Shukur Qurbon. Bo‘z bolasi o‘zbaki so‘zning

1. “SIZ — MAHAMMAT YuSUPSIZ-A…”

Aslida bu xotirani men emas, mening to‘g‘rimda Muhammad Yusuf yozganida to‘g‘riroq bo‘lardi. Harholda undan besh-olti ko‘ylakni ortiqroq kiygandim. Shoirning o‘zi ham buni his qilib, menga andijoncha, ya’ni ismimni qo‘shmay, o‘z jigarlarimdek samimiyat bilan “aka”, deb murojaat etardi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, uni o‘nlab shoir-ukalar qatorida inimdek o‘zimga yaqin olardim. Bir-birimizning unib-o‘sgan Baliqchi va Marhamatdagi hovlilarimizda bo‘lganimiz, xeshlarimizni bilganimiz — bu aka-ukalikni yanada qalinlashtirgan edi. Bugina emas, taqdir taqozosi bilan Muhammadjonning ota tomonidan qadrdoni, ma’naviyat ishqibozi, zukko inson Begijon Rahmonovning tumanimizda hokimlik qilishi nafaqat mening, balki qishloqdoshlarim hayotida ham alohida yorqin iz qoldirdi. Begijon aka goh bayram bahona, goh boshqa sabablar bilan shoirni oilasi bilan birga, tez-tez chorlar, joylarda mushoiralar tashkil etar, aholini uning dilbar she’riyatidan bahramand qilar edi. Shu tariqa shoirning o‘n yillar mobaynida Baliqchiga, baliqchiliklar huzuriga tashrifi to‘xtamagan. Muhammadjon ularning to‘y-ma’rakalarida, turli davralarida ishtirok etgan, do‘stlar orttirgan. Va, ajab emaski, siz bilan biz bilgan asarlarining ba’zi g‘oyalari bizning qishloqda ham tug‘ilgan.
Tumanimiz Chinobod qishlog‘i yaqinidagi “Uch sohil” dam olish maskanida shoir ikkimiz sayr qilib yurgan edik. Ittifoqo, o‘sha atrofda polizga suv qo‘yib yurgan bir nuroniy otaxon yo‘limizni kesib chiqdi. Salomlashdik.
— Siz Mahammat Yusupsiz-a? — shoirga yuzlandi otaxon.
— Ha, Muhammadman, ota, — javob qildi shoir, hammamizga qadrdon va samimiy jilmayishi va biroz bo‘g‘iq ovozi bilan.
— Tanidim, bolam, tanidim. Hu, o‘shag‘dan turib tanidim. Tilvizorda ko‘rganman.
U Muhammadjonning qo‘llaridan tutib olgan, qo‘yib yuborgisi kelmay, mehnatda qotgan kaftlari bilan ularni silab siypardi.
— “Samarqandga borsam men agar”ni yozgan qo‘llaringiz shumi?
— Ha, shu, ota! O‘qadimi sizga o‘sha ashulam?
— O‘qadi, bolam. Ja yoqadi. Otalarning ichini yozgansiz, bolam. Shu ashulani yozgan qo‘lingizni ko‘zimga suray… Ota, negadir ko‘zlari yoshlanib, men tomonga ham qarab qo‘ydi. Muhammadjon meni otaxonga tanishtirgan bo‘ldi:
— Ota, bu aka Shukur Qurbon bo‘ladilar, ustozim.
— Kim? Ustozingiz? Ha, yaxshi-yaxshi.
Men o‘ng‘aysiz holatga tushdim.
Shoir Muhammad Yusufning xalqimiz orasida hurmati nechog‘lik balandligini ilk bor o‘shanda ko‘rganman. Bu bejiz emas edi, albatta. O‘sha chinobodlik otaxon tilga olgan “Samarqand” she’rida shoir kishilarimizning mustabid davrdagi iztirobini avj pardalarda jaranglatgandi:
Men dardimni kimga aytaman?
Ahvol mamlakatimizda o‘sha yillarda haqiqatan ham tang bo‘lib, ayollar o‘ziga o‘t qo‘yayotgan, erkaklar “Paxta ishi”, “O‘zbeklar ishi” qatag‘onlarini boshdan kechirayotgan pallalar edi. Shoir keyinchalik bu mavzuni davom ettirib, “Gdlyan Ivanov”, “Fayzulla Bobo”, “Bobur”, “Sharof Rashidov” kabi asarlarini yaratib, o‘ziga xos jasorat ko‘rsatdi. Xususan, zamonaviy qo‘shiqchilikka “hayotbaxsh tahrir kiritib”, uni quruq va hissiz asarlardan qaysidir ma’noda “tozaladi”, “pokladi”. Mustaqillik yillarida shoirning bu borada qilgan ishlari, ayniqsa, diqqatga sazovor: “O‘zingdan qo‘ymasin, xalqim”, “Hech kimga bermaymiz seni”, “Xalq bo‘l, elim” singari qo‘shiqlari mamlakatimiz ma’naviy hayotida o‘ziga xos voqea bo‘ldi.
Shoirning sevgi-muhabbat mavzuidagi she’rlarini butun O‘zbekiston yoshlari yod oldi. Ularni qo‘shiq qilib, qanchadan-qancha hofizlar elga tanildi, Mustaqil Respublikamiz yuksak mukofot va unvonlari sohibi bo‘lishdi.

