Bobur Nabi. Shekspirni ortda qoldirgan adib (Oskar Uayld)

XIX asr – G‘arb adabiyotida o‘ziga xos burilish yasalgan davr hisoblanadi. Ayniqsa, Buyuk Britaniya, Frantsiya, Germaniya kabi davlatlarda atoqli shoir-yozuvchilar ijod qilishgan. Shunday adiblardan biri asli millati irland bo‘lgan Oskar Uaylddir.

1854 yilning 16 oktyabr kuni Oskar Uayld Dublinda ser Uilyam Uayld va Jeyn Francheski Uayldlar oilasida dunyoga keladi. Jeyn Uayld “Speranza” (italyancha “umid”) taxallusi bilan she’rlar yozardi. Uilyam Uayld oftalmolog (quloq va ko‘z jarrohi) bo‘lib, Irlandiya aholisini ro‘yxatga olish bo‘yicha maxsus vakilning yordamchisi va shifokor-maslahatchi sifatidagi xizmatlari uchun ritsarlik unvoniga sazovor bo‘ladi. Shuningdek, u irland arxeologiyasi va xalq og‘zaki ijodi bo‘yicha kitoblar ham yozadi.

Oskar 10 yoshigacha uyida ta’lim oladi; frantsuz murabbiyasidan frantsuz tilini, nemis tarbiyachisidan nemischani o‘rganadi. Keyinroq Enniskillen shahridagi Portor qirollik maktabida tahsil oladi.

U vunderkind emasdi, lekin uning eng yorqin iste’dodi juda tez mutolaa qilishida edi. Qirollik maktabini oltin medal bilan tamomlagan Oskar Dublin Triniti kollejida o‘qish uchun maktab stipendiyasiga ega bo‘ladi. Triniti kollejida (1871-1874 yillar) Uayld tarix va madaniyatni chuqur o‘rganadi, qadimiy tillarni bilishga intiladi. Qolaversa, u yerda estetika bo‘yicha professor J.P.Maxaffi kursini tinglaydi. Keyinchalik uning estetik didi, asarlaridagi noziklik va go‘zallik namunalari mana shu ma’ruzalar ta’sirida kamol topadi.

1874 yilda Oskar Magdalinadagi Oksford kollejida o‘qish huquqini qo‘lga kiritadi. Bu kollejda u ingliz tili bo‘yicha bilimini mustahkamlaydi: “Mening irlandcha talaffuzim Oksfordda yo‘q bo‘lib ketdi”, deydi bo‘lajak adib o‘shanda. Oksforddagi tahsili davomida u elga tanila boshlaydi, san’at falsafasini o‘rganadi. Shuningdek, o‘zi yoqtirgan Italiya va Gretsiya davlatlariga ham borib keladi. Oksfordda u yana “Ravenna” dostoni uchun Nyudigeyt mukofotini ham oladi. Ushbu pulli mukofot XVIII asrda yashagan ser Rojer Nyudigeytning Oksford kolleji talabalari uchun mo‘ljallangan yillik dostonlar tanlovi edi.

Kollejni bitirgach, Oskar Uayld Londonga ko‘chib keladi. Poytaxt markazidan bir uyni ijaraga oladi. U yerda Speranza taxallusi bilan mashhur bo‘lishga ulgurgan Jeyn Francheska Uayld xonim (ya’ni onasi) bilan tasodifan qo‘shni chiqib qoladi. O‘zining ajoyib iste’dodi va aqli bilan Oskar Londonga tez moslashib ketadi… Uning o‘tkir zehni, bilimi hamda noyob ijodi barchaning ko‘nglidan joy oladi. Hattoki ayrim salonlarda uning ismini tilga olib ish yuritish ham odatga aylanadi. “Bugun aqli raso irlandiyalik salonimizga tashrif buyuradi, siz ham qolib ketmang” deya odamlarni jalb qila boshlashadi salon xodimlari. Ayniqsa, uning liboslari ko‘pchilikning e’tiborini tortardi. Moda olamida u o‘ziga xos kiyinish uslubini yaratgandi. Londonda Uayldni barcha tanirdi. Uning tashrifini hamisha intizor bo‘lib kutishardi. Shu bilan bir qatorda uni tanqid qiluvchilar ham yo‘q emasdi. Har qadamda Uayldga turli nish otishni rejalashtirishar, u esa bunga mutlaqo bee’tibor bo‘lib faqat va faqat ijodga sho‘ng‘irdi.

