Jahon she’riyatining yirik namoyandasi, taniqli rus shoiri Andrey Voznesenskiyning o‘limi haqidagi nogahoniy xabar o‘sha kungi dunyo voqealari orasida zudlik bilan tarqalgan xabarlardan eng noxushi va kutilmagani bo‘ldi. Jahonda ro‘y berayotgan shuncha urush-nizolar, yong‘inlaru suv toshqinlari, halokatlaru olamshumul sport musobaqalari ham shoirning o‘limi oldida go‘yo ko‘rimsizday bo‘lib qoldi. O‘sha kungi jami voqea-hodisalar o‘z ahamiyatini yo‘qotib qo‘yganday edi. Hayotligida shuncha payt lom-mim demasdan kelgan barcha tele-radiokanallar biri olib, biri qo‘yib yoppasiga “buyuk va betakror shoir”ni alqashga tushdi, Internet ham bir zum bo‘lsa-da, shoirning hayoti bilan o‘limini sharhlashdan to‘xtamadi.
O‘sha – 2010 yilning birinchi iyun kuni kechki payt Rossiya kanalida shoir haqida gapirar ekan, uning ashaddiy muxlislaridan biri o‘kinch va armon bilan “Rus she’riyati Aleksandr Pushkindan boshlanib, Andrey Voznesenskiyda tamom bo‘ldi”, deya chuqur iztirob chekdi. Bu ayni paytda shoirni sevgan, uning she’rlari bilan nafas olib yashagan o‘n minglab, yuz minglab muxlislarning ham o‘kinch va iztirobi edi.
XX asrda dunyoning biron-bir shoiri Andrey Voznesenskiychalik mashhur bo‘lolmagan, jahonga uning singari dong taratolmagan. Mustabid zamonlarning dohiylari bilan tikka olishgan, qattol tuzumlarning temir-beton devorlarini she’ri bilan larzaga solgan shoir. Ko‘pming kishilik stadionlarni, Amerika, Angliya, Italiya, Frantsiya, Olmoniya, Bulg‘oriya singari o‘nlab mamlakatlarning dunyoga mashhur muhtasham saroylariyu zallarini she’riyat havosi ila to‘ldirolgan, olam ahli qalbiga she’r ishqini sololgan olamshumul ijodkor, jahondagi eng nufuzli san’at, adabiyot, she’riyat akademiyalarining a’zosi. U o‘zi, o‘zining avlodi haqida “Biz dunyoda mikrofonlarini g‘ajib she’r o‘qimagan biron-bir mamlakat qolmadi”, deb yozganida mutlaqo haq gapni aytgan edi. Dunyoni chin ma’noda she’rlari bilan titratgan shoir aynan Andrey Voznesenskiydir.
Uni she’ri, shoirligi uchun sho‘ro rahnamolari jazavaga tushib dahanaki kaltaklagan. Xorijiy davlatlar rahbarlari bo‘lsa, huzuriga chorlab mehrini izhor qilgan. Robert Kennedi, Ronald Reygan singari taniqli davlat arboblarining qabuli bu – azbaroyi g‘oya yo mafkura yuzasidan emas, balki bir shoirga, uning nomi va ijodiga bo‘lgan insoniy munosabat, e’tirof va ehtiromni bildirgan.
Jahon adabiyoti va san’atining Boris Pasternakdan boshlab Dmitriy Shostakovich, Nozim Hikmat, Pablo Pikasso, Salvador Dali, Pablo Neruda, Mark Shagal, Genri Mur, Lui Aragon, Gyunter Grass, Gabriel Garsia Markes singari yirik namoyandalari nazariga tushgan, ular bilan muntazam muloqotda bo‘lgan shoirning ijodiy jug‘rofiyasi haqiqatan dunyo xaritasi bilan ham bo‘ylasha, ham enlasha oladi.
Abadiyat, jon Faust,
Oddiy gapdir azaldan.
Dildan qancha ko‘p yulsang,
Shuncha uzoq yashaysan.
