O‘tgan XX asr adabiy-ilmiy muhitida kechgan jarayonlarni puxta tahlil etib, shu asosda kelajak rejalarini tuzish adabiyotshunoslarimiz zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Zotan, ushbu asr milliy adabiyotimizda uyg‘onish, yangilanish davrini boshlab bergani, shu bilan birga, istibdod mafkurasi tazyiqu taqiqlari uning so‘nggi yilligi esa erkin mushohada yuritish va fikr aytish imkonini yaratgani bilan tarix sahifalarida qoldi.
Modomiki, gap davr bilan bog‘liq holda adabiyotshunoslik haqida ketar ekan, mustabid tuzum bu borada ham o‘zining “chandiqli” izlarini qoldirganiga to‘xtalmasdan o‘ta olmaymiz. Chunki o‘tgan asrda ayni shu mafkura uchun xizmat qiladigan, badiiy saviyasi past bo‘lsa-da “ko‘tar-ko‘tar” qilingan asarlar yaratilishi bilan birga shu tuzum qolipida ilmnamo ishlar ham qilinganki, bularning bari o‘z navbatida, bizning dunyo adabiyoti, adabiyotshunosligi sari intilib qadam tashlashimizni sekinlashtirdi.
Albatta, bu o‘rinda “Chinakam iste’dodning o‘zini ko‘rsatishi uchun davrni bahona qilishning keragi yo‘q. Chunki Xudo bergan iste’dod quyosh yanglig‘ baribir o‘zini ko‘rsatadi” degan haqli e’tirozni ham bildirish mumkin. Ammo umumiy olib qaraganda baribir hukmronlik o‘z kuchini ko‘rsatganini aslo inkor etib bo‘lmaydi.
Adabiy-ilmiy nuqtai nazardan olib qaralsa, XX asrda jahon adabiyotida, adabiyotshunosligida chindan-da olg‘a siljishlar bo‘ldi. Bu asrda mamlakatimizda kechgan adabiy jarayonni, muhitni ana shu yuqori mezonlar asosida puxta o‘rganishimiz va yangilanayotgan nazariy tamoyillar uyg‘unligida ilm yaratish oldinda turgan juda ham muhim vazifa ekanini aslo yoddan chiqarmaslik lozim. Quvonarlisi, bu yo‘ldagi izlanishlar asta-sekin bo‘y ko‘rsatib, salmoqli tadqiqotlar yaratilmoqda. Taniqli adabiyotshunos olim Bahodir Karimning keyingi yillarda chop etilgan “Abdulla Qodiriy va germenevtik tafakkur” nomli kitobi bunga yorqin bir misol bo‘la oladi.
Abdulla Qodiriy haqida o‘nlab kitoblar, yuzlab adabiy-tanqidiy maqolalar yozilgan. Ularda adib ijodi, hayotiga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar turlicha talqin qilingan. Buni deylik, keyingi chorak asr davomida adabiy-ilmiy muhitda kechayotgan jarayonlarni kuzatib yurgan nafaqat adabiyotshunos, balki adabiyot muhibi bo‘lgan kishi ham yaxshi biladi.
Shu o‘rinda bir savol paydo bo‘ladi: Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi haqida izlanishlar olib borib, salmoqli tadqiqotlar yaratgan olim bu kitobida o‘quvchiga hali hech kim aytmagan qanday ilmiy yangiliklarni, qarashlarni, muhim ma’lumotlarni taqdim etishni niyat qilgan?
Kitobni mutolaa qilar ekan, o‘quvchi Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi tadqiqi bilan bog‘liq salkam bir asrlik qimmatli manbalar bilan tanishadi. Albatta, bu ham kerak. Ammo bu yerdagi eng muhim jihatlardan biri shuki, adibning badiiy asarlari hamda ma’lumotlar jahon adabiyotining yetakchi mezonlaridan biri sanalgan germenevtika – talqin nuqtai nazaridan bilimdonlik va sinchkovlik bilan talqin qilingan.