1881 yili uning ilk she’riy to‘plami – “She’rlar” nomi ostida bosilib chiqadi. Bu kitobni chop etish ham oson kechmaydi. Dastlab uning she’rlarida impressionizm alomatlarini “sezishadi”, so‘ngra tasvir va hayrat uyg‘unligini “kashf etishadi”.

Oskar Uayld o‘zining mashhur iboralari va iqtiboslari bilan juda tez tanilgan. U qayerga borsa, qay yerda bo‘lsa ham, vaziyatga, holatga, odamlar tomonidan berilgan savollarga o‘ziga xos tarzda javob qaytarardi. 1882 yilning boshida u okean oshib, Nyu-York shahriga yetib keladi. Kemadan tushgach, birinchi navbatda muxbirlarga yo‘liqadi va o‘z uslubida sayohatiga qisqacha izoh beradi: “Janoblar, ummon meni o‘ziga maftun qildi, lekin u men o‘ylaganchalik ulug‘vor emas ekan”. Shundan so‘ng bojxonachilarga ro‘para kelgan yozuvchi o‘zi bilan nima olib kelgani haqidagi savolga shunday javob qiladi: “Mening noyob iste’dodimdan boshqa hech nimam yo‘q”.

Uayld “sehrli diyor”da talabalarga ma’ruzalar o‘qirdi. Uning ma’ruzalarini tinglash uchun talabalar daryodek oqib kelardi. Bir kuni u “Ingliz san’atining uyg‘onish davri” nomli ma’ruzasida: “Biz bor vaqtimizni hayotdan ma’no qidirishga sarflaymiz. Bilsangiz, mana shu ma’no – San’atda!”, degan iborasi uchun cheksiz olqishlarga ko‘miladi. Shundan so‘ng adibning shuhrati ortib boraveradi. Uayldcha qarash, kiyinish, gapirish, ovqatlanish boshlanadi. Chikagoga borganida undan San-Frantsisko shahri haqida so‘rashadi. U esa shunday javob beradi: “Bu ayni san’atsiz Italiya ekan”. Amerikani tark etgach, Uayld shunday yozadi: “Men Amerikada madaniylashib bo‘ldim, endi faqat samolar qoldi”.

Londonga kelgach, Oskar o‘zini juda yaxshi his qiladi, ilhom parilari uni Parij sari chorlaydi, ijodining eng gullagan davrlari boshlanadi. Parijda u zamonasining dunyo tan olgan adiblari bilan tanishadi (Pol Verlen, Emil Zolya, Viktor Gyugo, Stefan Mallarme, Anatol Frans va boshqalar). Bir olam taassurotlar bilan Vataniga qaytgach, Konstans Lloydni uchratadi. 29 yoshida unga uylanib, 2 o‘g‘illi bo‘ladi (Siril va Vivian). O‘g‘illari uchun ertaklarni o‘zi yozgan. Keyinchalik bu ertaklar ikkita saylanma holida chop etiladi – “Baxtli shahzoda va boshqa ertaklar” (1888 yil) va “Anorli uy” (1891 yil).

Uayld ijodining eng gullagan davri 1887-1895 yillarga to‘g‘ri keladi. Bu qisqa davrda yozuvchi quyidagi asarlarni bitadi: “Lord Artur Sevil jinoyati” ertaklar to‘plami (1887), shuningdek, 1887 yili “Kentervil sharpalari”, “Topishmoqsiz Sfinks”, “Naturachi millioner”, “Yulduz bolakay”, “Baliqchi va uning qalbi”, “Janob U.X. portreti” nomli ertaklari, “Yolg‘on inqirozi” (1889), “Rassom kabi tanqidchi” (1890) singari bir qator tahliliy, tanqidiy, estetik maqolalar. 1890 yilda esa ijodining cho‘qqisi “Dorian Grey portreti” romani yoziladi.