2. XOSIYaTLI TUSh

Talabalik davrida va undan keyin ham ijara uylarda yashab yurgan shoirga, nihoyat, Darxon mahallasidagi ko‘p qavatli imoratlarning biridan uy beradigan bo‘lishdi. Lekin hadeganda uy bitavermadi. Bitganidan keyin ham, hatto kaliti qo‘lga tegib ham, unga ko‘chib o‘tish paysalga solinaverdi — uni uy boshqarmasi quruvchilardan qabul qilmay turib oldi. Qish kunlaridan birida do‘stlari davrasida she’rxonlik qilib qolib ketgan shoirning oyog‘i, negadir, o‘sha yoqqa tortdi. Ungacha ham Muhammadjon uyga kirgan, yaxshi niyat bilan eshikka yangi qulf o‘rnattirgan, ko‘rpacha, yostiq keltirib qo‘ygandi. Uy qorovuli ko‘nglini topib, xonadonga kirib borgan. Benihoya toliqqanidanmi, xonalarning issiqligi xush yoqqanmi, haligi ko‘rpachaga cho‘zilib, uxlab qolgan. Va tongga yaqin tush ko‘rgan. Tushida yam-yashil adir emish. Muhammadjon adirda o‘sha ko‘rpachada uxlab yotganmish. Tepasida oppoq kiyingan bir nuroniy qariya boshini silab o‘ltirganmish. O‘nida chaqmoqday bir ot turganmish.
— Tur, bolam, manavi oq otga min, — deyarmish u. Bundan buyog‘i Muhammadjon ko‘p o‘ylab o‘ltirmay, cholga minnatdorchilik bildirib, otga minganmish. Ot ajib bir salobat bilan yurib ketganmish.
O‘sha kuni tong oldi shoirning “Samarqand” she’ri dunyoga kelgan.

3. ISMI ShARIF

O‘tgan asrning saksoninchi yillari boshida men “Sharq yulduzi” jurnali tahririyatining she’riyat bo‘limida xizmat qilardim. Tohir Malik adabiy kotib edilar. Ko‘pchilik shoirlar qatori, Muhammadjonning she’rlaridan bir dasta tayyorlab, akaning hukmiga havola etdim. Tohir aka ularni o‘qib, iliq fikr bildirdilar. Keyin qo‘shimcha qildilar:
— Lekin imzosini o‘zgartiramiz.
— Imzosini? Nega? — hayron bo‘ldim.
— “Muhammad Yusupov” emas, “Muhammad Yusuf” imzosi ostida e’lon qilamiz bu she’rlarni.
— Qanday bo‘larkin?
— Yaxshi bo‘ladi: “Muhammad” ham, “Yusuf” ham Payg‘ambarlarimizning ismlari. Ularga “ov” qo‘shimchasini qo‘shib, o‘zimizdan begonalashtirmaylik.
Men bu fikrga qo‘shildim.
— Shoir kelsa, roziligini oling. Bo‘lmasa, menga uchrashsin, o‘zim tushuntirib qo‘yaman.
Shunday qilib, bu she’rlar “Muhammad Yusuf” imzosi ostida yoritildi va O‘zuvchilar uyushmasi Poeziya sektsiyasi yillik muhokamasida ular yilning eng yaxshi she’rlari sifatida e’tirof etildi.