Olim bugungi kunda dunyo adabiyotshunosligida germenevtikani adabiy talqin ta’limoti, talqin nazariyasi sifatida adabiy tanqidchilik va adabiyotshunoslik uchun metodologik asos qilib olishga urinishlar kuchli ekanini bayon etar ekan, avvalo, germenevtikaga doir ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tadi. Chunonchi, Bahodir Karim germenevtikaning grekcha “hermeneukos” so‘zidan olinganini, uning “tushuntiruvchi”, “talqin etuvchi” ma’nosini berishini aytib, tarixiga ham bir nazar tashlaydi. Uning zamonaviy falsafadagi yo‘nalishlardan biri ma’nosida ekani, adabiyotshunoslikda germenevtika o‘zining mavjud falsafiy-nazariy imkoniyatlarini namoyon qilishi haqida mulohaza yuritib, bu ta’limot aniq bir holatda to‘xtab qolmaganini, uning doirasida haligacha shakllanish jarayoni kechayotganini ham nazardan qochirmaslik kerakligini zukkolik bilan o‘quvchiga uqtiradi.
Odatda, ilmiy qarashlarni yoxud xalqlar o‘rtasidagi madaniyatlarni taqqoslashda o‘z-o‘zidan “Sharqda qanday bo‘lgan, G‘arbda-chi?” degan doimiy va asosli savol ham o‘rtaga qo‘yiladi. Olim ayni bu jihatni aslo e’tibordan soqit qilmagan holda sharqda ham germenevtik tafakkur o‘ziga xos shaklda mavjud bo‘lganini, mohiyatiga ko‘ra “sharq germenevtika”si va g‘arb germenevtikasi o‘rtasida o‘xshash, ayni paytda farqli jihatlar borligini imkon darajasida asoslab, o‘zi ko‘zlagan maqsaddan uzoqlashmaslik uchun “qiyosan o‘rganilishi lozim” degan taklif bilan cheklanadi.
Fikrimizcha, bu o‘rinda muallifning ushbu ma’lumotlar bilan cheklanishi o‘rinli. Boisi, ayni shu masalaning o‘ziyoq bilimdonlik va xolislik bilan chuqur o‘rganiladigan ilmiy bir tadqiqotga mustahkam bir zamindir.
Bahodir Karim germenevtikaning keyingi bir asr davomida o‘zbek adabiyotshunosligida qanday tarzda namoyon bo‘lgani haqidagi masalani ham diqqat markazida ushlagan holda bu borada ham asosli xulosalar chiqaradi. Xususan, ushbu davrda o‘zbek adabiyotshunosligi va adabiy tanqidchiligida bu ta’limotning asoslari ilmiy muomalaga kirmaganini, garchi juda ko‘p o‘zbek adabiyotshunoslari germenevtikaning qator printsiplarini o‘z ilmiy faoliyatlarida qo‘llasalar ham, o‘sha fikrlash tarzi, gipotezalari, taqqoslari, hukm va xulosa chiqarish usullarining qaysidir jihati germenevtik tafakkurga daxldorligini xayoliga ham keltirmaganlarini qayd etadi. Olim bu fikrlarini davom ettirib, o‘zbek adabiyotshunosligida jahon ilm-fanidagi eng ilg‘or nazariy-falsafiy mezonlarni istifoda etgan germenevtikaning mustaqillik yillarida o‘rganila boshlaganini alohida ta’kidlaydi. Bizningcha, Bahodir Karim ayni shu o‘rganilish jarayonlariga ham biroz to‘xtalib, ayrim ma’lumotlarni keltirib o‘tsa nur ustiga nur bo‘lar edi.
Muallifning asosli xulosalaridan yana biri “O‘zbek adabiyotshunosligida germenevtikaning muayyan adib ijodiga tatbiqi qoniqarli emas” degan fikrida o‘z ifodasini topgan. Nazarimizda, bu fikr juda to‘g‘ri bo‘lib, o‘z navbatida, olimning qodiriyshunoslik asosiga qurilgan mazkur tadqiqoti adib hayoti va ijodiga oid ilmiy-adabiy manbalarni germenevtik tafakkur mahsuli sifatida o‘rganish yo‘lidagi muhim bir qadamdir.
