Unda katta avlod vakillari – mashhur shoir va yozuvchilar bilan birgalikda biz havaskorlar ham muntazam qatnashardik. O‘sha an’analar haliyam davom etayotgan bo‘lsa, ajabmas. Bu bugungi adabiyotimizni yanada rivojlantirish uchun ayni muddaodir.
* * *
Adabiyotimizda qanday illatlar barham topishini istardim? Bilmadim… Bu masalada aniq bir gap aytishim qiyin. Keyingi yillarda adabiyotimizda ro‘y berayotgan tub o‘zgarishlardan yetarlicha xabardor emasman. Bilganim shuki, adabiyotimiz har holda, bir joyda depsinib qolayotgani yo‘q, qadam olishi chakkimasday. “Unda nega jahon adabiy arenalariga dadil chiqolmayapmiz?” – degan savol tug‘ilishi tabiiy. Menimcha buning sababini tarjimachiligimizning oqsayotganidan qidirish kerak. Aksincha so‘nggi yillarda yozilgan o‘nlab yaxshi asarlar allaqachon chet el kitobxonlarining qo‘liga yetib borishi kerak edi. Bu asarlarning men o‘qigan o‘sha chet el adabiyoti vakillari asarlaridan aslo kam joyi yo‘q. Ayrim jihatlari bilan ulardan ustun ham turadi…
* * *
Turmush o‘rtog‘im Santalat bilan 46 yildan buyon ahil-inoq yashab kelyapmiz. Shu davr mobaynida u mening barcha injiqliklarim, oiladagi bor-yo‘q, yetar-etmasliklarga mardona chidadi. Uch qiz va uch o‘g‘ilga ota-ona bo‘ldik. Hozir o‘n yetti nevara va bitta chevaramiz bor.
Kenja qizim Adiba adabiyotga juda ham qiziqardi. Pedagogika institutining ximiya-biologiya fakultetini tamomladi. Nevaram Gulruxsor she’riyatga juda qiziqadi. Ayrim mashqlari tumanimiz gazetasida e’lon qilinayotir. Ammo shoiralik qismatini tortib ketoladimi-yo‘qmi – buni kelajak ko‘rsatadi. Hozircha yozayotganlari mening ilk she’rlarim darajasida. Bundan yuqoriga ko‘tarila olsa.
* * *
“Bugun kitobxonlar kamayib boryapti” yoki “Odamlar kitob o‘qimay qo‘yishdi” degan gaplar tez-tez quloqqa chalinib qolyapti. Menimcha bu unchalik ham to‘g‘ri emas. O‘zim guvohi bo‘lgan bir voqeani aytib beray. Gulistonning chayqov bozorida aylanib yursam, bir kampir roman qidiryapti. Turli darsliklar, ilmiy adabiyotlar sotilayotgan peshtaxta yoniga borib, sotuvchidan roman so‘radi. Go‘llikka olibmi yo biror narsasini o‘tkazib qolish ilinjidami, sotuvchi talmovsiradi:
– Bolangiz nechchinchida o‘qiydi, momo?
– To‘qqizinchini bitiryapti… Nimaydi?
– Unda manovi kitobni oboraqoling, – u allaqanday semizgina ilmiy asarni peshkash qildi. – Ammo-lekin bolangiz mazza qiladi.
Men voqeaning nima bilan tugashiga qiziqib yaqinlarida turardim. Sotuvchining kemtik fahm-farosati va “gul” chiqargan saviyasidan hayratlandim. Sekin yonlariga borib, kampir ushlab turgan kitobni qo‘lidan oldim va sotuvchiga uzatdim:
– Shu kitobga to‘qqizinchi sinf bolasining “tishi” o‘tadimi, qaysi vijdon bilan uni roman deb pullamoqchi bo‘lyapsiz?! – dedim jahlim chiqib va uning o‘qrayishiga e’tibor bermay, kampirni badiiy adabiyotlar sotilayotgan peshtaxta tomon boshladim…
Yaxshi bir romanni tanlab bergach, qisqa suhbatimizdan ma’lum bo‘ldi-ki, kampirning nevarasi darsdan bo‘sh paytlarida mol-hollarini boqarkan. Shaharga ota-onasi yoki buvisi tushadigan bo‘lsa yakkash bir narsani – roman olib kelishlarini talab qilarkan. E’tibor bering: u po‘rim kiyim-bosh, anvoyi yeguliklar yoki o‘smirni qiziqtiradigan boshqa kamyob narsalarni emas, badiiy kitob so‘rayapti.
Bu bolaning boshqalarga ham ta’siri bo‘ladi albatta. Demak kitobga qiziqish so‘nmagan. Faqat kitob savdosini kengaytirish, to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, kitob do‘konlarini ko‘paytirish kerak. Biz farzandlarimiz kamolini o‘ylasak, ularni estetik jihatdan ham tarbiyalashni unutmasligimiz kerak.
“Yoshlik” jurnali, 2015 yil, 6-son