Talabalik paytlarimdanoq, aniqrog‘i 1975 yilning qish pallasidan aka-uka tutinganimiz – Voznesenskiy she’riyati, mana bugun, javonimdagi uning qator asarlari, o‘tgan XX asrning 80-yillarida “metafora qiroli”ning o‘zi dastxat qo‘yib bergan to‘plamlari – men uchun eng qadrli va aziz kitoblardir. Ularning mutolaasi jarayonida o‘zimga yoqqan eng yaxshi satrlaru parchalarga qo‘yib chiqqanlarim ko‘k, qizil rangli belgilar bilan chiziqlar – Vaqtu zamonlardan, sog‘inchu orziqishlar, diydor va ayriliqlardan darak beradi.
Yillar va yo‘llar. Fasllar va asrlar.
Bu ko‘k-qizil chiziqlardan ikkitasi ikki tomoniga rangin gullar ekilgan bahoriy yo‘laklarga aylanib, meni 1987 yilning ko‘klamiga, Moskva viloyatining Peredelkinodagi ko‘rkam qayinzorlar bag‘riga, mavjlanib, jimirlab turgan suvi Yesenin she’rlari misol tiniq va toza ko‘l sohiliga olib boradi…
She’riyatga “metaforaning oq tulporini minib kirgan shoir” bilan ikki marotaba ko‘rishib, gurunglashish sharafiga muyassar bo‘lganman. Yana bir marta esa, chamasi 1986 yil bo‘lsa kerak, Toshkentdagi “Bilimlar uyi”, hozirgi Rus drama teatri binosida bo‘lib o‘tgan ijodiy kechasida ham ishtirok etganmiz. Rassom do‘stimiz Odilbek Bobojonov chizgan Boris Pasternak portretini sahnaga, shoirga uzatganimizda, astoydil xursand bo‘lib, liq to‘la zalga qarata minnatdorlik izhor qilgan edi.
Birinchi safarimga “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” haftaligining o‘sha paytdagi bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev sabab bo‘lgan. O‘shanda gazeta uchun Andrey Voznesenskiyning suhbatini olish niyatida borgan edim.
Egnimda Sariosiyo aeroportidagi tijorat do‘konidan olganim Pokistonning o‘sha davrda mashhur bo‘lgan “Toboniy” firmasining yengilgina mallarang kalta yomg‘irpo‘shi, chap yelkamda po‘rim qoracharm sumka. Peredelkinodagi bog‘hovliga, ikki qavatli yog‘och bino ro‘parasiga yaqinlashganimda, ochiq eshik oldida cho‘nqayib o‘tirib olgan ajabtovur jonzotni ko‘rib taqqa to‘xtab qoldim. It desa it emas, echki yo qo‘y desa, junlari echkiniga o‘xshash uzun, silliq bo‘lgani bilan hech birisiga mutlaqo o‘xshamaydi. Tumshug‘i oq-qora, cho‘zinchoq, quloqlari qo‘ynikidek uzun va shalviragan, ko‘zlari esa ma’yus edi. Angrayib qolganimni sezdi shekilli, bu g‘aroyib hayvon menga qarab dabdurustdan rosmanasiga jilmayib yubordi. Hangu mang bo‘lib qoldim. Meni masxara qilganday, shu alfoz burildiyu ochiq eshikdan ko‘rinib turgan dumini sudragancha, zinapoyadan tepaga, ikkinchi qavatga chiqib g‘oyib bo‘ldi.
Eshik qo‘ng‘irog‘ini bosganimdan so‘ng, qadam tovushlari asta yaqinlasha boshladi. Darrov tanidim: bu kishi o‘sha paytlarda ancha mashhur bo‘lgan adabiy jurnal “Drujba narodov”ning bosh muharriri Sergey Baruzdin edi. Salom-alikdan so‘ng, kimni izlab kelganimni eshitgach, avzoyi battar o‘zgardi. “Orqa tomondan borasiz”, deya to‘ng‘illadi-da, tez burilib kirib ketdi. Oradan, mana, chorak asrdan ko‘proq vaqt o‘tibdiki, o‘sha kuchukning g‘alati jilmayishi bilan egasining yuz va ko‘z ifodasini hech esimdan chiqarib yuborolmayman. Andrey Andreevich rosa gerdaygan va kalondimog‘ kishi bo‘lsa kerak, bu zotning qarshisida dovdirab qolamanmi, deya ikkilanishlarim Peredelkino ko‘lining tonggi hovurlari misol tezda tarqab ketdi. Shuncha shon-shuhrat, dovrug‘u dabdaba, jahonshumul obro‘-e’tiborni ko‘tarib yurgan taniqli inson bir samimiy iliq tabassum, bir og‘iz “Ochen rad” degan muloyim so‘ziyu ochiq yuzi, chaqnab turgan xayrixoh ko‘zlari bilan o‘rtadagi begonalik pardasini darrov sidirib tashladi. U o‘shanda ellik to‘rt yoshda, yetti iqlimga ma’lum va mashhur shoir, men bo‘lsam yigirma to‘qqiz yashar, endigina ikkinchi kitobi chiqqan tajribasiz qalamkash, unga mening qat’iyatim, Toshkentdan turib qo‘ng‘iroq qilishlarimu va nihoyat, mana, huzuriga kirib kelishimdagi jur’atim va, albatta, bu benazir insonga, uning she’riyatiga nisbatan ixlosim bilan shaydoligim xush yoqqani Andrey og‘aning qiyofasidan shundoqqina bilinib turardi…
Bu uchrashuv va suhbat tafsilotlari Toshkentga kelganimdan keyin avval “Adabiyot” gazetamizda, so‘ngra kitoblarimda bir necha marotaba chop etilgani uchun bu yerda to‘xtalib o‘tirmayman.