4. “YO‘LIMIZDAN IT ChIQIB QOLDI”

Iste’dod o‘z sohibidan ortiq darajada mashaqqat chekishni, kuch-quvvat sarflashni talab qiladi. Ko‘pincha bu salomatlikni yo‘qotishga olib keladi. Aksar shoirlar buni odatdagi hol, deb biladi. O‘zgan asarlariga mahliyo bo‘lib, yo‘qolgan salomatligi haqida qayg‘urmaydilar ham. Muxlislar-chi, buni bilishmasa ham kerak. Ular o‘qiyotgan asarlarining saviyasi baland yoki pastligiga e’tibor berishadi, xolos. Binobarin, Muhammad Yusuf uzoq yillar davomida oshqozon-ichak xastaligi bilan og‘rigan. Shoirning ko‘pchilikni hayratga solayotgan o‘lim haqidagi satrlari ana shu xastalik azoblarining ifodasi bo‘lsa ajabmas. Tabiiyki, shoir buni ko‘pchilikdan sir tutgan. Unda g‘urur, oriyat juda baland edi.
Meni ko‘ngliga yaqin olgan shekilli, oshqozonimdan shikoyat qilganim sabab bo‘lib, unda ham shunday xastalik borligi, ayni kunlarda juda qattiq xuruj qilayotganligi to‘g‘risida gapirib qoldi. Shu kunlarda bir tabibnikiga qatnab, u bergan giyohlarni qaynatib-ichib, davolanib yurgandim. Natija yomon bo‘lmayotganligi uchun, Muhammadjonga ham o‘sha tabibga uchrashishni maslahat berdim. Agar istasa, birga olib borishim mumkinligini aytdim. Shoir rozi bo‘ldi. Dam olish kunlaridan birida Qibray tumanidagi tabib huzuriga yo‘l oldik. Tabibning mahallasiga panjara bilan o‘ralgan ikki kishi zo‘rg‘a sig‘adigan tor yo‘lakdan o‘tib borilar edi. Yo‘lakning o‘rtasiga hali yetmagan edik, qarshimizdan bizga qarab kelayotgan kattakon itga ko‘zim tushdi. Oldinda borayotganim uchun yuragimni vahima bosdi: “Tishlab olsa-ya!..” Shunda shoir old tarafga o‘tdi. Bu menga qattiq ta’sir qildi, yana oldinga o‘tib, yo‘l boshladim. Yuzaki qaraganda, oddiy hol. Lekin… do‘st yo‘lidan it chiqqanda qalqon bo‘lish… U shunday inson edi.

5. “BILMAYDILARKI…”