Bahodir Karim kitobda qodiriyshunoslik bilan bog‘liq masalalarni mantiqiy, izchil va asosli ravishda yoritar ekan, Abdulla Qodiriy badiiy asarlarining poetik kontseptsiyasini, ijodkor idealini, qolaversa, o‘z davri adabiy tanqidchilarining Qodiriy ijodiga va shaxsiyatiga bo‘lgan munosabatlarini zamona muhiti bilan bog‘liq holda teran tarzda o‘quvchilarga tushuntirishga harakat qiladi. Masalan, olim Sotti Husayn, Miyon Buzruk, Ayn (Olim Sharafiddinov) kabi “tanqidchi”larning maqolalarini atroflicha o‘rganib, ularning adib asarlariga eng avvalo, siyosiy-mafkuraviy nuqtai nazardan yondashganini, bu esa vulgarlashgan va sub’ektivlashgan qarashlarning shakllanishiga xizmat qilganini aniq misollar bilan ko‘rsatib beradi. U har bir holatda xolislik va haqqoniylik bilan ish tutib, bu “tanqidchi”larning o‘zlari bilib-bilmagan holda Qodiriy mahoratini “yoritib bergan”iga ham sinchkovlik bilan e’tibor qaratadi.
Bir asarni har bir kishi turlicha tushunishi, tushuntirishi, talqin qilishi mumkin. Bu albatta, tabiiy hol. Bahodir Karim shundan kelib chiqib, kitobda “tushunish”, “tushuntirish”, “talqin” tushunchalariga ham jo‘yali fikrlar berib o‘tadi. O‘z navbatida, qodiriyshunoslik borasidagi talqinlardagi xilma-xillik negizini, badiiy talqin va ilmiy talqin muvozanatini inobatga olib, o‘zaro taqqoslagan holda XX asrning 30–60 yillaridagi, undan keyingi va mustaqillik davri adabiyotshunosligining ilmiy manzarasini tahliliy bir tarzda namoyon qiladi.
Tarixiy manbalar, turlicha qarashlar, tushunchalar, munosabatlar… Bu kabi jihatlar ulug‘ adibimiz Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi misolida yaxlitlashgan holda mana shunday salmoqli bir tadqiqotning yuzaga kelishi uchun zamin bo‘lgan. Kirish va xulosa qismini qo‘shib hisoblaganda o‘nta bo‘limdan iborat mazkur kitob yosh adabiyotshunoslarning ilmiy qarashlarini, adabiy-estetik didini takomillashtirish uchun muhim manba vazifasini o‘taydi. Unda dunyo olimlarining adib hayoti va ijodiga bo‘lgan munosabati ilova qilingani ham kitobning ilmiy qimmatini yanada oshirgan.
Kitobning bir bo‘limini muallif “Ruhiy evrilish mashaqqati” deb nomlagan. Nazarimizda, bu bejiz emas. Boisi ruhiy evrilish har doim kishidan katta mashaqqatni talab etgan. Ayni shu holatni muqoyasa qiladigan bo‘lsak, adabiyotimizga, adabiyotshunosligimizga ham bu narsa juda-juda kerak. Ana shundagina biz jahon adabiyoti va adabiyotshunosligi bilan bo‘ylashish sari qadam tashlaymiz.
Biz, ba’zi hollarda, yaxshi asarlar haqida negadir o‘z vaqtida munosabat bildirmaymiz. So‘z yuritganimiz – Bahodir Karimning ushbu kitobi nashr etilganiga ham to‘rt yil to‘lmoqda. Maqolani yozish jarayonida ushbu kitob haqida e’lon qilingan maqolalar yoki fikr-mulohazalarni ham qidirib ko‘rdim, biroq jo‘yali bir narsa topolmadim. Bir qarshda iddaoga o‘xshab ketadigan bu mulohazani keltirishimdan maqsad shuki, yaratilayotgan har bir salmoqli tadqiqot adabiy tanqidchilikda o‘z vaqtida munosib bahosini olmog‘i kerak. Ana shundagina oldinga siljish, rivojlanish bo‘ladi.
__________________
Sodiq Norboyev – 1982 yilda tug‘ilgan. O‘zbekiston Milliy universitetini tamomlagan. Ilmiy-adabiy maqolalari bilan matbuotda qatnashib turadi. Ayni paytda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “Madaniyat va ma’rifat” teleradiokanalida faoliyat yuritmoqda.