O‘sha ilk ko‘rishganimizda tuhfa qilgani suratlariyu “Nigoh” (“Vzglyad”), “Ruh me’morlari” (“Prorabы duxa”) kitoblari qatori 1984 yilda Moskvadagi “Xudojestvennaya literatura” nashriyoti tomonidan chiqarilgan uch jildlik “Tanlangan asarlar”ining ko‘rkam zangor muqovali uchinchi jildiga “… Birinchi, ikkinchi jildlarni ham sovg‘a qilish niyatiyu intizorligi ila”, deya o‘zini juda yaqin olib dastxat qo‘yib berishi, kitoblariyu dil so‘zlari, bu umidlaru bu quvonchlardan o‘zimda yo‘q shod edim.
Ushbu she’rlar, bu she’riyat bilan ilk bor o‘n uch yil avval avji o‘smirlik chog‘larimda tanishib hayajonga tushgan bo‘lsam, ularning ijodkori bo‘lmish zabardast shoir, o‘zi lutf etganday “yarim tuproq, yarim samoviy” inson bilan yuzma-yuz ko‘rishib, gaplashib turganimning o‘zi ayni damda men uchun g‘oyat hayajonli edi. O‘shanda Moskvadan olib qaytganim yangi tashbehlaru o‘xshatishlar, satrlar bilan sog‘inchlar keyin necha yillar davomida menga uyqu bermay, oromimni o‘g‘irlagan.
“Toshkent” deyishim bilan “samoviy” suhbatdoshimning ko‘zlari porlab, yuzlariga iliq bir yorug‘lik yoyiladi.
U Toshkentni alohida mehr, o‘zgacha bir sog‘inch bilan yaxshi ko‘rardi. 1966 yili mudhish Toshkent zilzilasi ro‘y bergan paytda hech qanday topshiriqlaru buyruqsiz, o‘z xohish-irodasi, qalb amri bilan tonggi birinchi samolyotdayoq Toshkentga uchib kelgan, o‘n kunlardan ko‘proq boshiga kulfat tushgan odamlarning yonida yurib, hech bo‘lmaganda so‘ziyu she’ri bilan ularning dardi, tashvishiga hamdard va sherik bo‘lgan, hozirjavoblik bilan “Toshkentdan reportaj doston” nomli juda dolzarb asarini yozgan. O‘sha kecha-kunduzdayoq mashhur matbuot nashri bo‘lmish “Komsomolskaya pravda” gazetasining butun boshli bir sahifasida “Toshkentga yordam bering!” degan sarlavha ostida bu asar e’lon qilingan edi.
Bir kundayoq millionlab odamlarni birlashtirib, bir-biriga qondoshu jondosh qilgan zilzilani shoir Yerning bemisl to‘lg‘oq dardiga qiyoslaydi va insonlarning matonati, irodasiyu ishonchi bois, bu to‘lg‘oq dardidan so‘ng vayronalaru chaldevorlar o‘rniga go‘zal mavzelar, chinniday oq binolar qad rostlashini, Toshkent afsonaday ko‘rkam va fusunkor shaharga aylanishini bashorat qilganday bo‘ladi. Bu umidlar millionlab o‘zbeklarning orzu-o‘ylari yanglig‘ chorak asrlardan keyin, bu yog‘i XXI asrning tongotarlarida bor bo‘y-basti bilan ro‘yobga chiqishini “Mening Toshkentim – mening hayotim”, deya qalbini bag‘ishlagan shoir ham hali bilmas edi.