Muhammad Yusufning yulduzli yillari edi. Esimda bor, Xalqlar do‘stligi saroyida shoirning ijodiy kechasi bo‘lishi kerak edi. Uni O‘zbekiston radiosiga yozish uchun bordik. Kechadan avval shoirni muxlislari davrasida uchratdim. Xalaqit bermay deb chetga chiqdim. Bir payt u yonimga keldi. Xursandlikdan sarmast. Shoir uchun aslida muhlis e’tiboridan ko‘ra yuksakroq boylik yo‘q, deb o‘yladim. Suhbat asnosida bir sirni ichiga sig‘dira olmadi. Muxlislari uni o‘rab olib, kastyumini yechishgan va o‘zlari mehr bilan tikib kelgan tumorlarini shoirning qo‘ltiqlariga osishgan ekan — ko‘z tegmasin, deb. Tumorga ishonish to‘g‘ri emas. Lekin muxlislar muhabbatining ramzi sifatida shoir ularni yechib tashlagisi kelmadi. Muhammadjonning muxlislar qalbini shu qadar zabt etganiga qoyil qoldim. To‘g‘rirog‘i, o‘sha kunlarda uning o‘zi ham bunga qoyil edi.
— Hayronman, aka, nega bunday qilishdi bular?
— Ko‘z tegmasin, deyishgan-da! Yaxshi, Muhammadjon! Ko‘z tegmasin, ishqilib, — dedim. — Bu kunga yetganlar bor, yetmaganlar bor. Hali birorta shoirga muxlislarning o‘z muhabbatlarini bu tarzda izhor qilishganini, ochig‘i, men ko‘rmagan edim.
Oradan bir necha kun o‘tib, shoirni nihoyatda tushkun holatda G‘afur G‘ulom nomli nashriyotdan chiqaverishda uchratdim. Sababini so‘rab-surishtirdim. Ma’lum bo‘lishicha, ba’zi bir qalamkash tengdoshlari Muhammad Yusuf she’rlarini «ro‘zg‘orbop», «asarlarida yangilik yetishmaydi» — deb kamsitmoqchi bo‘lganliklari qulog‘iga chalingan ekan. Demak, unga hasad qilishgan, deb o‘yladim. Taskin-yupanch kerak. Unga Xalqlar do‘stligidagi muxlislarning tumorlaridan so‘z ochdim. Qo‘shiqlarining xalqonaligi borasida gapirdim. Shuningdek, unga «tashlanayotganlar»ning o‘zlari siznikidaqa yozolmaganlari uchun, o‘zlaricha «she’riyatda bir yangilik axtarib qarib ketishi» xususida so‘zladim. Sergey Yesenin asarlaridan misollar keltirdim, uning bir do‘stiga o‘z davrida xuddi shunday xujumlar bo‘lgan paytida yorilganini aytib berdim.
— Biz har xil «futurizm-puturizm»larni ko‘rganmiz, — degan edi Yesenin. — Ular yozayotgan shakllarda ham juda yozganmiz. Endi o‘z yo‘limizni topib oldik. Ular bilmaydilarki, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz, biz hali hammasidan o‘tamiz!!! To‘g‘rimi?
Muhammadjon mening so‘zlarimni tinglar ekan, asta-sekin kayfiyati ko‘tarilib jilmaya boshladi. Keyin men Yesenin so‘zlarini keltirgan kitob nomini aytdi:
— «V mire Yesenina».
— Ha, barakalla! Siz ham ana shu so‘zlarni goh-goh takrorlab yuring. Aslida yozgan siz-ku siz ham har xil shakl va ohanglarda bir paytlar.
— Yozganman. Hammasinikidan zo‘r yozganman.
— Ha, barakalla! Endi boshqacha yozayapsiz!
Shunday qilib, bizlar xushchaqchaq kayfiyatda xayrlashdik. Keyin ham ko‘p bor uchrashganimizda undan xol-ahvol so‘rarkanman, Muhammad jilmayib, o‘sha davomini ikkimiz biladigan «sehrli» so‘zni takrorlaydigan bo‘ldi:
— Bilmaydilarki…

6. «MENI OLIB KETIShADI, ANA UNDAN KEYIN…»