1892 yildan Uayldning yangi qirrasi kashf etiladi, ya’ni uning komedik asarlari dunyoga keladi. Dramaturg sifatida u “Uindermir xonimning yelpig‘ichi” (1892), “Loqayd ayol” (1892), “Risoladagi er” (1895), “Jiddiy bo‘lish qanchalar muhim?” (1895) komediyalarini yozib bitiradi. Bu komediyalardagi personajlarning xarakterlari, unda ishlatilgan iboralar, paradokslar sahnani yanada jonlantiradi. Matbuot esa Uayldni “o‘z davrining eng mashhur dramaturgi” sifatida ta’riflaydi. Ayniqsa, undagi o‘tkir aql, o‘ziga xoslik, komediyadagi ta’sirli va elga ovoza iboralar tomoshabinni kursiga mixlab qo‘yardi.

1891 yili Oskar Uayld bir vaqtlar Angliyada sahnalashtirish man etilgan frantsuz tilidagi “Salomeya” dramasini ham e’lon qiladi.

She’rlar, ertaklar, romanlardagi barcha personajlar asosan moddiyat va hissiyot haqida so‘zlaydi. Uning asarlarining asosiy qahramonlari tabiat yoki inson emas, balki interer, natyurmort: buyumlar, anjomlar, qimmatbaho toshlar, matolar va yana shunga o‘xshash narsalar. Aynan shu uslub Oskar Uayld ijodiga xos xislat ekanini ta’kidlash kerak. Shuningdek, uning nasriy asarlarida sharqona qarashlar va ertaklarga moyillik seziladi. Uning aksar ertaklari muhabbat, mehr, oqibat, oliyjanoblik fazilatlari bilan yakunlanadi.

Xuddi ijodida bo‘lganidek, Oskar Uayldning hayoti ham ziddiyatlarga to‘la. U hatto qamoqxonada ham yotib chiqadi. Alfred Duglas bilan bo‘lgan kelishmovchiliklar tufayli uni ozodlikdan mahrum etishadi. Atrofida girdikapalak bo‘lgan do‘stlari undan yuz o‘giradi. Panjara ortida u dunyodagi eng qadrli insoni – onasi vafot etganini biladi. Rafiqasi ko‘chib ketgani va familiyasini o‘zgartirganidan ham xabar topadi.

Ikki yillik (1895-1897) qamoqdan so‘ng Uayld Frantsiyaga kelib, ismini Sebastyan Melmot deb o‘zgartiradi. Oskar Uayld 1898 yili “Reding qamoqxonasida yozilgan ballada” dostonini bitiradi va ostiga “S.3.3.” deb taxallus qo‘yadi. U bu taxallusni qamoqxonadagi raqamidan olgan – S bloki, 3-qavat, 3-kamera. “Ballada” qimmatbaho yapon qog‘ozida 800 nusxada chop etiladi. Shuningdek, u qamoqxona sharoitini yaxshilash haqida ham maqolalar yozadi. 1898 yili Angliya parlamentining quyi palatasi Uayld yozganlaridan foydalanib, “Qamoqxona akti”ga o‘zgartirishlar kiritadi.

O‘limidan oldin u o‘zi haqida shunday deydi: “Men o‘n to‘qqizinchi yuz yillikni bosib o‘tolmayman. Lekin ingliz xalqi mening uzoq yillik xizmatlarimni bir kuni ulug‘lab chiqadi”. Oskar Uayld 1900 yil 30 noyabr kuni Frantsiyada quloq infektsiyasi orqali hosil bo‘lgan kuchli meningitdan vafot etadi. Uayldni Parijdagi Bano qabristoniga dafn etadilar.

2007 yili “Bi-bi-si” telekompaniyasi o‘tkazgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra, Buyuk Britaniyaning eng aqlli kishisi deb Oskar Uayld tan olingan. U bu borada Uilyam Shekspir va Uinston Cherchilni ortda qoldirgan.

Bobur Nabi  tayyorladi

“Jahon adabiyoti”, 2013 yil, 10-son