Keyingi asrning, ya’ni 2006 yilning hamal pallasi O‘zbekiston xalq shoiri Aleksandr Faynberg tarjimasida “Trud” gazetasida rus tilida chop etilgan mening she’rlarimga yozgan kirish so‘zida Andrey Andreevich sog‘inchu orziqishlari shahri bo‘lmish Toshkentni o‘sha qo‘msov va mehr bilan yana bir karra yodga oladi: “Toshkent – shunchaki oddiy bir shahar emas. Men uchun behad tabarruk va tasavvur qilib bo‘lmas darajada qadrli va aziz bo‘lib qolgan bu shaharni hech qanday kuch, hech qandayin dunyoviy o‘zgarishlar yuragimdan sug‘urib tashlolmaydi… Shu sababli, qismatimning bir bo‘lagiga aylanib qolgan bu shahardan bo‘ladigan har bir telefon qo‘ng‘irog‘i menga olam-olam quvonch baxsh etadi. Toshkent shoirlari Vaqtning qaltis sinovlaridan o‘tgan shoirlardir. Bizga o‘zimizni, o‘zligimizni topishda yordam bergan Toshkentga ta’zim va tashakkurlarim bo‘lsin!”
Ikkinchi uchrashuvimiz bir yarim yildan keyin, oltin kuz faslida, ruslar “babe leto” – “ayollar yozi” deydigan kuzning iliq va tarovatli pallasiga to‘g‘ri keldi. Peredelkinodagi xazonrezgi, quyosh nurida yarqirab charaqlab yotgan qayinzorlar, sarg‘aygan tillarang barglarda o‘ynayotgan jilvagar oftob nurlari tom ma’noda kuzning oltinligini ko‘z-ko‘z qilib turar, bu ma’volarning kuzagi ko‘klamidan ko‘ra jozib va go‘zalroq edi.
O‘shanda G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotining direktori, ustoz Erkin Vohidovning xayrixohligiyu rizoligi bilan tayyorlayotganim Andrey Voznesenskiyning o‘zbek tilida chiqadigan kitobi uchun nashriyot shartnomasini muallifga eltishim, uning imzosini olishim kerak edi. Bu palla rasmiy taomil bo‘yicha Yozuvchilar uyushmasining xizmat safari qog‘ozi bilan yo‘lga otlandim. “Literaturnaya gazeta”ning o‘sha paytdagi O‘zbekiston bo‘yicha maxsus muxbiri, yozuvchi akamiz Murod Muhammad Do‘stning yordami, gazetaning Moskvadagi bo‘lim mudiri, taniqli jurnalist Vladimir Sokolovning tavsiyasi bilan shahar markazidagi “Moskva” mehmonxonasiga joylashdim.
Borgan kunim “Literaturnaya gazeta”da Andrey Andreevichning bir sahifa yangi she’rlari e’lon qilingan ekan. Tahririyatda Sokolov tuhfa qilgan gazetani ham o‘zim bilan olib, Peredelkino sari ravona bo‘ldim.
Aziz mezbon bir yarim yil avval qanday jilmayish bilan meni kutib-kuzatgan bo‘lsa, zarra o‘zgarishsiz, xuddi o‘shandoq muloyim tabassum, ochiq yuz, iliq nigohlari ila menga peshvoz chiqdi. Zum o‘tmay shodon so‘zlanib xonaga shoirning rafiqasi Zoya Borisovna Boguslavskaya kirib keladi. Taniqli adiba, shoirning hayotiyu qismati, she’ru dostonlari, quvonchlari bilan iztiroblarining bir umrlik vafodor malikasi, “Oza” dostonining bosh qahramoni Zoya Borisovna… U iltifot ila meni o‘tirishga taklif etdi. So‘ngra narigi uyga o‘tib har xil ko‘rkam, antiqa shishalar qator terilgan nafis mis patnisni ko‘tarib kirdi. Viskidan tortib, farang, gurji vinolariyu, konyak va aroqlarning uch-to‘rt xili, shishalarining shakli ham g‘aroyib va ko‘zni qamashtirguvchi bu sharobi noblarni tutib turarkan, Oza opaning “Nima ichasiz?” degan savoliga “Choy” deb javob berdim. Xonim ichkariga kirib ketdi. Birpasdan so‘ng xuddi o‘sha patnisda did bilan bir tekis terilgan o‘n xildan ziyod choy qutilarini ko‘tarib chiqdi. Bu ajoyib va chiroyli qutilarning orasida “Toshkent oqshomi”da odatlanganim, sirtiga “Hind choyi” yozuvli, fil rasmi tushirilgan sarg‘ish tusli oddiygina quti ko‘zimga issiq ko‘rinib ketgani bois shuni tanladim.