Tumanimizning Chinobod qishlog‘ida bayram munosabati bilan mushoira tashkil etilib, unga baliqchilik qalamkash-shoirlar taklif qilingan edi. O‘sha paytda onam ziyoratiga borib, o‘sha yerda yurganimdan xabar topganlar mushoirada mening ham qatnashishimni so‘rashdi. Rozi bo‘ldim. Kechga tomon bildikki, mushoirada hammamiz uchun sevimli shoir Muhammad Yusuf ham qatnashar ekan.
Salomlashishga ham ulgurmasimizdan unga so‘z berib yuborishdi. Ikki yuz chog‘lik kishi yig‘ilgan choyxona guldiros qarsaklardan jaranglab ketdi. Men shoirini, she’riyatni olqishlagan baliqchiliklardan mamnun edim. Shu qarsaklar orasida Muhammad engashib, qulog‘imga shivirladi:
— Aka, xayrlasholmay qolmaylik.
Men unga savol nazari bilan qaradim. U yana engashib, gapiga izoh berdi:
— Tashqarida uch-to‘rtta moshin bilan marhamatlik do‘stlarim meni kutishayapti. Meni tezda olib ketishadi. Ana undan keyin, navbatni sizlarga berishadi. Ungacha, xafa bo‘lmanglar, sizlarga navbat ham, qarsak ham tegmaydi. Hammasini qoldirib ketaman tezda.
Ham tumanimiz mehmoni, ham sevimli shoirimizning biroz g‘urur, biroz erkalik bilan aytilgan bu gaplari endi bilsam, o‘zining olamdan erta ketishiyu, bizning undan ko‘ra ko‘proq yashashimizga ham ishora ekan.
Shoir 5-6 ta she’rni qarsillatib o‘qib, hech kim bilan xayrlashmay-netmay, yuksak olqishlar ostida davradan chiqib ketdi. Endi Muhammadsiz qolgan davrada she’r o‘qishni tasavvur qiling. Muhammad Yusufning muxlislariga she’r o‘qishni tasavvur qiling.

Muhammad Yusufga

Qara, ko‘zlarimda ko‘rinmaydi nam,
Garchand ko‘ngil to‘la oh ila faryod.
Shoirlarning erta ketishiga ham
Nahot, ko‘niktirdi bizlarni hayot.
Shu so‘zlarni mendan kutganmiding, ayt,
Ey yuksak g‘azalga yarashiqli bayt?

Bir shoir olamga kelishi uchun,
Kim bilar necha bor to‘lg‘onar zamin?
Shoirlar bemahal o‘tsa olamdan,
Ayt, kimlar to‘ldirar uning bir kamin?
Sening o‘rningni-chi, kim bosadi, ayt,
Ey yuksak g‘azalga yarashiqli bayt?

Vodiy shevasiga payvasta garchand,
Andijon lafzining o‘z ohangi bor.
Boburiy kalomning oddiyligidan
Teranlik barq urar asrlar bedor.
Sen ham shu hikmat, deb yonganmiding, ayt,
Ey yuksak g‘azalga yarashiqli bayt?

Taqvodor hamkenting Dukchi Eshonning
Ruhi qo‘llagandir seni ehtimol.
Nazmiy bir ishora ila el-yurtni
Oydin orzularga boshlading alhol.
Boshlab qo‘yib, o‘zing qayga ketding, ayt,
Ey yuksak g‘azalga yarashiqli bayt?

Bo‘z bolasi bo‘lib o‘zbaki so‘zning,
Biqiq davralardan ketdingmi badar?
Kitob o‘qimasdan qo‘ygan ulusning
Qalbini qo‘shiq-la etmoq munavvar —
Maqsading edimi she’r yozishdan, ayt,
Ey yuksak g‘azalga yarashiqli bayt?

Lekin xonandalar… ba’zilari past,
She’ring undirguncha yaltoqlandi-ku!
Tanilib dedilar «Buyurtmamiz-la
She’r yozib bo‘ldi bu «Muhammad Yusuf»
Bilganmiding buni, kulganmiding, ayt,
Ey yuksak g‘azalga yarashiqli bayt?

Ular ham o‘tishar, g‘iybat gap-so‘z ham,
Lekin qo‘shiqlaring yangraydi abad.
Mustaqillik davri taronalari
Sening kuylaringsiz kemtikdir, albat.
Boqiy bu toleni o‘ylabmiding, ayt,
Ey yuksak g‘azalga yarashiqli bayt?

«O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2004 yil 18-sonidan olindi.