Erkin akaning maslahati bilan o‘zbek tilida chiqayotgan “Mangu rizq” kitobi uchun shoirdan so‘zboshi ham olishim kerak edi. “O‘zbek kitobxoniga murojaat” deb sarlavha qo‘yilgan bu muqaddima ikki varaq ham chiqmasa-da, unda shoirning O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiyu madaniyatimizga bo‘lgan katta hurmat va ehtiromi har bir iboradan ufurib turardi. “Baykal haqidagi she’r o‘zbek kitobxoni qalbida aks sado beradi, degan umiddaman, chunki, ayni paytda Orol dardi mening bag‘rimni ham o‘rtaydi”, deb yozgandi shoir.
Bu safar ikki soatlardan ko‘proq qolib ketdim. So‘zboshini, suratlari bilan yangi kitoblarini olgach, shartnomalarga ham imzo qo‘ydirib bo‘lgandan so‘ng ketmoqqa izn so‘radim. Zoya Borisovna ham o‘zining “Bekat” nomli qissa va hikoyalar kitobiga menga baxt va omadlar tilab, imzo chekarkan, biroz o‘ylanib turdi-da, “Keling, mendan sizga bir gul ham esdalik bo‘lib qolsin”, deya dastxatning tepasiga nazokat bilan nozikkina bir chechak shaklini chizib qo‘ydi. Sana 1988 yilning beshinchi oktyabr kuni edi.
“Mangu rizq” kitobi bir yillardan so‘ng rahmatli shoirlarimiz Shavkat Rahmon va Muhammad Yusuf muharrirligi ostida kattagina nusxada chop etildi.
Yuqorida aytilganidek, A.Voznesenskiyning yurtimizga, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Xorazm singari shaharlarimizga mehru muhabbati bo‘lakcha edi. O‘zi tabiatan ham, ma’lumoti-bilimi jihatidan ham me’mor bo‘lgan shoir, qadimiy kentlarimizni Sharq va bashariyat tamaddunining buyuk va mangu obidalari deb bilardi.
Chunonchi, “Mangu rizq” dostonida 1941 yilda Samarqanddagi “Go‘ri Amir” maqbarasining ochib ko‘rilishi juda katta tarixiy xato bo‘lganini, jahongirlarning qabrlarini buzish yomon oqibatlarga olib kelishini, buning natijasida umumjahoniy ofat, ya’ni Ikkinchi jahon urushi boshlanganini nadomat va iztirob bilan tilga oladi.
Oddiy dastxatida ham, misol uchun, Toshkentga kelayotgan rejissyor do‘stiga kitobini hadya etarkan, “Ot imeni vsex uzbekov jelayu Vam uspexov!” deb “o‘zbek” so‘ziga topqirlik bilan omad, muvaffaqiyatni qofiya qilgani, shu oddiygina tilakda ham katta hurmat, ko‘ngil kengligini izhor qila olganiga tan bermasdan ilojingiz yo‘q.
Sho‘ro tuzumi, uning yolg‘onga qurilgan mafkurasiyu bu mafkuraning o‘sha davrdagi rahnamolari XX asr adabiyotida “oltmishinchilar” deb nom chiqargan avloddan, jumladan, bu avlodning eng peshqadam vakili bo‘lmish Andrey Voznesenskiydan, uning she’rlariyu millionlarni jam va jalb qila olgan she’riy chiqishlaridan chinakamiga qo‘rqqan, hayiqqan. U umr bo‘yi rost yozdi, rost gapni aytdi. Ta’lim-tarbiyasi, qalb nizomi, imon-e’tiqodi oldida, hayotu tiriklikning ko‘ziga tik qarab rost yashay bildi. “Adabiyot”, “Inson”, “Vatan” degan tabarruk tushunchalar uning muqaddas maslagi, umriy qismatiga aylangan edi. “Vatan oldidagi xizmatlari uchun” uchinchi darajali ordeni bo‘lishi mumkin, lekin uchinchi darajali Vatan bo‘lmaydi. Vatan bebahodir!” deb yozgandi u bir she’rida.
Umr bo‘yi bulbuligo‘yoday jo‘shib sayrab kelgan shoir umrining oxirlarida tildan qoldi. Yaqin insonlari, qadrdon do‘stlarining izidan yangroq tovushi, she’rlariga baland parvozlar bergan ovozi ham uni tark eta boshladi. “Shoir yashagan umr, kunlar, iztiroblaru alamlar nazm edimi, nasr edimi — kim aytib beroladi?..”. Uning o‘zidan, asarlaridan boshqa hech kimsa buni uddalolmaydi.
Oxirgi turkumlarida xayrlashuv she’rlar, vido satrlar, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadi: “Kitob bilan xayrlashuv”, “Sahna bilan vidolashuv”, “Ovozimni yo‘qotmoqdaman”, “Chap qo‘limga qasida”, “Mikrofon bilan xayrlashuv…”
Xayrlashuv. Xayrlashuv. Xayrlashuvlar…
Butun umr, ikki asr – bir hayot boshdan adoq go‘yo faqat xayrlashuv misol, yaxlit vidolashuv yanglig‘ kechganday:
“Men sahnadan ketayapman. Men sahnani tark etmoqdaman. Men – mikrofon-odam, butun asr, yuz yildan ortiq siz uchun kuyladim, sizga she’rlar aytdim. Endi sizni tark etayapman. Shaharlar, stereotuzumlar men bilan birga ketmoqdalar. O‘zim bilan sahnani ham olib ketaman. Dohiylar “Ketgin!” deb o‘shqirgan mashaqqatli zamonlarda men sahnaga chiqqandim. Havo yetishmagan dim, biqiq tuzumlar aro tozarish epkinlari bizlar she’r aytgan shu sahnalardan esgandi. Biz she’rlarimiz bilan stadionlarni ulkan ma’naviy o‘pkalarga aylantiroldik. Endi… Men sahnani sahna bilan birga tark etmoqdaman. Mening bilan sahna ham sahnadan ketayotir. Menga sahnalar berganing, barcha bilan bab-barobar og‘ushingga olganing uchun senga tashakkurlar aytaman Hayot!”
Unsiz aytilgan bu she’rdagi chinqiriq-faryodni ilg‘agandirsiz, aziz o‘quvchi!
Ko‘p umumbashariy qadriyatlar, insoniy fazilatlar bilan olijanob tuyg‘ular o‘z o‘rnini yoppasiga pul va manfaatga bo‘shatib berayotgan sertahlika va qalqib turgan bu dunyoda So‘z va adabiyotning qadru qimmati tushib ketganday tuyulsa-da, uning azaliy va abadiy vazifasiyu mohiyati o‘z kuchini yo‘qotganicha yo‘q hali. “Ommaviy madaniyat nima?” – deya savol qo‘yadi shoir. Va o‘zi javob beradi: – “Ommaviy madaniyat degani ommaviy madaniyatsizlikdir”. Adabiyot, she’riyat kishilikni ana shunday halokatdan, jaholat va razolat changalidan qutqara olguvchi qudratli xaloskordir.
Voznesenskiy – tom ma’noda insoniylik kuychisi, insoniyat shoiri. Nyu-York shahrining tun-kun gurillab yotgan uyg‘oq va sershovqin aeroportini u bir paytlar o‘z avtoportretiga qiyoslagan edi. Xotirot ham kechasiyu kunduzi guvlab yotgan bedor-behalovat aeroportga o‘xshaydi. Shoirning tashbehlari bilan metaforalari samolyotlarga, dunyo bo‘ylab turli manzilu makonlarga uchayotgan uyg‘oq yo‘lovchilarga, ularning xayollariyu orzu-umidlariga o‘xshab ketadi. “Samo bo‘ylab samolyot qoldirib ketayotgan oppoq iz – tovushning soyasidir”, degandi metaforaning oq tulporida mangulikka otlangan tashbehlar qiroli. “Bizlar, bu dunyoga kelgan va o‘zini topmaganlar – ruhning jismoniy soyalarimiz, xolos”, deb yozganida ham qisqagina ikki satr zamiriga odamzod hayotining cheksiz-chegarasiz ranju mashaqqatlari mazmunini joylay olgan edi. Adib o‘limidan uch-to‘rt oy o‘tgach, hol-ahvol so‘rash maqsadida uning umr yo‘ldoshiga qo‘ng‘iroq qildim. “Biz uning ovozini bir borgina eshitishga zormiz!..” (“Kak nam ne xvatayet yego golosa!”) – deya armon qildi Zoya Borisovna…
Hamma gap go‘yo aytib bo‘linganday tuyulsa-da, ayni paytda, hech narsa aytilmaganday, ko‘p gaplar xuddi qolib ketayotgandek, hozir qog‘ozga raqam qilinmasa, izsiz yo‘qolib ketadiganday. Shoirning kitoblarga, asarlarga raqam qilingan hayoti esa “She’riyat — bor-yo‘g‘i bir soniyalik tovush, tilsiz va tiyra Yo‘qlik bilan Abadiyat aro bir lahzalik chinqiriqdir, xolos”, debon uzluksiz sado berib yotibdi.
Bir uchrashuvda ustoz Abdulla Oripovga “Chingiz Aytmatov bilan shuncha hamsuhbat bo‘lgansiz, safarlarda birga yurgansiz, birga bo‘lgansiz, nima uchun xotiralaringizni yozib chiqarmaysiz?”, deb savol berishganida, ustoz: “Buni qarang, Aytmatovning otiga mingashib olibdi”, deya o‘ylashmasmikin, degan andishada hech qo‘lim bormaydi”, deb javob bergan edi.
Men ham esdaliklarim, taassurotlarimni Voznesenskiyning oq tulporiga mingashib olish niyatida qog‘ozga tushirmadim. Talabalik, yoshligimning eng jo‘shqin, porloq pallalari, hayotimning saodatli, munavvar oqshomlariyu tonglari shu toshqin she’riyat diydori, suhbatlaridan bahramand bo‘lganim, shu sevimli shoirimning kitoblari bilan yanada fayzli va tarovatli bo‘lgani uchun, shoirlik qismatimning shakllanishida, bir nimaga erishgan bo‘lsam – shunday aziz ustozlarim bois, azbaroyi shu inson, shu nom oldidagi qarzim, qarzdorligim uchun ham ko‘nglimdagilarni bitmoqqa jur’at qildim.
Bir paytlar, yoshlik chog‘larida Vaqtning shiddatiyu beomonligini aytarkan, Andrey Voznesenskiy: “Shu mangu olovda biz yonib ketdik”, “Toki so‘z navbati mendadir, toki senga so‘z bermasman, meni qiynagil, ey Vaqt!” degan satrlarni bitgandi.
So‘z navbati endi Vaqtga tegdi. Fasllar, asrlar umumlashdi. Ikki asr – bir hayot deymizmi, bir umr – ikki asr deb ataymizmi, Abadiyat oldida endi buning ahamiyati yo‘qday go‘yo…
Tan bilan ruh bo‘lindi,
Bulutlarga belandi.
Hayot-ku etar davom,
Umr yashab bo‘lindi.
Bandalar himoyasi –
Xudoyimning soyasi.
Jon hilolga ilindi,
Umr yashab bo‘lindi.
Naf yo‘q davru zamondan,
Qoldim endi zabondan.
Shudring ham so‘z tilandi,
Umr yashab bo‘lindi.
Alvido, ey kapalak!
Uchding buncha jonhalak.
Lahza o‘tdi, o‘l endi,
Umr yashab bo‘lindi.
Bor-yo‘g‘im – ikki yetti,
Etti yettiga yetdi.
Falak, qil qabul endi,
Umr yashab bo‘lindi.
Dardu g‘amdan iborat
Emrildi bu imorat.
Darz ketganim bilindi –
Umr yashab bo‘lindi.
Ikki asr – bir hayot,
Sabru bardoshu sabot.
Teng ikkiga bo‘lindi,
Umr yashab bo‘lindi.
Do‘koningda, yo Rabbim,
Endi qolmadi haqqim.
Bor to‘lovlar to‘landi,
Umr yashab bo‘lindi.
Sirojiddin Sayyid, O‘zbekiston xalq shoiri
“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 5-son